Orif Tolib
10.5K subscribers
969 photos
91 videos
5 files
1.72K links
Soʻz. Tahrir. Savodxonlik.

Reklama boʻyicha:
👉 https://bit.ly/3nHSpI6
Murojaat uchun:
👉 @oriftolib_xatlar_bot
Donat:
👉 8600572904072506
👉 tirikchilik.uz/oriftolib

Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
Download Telegram
Diqqat bilan oʻqish sizni dunyoning eng oqil va ijodkor mutafakkirlari bilan hamsuhbat qiladi.

Robin Sharma
“Oʻlsang, kim yigʻlaydi?” kitobidan iqtibos

@oriftolib
Taqataq va taqa-taq

Talaffuzi bir, ammo imlosida farq boʻlgan bu ikki soʻz turli maʼnoga ega.

🟢 Taqataq soʻzi ikki xil mazmunda qoʻllanadi:

1️⃣ Hammasi birdan, bitta ham qolmasdan; yoppasiga.

Uylarning eshiklari, derazalari taqataq yopiq.
Oybek, “Tanlangan asarlar”.

2️⃣ Butunlay, tamoman.

Toʻrani koʻrib, hamma taqataq toʻxtar, ikki bukilib taʼzim qilardi.

J. Sharipov, “Xorazm”.

🟢 Taqa-taq esa taqlid soʻz. Bir meʼyordagi tez harakatdan, urilishdan hosil boʻladigan ovoz, shovqinni ifodalash uchun ishlatiladi:

Poyezdning taqa-taqi kishini mudratardi.

@oriftolib
Orif Tolib
Soʻz takrori 3️⃣ Soʻz takrori bir soʻzni ketma-ket oʻrinsiz qayta ishlatishdir: Oʻqituvchi oldin mavzuni tushuntirdi, keyin savollarga javob berib, tushuntirish berib oʻtdi. Shuning uchun xatolarga yoʻl qoʻymaslik uchun matnni diqqat bilan tahrirlash zarur.…
Nutq shtamplari va kanselyarizmlar

4️⃣ Navbatdagi uslubiy xato turi nutq shtamplari va kanselyarizmlardir.

🟢 Kanselyarizm – rasmiy uslubga xos soʻzlar, soʻz birikmalari va gap qurilishining boshqa uslublarda ishlatilishidir. Masalan:

Tinglovchilar maʼruzani maʼlumot uchun qabul qildilar.

Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr soʻraymiz.

Maʼruza rasmiy majlisdagi hisobot emas, u maʼlumot uchun qabul qilinmaydi. Noqulayliklar esa keltirilmaydi, yuqoridagi jumlada keltirilgan soʻzidan umuman voz kechish kerak.

Rasmiy uslubga xos nutq shtamplarini badiiy, publitsistik yoki axboriy matnlarda qoʻllash ularning hissiy-emotsional taʼsirini yoʻqqa chiqaradi, boʻyoqdorligini kamaytiradi.

🟢 Nutq shtamplari – eskirgan, boʻyoqdorligini yoʻqotgan soʻz, ibora va jumlalardir. Masalan, matnda bugunlik kunda, maqsadga muvofiq, shuni taʼkidlash oʻrinliki, shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, sir emaski, tizimli ishlar, ob-havo noqulay kelganligi sababli kabi qolip iboralarni ishlatish uning taʼsirchanligini pasaytiradi, originalligiga zarar yetkazadi.

Kalka tarjimalar, tilni yaxshi bilmaslik va uquvsizlik oqibatida yuzaga kelgan qolip ifodalar ham bor: toʻlovni amalga oshirdi, zarbani amalga oshirdi, qattiq qoʻnishni amalga oshirdi, boʻlib hisoblanadi, katta rol oʻynaydi, muhim rol bajaradi, dorini qabul qildi, vaksina qabul qildi, dush qabul qildi, doʻstingiz bilan ulashing.

Nutq shtampining yanglish qoʻllanishiga bir misol:

Oila jamiyatning asosiy boʻgʻini boʻlib hisoblanadi.

Yuqoridagi gapda boʻlib hisoblanadi iborasi ortiqcha, hisoblanadi soʻzini qoldirish ham tahrir nuqtayi nazaridan maʼqullanmaydi. Jumlaning loʻnda va toʻgʻri shakli:

Oila – jamiyatning asosiy boʻgʻini.
Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir.


❗️ Jumladagi jamiyatning asosiy boʻgʻini ifodasini ham bemalol nutq shtampi deyish mumkin. Qoʻllanaverib iyigʻi chiqqan, ohorini butkul yoʻqotgan.

@oriftolib
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Ehsoningizga ulugʻ ajrlar yozilsin

Xayriya mavzusida deyarli yozmayman. Lekin buni yozmasam boʻlmaydi.

Siz videoda koʻrgan yigitning onasi – ustozimiz. Yigirma yillar burun litseyda bizga dars berishgan. U paytlari Foziljon onasining ortidan chopib yurgan yoshgina bola edi.

Bugun oilaning boshiga sinov tushgan: Foziljonga 2018-yili tarqoq skleroz tashxisi qoʻyilgan. U Hindistonda operatsiya qilinishi uchun 35 ming AQSH dollari miqdorida mablagʻ kerak. Yaqinda Foziljonga yordam berish uchun telegramda @saxovat12 nomli guruh ham ochilibdi.

Baʼzan ehson niyatida yurganlar munosib odam topolmay ham qoladi. Men shu yigit chin koʻngildan qilingan ehsonga – yaxshilikka munosib ekaniga guvohlik beraman.

💳Karta raqamlari:

9860082595808294
Bemor Foziljon Rasulov nomida (Humo)

5614682714884337
Onasi Gulbahorxon Mamajonova nomida (Uzkard)

🟢 Manzil:
Fargʻona viloyati, Uchkoʻprik tumani, Uchkoʻprik shaharchasi, Mulkobod koʻchasi, 24-uy.

@oriftolib
Qatorda noring boʻlsa, yuking yerda qolmaydi.

Maqoldagi “nor” soʻzining lugʻaviy maʼnosi nima?
Anonymous Quiz
11%
Arava, yuk ortish moslamasi
79%
Erkak tuya
10%
Karvon yoʻlboshchisi
Portdan oʻtib kelgan pasport

Pasport soʻzi tarkibidagi port shunchaki tasodif emas. Birinchi pasportlar Italiyada paydo boʻlgan. Rassarorto soʻzi lotincha passare – oʻtish, portus – port, bandargoh soʻzlaridan tuzilgandi. Kemalar port orqali oʻtishiga imkon beruvchi ruxsatnomani pasport deb atashgan.

Atama fransuz tiliga mamlakat chegarasini kesib oʻtish ruxsatnomasi maʼnosida kirgan. Soʻng shaxsni tasdiqlovchi hujjat yoki yashash guvohnomasini ifodalashga oʻtgan.

Oʻzbek tiliga ruschadan, ruschaga esa XVIII asr boshlarida nemis yoki fransuzchadan oʻzlashgan. U koʻp vaqtlar pas shaklida ishlatilgan. Pashport yoki pachport shaklida ham qoʻllangan.

Pasport soʻzidan dunyoning juda koʻp tillari ayrim tovush oʻzgarishlari bilan foydalanadi.

@oriftolib
Orif Tolib
Koʻzimda yosh bilan koʻrdim Bu xabarga oldinroq koʻzim tushgandi-yu, oʻtkazib yuborgandim. Lekin Shuhrat akaning izohini oʻqib, videoni koʻrishga qaror qildim: tul qolgan, endi ayol boshi bilan yetti norasida qizni “Kombi” haydab boqayotgan Oʻgʻiloy Eshqulova…
Tadbirkordan yangi “Damas”

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov yozyapti:

“Olis Nurobod tumanining Sahoba qishlogʻida yashovchi, turmush oʻrtogʻi ogʻir kasallikdan vafot etgach, 7 qizini bir oʻzi “Kombi” mashinasida tirikchilik qilib boqayotgan Oʻgʻiloy Eshqulovaga samarqandlik saxovatpesha tadbirkor, “Yuksalish group” rahbari Anvar Temirov yap-yangi “Damas” avtomobilini sovgʻa qildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar otasiz oʻsayotgan 7 nafar qizlarni barchasi voyaga yetgunga qadar qizlarning oʻqishlari va oilaning taʼminotini ham oʻz zimmalariga olishdi.

Saxovatpesha yosh tadbirkorlarimiz koʻpaysin”.

Batafsil:
👉 t.me/shokirjonov/7409

@oriftolib
Qudaning oshi bilan qudagʻayni siylabdi

Maqoldagi qudagʻay soʻzi bilan xotin quda, er va xotinning ota-onalari va ularning yaqin qarindoshlarining hammasi nazarda tutiladi. Bu soʻz hozirgi tilimizda asosan ayol quda maʼnosida qoʻllanadi.

🟢 Maqolning izohi

Bu maqolni ayyor, makkor, hiylagar, ustomon, birovning doʻppisini birovga, birovning oʻz toʻnini aylantirib kelib oʻziga kiygizadigan, birovlarning narsasi va mablagʻi bilan birovlarni siylab, koʻnglini olib, oʻzini yaxshi, saxiy odam qilib koʻrsatuvchi, shuning evaziga obroʻ-eʼtibor qozonuvchi va hokazo uchar odamlarga nisbatan achchiq kinoya, istehzo yoki hazil-mutoyiba tarzida qoʻllaydilar.

“Hikmatnoma” kitobi asosida

@oriftolib
Eng qisqa xat

Fikrni imkon qadar loʻnda ifodalash yozuvchining mahoratini koʻrsatadi. Atoqli fransuz yozuvchisi Viktor Hyugo eng qisqa xat muallifi sifatida ham eʼtirof etiladi. U “Xoʻrlanganlar” romani sotuvi qanday ketayotganini bilish niyatida kitob doʻkoni egasiga xat yozadi. Maktub birgina belgidan iborat edi:

“?”

Sotuvchi hamma narsani anglaydi va xuddi shunday loʻnda javob yozadi:

“!”

Roman haqiqatan ham juda tez sotiladi va yozuvchiga 400 ming frank qalamhaqi olib keladi.

👉 Mashhurlar hayotidan

@oriftolib
Forwarded from Alisher Sadullaev
Xullas, hammaga rahmat. Kitob o'qiyapsizlar ekan.

Endi “Mutolaa” ilovasida yana qanday qulayliklar boʻlishini istar edingiz?​​

“Mutolaa” ilovasi kundan-kunga rivojlanib, qulay platformaga aylanib bormoqda. Ayniqsa, shu yaqin kunlarda qoʻshilgan funksiyalar kitobxonlarga yoqadi degan umiddamiz.

1. Audiokitoblarni “tovushbezakli” va “tovushbezaksiz” eshitish funksiyasi. Endi kitobni istasangiz musiqa va turli qoʻshimcha ovoz effektlari bilan yoki, istasangiz, faqat sof ovozda eshitishingiz mumkin.

2. Qidiruv va filtr funksiyalari qulaylashtirildi. Endi oʻzingizga kerakli kitobni janrga, yoshga, muallifga va reytingga qarab topish imkoni mavjud.

3. Mutolaaxonam boʻlimi takomillashtirildi. Bunda sizning ayni vaqtda oʻqiyotgan kitoblaringiz tartib bilan turadi. Bundan tashqari, siz oʻqib boʻlgan kitoblar va oʻqishni reja qilgan kitoblaringiz roʻyxati ham mavjud. Yuklab olgan kitoblaringizni ham shu joydan topasiz. Quyida esa “Javon” turadi.

4. Har bir kitobxonning oʻz kitob javoni boʻladi. Endi “Mutolaa” ilovasi orqali oʻz kitob javoningizni “yasashingiz” mumkin. Javonni nomlab, ularga oʻqigan yoki oʻqishni niyat qilgan kitoblaringizni joylab boring.

5. Shaxsiy statistika! Endi siz kitobxonlik boʻyicha shaxsiy natijalaringizni kuzatib borishingiz mumkin. Qancha kitob oʻqidingiz, qancha vaqt sarfladingiz va h.k.

https://t.me/bolalar_yozuvchisi/881
Aqlning chegarasi bor

Qahvaxonada bir yigit Artur Shopenhauerga qandaydir bir savol beradi. Mashhur faylasuf esa shunchaki:

– Bilmayman, – deb qoʻya qoladi.

Bundan yigitning jahli chiqadi:

– Men sizni donishmand, hamma narsani biladigan odam deb oʻylagan ekanman!

– Bunday oʻylash xato. Aqlning chegarasi bor. Faqat ahmoqlikning chegarasi yoʻq! – deydi Shopenhauer.

👉 Mashhurlar hayotidan

@oriftolib
Qachon tire ishlatilmaydi?

Bilasiz, ot kesimli gap bogʻlamasiz qoʻllanganda ular orasiga tire qoʻyiladi:

Asosiy maqsadim – mohiyatni tushuntirish.

🟢 Lekin ot kesimli gapda har doim ham tire ishlatilavermaydi. Xoʻsh, qaysi holatlarda tire kerakmas?

1️⃣ Ot kesim inkor shaklida boʻlsa; ot va kesim orasida kirish soʻz, undov soʻzlar, yuklamalar kelsa:

Bundan maqsad oʻquvchini chalkashtirish emas.
Eng yaxshi sovgʻa, menimcha, kitob.
Piyoda ham odam.


2️⃣ Ot kesimli gap turgʻun birikmaga – ibora yoki idiomaga aylangan boʻlsa:

Insonning qoʻli gul.

3️⃣ Ega kishilik olmoshlari bilan; ot kesim sifat, ravish, tartib son, qoʻshimchali miqdor son yoki egalik olmoshi bilan ifodalanganda:

Sen Lutfiyning soʻlim gʻazali.
Daftarning rangi yashil.
Uning harakati tez.
Sening navbating toʻrtinchi.
Matndagi xatolar soni sakkizta.
Eti sizniki, suyagi bizniki.


4️⃣ Ot kesim soʻroq olmoshlari yoki yuklamali soʻzlar bilan ifodalanganda:

Imtihon qachon?
Savol bergan kim?
Eng ilgʻor oʻquvchi Saidami?


5️⃣ Ot kesimga kelishik qoʻshimchalari qoʻshilgan boʻlsa:

Kuch adolatda!
Kuch bilim va tafakkurda!


❗️ Ammo bogʻlovchisiz qoʻshma gap tarkibidagi ikkinchi gapning kesimi tushib qolsa, ikkinchi gapdagi egadan keyin tire qoʻyiladi:

Ayrilgan yoʻlda qolar, boʻlingan – doʻlda.
Bulbul chamanni sevar, odam – vatanni.


@oriftolib
Siyosatshunoslik deyilsa, odamga begona va tushuniksiz, kitoblari esa qiyin atamalarga toʻla soha xayolga keladi. Hamid Sodiq ana shu tasavvurni parchalab berayotgan siyosatshunoslardan. U “Lolazor” podkastida mehmon boʻlibdi. Suhbat jonli, keng qamrovli, manfaatli chiqqan. Oʻzbek jamiyatidagi bugungi jarayonlar, holatlar haqida ham yaxshi chizgilar, tushuntirishlar bor.

Koʻring, tavsiya qilaman:
👉 youtu.be/bmkSy0C-LtE

@oriftolib
Qalbim urishiga solasan quloq, Hech qachon saktalik sezmaysan biroq.

Misradagi “saktalik” soʻzining maʼnosi nima?
Anonymous Poll
17%
Muhabbat, sevgi
55%
Iztirob, ogʻriq
28%
Kamchilik
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Oʻzbek tili rivojiga osh markazi ham hissa qoʻsha oladi

Xalq taʼlimi aʼlochisi, “Ustoz – 2020” tanlovi gʻolibi, Toshkent shahridagi prezident maktabining ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi Zulfiya Rashidova “Hammabop oʻzbek tili” mualliflik loyihasini yoʻlga qoʻygani haqida oldinroq yozgan edim.

Bugun YouTube kanaldagi bir videoni koʻrib, hayron qoldim: loyiha moliyaviy muammolar sababli biroz toʻxtab qolibdi. Lekin homiy topilib, davom etibdi. Oʻzbek tiliga oid loyihaga kim homiylik qilgan deb oʻylaysiz? U grant ajratadigan biror xalqaro tashkilot, nodavlat uyushma yoki til rivojiga masʼul davlat tashkiloti emas. Koʻpchiligimiz yaxshi biladigan “Beshqozon” osh markazi loyihani qoʻllab-quvvatlabdi. “Hammabop oʻzbek tili”dan ular biror moddiy manfaat olmas, kanal ularni reklama ham qilmas ekan. Eshitib qoyil qoldim, xursand boʻldim.

Kanalni kuzatib boring, foyda berishi aniq:

👉 YouTube: @Hammabopozbektili
👉 Telegram: @suvaydo

@oriftolib
Agar biror qizning kamchiligini bilmoqchi boʻlsangiz, uni dugonalari oldida maqtang.

Benjamin Franklin

@oriftolib
“Ilmiy fantastika” atamasi qanday paydo boʻlgan?

Bu janrning atoqli vakili Jyul Vern (1828–1905) romanlarini “ilmiy”, boshqa bir mashhur yozuvchi Herbert Uells esa “fantastik” deb hisoblagan. Rus olimi, fan targʻibotchisi Yakov Perelman 1914-yili “Vaznsiz oshxonadagi nonushta” nomli hikoya eʼlon qiladi va uning janrini “ilmiy fantastika” deb belgilaydi.

Perelmanga qadar shunga oʻxshash atamani taniqli rus yozuvchisi Aleksandr Kuprin ishlatgan. U “Rediard Kipling” (1908) nomli maqolasida Herbert Uells va boshqa mualliflarning asarlarini “ilmiy fantastik sayohatlar” deb atagan.

@oriftolib
Imlo boʻyicha koʻrsatma berayotganlar diqqatiga: oʻzbekchaga tayaning

Ayrim imlo xatolari ensiklopediyalar, kitoblar, darslik va qoʻllanmalarga kirib boradi. Ularning xato ekanini koʻpincha sezmaymiz ham. Bunga baʼzan eʼtiborsizlik, baʼzan yanglish talqinlar sabab boʻladi. “Daryo” nashridagi maqolamda geografik nomlar imlosidagi shunday yanglish talqinlardan biriga eʼtibor qaratdim.

Tashqi ishlar vazirligi va OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti Shri Lanka nomini Shri-Lanka, Tel Aviv nomini Tel-Aviv, Ulan Bator nomini Ulan-Bator, Nyu Dehli nomini Nyu-Dehli, Sankt Peterburg nomini Sankt-Peterburg shaklida yozishni tavsiya etgan. Garchi koʻzimiz oʻrgangan, toʻgʻriday koʻrinayotgan boʻlsa-da, chiziqcha bilan yozish amaldagi imlo qoidalariga zid.

Toʻliq oʻqish:
👉 daryo.uz/9zxCXc7a

@oriftolib
​​Oʻzbekchasini tushunmaydigan boʻlib qoldik

Bir matnda donat, premium, marketplace soʻzlarini koʻrib qoldim va oʻzbekchalashtirishni taklif etdim. Lekin oʻz holida qoldirish maʼqul koʻrildi. Sababi – omma inglizchasiga oʻrgandi, oʻzbekchasini tushunmaydi. Soʻzni tushunishi mumkin, lekin gap nimadaligini anglamaydi. Toʻgʻri va ogʻriqli dalil.

Atamalarni oʻzbekchalashtirish ishlari mutlaqo nol holatda boʻlgani sababli tilimizning toʻrini ajnabiy soʻzlar faol egallayapti. Holbuki, ularning aksariyatini oʻzbekchalashtirish mumkin.

Endi chet soʻzlarni ishlatishdagi tartibsizlik yangi bosqichga chiqdi – soʻzlarni oʻzbekcha matn ichida inglizchadagiday yozadigan va buni tabiiy qabul qiladigan boʻlib qoldik. Oʻzbekcha jumlalarda podcast, cashback, hashtag, deadline, call markaz, message, resume, feedback, fake kabi soʻzlarga koʻzingiz tushgandir. Bu allada aziz atamalarni hech boʻlmasa oʻzbekcha imloda bermayapmiz. Oʻzbekchada noutbuk emas, notebook shaklida yozishni normal qabul qilyapmiz.

Yuqorida sanalgan soʻzlarga oʻz vaqtida muqobil topganimizda, koʻpi allaqachon oʻzbekchalashib ketgan boʻlardi. Oʻzbekcha ot qoʻya olmaganimizni esa oʻz imlomizga moslab lugʻatlarga, keng isteʼmolga kiritish kerak edi.

Bilaman, koʻpincha bunday fikr va takliflar shamolga aytilgan gapga oʻxshaydi – foydasi yoʻq. Ammo karnaychidan bir puf, balki, kutilmaganda foydasi boʻlib qolar.

@oriftolib