Greening the Economy
544 subscribers
71 photos
2 videos
2 files
100 links
Iqtisodiyot va iqlim o’zgarishi haqida.
O’qish davomida o’rgangan bilimlarim va fikr-mulohazalarim bilan bo’lishib boraman.
Download Telegram
Umumiy pirogni kattalashtirsak shunda har birimizning pirogdagi ulushimiz ham kattalashadi. Pirog bu – jamiyatning umumiy boyligi. Jamiyatning boyligi iqtisodiyot o’sgani sari kattalashadi.

Iqtisodchi Aleks Edmansga ko’ra,
pirog moliyaviy boylik ham, YaIM ham emas, balki ijtimoiy qiymatdir. Pirog investorlar uchun moliyaviy boylikni o'z ichiga oladi, lekin bu faqat uning bir bo’lagi. Uning bir bo’lagi ishchilarga tegishli, bu – adolatli ish haqi, inson kapitalini rivojlantirish, inklyuziv korporativ madaniyat yaratish. Yana bir bo’lagi atrof-muhitga –iqlim inqirozini hal qilish uchun innovatsiyalar yaratish, resurslardan foydalanishni samaraliroq amalga oshirish, chiqindilarni kamaytirish. Yana bir bo’lagi iste’molchilarga tegishli, ya’ni mahsulot va xizmatlar iste’molchilar farovonligini chinakam yaxshilashi kerak, faqat foydaga intilib, har xil zararli mahsulotlar sotish orqali odamlarning hayotini buzishi emas. Qolgan qismi esa boshqa jamoalar va yetkazib beruvchilarga tegishli.



👉 @green_econ
Bir do’stimiz Yashil iqtisodiyotda Xulq-atvor iqtisodiyotining ba’zi xususiyatlariga oid tadqiqot qilayotgan ekan. Agarda siz ham ekologiya haqida qayg’ursangiz, jamiyatimiz uchun foydali bo’lishi mumkin bo’lgan qiziqarli so’rovnomada qatnashing:

https://forms.gle/o2ign4CTvjwSj5ha8
O’zbekistonda joylashgan elektromobil quvvatlash stansiyalarining yillar kesimida tasvirlanishi ekan. Quvonarli holat.

@green_econ
Iqlim o’zgarishiga qarshi kurashishda kim yetakchilik qilmoqda?

Yashil iqtisodiyotga jadal qadam tashlayotgan mamlakatlar ro’yxatiga nazar soladigan bo’lsak, 2010-2019-yillarda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga eng ko’p investitsiya qilgan davlatlar ro’yxatida Xitoy 1-o’rinda turmoqda. Undan keyingi o’rinlarni esa AQSh, Yaponiya, Germaniya va Buyuk Britaniya egallagan. Lekin, yirik investitsiyalar hajmiga qaramasdan, yashil transformatsiya jarayonida yuqoridagi davlatlar yetakchi emas. Issiqxona gazlari ishlab chiqarishni kamaytirish ko’rsatkichlari bo’yicha yetakchi top-10 davlatlardan 8tasi Yevropa Ittifoqi davlatlari hisoblanadi: Shvetsiya, Norvegiya, Daniya…

Umumiy sahnada, Yevropa Ittifoqi dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari ichida issiqxona gazlari hajmini kamaytirish bo’yicha oldinda bormoqda. Tahlillarga ko’ra, YI chiqaradigan yillik issiqxona gazlari hajmi 1990-yilgi darajadan 31%ga kamaygan. Lekin, eng yirik iqtisodiyot bo’lmish AQSH bu davr mobaynida 1990-yilgi darajadan atigi 2.3%ga kamaytirishga erishgan. Taqqoslash uchun, PPP standardlari bo’yicha YI iqtisodiyoti hajmi Jahon iqtisodiyotining deyarli 15%ini tashkil qilgan, aholisi esa dunyo aholisining 5.6%i. AQSH iqtisodiyoti dunyo iqtisodiyotining 15.5%ini, aholisi esa 4.2%ini tashkil qilgan holda, issiqxona gazlari miqdorini kamaytirish bo’yicha YI’dan juda orqada. Xulosa, AQSHda karbon emissiyasi samaradorligi juda past. Bu YaIMning har bir dollariga to’g’ri keluvchi CO2 hajmi ko’rsatkichida yaqqol aks etgan. AQSHda YaIMning har bir dollariga 0.21 kg CO2 to’g’ri kelsa, YI mamlakatlarida bu ko’rsatkich ancha pastroq.

Rivojlangan iqtisodiyotlar ichida Yaponiya ham issiqxona gazlari hajmini qisqaritish bo’yicha YI’ga qiyoslaganda ancha sekin harakat qilmoqda. Mamlakat 1990-yilgi emissiya hajmini deyarli qisqartirmagan. Karbon emissiyasining iqtisodiy samaradorligi AQShdan biroz yaxshiroq, YaIMining har bir dollariga 0.19 kg CO2 to’g’ri keladi.

Yevropa Ittifoqi esa o’z oldiga yanada kattaroq maqsadlar qo’ygan. Misol uchun, 2040-yilgacha issiqxona gazlari hajmini 1990-yilgi darajadan 90%gacha qisqartirish maqsad qilingan.

Mavzuga doir boshqa postlar:

Qishloq xo'jaligini "yashillashtirish" orqali iqtisodiyotdagi bir necha muammolarni hal qilish mumkin

Iqlim o'zgarishining narxi qancha?

Iqlim o’zgarishi oqibatlari O’zbekiston iqtisodiyoti uchun qanchaga tushmoqda?

Iqlim migratsiyasi to’g’risida

Yashil iqtisodiyot haqida miflar

👉 @green_econ
"Biz ocharchilikni boshimizdan kechirganmiz, u qanday bo'lishini ruhimizda his qilamiz" - irlandlar.

1840-yillarda Irlandiyada katta miqyosda ocharchilik bo'lgan va o'z tarixidagi bu qora kunlarni hali ham unutmagan Irlandiya ayni vaqtda G'azo aholisining xalqaro maydondagi eng kuchli himoyachilaridan hisoblanadi. Ayni paytda ular G'azo aholisi boshdan kechirayotgan ocharchilik, humanitar inqirozni bartaraf qilishga chorlamoqda. Jo Bayden ham o'sha paytdagi ocharchilikdan omon qolgan irlandlarning avlodi deyiladi. Yaqinda qayerdandir o'qigandim: irlandiyaliklar dahshatli ocharchilikni boshdan kechirgan millat sifatida AQShda siyosiy ta'sirga ega bo'lgan irlandlarni o'z qudratlaridan foydalanib, G'azoda o't ochishni to'xtatishga erishishga chaqirishibdi. Yoshligimizda ko'rgan kinolarda AQSh siyosatida irland va italiyan mafiyasining ta'siri katta ekanligini ko'rardik. Hozir esa kimning lobbisi eng kuchli ekanligi hammamizga ma'lum. Balki, o'tgan asrda ham yahudiylarda qudrat ko'proq bo'lgandir, bilmadim.

Endilikda Irlandiya bilan birgalikda Ispaniya ham xalqaro maydonda G'azo va Falastinning ovozi bo'lib yangrayapti. Biroz ko'ngilni ko'taradi. Yovuz Isroil davlati yirik davlatlar ichida o'z hurmatini yo'qotmoqda.
https://www.theguardian.com/world/2024/apr/05/spain-ireland-eu-critics-israel-warfare-gaza
@green_econ
Rivojlangan davlat bu kambag’allar o’z mashinasiga egalik qiladigan davlat emas. Rivojlangan davlat – bu boylar ham jamoat transportida yuradigan davlat.

Gustavo Petro, Kolumbiyaning amaldagi prezidenti

@green_econ
Semestr boshida "Raqamli moliya" darsining birinchi ma'ruzasiga kirib ko'rgandim. Asosan, blokcheyn va kriptovalyutalar haqidagi fan ekan. Bu narsalarga umuman qiziqishim bo'lmasa-da, ularning atrof-muhitga ta'siri haqida qiziq insaytlar oldim:

https://digiconomist.net/bitcoin-energy-consumption

Kriptovalyutalardan eng mashhuri hisoblanmish Bitcoin'ning yillik karbon emissiyasi Nigeriya davlatining yillik karbon emissiyasiga teng. Bir yillik energiya sarfini butun Polshaning yillik energiya sarfiga qiyoslasa bo'ladi. Bundan tashqari, Bitcoin'ni tranzaksiya qilish ham juda ko'p energiya talab qiladi. Bitcoin'ni 1 marta tranzaksiya qilish 1mln 180ming marta VISA tizimida tranzaksiya qilishga teng karbon izi qoldiradi (yoki 89ming soat YouTube'da video tomosha qilish). 1 martalik tranzaksiyaga sarflanadigan energiya o'rtacha AQSHlik oilaning 33 kun sarflaydigan energiyasiga teng. Suv sarfi esa Shvetsariyaning bir yillik jami suv sarfi bilan bir xil darajada. Dars oxirida, professorning bir gapi e'tiborimni tortdi: "Blokcheyn ajoyib ixtiro, lekin uning atrof muhitga ta'siri haqida o'ylab ko'rish kerak".

Boshqa sanoat mahsulotlari odamlarni hech bo'lmasa hozirgi paytda boyroq qilish uchun emissiya qilayotgan bir paytda, kriptovalyutalar hech qanaqa qiymat yaratmasdan sayyoraga zarar yetkazmoqda. Kriptovalyuta ham pul. Pulning asosiy tarixiy missiyasi tovar ayirboshlash jarayonida tranzaksion xarajatlarni kamaytirish bo'lgan. Kriptovalyutalar esa, mening fikrimcha, bu xarajatlarni faqat oshiryapti.


@green_econ
Yuqorida keltirilgan, kriptovalyutalarning ko’p energiya sarf qilishi va atrof-muhitga zarari bo’yicha o’zimizning O’zbekistondan misol:

Sirdaryo viloyatidagi bir kichik kriptovalyuta mayningi bilan shug’ullanuvchi noqonuniy firma 2 yillik faoliyati davomida 4ta tuman aholisi 1 oy davomida iste’mol qilishi mumkin bo’lgan elektr-energiyasini talon-taroj qilib yuborgan.

@green_econ
Futboldan ilhomlanib, sekin bo’lsa-da amalga oshayotgan ijobiy o’zgarishlar haqida

O’zbekiston endi faqatgina Rossiyaga oddiy migrantlarni yetkazib beradigan davlat bo’lmayapti. Migrantlarimiz 2 taraflama diverfikatsiya bo’lyapti: 1. Migrantlarimiz faqatgina Rossiyaga emas, boshqa turli rivojlangan davlatlarga ham ketishyapti
2. Faqatgina past malakali migrantlar emas, yuqori malakali migrantlar ham yetkazib beryapmiz, ya’ni ular shug’ullanadigan kasblar ham diverfikatsiya bo’lyapti (dasturchi, tadqiqotchi, agronom vahkz. faqatgina quruvchi emas).
Misol uchun, biz endi yuqori malakali futbolchilarni ham eksport qilyapmiz. Italiya, Fransiya, Angliya, Rossiya va boshqa davlatlarda to’p surayotgan futbolchilarimiz ham bu ijobiy jarayonga zo’r misol bo’la oladi. Bu o’zgarishni boshqa sohalarda ham kuzatish mumkin.
Menda aniq bir statistika yo’q, lekin kuzatuvlarim asosida bemalol ayta olaman, oxirgi 5-6 yilda juda ko’p o’zbek yoshlari chet elga o’qishga ketmoqda. Oldingi davrga qiyoslaganda ancha ko’p. Yoshlarimiz ta’lim uchun migratsiya qilishyapti va bu, albatta, mamlakatimiz uchun juda ijobiy hodisa.

Endi, kadrlarning chet elga chiqib ketish masalasiga kelsak, men buni O’zbekistonning hozirgi holatida faqat va faqat ijobiy hodisa deb hisoblayman. 1-dan iqtisodiyotimiz barcha aholini ish bilan ta’minlab berishga qodir emas. 2-dan qancha ko’p odam chet elga chiqsa, ma’lum muddatdan keyin qaytadiganlari ham proporsional ravishda shuncha ko’p bo’ladi. Aytaylik, hozirgi paytda yiliga 200ming o’zbek ketsa, ma’lum muddatdan keyin ularning 100mingi qaytsa bu bizga o’tmishdagi 50ming chet elga chiqqan o’zbekistonlikning 25mingi qaytganidan yaxshiroq, chunki bizga shuncha rivojlangan dunyoda ta’lim olgan yoki ishlab tajriba orttirgan malakali kadrlar kirib keladi. Ular shunchaki qaytishmaydi, ular o’zlari bilan yangi bilim, yangi fikrlar, yuqori malaka va demokratiya g’oyalarini olib kelishadi.

Ba’zilar talantli yoshlarning chet elga chiqib ketishini yomon deb hisoblashadi. Yana aytaman, O’zbekistonning hozirgi holatida bu faqat ijobiy. Aytaylik, qishloqda qo’y boqib yurgan Anvardan yoki Moliya institutini bitirib biror bankda ishlayotgan Anvardan chet elda o’qiyotgan, ishlayotgan Anvar jamiyatga ko’proq foydaliroq, chunki u muhit va bilimning cheklanganligi tufayli o’z davlatida bor potensialini yuzaga chiqara olmasligi ehtimoli katta. Lekin u 4-5 yil chet elda o’qib, ishlab, yangi malakalar bilan qaytsa yurt uchun foydaliroq. Qaytmasa ham yuqoridagi 2 Anvardan foydaliroq deb o’ylayman, chunki hech bo’lmaganda ishlab uyiga pul jo’natadi va chet elda ko’proq pul topgani uchun yurtidagi ukalarining ta’limiga investitsiya qilish imkoniga ega bo’ladi. Xullas, talantlar, umuman, hamma yoshlar O’zbekistonda hech nima o’rganmasdan talantini isrof qilib yurgandan ko’ra qaytsa-qaytmasa chet elda qobiliyatini ishlatib, bilim va malakalarga erishgani afzalroq.

Oxirgi paytlardagi Germaniya, Janubiy Koreya, Slovakiya kabi davlatlar O’zbekistondan ishchi kuchi jalb qilayotganini o’qib ancha ko’nglim ko’tarilyapti.

@green_econ
Yevropaliklarda ko'proq vaqt bor, Amerikaliklarda esa ko'proq pul. Qaysi biri yaxshiroq?

Financial Times jurnalida doimiy muhokamalar markazida turadigan mavzulardan biri haqida qiziq maqola chiqibdi. Maqolada ikkala tarafdagi davlatlarni bir necha o'lchovlarga ko'ra baholashgan. Bular: o'rtacha umr davomiyligi, odamlar o'zlari xohlagan narsalarni sotib olishga qurbi yetish-yetmasligi, baxtlilik indeksi va barqarorlik, ya'ni atrof muhitga qanchalik zarar berish-bermasligi (kishi boshiga to'g'ri keladigan karbon emissiyasi hisobida), davlat qarzi va innovatsiya darajasi.

Yevropaliklarda dam olish kunlari ko'proq bo'lgani uchun ularda ishdan bo'sh vaqtlar amerikaliklarga qaraganda ko'proq. Amerikada 1 ishchining o'rtacha yillik jami ish soati 1811 soat bo'lsa, Yevropada 1500 soat. Bular ichida eng pasti Germaniyada - 1341 soat. Lekin amerikaliklar ko'proq ishlashgani va unumdorroq bo'lganliklari uchun yevropaliklardan ko'proq pul topishadi.
Yevropaliklar uzoq umr ko'rish bo'yicha ham amerikaliklardan oldinda. Misol uchun, ispanlar amerikaliklardan ancha kambag'alroq, lekin ularning o'rtacha umr ko'rishi uzunligi (83) amerikaliklarniki(77.5)dan balandroq. Lekin ba'zilar aytishadiki, yevropaliklarning kamroq ishlash va uzoq nafaqada bo'lish tizimi kelajak uchun barqaror emas, chunki kelajakda davlatni inqirozga boshlab, odamlarni amerikaliklar kabi ko'proq ishlashga majbur qilishi mumkin. Lekin, ma'lumotlarga qarasak, AQSH davlat qarzining YIMga nisbati (123%) deyarli barcha Yevropa mamlakatlarinikidan yuqoriroq. Ya'ni davlat qarzi bu kelajak avlod uchun soliq degani. Bundan tashqari, AQSH karbon emissiyalari miqdorida ham barqaror emas. Bu haqda bu yerda ham yozgandim. Misol uchun, 2023-yilda kishi boshiga to'g'ri keladigan karbon emissiyasi miqdori 13.3 tonnaga teng, bu miqdor Yevropada ancha past - 5.4 tonna. Lekin, AQSH innovatsiyalar borasida Yevropadan ancha oldinda. Baxt indeksida esa Yevropaliklar oldinda.

Maqolaning izohlar qismida qiziq izoh o’qidim: 20-40 yoshlarda ishlab, pul topish uchun AQSh zo’r joy, pul topib bo’lgach Osiyoga yoki Yevropaga ketish kerak.

Aytgancha, bu maqolaga ko’zim tushishidan oldin universitetdagi yagona AQShlik kursdoshim bilan ko’rishgandim. U ertaga AQShga ketyapti ekan butunlayga. Ba’zi sabablarga ko’ra bu yerni tashlab, AQShdagi boshqa bir universitetda o’qishini boshlamoqchi ekan. Sabablar orasida bu yerdagi qiyin o’qish tizimini ham keltirdi.

@green_econ
Forwarded from Ko’rinmas Qo’l
Ta’limning atrof-muhitga ta’siri haqida

Bu semestr men olayotgan ekonometrika fanidan har bir talaba katta mustaqil empirik tadqiqot o’tkazishi kerak edi. Men tanlagan mavzu: mamlakatlarning ta’lim darajasining atrof-muhitga (aholi jon boshiga CO2 emissiyasiga va cho’llanishga) ta’siri. Jahon Banki tomonidan beriladigan ma’lumotlarga tayanib, jami 219 mamlakat uchun 24 yillik davr (1991-2014) mobaynida har xil ko’rsatkichlarni yig’dim va tahlil qildim.

Mening natijalarim shuni ko’rsatadi-ki:
1. Oliy ta’lim maskanlarida tahsil oladigan aholi darajasining o’sishi yashillikni ko’paytiradi, o’rmonlarning maydonini kengaytiradi. Bundan tashqari, ushbu ko’rsatkichning oshishi iqlimga salbiy ta’sir o’tkazadigan CO2 emissiyalarini qisqartiradi.

2. Davlatning ta’limga kiritadigan sarmoyasi ham aholi jon boshiga CO2 emissiyasini kamaytiradi.

Sabab: oliy ta’lim va davlat tomonidan ta’limga kiritiladigan sarmoya nafaqat aholi orasida atrof-muhit haqida to’g’ri ma’lumotlarni yoyadi, balki odamlarning qadriyatlarni ham shakllantiradi. Ya’ni, ilmli insonlar atrof-muhit va iqlim o’zgarishi haqida ko’proq qayg’urishadi. Jamiyatda shunday insonlar soning ko’payishi esa katta ehtimollik bilan mamlakat miqyosida ijobiy natijalarga olib kelishi mumkin.

Tadqiqotimni shu po’stning tagiga yuklayman, o’qib chiqishingiz mumkin.
Bizning universitetimiz (Bonn universiteti) hovlisida ham Falastinni qo’llab quvvatlovchi talabalarning chodirlari paydo bo’libdi.

@green_econ
Greening the Economy
Futboldan ilhomlanib, sekin bo’lsa-da amalga oshayotgan ijobiy o’zgarishlar haqida O’zbekiston endi faqatgina Rossiyaga oddiy migrantlarni yetkazib beradigan davlat bo’lmayapti. Migrantlarimiz 2 taraflama diverfikatsiya bo’lyapti: 1. Migrantlarimiz faqatgina…
Statista’ga ishonadigan bo’lsak, xorijda o’qiyotgan talabalar soni bo’yicha O’zbekiston top-5’talikda turar ekan. Lekin ma’lumotlar 2021-yilga tegishli, ya’ni bu yilda COVID 19 tufayli berilgan imkoniyatdan foydalanib ko’pchilik talabalar qo’shni davlat universitetlariga topshirib, keyin yana O’zbekistonga o’qishlarini ko’chirishgandi.

Yana bir tarafi shundaki, proporsional qiyoslansa, bu ro’xyatga kirgan barcha davlatlar ichida aholisi eng kami O’zbekiston (Suriya istisno). Raqamlar proporsiyaga to’g’ri kelmayapti. Aholisi 1.5 mlrd Xitoy va Hindiston, 330 mlnlik AQSh, 100 mlnlik Viyetnam, 83 mlnlik Germaniya va 37 millionlik O’zbekiston. Menimcha, bu g’alatilikni ham yuqorida keltirganim, COVID 19 tufayli Qozog’iston, Qirg’iziston va Rossiyaga o’qishga topshirib, yana qaytib kelgan talabalar tushuntirib beradi.

Suriyadagi katta raqam esa davlatdagi siyosiy nobarqarorlik tufayli, shu sabab ko’plab suriyaliklar mamlakatdan ketishgan va ularning ko’p qismi talabalar bo’lishi tabiiy.

@green_econ
Belgiyaning Antverpen va Italiyaning Piza universitetlarida Qishloq xo’jaligi iqtisodiyoti va Iqlim o’zgarishi bo’yicha tadqiqotchi bo’lib ishlaydigan Oybek aka Norboyev o’z yo’nalishi bo’yicha kanal ochib, qiziqarli mavzular haqida postlar yozib boryapti. Qiziqqanlar uchun a’zo bo’lishni va postlarini o’qib chiqishni tavsiya qilaman:

https://t.me/agricultural_economist
Sun’iy intellekt bizni ishsiz qoldiradimi, yo’qmi, bilmadim-u, lekin ish bilan ta’minlashi mumkin

Bonn shahrida joylashgan IZA (Institute of Labor Economic) xodimlari o’tkazgan tadqiqotga ko’ra, sun’iy intellekt kapitaliga ega bo’lish bo’sh ish o’rniga ariza topshirgan nomzodning intervyu bosqichiga tanlanish ehtimolini sezilarli darajada oshirarkin. Tadqiqot muallifi Nik Draydakis o'z ilmiy ishida yangi tushunchani kiritgan - Sun’iy intellekt kapitali (AI Capital). U ishchining sun’iy intellekt bo’yicha bilimi, ko’nikmalari va SI’ni tushunish tufayli keladigan potensial mahsuldorligini o’z ichiga oladi.

Muallif qiziq eksperiment o’tkazgan: u 4 ta iqtisodiyot yo’nalishi talabalarining (2ta erkak, 2ta ayol) rezyumelarini 1300dan ortiq xususiy sektor korxonalariga boshlang’ich darajadagi ish o’rinlari (entry level positions) uchun yuborib chiqqan. Talabalarning hammasi bir xil kursda o’qishadi va profillari bir-birinikiga juda o’xshash, lekin faqat har bir juftlikdan bittasining cover letter’ida ular o’qigan “AI in Business” kursiga urg’u qaratilib ketilgan.

Natijalar esa ajoyib. O’z ish arizalarida o’zlarining SI kapitali haqida yozgan talabalarning ish intervyusiga taklif qilinish ehtimoli boshqa talabalarnikidan 22.7%ga ko’p bo’lib chiqqan, ya’ni sun’iy intellekt kapitaliga ega bo’lgan nomzodlar oddiy nomzodlardan 22.7% ko’proq intervyu taklifi olishgan. Yirik kompaniyalar esa yanayam ko’proq talab bildirishgan, ular SI kapitaliga ega talabalarga 35.9% ko’proq ish intervyusiga taklif berishgan. Bundan tashqari, SI kapitaliga ega nomzodlar ko’proq yuqori maoshli ish intervyulariga taklif qilingan, ya’ni oddiy nomzodga taklif qilingan ishlardan o’rtacha 10.5% ko’proq maoshli ishlarga.


Xulosa shuki, sun’iy intellekt tufayli bugungi zamon ish beruvchilarining nomzodlarga qo’yadigan talablari yana o’zgaryapti. Sun’iy intellekt kapitaliga ega bo’lish o’z mevasini beradi, ayniqsa, yirik kompaniyalarga ishga topshirganda.

@green_econ
O’tgan yili bir voqea bo’lgandi. Kechqurun ayollarni ovqatlanish joyiga kiritmasdan, “ichki tartib qoidamiz shunaqa”, degan tadbirkor qonuniy javobgarlikka tortilgan edi va bu ko’pchilikka saboq bo’lgan edi. LinkedIn tarmog’ida keng muhokamalarga sabab bo’layotgan bu holat ham o’tgan yili sodir bo’lgan voqeaga o’xshash, lekin undan ancha jiddiy.

Agar tegishli idoralar vaziyatni o’rganib chiqib, qonunga binoan ish tutmasa bu davlatimizni “double standartchi” – ikki yuzlamachi qilib ko’rsatib qo’yadi.

O’tgan yili tadbirkor, adashmasam, uzr so’rab chiqqandi (to’g’rirog’i so’rattirishgan). Ko’ramiz, bu holatda nima bo’larkin.

Davlatimiz rivojlanishi uchun inklyuziv iqtisodiy va siyosiy institutlar kerak. Odamlarni jinsiga va diniga qarab diskriminatsiya qilish inklyuzivlikka teskari harakat, shuning uchun ikkala holatni ham qoralayman.

@green_econ
Oq rang – 2018-yilda 1900-yildagi AQShdan boyroq davlatlar.

Qora rang – 2018-yilda 1900-yilgi AQShdan kambag’alroq davlatlar.
(Koyama&Rubin (2022))

1900-yilda dunyoning eng boy davlati AQSh edi. Bugungi kunda kelib dunyoning aksariyat davlatlari o’sha paytdagi AQShdan boyroq (real kishi boshiga to’g’ri keladigan YaIM hisobida).

Oxirgi 100 yildan ziyod vaqt mobaynida butun dunyoda misli ko’rilmagan rivojlanish kuzatildi. Bu rivojlanishning narxi esa yomonlashayotgan iqlim va buzilayotgan ekologiya bo’ldi. Odamlar kelajak avlodlarga boyroq, lekin issiqroq sayyorani meros qilib qoldirmoqda.

Hisob-kitoblarga ko’ra, 2020-yil va undan keyin tug’ilgan avlod eng yuqori issiq ob-havoni boshidan kechirishga majbur bo’ladi (emissiyalar miqdori rejadagidek kamaytirilgan taqdirda ham).

Iqlim o’zgarishi faqatgina issiq ob-havo bilan kelmaydi. U tufayli kambag’allar yanada kambag’allashadi. Aytishganidek, iqlim o’zgarishi 3-dunyo mamlakatlarining muammosi.

@green_econ
O’ylab qaralsa, iqlim o’zgarishi va boshqa atrof-muhit muammolarining sabablari haqida gapirilganda, asosan, sanoat ishlab chiqarishi tufayli keladigan oqibatlariga urg’u qaratiladi.

Lekin, iqlim o’zgarishining dunyodagi eng ahmoqona va yirik sabablaridan biri bu urushlar va harbiy sanoat. Bu bitkoindan ham ahmoqonaroq.

Hisob-kitoblarga ko’ra, urushlar va harbiy sanoat jami issiqxona gazlarining 5.5%iga sababchilik qiladi. Agar buni davlatlar hisobiga to’g’ri keladigan emissiyalarga qiyoslasak, atmosferaga eng yirik emissiya qiluvchi 4ta davlatdan biri bo’lar edi.

Boshqa sanoat mahsulotlari hech bo’lmaganda bugun uchun qiymat yaratishyapti (iqlim o’zgarishiga hissa qo’shsa-da). Bitkoin odamlar farovonligiga hech qanaqa hissa qo’shmasa-da, iqlim o’zgarishiga yirik sababchi bo’lyapti. Urushlar esa bugun odamlar va sayyoraga zarar keltiryapti, iqlim o’zgarishiga qo’shgan hissasi tufayli esa ertaga kelajak avlodga ham zarar keltiryapti.

@green_econ