Greening the Economy
520 subscribers
72 photos
2 videos
2 files
101 links
Iqtisodiyot va iqlim o’zgarishi haqida.
O’qish davomida o’rgangan bilimlarim va fikr-mulohazalarim bilan bo’lishib boraman.
Download Telegram
Sizningcha inomarkalar uchun bojxona to’siqlari mavjudligi va mashinalarning qimmatligi atrof-muhit foydasi uchun ishlamoqdami?
Anonymous Poll
14%
Ha
83%
Yo’q
3%
Izoh yozaman
Bobongizning bobosi siz uchun 100 yil oldin 100 dollar investitsiya qilganida hozir millioner bo’lgan bo’lar edingiz (yohud 1925-yilning oxirida fond birjasiga tikilgan 100 dollarning 2015-yilgi qiymati – rasmda)

Uzoq muddatda fond bozori narxlari faqat o’sishda davom etadi. Rasmda tasvirlangan 1925-yilgi 100 dollarning qiymati u tikilgan aksiyaga qarab hozirgi vaqtda boshlang’ich qiymatidan bir necha 100 baravar yuqori bo’lgan bo’lar edi.

Masalan, Nyu-York fond birjasining eng kichik 20% kompaniyalariga kiritilgan 100 $ hozirda 4 mln $ oshib ketgan bo’lar edi.
1925-yildan beri kichik kompaniyalarda o’sish yuqori bo’lgan, lekin ularda risk ham yuqori. Masalan, Buyuk Depressiya, Jahon Moliyaviy inqirozi va boshqa inqirozlarda bu kichik kapitalizatsiyaga ega NYSEning 20% eng kichik kompaniyalari aksiyalari eng katta yo’qotishga uchragan, lekin oxirida eng yuqori o’sish ham shularda kuzatilgan. (CPI (inflatsiya) natijasida o’sha paytdagi 100 dollar 2015-yilgi 1300 dollarga teng bo’lgan.)

👉 @green_econ
Iqtisodchilar rag’batlar (incentives)ga ko’p e’tibor qaratishadi va rag’batlarning ishlashiga yuqori darajada ishonishadi, ya’ni siz kimgadir nimadir qilishga rag’bat bersangiz uning buni qilish ehtimoli yuqoriroq bo’ladi. Lekin ko’plab dalillar ko’rsatadiki, rag’batlar allaqachon ularsiz ham ishlab kelayotgan tizimni buzishi mumkin.

Odamlar bir-biriga ishonishadi, ko’plab ikki taraflama foydali bitimlar qilishadi va bir-biriga yordam berishadi. Agar siz bunga qanaqadir rag’batlar tizimini tadbiq etsangiz va yana qaytarib olsangiz avval mavjud bo’lgan tizim buzilishi mumkin.

©️Freakonomics Radio, Catherine Echols
Kundalik tashvishlar bilan band bo’lib qolganingda, sen bilan mushtarak fikrlaydigan yetuk ong egalarining suhbatini eshitish oliy maqsading borligini eslatib, o’z yo’lingga qayta tushib olishingga yordam beradi. GlobalHalal.uz va ESG sohasi bo’yicha ESGU(ESG Uzbekistan) loyihalari asoschisi Saidaziz A’zamovning intervyusini ko’rishni tavsiya qilaman:

https://youtu.be/_59HAenC07o

(Men ba’zan turli dasturlar uchun avval yozgan motivatsion xatlarimni qaytadan o’qib turaman, o’zimni o’zim ruhlantirib, qanday yaxshi maqsadlarni oldimga qo’yganimni o’zimga eslatib turish uchun:))

@green_econ
2023-yil sarhisobi. 21.5k ko’rishlar soni biz uchun katta yutuq:)

(Qo’shilgan yangi obunachilar soni noto’g’ri ko’rsatilibdi negadir).

@green_econ
Imtihonlardan muvaffaqqiyatli o’tish formulasi haqida

Yaqinda ko’plab universitetlarda, jumladan, O’zbekistondagi oliygohlarda ham qishki imtihonlar mavsumi boshlanadi. Imtihonga tayyorlanishda, umuman, o’qish jarayonida talabalarga foydali bo’lishi uchun akademik ko’rsatkichlarga ta’sir qiluvchi omillar haqida o’qigan ilmiy maqolamdan olgan xulosalarim bilan bo’lishmoqchiman.

Ma’lumki, talabaning akademik ko’rsatkichi qanchalik yaxshi bo’lishi(ya’ni imtihondan yaxshi baho olishi)ga ta’sir qiluvchi bir necha omillar bor. Tadqiqotlarga ko’ra, bu omillar fanni o’rganishga bo’lgan motivatsiyani, fanni o’rganish uchun sarflangan vaqtni va talabaning aqliy qobiliyatini o’z ichiga oladi.

Bu omillardan tashqari mazkur tadqiqot mualliflari yana ikki omil - deep learning va surface learning kabi dars qilish usullarining ham akademik ko’rsatkichlarga ta’sirini o’rgangan. Deep learning fanni yoki mavzuni fundamental qismidan boshlab to’liq tushunish, tushunchalarni bir-biri bilan bog’lash va umumiy mazmun chiqarishga harakat qilish degani bo’lsa, surface learning fan yoki mavzuga doir ma’lumotlar va faktlarni yodlash, materialni yuzaki o’rganish degani deyish mumkin. Tadqiqot natijalariga ko’ra, o’qishda deep learning usulini qo’llagan talabalar imtihonlarda yaxshiroq natijalar ko’rsatadi, surface learning usulidan foydalanganlarda esa yiqilish yoki past baho olish ehtimoli yuqoriroq. Lekin, albatta, istisnolar yo’q emas –surface learning qiluvchi talabalar kam hollarda deep learning qiluvchi talabalardgan yaxshiroq natija ko’rsatishi mumkin. Bunga sabab qilib, deep learnerlarning ortiqcha ma’lumotlarni o’rganishga ko’p vaqt sarflashlari, surface learnerlarni imtihonda tushishi mumkin bo’lgan qismlarni o’rganishga harakat qilishlarini ko’rsatish mumkin. Lekin, umumiy natijalarda deep learnerlarning yaxshi natija ko’rsatish ehtimoli baribir yuqori.

Tadqiqotchilar o’rganish usuli shakllanishida motivatsiya muhim rol o’ynashini aytadi. Motivatsiya 2 xilga bo’linadi: Ichki motivatsiya (intrinsic motivation) - materialni o’qib-o’rganishdan zavq olish va tashqi motivatsiya (extrinsic motivation) - berilgan vazifani tugatgandan keyin keladigan tashqi rag’batdan, masalan, yaxshi bahodan yoki o’zini o’zi mukofotlashdan zavq olish (Baker, 2004). Aynan yuqori motivatsiya talabada deep learning usulini shakllanishida rol o’ynaydi. Ichki motivatsiyaga tayanadigan talabalar deep learning usulini o’zlashitirishga moyilroq bo’lishadi. Lekin, ikkala turdagi motivatsiya ham umumiy olganda deep learning uchun xizmat qiladi. Shunday qilib, olimlar Moliyaviy hisob darsini o’qiydigan talabalar ichida o’tkazgan tadqiqot natijasiga ko’ra, yuqori akademik ko’rsatkich formulasi quyidagicha:

Performance = Deep learning + Time spent + ability + gender

(Deep learning shakllanishi uchun esa, albatta, motivatsiya ham kerak)



Demak, siz yaxshi akademik natijalarga erishishingiz uchun birinchi navbatda fanni o’rganishga o’zingizda motivatsiya paydo qilishingiz kerak (intrinsic, extrinsic yoki ikkalasi birdan) deep learner bo’lishingiz kerak va o’rganish uchun ko’proq vaqt sarflashingiz kerak. Bir qarashdan, hamma biladigan formula, lekin empirik tadqiqotlar bilan isbotlab berilgan varianti.

Maqola: Patricia Everaert, Evelien Opdecam & Sophie Maussen (2017) The relationship between motivation, learning approaches, academic performance and time spent, Accounting Education, 26:1, 78-107,

P.S. Yaqinda Bonn universitetida imtihonlar mavsumi boshlanadi. Sizlarga omad, menga ham omad tilab qo’yishni unutmang:)

👉
@green_econ
ECA50.com Sharqiy Yevropa va Osiyodagi Sobiq Sovet mamlakatlari, shuningdek, Mo’g’uliston bank sektori bo’yicha taqdim etgan tahlilga ko’ra, mazkur mintaqadagi TOP-50ta yirik tijorat banklari mintaqa jami bank sektorining 80% aktivlariga egalik qiladi (2023-yil, yanvar holati). Mintaqada jami 238 ta bank bor (2023, 01). Bu degani 20% banklar jami bank sektori aktivlarining 80%iga, qolgan 80% banklar esa bu ulushning 20%iga egalik qiladi. Qiziq ma’lumot.

Mazkur 10ta davlatdagi TOP-50 yirik banklarning 11tasi O’zbekistondagi tijorat banklari sanaladi.

👉 @green_econ
“Qozoqning bir banki va o’zbek bank tizimi”
©️MacroBS

Yillar davomida bank sektori va Markaziy bank faoliyatiga davlatning yuqori darajada aralashuvi tufayli O’zbekiston bank tizimi tom ma’noda nogiron ahvolga kelib qolgan edi. Buning natijasini yuqoridagi rasmda ko’rishingiz mumkin. 2023-yilda Qozog’istonning ikki eng yirik bankining alohida olgan foydalari butun O’zbekiston banklari foydasidan yuqoriroq. (Qolgan qiyosiy ma’lumotlarni rasmdan ko’rib olishingiz mumkin).

Biroz berilgan erkinliklardan keyin qisqa vaqt ichida erishilgan natijalarga, shuningdek, bizdagi aholi va bozor potensialiga qarab aytadigan bo’lsak, moliya sektorimiz bemalol Qozog’iston bilan raqobatlasha olgan bo’lar edi, agarda o’tmishda davlat zanjirlab tashlamaganida.

Rasm ECA50.com’ning LinkedIn sahifasidan olindi.

👉 @green_econ
Dunyo bo’yicha har yili chiqadigan issiqxona gazlarining 11-20% chorvachilik hissasiga to’g’ri keladi. Sut sanoati esa, ma’lumotlarga ko’ra, yillik jami issiqxona gazlarining 2.2%iga javobgar.

Men ham bu kabi mahsulotlar va ularning marketingini qo’llab quvvatlayman.

👉 @green_econ
Forwarded from bakiroo
100та оилани бой қилиш”

Lolazor’нинг навбатдаги сонида яқин ўтмишимиз садолари, ўтган замон мураккабликлари, хато бўлиб чиққан қарорлар ҳақида гаплашдик.

Меҳмонимиз, ёзувчи Мурод Муҳаммад Дўст билан кўпроқ шу ҳақда фикр алмашдик, баъзида ўзгармаган латифаларни ҳам эсладик ва йўл-йўлакай конвертация нима учун ва кимнинг фойдасига ёпилганига ҳам тўхталдик.
Qiziq. 1960-yilda Qozog’iston aholisi O’zbekiston aholisidan ko’proq bo’lgan ekan. Bugungi kunda esa O’zbekiston aholisi soni Qozog’iston aholisidan yirik farq bilan oldinda. (Bunga so’nggi 60 yildagi migratsiya, tug’ilish, har bir ayolga to’g’ri keladigan tug’ilishlar soni hamda o’limlar soni kabi omillar ta’sir qilgan.)

Iqtisodiyotimizning Qozog’iston bilan raqobatda maqtana oladigan yagona ko’rsatkichi ham aynan shu.

👉 @green_econ
Tadqiqotlarga ko’ra, sun’iy intellektning kirib kelishi korxonalardagi yillik mehnat unumdorligini o’rtacha 2-3% (ba’zi tadqiqotlarga ko’ra 7%)gacha oshirishi mumkin ekan.

Bugungi kunda ko’plab iqtisodchilarni o’n yildan ziyod vaqtdan buyon sekinlashib kelayotgan global mehnat unumdorligi darajasi tashvishga solmoqda. Yaqin kelajakda esa sun’iy intellekt tufayli bu sekinlashuvning oldi olinishiga umid qilishmoqda.

@green_econ
Endi Germaniya dunyoning 3-raqamli iqtisodiyoti

Kecha e’lon qilingan statistik ma’lumotlarga ko’ra, Yaponiya iqtisodiyotida yuzaga kelgan turg’unlik sababli u 3-raqamli iqtisodiyot sifatidagi o’z o’rnini Germaniyaga bo’shatib berdi. Bunga asosiy sabab qilib iqtisodiy faoliyatning asosiy ulushini tashkil qiladigan xususiy iste’mol xarajatlari darajasining tushib ketgani va yenaning oxirgi 2 yildagi dollarga nisbatan keskin qadrsizlanishi ko’rsatilmoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, 2023-yilda Yaponiyaning YIM $4.2 trln bo’lgan, Germaniyaniki esa $4.5 trln.
Lekin, bu degani Germaniyada ham ahvol zo’r degani emas. So’nggi yillarda Germaniya iqtisodiyotining o’sishi ham sekinlashgan. Ukraina urushi sababli ko’tarilib ketgan energiya narxlari bunga yanada yomon ta’sir qilmoqda. Germaniya va Yaponiyaning muammolari juda o’xshash. Ikkalasida ham aholining qarishi tezlashmoqda, iqtisodiyotdagi talabga yarasha ishchi kuchi bozorga kirib kelmayapti.

Lekin baribir qiziq – 335 mln aholilik AQSh dunyoning 1-iqtisodiyoti, 1.4 mlrd aholilik Xitoy 2-iqtisodiyoti, 83 mlnlik Germaniya esa dunyoning 3-iqtisodiyoti. 1970–80-yillardagi iqtisodiy “bum” vaqtida Yaponiya hattoki AQShni ham ortda qoldirishini ba’zilar bashorat qilgan ekan. Lekin bu sodir bo’lmadi. 2007-yilgacha Germaniya dunyoning 3-iqtisodiyoti edi, lekin uni Xitoy bu pog’onadan tushirgandi. 2010-yilda esa Xitoy Yaponiyani ham quvib o’tib, 2-o’ringa chiqqan edi.

Yaqin kelajakda Germaniya va Yaponiyani Hindiston ham quvib o’tishi kutilmoqda. XVJga ko’ra, 2026-yilda Yaponiya, 2027-yilda esa Germaniya Hindistonga o’z o’rnini bo’shatib beradi.

Aziz o’quvchilarimga esa dunyoning 3-iqtisodiyotidan salom yo’llayman. 6 oydan beri Germaniyada yashab kelayotgan odam sifatida bunga men ham hissa qo’shdim:)

👉 @green_econ
Keltirilishicha, O’zbekistonda xususiy korxonalar soni o’tgan yilgidan 26000taga kamayib ketgan. 2023-yilda ishlab turgan 89170ta xususiy korxonalarning 25705tasi, ya’ni 30%i yopilib ketgan. Raqamlarga qarab har xil xulosalar qilish mumkin. Bu, albatta, yaxshi belgi emas. Mamlakatda biznes muhiti yomonlashayotganidan darak berishi mumkin. Bunga hukumatning 2023-yilda “halol”yozuvi bor va boshqa shu turdagi xususiy korxonalarga qarshi amalga oshirgan “repressiyasining” ham salbiy ta’siri borligi aniq. Yomonlashgan biznes muhiti tufayli korxonalar faoliyatini to’xtatgan yoki yashirin iqtisodiyotga o’tgan bo’lishi mumkin.

Hamma har xil farazlar aytishi mumkin, lekin O’zbekistonda biror normal “think-tank” bo’lsa, (masalan, PMTI yoki CERR) korxonalar sonidagi bu keskin kamayishning sabablarini o’rganib, tahliliy material chiqarishi kerak.

Agarda sizda qanaqadir fikr-mulohazalar bo’lsa yoki bu mavzu tahlil qilingan biror materialni bilsangiz izohlarda qoldiring. Rahmat.

@green_econ
Qayaqqa qarab ketayapmiz?!

Narrativlar bizning qarashlarimizni shakllantiradi, qarashlar esa haqiqatni. Oxirida bu shakllangan haqiqat bizning tanlov va harakatlarimizga ta’sir qiladi.
So’z erkinligi shakllanmagan jamiyatda narrativ yaratish va tarqatish qudratiga ega shaxslar ma’lum hodisa bo’yicha o’zlarining versiyalarini ommaga taqdim etish jarayonida unga yengil qaramay, jiddiy va tanqidiy qaray olishlari kerak, chunki bu narrativ ko’plab insonlar va qaror qabul qiluvchilarning harakatlariga ta’sir qiladi. Ta’lim va savod darajasi yuqori jamiyatlarda bir narrativga qarshi, albatta, boshqa versiyalar bo’ladi va bu odamlarning fikrlarini balansda tutishga yordam beradi, bir narrativ yoki g’oyaga ergashib ketishdan saqlab qoladi (vaholanki g’oyalar yomon tarafga boshlasa - bu jamiyat inqirozi). Ammo, biz kabi so’z erkinligi va ta’lim darajasi yuqori bo’lmagan davlatda ijtimoiy-siyosiy hayotdagi voqealar bir guruh, fikr va qarashlari bir-biriga juda yaqin yoki deyarli bir xil bo’lgan shaxslar nigohi orqali muhokama qilinarkin, ularning narrativlariga ergashilarkin, bu jamiyat kelajagi uchun xavfli.

Avtokratik jamiyatlarda vaqt davomida butun jamiyat bir insonning xarakteriga va shaxsiyatiga moslashib boradi. Bu misolni 90-yillar boshida qalqib chiqqan so’z erkinligi va uning vaqt o’tib faqat boshqaruvchining shaxsiyatiga moslashib, senzuraga aylanishi misolida ko’rganmiz. Siyosatchilar, OAV, media bir insonning shaxsiyatiga moslashgan va, natijada, butun xalq unga moslashgan – rahbarning qudrati ritorikaga aylangan. Tarix takrorlanmoqda. O’zbekistonda 2-prezidentlik davri boshida paydo bo’lgan so’z erkinligi bir insonning shaxsiyatiga moslashib, senzuraga aylanayotganiga guvoh bo’lmoqdamiz. Bu jarayonda esa aynan so’z erkinligi himoyachilarining o’zlari xizmat qilmoqda. Qanday?

Ahmet Kuru kitobida Islom ilm-fani zavolga yuz tutgani sababini quyidagicha keltiradi: Dastlab Islom olamida ilm-fan rivojlandi, chunki olimlar barcha rag’batni jamiyatdan –savdogarlardan va boy qatlamdan oldi, ilm-fanni ular moliyalashtirdi. Keyinchalik esa xalifalar va amirlar o’z hokimiyatini mustahkamlash uchun olimlarni o’z yonlariga chaqirib, homiylik qila boshladi, natijada ilm-fan vakillari davlatga yaqinlashdi - korrupsiyaga yuz tutdi. Ular hukumat manfaati uchun xizmat qila boshladi. Islom olamida ilm-fan o’ldi.

Bizda nima bo’ldi?

2017-yildan keyin sezilarli uyg’ongan so’z erkinligi (ilm-fan emas, chunki bizda u uyg’onib ulgurmadi hali) yana bir odamning shaxsiyatiga moslasha boshladi. Qanday? Davlat jurnalist va blogerlarni o’ziga yaqinlashtira boshladi – ordenlar berdi, mukofotlar berdi, turli xil reytinglar tuzdi. Mamlakatning eng iqtidorli iqtisodchi blogeri prezident bilan muloqotda bo’ldi va o’z umidlari bilan odamlarda unga nisbatan romantizatsiya shakllantirdi (tan olaman, bu menga ham ta’sir qildi). “Prezident blogerlari” degan jumla kirib keldi. So’z erkinligi vakillari davlatga yaqinlashdi (yanada). So’z erkinligi korrapt bo’ldi – SENZURA! Ular, yuqorida aytganimdek, bir tor doira va fikr-qarashlari bir-birinikiga juda o’xshash odamlar. Ular bir shaxs xarakteriga moslashishdi va xalqqa o’z moslashtirilgan narrativlarini ayta boshlashdi. Endi xalq yana avvalgidek bir xil, avtokratiyaga xizmat qiladigan narrativlarga ergashmoqda. Bunda jurnalist va blogerlarni ayblamayman, sababi bu xalifalik davrida bo’lgani kabi jarayon va ular ham boshqa oddiy odamlar kabi qurbon. Narrativlarni ba’zan Ozodlik Radiosi yoki Twitterdagi ayrim anonim foydalanuvchilar buzishga harakat qiladi, lekin uzoqqa bormaydi. 4-hukumat bo’lishi kerak bo’lgan guruh ko’z oldimizda Karimov davridagidek 1-hukumat “ishchisiga” aylanmoqda. Yagona chora – ta’lim.

Tan olish kerak, “Lolazor” podkasti yaxshi loyiha bo’ldi. Men ham berilib tomosha qildim. Ko’plab odamlar undagi narrativlarga ergashdi. Misol uchun, omma orasida tanqid qilinadigan bir shaxs o’z narrativini xalqqa yetkazib, imijini ijobiyga o’zgartirib olishga erishdi. Bu podkastdagi narrativlarga to’liq bog’lanib qolmaslik uchun bu fikrlarni eshitib ko’rishni tavsiya etaman.

@green_econ
Greening the Economy pinned «Qayaqqa qarab ketayapmiz?! Narrativlar bizning qarashlarimizni shakllantiradi, qarashlar esa haqiqatni. Oxirida bu shakllangan haqiqat bizning tanlov va harakatlarimizga ta’sir qiladi. So’z erkinligi shakllanmagan jamiyatda narrativ yaratish va tarqatish…»
Xalqaro Valyuta Jamg’armasi tomonidan chiqariladigan “Finance and Development” jurnalining yangi, 2024-yil mart oyi uchun soni chiqibdi. Men o’zim bu jurnalni dolzarb iqtisodiy mavzularda tushunarli tilda tahliliy maqolalar taqdim etgani uchun qiziqib o’qib boraman. Bu yangi sonidan olgan insaytlarim haqida ham kanalda bo’lishaman. Sizga ham jurnalni o’qishni tavsiya qilaman:

https://www.imf.org/en/Publications/fandd/issues/2024/03

@green_econ
Forwarded from Ko’rinmas Qo’l
Mamlakatlarning kambag’allik sabablari haqida

Ko’pchilik kambag’allikning asosiy sababi - bu mamlakatdagi boyliklar oqilona taqsimlanmasligidir deb hisoblaydi. Bu, albatta, xato fikr. Rivojlanayotgan mamlakatlarda muammo resurslarning qayta taqsimlanishi nomaqbulligida emas, balki taqsimlanadigan resurslarning hajmi o’ta kichikligida.

Keling, “maksimal iqtisodiy adolat” ssenariyi bizning sharoitda qanday ko’rinishga ega bo’lishi haqida faraz qilib ko’ramiz. Buning hisob-kitobi unchalik murakkab ham emas. O’zbekistonning 2023-yildagi YAIM ko’rsatkichi 91 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Butun respublika bo’yicha hamma boyliklarni jamlagan holimizda ham, $410 milliarddan ko’proq mablag’ni yeg’a olmaymiz (umumjahon boylikning global YAIMga nisbati 4.5ga teng). Hamma boyliklarimizni chet elga sotib yuborib, shundan kelib tushgan daromadni oqilona ravishda har bir 36 million fuqaroga bo’lib bergan taqdirimizda ham, kishi boshiga $11,400dan kamroq mablag’ to’g’ri keladi.

Buning uchun, albatta, butun iqtisodiyotni vayrona qilib yuborish kerak, ya’ni, qiymat ishlab chiqara oladigan har bir kapital birligi sotilib yuborilishi zarur. Tasavvur qilishingiz uchun, ushbu natija har bir ferma, uy, mashina, hatto xonadonlardagi oxirgi ketmongacha chet elga sotilib yuborilishi evaziga erishiladi. Endi savol: $11,400ga inson boshqa ishlamasdan qanchalik uzoq va qulay hayot kechira oladi?

Ko’p emas, to’g’rimi? Bu esa quyidagini anglatadi: eng oqilona qayta taqsimlash mexanizmi ham bizni boy qilib qo’ymaydi. Bir bo’lak nonni 100ta insonga qanchalik adolatli bo’lmang, hech kim baribir to’ymaydi. Demak, biz bo’linadigan resurslarning hajmi haqida qayg’urishimiz kerak.

Boylikning asosiy manbasi - bu iqtisodiy o’sish. U, o’z o’rnida esa, to’g’ri ishlaydigan institutlar va bozor iqtisodiyoti orqaligina vujudga keladi. Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun eng katta xavflardan - bu boy bo’lishdan avval resurslarni qayta taqsimlashga o’tib ketishdir.