Zafar Muminov ijodi
104 subscribers
1 photo
2 videos
13 files
Download Telegram
Chala qolgan surat
Qissa
14-qism



Ular chiqib ketishdi. Eshik oldida Salim qora Davronga qarab – “Agar yana bir shisha aroq topsangiz, tushlikda yarmini, kechqurun yarmini quyib qo’ying. Men ertaga ertalab kelaman.” – dedi. Husan aka “Uyda bor, kampirim olib chiqadi. Bolaga qarab turinglar’ – deya otga minib ketdi.
Ertasi kuni Salim qora bir shishada em dori olib keldi. Yigitalining ikkita tovoniga ulab shiftga osib qo’ydi. Oyoqlarida ko’kargan joylari bilinmasdan qolgan, ammo harakat yo’q edi.
- Bu dori bilan yaxshi bo’lib ketadi. Endi aroq kerak emas. Menga bir shisha topib bering, ichib olay. Olib kelib qo’ydingizmi?
Davron shkafni ochib aroqni olib berdi. Salim qora bu safar piyolaga quyib, niyat aytib ichdi. Dasturxon yozilib, choy olib kelindi. Salim qora choy ichmadi.
- Men tushlikda narsa yeyman, qolgan payti bu menga ozuqa. Menga bu bo’lmasa hayot yo’q. Qani oldik.
Salim aroqni ichib tugatdi, shishadagi dori ham tugadi. Narsalarini yig’ishtirgan Salim qora jo’nab ketdi. Ertaga xabar olishini aytib, qayergadir ketdi.
Kechqurun Husan aka Akbar doktorni boshlab keldi. Akbar doktor bir necha kunga darslaridan ruxsat olib kelgan ekan. Akbar doktor Yigitalini obdon tekshirib ko’rdi. Biroz jim bo’lib turdi, yana tekshirdi. Keyin o’rnidan turib tashqariga chiqishga ishora qildi. Davronning yuragi g’alati bo’lib ketdi. Ular izma-iz tashqaiga chiqishdi.
- Bu yomon bo’libdi. Oyoq paylari qattiq shamollagan. Shu payti faqat issiq saqlash va tuman shifoxonasiga olib borish kerak edi. Aroq surtib ularni qotirib qo’yibdi. Bundan tashqari tizza yonlariga qilingan ukol tarqalmay modda to’plab qolibdi. Ertaga tumanga olib boramiz. Davolash chorasini ko’rish kerak. Sizni qo’rqitmoqchi emasman, ammo bola deyarli yura olmaydi. Biz faqat oyoq paylarini davolab, suyak chirishini oldini olishimiz kerak. Gapim og’ir bo’lsa xafa bo’lmanglar. Sabr bilan kutasiz. Madad faqat yaratgandan. Ertaga o’zim tuman shifoxonasiga olib borib joylashtiraman. Endi ketishim kerak. Bola bu haqda bilmasin. Ko’ngli cho’kib dardga qarshi kurasha olmay qoladi. Bardam bo’linglar.
Akbar doktorni kuzatib qo’ygan Husan aka uyiga qarab tez-tez, katta qadam bosib ketdi. Davron boshini changallab qoldi. U dardi ichida qolib uyiga suvga tushgan mushukdek bo’lib kirdi va Yigitalini bir so’z demasdan quchoqlab yotdi.





Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
15-qism


Husan aka esa uyiga borib Yulduz otini minib chiqdi. Qo’lida uzun yangi arqon bilan Salim qorani izlay boshladi. Salim qora ham ko’p sarson qildirmay o’zining hovlisi oldida kayfi zo’r bo’lib g’ingshib yotardi. Husan aka darhol uni ko’rib otdan sakrab tushdi. Oldiga borib o’ng oyog’idan qattiq qilib bog’ladi.
- E, Husan aka, bu nima qiliq? Nega meni bog’ladingiz?
Salim qoraning gapiga Husan aka javob bera turib, arqonni otning egariga qattiq tortib bog’ladi.
- E, tirriqi buzoq. Men senga aytgan edimmi? Bolaga bir narsa bo’lsa otda sudrayman deya. Mana Husan ahdini bajaradi. Sen bir jonni xarob qilding. Yaramas, boshqalarga zararing tegmasdan o’ldirib qutilay den dayusdan.
Shu payt Salim qoraning ayoli uyidan chiqib Husan akaning oldiga kelib tiz cho’kdi.
- Jon akajon. O’ldirmang. Alkash bo’lsa ham bolalarimning otasi. Oltita bolani yetim qilmang. Otam ruhi haqqi yalinib so’rayman. Gunohidan men uchun o’ting. Jon akajon, sochim supurgi bo’lib el xizmatini qilib bolalarimni boqayapman. Bu o’lsa odamlar meni tinch qo’ymaydi. Bevaning kunini yaxshi bilasizku. Qo’yib yuboring, buni o’zi xudo urgan. Jon akajon, rahm qiling.
Odamlar har tomondan yetib kelishib Husan akadan rahm so’rashdi. Husan aka arqonni otdan yechib yerga urdi.
- Husan bir marta lafzida turmadi. Shu ayolning nolasi uchun. Ammo bilib qo’yinglar yana kimgadir zarari tegsa ayab o’tirmanglar. Bir bolamdan shunday alkash doktor tug’ilgan zahoti ayirgan edi. Endi bolam deya suyanib yurgan Yigitalimdan bu ayirmoqda. La’nat bo’lsin senga Salim qora. Bu dunyodan xor bo’lib o’tib ket. Rozi emasman. Xudoga soldim seni. Xudoga soldim.
Husan aka otini yetaklab qayergadir ketdi. Salim qorani ayoli o’rnidan turg’azib uyiga olib kirib ketdi. Odamlar shoshib tarqalishdi.
- Men nima qildim bunga? Meni o’ldirmoqchi bo’ldi? Odam o’ldirish oson ekanmi, ko’rsatib qo’yaman, hali. Oyog’imdagi arqonni yech, yaramas xotin.
Ayol bechora arqonni yecha olmay, uyidan pichoq olib chiqib kesib oldi. Husan akaning bog’lagan tugunini o’zidan boshqa hech kim yecha olmagan, hali bu zamonda. Hamma aytgan gapga ayol guvoh bo’lib ishondi. Husan akaga tan berishga majbur bo’ldi. Erini suyab uyiga kiritib ketdi. Bolalari qator bo’lib qarab turishar edi. Ular hech narsani tushunmas edida.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
16-qism


***
Ertasi kuni Akbar doktor o’zining “Jiguli” mashinasida kelib Yigitali va Davronni olib tuman shifoxonasiga olib bordi. Zarur tekshiruvlarni o’zi bosh bo’lib o’tkazdi. Tushdan keyin shifokorlar Davronni qabul qilishdi.
- Endi sizdan yashirib o’tirishga zarurat yo’q. Bolangizning paylari qotib qolgan. Tizzasining yoni yiring bog’lagan. Bu qonga ham o’tgan asorati jiddiy. Suyak yemirilishi boshlangan. Xullas vaziyat jiddiy. Biz bolani olib qolamiz. Zarur yordam beriladi. Hozircha operatsiya qilib tizza suyaklarini yiringdan tozalab chiqishimiz kerak. Ukol qilingan dorining muhlati tugagan bo’lgan bo’lishi mumkin. Aks holda bunday holat bo’lmaydi. Endi kutamiz. Ertaga operatsiya qilamiz. Sizga Akbar do’stimizning tavsiyasi bilan bolangizning yonidan joy qilib beramiz. Ikkalangiz bir xonada yotasiz. O’zi bemordan boshqa odam olmaymiz, endi sizni yaqin olib joylashtiramiz. Yana ko’nglingizni cho’ktirib bolani xafa qilmang. Uning yuragi toza ekan, xafa bo’lsa hayotdan umidini uzib, so’lib qoladi. Keyin kasallikka qarshilik qilmay qo’yadi. Najot xudodan, tuzalib ketsa biz bir sababchi bo’lamizda.
Keksa doktorning bu gapidan keyin Davron o’zini ancha xotirjam his qildi.
- Endi Davron do’stim, - dedi Akbar. – Nima yordam kerak bo’lsa ustozim Karim akadan so’raysiz. Yaxshi odam. Bolangiz tuzalib ketadi. Karim ustoz shu sohaning piri. Qancha odam tuzalib o’ynab yuribdi. Men qishloqqa qaytaman. Ertaga kelinni ham olib kelaman. Kechqurun qaytib ketamiz.
Davron cho’ntagini kovlagan edi, Akbar qo’lini ushlab qoldi.
- Uyat bo’ladi do’stim. Hali pul kerak bo’ladi, bolangizga sarf qiling. Men baribir bu joyga o’zim kelar edim. Sizlar bir bahona bo’ldingiz. Mayli ko’rishguncha. Ertaga kelaman.
Akbar xayrlashib jo’nab ketdi. Davron o’g’lining yoniga borib o’tirdi. Yigitali qilingan ukollar ta’sirida pishillab uxlab yotar edi. Davron nargi divanga cho’zilib yotdi. Uxlashga harakat qildi, ammo eplay olmadi. Shiftga tikilib o’zini ayblab yotaverdi. “O’sha kuni mehmonga bormasligim kerakmidi? Balki kela solib bolalarni ko’rishim kerakmidi? Men aybdorman. Bu bolam nogiron bo’lib qolsa taqdiri nima bo’ladi? Olam-olam orzulari-chi? Qanday bu yukni ko’tarib yashayman? Xudo o’zing bilib-bilmasdan qilgan gunohimni kechir. Mening gunohim uchun bolam javob bermasin. Mayli mening jonimni ol, bolam yurib ketsin. O’zing kechiruvchi zotsan, men gunohkor bandangga yo’l ko’rsat. Kechir xudoyim.”



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
17-qism


Davron shularni xayol qilib yotdi. Uxlay olmay yotdi.
Kechga yaqin Yigitali uyg’ondi. Davron unga choy quyib uzatdi, holini so’radi. Yigitali choyini ichib derazadan uzoqlarga tikilib qoldi. U nimanidir xayol surardi.
- Bolam, rasm chizasanmi? Qog’oz, bo’yoq olib kelib beraymi?
Yigitali boshini chayqab qo’ydi va shiftga tikilib oldi. U hozir rasm chizishni o’ylamas, faqat yurib ketish haqida o’ylar edi. Dadasini xafa qilmaslik uchun ham osmonga termulib yotdi. U shunday yotsam – “Ko’zimdan yosh chiqib ketmaydi.” - deya o’yladi. Ammo uning ko’zidan chiqqan yosh yuzidan oqib yostiqqa tomar edi.
Xonaga kirgan hamshiralarni ko’rib Davron tashqariga chiqib ketdi. Hamshiralar kulib dori berib Yigitalining ko’nglini ko’tarishga harakat qilishdi. Davron zalda unsiz, ko’zidan yosh chiqarmasdan yig’lardi.
Ertasi kuni Karim doktor ertalabdan xonaga kirib kelib Yigitalidan hol so’radi.
- Hozir sening oyog’ingni davolaymiz. Faqat qo’rqma. Shundan keyin yurib ketasan. Aytmoqchi, opalari, - dedi shifokor hamshiralarga qarab. – Bu o’g’limiz bo’lajak rassom ekan. Tuzalib chiqsa sizlarning ham rasmingizni chizib beradi. Qani opalari, endi muolaja xonasiga olib boringlar.
Hamshiralar maxsus stolga Yigitalini yotqizishgan paytida zaldan onasining ovozi eshitildi.
- Yigitali, qayerdasan bolam? Dadasi qayerdasizlar?
Akbar uni xonaga boshlab kirdi. Ayol yig’lab bolasini quchoqlab oldi.
- Bolani qo’rqitmang, singlim. Og’ir bo’ling, tuzalib ketadi. Qani chetga turing.
Karimning gapidan keyin Davron ayolini chetga oldi. Hamshiralar bolani olib chiqib ketishdi. Er-xotin bir-biriga suyanib xonada yolg’iz qolishdi. Birozdan keyin ular ham zalga chiqib shifokorlarni duo qilib kuta boshlashdi.
Nihoyat uch soatlik operatsiyadan keyin bosh shifokor Karim akaning o’zi zalda ko’rinish berdi. Davron o’rnidan turib uni qarshi olib umidvor holda tikilib turdi.
- Xavotir olmang uka. Bolangiz yaxshi. Suyaklarga ozgina zarari tegibdi. Tozalab qo’ydim. Endi qonni mikrobdan tozalaymiz. Kutamiz, hammasi yaxshi bo’lib ketar. To’rt kun qanday uyda saqladingiz? Endi kutamiz. Ikki soatda xonaga olishadi. Ko’rasizlar, faqat qiynab qo’ymanglar. Singlim siz og’ir bo’ling. Bolangiz yaxshi bo’lib ketsin.




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
18-qism


Karim doktor o’z xonasiga kirib ketdi. Hamshiralar em dorilarni olib o’tishdi. Akbar kelib hol so’radi. Vaziyatni bilib kechqurun uyiga qaytishini aytib zaldan chiqib ketdi.
Ikki soat ikki yildek uzun bo’lib ketdi. Nihoyat operatsiya xonasining eshigi ochilib maxsus stolda yotgan Yigitalini hamshiralar olib chiqishdi. U hamon dori ta’sirida uxlab yotardi. Hamshiralar Yigitalini joyiga yotqizib qo’yib, xonadan chiqib ketishdi. Davron va ayoli bolasiga umidvor bo’lib tikilib turishdi. Yarim soatdan keyin Yigitali ko’zini ochdi. G’ira-shira onasini ko’rib kulimsiradi. Onasi uni erkalar, ammo bola dori ta’sirida gaplarni anglab olmas edi.
Xonaga kirib kelgan hamshira ularni chiqarib yubordi va em dori ukol qildi. Xonaga ertagacha hech kirmasligini aytgan hamshira eshikni qulflab qo’ydi. Ayoli janjal boshlamoqchi edi, Davron og’zini yopdi.
- Jim onasi, jim bo’l. Bolangni ko’rding. Endi ket. Men yonida qolaman. Bolalarga qara. Azizbek fermerga aytib qo’y. Dalaga suv tarash kerak bo’lsa o’zing tarab tur. Bizdan xavotir olma. Doktorni ko’rding, qanday xudojo’y odam ekan. Endi Akbar kelsa keta qol. Aytmoqchi Husan akadan xabar bormi? Biror ish qilib qo’ymabdimi?
Ayoli ko’zini ro’moliga artar ekan javob berdi.
- Bobosi shu kuni qorani otda sudramoqchi ekan, ayoli ajratib olibdi. Shundan keyin bobosi tog’ga chiqib ketibdi hali qaytmabdi. Kampiridan hol so’radim, - “O’zi qaytib keladi, jahldan tushsa keladi. Jahli chiqsa bir g’orga borib yotib keladigan odati bor. Anavi, qora o’lgurni o’ldirgani yaxshimidi? Xudo ko’tarsin shunaqa alkashni.” - deb javob qildi. Ertalab uyiga kirib o’tdik, hali qaytmabdi. Fermeringiz mening suv ochishimga qo’ymasa kerak. Ukamni chaqirib turaman. Bir ilojini qilamiz.
- Shunday qil, onasi, - dedi Davron boshini quyi solib. Shu ishdan ayrilib qolmaylik. Ro’zg’or nima bo’ladi. Men ketsam ishni eplayman, uyni eplay olmayman. O’zing bor uyga. Yigitali tuzalib ketadi. Doktori aytdi, demak ishonchi bor. Akbarning ustozi ekan. Hech narsangiz kerak emas deydi. Bolam tuzalib ketsa uydagi yolg’iz qo’yning o’zini yoki bolasini so’yib doktorni mehmon qilamiz. Bittasini o’ziga berib yuboramiz. Nima deding, onasi?
Ayoli uning qo’lini silab qo’ydi.
- Buni yaxshi o’ylabsiz, dadasi. Shunday qilamiz. Bolam tuzalsa bo’ldi. Mol topiladi. Hali qo’ylarimiz ko’p bo’ladi. Yigitalining to’ylarini ko’ramiz. Yaxshi o’ylabsiz.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
19-qism


Er-xotin jim bo’lib qolishdi. Akbar zalga kirib kelib bosh shifokorning xonasiga kirib chiqdi. So’ngra ularning yoniga keldi. Hol so’radi. Qaytish haqida so’z ochdi. Ayol bolasini bir ko’rishini aytdi.
- Bolangiz uyqu dori ta’sirida ekan. Hozir hech kimni eshitmaydi. Karim aka yaxshi dedi, unga ishonaman. Qani ketdik.
Ayol sho’rlik eshikning kichik oynasidan pishillab uxlab yotgan bolasiga tikilib turdi. Ko’zidan yoshi oqib zo’rg’a zaldan chiqib ketdi. Davron o’rindiqqa suyanib o’tirib uxlab qoldi. Bir necha kunlik uyqusizlik uni qiynab qo’ygan edi. U shu taxlit kechga qadar uxladi. Hamshira qiz uni uyg’otmaganida tanasiga o’rindiq botib yotaverardi. Hamshiradan bolasining holini so’ratdi. Yaxshi javob olgach, hamshira ko’rsatgan yon tomondagi xonaga kirib yana uxlab qoldi. U yosh boladek bo’lib beozorgina uxlar edi.
Ertasi kuni tongda uni Yigitalining yoniga kiritishdi. Yigitali og’riqdan shikoyat qildi.
- Yaxshi bo’lib qolibsan. Karim aka aytdi, tezda yurib ketar ekansan. Qorning ochmi, bolam, nima olib kelay?
- Hozir choy ichirishdi, dada. Mendan xavotir olmang. Siz choy ichib oling. Soqolingiz o’sib ketibdi, olib chiroyli dada bo’lib keling. Men yaxshiman.
Davron o’g’lining yuzidan o’pib chiqib ketdi. Yigitali derazadan uzoqlarga tikildi. U faqat osmonni ko’rardi, xalos. U orzular osmonida xayol surardi.
Uch kun o’tgach Yigitalidagi og’riqlar pasayib ko’zi kulib qoldi. Ota-bola suhbatlashib o’tirishgan edi, eshik ochilib Husan bobosi kirib keldi. U bir tugun narsa olib kelib, Yigitalini qattiq quchoqlab oldi. Shirin diydordan keyin duo qilib, hol so’radi.
- Davron sen uyga bor. Yigitalining yonida men qolaman. Azizbek iflos seni izlamoqda. “Boshqa suv qo’ymaydi, o’zi kechqurun kelmasa, ishdan bo’shataman,” – deb dag’dag’a qilmoqda. Hech murosaga kela olmadik. Sen qishloqqa qayt. Men bekorchi chol bu yerda qolaman. Xabar olib turarsan. Aytmoqchi, Akbar ham kelgan. Seni olib qaytadi. Hozir ustozini ko’rib chiqadi.
Husan aka gapini tugatmasdan xonaga Karim va Akbar kirib kelishdi. Hol so’rashdi.
- So’raganning aybi yo’q inim, - deya Husan aka gap boshladi. – Bu doktorjon, Hakim degan akangiz bor edimi? Urushda qatnashib o’ng oyog’ini kestirgan edi. Shundaymi?
- Ha, - dedi Karim shoshib. – Siz uni qayerdan taniysiz?



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍2
Chala qolgan surat
Qissa
20-qism


- Men u do’stim bilan to’rt yil frontda bo’ldim. Berlin ostonasida yarador bo’ldik. U oyog’idan ayrilib uyiga qaytdi. Men yana jang qildim. Urushdan keyin o’zi bergan manzili bo’yicha izlab bordim. Hakimni topa olmadi. Ko’chib ketgan deyishdi. Hozir hayotmi? Siz unga bir tomchi suvdek o’xshar ekansiz.
- Ha, akam hayot. Qo’shni viloyatga ota-onamiz ishga jo’natilgan. Bilasiz u paytda nochor odamlarni ko’chirib yurtidan quvlashgan. Men shifokorlikka o’qib shu joyga qaytib keldim. Akam o’sha tomonda qoldi. Ota-onamizning qabrlarini tashlab kela olmadi. Kecha uyimga mehmonga kelgan edi. Bugun sizni mehmon qilaman.
Karimning gapidan keyin Husan aka kulib qo’ydi.
- Bu taqdir ekan, do’stimni topdim. Sizlar qishloqqa qaytinglar. Men Yigitalini tuzatib, bobolari bilan birga boraman. Yigitali bularning ham suratini ishlab berasan hali.
- Qarzing ko’paydi, rassom bolam, - dedi Karim ham zavqqa to’lib. - Shuncha surat ishlaysan. Endi tezroq tuzalishga harakat qil. Bo’lmasa sizga oq yo’l. Husan aka va Yigitali menga omonat. Hamshira opalari zeriktirmasdan o’tirishadi. Husan aka sizni uyimga olib boray. Akam bilan uchrashing. Sizlar ham bir payola choy ichib ketasizlar. Qani ketdik.
Davron bolasi bilan xayrlashib tashqariga chiqqanida uni hamma Akbarning mashinasida kutib turishgan ekan. Karim doktorning uyi shu ko’cha oxirida ekan.
Hovliga birinchi bo’lib kirgan Husan aka do’stini tanib qichqirib yubordi. Hakim aka ham tanib u tomon shoshdi. Shirin diydor va quchoqlashib turgan do’stlarga qarab Davron g’amini biroz unitdi. Saldan keyin oddiy xonaga kirib borgan mehmonlar doktorning halolligiga tahsin aytib qo’yishdi.
Choy va taom yeyilgach Husan aka duo qilib Davron va Akbarni kuzatib qo’ydi.
- Sen xavotir olma, Davron. O’zim Yigitali bolamni tuzatib olib boraman. Endi aslo zerikmayman. Do’stim bilan gurunglashib turaman. Yigitalini ham yolg’iz qo’ymayman. Kampirimga aytib qo’y, otga yaxshi qarasin. Nargi qishloqdagi nabiram Quvonchbek kelgan. Faqat o’zi minsin, boshqaga bermasin. Boshqa minganini eshitsam qulog’ini uzib olaman, aytib qo’y. Mayli, yaxshi boringlar.
Akbar va Davron qishloqqa qaytishdi. Davron kelgan zahoti Husan akaning omonatini kampiriga yetkazdi. Bu gapni eshitgan nabirasi otni qo’shni qizga mindirish fikridan ham qaytdi. U bobosidan qattiq qo’rqar edi. Davron uyiga qarab ketdi. Keta turib Azizbek fermerga uchrashib o’tdi.




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
21-qism


****
Oradan bir hafta o’tib Davron o’g’lidan xabar olib kelishga bordi. Hali natija bo’lmaganligi sababli ichini it tirnab qishloqqa qaytdi. Ayoliga rahmi kelibmi, aldab qo’ya qoldi.
- Bolang yaxshi bo’lib qolibdi. Yaralari bitibdi. Tezda bag’ringga qaytadi. Yurib uyingga kirib keladi. Xavotir olma. Keyinchalik sen ham borib ko’rib kelasan. Baraka topgur Husan aka Yigitalini o’z o’g’lidek parvarish qilib o’tiribdi.
Davronning gapidan keyin ayoli biroz xursand bo’ldi. Diliga tugib qo’ygan niyatini aytib qo’ya qoldi.
- Dadasi, Yigitali sog’ayib ketib katta bo’lgach, uylantirib shu bobosiga beramiz. Ko’p mehnati singgan bobosining. Ularga qarab tursa yaxshida. Siz nima deysiz, taklifim ma’qulmi?
Davron ichidan quvonib ketdi. O’zi ham shuni niyat qilgan edi. Ayoliga qarab “Ma’qul” deb qo’ydi. Er-xotin shirin xayollarga g’arq bo’lishdi.
Yana bir haftadan keyin Yigitalining ikkinchi operatsiyasi bo’lib o’tdi. Uning tizza suyaklari yana yiringlagan edi. Bu safar ham uch soatlik operatsiyani boshidan o’tkazgan Yigitali ancha so’lib qolgan edi. Uning yonida onasi qoldi. Qolganlar qishloqqa qaytishdi. Yo’l bo’yi hamma jim qaytishdi.
Kechqurun Davronni rasm muallimi izlab keldi. Yigitalining ahvolini so’radi. Rasm muallimi maqsadini aytdi.
- Davron aka. Bir ish bo’lib o’tdi. Bolangizning chizgan suratini yaramas direktor bolasining nomidan tanlovga jo’natibdi. Men chizib bergan suratni esa Yigitalining nomidan jo’natgan. Bugun tanlovdan xat keldi. Rahbarning erkatoyi tanlov g’olibi bo’libdi. Bolangizga o’rin berilmabdi. Kuyib ketdim, akajon. Rahbar bilan janjallashib ishdan bo’shab ketdim. Ertaga shaharga ish izlab ketaman. Shuni aytib qo’yay degan edim. Siz nima deysiz?
Davron boshini qashlab turdi va dedi.
- Endi bu zamon zo’rlarning zamoni bo’ldi. Erkatoyning omadi bor ekan. Haloli bo’lsin. Menga bolam tuzalsa yetarli. Boshqa narsa kerak emas. Bolam tuzalsa bundan ham buyuk ishlar qila oladi. Men bunga ishonaman. Uka, iltimos bu haqda Husan aka bilmasin. Bilib qolsa yomon bo’ladi. Endi taqdirida shu yozilgan ekan, nima ham qila olamiz. Menga bolam tuzalsa yetarli.




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍2
Chala qolgan surat
Qissa
22-qism


Rasm muallimining jahli chiqib ketdi. G’azab bilan gapirdi.
- Siz qanday otasiz? Nahotki bolangizga rahmingiz kelmasa? Mehnati uvol ketdi. Sudga beraylik. Men va Husan aka guvohlik beramiz. Tanlovga murojaat xatini yuboramiz. Ishni yutib Yigitalini g’olib chiqarib, mehnatining mahsulini ko’rsataylik. Bolangiz shu tanlov uchun jonini azobga qo’ydi. Mehnatiga achining, aka.
Davron yerga qaradi. Bir og’iz gap aytishga uzoq qiynalib turdi. Keyin sekin gapira boshladi. U shunchalik past ovozda gapirdiki, hatto yonida o’tirgan rasm muallimi ham zo’rg’a eshitdi.
- Ular bu zamonning egalari. Men nima ham qila olar edim. Ularga qarshilik qilsam meni ishdan haydashadi. Bilasan Azizbek fermer uning jiyani. Men ishdan bo’shasam, ro’zg’or nima bo’ladi. Men boshqa ishga yaramayman. Boshqa ishni bajara olmayman. Men faqat suv tarashni bilaman, xalos. Qo’y muallim, tinch yashaylik. Sen ham ishingga qayt. Mening bolamni deya oilangga jabr qilma. Kattangdan kechirim so’ra. Ishingga qayt, uka. Menga bolam tuzalsa yetarli.
Rasm muallimi Davronga ajablanib uzoq tikilib turdi. Keyin yerni mushtlab o’rnidan turdi. Eshik oldiga borib ortiga qaytdi.
- Davron aka, ojizlik qilmang. Bularni ham so’raydigan joylar bor. Men qo’rqsam, siz qo’rqsangiz, boshqalar nima qilsin. Men ularga yalinmayman. Tish bergan xudoyim rizq ham beradi. Boshqa joyda ishlayman. Afsuski, Yigitalining mehnatiga achinib ketdim. Hali ham o’ylab ko’ring. Vaqt bor.
Davron o’rnidan turdi. Eshikka qarab yurdi va rasm muallimiga qarab turdi. Rasm muallimi tashqariga qadam bosdi. Davron ortidan gapirib qoldi.
- Bu zamon shunaqa, inim. Zo’rlarning zamoni. Men suv tarashga ketdim. Vaqtim bo’lsa erkatoyni bir tabriklab qo’yaman. Omon bo’l uka. Omadingni bersin. Zamonga boqib yashashga majburman. Meni kechir uka.
- Sizni xudo kechirsin. Kasal yotgan bolangiz kechirsin. Egilib singan haqiqat kechirsin. Yorqin kelajak kechirsin. Barbod bo’lgan istedod kechirsin. O’z vijdoningiz kechirsin.
Rasm mualimi shunday deya qorong’ulik qa’riga singib ketdi. Davron katta ketmonini yelkasiga tashlab dalaga qarab yo’l oldi. U bugun katta maydondagi g’allazorga suv tarashi kerak edi. U ishga horg’in holda jo’nadi. Qo’shni ayol bolalarini o’z uyiga olib ketdi.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
23-qism


Davron dalaga boradigan yo’l direktorning uyi oldidan o’tar edi. U o’tayotgan paytida hovlida nargi qishloqdan kelgan hofizlar qo’shiq aytishardi. Odam ko’p edi. O’rtada direktorning o’zi mast bo’lib o’ynar, jiyani Azizbek fermer uning ustidan pul sochardi. Hovli to’rida chorpoya ustida erkatoy savlat to’kib o’tirib, yoniga qo’yilgan g’oliblik xati va o’g’irlab olib g’olib chiqqan suratni kelgan mehmonlarga ko’z-ko’z qilib maqtanardi. Sal pastda bitta raqqosa qiz ham odamlar ichida xirom etib yurar, ortidan kamerachi bola ergashib yurardi. Qozonda bug’i chiqib sho’rva qaynardi.
Davron bexosdan qo’llarini musht qilib tugdi. Bir xayolida kirib janjal qilmoqchi bo’ldi. Keyin shashtidan qaytdi. Ayniqsa direktorning yonida pul uzatib turgan tumandagi ichki ishlar idorasida katta bo’lib ishlaydigan Yormatdan qo’rqdi. Yormat direktorning qaynag’asi edi. Shu sababli ham direktor pishqirib, qutirib ketgan edi. Davron asta hech kimga ko’rinib qolmaslik uchun yo’ldan yurmasdan soy yoqalab dalaga ketdi. Shu tun u alam bilan ishladi. Bir nechta egatni suv oqizib ketdi. Tongga yaqin butun dalani suvga g’arq qilib uyiga qaytdi.
Uyiga qaytar ekan direktorning uyidan hamon qo’shiq yangrar, kimdir mast shekilli butun qishloqdagi odamlarni onasidan keltirib so’kar edi. Bu Azizbek fermerning ovozi edi. Uni Yormat qo’llab qiyqirib qo’yardi.
“Sizlarga xudo bas kelsin. Bandasini sindirib tashlamoqdasanlar. Hayf senlarga odamgarchilik. Hayf senlarga qo’shnichilik, qishloqdoshlik. Zamoning keldi, yayrab qol. E xudo urgan ablahlar.” Davron shunday deya uyiga kirib yotib qoldi. U charchab qattiq uxlab qolgan edi.
Tushga yaqin uni kimdir tepib uyg’otdi. Sakrab o’rnidan turib qarasa, tepasida Azizbek fermer bezrayib qo’lida bir shisha aroq va nonning ustiga qo’yilgan ancha pishgan go’sht bilan turardi.
- Qani mirob akam, suvchi akam. Bir uyg’oningchi. Bizning tog’aning o’g’li rassomlik bo’yicha respublikada g’olib bo’libdi. Kecha tunda katta ziyofat berdik. O’tmadingiz, eshitmay qoldingizmi?
- Ha, tumanga ketgan edim. Tabriklayman. Qani to’rga o’t. Men hozir.
Davron tashqariga chiqib yuzini yuvib keldi. Bu paytda Azizbek fermer xuddi o’zining uyida o’tirgandek dasturxonni yoyib ustiga yog’li go’shtlarni to’kib tashlagan edi.
- Aka, qani oling. Ukalarning ham tishiga tegsin deya qo’shningizga ham berib keldim. Bu endi bizga. Oling. Erkatoy tog’ashkaning omadini bersin.




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍2
Chala qolgan surat
Qissa
24-qism


Azizbek shunday deya aroqdan quyib ichib yubordi. Dasturxonda turgan yog’li go’shtdan bir bo’lakni olib hayvoniy hirs bilan chala chaynab yeb yubordi.
- Sizga ham quyaymi? Ichasizmi? Bilaman ichmaysiz, bugun qittak oling. Mening qo’lim qaytmasin. Oling.
Davron unga qarshilik qildi. Azizbek fermerning o’zi buni ham ichib yuborib go’shtdan gazak qildi. Davronga mulozamat qildi.
- Go’shtdan oling, aka. Men bexabar qolibman. Tog’am aytdi. Sal qiynalib qolibsiz. Buni olib qo’ying. Kam-ko’stingizga ishlatasiz. Sizdek suvchi menga juda kerak. Ertadan maoshingizni ham ko’tarib beraman.
Azizbek fermer shunday deya Davronning yoniga ancha pul qo’ydi. “Buni tog’asi bergan. Meni jim qilmoqchi. Mayli olib qo’yay, hozir bu o’lgur juda kerakda.” Davron shunday o’ylab pulni yoniga olib qo’ydi va “Rahmat” deb qo’ydi.
Azizbek katta va’dalarni berib uydan gandiraklab chiqib ketdi. Tashqarida uni direktorning erkatoyi otasining yangi ”Neksiya”sida kutib turgan ekan. Davron uyiga qaytib kirib dasturxonni tozalab oldi.
“Bular mol kabi yaashamoqda. O’lsa ham moldek o’lsa kerakda”. Davron shunday deya o’ylandi. Go’shtdan ozroq yeb qolganini qo’shnisiga bermoqchi edi, u qarshilik qildi.
- Qo’shni, bu o’zingizga. Mening uyimga ham bir lagan go’sht va sho’rva tashlab ketishdi. Bolalar yeb olishdi. Kechqurunga ham qoldi. O’zingiz yeb oling. Bolalardan xavotir olmang. Yaxshi yurishibdi. O’zingizga ham qarab qo’ying. Charchab qolasiz. Hali bolalaringizga keraksiz.
Davron ilojsiz uyiga qaytib kirib ovqatlanib oldi. Biroz yotib dam oldi. Azizbek fermer tashlab ketgan pulni olib sanadi. Ancha cho’g’i ko’p ekan. Pulni sandiqqa joylab o’rniga cho’zilib uzoq vaqt o’ylanib yotdi.
“Bolam, otang bugun o’ldi. Tiriklay o’ldi. Iymonini, vijdonini sotdi. Qalbini, huzurini yerga urib sindirdi. Uni zolimlar sindirdi. Qabihlik boshini egdi. Bari sen uchun, qolgan ukalaringning kelajagi uchun barbod bo’ldi. Sen tuzalib ketsang bo’ldi. Menga shu yetarli. Men o’zimni sotdim. Boshqalar yaqinini, vujudini, nomusini sotib bezrayib yashab yuribdi. Men ham yashayman. Yashayman, ammo avvalgidek emas. Orsiz bo’lib qolmasam bo’ldi. Hali sen tuzalib bir buyuk odam bo’l. Bularga ko’rsatib qo’yamiz. Voy nimalar deb qo’ydim. Sen iymonli inson bo’lasan. Ahdiga sodiqsan



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍4
Chala qolgan surat
Qissa
25-qism


Ahdiga sodiq qolib dunyoni zabt etasan. Bular hayotini barbod qilib bo’lishdi. Xudoning oldida gunohlariga qanday javob berishar ekan? Mayli o’zlari bilishadi. Menga va senga nima. Hozircha bizga pul kerak. Ular berishsa tirjayib olaveraman. Sen tuzalib ketgach yuziga qarab tupuraman. Qalbimdagi bor g’azabni sochaman. O’sha kunlar yaqin qoldi. Kutaman. O’zimni sotib kutaman. Ilojsiz otangni kechir, bolajonim. Men seni baxtiqora qilib qo’ydim. Men ham kamida kolxozga rais bo’lishim mumkin edi. Haqgo’yligim, oriyatim bor deya ularga bo’yin egib, tiz cho’kmadim. Balki haq, balki nohaq yashadim. Buni senlar bilasanlar. Onang sho’rlik ham menga ergashib ro’shnolik ko’rmay o’tmoqda, bu olamdan. O’zini va meni alqashdan boshqasini bilmaydi, u bechora. Taqdiriga tan bergan ayolda. Boshqa nima ham qilar edi. Eri bo’lib men uni tushunmasam. Taqdir deymiz, ammo taqdirini har kim o’zi yozadi. Mening taqdirim shunaqa ekan. Chidaymiz, boshqa yo’l yo’q. Yorug’ kunlarga birgalikda yetib boramiz. Sen tuzalib ketsang, mendan baxtli odam yo’q bu olamda.”
Davron shularni o’ylab yotib uxlab qoldi. Tush ko’ribdi. Tushida Yigitali tuzalib qolibdi. Husan bobosining Yulduz otida qirda chopishib yurgan emish. Uzoqda bir surat ham chizilgan, unda osmonga sakrayotgan otning tasviri bor edi. Davron ularga yaqin bordi, chaqirdi. Yigitali ham uni eshitmadi. Ot kishnab yubordi. Yigitali otga otga sakrab minib tog’ tomonga choptirib ketdi. Davron chaqirdi, baqirdi, ammo bolasi eshitmadi. Davron ularga qarab yugurdi. Yeta olmay yiqilib tushdi. Yigitali unga qaramasdan otda tog’dan oshib uzoqlab ketdi. Davron o’rnidan turib yana baqirdi. O’zining ovozidan o’zi cho’chib uyg’onib ketdi. Tursa tushi ekan, yoqasiga tuflab qo’yib o’rnidan turdi.
Tashqariga chiqib qaradi, kech tushib qolgan ekan. Qo’shnisi uning sigirini ham sog’ib hovlidan chiqib ketdi. Bolalari uyga kirib keldi. Davron ular bilan biroz o’ynadi, ovundi. Qo’shni ayol kelib bolalarni uyiga olib ketdi. Davron yana yolg’iz qoldi.
Uyiga kirdi. Huvillab qolgan uy uni yutaman derdi, go’yo. Biroz tamaddi qilib oldi. Aksiga olib bugun ish ham yo’q edi. Davron ovunchoq topa olmay qoldi. O’zini ovutish uchun eski televizorini yoqdi. Aksiga olib u ham ko’rsatmay qolgan edi. Keyin radioni yoqib musiqa eshitib yotishga majbur bo’ldi. Uni uzun va qorong’u tun kutib turardi. Davron birinchi bora o’zini ojiz va yolg’iz ekanligini sezdi. Ilojsiz ko’zini majburlab yumib uxlashga harakat qildi. Uxlab uxlay olmadi.
U yoqdan bu yoqqa ag’nab tunni bedor o’tkazdi. Qo’shni hovlidan xo’rozning qichqirgani eshitildi. Davron tongni kutib olish uchun tashqariga chiqib ketdi. Hali tong otmagan bo’lsa ham, yuzini yuvib supa ustida osmonga tikilib qoldi. Osmonda ko’zdan birin-ketin g’oyib bo’layotgan yulduzlarni tomosha qilib o’tirdi.




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍2
Chala qolgan surat
Qissa
26-qism


****
Kun bo’yi yo’l yurgan Davron xayollardan charchab oldinga qarasa Toshkentga yetib kelib qolibdi. Husan aka Yigitalining boshini biroz ko’tarib qo’ydi. “Bolam, azim shahar, poytaxtga yetib keldik. Ana Toshkentni tomosha qilib ket. Pochchasi sal sekin yuramiz, endi. Mashina ko’p, ehtiyot bo’lamiz.”
Husan akaning gapidan keyin mashina sal sekin yurdi. Katta ko’chalar bo’ylab, baland uylarni ko’rgan Yigitali zavqlanib borar edi. Deyarli bir yildirki u rasm chizishdan bezor edi. Hozir negadir surat ishlashni ko’ngli tusab qoldi. Yigitali dadasiga qarab jilmaydi. Davron ham miyig’ida kulib qo’ydi. Kulishni unitgan odamlarning jilmayib qo’yishi bu yaxshilik alomati edi.
Keng ko’chalar bilan yurgan mashina ko’p qavatli uyning oldiga kelib to’xtadi. Mashinadan tushgan mehmonlarni Husan akaga o’xshab ketadigan muloyim ayol kishi kutib oldi. Bu Husan akaning qizi edi.
- Surayyo qizim. Tanishib ol. Bu Yigitali bo’ladi. Davron akangning buyuk rassom o’g’li. Seni bir ko’rib, ammajonim bilan tanishib kelay deya kelaverdi. Ha, bolam, charchamadingmi?
Yigitali “Yo’q” deya boshini chayqab qo’ydi. Davron o’g’lini opichlab oldi. Qolganlar narsalarni olishdi. Liftga kirib tepaga chiqishdi.
- Davron aka, hukumat bitta aravacha bermabdida. Hali ham kamtarsizlar, olib berish kerak. Hozir dod demasangiz birov sizga qaramaydi. Ota siz urinib ko’rmadingizmi? Bu nima ahvol? Qoyil sizlarga.
- Qizim, - dedi Husan aka, qizini yengil turtib. – Bizga aravacha kerak emas. Yigitalining o’zi yugurib ketadi. Hali qarab tur. Mening bolam qilichdek yigit. Ortiqcha narsa nimaga kerak. Bas qil.
Otasining gapidan keyin ular uyga kirishdi. Husan akaning kuyovi ishdan keldi. Bolalari ham kelishdi. Uy to’lib shirin suhbat boshlandi. Ovqatdan keyin Surayyoning katta o’g’li Yigitalini nargi xonaga ko’tarib o’tdi va “Biz kompiyuterda ishlaymiz. Sizlar suhbat quringlar.” - deya xona eshigini yopib qo’ydi. Yigitali shu kuni stolda o’tirib kompiyuter bilan ishlashni o’rganib oldi. Bu uyda suhbat qizg’in tus oldi.
Surayyo Yigitalining kasallik tarixini o’rganib chiqdi. O’qib turib savol berdi.




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍2
Chala qolgan surat
Qissa
27-qism


- Davron aka, nega ikkinchi operatsiyadan keyin shifoxonadan olib ketib qolgansiz. Bu yerda o’zingiz yozgan dalolatnoma ham bor. Shifokor yana muolajaani davom ettirishni maslahat bergan ekan. Nima bo’lgan edi, ayta olasizmi?
Davron ko’zini yumib oldi, biroz turib davom etdi.
- Ha aytaman, senga ham aytib beray. Zora dardim yengillashsa. Sening Zamira dugonang mening singlim bo’ladi. Taniysan – dedi Davron. Surayyo tasdiqlab qo’ygach davom etdi. – Shu singlim shifoxonaga kelib janjal qilib turib oldi. “Buni zamonaviy doktorlar tuzata olmaydi. Bu bolangizni jin chalgan. Mening qo’li yengil jin chiqaruvchi ustozim bor. Shunga bir olib boray” – deb oyoq tirab turib oldi. Oxiri rozi bo’lishdan boshqa ilojim qolmadi. Doktorlarga shuni yozib berib, bolamni olib chiqib ketdim. Singlim ustozini uyimga olib keldi. Bitta qora qo’chqor olishimni aytdi. Bolamni katta qora jin chalgan emish. Men qo’yimni sotib amallab kichik bo’lsa ham qora qo’chqor olib keldim. Shu kuni singlim va ustozi duo o’qib hovlimni sehr-jodidan tozaladi. Tun bo’yi Yigitalini ham uxlatmasdan duo o’qishdi. Tongda qora qo’chqorni so’yib terisiga bolamni o’tqazib yana o’qishdi. Ketar chog’ida bolamni qorong’u uyda o’ttiz kunga chiqmasdan o’tirishga hukm qilishdi. Oldiga faqat onasi kirib turishini aytishdi. O’g’lim butun boshli iyun oyida issiqda uyda qorong’ulikda qolishga majbur etildi. Singlimning ustozi ketar jafosiga - “Qo’lim og’rib ketdi, jin zo’rlik qilmoqda. Shu qo’zi jinni boshlab ketsin.” - deya uni va qo’chqorning go’shtini ham olib ketdi, yaramas. Bir oy menga bir yildek bo’lib ko’rindi. Bir hafta zo’rg’a o’tdi. Bolamni sog’inib tunda deraza ortidan so’zlashib turdim, ammo sog’inch hissini qondira olmadim. O’n besh kundan keyin Yigitali ingranib boshladi. U og’riqdan qiynaldi. Singlim va ustozi kelib qayta nafas bilan o’qib ketishdi. Ularning aytishicha - “Bu jin o’lgur bolani tashlab ketgisi kelmay turgan emish. Shu nafasdan keyin daf bo’lar emish,” – deyishib katakda yolg’izlanib qolgan ikki tovuqni qo’ltiqlab ketishdi. Bolam og’riqqa chiday olmay battar azoblandi.
Davron oldida sovub qolgan piyoladagi choyni ichib yubordi. Surayyo piyolaga issiq choy quyib berdi. Hamma jim, faqat Davronni eshitishni istab turishardi. Davron issiq choyni ham ichib olib davom etdi.
- Yigirmanchi kuni tongda ayolim baqirib uyg’otdi. Yigitali hushini yo’qotgan edi. Chopib kirdim. Bolam behish holda issig’i baland bo’lib yotardi. Darhol Husan akaga xabar berdik. Akbar doktorni Husan aka olib bordi. Zo’rg’a o’ziga keltirib oldik. Darhol tuman shifoxonasiga chopdik. Husan aka va Akbarjon yalinib shifoxonaga joylashdi. Men Karim doktorga gapira olmas edim, chunki aybdor edimda. Bolamning yarasi yana yiringlab ketgan ekan. Ikkinchi kuni uni yana operatsiya qilishdi.




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
28-qism


Bu og’ir jarrohlik ishi rosa besh soat davom etdi. Shundan keyin bolam yana to’rt oy doktorlar nazoratida qoldi. Singlim uyalibmi, bilmayman, biror marta xabar olmadi. Men yo’q paytimda ayolimdan xabar olib turdi, harqalay. Shu singlimning gapi bilan bolamni yo’qotib qo’yay dedim. Endi butun umidim sendan singlim. O’zing bir bosh bo’larsan. Qiladigan yaxshiliging mendan qaytmasa yaratgandan qaytsin. Jon sing….
Davron yuzini to’sib o’kirib yig’lab yubordi. Uning yelkalari uchib tushar, ovozi qattiq chiqib ketmasligi uchun yonidagi dastro’molini og’ziga qattiq yopib olgan edi. Hamma jim. Ular nima ham qila olar edi. Bir otaning dardini kim ko’tara olardi. Hamma sukutda edi. Husan aka Davronning yelkasiga qoqib – “Og’ir bo’l, otasan axir. Chidaysan, majbursan!” – dedi. Kuyovlar yerga qarashdi.
Surayyo ham bu kabi taqdir oldida ojiz edi. O’zi shifokor bo’lib bunaqa odamlarni ko’rgan, ammo o’ksib yig’lagan otani uchratmagan edi. “Erkak yig’lamasin ekan, bu olamda. Juda og’ir bo’lar ekan. Ayol yig’isi o’z yo’liga.” Surayyo shularni o’ylab choyni yangilashga harakat qildi va o’rnidan turdi.
Davron hamon yig’lardi. U butun dardini, yuragidagi g’amni, yig’nalib qolgan hasratini ko’zidan yosh qilib to’kib tashlardi, go’yo. Unga hozir farqi yo’q edi. U uchun hozir yonidagi odamlar eng yaqini va hasratdoshi edi go’yoki nazarida. Yaqinlari qilmagan yaxshilikni shu insonlar qilib tursa, ollohning nazariga tushgani shuda. O’n daqiqalik yig’idan keyin Davron o’zini bosib oldi.
- Uzr sizlarni ham bezovta qildim. Dardim og’ir, darmonim yo’q. Bu dunyoda yaxshi odamlar ko’p ekan. Husan aka va sizlarni ollohimning o’zi qo’llasin. Men bir qo’li kalta odam bo’lsam. Yaratgan egam meni sizdek yaxshi odamlar bilan bir zamonda yashatganidan ming bora roziman. Sizlar ham mehnatingizga rozi bo’ling. Olloh sizni bunday azob bilan sinamasin. Bu kunni dushmanimga ham ravo ko’rmayman.
- Chidaysan, - dedi Husan aka yonidagi yostiqni Davronga uzatib. – Yonboshlab ol. Xudo umr bersa hali yaxshi kunlaringni ham ko’rasan. Yigitali bilan o’sha kunlarda bizni kulib eslaysan. Xafa bo’lib ko’nglingni o’ksitma. Orzu qilaver, inson o’lgunicha orzu qiladi. O’lgach orzusi ham o’ladi. Sabr qil, inim, sabr qil. Mana men armonda o’tayapman. Ollohim menga o’g’il bermadi. Berganini ham yoniga chaqirib oldi. Bir quvontirib, bir o’ldirdi meni. Shu bolangga suyanib yashadim. Qolaversa qizlarim qaysi o’g’ildan kam. Kuyovlarim ham o’g’ildek mehribon. Umr shu bilan shirin ekan.
Hamma Husan akaning gapini tasdiqlab qo’ydi. Nargi xonaning eshigi ochilib Surayyoning ikkinchi o’g’li quvonib kirib keldi. Qo’lida hozir chop etilgan rangli surat. U yugurib kelib dadasiga maqtandi.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍31
Chala qolgan surat
Qissa
29-qism



- Dada qarang, mehmon bola zo’r rassom ekan. Akamning kompiyuterida bizlarning rasmimizni ishladi. Xuddi o’zimiz bo’lib qoldik. Telefonda ham bunday surat olib bo’lmaydi. Qarang qanday ajoyib.
Hamma navbat bilan bu suratni tomosha qilishdi. Hamma hayratda edi. Ayniqsa, Davron hayajondan quvonib ketdi.
- Qarang Husan bobosi, - dedi u rasmni qayta ko’rib. – Bolam meni quvontirdi. Deyarli bir yildirki, rasm chizishni istamas edi. Uydagi bo’yoqlarini qo’liga ham olmas edi. Bu umid uchquni, aka, to’g’rimi?
- Ha, - dedi Husan aka suratga qarab. – Bolam o’ziga qaytdi. Qaytgani rost bo’lsin. Qani dasturxonga bir duo qilib dam olaylik. Hamma charchadi. Ertaga umidbaxsh kun bizni kutmoqda.
Husan aka duo qildi. Dasturxonni Surayyo yig’ishtirib oldi. Nargi xonadan xabar keldi, “Mehmonning mazasi qochib qoldi” – deya.
Surayyo chopib o’tib tekshirib ko’rdi va zarur yordamni berdi. Yigitalini ukol qilib uxlatishga harakat qildi. Yo’l charchog’i sabablimi, dori ta’siridami, Yigitali darhol uxlab qoldi. Uning yoniga Davron ham cho’zilib yotib uyquga ketdi. Husan akaning kuyovi ham yotdi. Surayyo Husan akaga ham joy solib berdi. Husan aka tashqariga chiqib ketdi. Uy eshigini Surayyo zichlab yopib qo’ydi.
Nargi uyda Husan aka Surayyoni savolga tutdi.
- Qizim, sen ham shu sohaning odamisan. Nima deysan bola sho’rlik tuzaladimi?
- Qaydam, - dedi Surayyo og’ir nafas olib. – Bolaning tanasini o’simta o’rab olgan. Xuddi chirmoviq kabi ko’payib ketgan. Bu og’riqsiz bosqichdan o’tib ketibdi. Endi kech ota. Ertaga maxsus shifokor ko’rikdan o’tkazsin natijasini bilamiz. Men bunday holga kelmagan bo’lsa kerak deya o’ylab edim. Kutamiz, boshqa iloji yo’q. Aksiga olib bola operatsiyani ham ko’tara olmaydi. Qon tomirlari torayib ichi o’simtaga to’lgan. Em dorini zo’rg’a quyib oldim. Endi ollohdan so’rab qolamiz, bolaga umrni o’zi berarda.
Husan aka bir xo’rsinib oldi. Bir muddat jim bo’lib qoldi.
- Qizim, bu sovuq olishidan bo’ldimi, yoki noto’g’ri qilingan davodanmi? To’g’risini ayt.
- Ota, bu ukolning ta’siri. Qolaversa paylari qotib qolgan. Yana yiringlab suyaklarni yiring yemirgan. Qonga zahar tarqab, o’simtaga aylangan.





Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
30-qism

Tuman shifoxonasidan chiqanidan keyin boshqa tahlil qildirmabsizlarda? Bir ko’rsatsangiz bunday holatga kelmas edimi?
Qizining bu gapidan keyin Husan aka choy quyib ichdi. Chuqur nafas olib gapirdi.
- Davronning qo’li kaltalik qildi. Menga boshqa aralashishga yo’l bermadi. Tirik yashashi yetarli deya bolasiga qarab yuraverdi. Bu yerga kelishga ham men ko’ndirdim. Uch kun oldin borsam bola so’lib qolgan ekan. Qismatida borini ko’radida odamzod, qizim. Qismat, og’ir qismat.
Surayyo otasiga choy quyib uzatdi. Biroz jim bo’lib turib gapira boshladi.
- Dada, ertaga va indin tahlil qildiramiz. Ishdan ruxsat oldim. Agar ish samarasiz bo’lsa, bolani qiynamay olib ketinglar. Men uning uch oylik umri qolgan desam xafa bo’lmang. Ha, anig’ini maxsus shifokor aytadi. Davron akam bilmasin. Xafa bo’lib qoladi. Dada sezdirib qo’ymang, yana.
- Mayli qizim, - dedi Husan aka o’rnidan turib. – Men ham endi yotay. Bugun namoz ham o’qiy olmadim. Safarga chiqqan paytimda o’qiy olmayman. Musofirchilik deya bahona qilamanda, xudoning oldiga borganimda. Men o’sha kuni shu Salim qorani o’ldirishim kerak edi. Afsuski, bekorga rahm qilibman. Hali qishloqqa borib olay, Salim qorani o’zim bir yoqlik qilaman.
- Ota, - dedi Surayyo jahl aralash. – Nima endi qarigan chog’ingizda qotil degan tamg’ani olib, sovuq turmada yotishingiz kerakmi? Qo’ying bunaqa ishlaringizni. Ja zo’r bo’lsangiz, sudga bering. Davlat jazosini beradi. Qo’ying bu gaplarni unuting.
Husan aka “Xo’p qizim” deya nargi xonaga kirib ketdi.
Surayyo dadasidan xavotir olib biroz xayol surib, bu ishga chora izladi. Har xil fikrlarni o’ylab ko’rdi. Bir xayoli Davronni bu holdan ogohlantirmoqchi bo’ldi. Yana fikridan qaytdi. U qarigan otasini turmaxonaning zax xonasida qolishini, avlodlari peshonasiga qotilning avlodi degan qora tamg’a bosilmasligini istadi. Keyin bu holdan zerikdi chamasi, uxlab qoldi. Hamma shirin uyquga ketdi.
Faqat Yigitaligina majburiy holda dori ta’sirida uxlardi. U og’ir dard bilan olishib ingrardi. Uning bu og’ir dardiga hatto shu kuchli uyqudori ham ta’sir qila olmayotgan edi. Yigitalining oyoqlari qotib qolgan, endi bo’lsa yelkalari ham qota boshlagan edi. Xullas u ingranib, to’lg’onib uxlardi.
Har zamonda Davron va Husan aka uyg’onib uning holidan xabar olib qo’yishardi.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
31-qism


****
Ertalab uy oldiga tez tibbiy yordam mashinasi kelib Yigitalini olib ketdi. Husan aka va Davron birgalikda jo’nashdi. Surayyo o’ziga taksi chaqirib oldinda ketdi.
Shahar markazidagi katta shifoxona hovlisiga kirib kelishgach ularni o’ttiz yoshdan oshgan yosh yigit kutib oldi. Aftidan Surayyo uni taklif qilib qo’ygan edi.
- Assalomu alaykum, Surayyo Husanovna. Qalaysiz ustozim? Mana yana sizni ko’rish va suhbatingizni olish baxtiga muyassar bo’lganimdan xursandman. Qani ukamizni ichkariga olib kiringlar. Sizlar men bilan yuringlar.
Surayyo bu yosh shifokor bilan hammani tanishtirdi.
- Tanishinglar. Yurtimiz kelajagi, yosh olim Sarvar To’rayev. Turkiya davlatida ilmiy ish qilib tajriba to’plab kelgan. Mening birinchi shogirdim. Qani ketdik.
Shifoxonaning ikkinchi qavatiga chiqishgach darhol Yigitalining tahlillarini olishni boshlab yuborgan Sarvar mehmonlarni o’zining xonasiga kiritdi.
- Sizlar bu joyda mehmon bo’lib turasizlar. Bugun ukamizning tahlillarini olamiz. Ertaga javobini aytaman. Siz bemalol bu xonada dam oling. Hamshiralar choy qilib berishadi. Ustoz sizga qahvam bor. O’zingiz sevgan usulda tayyorlab oling. Marhamat, endi men ishga kirishsam.
Sarvar tezda xonadan chiqib ketdi. Husan aka ortidan duo qildi.
- G’ayratli yigit ekan. Omadini bersin. Qo’li yengil bo’lib bolamizni davolab yuborsin.
Yigitali maxsus stolda yotib ketar ekan uning yonida yurgan hamshira qizni xuddi Husnoraga o’xshatib yubordi. Ko’zi, qoshi, gavdasi, kulishi, ayniqsa peshonasidan tushib turgan kokili Husnorani eslatdi. Yigitali og’riq bilan xotiralar ummoniga g’arq bo’ldi.
Yigitali maktabning beshinchi sinfida o’qir ekan, qishloqqa yangi muallimlar oilasi ko’chib kelganini eshitdi. Bu oilaning katta qizi o’zi bilan teng ekanligini va yana qiz bola ekanligini bilib ajablandi. Maktabda uni yangi o’quvchi qiz Husnora bilan bir partaga o’tqazishdi. Husnora barcha fanlarni yaxshi bilganligi uchun ham Yigitaliga horijiy tilni o’zlashtirishiga yordam berishini aytgan ustozlar, avval Yigitalining ko’ziga yomon ko’rindi. Keyinchalik Husnora bilan birgalikda dars qilib ustozlaridan xursand bo’lgani ayni haqiqat edi. Bu ikkalasi ajralmas do’st bo’lib qolishdi. Ikki oila ham ularga qarshilik qilishmadi. Sababi hamma tomondan ular o’zlarini teng hisoblab do’stona hayot kechirishni istagan ikki oila edida.





Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍2
Chala qolgan surat
Qissa
32-qism


Yigitali o’tgan yili bu falokatga uchragan kunidan boshlab maktabga bora olmay qoldi. Har gal uyiga qaytgan paytida birinchi bo’lib Husnora izlab kelardi. Yigitaliga qolib ketgan darslarini o’rgatar, soatlab gaplashib o’tirishardi. Shu qiz sabali ham Yigitali o’zini yengil his qilar edi.
Bundan bir necha kun oldin Husnora kelib Yigitaliga qandaydir horijiy yozuvchining bir kichik hikoyasini aytib berdi. Unda bosh qahramon uyi oldiga toshga gul ekib, ularni parvarish qilib, og’ir darddan qutilganini aytdi. Yigitaliga ham gul ekishni maslahat berdi. Yonida o’zi bilan olib kelgan gul urug’larini ko’rsatdi.
- Yigitali, - dedi u ko’zlarini pirpiratib. – Men sen uchun derazangga ko’rinib turadigan anavi toshning ustiga gul ekaman. O’zim suv quyaman. Sen gullarni tomosha qilib o’tirasan. Qara qanday katta tosh bor, yana unda chiziqlar bor. Bu chiziqlar orasiga gul ekib, ustiga tuproq tashlayman. Tezda o’sib chiqadi. Hohlasang hozir ekib kelaman. Aftidan bugun tunda yomg’ir yog’adi. Gul urug’lari toza suvdan ichib olishadi. Rozimisan?
Yigitali unga kulib qaradi. Biroz o’ylanib turdi va dedi.
- Husnora bu yaxshiligingni unitmayman. Bilasanmi, ertaga darsdan keyin kelsang ekasan. Men hozir gul urug’larini yonimda saqlab turay. Tunda sovuq bo’lsa qiynalib qoladi. Men ularni tomosha qilib saqlab turaman. Rahmat senga Husnora.
- Nega rahmat deysan? Qiziqmisan? – dedi Husnora kulib.
- Sendek do’stim borligiga rahmat. Aqlli qizsan.
Bu gapdan keyin Husnora uyalib o’rnidan turdi. Gul urug’larini Yigitaliga berib o’zi jo’nab ketdi. Yigitali qizning ortidan qarab qoldi. Bu ikki yoshning qalbidagi birinchi muhabbat nishonalari edi. Ular bir-biriga talpinib turardi.
Shu tun tinmasdan yomg’ir yog’di. Yigitali gul urug’larini o’zi ekishni niyat qilgan edi. Shu sababli ham Husnoraga javob berib yuborgan edi. Ertasi kuni dadasi dalaga ketdi. Ukalari maktabga shoshdi. Onasi non yopishga kirishib ketdi.
Yigitali uyida yolg’iz qoldi. Qo’lidagi gul urug’larini ko’ylagining cho’ntagiga solib. Eshikka qarab ikki qo’li bilan sudratildi. U bu ishni birinchi marta bajarib ko’rdi. Butun tanasini shu ikki qo’li bilan tortib eshikka yetib bordi. Bir amallab dahlizga chiqdi. Undan loy bo’lib yotgan supaga o’rmaladi. Hamma joyi jiqqa ho’l bo’ldi. Shunda ham sudratilib boraverdi. Deraza oldidagi tosh undan uzoqlashib ketayotgandek edi. U charchab yiqildi.


Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
33-qism


O’zi ko’rgan urush kinodagi qahramon shu tarzda uzoqqa dushmanlaridan qochib sudratilib ketganini esladi. O’zini noshud sanadi. Atrofga alangladi. Uy ortida tandirdan olov ko’rindi. Demak onasi shu tomonda ekan. Qo’llariga kuch to’plab olgan Yigitali yana harakat qila boshladi. Ancha urinishdan so’ng tosh oldiga borib oldi. Bir amallab uyiga o’zi o’tiradigan xonaga qaradi. To’g’ri kelganiga ishonch hosil qildi. Yana dam oldi.
Uy oldida onasi tandir tomon non olib o’tdi. Non yopishga shoshgan onasi unga qarab ham qo’ymadi. U tandirga shoshardi. Uning nonni maromida pishirib olishi uchun atrofga qarashga ham vaqti yo’q edi. Onasi uy ortiga o’tgach, Yigitali yana toshga intildi. U amallab toshga chiqib olib chiziqlari orasiga gul urug’larini joyladi. Ustiga qo’llaridagi, choponidagi yopishib qolgan loylarni yopib ketaverdi.
Nihoyat barcha urug’larni qadab bo’lib qushlarga nola qildi. Ularga mahliyo bo’lib toshning orqa tomoniga tushib ketdi. Yigitali qattiq urilib dodlab yubordi. Baxtiga o’zidan keyingi ukasi darsdan onasiga yordam berish uchun qochib kelgan ekan. U akasining ovozini eshitib shu tomonga yugurdi. Avval akasining yurib ketganini o’zi ko’rishi, keyin qolganlardan suyunchi olishini niyat qilgan uka chopdi. Tosh ortiga kelib akasining boshi bilan yotganini ko’rib qo’rqib ketdi. Onasini yordamga chaqirdi. O’zining kuchi yetmadi. Ona-bola Yigitalini zo’rg’a ko’tarib uyga olib kirdi.
Onasi ho’l bo’lib ketgan ustini alishtirdi. Tanasini artib tozaladi. Ukasi unga yordam qilib turdi. Onasi Yigitalini mehr bilan tozalardi.
- Ha bolajonim. Tashqariga chiqmoqchi bo’lsang o’zim olib chiqar edim. Yana shamollab qolsang nima qilaman. O’zi endi yaxshi bo’lib qolgan eding. Onang sen uchun yashab yuribdida, bir og’iz aytsang bo’lmasmidi? Qani ukasi issiq ko’rpani akangga yop. Men nonimdan xabar olib kelay. Uydagi oxirgi unni non qilgan edim. Ertaga dadang un olib keladi. Maosh oladi. Sizlarga ajoyib unli ovqatlar pishirib beraman. Men hozir.
Onasi shunday deya chiqib ketdi.
- Akajon, o’zingiz tashqariga chiqdingizmi? Endi yurib ketasizmi? Qachon maktabga yana birgalikda qo’l ushlashib boramiz. Erkatoy do’stingiz meni mazax qilayapti? Siz bo’lsangiz himoya qilar edingiz? Endi yurib ketasizmi? Husnora opam menga ertak o’qib berdi. Maktabdan qochib kelib yaxshi qilibman, sizning yurishingizni birinchi bo’lib men ko’rdim. Dadamga aytaman, Husnora opaga ham, hammaga maqtanib chiqaman. Yashasin, mening akajonim!




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
34-qism


Bola uydan chiqib ketdi. Uy ortiga chopib o’tdi. Onasiga maqtandi. Onasi unga e’tibor ham bera olmadi. Ayol bechora tandirdan qorayib kuyib ketgan nonlarni bittalab terib olar ekan, ko’zidan oqqan yoshlar tandir ichidagi chog’ga tushib, pichirlagan ovoz chiqarar edi. “Oxirgi unni non qilgan edim. Hali dadasi qachon maosh oladi. Endi qaysi qo’shnidan un tilayman. Uyat bo’ldi. Na bolamni, na nonni eplay olmadim. Noshud ona ekanman. Attang, shuncha non uvol bo’ldi. Buni yeydigan birorta sigirim ham yo’q. Qo’shnilar ko’rsa nima deydi?”
Ayol shunday deya nonlarni terib xaltaga joyladi. Shu payt Husnora ham kelib qoldi. Kuygan nonlarni ko’rib achindi, ammo ayolga sezdirmadi. Yigitalini so’roqladi.
- O’rtog’ing uyda. Bugun xarsang toshning ustiga chiqib ketibdi. Qanday borganini menga aytmadi. Sen so’rab ko’r qizim, senga aytar. Usti boshi ho’l bo’libdi. Shunga qarab nonim kuyib ketibdi. Uyda un ham tugagan ekan. Endi nima qildim. Voy bularni senga nimaga aytmoqdaman. Uyga kir, Yigitali ichkarida. Kira qol, qizim.
Husnora uyga kirmasdan o’z uyiga qaytib ketdi. Birozdan keyin onasi bilan besh-oltita non olib qaytib keldi. Husnoraning onasi nonni majburlab berib uyiga qaytib ketdi. Husnora Yigitalining oldiga kirdi. Ular ancha vaqt birga so’zsiz o’tirishdi. Yigitali faqat tashqaridagi xarsang toshga tikilib o’tirdi. Husnora tashqariga chiqib xarsang tosh yoniga borib chala ekilgan gul urug’larini ko’rdi. So’ngra yaxshi yopilmagan urug’larning ustiga o’zi tuproq sepib qo’yib, uyiga qarab ketdi.
Yigitali nimadir demoqchi edi, madori yetmasdan o’rindiqdan yiqilib tushdi. Onasi chopib kelib uni joyiga yotqizdi. Yigitali faqat derazaga boqib yotishga majbur bo’ldi. U ovozsiz yig’lardi. Uning ko’z yoshlari tugagan edi.
Hozir uning yonida hamroh bo’lib aravachada olib yurgan hamshira qizni Husnoraga o’xshatib tez-tez qarab qo’yar, nimadir deyishga botina olmasdi. Nihoyat tushlikka yaqin og’ir tahlillar tugadi. Hamshira qiz uni o’ziga ajratilgan divanga yotqizib qo’ydi. Bilagidan uyqu dorini jo’natdi.
- Endi uxlaymiz, Yigitali. Dam olishing kerak. So’ngra yana biroz ishimiz bor. Qani dam olaylik.
- Husnora, men uxlaganimda yonimda bo’l. To’g’risi men yana yolg’iz qolishdan qo’rqaman. Ketma.
Yigitalining bu gapidan hamshira qiz zavqlanib kuldi. Yigitalining boshini silab qo’ydi.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍4