Zafar Muminov ijodi
104 subscribers
1 photo
2 videos
13 files
Download Telegram
Chala qolgan surat
Qissa
2-qism

Shu seldan o’ta olmay kechgacha maktab hovlisida qolib ketganini esladi. Soyning bu tomonida uyi bor o’quvchilarga uyiga ruxsat bergan ustozlari bularni kechgacha, ya’ni sel tingunicha olib o’tirishgan edi. Ha shu sel bu joyning qumlarini olib ketib sharshara hosil qilgan ekan.
Yigitali avval sharsharani ko’rmagan faqat suratini ko’rgan edi. Bu ajoyib topilmadan xursand bo’lib ketdi. Bu haqiqiy sharshara bo’lmasa ham, haqiqiydek ko’rinib ketdi. Buning ustiga sal narida ko’rinib turgan tog’ va soy bo’yida o’sgan yovvoyi daraxtlar ajib manzara kasb etgan edi. Yigitali ishga kirishib ketdi. Surat chizish moslamasini o’rnatishga joy qidirdi. U suvning o’rtasi juda ajib ko’rinish berishini taxmin qildi. Oyoq kiyimlarini yechib, shimini tizzasigacha shimarib oldi. Suv sovuq edi. Eti jimirlab ketdi. “Birozdan keyin o’rganib ketaman. Qiyinchilik hamma joyda bor. Muhimi shunday manzarani boshqa hech joydan topib bo’lmaydi. Qani bir ishlay!”
Birozdan keyin tanasi sovuqqa moslashib ketdi, go’yo. Yigitali tinmasdan rang tanlar va chizar edi. Nazarida bu manzarani boshqa topib bo’lmas edi. Katta oq qog’ozning usti ajib tasvirga bezangan sari Yigitalining qalbi zavqlanardi. Oyog’ida turgan sanchiqqa e’tibor ham bermadi. Uzoqdan otda kelayotgan Husan bobosi uning ishini ko’rib zavqlandi, yoniga kelib to’xtadi. Yigitali e’tibor ham bermasdan ishida davom etdi.
- Assalomu alaykum, rassom bolam.
Yigitali shoshib qoldi. Atrofga alanglab qaradi va Husan bobosini ko’rib uyalib ketdi.
- Assalomu alaykum bobojon. Uzr ko’rmay qolibman.
Yigitali shunday deya suvdan sakrab chiqib Husan boboga qo’l uzatdi. Husan bobo ot ustidan egilib uning qo’lini siqib oldi.
- Nega uzr so’raysan, bolam. Salom ollohning qarzi, uni kichik yoki katta bersin degan joyi yo’q. Kim avval salom bersa ollohga xush yoqadi. Buni eslab qol. Ayniqsa sendek asliy insonlarga biz salom berishimiz kerak. Ollohning suygan bandasisan. Olloh suygan bandalariga bunday aql-zakovotni beradi. Hech xijolat bo’lma. Bu chizgan rasming juda jonli chiqibdi. Uyga olib bor bitta qo’zi beraman. Uni uyimning to’riga osib qo’yaman.
- Bobo uyaltirib qo’ydingiz. Bu rasmni katta tanlov uchun chizdim. Bobo sizga boshqasini chizib beraman, menga narsangiz kerak emas, muhimi sizning daldangiz kerak. Siz duo qiling bobo. Sizning duoingiz sabab tumanda va viloyatda birinchilikni oldim. Yana duo qilsangiz bu yuksak tanlovda ham g’olib bo’lardimda.


Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
3-qism

Yigitalining gapidan Husan bobosi zavqlanib kuldi. Otdan sekin tushib bolaning yoniga o’tirdi. Uning boshini siladi.
- Bolam, men seni duo qilayda. Sizdek o’z ishining ustalari bu eldan chiqar ekan, biz quvonib ketamiz. Bu elni, bu qishloq nomini davlatimiz va jahon tanisa qani. Senlar tanitasan hali. Davralarda bu qishloq ahli og’zini to’ldirib “Men falonchiyevning qishlog’idanman” desa qani, hammaning dami ichiga tushib ketadi. O’sha kunlar kelsin. Men ot chopishga qiziqdim, ammo eplay olmadim. Keyin faqat otlarni ko’pkariga tayyorlab keldim. Meni ko’pchilik bilib qishlog’imiz nomini faxr bilan aytadi, ammo bu kam. Ko’pkariga oz odam qiziqadi. Ilm-fan elni tanitadi. Sen tanitasan.
Yigitali bu gaplardan keyin ancha quvonib o’tirdi. Oyog’idagi ko’kargan joylarini ko’rib shimini tushirib oldi. Husan bobosi e’tibor bermadi. Biroz rasmga termulib turib qoldi.
- Bolam, omadingni bersin. Men qaytdim. Otni biroz terlatib olay. Hali xom. Erta-indin to’ylar boshlanib ketadi. Ot pishib tayyor bo’lib tursa chopag’on polvonlar talashib minishadi. Sen ham suvda ko’p turma. Ishingni bitirib uyingga qayt. Havo iliq bo’lgani bilan suv sovuq. Zaxlab qolma. Men ketdim.
Husan bobosi otga sakrab minib oldi. U sakson yoshga yetgan bo’lsa ham ajib chaqqonlik bilan harakat qilardi. Yigitalining dadasi Husan bobo haqida gap ketsa -“Husan akaning otida devi bor. Qariyani ham ustiga tortib ketadi. Ko’pkari bo’layotgan davraga kirsa tamom, bir haybatli otga aylanib qoladi. Undan zo’ri yo’q. yoniga birorta ot bora olmaydi. U ayirmagan katta solim qolmaydi. Faqat shu ot qarib bormoqda. Shu ot Husan akaga tayanch bo’lib yuribdi. Shu otning dovrug’i bilan yuribdi.” - deb qo’yardi.
Hozir ham Husan boboning oti haybatli bo’lib ketdi. Husan bobo biroz yurdi va otini to’xtatdi. Yigitaliga qarab oldi.
- Bolam shu rasmingni tanlovdan keyin nima qilasan? Agar uyingga qaytarib olib kelsang menga berasan. Kelishdikmi?
- Bobo roziman. Ertaga uyda bo’lasizmi? Otingiz bilan sizning suratingizni ham chizib tanlovga yuboraman.
- Rahmat rassom bolam. Shunday qil. Bu ot bilan meni ham sen sabab, olam tanisin. Bitta shartim bor. Faqat chizgan rasmingning ostiga men va otimning ismimizni yozib qo’yasan rozimisan!




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍2
Chala qolgan surat
Qissa
4-qism


Husan bobosi zavqlanib kuldi. Yigitali ham kulib yubordi.
- Roziman bobo. Faqat otingizning nomini “Zvezda” deb qo’yaman. Bu rus tilida yulduz degani. Otingizning nomi Yulduz-ku. Rozimisiz.
- Yo’q bolam. Yulduz deya o’z nomini yozib qo’y. Men ba’zilarga o’xshab horijiy nomni ko’tarib yurmoqchi emasman. O’zimizning o’zbekcha so’zga nima yetsin. Hozir hamma chet elning nomini ishlatib yotibdi. Hatto o’zining bolasiga ham uyalmay chet ellikning ismini qo’yib yotibdi. Bu uyat. O’zbekliging qayerda qoldi, nomardlar. Sen bunday qilma, bolam. O’zligingdan quvon.
Yigitali Husan bobosining gaplaridan uyalib ketdi.
- Men tushindim. Endi bunaqa qilmayman. O’zining ismini yozib beraman. Ertaga albatta boraman.
Husan bobo “Xo’p” deya otiga achchiq qamchi urdi. U kimgadir jahl qildi chamasi. Husan bobo otini bekorga urmaydi, hozir urdi. Ursa ham jahl bilan urdi. Yigitalining dadasi “Husan aka ajoyibda, odamni xafa qilmaydi. Hatto otini urmaydi, chavandoz ursa xuddi o’zi kaltak yeyotgandek ingranib qo’yadi. Ajoyib rahmdil insonda. Aniq jannatga kiradi, bu odam.” – deb qo’yardi.
Yigitali ham bu qariyani yaxshi ko’rardi. Ko’pincha erkalanib otini so’rab minardi. Husan bobosi boshqalarga otini bermas, hatto yoniga yo’latmas edi. Yigitali so’rab qolsa bormi, darhol otdan tushib olardi. Yigitalini otga mindirib “Uzoq ketmang, polvonim” deb erkalab qo’yardi. Hamma hayron bo’lib qolardi. Yigitali o’zidan g’ururlanib ancha joyga borib kelar va otdan tushib rahmat aytardi. Boshqa bolalar yalinsa ham otni bermas va “Ot hammani ham yaqin olmaydi. Sizlarni tan olmayapti. Tan olsin sizlar ham minasizlar” deya jo’nab ketardi.
Yigitali bu haqda dadasidan, oyisidan so’ragan payti ko’p bo’lgan, ammo ular yelka qisib qo’ya qolishgan. Bir kuni uyiga tuman markazida yashaydigan katta ammasi mehmonga keldi. Ammasi shifoxonada doya bo’lib ishlaydi. Doya bo’lganida ham bosh doya, ya’ni oliy ma’lumotli doya. Yigitali tunda ammasining yonida yotgan edi, bu haqda so’radi. Ammasi hech kimga aytmaslikni tayinladi va bor gapni aytib berdi.
- Husan aka yaxshi odam. Faqat qizi ko’p. Kampiri faqat qiz tug’di. Ayb unda ham emas, bu xudoning ishi. Husan aka ezilib yurdi. Bundan yigirma besh yil oldin kampiri zo’rlik qilib o’zining qishlog’idan bir baxti singan qizni nikohlatib berdi. Kampiri mard ayol. Mardlik qildi. O’zi nargi hovliga ko’chib o’tdi. El gapirib qo’ydi. Ammo bu safar ham Husan akaning ayoli qiz tug’di. Ketma-ket uch qizaloq dunyoga keldi.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍2
Chala qolgan surat
Qissa
5-qism


Husan aka taqdirga tan berdi. Indamay otlarini o’g’ildek qilib tarbiyalab yurdi. Onang senga homilador paytida tumanga tibbiy tekshiruvga olib ketildi. Onang sen haqingda eshitib quvondi. Shu kuni Husan aka ham ayolini olib bordi. Tekshirdim o’g’il ekan. Husan aka quvonib ketdi, meni quchoqlab oldi va cho’ntagidan ancha pul olib berdi. Bu pul mening deyarli uch oylik maoshimga teng edi. Olmayman desam ham qo’ymasdan berib qaytdi. Shundan keyin har oyda Husan aka ayoli va sening onangni oldimga olib borib turdi. Ikkalangni do’st qilib tarbiyalashga va ikkita polvonni davralarga qo’shish haqida maqtanib o’tirar edi. Nihoyat sizlar tug’iladigan kin keldi. Onalaringni o’n kun oldin menga olib borgan Husan aka “Singlim jiyanlaringni o’zing yorug’ dunyoga kelishiga xizmat qilasan. Suyunchi mendan” deb hazillashardi. Har kuni xabar olardi. Aksiga olib Husan akaning o’g’li tug’ilishidan ikki kun oldin birdan meni qo’shni davlatga xizmat safariga chaqirib qoldi. O’rnimga qolgan doyaga qattiq tayinlab jo’nab ketdim. Ikki kun o’tib Husan akaning o’g’li tug’ilgan. Shu kuniyoq unga Yigitali deya nom qo’yib to’y boshlagan Husan akaning quvonchi uzoqqa bormagan. Ayolining ahvoli og’irlashib qolib vafot etgan. Doyalar bu haqda ayta olishmayotgan paytida o’gli ham bu dunyoni tark etgan. Tug’riqdan keyin noto’g’ri qo’llanilgan ukol ikki jonni olamdan olib ketgan edi. O’rnimga qolgan shifokor erkak kishi bo’lib ishga ichkilik ta’sirida kelgan ekan. Hamshiralarga zo’rlik qilib o’zi ukol qilgan. Kechga borib sen tug’ilgansan. Doya erkakni bu paytda Husan aka urib do’pposlab, tegishli idoralarga topshirgan. Dadang senga guvohnoma olishga borganida Husan aka ham birga borgan. Dadang senga Quvonch deya ism qo’ymoqchi bo’lgan. Husan aka “Yigitali qo’y. Mening bolamning ham umrini qo’shib bergan bo’lsin” deya, senga shu ismni bergan. Seni boshqacha yaxshi ko’rishi shundan Husan akaning.
Yigitali shularni eslab turdi va “Attang avval Husan boboni oti bilan birga chizsam bo’lar ekan” deb qo’ydi. U shartta suvga sakrab tushdi va ishini davom ettirdi. Suratni bitirib suvdan chiqdi. Narsalarini to’plab oldi. Oyoq kiyimini kiyib o’rnidan turmoqchi edi, tura olmadi. Qo’rqib ketin harakat qildi, ammo eplay olmadi. Emaklab ko’rdi. Oyoqlari o’ziga bo’ysunmadi. Birdan dodlab yig’lay boshladi.
Hozir ham toshdan tushib ketib xuddi shunday holda baqirdi. Uning ovozini eshitgan ukasi yugurib keldi va uni ko’tarishga urindi, ammo kuchi yetmadi. Uy tomonga qarab kimnidir chaqirdi. Uydan ayol kishi chiqib keldi va Yigitalini ikkalasi sudrab uyga olib kirishdi. Ustidagi ho’l kiyimlarini yechib oldi. Quruq kiyimlar kiygizgan onasi yig’lamsiradi.
- Sen nega qaramading? – dedi yonida o’tirgan o’g’liga qarab.
- Darsdan hozir keldim, - dedi uka yig’lamoqdan beri bo’lib.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍2
Chala qolgan surat
Qissa
6-qism



****
Kechga yaqin dadasi uyga horg’in holda kirib keldi. U ayolining qo’liga belidagi belbog’idan ancha pul olib tutqazdi.
- Maosh oldingizmi? – dedi ayoli pulni yonidagi sandiqning ichiga sola turib.
- Yo’q, Husan aka undiribdi. Ertaga Toshkentga boramiz. Katta bir shifokor bor ekan. Gazetada shu haqda yozishibdi. Husan akaning katta qizi Toshkentda yashaydi, bilsang. Shu orqali izlab boramiz. Husan akaning o’zi ham borar ekan. Nargi qishloqdagi kuyovi “Damas” mashinasi bilan bizni olib boradi. Fermerdan bir haftaga zo’rg’a javob oldim. Tahlillariga qarab davolar ekan. Biz joylab qaytamiz. Husan akaning qizi xabar olib turar ekan. Ertaga tongda yo’lga chiqamiz. Choy tayyorla, Yigitalini yuvintirib qo’y. Hamma narsasini tugunga joyla. Qaymoq, sigir yog’idan u singlimizga sol. Mozor bosdi bo’ladi.
Erining bu gapidan quvonib ketgan ayoli Husan akani rosa duo qildi. Bolalari duoga qo’shilib qo’yishdi.
Choy ichib olgach nargi xonaga Yigitalini olib o’tishigach, onasi yuvintirishga kirishib ketdi. Dadasi Yigitalini yo’qolib qolgan kunini eslab o’tirdi. Choynakdagi choydan quyib ichdi.
Er-xotin mehmondan tushlikdan so’ng kelishib uyga kirishdi. Hovlida o’ynab yurgan bolalariga qarab qo’yib ish bilan mashg’ul bo’lishdi. Kechga yaqin Yigitalini ukalari so’roqlab qolishdi. Onasi shoshib qoldi. Darhol uning darsxonasiga kirib chiqdi. U yerdan topa olmagach, eriga shikoyat qildi.
- Dadasi, Yigitali yo’q. qayerda bo’lishi mumkin. Boya dars qilayotgan bo’lsa kerak deya qaramabman. Endi nima qilamiz?
Ayolining bu gapidan ajablangan er javob qaytardi.
- Buncha vahima qilma. Biror joyga chiqqan bo’lsa kerak. Balki maktabga ketgandir. Ustoziga chizgan rasmini ko’rsatib kelar.
- Izlab keling, dadasi. Negadir yuragim g’ash. Bora qoling.
Ayolining bu gapi erining yuragiga ham xavotir solib qo’ydi. U sekingina hovlidan chiqib ketdi. Yigitalini kimdan so’rasin, axir u do’stlarining uyiga chiqib ketavermaydi. O’yinni yoqtirmaydi. Oldidan chiqqan hammadan bolasini daraklatib maktabga bordi. Rasm muallimi xonasida ekan. Uning yonida maktab direktori va erkatoy o’g’ilchasi bor edi. Direktor davralarda o’g’lini “Bizning erkatoy” deya maqtab gapirib yurardi.




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍2
Chala qolgan surat
Qissa
7-qism



Rasm muallimi erkatoyning chizgan suratini tanqid qilib turgan ekan. Direktor -“Indinga tanlovga yuborish uchun shu rasmni o’zingiz chizib bering. Yo’q demang, ish kerak bo’lsa bajaring.” – derdi. Direktor shunday deya xonadan chiqib ketdi. Orqasidan erkatoyi ham chiqib ketdi. Yigitalining dadasi ochiq eshikni taqillatdi.
- Assalomu alaykum, muallim kirsam bo’ladimi.
Rasm muallimi uni ko’rib darhol o’rnidan turdi.
- Keling Davron aka. Qani bu tomonga o’tiring.
Davron rasm muallimi ko’rsatgan joyga o’tirdi. Stol ustidagi allaqandaydir chiziqlardan iborat oq qog’ozni ko’rib kuldi.
- Bu nima muallim?!
- Rasm, Davron aka, rasm. Kattaning erkatoyi rassom bo’lishga qiziqib qolibdi. Bilasiz aytgani bo’lmasa yomon. O’tgan oyda she’riyatga qiziqib qolib adabiyot muallimi bitta she’r yozib tuman gazetasiga chiqarib berdi. Endi men rasm chizib berishim kerak emish. Yaqinda respublika bo’yicha katta rasmlar tanlovi bo’lib o’tadi. Shunga Yigitali bilan buning rasmini ham rahbar indin kuni tanlovga qo’shib jo’natar ekan. Noinsof bular.
Rasm muallimining gapidan keyin Davron o’glini eslab qoldi va so’radi.
- Aytmoqchi, Yigitali shu yerdami?
- Yo’q, - dedi rasm muallimi. – Bugun darsdan keyin dalaga chiqib manzara chizib kelmoqchi va ertaga menga bermoqchi edi. Tinchlikmi?
- Tinchlik muallim, - dedi Davron boshini qashlab. – Uyga kelib uni topa olmadim. Shunga maktabda bo’lsa kerak deya kelgan edim. Mayli muallim, men ketdim. Sizga omad.
Davron rasm muallimi bilan omonlashib chiqqan payti kun botish arafasida edi. Uzoqdan Husan aka otda kelib qoldi.
- Davron uka. Shu Yigitalimiz bir rassom bo’libdi, qoyil qoldim. Soyda sharsharani jonlidek qilib chizibdi. Ko’z tegmasin.
Husan aka yoqasiga tuflab qo’ydi.
- Nima dedingiz? Qaysi soyda?


Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍21
Chala qolgan surat
Qissa
8-qism

Davron shoshib savol berardi. Husan aka avval ajablandi, keyin birdan baqirib yubordi.
- Voy men xomkalla. Yigitali hali qaytmadimi?
Davron bosh chayqadi. Husan aka gapida davom etdi.
- U soylikda rasm chizib o’tirgan edi. Suvga oyoqyalang tushib olgan edi. Xudo saqlasin, yur inim xabar olaylik. Yur xavotir olma.
Ularga maktabdan chiqqan rasm muallimi ham ergashib oldi. Yarim soatlarda Yigitalini soy yonidan topib olishdi. U o’rnidan tura olmay dodlab yordamga chaqirardi. Husan aka otni qamchilab hammadan oldin yetib bordi. Otdan sakrab tushib Yigitalini bag’riga bosdi.
- Senga nima bo’ldi bolam?
Husan akaning ovozi qaltirab chiqardi.
- Oyogim, bobo, oyog’im qotib qoldi. Ikkalasi ham jonsiz bo’lib qoldi. Endi nima qilaman?
Husan aka unga dalda berdi.
- Hozir uyingga boramiz. Issiq qilib qo’ysak tuzalib qoladi.
Husan aka halloslab yetib kelgan Davronni qarshi olib tushuntirdi.
- Xavotir olma inim. Bolang yoshlik qilibdi. Muzdek suvda uzoq qolib oyog’ining paylari tortishibdi. Qani otga o’tqazaylik. Uyga borib isitamiz. Yaxshi bo’lib ketadi. Sen inim otga min. Bolangni orqangga o’tqazib uyingga bor. Biz keyin boramiz.
- Yo’q, - dedi Davron yig’ili ko’zlarini bolasidan yashirib. – Siz mining, biz ortdan boramiz. Qani, ana muallim ham keldi, aka otga mining.
Husan aka otga sakrab mindi. Rasm muallimi va Davron Yigitalini ohista bobosining ortiga o’tqazib qo’yishdi. Yigitalinig sovuqdan qotgan oyog’ini avaylab ikki yonga tushirishdi. Davron ustidagi choponini o’glining bir oyog’iga o’rab qo’ydi. Rasm muallimi ustidagi kamzulini ikkinchi oyog’iga o’rab bekitdi. Yigitali bir zumga og’riqni unitdi.
- Muallim, - dedi Yigitali past ovozda. - Ana tanlov uchun ishlagan manzaram. O’zingiz jo’natib bering, iltimos. Kamchiligi yo’q, to’liq tayyor.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍21👏1
Chala qolgan surat
Qissa
9-qism

- Xavotir olma, - dedi muallim. – Ertaga maktabga o’zing kelasan. Kamchiligini ko’rib chiqasan. Endi uyga boringlar.
Otdagilar ketgach rasm muallimi tasvirni ko’rib hayron qoldi.
- Davron aka, qarang sharshara misli jonli. Xuddi yonimda oqib turgandek, manzara ham jonli. Qoyil, buni san’at asari desa bo’ladi.
Davron yerdagi sochilib yotgan narsalarni yig’ishtirib olib rasmga qotib qarab qoldi.
- Jonim qurbon bo’lsin ishingga bolam. Buncha sehrgarsan bolam. Muallim sizga rahmat. Shu bolamni elga tanitdingiz.
- Nega rahmat aytasiz, - dedi rasm muallimi uyalib. – Bolangiz qobiliyatli. Men uni yuzaga chiqardim xalos. Bu surat menda qolsin. O’zim tanlovga jo’nataman. Baribir rahbarning bolasiga ham surat ishlab berishim kerak. Borey deya ishni tashlab ketgim keladi, ammo oila boqish kerak. Ish yo’q. Mardikorchilik qilay desam jismoniy imkonim yo’q.
- Sabr qiling muallim, - dedi Davron. - Hali hayot oldinda. Hammasi yaxshi bo’ladi. Qani ketdik.
Ular birgalikda qishloqqa qaytishdi.
Qishloqqa yetib kelishgan zahoti rasm muallimi uyiga kirib ketdi. U Davrondan qayta-qayta uzr so’radi. Tun bo’yi rasm ishlab chiqishini, bekor bo’lganida o’zi ham borib yordam berishini aytdi. Davron unga xijolat bo’lmasligini tayinlab uyiga shoshildi.
Davron uyiga kelganida ayoli o’g’lining ustini qalin qilib yopib, yig’lab nola qilardi.
- Mehmonga bormay men o’lay. Shuncha yil ko’rmagan akamni ko’rib kelay degan edim. E xudo, endi nima qilaman. Boshimda shu kunlar ham bormidi? Bolam sal isinib oldingmi? Issiq sho’rvam bor, suzib beraymi? Ichib ol, iching isiydi. Nima deding? Nega jimsan, gapir!
Ayolining so’nggi gapi vajohat bilan eshitgan Davron ichkariga qarab yurdi. Yigitali yig’lar, ammo gapirmas edi. Davron bolasining yoniga cho’k tushib oldi.
- Yigitali, yaxshimisan bolam? Tanang isib qoldimi? Oyog’ingni uzat uqalab qo’yaman. Ertaga o’ynoqlab ketasan. Husan aka qani?
Davron savol berib ayoliga termuldi. Ayoli ham undan ko’zini olib qochib javob berdi.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
10-qism



U kishi doktor izlab ketdi. Tezda qaytar ekan. Akbar doktorni olib kelaman, ilmi ziyoda deya ketdi. Sho’rva suzib keldim. Dadasi o’zingiz ichiring, men issiq suv hozirlab qo’yay. Doktor kelsa kerak bo’lib qolar. Pechkaga ham olovni yoqdim, yana o’tin solaman. Siz bolaga qarang.
Ayoli o’rnidan turgach, Davron Yigitalining oyog’ini ochib ko’rdi va qo’rqib ketdi. Bolasining oyoqlari tizzasigacha ko’karib ketgan, tomirlari bo’rtib chiqqan edi. U bolasining oyoqlarini silab qo’yardi. Davron bolalarini biror marta ham koyimagan, hatto yov qarash ham qilmagan edi. Ayoli ham shunaqa edi. Davron hozir ham bolasiga qattiq gapirmadi.
- Bolam, shu sovuqda oyog’ingga rezina etikni kiyib ketmabsanda. Jilla qursa suvga tushmay rasm chizsang bo’lardi. O’tgan ishga salovat. Endi bugun qiynalasan, erta yodingdan ham chiqib ketadi. Sen erkaksan, bunaqa azoblarga dosh berishing kerak. Qani sho’rvadan ich.
Davron Yigitalining boshiga yana yostiq qo’yib qo’ydi. Kosadagi sho’rvadan qoshiqqa ozginadan olib ichirmoqchi edi, bolasi qarshilik qildi.
- Dada o’zim ichaman. Qo’llarim ishlab turibdi. Sal qizib oldim. Ertaga albatta yurib ketaman. Siz va oyimning suratini ishlasam deyman.
Yigitali sho’rvani o’zi icha boshladi. Davron uning boshini siladi. Ayoli ichkariga kirganini ko’rib o’g’lining oyog’ini yopib qo’ydi. Ayoli buni bolasini Husan aka olib kelganida ko’rgan va xavotir olgan edi. Husan akaning daldasi bilan bolasiga va eriga bu haqda birorta so’z ayta olmasdi. Ona sho’rlik qolgan bolalariga ham sho’rva suzib berdi. Ular ham ini buzilgan qush bolalari kabi atrofga jovdirab boqib nima qilishini bilishmas edi. Onasining qistovi bilan ovqatlanishar, ammo ularning ko’zlari akasida edi.
Davron o’rnidan turib tashqariga chiqib ketdi. U ko’zidan oqqan yoshini bolalari ko’rmasligini istab chiqib ketdi. Uyi oldidagi supa ustiga o’tirib olib ho’ngrab yig’ladi. Xudoga nola qilib, farzandiga sog’lik va uzoq umr tilab yig’ladi. Ancha vaqt yig’ladi….
Davron hozir shu kunni eslab ko’zidan bir tomchi yosh yumalaganini sezmay qoldi. Bolalariga ko’rsatmay ko’z yoshini artib oldi.
- Endi yotib uxlanglar. Ertalab akangni kuzatishga tura olmay qolasizlar. Qani hamma uyquga yotsin.
Bolalar uxlashga yotishdi. Davron ham o’rniga cho’zildi.




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍5
Chala qolgan surat
Qissa
11-qism


***
Ertasi kuni ertalabdan Husan aka kuyovi bilan mashinada kelib qoldi. Yigitalini ko’rgan Husan bobosi kulib qaradi.
- Ha bobong aylansin. Qilichdek kuyov bo’libsan, hali bir tuzalib kel, o’zim kelin topib qo’ydim. Otasi rozi, qiz rozi, bu yog’i to’yda, bolam.
- Assalomu alaykum, bobosi. Uyaltirmang bolamni. Qani qayerga o’tirsin bolangiz.
Yigitalining onasi qo’lida katta tugun bilan turardi. Kuyov shartta mashinaning old o’rindig’ini yotib ketishga moslashtirdi. Davron yerda o’tirgan Yigitalini dast ko’tarib mashinaning old o’rindig’iga o’tqazib qo’ydi. O’zi orqaga joylashdi. Ayoli uzatib turgan tugunlarni yoniga joylashtirdi. Husan aka o’rta qatordan joy oldi.
Ularni kuzatish uchun to’plangan barcha yaqinlar oldida Husan aka duo qildi.
- Safarimiz bexatar bo’lsin. Shu bolamiz emaklab borayotir, tik oyoqlarida chopib qaytsin. Xudo o’zi sevgan bandasiga sinov berar ekan, shu sinovida g’olib chiqib, bor orzulariga yetib yursin bolajonimiz. Rahmat salomat bo’ling. Biz tez kunda yaxshi xabarlar bilan qaytaylik. Omin.
Hamma duoga qo’l ko’tardi. Mashina sekin yura boshladi. Odamlar qo’l siltab biroz ergashdi. Bolalar mashina ortidan qishloq chetigacha chopib borishdi. Husnora hammadan tez yugurdi. U ancha joygacha chopib borib o’tirib qoldi. Shu tarzda mashina ortidan ko’z yosh to’kib ko’rinmay ketgunicha o’tirdi. Hamma ortga qaytdi. Oxirida Husnora qaytdi. U ortiga qarab-qarab qaytdi.
Mashina qishloq chetida ketar ekan yo’lda kimdir ertalabdan mast holda yotar edi. Husan aka uni tanib, kuyoviga - “Tashlab ketaver. Ertalabdan zahariga ichib olibdi, nomard.” – dedi. Mashina radiosidan yangrayotgan mayin qo’shiq ohangida xayol surib ketayotgan Davron yo’lga qaradi va yuragi ezilib ketdi. Yana eski xotiralar jonlandi xayolida.
Yigitalini topib uyiga olib kelgan kuni tunda Husan aka Akbar doktorni uyidan topa olmay ilojsiz Salim qorani olib kelgan edi. Salim ham shu qishloqda doktorlik qilar, ammo ko’pincha mast bo’lib yurardi. Unga odamlar ko’p ishonmas edi. Husan aka o’sha tunda uni olib kelib, Davrondan so’ragan edi.
- Davron, Akbar shaharga malaka oshirishga ketibdi. Salim qorani topdim kayfi bor. Bir ko’rsinmi, agar ruxsat bersang.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍4
Chala qolgan surat
Qissa
12-qism


Hozir o’ylab o’tiradigan paytmi, aka. Chaqiring, ixlos qilsang toshdan davo topasan degan. Bir ko’rsin.
Davronning bu gapidan keyin eshikdan chayqalib kirib kelgan Salim qoraga Husan aka do’q urdi.
- Qara, buni tekshir. Agar xato qilsang, otimga bog’lab buting ayrilguncha sudrayman. Bilasan men bir so’zli odamman. Qani o’t, tekshir. Buncha sasib ichmasang. Oldingda turib bo’lmaydi.
Salim bu gaplarga o’rganib ketgan edi. Hozir ham parvo qilmay javob berdi.
- Husan aka, bizni davlat bekorga o’qitmagan. Hozir tuzatamiz. Ichishimga kelsam, qo’lim qaltiramaydi, shunga ichaman. Qani bemor boshladik.
Salim qora Yigitalining issig’ini o’lchadi, oyoqlarini ochib ko’rdi. Yonidan dori olib shprisga tortdi va ukol qildi.
- Issig’i baland. Oyoqni sovuq olibdi. Ikki shisha aroq kerak. Aroq surtib o’rash kerak. Topiladimi?
Davron akaning o’zi aroq ichmasa, bu yerda do’kon bo’lmasa. Husan aka buni bilib - “Men olib kelaman” – deya uyiga ketdi. Salim qora yana dori tortib Yigitalining ikkala oyog’ining son qismiga bo’lib ukol qildi. Bu orada Husan aka ikkita aroq olib keldi.
- Qalin shol ro’mol va paxta kerak. Olib keling.
Davron ayoliga qaragan edi, ayoli katta yostiqni yirtib paxtasini olib berdi. Salim qora paxta bilan o’ng oyoqni va chapini o’radi. So’ngra bir shisha aroqni ochib biroz ichdi. Qolganini paxtalar ustiga quydi. Keyin ikkita oyoqni birlashtirib katta shol ro’mol bilan o’rab qo’ydi. Ikkinchi shishadagi aroqni ochmoqchi edi, Husan aka qo’lidan tortib oldi.
- Bu nima qilganing. Buni o’zing ichmoqchisanmi, kasofat.
- Ozgina ichay, aka. O’lib qolaman. Qolganini oyoqqa quyib ketaman. Ertaga yana aroq kerak. Olib qo’yasiz, Davron aka.
Husan aka aroqni uzatdi. Salim qora tamshanib anchasini ichdi, qolganini ro’mol ustidan quyib chiqdi. Shisha tubida ozroq qoldirib, uni ham ichib yubordi.
- Voy alkash. Bo’ldi qil. Endi nima qilish kerak?


Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍4
Chala qolgan surat
Qissa
13-qism



Husan akaning bu gapiga Salim qora tamshanib olib javob berdi. Salim qora aroqni gazaksiz ichadi. Gazak bilan ichsang kayf bermaydi, ichib o’tirma deya, o’zini sipqorib ichib yuboraveradi. Hozir ham bir tamshanib oldi.
- Ertaga ertalab kelaman. Bolakay tuzalib ketadi. Ikki shisha aroq topib qo’ying. Kerak. Endi bezovta qilmanglar uxladi. Uyqu dori ukol qildim. Xavotir olmang.
Davron endi og’iz juftlab gapirmoqchi edi, Husan aka javob qildi.
- O’zim aroq olib kelaman. Qani Salim qora ketdik. Men ham ertalab yetib kelaman.
Husan aka Salim qorani boshlab uydan chiqib ketdi. Salim qora gandiraklab yurib ketdi. Ular ketgach uy jimib qoldi. Yigitali pishillab uxlardi. Davron uning yoniga cho’zilib yotdi. Ayoli nargi uyga bolalarining yoniga ketdi.
Tong otganida Yigitali uyg’ondi. Shoshib oyog’ini qimirlatib ko’rdi, harakat yo’q edi. Jim yotdi, shiftga ma’nosiz tikildi. Ko’zlarini yumib oldi.
Tashqarida otning kishnagan ovozi eshitildi. Bu Husan bobosining oti Yulduzning ovozi edi. Yigitali uni ovozidan tanir edi. Otni har kuni ko’rar va bir bora minib aylanib kelardi. Yigitali o’rnidan turmoqchi edi, qimirlay olmadi. Uyga Husan bobosi, Salim qora va dadasi kirib keldi. Husan bobosi Yigitalining qo’lini siqib ko’rishdi, hol so’radi. Salim qora esa indamay kelib oyoqlarini ochib ko’rdi.
- Yaxshi ko’karish kamaygan. Yana bitta ukol qilib o’rab qo’ysak yaxshi bo’ladi. Husan aka, oching tezroq, bosh yorilib ketmoqda. Bunday paytda aql ham ishlamaydi. Miyaning quvvatini beraylik, hammasi yaxshi bo’ladi.
Salim qora shartta turib aroqni olib deyarli yarmini ichib yubordi. Keyin yana paxtani o’rab qo’ydi. Ustidan aroq quyib bog’ladi. So’ngra yonidan dori olib ukol qildi. Ro’molni ham o’rab ustidan yarim shisha aroq quydi. Qolganini shoshib ichib yubordi. Nazarida Husan aka uni qo’lidan tortib oladigandek bo’lib yutoqib ichdi.
- Ha ochofat. Bir shishani zahringga aytgan ekansanda. Mayli osh bo’lsin. Shu yigit o’rnidan turib tuzalsa senga bir oy har kuni ikki shishadan aroq olib beraman. Ana senga imkon.
- Ertaga yurib ketadi. Men tumanga borishim kerak. Bitta zo’r dori bor olib kelib emlayman. O’ynab ketadi. Siz Husan aka aroqni hozirlang. Pul yo’q demang, Yulduzni sotib bo’lsa ham olib berasiz. Va’da va’da.
- Yulduzni sotmayman. Shu bolam uchun qarzga bo’lsa ham seni bir oy aroqqa cho’miltiraman, Salim qora. Husan qasam ichmaydi, uning har so’zi qasam.




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
14-qism



Ular chiqib ketishdi. Eshik oldida Salim qora Davronga qarab – “Agar yana bir shisha aroq topsangiz, tushlikda yarmini, kechqurun yarmini quyib qo’ying. Men ertaga ertalab kelaman.” – dedi. Husan aka “Uyda bor, kampirim olib chiqadi. Bolaga qarab turinglar’ – deya otga minib ketdi.
Ertasi kuni Salim qora bir shishada em dori olib keldi. Yigitalining ikkita tovoniga ulab shiftga osib qo’ydi. Oyoqlarida ko’kargan joylari bilinmasdan qolgan, ammo harakat yo’q edi.
- Bu dori bilan yaxshi bo’lib ketadi. Endi aroq kerak emas. Menga bir shisha topib bering, ichib olay. Olib kelib qo’ydingizmi?
Davron shkafni ochib aroqni olib berdi. Salim qora bu safar piyolaga quyib, niyat aytib ichdi. Dasturxon yozilib, choy olib kelindi. Salim qora choy ichmadi.
- Men tushlikda narsa yeyman, qolgan payti bu menga ozuqa. Menga bu bo’lmasa hayot yo’q. Qani oldik.
Salim aroqni ichib tugatdi, shishadagi dori ham tugadi. Narsalarini yig’ishtirgan Salim qora jo’nab ketdi. Ertaga xabar olishini aytib, qayergadir ketdi.
Kechqurun Husan aka Akbar doktorni boshlab keldi. Akbar doktor bir necha kunga darslaridan ruxsat olib kelgan ekan. Akbar doktor Yigitalini obdon tekshirib ko’rdi. Biroz jim bo’lib turdi, yana tekshirdi. Keyin o’rnidan turib tashqariga chiqishga ishora qildi. Davronning yuragi g’alati bo’lib ketdi. Ular izma-iz tashqaiga chiqishdi.
- Bu yomon bo’libdi. Oyoq paylari qattiq shamollagan. Shu payti faqat issiq saqlash va tuman shifoxonasiga olib borish kerak edi. Aroq surtib ularni qotirib qo’yibdi. Bundan tashqari tizza yonlariga qilingan ukol tarqalmay modda to’plab qolibdi. Ertaga tumanga olib boramiz. Davolash chorasini ko’rish kerak. Sizni qo’rqitmoqchi emasman, ammo bola deyarli yura olmaydi. Biz faqat oyoq paylarini davolab, suyak chirishini oldini olishimiz kerak. Gapim og’ir bo’lsa xafa bo’lmanglar. Sabr bilan kutasiz. Madad faqat yaratgandan. Ertaga o’zim tuman shifoxonasiga olib borib joylashtiraman. Endi ketishim kerak. Bola bu haqda bilmasin. Ko’ngli cho’kib dardga qarshi kurasha olmay qoladi. Bardam bo’linglar.
Akbar doktorni kuzatib qo’ygan Husan aka uyiga qarab tez-tez, katta qadam bosib ketdi. Davron boshini changallab qoldi. U dardi ichida qolib uyiga suvga tushgan mushukdek bo’lib kirdi va Yigitalini bir so’z demasdan quchoqlab yotdi.





Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
15-qism


Husan aka esa uyiga borib Yulduz otini minib chiqdi. Qo’lida uzun yangi arqon bilan Salim qorani izlay boshladi. Salim qora ham ko’p sarson qildirmay o’zining hovlisi oldida kayfi zo’r bo’lib g’ingshib yotardi. Husan aka darhol uni ko’rib otdan sakrab tushdi. Oldiga borib o’ng oyog’idan qattiq qilib bog’ladi.
- E, Husan aka, bu nima qiliq? Nega meni bog’ladingiz?
Salim qoraning gapiga Husan aka javob bera turib, arqonni otning egariga qattiq tortib bog’ladi.
- E, tirriqi buzoq. Men senga aytgan edimmi? Bolaga bir narsa bo’lsa otda sudrayman deya. Mana Husan ahdini bajaradi. Sen bir jonni xarob qilding. Yaramas, boshqalarga zararing tegmasdan o’ldirib qutilay den dayusdan.
Shu payt Salim qoraning ayoli uyidan chiqib Husan akaning oldiga kelib tiz cho’kdi.
- Jon akajon. O’ldirmang. Alkash bo’lsa ham bolalarimning otasi. Oltita bolani yetim qilmang. Otam ruhi haqqi yalinib so’rayman. Gunohidan men uchun o’ting. Jon akajon, sochim supurgi bo’lib el xizmatini qilib bolalarimni boqayapman. Bu o’lsa odamlar meni tinch qo’ymaydi. Bevaning kunini yaxshi bilasizku. Qo’yib yuboring, buni o’zi xudo urgan. Jon akajon, rahm qiling.
Odamlar har tomondan yetib kelishib Husan akadan rahm so’rashdi. Husan aka arqonni otdan yechib yerga urdi.
- Husan bir marta lafzida turmadi. Shu ayolning nolasi uchun. Ammo bilib qo’yinglar yana kimgadir zarari tegsa ayab o’tirmanglar. Bir bolamdan shunday alkash doktor tug’ilgan zahoti ayirgan edi. Endi bolam deya suyanib yurgan Yigitalimdan bu ayirmoqda. La’nat bo’lsin senga Salim qora. Bu dunyodan xor bo’lib o’tib ket. Rozi emasman. Xudoga soldim seni. Xudoga soldim.
Husan aka otini yetaklab qayergadir ketdi. Salim qorani ayoli o’rnidan turg’azib uyiga olib kirib ketdi. Odamlar shoshib tarqalishdi.
- Men nima qildim bunga? Meni o’ldirmoqchi bo’ldi? Odam o’ldirish oson ekanmi, ko’rsatib qo’yaman, hali. Oyog’imdagi arqonni yech, yaramas xotin.
Ayol bechora arqonni yecha olmay, uyidan pichoq olib chiqib kesib oldi. Husan akaning bog’lagan tugunini o’zidan boshqa hech kim yecha olmagan, hali bu zamonda. Hamma aytgan gapga ayol guvoh bo’lib ishondi. Husan akaga tan berishga majbur bo’ldi. Erini suyab uyiga kiritib ketdi. Bolalari qator bo’lib qarab turishar edi. Ular hech narsani tushunmas edida.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
16-qism


***
Ertasi kuni Akbar doktor o’zining “Jiguli” mashinasida kelib Yigitali va Davronni olib tuman shifoxonasiga olib bordi. Zarur tekshiruvlarni o’zi bosh bo’lib o’tkazdi. Tushdan keyin shifokorlar Davronni qabul qilishdi.
- Endi sizdan yashirib o’tirishga zarurat yo’q. Bolangizning paylari qotib qolgan. Tizzasining yoni yiring bog’lagan. Bu qonga ham o’tgan asorati jiddiy. Suyak yemirilishi boshlangan. Xullas vaziyat jiddiy. Biz bolani olib qolamiz. Zarur yordam beriladi. Hozircha operatsiya qilib tizza suyaklarini yiringdan tozalab chiqishimiz kerak. Ukol qilingan dorining muhlati tugagan bo’lgan bo’lishi mumkin. Aks holda bunday holat bo’lmaydi. Endi kutamiz. Ertaga operatsiya qilamiz. Sizga Akbar do’stimizning tavsiyasi bilan bolangizning yonidan joy qilib beramiz. Ikkalangiz bir xonada yotasiz. O’zi bemordan boshqa odam olmaymiz, endi sizni yaqin olib joylashtiramiz. Yana ko’nglingizni cho’ktirib bolani xafa qilmang. Uning yuragi toza ekan, xafa bo’lsa hayotdan umidini uzib, so’lib qoladi. Keyin kasallikka qarshilik qilmay qo’yadi. Najot xudodan, tuzalib ketsa biz bir sababchi bo’lamizda.
Keksa doktorning bu gapidan keyin Davron o’zini ancha xotirjam his qildi.
- Endi Davron do’stim, - dedi Akbar. – Nima yordam kerak bo’lsa ustozim Karim akadan so’raysiz. Yaxshi odam. Bolangiz tuzalib ketadi. Karim ustoz shu sohaning piri. Qancha odam tuzalib o’ynab yuribdi. Men qishloqqa qaytaman. Ertaga kelinni ham olib kelaman. Kechqurun qaytib ketamiz.
Davron cho’ntagini kovlagan edi, Akbar qo’lini ushlab qoldi.
- Uyat bo’ladi do’stim. Hali pul kerak bo’ladi, bolangizga sarf qiling. Men baribir bu joyga o’zim kelar edim. Sizlar bir bahona bo’ldingiz. Mayli ko’rishguncha. Ertaga kelaman.
Akbar xayrlashib jo’nab ketdi. Davron o’g’lining yoniga borib o’tirdi. Yigitali qilingan ukollar ta’sirida pishillab uxlab yotar edi. Davron nargi divanga cho’zilib yotdi. Uxlashga harakat qildi, ammo eplay olmadi. Shiftga tikilib o’zini ayblab yotaverdi. “O’sha kuni mehmonga bormasligim kerakmidi? Balki kela solib bolalarni ko’rishim kerakmidi? Men aybdorman. Bu bolam nogiron bo’lib qolsa taqdiri nima bo’ladi? Olam-olam orzulari-chi? Qanday bu yukni ko’tarib yashayman? Xudo o’zing bilib-bilmasdan qilgan gunohimni kechir. Mening gunohim uchun bolam javob bermasin. Mayli mening jonimni ol, bolam yurib ketsin. O’zing kechiruvchi zotsan, men gunohkor bandangga yo’l ko’rsat. Kechir xudoyim.”



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
17-qism


Davron shularni xayol qilib yotdi. Uxlay olmay yotdi.
Kechga yaqin Yigitali uyg’ondi. Davron unga choy quyib uzatdi, holini so’radi. Yigitali choyini ichib derazadan uzoqlarga tikilib qoldi. U nimanidir xayol surardi.
- Bolam, rasm chizasanmi? Qog’oz, bo’yoq olib kelib beraymi?
Yigitali boshini chayqab qo’ydi va shiftga tikilib oldi. U hozir rasm chizishni o’ylamas, faqat yurib ketish haqida o’ylar edi. Dadasini xafa qilmaslik uchun ham osmonga termulib yotdi. U shunday yotsam – “Ko’zimdan yosh chiqib ketmaydi.” - deya o’yladi. Ammo uning ko’zidan chiqqan yosh yuzidan oqib yostiqqa tomar edi.
Xonaga kirgan hamshiralarni ko’rib Davron tashqariga chiqib ketdi. Hamshiralar kulib dori berib Yigitalining ko’nglini ko’tarishga harakat qilishdi. Davron zalda unsiz, ko’zidan yosh chiqarmasdan yig’lardi.
Ertasi kuni Karim doktor ertalabdan xonaga kirib kelib Yigitalidan hol so’radi.
- Hozir sening oyog’ingni davolaymiz. Faqat qo’rqma. Shundan keyin yurib ketasan. Aytmoqchi, opalari, - dedi shifokor hamshiralarga qarab. – Bu o’g’limiz bo’lajak rassom ekan. Tuzalib chiqsa sizlarning ham rasmingizni chizib beradi. Qani opalari, endi muolaja xonasiga olib boringlar.
Hamshiralar maxsus stolga Yigitalini yotqizishgan paytida zaldan onasining ovozi eshitildi.
- Yigitali, qayerdasan bolam? Dadasi qayerdasizlar?
Akbar uni xonaga boshlab kirdi. Ayol yig’lab bolasini quchoqlab oldi.
- Bolani qo’rqitmang, singlim. Og’ir bo’ling, tuzalib ketadi. Qani chetga turing.
Karimning gapidan keyin Davron ayolini chetga oldi. Hamshiralar bolani olib chiqib ketishdi. Er-xotin bir-biriga suyanib xonada yolg’iz qolishdi. Birozdan keyin ular ham zalga chiqib shifokorlarni duo qilib kuta boshlashdi.
Nihoyat uch soatlik operatsiyadan keyin bosh shifokor Karim akaning o’zi zalda ko’rinish berdi. Davron o’rnidan turib uni qarshi olib umidvor holda tikilib turdi.
- Xavotir olmang uka. Bolangiz yaxshi. Suyaklarga ozgina zarari tegibdi. Tozalab qo’ydim. Endi qonni mikrobdan tozalaymiz. Kutamiz, hammasi yaxshi bo’lib ketar. To’rt kun qanday uyda saqladingiz? Endi kutamiz. Ikki soatda xonaga olishadi. Ko’rasizlar, faqat qiynab qo’ymanglar. Singlim siz og’ir bo’ling. Bolangiz yaxshi bo’lib ketsin.




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
18-qism


Karim doktor o’z xonasiga kirib ketdi. Hamshiralar em dorilarni olib o’tishdi. Akbar kelib hol so’radi. Vaziyatni bilib kechqurun uyiga qaytishini aytib zaldan chiqib ketdi.
Ikki soat ikki yildek uzun bo’lib ketdi. Nihoyat operatsiya xonasining eshigi ochilib maxsus stolda yotgan Yigitalini hamshiralar olib chiqishdi. U hamon dori ta’sirida uxlab yotardi. Hamshiralar Yigitalini joyiga yotqizib qo’yib, xonadan chiqib ketishdi. Davron va ayoli bolasiga umidvor bo’lib tikilib turishdi. Yarim soatdan keyin Yigitali ko’zini ochdi. G’ira-shira onasini ko’rib kulimsiradi. Onasi uni erkalar, ammo bola dori ta’sirida gaplarni anglab olmas edi.
Xonaga kirib kelgan hamshira ularni chiqarib yubordi va em dori ukol qildi. Xonaga ertagacha hech kirmasligini aytgan hamshira eshikni qulflab qo’ydi. Ayoli janjal boshlamoqchi edi, Davron og’zini yopdi.
- Jim onasi, jim bo’l. Bolangni ko’rding. Endi ket. Men yonida qolaman. Bolalarga qara. Azizbek fermerga aytib qo’y. Dalaga suv tarash kerak bo’lsa o’zing tarab tur. Bizdan xavotir olma. Doktorni ko’rding, qanday xudojo’y odam ekan. Endi Akbar kelsa keta qol. Aytmoqchi Husan akadan xabar bormi? Biror ish qilib qo’ymabdimi?
Ayoli ko’zini ro’moliga artar ekan javob berdi.
- Bobosi shu kuni qorani otda sudramoqchi ekan, ayoli ajratib olibdi. Shundan keyin bobosi tog’ga chiqib ketibdi hali qaytmabdi. Kampiridan hol so’radim, - “O’zi qaytib keladi, jahldan tushsa keladi. Jahli chiqsa bir g’orga borib yotib keladigan odati bor. Anavi, qora o’lgurni o’ldirgani yaxshimidi? Xudo ko’tarsin shunaqa alkashni.” - deb javob qildi. Ertalab uyiga kirib o’tdik, hali qaytmabdi. Fermeringiz mening suv ochishimga qo’ymasa kerak. Ukamni chaqirib turaman. Bir ilojini qilamiz.
- Shunday qil, onasi, - dedi Davron boshini quyi solib. Shu ishdan ayrilib qolmaylik. Ro’zg’or nima bo’ladi. Men ketsam ishni eplayman, uyni eplay olmayman. O’zing bor uyga. Yigitali tuzalib ketadi. Doktori aytdi, demak ishonchi bor. Akbarning ustozi ekan. Hech narsangiz kerak emas deydi. Bolam tuzalib ketsa uydagi yolg’iz qo’yning o’zini yoki bolasini so’yib doktorni mehmon qilamiz. Bittasini o’ziga berib yuboramiz. Nima deding, onasi?
Ayoli uning qo’lini silab qo’ydi.
- Buni yaxshi o’ylabsiz, dadasi. Shunday qilamiz. Bolam tuzalsa bo’ldi. Mol topiladi. Hali qo’ylarimiz ko’p bo’ladi. Yigitalining to’ylarini ko’ramiz. Yaxshi o’ylabsiz.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
19-qism


Er-xotin jim bo’lib qolishdi. Akbar zalga kirib kelib bosh shifokorning xonasiga kirib chiqdi. So’ngra ularning yoniga keldi. Hol so’radi. Qaytish haqida so’z ochdi. Ayol bolasini bir ko’rishini aytdi.
- Bolangiz uyqu dori ta’sirida ekan. Hozir hech kimni eshitmaydi. Karim aka yaxshi dedi, unga ishonaman. Qani ketdik.
Ayol sho’rlik eshikning kichik oynasidan pishillab uxlab yotgan bolasiga tikilib turdi. Ko’zidan yoshi oqib zo’rg’a zaldan chiqib ketdi. Davron o’rindiqqa suyanib o’tirib uxlab qoldi. Bir necha kunlik uyqusizlik uni qiynab qo’ygan edi. U shu taxlit kechga qadar uxladi. Hamshira qiz uni uyg’otmaganida tanasiga o’rindiq botib yotaverardi. Hamshiradan bolasining holini so’ratdi. Yaxshi javob olgach, hamshira ko’rsatgan yon tomondagi xonaga kirib yana uxlab qoldi. U yosh boladek bo’lib beozorgina uxlar edi.
Ertasi kuni tongda uni Yigitalining yoniga kiritishdi. Yigitali og’riqdan shikoyat qildi.
- Yaxshi bo’lib qolibsan. Karim aka aytdi, tezda yurib ketar ekansan. Qorning ochmi, bolam, nima olib kelay?
- Hozir choy ichirishdi, dada. Mendan xavotir olmang. Siz choy ichib oling. Soqolingiz o’sib ketibdi, olib chiroyli dada bo’lib keling. Men yaxshiman.
Davron o’g’lining yuzidan o’pib chiqib ketdi. Yigitali derazadan uzoqlarga tikildi. U faqat osmonni ko’rardi, xalos. U orzular osmonida xayol surardi.
Uch kun o’tgach Yigitalidagi og’riqlar pasayib ko’zi kulib qoldi. Ota-bola suhbatlashib o’tirishgan edi, eshik ochilib Husan bobosi kirib keldi. U bir tugun narsa olib kelib, Yigitalini qattiq quchoqlab oldi. Shirin diydordan keyin duo qilib, hol so’radi.
- Davron sen uyga bor. Yigitalining yonida men qolaman. Azizbek iflos seni izlamoqda. “Boshqa suv qo’ymaydi, o’zi kechqurun kelmasa, ishdan bo’shataman,” – deb dag’dag’a qilmoqda. Hech murosaga kela olmadik. Sen qishloqqa qayt. Men bekorchi chol bu yerda qolaman. Xabar olib turarsan. Aytmoqchi, Akbar ham kelgan. Seni olib qaytadi. Hozir ustozini ko’rib chiqadi.
Husan aka gapini tugatmasdan xonaga Karim va Akbar kirib kelishdi. Hol so’rashdi.
- So’raganning aybi yo’q inim, - deya Husan aka gap boshladi. – Bu doktorjon, Hakim degan akangiz bor edimi? Urushda qatnashib o’ng oyog’ini kestirgan edi. Shundaymi?
- Ha, - dedi Karim shoshib. – Siz uni qayerdan taniysiz?



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍2
Chala qolgan surat
Qissa
20-qism


- Men u do’stim bilan to’rt yil frontda bo’ldim. Berlin ostonasida yarador bo’ldik. U oyog’idan ayrilib uyiga qaytdi. Men yana jang qildim. Urushdan keyin o’zi bergan manzili bo’yicha izlab bordim. Hakimni topa olmadi. Ko’chib ketgan deyishdi. Hozir hayotmi? Siz unga bir tomchi suvdek o’xshar ekansiz.
- Ha, akam hayot. Qo’shni viloyatga ota-onamiz ishga jo’natilgan. Bilasiz u paytda nochor odamlarni ko’chirib yurtidan quvlashgan. Men shifokorlikka o’qib shu joyga qaytib keldim. Akam o’sha tomonda qoldi. Ota-onamizning qabrlarini tashlab kela olmadi. Kecha uyimga mehmonga kelgan edi. Bugun sizni mehmon qilaman.
Karimning gapidan keyin Husan aka kulib qo’ydi.
- Bu taqdir ekan, do’stimni topdim. Sizlar qishloqqa qaytinglar. Men Yigitalini tuzatib, bobolari bilan birga boraman. Yigitali bularning ham suratini ishlab berasan hali.
- Qarzing ko’paydi, rassom bolam, - dedi Karim ham zavqqa to’lib. - Shuncha surat ishlaysan. Endi tezroq tuzalishga harakat qil. Bo’lmasa sizga oq yo’l. Husan aka va Yigitali menga omonat. Hamshira opalari zeriktirmasdan o’tirishadi. Husan aka sizni uyimga olib boray. Akam bilan uchrashing. Sizlar ham bir payola choy ichib ketasizlar. Qani ketdik.
Davron bolasi bilan xayrlashib tashqariga chiqqanida uni hamma Akbarning mashinasida kutib turishgan ekan. Karim doktorning uyi shu ko’cha oxirida ekan.
Hovliga birinchi bo’lib kirgan Husan aka do’stini tanib qichqirib yubordi. Hakim aka ham tanib u tomon shoshdi. Shirin diydor va quchoqlashib turgan do’stlarga qarab Davron g’amini biroz unitdi. Saldan keyin oddiy xonaga kirib borgan mehmonlar doktorning halolligiga tahsin aytib qo’yishdi.
Choy va taom yeyilgach Husan aka duo qilib Davron va Akbarni kuzatib qo’ydi.
- Sen xavotir olma, Davron. O’zim Yigitali bolamni tuzatib olib boraman. Endi aslo zerikmayman. Do’stim bilan gurunglashib turaman. Yigitalini ham yolg’iz qo’ymayman. Kampirimga aytib qo’y, otga yaxshi qarasin. Nargi qishloqdagi nabiram Quvonchbek kelgan. Faqat o’zi minsin, boshqaga bermasin. Boshqa minganini eshitsam qulog’ini uzib olaman, aytib qo’y. Mayli, yaxshi boringlar.
Akbar va Davron qishloqqa qaytishdi. Davron kelgan zahoti Husan akaning omonatini kampiriga yetkazdi. Bu gapni eshitgan nabirasi otni qo’shni qizga mindirish fikridan ham qaytdi. U bobosidan qattiq qo’rqar edi. Davron uyiga qarab ketdi. Keta turib Azizbek fermerga uchrashib o’tdi.




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3
Chala qolgan surat
Qissa
21-qism


****
Oradan bir hafta o’tib Davron o’g’lidan xabar olib kelishga bordi. Hali natija bo’lmaganligi sababli ichini it tirnab qishloqqa qaytdi. Ayoliga rahmi kelibmi, aldab qo’ya qoldi.
- Bolang yaxshi bo’lib qolibdi. Yaralari bitibdi. Tezda bag’ringga qaytadi. Yurib uyingga kirib keladi. Xavotir olma. Keyinchalik sen ham borib ko’rib kelasan. Baraka topgur Husan aka Yigitalini o’z o’g’lidek parvarish qilib o’tiribdi.
Davronning gapidan keyin ayoli biroz xursand bo’ldi. Diliga tugib qo’ygan niyatini aytib qo’ya qoldi.
- Dadasi, Yigitali sog’ayib ketib katta bo’lgach, uylantirib shu bobosiga beramiz. Ko’p mehnati singgan bobosining. Ularga qarab tursa yaxshida. Siz nima deysiz, taklifim ma’qulmi?
Davron ichidan quvonib ketdi. O’zi ham shuni niyat qilgan edi. Ayoliga qarab “Ma’qul” deb qo’ydi. Er-xotin shirin xayollarga g’arq bo’lishdi.
Yana bir haftadan keyin Yigitalining ikkinchi operatsiyasi bo’lib o’tdi. Uning tizza suyaklari yana yiringlagan edi. Bu safar ham uch soatlik operatsiyani boshidan o’tkazgan Yigitali ancha so’lib qolgan edi. Uning yonida onasi qoldi. Qolganlar qishloqqa qaytishdi. Yo’l bo’yi hamma jim qaytishdi.
Kechqurun Davronni rasm muallimi izlab keldi. Yigitalining ahvolini so’radi. Rasm muallimi maqsadini aytdi.
- Davron aka. Bir ish bo’lib o’tdi. Bolangizning chizgan suratini yaramas direktor bolasining nomidan tanlovga jo’natibdi. Men chizib bergan suratni esa Yigitalining nomidan jo’natgan. Bugun tanlovdan xat keldi. Rahbarning erkatoyi tanlov g’olibi bo’libdi. Bolangizga o’rin berilmabdi. Kuyib ketdim, akajon. Rahbar bilan janjallashib ishdan bo’shab ketdim. Ertaga shaharga ish izlab ketaman. Shuni aytib qo’yay degan edim. Siz nima deysiz?
Davron boshini qashlab turdi va dedi.
- Endi bu zamon zo’rlarning zamoni bo’ldi. Erkatoyning omadi bor ekan. Haloli bo’lsin. Menga bolam tuzalsa yetarli. Boshqa narsa kerak emas. Bolam tuzalsa bundan ham buyuk ishlar qila oladi. Men bunga ishonaman. Uka, iltimos bu haqda Husan aka bilmasin. Bilib qolsa yomon bo’ladi. Endi taqdirida shu yozilgan ekan, nima ham qila olamiz. Menga bolam tuzalsa yetarli.




Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍2
Chala qolgan surat
Qissa
22-qism


Rasm muallimining jahli chiqib ketdi. G’azab bilan gapirdi.
- Siz qanday otasiz? Nahotki bolangizga rahmingiz kelmasa? Mehnati uvol ketdi. Sudga beraylik. Men va Husan aka guvohlik beramiz. Tanlovga murojaat xatini yuboramiz. Ishni yutib Yigitalini g’olib chiqarib, mehnatining mahsulini ko’rsataylik. Bolangiz shu tanlov uchun jonini azobga qo’ydi. Mehnatiga achining, aka.
Davron yerga qaradi. Bir og’iz gap aytishga uzoq qiynalib turdi. Keyin sekin gapira boshladi. U shunchalik past ovozda gapirdiki, hatto yonida o’tirgan rasm muallimi ham zo’rg’a eshitdi.
- Ular bu zamonning egalari. Men nima ham qila olar edim. Ularga qarshilik qilsam meni ishdan haydashadi. Bilasan Azizbek fermer uning jiyani. Men ishdan bo’shasam, ro’zg’or nima bo’ladi. Men boshqa ishga yaramayman. Boshqa ishni bajara olmayman. Men faqat suv tarashni bilaman, xalos. Qo’y muallim, tinch yashaylik. Sen ham ishingga qayt. Mening bolamni deya oilangga jabr qilma. Kattangdan kechirim so’ra. Ishingga qayt, uka. Menga bolam tuzalsa yetarli.
Rasm muallimi Davronga ajablanib uzoq tikilib turdi. Keyin yerni mushtlab o’rnidan turdi. Eshik oldiga borib ortiga qaytdi.
- Davron aka, ojizlik qilmang. Bularni ham so’raydigan joylar bor. Men qo’rqsam, siz qo’rqsangiz, boshqalar nima qilsin. Men ularga yalinmayman. Tish bergan xudoyim rizq ham beradi. Boshqa joyda ishlayman. Afsuski, Yigitalining mehnatiga achinib ketdim. Hali ham o’ylab ko’ring. Vaqt bor.
Davron o’rnidan turdi. Eshikka qarab yurdi va rasm muallimiga qarab turdi. Rasm muallimi tashqariga qadam bosdi. Davron ortidan gapirib qoldi.
- Bu zamon shunaqa, inim. Zo’rlarning zamoni. Men suv tarashga ketdim. Vaqtim bo’lsa erkatoyni bir tabriklab qo’yaman. Omon bo’l uka. Omadingni bersin. Zamonga boqib yashashga majburman. Meni kechir uka.
- Sizni xudo kechirsin. Kasal yotgan bolangiz kechirsin. Egilib singan haqiqat kechirsin. Yorqin kelajak kechirsin. Barbod bo’lgan istedod kechirsin. O’z vijdoningiz kechirsin.
Rasm mualimi shunday deya qorong’ulik qa’riga singib ketdi. Davron katta ketmonini yelkasiga tashlab dalaga qarab yo’l oldi. U bugun katta maydondagi g’allazorga suv tarashi kerak edi. U ishga horg’in holda jo’nadi. Qo’shni ayol bolalarini o’z uyiga olib ketdi.



Zafar Muminov
Qo‘shrabot tumani
Qizilbuloq qishlog‘i



Bizning telegram kanalimiz
👉@zafarmuminovijodi
👍3