MITda Frank Schilbach degan iqtisodchi professor bor. Kuni kecha 2020 yilda o’zi olib borgan Psixologiya va Iqtisod darsining (bakalavr darajasida) barcha materiallarini (video, slayd, vazifalarni) MIT OCW onlayn platformasiga yuklabdi.

Frank ajoyib o'qituvchi va o’quv materiallari juda qiziq. Xulq-atvor iqtisodiyoti (behavioral economics) va uning hayotda qo'llanilishi haqida ko'proq bilishni istagan har bir kishi ushbu kursni diqqat bilan o'rganishi kerak. Tavsiya qilaman.

@uzbekonomics
Forwarded from Mirkonomika
Ўқитувчиларга номигагина нишонланадиган байрам эмас балки яхшироқ ҳаёт даражаси ҳамда кўпроқ эркинлик керак.

Ўқитувчиларнинг жамиятдаги аҳамияти ҳамда таълим саҳасининг қанчалик муҳимлиги ҳақида жуда кўп гапирилади. Ўқитувчиларни улуғлаш учун алоҳида байрам куни ҳам белгиланган. Лекин ишонинг бу қуруқ гаплар ёки номигагина ўтказиладиган байрамларнинг ҳеч бири ўқитувчилар учун энг муҳум ҳаётий зарурият эмас.

Улар учун кўпроқ касбий эркинлик, ҳеч бўлмаганда ўртача маош даражасида шаклланган маошлар кўпроқ муҳим ва аҳамиятли. Охирги йилларда қилинган ижобий ишлардан шубҳасиз ўқитувчиларнинг мажбурий меҳнатга жалб қилиниши кескин камайганлигини алоҳида ютуқ сифатида таъкидлаш керак(зеро, аслида ҳам шундай бўлиши керак бўлишига қарамасдан). Уларнинг фаолиятидаги умумий эркинлик борасида эса жуда катта ўзгариш кузатилганича йўқ.

Уларнинг ойлик маошларигага эътибор қаратадиган бўлсак, жуда ачинарли ҳолатга гувоҳ бўламиз. Масалан охирги маълумотларга таянадиган бўлсак, жорий йилда ўртача номинал маош 2.9 млн сўм атрофида шаклланмоқда. Таълим соҳасида банд бўлган ҳодимларнинг ўртача ойлик маоши эса 2.2 млн сўм атрофида шаклланмоқда. Бундан келиб чиқадики, ўқитувчилар(аниқроқ айтганда таълим тизимида банд ҳодимлар)нинг ўртача номинал маоши умумий ўртача маошнинг 76% ни ташкил этади(ёки ўртача маошдан 24% га камроқ шакланмоқда). 2017-йилда эса, таълим соҳасида банд бўлганларнинг номинал маоши 1.1 млн сўмни ташкил этган, ўртача маош эса 1.4 млн сўм атрофида шакланган. Бундан келиб чиқадики, ўша вақда таълим соҳасида банд бўлган ҳодимларнинг маоши ўртача маошнинг 80% ини ташкил этган(ёки ўртача маошдан 20% га камроқ шаклланган). Яъни 2017-йил билан таққослаганда 2021-йилга келиб таълим соҳасида банд бўлган ҳодимларнинг ўртача маоши умумий ўртача маошдаги улушида 4% йўқотишга учраган. Бошқача айтганда, таълим соҳасида банд бўлган ҳодимларнинг маоши бошқа соҳа вакилларининг маошига нисбатан секинроқ ўсган. Шу сабабли ўртача маошга нисбатан улушини йўқотишни бошлаган.

Юқорида айтагнимдек, таълим соҳасида банд бўлган ҳодимларга ҳозир кўпроқ эркинлик ҳамда юқорироқ маошлар жуда муҳим. Агар ҳукумат ўқитувчилар ҳақида ҳақиқатдан ҳам қайғурса, унда ҳеч бўлмаганда уларнинг маошини ўртача маош ўсишида ошириб бориши керак. Агар ҳақиқатдан уларнинг маоши ўртача маошда шаклланишини хоҳласа, унда таълим соҳаси вакилларининг маошини ҳозиргидан анча тезроқ ошириши зарур.

Барча устоз ва мураббийларни байрам билан табриклайман ҳамда умид қиламанки, яқин келажакда уларнинг ҳаёти ҳозиргидан сезиларли даражада яхшиланади.


@Mirkonomika
O’qituvchi va shifokorlar xizmatkor emas.

Shifokor va o’qituvchi kasblarining obro’si jamiyatimizda shu darajagacha tushib ketganki, bazi odamlar orasida ularga nafrat kuchaygan, ularni do’pposlaydi (1, 2, 3, 4), bir tiyinga olmaydi, xizmatkor deb o’ylaydi, qaytimiga esa bir yilda bir marotaba eslaydi xolos (kasb bayramida). Aksincha, aynan shifokor va o'qituvchi jamiyatimizning eng obro'li, kerakli va barcha tomondan hurmat qilinadigan insonlari orasida bo'lishi kerak edi. Hokim emas, siyosatchi emas, sportchi emas, iqtisodchi emas, kerak bo’lsa tadbirkor ham emas, aynan o’qituvchi va shifokorlarni jamiyatdagi o'rnini qayta tiklamas ekanmiz, mamlakat kelajagiga katta umid qolmaydi. Men hohlardimki, biroz bo’lsa ham rivojlangan O’zbekistonda o’qituvchi va shifokorlarning hayot sifati, maoshi, mehnat erkinligi, va jamiyatdagi obro’si juda katta bo’ladi. Hech bir kimsa ularga baqirmaydi, buyruq bermaydi, ko'chaga, uyma-uy yurishga, dalaga yoki boshqa vazifalarga haydamaydi, ishiga aralashmaydi.

Albatta, o’qituvchilarga ham, shifokorlarga ham balandparvoz gaplarning umuman keragi yo’q, tabriklar, sovg’alar, unvonlar ham kerak emas. Ularga ikkita narsa kerak: erkinlik va mehnatiga yarasha moddiy rag’bat. Bo’ldi.

Men buni ataylab shifokorlar yoki o’qituvchilar kunida yozmadim. Ularni faqat bir yilda eslab, tabriklab, chapak chalish hech narsa bermaydi. Huddi bosh qomusimizni bir yilda bir marotaba qabul qilingan kunini bayram qilib, eslash o’rniga uni har kuni ishlab turganini nishonlay olishimizni hohlaganim kabi o’qituvchi va shifokorlarni ham har kuni “bayram” bo’lishini hohlayman.

Yana bir bor qaytaring: O’qituvchi va shifokorlar xizmatkor emas!

@uzbekonomics
Xizmatkor haqida gap ketganda…

Umuman olganda, hech kim hech kimga xizmatkor emas. Lekin bir toifadagi kasb borki, ular deyure va defakto xizmatchi vazifasini o’tashi kerak - hokim. Ya’ni ular aholiga xizmat qilish kerak.

Biroz bo’lsa ham rivojlangan mamlakat haqidagi orzular haqida gap ochar ekanman, men bizda hokimlar saylanadigan lavozim bo’lishini hohlardim. Juda oddiy narsa axir. Hokim ijro hokimiyati oldida aholining saylangan vakili bo’lishi kerak, teskarisi ya’ni hokimiyatning aholi oldidagi vakili emas. Feodal tizim alomatlari, egalik, xo’jayinlik kabi hislatlar hokimlarda mujassam bo’lishi kerak emas. Ular xo’jayin emas aksincha, ovoz beruvchilarning manfaatlarini himoya qilish, ularning istak va ehtiyojlarini qondirish uchun ishlaydigan xizmatchi bo’lishi kerak. Erkin saylov bilan kelib erkin saylov bilan lavozimidan ketadigan (agar orasida muddatidan avval ketib qolmasa). Ularga ishonch belgisi aholining ovozlari bo’lishi kerak va ular aholi oldida hisobdor bo’lishlari kerak. Tabiiyki ularning vakolati cheklangan bo’ladi va ularga ham ijro hokimiyatidan ortiqcha vazifalar yuklatilmaydi, asosiy ishlaridan tashqari boshqa vazifalar bilan shug’ullanmaydilar. O’qituvchi va shifokorlar kabi. Kattaroq xulosa ham quyidagicha: hamma faqat o’z ishi bilan shug’ullanishi kerak.

Bilmadim bunga qachon va nechanchi avlodda (renessansda?) kelamiz, lekin bu bir kun albatta amalga oshishi kerak. The sooner the better.

@uzbekonomics
​​Vazirimizning gaplariga qo’shilaman - nafaqat hokimiyatning xajmini balki uning aholi hayotidagi o’rni va davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini keskin qisqarish maqsadga muvofiq.

Shu o'rinda qiziq kuzatuv. Oxirgi 15 yil ichida hokimiyat so’zi ishlatilgan barcha normativ hujjatlarning soni (absolyut):

2021(3-ch) -- 455
2020 -- 456
2019 -- 529
2018 -- 400
2017 -- 307
2016 -- 136
2015 -- 99
2014 -- 115
2013 -- 104
2012 -- 122
2011 -- 106
2010 -- 106
2009 -- 111
2008 -- 96
2007 -- 103
2006 -- 115
2005 -- 97

Manba.

@uzbekonomics
Kanalimning nomiga sodiq qolgan holda navbatdagi kuzatuvim:

O’zbekistonda kutubxonalarning (+axborot resurs markazlari) soni:
2000 yilda: 6027 dona
2020 yilda: 400 dona

Bulardan, shaharlarda:
2000 yilda: 1013 dona
2020 yilda: 361 dona

qishloqlarda:
2000 yilda: 5014 dona
2020 yilda: 39 dona (!!)

Ya’ni, 20 yilda kutubxonalarimizning soni 93%ga (!) qisqargan. Bundan xulosani o’zingiz qilavering.

Kutubxona bu faqatgina kitoblar saqlanadigan, va faqat o’sha kitoblarni o’qish uchun boriladigan oddiy bino emas. Ular hatto faqat bilim olinadigan joy ham emas. Fuqarolik jamiyati rivojlanishida, kutubxonalarning, ayniqsa jamoat kutubxonalarning o'rni beqiyos.

Raqamlar Davlat statistika qo’mitasidan.

@uzbekonomics
​​Bilasizmi AQSh aholisi eng ko’p tashrif buyuradigan madaniy joy qanday?

Kino? Teatr? Sport o’yinlarini tomosha qilish? Konsert? Muzey?

Yo’q. Kutubxona.

Gallup so’rovnomasiga ko’ra, 2019 yilda o’rtacha AQShlik kutubxonaga 10.5 marotaba borgan bo’lsa, tashrif bo’yicha ikkinchi o’rinda turadigan kinoteatrlarga 5.3 marotaba boribdi. Eng qizig’i, bu daromad farqiga bog’liq emas ekan, ya’ni daromad tasnifidan qat’iy nazar kutubxonaga odamlar qolgan barcha madaniy hordiq turlaridan ko’ra ko’proq borishar ekan.

Yana bir bor qaytaraman, kutubxonalar faqat kitob o’qiydigan bino emas. Kutubxonalar, ayniqsa jamoat kutubxonalari - bu haqiqatan ham demokratik makon hisoblanib u yerda hamma qabul qilinadi: yoshi, jinsi, qobiliyatli, etnik, diniy, va ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishidan qat’iy nazar hamma narsa hamma uchun erkin taqdim qilinadigan joy. Ingliz tilida ibora bor “leveling the playing field” degan, ya’ni o'yin maydonini barchaga tenglashtirish. Jamoat kutubxonalari aynan mana shunday ro’lni o’ynaydilar, ma’lumotlarga ega bo’lish imkoniyatini barchaga taqdim etadi, o'rganish va o'sish uchun teng imkoniyatlar yaratadi.

Aytishingiz mumkin, 21-asrda jismoniy kutubxonalarga ehtiyoj qolmagan, hamma narsa elektron tarzda-ku deb. Adashasiz. Aynan o’sha internetdan ham foydalanish, siz aytayotgan elektron kitoblardan foydalanish imkoniyatini ham aynan kutubxonalar barchaga tenglashtirib beradi. Bunga siz qo’shilmasligingiz mumkin, lekin keksalar, kam ta’minlanganlar, sog’liq tufayli mobilligi yo’q aholi, va umuman o’sha internet/kompyuter/planshetdan foydalanish imkoniyati, sharoiti yo’q aholini unutmang. Ular O’zbekistonda mutlaq ko’pchilikni tashkil etadilar.

@uzbekonomics
Nobel mukofotini bu yil Angrist, Kard va Imbens oldilar. Qaysi hissalari uchun va umuman ularning faoliyati haqida qisqa lekin juda tushunarli tilda bilmoqchi bo’lsangiz, bu yerda o’qing.

Bir narsani bilish juda muhim. Alan Kruger ham tirik bo’lganda (ikki yil oldin vafot etgan), bugun u ham sovrinni qolganlar bilan birga bo’lishgan bo’lar edi. Kruger haqida bu yerda o’qishni tavsiya qilaman.

Angristning videolari ham juda qiziq va foydali.

@uzbekonomics
Mana shu narsa meni ham o’ylantirayotgan edi. Agar bir oilada er-xotin alohida anketani to’ldirsa ular 3 million raqam ichida ikki marotaba hisobga olinadi. Undan tashqari, 3 million ichiga farzandlar (derivatives) ham qo’shilgan. Farzandlarni va ikki marotaba hisoblangan turmush o’rtoqlarni olib tashlab alohida hisoblansa raqam deyarli 1.5 million atrofida bo’lsa kerak. Lekin buning ahamiyati katta emas, ushbu raqam foizda baribir juda katta. Va mamlakatdan ketmoqchi bo’lganlarning asl soni ushbu raqamdan bir necha karra ko’pligining ehtimoli katta.
Agar bu ko’rsatkichni mamlakatdan ketishga bo’lgan moyillik sifatida ishlata olsak va agar O’zbekistonda mehnatga layoqatli aholining necha foizi ushbu lotareyada qatnashib keladi desangiz, ularning ulushi oxirgi yillarda^ quyidagicha:

2014: 6.9%
2015: 6.3%
2016: 8.7%
2017: 12.6%
2018: 11.5%

Ya’ni, 2018 yilda mehnatga layoqatli aholining 11.5 foizi “ketishni” hohlagan. Bu ulush faqat o’sib borayotgani albatta o’ylantiradi.

Boshqa mamlakatlar bilan solishtirish uchun, 2018 yilda mehnatga layoqatli aholisining “ketishni” hohlagan ulushi eng katta bo’lgan 10ta mamlakatlar (lotareyada qantashishi mumkin bo’lgan mamlakatlar orasidan, masalan Shimoliy Korealiklar qatnasha olmaydi):

Nepal: 4%
Cuba: 6.2%
Armenia: 6.4%
Togo: 9.5%
Uzbekistan: 11.5%
Albania: 12.9%
Ghana: 15.1%
Liberia: 21.2%
Moldova: 22.7%
Sierra Leone: 36.2%

Agar ushbu lotareyada qatnashishga hech qanday baryerlar, ya’ni, internetga ulanishga vosita (kompyuter, smartfon), bazaviy ingliz tilini bilish kabi to’siqlar bo’lmaganda ushbu raqam ancha katta bo’lar edi. Xullas, Behzodning gapiga qo’shilaman. Ketishga bo’lgan moyillik va O’zbekistonliklar uchun yilda eng kutilgan oylar bu oktyabr va may bo’lib borayotganining asosiy sababi iqtisodiy.

^bu yerda yil anketa nechanchi yilda to’ldirilganini bildiradi. Masalan, 2018 yilda to’ldirilgan anketalar FY2020 deb belgilanadi.

@uzbekonomics
Iqtisodiyotga qisqa va afsuski asosiy xarakteristikalardan biri: manfaatlar to'qnashuvi.
Yangilik bir narsani eslatib yubordi. Xalq ta’limi vazirimizning ta’kidlashicha, 2018−2020 yillarda O‘zbekistonda 57.7 mingta yangi uylar qurilgan bo‘lsa, atigi 56 ta yangi maktab bunyod etilgan, yana 158 ta maktab qurish talab etilar ekan. Bundan tashqari, ta’lim tizimida o’zgarishlar, xususan maoshlar yoki maktab sinfida 35ta emas 24tadan o’quvchi bo’ladi deb so’rasangiz asosiy javob: “Ilojim bo‘lganida edi, biroq byudjet cheklangan” bo’ladi. Darhaqiqat shunday.

Keyingi safar byudjet taqsimotida (soliq to’lovchilarning pullari), qandaydir katta maqsadga pul ajratishdan oldin kimdur mobodo “ushbu loyihaga ketadigan mablag’ni boshqa qayerga ishlatishimiz mumkin? Shu aslida soliq to’lovchilarga kerakmi?” deb so’rab qolsa, masalan vazirimizning gaplarini eslashimizni istayman. Masalan, shartli “obodonlashtirish”ga yo’naltirilgan xxx milliard mablag’ shartli maktab qurilishi yoki ta’miriga ketishi mumkin bo’lgan pullarni olib qo’yishini yodda tutishimiz kerak. Ya’ni shartli maktab qurishdan ko’ra shartli haykal o’rnatish jamiyatga muhimroq ekan degan xulosa tug’iladi.

Biz boy mamlakat emasmiz, shuning uchun ko’p maqsadlarni amalga oshira olmasligimizning sababi pulimiz kamligida emas, balki o’sha mavjud kam pulni ham isrof qilmay oqilona taqsimlay olmasligimizda. Ba’zi xarajatlarimizga qaraydigan bo’lsam, o’zimizni xuddi boy mamlakat ka’bi tutyapmizmi deb o’ylab qolaman….

@uzbekonomics
Ha aytgancha, paradoksni qarang, oxirgi paytda tilimizdagi eng vayronkor va buzg’unchi so’z menimcha “obodonlashtirish” bo’lsa kerak. Bu faqat mening fikrim emas.

@uzbekonomics
​​Yashil mamlakat uchun nafaqat ekilgan, hatto ko’kargan ham emas balki kesilmagan daraxt asosiy ko’rsatkich bo’lishi kerak menimcha. Daraxt ekishni, uni parvarish qilib, sug’orib ko’kartirishni eplay olmasligimizni tan olishimiz kerak.

Mavjud daraxtlarni kesishni bas qilsak menimcha shuning o’zi juda va juda katta yutuq bo’lar edi. Afsuski, bizda daraxt kesilmasdan bir kun ham o’tmaydi. Ayniqsa qishga yaqin paytlarda.

Erkak kishi hayotida qilishi kerak bo’lgan narsalardan biri daraxt ekishi kerak degan gap bormidi? Menimcha bu noto’g’ri. Ekib ketib esidan chiqarib yuborish onson, ertasiga so’lib qolishidan ishi bo’lmay. Bizning sharoitda daraxtni kestirmaslik katta mardlik, va hurmat belgisi bo’lsa kerak. Bizdan oldin kimdur mehnat qilib ekib ketgan va biz emas boshqalar uning rohatini olib yurgan, va biz tegishga haqqimiz bo’lmagan daraxtni shavqatsiz ravishda kesib tashlashdan yomon joxillik bo’lmasa kerak.

@uzbekonomics
Respublikamizning eng oliy davlat vakillik organi bo’lgan Oliy Majlis binosining orqa tarafida nima qurilyapti? Kichik sun'iy ko'l bor edi, fontan bilan. U joyni ham berib yubordikmi?

Shunchaki qiziq, Toshkentda suvli joy, ko’l qoldimi? Bu yer, Roxat ko’li, milliy bog’ ko’llariga beton quyilganini inobatga olsak boshqa qolgan joylar ham g’animat.

@uzbekonomics
​​Yuqoridagi savolga javob - teatr ekan. Joyga borib kelishibdi, tezkor ma’lumot uchun rahmat. Yon atrofingizdagi bog’, daraxt va ko’llardan xabar olib turishingiz kerak. Agar qolgan bo’lsa va agar ular sizga kerak bo’lsa.

Ikkinchi savol, ya’ni, Toshkentda suvli joy va ko’l qoldimi yo’qmi degan savol hali ham ochiq. Agar yuqoridan qaraydigan bo’lsak, shahrimiz va nihoyat o’z nomiga yarashadigan qiyofaga kirayotgani bilan tabriklashimiz mumkin va buni bayram qilishimiz mumkin - Toshkent bu tosh va betonlar shahri. Hech qanday bog’lar va ko’llarga bu shaharda joy yo’q. Aynan bog’lar, daraxtlar va ko’llar joyida shaharga ko’proq mehmonxonalar, kvartiralar, ko’ngilochar va savdo majmualari kerak ekan. Bu fikr emas, shunchaki fakt holos.

Nyu-Yorkni beton junglisi deydigan odamlar Toshkentda bo’lmagan.

@uzbekonomics
Aholiga kredit olishni rag’batlantirish siyosati qanday natijaga olib keladi?

Bu jiddiy masala. Ko'p rivojlanayotgan mamlakatlarda uy xo'jaliklarining qarzlari o'sib bormoqda. Ko'p vaziyatlarda qarzning bunday o'sishi hukumat siyosati tomonidan rag'batlantiriladi, davlat banklari orqali.

Iqtisodchilar bu savolga javob berish uchun Braziliyadagi vaziyatni tadqiqot qilishibdi. 2011 yildan boshlab, Braziliya hukumati ham davlatga tegishli banklar orqali uy xo'jaliklarini agressiv kreditlash orqali iqtisodiy faollikni oshirishga harakat qildi. Savol tug’iladi, uy xo'jaliklari kreditini rag'batlantirish yaxshi siyosatmi, oqibatlari qanday? Bu savollarga javob bizga qiziq, chunki O’zbekistonda ham iqtisodiy faollikni oshirishda uy-xo’jaliklarini kreditlash kampaniyasi ketmoqda. Braziliyadagi bank kreditlari ulushining qariyb yarmini tashkil etadigan davlat banklari an'anaviy ravishda hukumat siyosatini amalga oshirishda muhim rol o'ynaydi. Bizda ham shunday.

Tadqiqotga ko’ra, 2011 yildan Braziliyada moliyaviy savodxonligi past bo'lgan davlat xizmatchilari orasida oson kredit olish juda tez o’sgan. Oxir oqibat, hukumat tomonidan eng ko'p kreditni olgan ushbu shaxslarda 2011 yildan 2016 yilgacha o'rtacha iste'molning pastligi va yuqori iste'mol o'zgaruvchanligi kuzatilgan. Braziliyadagi 2014-2016 yillardagi krizisda esa ushbu guruh o’z xarajatlarini eng ko'p qisqartirdilar.

Umuman olganda, ushbu dastur, ya’ni hukumat tomonidan uy xo'jaliklari kredit olishga rag’batlantirish siyosatiga tayanishning salbiy natijalarini ko’rsatdi. Ayniqsa, ayrim shaxslarning moliyaviy savodxonligi past bo'lishi mumkinligini hisobga olinsa, ushbu dastur ularga katta shikast yetqazadi.

Xullas, ushbu tadqiqot haqida batafsil bilmoqchi bo’lsangiz, maqola bu yerda.

@uzbekonomics
An'anaga ko’ra raqamlar.

Oxirgi 15 yil ichida nazorat so’zi ishlatilgan barcha normativ hujjatlarning soni :

2021 (10 oy) -- 957
2020 -- 1033
2019 -- 1450
2018 -- 1348
2017 -- 1145
2016 -- 421
2015 -- 334
2014 -- 403
2013 -- 427
2012 -- 416
2011 -- 413
2010 -- 389
2009 -- 462
2008 -- 446
2007 -- 405
2006 -- 446
2005 -- 232

1984 kitobni yana bir bor o’qib chiqishim kerak ekan.

P.S. Albatta, aksariyat qarorlarning tagida “bu qaror nazorati falonchiga yuklatilsin” deyiladi, va oqibatda yuqoridagi o’sish shunchaki ko’proq qarorlar chiqayotgani bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Lekin, xulosa baribir o’sha-o’sha.

Manba.

@uzbekonomics
Fursatdan foydalanib.

Ijtimoiy tarmoqlar, Telegram yoki YouTube keyingi safar yana kelishib yoki kelishmasdan “uzilib qolsa” ham, Behzod Hoshimov bilan podkastimizni barcha platformalarda eshitishni davom ettirishingiz mumkin;)

Navbatdagi epizod grin-karta lotareyasi, uning atrofidagi raqamlar, ba’zi sabab va oqibatlar haqida bo’ldi va hozir yuklandi.

Eshitish va obuna bo’lish uchun:
PodbeanSpotify, Yandex Music, Stitcher

@uzbekonomics
​​Medici vicious circle yoki Renessansda nima bo’lgan?

O’zi asl renessansda, o’rta asrlarda Italiyadagi uygʻonish davrida, nima bo’lgan edi va nima uchun u korxonalar teoriyasiga (theory of a firm) hamda hozirgi zamonga taaluqli degan savol bor. Aynan uyg’onish davridagi siyosiy-iqtisodiy voqealar qanday kechgan, qanday qilib u Florensiyani, ya’ni Yevropaning eng sanoatlashgan va kuchli shaharlaridan birini zaiflashtirdi degan savollarga javob nafaqat hozirgi AQShdagi korxona-siyosat aloqalariga balki boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarga ham taaluqli.

Yuqoridagi savollarga javobni professor Luigi Zingales sarlavhada men ishlatgan jumlada umumlashtirilgan: Medici vicious circle - Medicilarning ayovsiz doirasi. Gap shundaki, bu doirada pul siyosiy kuchni qo’lga kiritish uchun, siyosiy kuch esa o’z navbatida pul topish uchun ishlatiladi. Neoklassik nazariyaga ko'ra, firmalarda o'yin qoidalariga ta'sir qilish uchun hech qanday kuch yo'q. Aslida esa bunday emas, firmalar shunday kuchga ega - firmalar qanchalik ko'p bozor kuchiga ega bo'lsa, ular siyosiy kuchga ega bo'lish qobiliyatiga ham, va eng muhimi ehtiyojga ham ega bo'ladilar. Shunday qilib, bozor konsentratsiyasi osongina Medicining shafqatsiz doirasiga olib kelishi mumkin. Umuman olganda, jamiyat va iqtisodiyot yetarlicha raqobat, shaffoflik yo'qligida va axborot assimetriyasi bo'lganda yutqazadi. Bunday sharoitda kompaniyalar o'zlarining o'sib borayotgan bozor kuchidan o'zlarining siyosiy kuchlarini mustahkamlash uchun foydalanadilar, bu esa o'z navbatida innovatsiyalar va raqobatni buzish, chegirmalar qo’yish, tariflarni qo’yish, subsidiyalarni olish uchun ishlatiladi.

Iqtisodiy siyosat jamiyatning hisobiga allaqachon kuchli bo’lganlarning manfaatlariga ishlashi emas, aksincha, iqtisodiy siyosat butun jamiyatga oqilona xizmat qilishi kerak.

Medici kimlar ekanligini, va umuman renessansdagi iqtisodiy-siyosiy jarayonlar haqida o’rganishni o’quvchilarning o’zlariga qoldiraman. Zingalesning maqolasi esa bu yerda.

@uzbekonomics