proles.uz
11 subscribers
405 photos
72 videos
5 files
18 links
Download Telegram
Eshmurod shunda iskamiyaga oʻturub gazitani oʻqiy boshladi. Gazitaning qay yeriga qarasa turkistonli bechoralarning ilmsiz va hunarsiz holda maishat qilganlariga taassuf qilub yozadir. Yana diqqat… Yana xafalik…
Bu bizning Turkistonimiz gʻaflatdan uygʻonurmi? Yoʻqmi? Biz bunday holda boʻlsak bitamiz… inqiroz topamiz…
Oʻquganlarimizni kofirga hukm qilamiz. Ammo oʻz bolalarimizning odati vahshiyonalariga deyar soʻzimiz yoʻqdir. Biz bu holda boʻlsak kishi qatoriga sanamaylar. Yevrupolilardan odati qabihalarin kasb qilurmiz. Ammo madaniyat, funun va sanoiʼlariga koʻz yumub tururmiz. Biz odam boʻlmaymiz… bitamiz… inqiroz boʻlamiz… Oh, jaholat!!! Bitduk, bitduk… Oʻlduk, tirilmaymiz…


Abdulhamid Cho’lpon.
❤‍🔥2
Yana oʻsha anhor boʻyi.
Yana oʻsha sichqon teshgan elakdek oy. Yulduzlar kuygan qozon tagidek jimir-jimir qilib turishibdi. Anhor shaloplab qirgʻoqqa sapchiydi. Oy aksini maydalab oqizib ketmoqchi, majnuntol novdalariga osilib bir dam toʻxtamoqchi boʻladi-yu, eplolmaydi. Harsang tosh ustida oyogʻini suvga botirib Umida oʻtiribdi. Anvar hovliqib-hovliqib gapiradi.
– Bilasanmi, bilasanmi, dunyoda kranchilikdek qoyil ish yoʻq. Shundoq tepasiga chiqib qarasang dunyoning narigi chekkasi ham koʻrinadi. Men oʻsha yerdan turib sizlarning tomlaringizni koʻrdim. Koʻllar, bogʻlar, imoratlar... Bitta samolyot xuddi-xuddi oyogʻimning tagidan oʻtib ketdi.
Umida koʻzlarini katta-katta ochib, unga qarab turibdi. Choy qogʻozini burdalab tashlagandek oy tangalari suv betida milt-milt oqadi. Katta koʻprik ustidan oʻtayotgan mashina chiroqlarining aksi xuddi suvga bir shoʻngʻib olgandek narigi qirgʻoqqa yetmay soʻnadi.



Said Ahmad.
❤‍🔥2
Ayol zoti sevishni bildirishi uchun soyasi va aks sadosiga aylanishga rozi boʻlgan erkakdan nafratlanadi. Oʻz aksi bilan soʻzlashishning kimga ham qizigʻi bor. Menga sening istehkom singari mustahkamliging zarur. Zero, har bir toshingdan senliging bilinib tursin.

 

Antuan de sent ekzyuperi.
❤‍🔥2
Panjarada
Olov halqa yonar charsillab,
Arslon uzra —
Uzun qamchi o‘ynar qarsillab.

Yoldor yirtqich
Egasiga sovuq tikilar,
Na’rasidan
Tomoshagoh larzaga kelar:

— Ojiz odam!
Bas, boshimda qamchi o‘ynatma!
Ko‘ksimdagi
Uxlab yotgan hisni qo‘zg‘atma!

Haddan oshma!
O‘z boshingga o‘zing yetarsan,
Etlaringni
Nimta-nimta qilsam, netarsan!

Ko‘rib qo‘y,
Bu panjalarni siynangga solsam,
Shuhratparast yuragingni
Sug‘urib olsam,

Yiltiragan badaningdan
Tirqiratsam qon,
Najot bermas —
Senga qarsak chalgan olomon.

Bor!
Olovdan sakramasman!
Bo‘lma ovora!

Bilasanmi —
Men kimman-u sen kim, bechora!

Men — to‘qaylar shohi,
Tutqun bo‘lsam-da agar,
Sen-chi — no‘noq masxaraboz,
Pastkash bozingar!

Shuhratga mast,
O‘z holini bilmagan basir!
Nomard taqdir
Meni qildi qo‘lingga asir!

Halol kuchga zavol bergan,
Hiylaga qudrat,
Meni bandi qafas etgan
Dunyoga la’nat!

Ey, ivishiq ko‘kragini
Zavq bilan kerib,
Sher zotini masxaraboz
Qo‘liga berib,

Mard holidan
Rohat olib qilgan xandalar,
La’nat sizga,
Tomoshabin, gumroh bandalar!

Panjarada
Olov halqa yonar charsillab.
Arslon uzra
Uzun qamchi o‘ynar qarsillab.

Yoldor yirtqich
Egasiga sovuq tikilar —
O‘rgatuvchi
Asta uning yoniga kelar.

Qulog‘iga bir so‘z aytar,
Egib qomatin:

— Nodon dema,
Men bilaman arslon qudratin.

Sen to‘qaylar podshosisan,
Men — bechoraman.
Hamla qilsang,
Bir lahzada tilka poraman.

Falak ishi —
Bizning bunday turfa sheriklik:
Menga qamchi,
Senga qafas berdi tiriklik.

Sen tantisan,
Nazdingda men quv, dog‘uliman.
Asli o‘sha tiriklikning
Sendek quliman.

Menga nedir olomonning
Olqish, qarsagi?
Sening har bir o‘tli na’rang —
Menga tarsaki.

Netay, men ham
Egalik qul,
Boshda xo‘jam bor.
G‘azab qilsa,
Ko‘zlarimga dunyo bo‘lar tor.

Menda-ku dard,
Iste’dod bor,
Bor andak sehr.

Hech bo‘lmasa,
Hayvonotga
Shafqat-u mehr.

Tomoshagoh egasi kim
Mening qoshimda!
Ammo qamchi o‘ynatar u
Doim boshimda.

Holatimni tushun,
Isyon qilma, birodar.
Charx oldida
Ikkimiz ham asli barobar.

Garchi arslon o‘ynataman,
Garchi men — odam,
Oy so‘ngida qand kutaman
Xo‘jamdan men ham.

Goh jonimdan o‘tsa zulm,
Na’ra tortaman.
Lekin bundan
Faqat boshga balo ortaman.

Bu so‘zlarga chidolmadi,
To‘lg‘ondi arslon:

— Bo‘ldi, bas qil!
Yuragimni qon qilma, inson!

O‘t olsin bu charxi falak
Rizq-u ro‘zini!..

Arslon
Olov chambarakka
Otdi o‘zini.

1977

Erkin Vohidov.
❤‍🔥1👏1
Tabiatda bo‘shliq bo‘lmaydi. U albatta nima bilandir to‘ldiriladi. Qanchalik tan olmaslikka urinmayin, qanchalik qarshilik ko‘rsatmayin, jon-jahdim bilan inkor etmayin, biroq baribir tabiat qonunlari qoshida ojizligimni g‘ira-shira bo‘lsa-da idrok etib turardim: ong-shuurni, tafakkurni birdaniga ikki tomonga yo‘naltirib bo‘lmaydi, ikki kemaga osilgan g‘arq bo‘ladi. Inchunun, yo ilm, yo moddiyat! Unisidan ellik, bunisidan ellik foiz olib yashab bo‘lmaydi. Buning samarasi chala tug‘ilgan bolaga o‘xshab qolishi haqiqatga yaqinroq. Inchunun, tirikchilik g‘uboriga to‘lgan miyani yarqiratib tozalab tashlamoq, uning yo‘nalishini oldinga o‘zanga qaytarmoq imkonim xorijidagi ish emasmi…

Tan olay, bolalarimdan umid qilgandim. Har nechuk, olma o‘z daraxtidan uzoqqa tushmas. Biroq rafiqam tomonidan sarkash o‘jarlik va qat’iyat aralash ishonch bilan yaratilgan “bo‘shang, hech ishni eplolmaydigan, umri chaqa sanab o‘tayotgan, boshqalarga o‘xshab bunday yaxshi yashashni ham bilmaydigan” uquvsiz ota obrazi men bilan farzandlarim o‘rtasiga o‘tib bo‘lmas xitoy devorini o‘rnatdi. Shunda ham ancha urinib ko‘rdim. Ammo “iks” ning kubidan oddiy hosila ololmaydigan, logarifm bilan integralning farqini bilmaydigan bolalardan buyuk matematik chiqmasligini mendek uquvsiz katta o‘qituvchi ham bilib-tushunib turardi…


Puankare.
Abduqayum Yo’ldoshev.
20.07.2026
1❤‍🔥1🐳1
Forwarded from proles.uz
Xabar olsang yorishadigan koʻngillar bor.
3❤‍🔥1👏1🐳1
❤‍🔥2🐳1
Devor nurayapti, qulamoq yaqin,
Kuchsiz qo'llarimda boshlandi tolish.
Menga ishonganlar meni kechiring,
Qo'limdan kelmadi shaxarda qolish.

Kulib sezdirmadim, go'yo baxtlidek,
Dardimni ichimga yutib charchadim.
O'n yil sabr qildim uydan uzoqda,
Baxtli kunlarimni kutib charchadim.

Mehnatdan qochmadim, yugurdim, chopdim,
Yashashga urindim mingta yo'l bilan.
Shaxarga sig'madim, boshimni egib,
Qishloqqa qaytyapman quruq qo'l bilan.

©️Nuriddin RAHMON
🕊2