Orif Tolib
11.7K subscribers
1.11K photos
102 videos
8 files
1.91K links
Soʻz. Tahrir. Savodxonlik.

Reklama boʻyicha:
👉 is.gd/elonlar

Boshqa sahifalarimiz:
👉 taplink.cc/oriftolib

Muallif haqida:
👉 oriftolib.uz/?p=575

Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
Download Telegram
“Adabiyot” atamasi tarixi

Izohli lug‘atga ko‘ra, “adabiyot” so‘zi o‘zbek tilida uch xil ma’noda ishlatiladi:

1️⃣ Bir xalqning, davrning badiiy, ilmiy, falsafiy va bosh­qa asarlari majmui.

XX asr o‘zbek badiiy adabiyoti. Jahon adabiyoti.

2️⃣ San’atning so‘z, til vositasida badiiy obrazlar yaratuvchi turi; badiiy adabiyot.

Adabiyot nazariyasi. Adabiyot hamisha haqiqat va adolat bayrog‘ini baland tutib yashamog‘i lozim.
Gazetadan.

3️⃣ Muayyan bir fan yoki sohaga, masalaga oid asarlar, kitoblar.

Siyosiy adabiyot. Texnika adabiyoti. Mavzu yuzasidan tavsiya etilgan adabiyot ro‘yxati.

Bu so‘zning yuqorida ko‘rsatilgan 2-ma’nosi tor, maxsus ma’nosidir. U badiiy adabiyotni anglatadi va jonli tilda ko‘pincha shu ma’noda qo‘llanadi.

Xo‘sh, bu so‘z ayni shu mazmunni qachondan beri faol ifodalay boshlagan? Taniqli olim va adib Izzat Sulton “Adabiyot nazariyasi” kitobida yozishicha, O‘rta Osiyo va Sharq xalqlari ilm-fanida adabiyot so‘zi ⅩⅩ boshlarigacha badiiy adabiyot haqidagi ta’limot ma’nosida ishlatilgan, badiiy so‘z asarlari yig‘indisi adabiyot deb atalmagan.

“Muhammad G‘iyosiddin binni Jaloliddin Rompuriy 1827-yilda Hindistonda yozib tamomlangan va keyin O‘rta Osiyoda ham keng shuhrat qozongan “G‘iyosul lug‘at” kitobida adabiyot deb badiiy so‘z mahorati haqidagi ta’limotni tushunadi va unga she’r yozish qoidalaridan boshlab arab tilining sarfi (morfologiyasi) hamda nahvi (sintaksisi) gacha bo‘lgan ko‘p ilmlarni kirgizadi”, deb yozadi olim.

Xo‘sh, adabiyot so‘ziga bugungi tushunchani kim yukladi? U badiiy adabiyot ma’nosida keng iste’molga kirishiga kim sababchi?

Bu atama tarixi jadidlar faoliyati bilan bog‘liq. Ular o‘sha davr ilg‘or ilm-fanini o‘zbek jamiyatiga olib kirishga harakat qildilar. Mana shu sa’y-harakatlar sabab juda ko‘p zamonaviy fanlar bilan shug‘ullanish boshlandi, ko‘pdan ko‘p atamalar o‘zbekchalashdi, tilimizda yo‘q tushunchalarga yangi nomlar qo‘yildi. Adabiyot atamasi ham ana shu qatordan joy oldi.

ⅩⅩ asrda ko‘p sohalarda bizga ko‘prik vazifasini bajargan rus tilida ham adabiyot atamasi bu paytlari amalda emas edi. Olimning qayd etishicha, “Rossiyada ⅩⅠⅩ asrda ham tor va maxsus ma’nodagi literatura termini o‘rnida poeziya termini ishlatilar, ya’ni faqat she’r bilan yozilgan asarlargina emas, balki umuman, badiiy so‘z namunalari (shu jumladan, romanlar ham) poeziya deb atalar edi”.

Jadidlar adabiy asarlarni jamlab, bitta so‘z bilan ifodalash ehtiyojini sezdilar va buning uchun “adabiyot” so‘zini tanladilar. Bilasiz, adabiyot arabcha adab – odob so‘zidan. Kishilarga yaxshi xulq, hayotni anglash va mulohaza qilishdan saboq beruvchi asarlarga ayni shu nom munosib ko‘rildi.

“ⅩⅩ asr boshlarida ba’zi o‘zbek yozuvchilari (Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda va boshqalar) badiiy so‘z asarlari (she’rlar, masallar, hikoyalar) to‘plamini adabiyot deb atash zarurligini sezganlar. Abdulla Avloniyning “Adabiyot. Milliy she’rlardan birinchi juz” to‘plami (1909-yilda Toshkentda bosilib chiqqan) bu so‘zning maxsus, tor lug‘aviy ma’nosini tayinlashda dastlabki intilishlardan biri bo‘ldi”, deb yozadi Izzat Sulton domla. Keyinchalik Mirmulla Shermuhamedov, Abdurahmon Sa’diy, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy va boshqalarning ilmiy ishlari, maqolalari sabab adabiyot atamasi barqarorlashdi.

Demak, bugun ijodkorlar, ziyolilar eng ko‘p ishlatiladigan adabiyot atamasi yuz yil nari-berisidagi tarixga ega xolos. Biroq bu o‘zbek adabiyotining emas, shunchaki atamaning tarixi. Bungacha adabiy to‘plamlarning bayoz, devon kabi o‘z nomlari bo‘lgan. Ammo bu – alohida bir tadqiqotcha mavzusi.

@oriftolib
Omon qolsang, unutma!

Yaponiyada yuz bergan zilziladan so‘ng qutqaruvchilar bir yosh juvonning uyi oldiga keldilar. Xarobalarni tozalab, uning ostida qolganlarga yordam berish kerak edi. Shu uyda yashaydigan ayolning tanasi bir-biriga suyanib qolgan devorlarning yoriq-darzlaridan ko‘rinib turardi. U g‘alati bir holatda – xuddi ibodat qilayotganday oldinga egilgan, qo‘llari bilan nimanidir bag‘riga bosib olgandi. Uy qulaganda ayolning yelkasi va bosh qismi jarohatlangan, u allaqachon dunyodan ko‘z yumgandi.

Qutqaruvchilar ayol tanasini deyarli ko‘mib yotgan turli siniqlar va parchalarni asta-sekin tozalashdi. U guldor yo‘rgakka o‘ralgan go‘dakni quchoqlab olgandi. Chaqaloq taxminan uch oylik edi. Uy yiqilgan chog‘da ona o‘z jonini fido qilib, bolasini qutqargan ekan.

Guruh boshlig‘i bolakayni qo‘lga olgan payt u hali hech nimadan xabarsiz, tinchgina uxlab yotardi. Go‘dakni tekshirishga kelgan shifokor yo‘rgakni ochib, uning ichida yotgan qo‘l telefonini topib oldi. Telefon ekranida “Omon qolsang, unutma, men seni yaxshi ko‘raman, bolam”, degan xat bor edi.

Hali tanasidagi issiq jonidan, ong-u shuuridan ayrilib ulgurmagan bechora ona qo‘lidagi telefonga bir umrlik vidolashuv va mehr xatini yozib ketibdi. Balki o‘sha oniy lahzalarda u o‘g‘lining chopqillab o‘ynab yurganini, bejirim tuflicha va oppoq ko‘ylakda maktabga borganini, bo‘ydorgina yigitga aylanib jilmayib turganini xayolidan o‘tkazgandir. Cheksiz onalik mehr-muhabbatini ana shu bir og‘iz gapga sig‘dirmoqchi bo‘lgandir.

Qutqaruvchilar telefonni bir-biriga uzatar, onaizorning so‘nggi so‘zlarini o‘qib, ko‘zlarida yosh halqalanardi.


Orif Tolib

“Irfon” taqvimining 2012-yil 4-sonida chop etilgan.
“Bugun askarlar tug‘ilgan kuni ekan” 😊

To‘g‘risi, hech bir tabrikdan ko‘nglim bunchalik yorishmagandi. Bugun qizim bog‘chada rangli qog‘ozlardan sovg‘a yasab chiqibdi. “Bugun askarlar tug‘ilgan kuni ekan. Tabriklayman, ada!” dedi yugurgilab kelib. Bog‘chada tez-tez tug‘ilgan kun qilib turishadi, shekilli, bayram degani tug‘ilgan kun bo‘ladi, deb tushunib olgan-da.

Singlisiga bermasligimni, yirtib qo‘yishi mumkinligini bot-bot takrorladi. Asrab qo‘yishimni aytdim.

Sovg‘angni yuragimga joylab qo‘ydim, qizim. Xavotir olma, yirtilmaydi, yo‘qolmaydi.

Senga kaattakon rahmat... va shakalat. Singlinggayam. Katta bo‘lsa, uyam shunaqa sovg‘alar yasab beradi.

@oriftolib
Taklifnoma

So‘kar dunyo degan bir g‘amxonani,
Kiborlarni so‘kar g‘azabga to‘lib.
Va lekin to‘y qilsa, “Taklifnoma”ni
O‘shalarga eltar birinchi bo‘lib.

Abdulla Oripov
Dushmanlarim umuman yo‘q. Men nimagadir yo kimgadir dushman bo‘lishim mumkin: meni ko‘plar o‘ziga dushman deb hisobladi.

Menga hasad qiladiganlar, albatta, bor, lekin menda hasad qiladigan narsaning o‘zi yo‘q. Hasadchilarga achinaman – ular kasal odamlar. Axir hasad – o‘ta og‘ir kasallik.

Meni sevganlarga, bahoyimni oshirib yubormang, deyman. Qanday nuqsonlarim borligini ko‘pchilik bilmaydi. Meni ta’riflaganlariday yaxshi emasman, hasadchilar aytganday yomon ham emasman. Paytida ularning da’volariga ham quloq osganman. Mening hayotim jangi jadal emas, sevgi. She’rlarim qahr-u g‘azabdan emas, ezgulikdan so‘ylaydi.

Rasul HAMZATOV

Suhbatni to‘liq o‘qish
Ichimizdagi qafas

Bir mahalliy hayvonot bog‘iga qutb ayig‘i sovg‘a qilishdi. Bog‘ ma’muriyati maxsus hovuz qurib bitirilguncha ayiqni katta qafasda saqlab turishga qaror qildi. Bog‘dagi eng katta qafas olib kelinib, hovuz ichiga qo‘yildi. Ayiq shu qafasga kiritildi. Biroq yangi “uy”i unga torlik qildi. Bechora jonivor bir tomonga uch qadam tashlagach, to‘siqqa yetib kelar, zo‘rg‘a burilib, ortiga qaytar edi. Yana uch qadam yurar, yana o‘girilardi…

Oradan bir muddat o‘tib, hovuz bitdi. Qafas olib tashlandi. Kenggina hovuzda bemalol aylanib yurish imkoni tug‘ildi. Biroq u oldingiday uch qadam tashlar, so‘ng qiynalib burilar, yana uch qadam yurgach, yana qayrilardi. U o‘tgan vaqt ichida o‘z ichiga qafas qurib olgan ekan…

Biz ham xuddi shu ayiq kabi o‘z imkoniyatlarimizni o‘zimiz cheklab olamiz. Hech qachon ichingizga qafas qurmang! Dunyoga faqat bir nuqtadan qarash, uni faqat bir xil rangda ko‘rish bizni chegaralab, kishanlab qo‘yadi. Agar shunday ichki qafasni allaqachon qurib qo‘ygan bo‘lsangiz, uni buzib tashlang. Bu ish faqat o‘zingizninggina qo‘lingizdan keladi. Bunga jiddiy harakat qilmas ekansiz, sizga hech kim yordam bera olmaydi.


Orif Tolib
tayyorladi.

@oriftolib
Rasul HAMZATOV

***

“Burgutlar! Ne sabab uyg‘otdi havas
Sizda bu qoyalar, bu sovuq qorlar?”
“Ozodlik tuyg‘usi issiq uygamas,
Bizni cho‘qqilarga – yuksakka chorlar”.

“Yurtdoshlar, bu yerga keldingiz nega,
Bu yerda nima bor tog‘-toshdan o‘zga?!”
“Issiq uylar emas, shu qor, shu qoya
Ozodlik tuyg‘usin baxsh etdi bizga!”


Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi

@oriftolib
Agar oʻrganishni istamasang, hayot hech narsani oʻrgatmaydi.

Bernard Shou

@oriftolib
Yurak ko‘ngilga aylangan chog‘lar

...
– Nega uxlamayapsan? – ayolimning jur’atsiz tovushi eshitildi.

Qaysarligimiz sabab uzoq davom etgan sukunatni birinchi bo‘lib u buzdi, bu esa ko‘nglimda og‘riqli bir qoniqish hissini uyg‘otdi.

– Bilmadim… O‘zing-chi?

Yana uzoq jim qoldik. Oy tomlarga yaqin kelib qolgan, xonamizga o‘ychan tikilib turadi.

– Kechir, – dedim unga yaqinlashib.

U javob bermadi va ko‘zlarini qo‘llari bilan berkitdi.

Men uning qo‘llarini ko‘zlaridan oldim. Yonoqlariga yosh dumalab tushdi, kipriklari yosh bolanikiday titranib turardi. Ayolimning qarshisiga tiz cho‘kib, bag‘riga yuzimni bosdim. Ikkovimiz ham sel bo‘lib yig‘ladik.

– Nahot sen aybdor bo‘lsang? – shivirladi ayolim. – Axir hammasiga men sababchimasmanmi?
...


Ushbu parcha taniqli rus yozuvchisi Ivan Buninning “Oydin kechada” hikoyasidan olingan. Unda er-xotin munosabatlari, ular o‘rtasidagi mehr hissi turli manzaralar, tuyg‘ular tasviri fonida juda chiroyli ochib berilgan.

Bu hikoyani ancha yillar oldin o‘qigandim. Juda ta’sirlanganman. Keyin oradan vaqtlar o‘tib, o‘zbekchaga o‘girdim. Tarjima 2016-yili “Yoshlik” jurnalida chop etildi.

Hikoya o‘zi qisqagina. Qiziqqanlar saytda to‘liq o‘qib chiqishlari mumkin:

Saytda oʻqish
Asliyatda (ruschada) o‘qish

@oriftolib
Noshukurlik

Vasiliy Suxomlinskiy

Andrey bobo nevarasi Matveyni mehmonga chaqirdi. Dasturxonga katta kosada asal va non qo‘yib, nevarasiga manzirat qildi:

– Ye, bolam, asaldan ol. Xohlasang qoshiqlab, xohlasang non bilan tushir. Olaver.

Matvey dastlab asalni nonga bulab yedi, keyin nonga asal surtib uraverdi. Oxiri nafas ololmay qoldi. Terlarini artib, tin oldi va so‘radi:

– Bobo, bu jo‘ka asalimi yo marjumak asalimi?

– Nima deding? – hayron bo‘lib so‘radi bobo. – Marjumak asali-da, bolam.

– Baribir jo‘ka asali shirinroq bo‘ladi-da, – dedi Matvey va esnadi: to‘yib ovqatlanganidan uning uyqusi kelardi.

Andrey boboning yuragini qandaydir og‘riq g‘ijimladi. U jim qotdi. Nevara bo‘lsa so‘rashda davom etdi:

– Nonning uni bahorgi bug‘doynikimi yo kuzginikimi?

Andrey boboning rangida rang qolmadi. Qalbida qattiq og‘riq tuydi. Nafas olishi qiyinlashdi. Ko‘zlarini yumib, ingrab yubordi.


Orif Tolib
tarjimasi

Asliyatda o‘qish
Haqiqiy boylik – hayotning o‘zi va qizg‘in faoliyatdir.

Jak Iv Kusto

@oriftolib
Dunyoning yetti mo‘jizasi

Bir maktabda “Dunyoning yetti mo‘jizasi” mavzusida dars tashkil etildi.

O‘quvchilarga nimani mo‘jiza deb hisoblashsa, eng muhim yettitasini yozish vazifasi topshirildi.

Hamma daftarlarini topshirdi, faqat bir qizcha hali ham yozishni tugatmagan edi. O‘qituvchi: “Senga ko‘maklashvoraymi, qizim?” deb so‘radi undan. Qizcha: “Dunyoda mo‘jizalar shunaqangi ko‘pligidan qaysi birini tanlashni bilmay ko‘p o‘ylandim”, deb javob berdi. Shunda ustozi: “Qani, tanlaganlaringni o‘qib ber-chi”, dedi unga. Qizcha birmuncha vaqt ikkilanib turdi-da, so‘ng o‘qishga kirishdi:

“Men uchun dunyoning yetti mo‘jizasi:

1. Ko‘rish.
2. Eshitish.
3. Harakatlanish.
4. Anglash.
5. His qilish.
6. Kulish.
7. Yaxshi ko‘rish”.

Butun sinfga sukunat cho‘kdi.


Orif Tolib
tayyorladi.

“Irfon” taqvimi (2014-yil 1-chorak)da
chop etilgan.

@oriftolib