Orif Tolib
11.5K subscribers
1.11K photos
102 videos
8 files
1.91K links
Soʻz. Tahrir. Savodxonlik.

Reklama boʻyicha:
👉 is.gd/elonlar

Boshqa sahifalarimiz:
👉 taplink.cc/oriftolib

Muallif haqida:
👉 oriftolib.uz/?p=575

Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
Download Telegram
Shoir Mirzo Karimga ham kredit asosida uy berilishi mumkin

Menimcha, qoʻshiq yozuvchi shoirlar ichida taʼbi nazmi balandi, didi oʻtkirlaridan biri Mirzo Karimdir. Uning juda koʻp sheʼrlari xit qoʻshiqlarga aylangan. Kuyga solinmaganlarida ham chinakam shoirning nigohi, soʻzni his qila olish qobiliyati sezilib turadi. Yaqinda bir qancha elektron nashrlarda qanchadan-qancha xonandalarga sheʼrlar yozib berib, mashhur boʻlishiga sababchi boʻlgan Mirzo Karim hanuz ijara uylarda yashayotgani haqida material eʼlon qilindi. Jurnalist Feruz Muhammad savollariga berilgan javoblar shoirning qanoatli kishi ekanidan darak berib turibdi. “Ahvolim ham u qadar ayanchli emas. Negaki, men yashayapman, nafas olayapman, oilam, farzandlarim bor...” deydi u.

Bundan yigirma besh yillar oldin Mirzo Karimning “Qoʻqonjonga qiz uzating” nomli ilk kitobi nashr etilgan. Bu toʻplamni oʻquvchilik yillarimda maroq bilan mutolaa qilgandim. Oʻshanda shoirning:

Men oʻsha Bachqirning choʻli tomonda
Kitobi chiqmagan shoirman.

degan misralari menga qattiq taʼsir qilgandi. Qoʻli kalta bir isteʼdoning ogʻriqlarini his etgandim.

Jurnalist suhbat davomida Mirzo Karimning “Jipi bor ham shoirdan sheʼrni qarzga soʻraydi” degan misrasini eslab oʻtadi. Shou-biznes olamiga yaqin odamlar bu gaplarning qanchalar haqiqat ekanini yaxshi biladi.

Mirzo aka bilan uch-toʻrt marta suhbatlashganman. Samimiy, toʻgʻrisoʻz, biroz sodda kishi. Ayyorligi, mugʻombirligi yoʻq. Menda shunday taassurot qolgan. Bu xarakteri sheʼrlarida ham koʻrinib-bilinib turadi. 2015-yili “Orangizda onam boʻlsaydi” nomli yangi kitobini oʻqib chiqdim. Goʻzal tashbehlari, ajoyib topilmalari, tortimli misralari qalbingizni tezda zabt etadi.

Kuni kecha Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining rasmiy telegram kanalida berilgan xabarga koʻra, 2017-yilning avgust oyidan 2019-yil oktyabr oyiga qadar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining 197 nafar aʼzosi Toshkent shahrida Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari uchun qurilgan uy-joydan kvartira sotib olishga ariza yozgan. Bu borada ish olib borayotgan komissiya nomzodlarning hujjatlari bilan tanishib, ularning uy-joy sharoitlarini oʻrganib chiqyapti. Oʻrganishlardan soʻng ushbu xonadonlar Uyushma aʼzolariga ipoteka krediti asosida beriladi. Bu qatordan shoir Mirzo Karim ham joy oladi, deb umid qilaman.

Imkoningiz boʻlsa, yuqoridagi videoda koʻrsatilgan kartalar orqali Mirzo Karimga moddiy yordam koʻrsating. Yaxshiligingiz mukofotini Alloh oʻn karra, yuz karra koʻpaytirib bersin.

@oriftolib
Oila qoʻrgʻoni

Oilaga darz ketishidan eng koʻp farzand jabr chekadi. Shu mazmundagi gapni koʻp eshitganmiz, balki hayotda bu holatning guvohi ham boʻlgandirmiz. Mashhur hajvchi yozuvchi Aziz Nesinning “Farzand” hikoyasida xuddi ana shu holat sodda uslubda, yorqin boʻyoqlarda ifodalab berilgan. Albatta, asarda hajvga xos boʻrttirish yaqqol sezilib turadi. Hikoyada farzandning jismoniy jarohatlari haqida soʻz boradi. Lekin bu – majoziy. Chunki ota-onaning kelishmovchiliklari, janjallari, oʻzaro nafratlari va oilaning barbod boʻlishi oqibatida bolalar tortadigan ogʻir ruhiy qiynoqlar, bir umrga ketmas boʻlib qoladigan qalbdagi chandiqlarning azob-iztirobi, asoratlari oldida jismoniy jarohatlar hech narsa emas.

Hikoyani tinglagach, bu kabi oʻy-fikrlar sizni ham yoʻqlashi tabiiy.

Oilangizni, farzandlaringizni asrang. Ularning koʻnglini ehtiyot qiling.

Odamning egosi, koʻr gʻururi bu neʼmatlardan ustun boʻla olmaydi.

@oriftolib
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Hadis va Hayot” turkumi 16–17-juzlari

Toshkent, “Hilol-nashr” nashriyoti, 2016-yil. 432 bet. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tavsiyasi bilan chop etilgan. Kitobni 2017-yil 28-dekabr kuni sotib olgan ekanman. 2019-yil sentyabrida oʻqishni boshlab, orada tanaffuslar bilan shu yil oktyabr oyi oʻrtalarida tugatdim.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qalamiga mansub “Hadis va Hayot” turkumining 16–17-juzlari “Taom, sharob va libos” deb nomlangan.

“Hadis va Hayot” turkumi turli mavzulardagi hadislar sharhidan iborat. Ushbu jildda musulmon kishi amal qilishi kerak boʻlgan yeyish-ichish va kiyinish odoblari haqida soʻz boradi. Asar oʻziga xos usulda, keng kitobxonlar ommasiga moslab yozilgan. Tushunilishi oson.

Islom diniga oid maʼlumotlarni asosi mustahkam manbalardan olish turli adashishlar va anglashilmovchiliklarning oldini oladi. Shayx hazratning barakali merosi ulkan xazinadir.

@oriftolib
Mohandas Karamchand Gandi. “Mening hayotim”

Toshkent, “Oʻzbekiston” nashriyoti, 2018-yil. 256 bet. Rus tilidan Amir Fayzullo tarjimasi. Kitobni 2019-yil 26-iyul kuni sotib olgan ekanman. 2019-yil oktyabrda oʻqishni boshlab, shu yil 24-noyabr kuni tugatdim.

Kitob annotatsiyasida yozilishicha, sotsiologlar Mahatma Gandini Albert Eynshteyndan keyin dunyoning yigirmanchi asrdagi ikkinchi shaxsi deya eʼtirof etishgan ekan. U Hindiston ozodligi yoʻlida kurash yoʻlboshchisi sifatida ham dong qozongan.

“Mening hayotim” asari muallifning bolalik davrlaridan boshlab 1921-yilgacha boʻlgan voqealarni oʻz ichiga olgan. Gandi ushbu asarga 1925-yil 26-noyabrda soʻzboshi yozgan.

Mutolaa jarayonida meni hayratga solgan ilk voqea tafsiloti Gandining 13 yoshida uylangani boʻldi. Ikki goʻdakning oila qurishi oʻsha davrlardagi biqiq anʼanalar natijasi edi. Toʻgʻri, ular birdaniga er-xotinlik hayotini boshlamagan, kelin besh-olti oylab ota-onasinikida turgan. Biroq yosh Mohandas va ayoli Kasturbay shu paytdan boshlab mustaqil hayotga baribir qadam qoʻygan.

Toʻy masalasi soʻnggi yuz yillikda xalqimizning ogʻriqli muammolaridan biri boʻlib kelyapti. Hindlarning toʻy tashvishlariga nazar tashlagan kishi bizning toʻylarimiz bilan juda koʻp uyqash jihatlari borligini payqaydi. Gandi yozadi:

“Hindularda nikoh – qiyin ish. Nikoh rasm-rusumlari xarajatlari koʻpincha kelin va kuyovning ota-onalarini xonavayron qilib tashlaydi. Ular juda koʻp mol-mulki va vaqtlarini isrof qiladilar. Kiyim-kechak tikish va taqinchoqlar yasashga, ziyofat uchun pul topishga necha oylar kerak boʻladi. Har biri tortiladigan taomlarning xillari bilan bir-birlarini mot qilishga intiladi. Ovozi yaxshi va yomon xotinlar boʻgʻilib qolishguncha qoʻni-qoʻshnilarga tinchlik bermay qoʻshiq-lapar aytganlari-aytgan, hatto baʼzilari shundan ogʻrib ham qolishadi. Bu shovqin-suronga, ziyofatlardagi bu isrofgarchiliklarga qoʻshnilar parvo qilishmaydi, chunki ular biladilar – vaqti kelib oʻzalari ham xuddi shunday qiladilar...”

Gandi Angliyadan oʻqishni tugatib kelgach, faoliyatini endi boshlagan paytlari bir oʻngʻaysiz vaziyatga tushadi. Uning akasi Poʻrbandar hokimiga kotib va maslahatchi boʻlib ishlagan, soʻng notoʻgʻri maslahat berdi degan ayblov bilan ishdan olingandi. Akaning ishi unga qarshi kayfiyatda boʻlgan siyosiy agentga kelib tushadi. Gandi Angliyada bu amaldor bilan tanishgan, doʻstona munosabatda edi. Akasi ana shu tanish-bilishlikdan foydalanib, agentga bir ogʻiz aytib qoʻyishini iltimos qiladi. U zamonlarda koʻp ishlar tanish-bilish yordamida bitar ekan-da, qarang. Mohandas bu taklifga koʻnmaydi, tartib-qoidaga koʻra ariza bering, shikoyat qiling, deydi. Lekin akasi bu gapdan xafa boʻlib, toʻnini teskari kiyadi. Xullas, oxiri rozi boʻladi. Biroq tanish amaldor Gandining gaplarini juda sovuq qarshi oladi. Mohandas esa gapirishda davom etadi, dalillar keltirmoqchi boʻladi. Oxir-oqibat amaldor xizmatkoriga aytib, eski tanishini quvib soladi. Aslida davlat xizmatchisi oʻzini nomunosib tutgandi, Gandi uni sudga berishi ham mumkin edi. Lekin u haqoratlarga chidaydi.

“Bu narsalarning barchasidan oʻzimga naf oldim. Endi bundan keyin oʻzimni bunaqa jirkanch ahvolga solib qoʻymayman, oʻz tanish-bilishligimdan hech qachon bu tariqa foydalanishga harakat qilmayman, deb ahd qildim oʻzimcha va shundan buyon biror marta ham bu qoidadan chetga chiqqanim yoʻq”, deb yozadi Gandi.

Koʻpchiligimiz shu singari holatga tushgan boʻlsak kerak. Yaqinlar, doʻstlar va ayniqsa begonalar uchun oʻrinli-oʻrinsiz iltimoslar qilib, hurmat-izzatni toʻkish yaramaydi. Mutlaqo. Gandining bu hikoyasi bizga bu borada jiddiy hayotiy saboq beradi.

Mutolaa jarayonida meni hayratga solgan, biroz erishroq tuyulgan holatlarga ham duch keldim. Mahatma Gandi har qanday sharoitda oʻz hayotiy prinsiplariga qatʼiy amal qilishga intiladi. Eng ogʻir, kishi gʻururini yerga toptab tashlaydigan vaziyatlarda ham quyushqondan chiqmaydi, ogʻir-vazmin va mushohadali yoʻl tutadi. Balki uning beqiyos muvaffaqiyati siri ana shundadir.

Davomi ⬇️
Gandi boshqa din va eʼtiqod vakillariga chuqur hurmatda boʻlgan. U dunyo dinlarini qiyoslab oʻrganadi, turli eʼtiqod va qarashlarga oʻta bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻladi. Muallif bir oʻrinda yozadi:

“Men Vashington Irvinning “Muhammad va sahobalari hayoti”ni va Karleylning Paygʻambarga atab yozgan panegirikini oʻqib chiqdim. Bu kitoblar Muhammadni koʻz oʻngimda yuksakliklarga koʻtarib yubordi”.

Agar u Islom dini va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam haqidagi birlamchi manbalarni oʻqiganda qanday taʼsirlanardi ekan, deb oʻyladim. Soʻng sof qalbli va adolatparvar kishining munosabati ham adolatli va samimiy boʻlardi, degan toʻxtamga keldim.

Eʼtiborimni tortgan jihatlardan yana biri Gandining oʻta tejamkorlik, kamxarjlik bilan hayot kechirganidir. U oʻz dini anʼanalari va onasiga bergan vaʼdasiga muvofiq goʻsht yeyishdan voz kechadi. Oʻtxoʻrlik bilan cheklanmay, sut ham ichmay qoʻyadi. Ogʻir kasal boʻlib, oʻlim bilan yuzma-yuz turgandagina xotini va shifokorining qiyin-qistovi bilan majburan echki suti ichadi. Garchi u sigir suti ichmaslikka qaror qilgan boʻlsa-da, echki suti ichgani uchun oʻzini kechirmaydi. Qasamimga shaklan amal qildim, mohiyatan buzdim, deb hisoblaydi. Bu hol boshqacha dunyoqarashli odamga gʻayrioddiy tuyulishi aniq. Lekin Gandining hayot tarzi va tutumi haqida yaqqol tasavvur beradi. U kundalik turmushda ham, ijtimoiy hayotda ham oʻz qarashlarida sobit edi.

Xullas, bu kitobni oʻqib, tafakkur hududingiz ancha kengayadi, deb oʻylayman.

@oriftolib
Tilla tanga

Tangalar ishqibozining 24 ta tangasi bor. Ulardan faqat bittasi haqiqiy tilladan, vazni ham boshqalarga nisbatan ogʻirroq. Lekin barchasining koʻrinishi bir xil. Tangalarni pallali tarozida uch marta tortish imkoni bor. Xoʻsh, oltin tangani qanday qilib aniqlash mumkin?

PS. Javoblarni izohlarda qoldirishingiz mumkin.

@oriftolib
“Namordnik”ning oʻzbekchasi nima?

Itlarning tumshugʻiga taqiladigan himoya qalqonini ruslar “namordnik” deydi. “Morda” – “tumshuq” soʻzidan yasalgan. Xoʻsh, oʻzbekchada bu moslama qanday ataladi?

Baʼzi oʻrinlarda shu tushunchani ifodalash uchun tumshuqbogʻ soʻzi ishlatilganini koʻrgandim. “Oʻzbekcha-ruscha lugʻat” tumshuqlik deb izohlabdi. “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat” esa tumshuqbogʻ, burundiq deb oʻgiribdi. Burundiq soʻzini Izohli lugʻatdan qidirib, shuni topdim:

Asov, tishlongʻich tuyaning yoki qopagʻon itning tumshugʻiga kiydirib qoʻyiladigan maxsus toʻr.

Asov nortuyaday urib burundiq,
Yovvoyi buqaday solgaymiz boshvoq.
Mirtemir, Asarlar.

Yaydoq dala kelganda, burundiqni boʻshatar.
A. Muxtor, Asarlar.

Izohli lugʻatda tumshuqlik yoki tumshuqbogʻ soʻzlari yoʻq ekan. Bu soʻzlar ruschadan kalkalanib, shu tushunchani aynan tarjima qilish istagida yasalganday taassurot uygʻotadi.

Burundiq esa turkiycha soʻz. Yuqoridagi misollarda bu soʻzni oʻzbek tilining ikki bilimdoni – Mirtemir va Asqad Muxtor ishlatganini koʻrishimiz mumkin. Soʻzning izohidan burundiq juda qadimiy lugʻat ekani ham anglashiladi.

@oriftolib
Orif Tolib
Tilla tanga Tangalar ishqibozining 24 ta tangasi bor. Ulardan faqat bittasi haqiqiy tilladan, vazni ham boshqalarga nisbatan ogʻirroq. Lekin barchasining koʻrinishi bir xil. Tangalarni pallali tarozida uch marta tortish imkoni bor. Xoʻsh, oltin tangani qanday…
“Tilla tanga” jumbogʻining javobi

Ushbu savolga #23 nomli foydalanuvchi toʻgʻri javob berdi.
Toʻgʻri javob bilan tanishing:

Dastlab 16 ta tangani har bir pallaga 8 donadan qoʻyib tortish kerak. Agar qaysidir palla ogʻir kelsa, tilla tanga oʻshanda. Moboda ikkala palla ham teng boʻlsa, tillo tanga tortilmagan 8 ta tanganing ichida.

Shuni aniqlab olgandan keyin, sakkiz tangani 3 donadan ikkiga ajratamiz, yana 2 ta ortadi (8=3+3+2). Uchtalik juftni taroziga qoʻyamiz, ogʻir kelsa – tanga oʻshaning ichida, teng boʻlsa, qolgan 2 taning ichida.

Nihoyat yo qolgan 2 tani tortib koʻramiz, yoki ogʻirroq kelgan uchta tanganing 2 tasini tarozining ikki pallasiga bittadan qoʻyamiz. Qay biri ogʻir kelsa – oʻshanisi, agar teng kelsa, tortilmay qolgani – tilla tanga boʻladi.

@oriftolib
Yaxshilarni koyiymiz koʻproq

Hayotda koʻrgan, eshitgan, xulosalagan haqiqatlarimizni hamisha ham ifodalay olmaymiz. Chinakam ijodkorning xos sifatlaridan biri ana shu holatlarni, inja kuzatuvlarni qogʻozga tushira bilishdir. Kecha ulugʻ shoirimiz Abdulla Oripovning bir sheʼrini oʻqib qoldim. Muallif umrining oxirlarida yozgan sakkiz qatorli sheʼr quyidagi misralar bilan yakunlanadi:

Duch kelsak-da yomonga, biroq
Yaxshilarni koyiymiz koʻproq.

Bu oddiy haqiqatni deyarli hamma biladi. Bunday holatlar kichkinagina oiladan tortib mamlakatlar orasidagi xalqaro munosabatlarda ham kuzatiladi. Deylik, oilada ota-onaga eng koʻp yordam beradigan, yumushlarni bajaradigan farzand boshqalarga qaraganda koʻproq dakki eshitadi. Zari va zoʻri bor odam bilan oʻrtahol bir kishi janjallashib qolsa, kimning yoni koʻproq olinishi, kimga xayrixohlik namoyon etilishini yaxshi bilasiz. Yoki kuchiga ishongan bir davlat zaifroq qoʻshnisiga zulm qilayotgan boʻlsa, mazlumning yonini olishga uncha-munchasining yuragi dov bermaydi. Baʼzi jurʼat topganlar ham yo umumiy qilib, yo birov eshitmaydiganroq tarzda tanbeh berib qoʻyadi. Koʻp vaziyatlarda manfaat va qoʻrquv hammasini hal qiladi. Odam tabiatiga xos xususiyat bu. Yaxshilar esa – bezarar, ularni tergash, gʻazab qilish oson. Ular birovga jiddiy zarar yetkazmasligi yoki nomardlarcha yoʻl tutmasligi hammaga ayon...

Fikriy sheʼr matematik tenglamaga oʻxshaydi. Uning maʼnosini aqlingiz va tasavvuringizga mos usulda yechib olaverasiz.

Abdulla Oripov sheʼriyatida fikriy sheʼrlar salmogʻi katta. Katta hayotiy tajriba, kuzatuvlar va chuqur tafakkurdan tugʻilgan misralar bizni oʻylashga, hayotga teranroq nazar solishga undaydi.

@oriftolib
Ajib holat

Etaklaydi soʻqirni soʻqir,
Shuʼlalarga qasida oʻqir.

Kar odamga qoʻshiq aytar kar,
Ikkinchisi baqirar battar.

Ular bari mard erur gʻoyat,
Oʻz holidan qilmas shikoyat.

Duch kelsak – da yomonga, biroq
Yaxshilarni koyiymiz koʻproq.

Abdulla Oripov

1.09.2016

@oriftolib
Sharof Boshbekov. “Charxpalak”

Zamonaviy oʻzbek dramaturgiyasi deganda koʻz oldimda Sharof Boshbekov gavdalanadi. Garchi yozuvchiga katta shuhrat olib kelgan “Temir xotin” jiddiy komediyasi 1989 yili sahnalashtirilgan, “Charxpalak” teleseriali esa 1997–2000 yillari suratga olingan boʻlsa ham.

Toʻgʻri, boshqa shoir-yozuvchilarning asarlari asosida ham xalqqa manzur boʻlgan spektakl va kinofilmlar yaratildi. Biroq ular ijodining bosh yoʻnalishi dramaturgiya emas. Sharof Boshbekov esa asosan pyesa va ssenariylar yozdi. Adib bilan 2010-yili suhbat qurgandim. Oʻshanda Boshbekov domla kitob chiqarishga uncha qiziqmasligi, yozganlari sahnalashtirilishi yoki ekranlashtirilishi muhimroq ekanini aytgandi.

“Charxpalak” serialini toʻliq koʻrmagandim. Biroq kitob mutolaasi davomida kinoni toʻliq, qoʻshimcha tafsilotlari bilan tomosha qilganday boʻldim.

Kinoning kitobdan baʼzi ustun jihatlari bor. Odam asosiy axborotni koʻz orqali oladi va uning ongida eng koʻp saqlanib qoladigani ham ayni ana shu vizual axborotlardir. Miya hatto eshitgan narsasini ham oldin tasvirga aylantirib, soʻng xotiraga saqlar ekan. Shu sababli kinofilmlarni yaxshi eslab qolamiz. Biroq ekranda his-tuygʻuni ifodalash juda mushkul. Xayolni, oʻy-fikrni koʻrsatsa boʻladi, biroq tuygʻu va sezgilar kino uchun katta qiyinchilik tugʻdiradi. Filmning sifati masalasi ham bor. Professional ishlanmagan kino koʻzgayam, koʻngilgayam yoqmaydi.

Kitobni oʻqiyotganda esa oʻzingiz rejissyorga aylanasiz, voqea-hodisalarni tasavvuringizda jonlantirib, beqiyos kino koʻrasiz. Qahramonlarning oʻy-fikrlari, dunyoqarashi, tuygʻulari, sezimlari bilan ichdan tanishasiz, his qilasiz. Shu maʼnoda, pyesa va ssenariylarni oʻqish qoʻshimcha taasurot va zavq beradi. Mabodo siz ijod kishisi boʻlsangiz yoki shu sohaga qiziqsangiz, dramalar, kinoqissalar va ssenariylarni oʻqishingiz, uning oʻziga xosliklarini oʻrganishingiz kerak. Aynan shu yoʻnalishda ijod qilish-qilmasligingiz muhim emas. Dramaturgiyadan orttirgan bilimingiz boshqa janrlardagi mashqlarda qoʻl keladi.

Toʻgʻrisi, mutolaa davomida baʼzi voqealar boʻrttirilganroq, baʼzi qahramonlarning feʼl-atvori, fikrlashlari erishroq tuyuldi menga. Ammo bunaqa tipdagi odamlar hayotda bor. Ular oʻzini shunday tutishiga, shunday fikrlashiga yozuvchi aybdor emas. Oʻquvchida muayyan fikr, xulosa, muhabbat yoki nafrat tuygʻusini paydo qila olish ijodkorning yutugʻi, aslida.

Boʻrttirish masalasiga kelsak, yuqorida eslab oʻtganganim suhbatda Boshbekov domla juda koʻp sahna va kino asarlar hayotdan aynan koʻchirma ekani, shuning uchun ularni xushlamasligini, chinakam adabiyot gʻayrioddiy boʻlishi, odamni hayratlantirishi kerakligini aytgandi. Yozuvchining fikricha, Navoiy yoki Shekspir asarlarining eskirmasligi sababi ana shu hayratomuzlikda.

“Charxpalak”dagi Maryam obrazida favqulodda isteʼdod, avliyolarga xos sifatlar, katta botiniy kuch mujassam. Ammo bu xislatlar unda aynan nima sababli borligiga hech qanday ishora yoʻq. Juda koʻp filmlarda koʻrganmiz, biror-bir qahramonda gʻayrioddiy xususiyat paydo boʻlib qolishi uchun u odatda kutilmagan sirli hodisaga duch keladi, oʻzga sayyoraliklar taʼsiriga tushadi, biror qadimiy buyum topib oladi va hokazo. Maryam esa bunday holatlarga duch kelmaydi. Balki yozuvchi biror ishora bergandir-u, men sezmagandirman.

Koʻp oʻrinlarda yozuvchining professionalligi yaqqol sezilib turadi. Voqealar zanjiri, tugun va yechimlarning tabiiyligi, mehr yoki ziddiyat aks etgan sahnalarda qahramonlar tutadigan yoʻl va aytadigan gap-soʻzlarning oʻrinliligi, nozik qochirimlar va soʻz oʻyinlaridan ustalik bilan foydalanilgani shundan dalolat.

Gapiraman desa, gap koʻp. Shu yerda toʻxtayman va sizga “Charxpalak” kinoromanini oʻqishni tavsiya qilaman.

@oriftolib
Boshni qotirmaydigan, yengil boshqotirma 😇

Doktor buyurgan dorilar 💊💊💊

Doktor bemorga uchta yoʻtal dori berib, har birini bir donadan yarim soat oralatib ichishni buyurdi. Davolanish boshlangach, bemor oxirgi – uchinchi dorini necha soatdan soʻng ichadi? Unda bor-yoʻgʻi 3 dona dori bor.

👇 Javoblarni izohda qoldirishingiz mumkin.

@oriftolib
Shaxsiy kitoblarni asrash uchun

Taniqli fransuz yozuvchisi, adabiyot yoʻnalishida Nobel mukofoti sovrindori Anatol Frans oʻtkir fikrlari, lutflari, kinoyali-kulgili soʻzlari bilan ham shuhrat qozongan. Jumladan, uning shaxsiy kitoblarni asrash haqidagi ushbu tavsiyasi eʼtiborga molik:

“Kitoblaringizni hech kimga bermang. Aks holda, ularni qaytib кўрмайcиз. Masalan, mening kutubxonamda birovlardan oʻqib turish uchun olingan kitoblargina qolgan, xolos”.


Orif Tolib
tayyorladi.

“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 1-sonida chop etilgan.

@oriftolib
– Spektaklga tushib turasizmi? Yoki faqat oʻz asarlaringiz premyerasidagina teatrga borasizmi?

– Men teatrga umuman tushmayman, oʻzimning asarlarimga ham. Chunki teatrlarimizda sahnalashtirilayotgan spektakllar judayam hayotiy.

– Hayotiyligi ijobiy jihati emasmi? Bu soʻzni qanday tushunish kerak? “Maishiylik” debmi?

– Yoʻq, maishiylik boshqa narsa, maishiy mavzuda ham yaxshi asar yozish mumkin. Men boshqa narsani aytmoqchiman. Bugungi pyesalarda har kuni koʻchada koʻrib, eshitib turgan voqealar ifodalanadi. Buni tomoshabinga nima qizigʻi bor? Bu gaplar ertaga eskirib qoladi. Yangilik topish kerak. Voqealar, gap-soʻzlar koʻz koʻrib, quloq eshitib oʻrganmagan boʻlishi zarur.

Yaqinda oʻtgan sanʼat kunlarida Xorazm teatri aktyorlari “Muqimiy” teatrida “Tikansiz tipratikanlar” degan asarimni sahnalashtirdi. Koʻrib uyalib ketdim. Aktyorlarning mahoratini aytmayapman, oʻzimning xatolarimni koʻrib xijolat tortdim. Men oʻsha paytlarda asarimni hayotiy qilmoqchi boʻlgan edim. Axir hayot toʻxtab turmaydi-ku, doimo olgʻa harakatlanadi. Bugun muhim boʻlgan biror bir muammo yoki voqea ertaga eskirishi mumkin. Navoiyni Navoiy qilgan yoki Shekspirni Shekspir darajasiga koʻtargan jihat ana shu eskirmasligida.

Eskirish haqida oʻzimdan bitta misol keltiraman. “Temir xotin”da Qoʻchqor xotinidan: “Bolalar qayerda, maktabdami?” deb soʻrasa, Qumri: “Maktab qoptimi, terim boshlandi-ku…” deb javob beradi. Yosh bolalarni terimga olib chiqish oʻsha paytdagi eng aktual muammolardan, mavzulardan biri edi. Birinchi-ikkinchi sinf bolalari ham hamma narsani yigʻishtirib qoʻyib paxta terardi. Lekin hozir paxta terimi dolzarb mavzu emas.

Sharof Boshbekov bilan suhbatdan

Davomi 👉 bu yerda.
Baʼzi soʻzlarning imlosi qiyin. Shunday soʻzlardan misollar berib borishni niyat qildim.

@oriftolib
Orif Tolib
Boshni qotirmaydigan, yengil boshqotirma 😇 Doktor buyurgan dorilar 💊💊💊 Doktor bemorga uchta yoʻtal dori berib, har birini bir donadan yarim soat oralatib ichishni buyurdi. Davolanish boshlangach, bemor oxirgi – uchinchi dorini necha soatdan soʻng ichadi?…
Doktor buyurgan dorilar jumbogʻining javobi

Dastlab xayolga 1,5 soat degan javob keladi.

Lekin sal eʼtibor berilsa, unday emasligi maʼlum boʻladi 🤔. Toʻgʻri javob – bir soat.

Deylik, bemor birinchi xapdorini soat 10: 00 da ichdi. Ikkinchisini 10: 30 da ichadi, uchinchisini esa – 11: 00 da. Jami ketgan vaqt – 1 soat.

@oriftolib
Imloni oʻrganamiz

Shu soʻzlarni yozishda xatoga yoʻl qoʻyadiganlar koʻp.

Qanday yozilishini esda saqlab qolishga harakat qiling.

@oriftolib
Istaging qancha koʻp boʻlsa, koʻngling shuncha koʻp qoladi.

Bengal maqoli
Imloni oʻrganamiz

Bugun oʻrganadigan soʻzlarimiz:

@oriftolib
Imloni oʻrganamiz

Bugun oʻrganadigan soʻzlarimiz:

@oriftolib