Orif Tolib
11.5K subscribers
1.11K photos
102 videos
8 files
1.91K links
Soʻz. Tahrir. Savodxonlik.

Reklama boʻyicha:
👉 is.gd/elonlar

Boshqa sahifalarimiz:
👉 taplink.cc/oriftolib

Muallif haqida:
👉 oriftolib.uz/?p=575

Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.
Download Telegram
​​Sumalak sermalakmi?

Undirib yanchilgan bugʻdoy, un va yogʻ aralashmasidan tayyorlanadigan, vitaminlarga boy, xushxoʻr holvaytarsimon bu taomning paydo boʻlishi bilan bogʻliq bir nechta rivoyatlar bor. Ana shu rivoyatlar taʼsirida baʼzan sumalak soʻzining kelib chiqishini si malak – oʻttiz malak, sermalak – koʻp malak kabi soʻzlarga bogʻlashadi. Lekin bu xato. Bundan oʻn besh yillarcha burun Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjondan bu soʻz turkiycha ekani, “Devonu lugʻatit turk”da suma soʻzi bugʻdoy deb taʼriflangani, sumalak soʻmali, yaʼni bugʻdoyli ovqat maʼnosini anglatishini eshitib, hayron qolgandim. Keyin manbalarni oʻrganib, bunga oʻzim ham amin boʻldim, turli olim va tadqiqotchilarning fikrlari ham ayni maʼlumotni tasdiqladi: sumalak sumaliq soʻzining oʻzgargan shakli.

Mahmud Koshgʻariy suma soʻzini ivitilgan bugʻdoy deb izohlaydi va sharbat uchun qilingan, undirilgan arpaga ham shu soʻz qoʻllanishini aytadi. Sumalakda ivitib undirilgan bugʻdoy ishlatilishini hisobga olsak, sumalak aynan shu suma soʻzidan yasalgani oydinlashadi.

Qadimgi turkiy tilda -liq qoʻshimchasi bilan boshqa taomlar nomi ham yasalgan. Yodingizda boʻlsa, shashlik soʻzi sishliq – shishliq – shashlik shaklida oʻzgargani haqida ham aytgan edik.

Sumalak forcha samanu, sumanak soʻzidan hosil boʻlgan degan qarash ham bor.

@oriftolib
Halim yumshoqligi uchun “halim”mi?

Halim – suvga bugʻdoy yormasi va goʻsht solib, uzoq qaynatib pishiriladigan quyuq ovqat. Halim soʻzi kishiga qattiq botmaydigan, muloyim, yoqimli kabi maʼnolarga ega. Masalan, yumshoq muomalali kishini halim kishi deymiz. Biroq taomning nomi bu soʻzdan kelib chiqmagan. Uning shakldoshi bor – arabchadan oʻzlashgan, asliyatda yopishqoq, yelimshak degan maʼnoni anglatadi. Halim ham shunaqa tabiatga ega: koʻp qaynaganidan hil-hil, yopishqoq boʻlib qoladi. Taom nomi ana shu soʻzdan hosil boʻlgan.

Vaqt oʻtib, halimning nomi koʻchma maʼno kasb etgan va yumshoq degan mazmunni anglata boshlagan:

Vohidlarning qishlogʻida boshqa yerlarda juda kam uchraydigan halim va shirin olma bor.
O. Yoqubov, “Tilla uzuk”.

@oriftolib
​​Meva solmagan daraxt nima deb ataladi?

Odatda, sigir, qoʻy va echkilar har yili bolalaydi. Bir yil tugʻib, keyingi yili boʻgʻoz boʻlmagan chorva mollarini jonivor bu yil qisir qolibdi, deymiz.

Qiziq, daraxtlarning ham bir yil meva solib, keyingi yili solmaydiganlari boʻladi, lekin ularga nisbatan qisir soʻzi ishlatilmaydi. Xoʻsh, unda bunday daraxtlar nima deb ataladi?

Men bu haqda birinchi marta Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” qissasida oʻqib, uni yondaftarchamga yozib qoʻygan edim. Yil osha meva beradigan daraxtlar solkash deyilar ekan.

Avvaliga bu soʻzni meva solmoq iborasidagi “solmoq”dan olingan boʻlsa kerak deb xayol qildim.

Oʻzbek tilining izohli lugʻatiga qarasam, bunday emas ekan. Solkash fors tilidan oʻzlashgan atama boʻlib, oʻzagi sol, yaʼni yil ekan.
Solkash bir yil meva solib, bir yil meva tugmaydigan daraxtdir:

Jiyda solkash koʻrinadi, bu yil meva qilmayapti.
Gʻafur Gʻulom, “Shum bola”.

Elmurod Nishon

🔄 Mavzuga aloqador:
🔹 “Duvarak” nima degani?
🔹 “Olmani olma derlar”. Olchani-chi?
🔹 “Xurmo” nima degani?

@oriftolib
Forwarded from “Yoshlik” jurnali
#Jahon_hikoyasidan

Telegramma

U eshikni asta yopib, tashqariga yo‘naladi, Ka­terina Petrovnaning ko‘zlariga esa asta yosh quyilib keladi. Shundoq deraza ortida shamol yalang‘och shox-shabbalar orasidan hushtak chalib o‘tadi, oxirgi yaproqlarni ham to‘kadi. Xontaxta ustidagi moychiroq xira lipillaydi. U tashlandiq uydagi yagona tirik mavjudot edi, shu zaifgina nur ham bo‘lmasa, Katerina Petrovna tonggacha qanday chidashini tasavvur qilolmasdi.

Davomi:👉https://yoshlikjurnali.uz/tarjima/telegramma/
@yoshlikjurnali
Qay biri toʻgʻri?

Oʻtda choy qaynatish uchun moslangan idish, choydish, qumgʻon – ...
Anonymous Quiz
35%
Chovgun
49%
Chovgum
16%
Ikkovi ham toʻgʻri.
​​Amaliyot: mazmuni qochgan jumla

Tarjimada mazmunni imkon qadar toʻla-toʻkis berish kerak. Biroq baʼzan maʼno tarjimonning qoʻlidan baliqday sirgʻalib chiqib ketadi. Inglizchadan oʻgirilgan bir matnni tahrir qilayotib shunaqa mazmuni qochgan jumlaga duch keldim:

Mening bolam qancha ogʻirlik qilishi kerak?

⚠️ Nimasi xato?

Gap tushunarsiz. Ifodasi oʻzbekcha emas.

Ogʻirlik qilish iborasining maʼnosi boshqa, u oʻzini bosmoq, oʻzini qoʻlga olmoq; malol kelmoq; koʻtarishga qiyin boʻlmoq kabi maʼnolarga ega. Koʻrib turibsiz: u ayni holatga mos emas. Axir gap bolaning vazni haqida ketyapti.

Aksariyat holatlarda qaratqichli kishilik olmoshlari ortiqcha, egalik qoʻshimchasining oʻzi maʼnoni bera oladi. Bunday oʻrinlarda olmoshlarning bahridan oʻtish kerak: mening bolam – bolam, sening kitobing – kitobing, bizning vazifamiz – vazifamiz. Bu jumlada ham shunday.

☑️ Toʻgʻrisi qanaqa?

Oʻtkir qaychi olib, jumlani boshqatdan bichamiz:

Bolamning vazni qancha boʻlishi kerak?
Bolamning ogʻirligi qancha boʻlishi kerak?

Boshqa variantingiz boʻlsa, izohlarda qoldiring. 👇

@oriftolib
Doshqozon toshqozon emas

Doshqozon soʻzini eshitganda toshqozon shakli ham xayolga keladi. Masalan, Toshhovuz oʻgʻuzcha shevada Doshovuzga aylanadi. Lekin doshqozonning tarjimayi holi boshqacha, u toshqozonga aloqador emas. Toshqozon degan soʻzning oʻzi yoʻq, axir toshdan qozon qilinmaydi-ku.

Dosh soʻzi forschadan oʻzlashgan, asliyatda katta oʻchoq; xumdon maʼnosini anglatadi. Demak, doshqozon – katta oʻchoqqa joy boʻladigan qozon. Oʻzbekchada dosh soʻzining oʻzi ham qozon, doshqozon maʼnosida ishlatiladi. Lekin kam qoʻllanadi, asosan badiiy adabiyotda uchraydi.

Doshqozon katta yigʻinlarda, toʻy va maʼrakalarda koʻpchilikka ovqat pishiriladigan ulkan qozondir. Sumalak va halim asosan doshqozonda pishiriladi.

@oriftolib
Darveshona – bahorgi tozalov

Darveshona soʻzi forschadan kirgan, darveshga oʻxshab, darveshlarcha degan maʼnoni anglatadi. Bahor faslida, ayniqsa Navroʻz arafasida qishloqlar va baʼzan shahar mahallalarida aholidan toʻplangan pul yoki oziq-ovqat hisobiga oʻtkaziladigan xayriya marosimi shunday ataladi. Ehson asosida oʻtkazilgani uchun ham darveshona nomi berilgan.

Bunda mahallalar, guzarlar, koʻchalar, qabristonlar, ariqlar hashar qilib tozalanadi. Hashardan soʻng katta-kichikka dasturxon yoziladi.

Bu soʻz shevalarda turlicha talaffuz qilinadi. Masalan, Fargʻonada darishana shaklida qoʻllanadi.

@oriftolib
​​Amaliyot: qisqaroq ifodalash mumkin

Xabar sarlavhasi:

Fransiyadagi namoyishlarda 200 nafar tartibsizlik ishtirokchisi qoʻlga olindi

⚠️ Nimasi xato?

Sarlavha aslida toʻgʻri. Namoyishlarda qatnashganlarning hammasi ham qoʻlga olinmagan. Tartibsizliklarda qatnashganlar yoki tartibsizlik qilganlar qoʻlga olingan. Lekin jumlaning ifodasi gʻalizroq.

200 nafar tartibsizlik ishtirokchisi iborasida tartibsizlik 200 nafar boʻlib qolganday tuyuladi. Aslida ibora xato emas. Chunki 200 nafar soʻzi tartibsizlik ishtirokchisi birikmasiga tegishli, tartibsizlik soʻziga emas. Oʻqiganda baribir tishga teggani uchun bunday qoʻllamagan yaxshi.

☑️ Toʻgʻrisi qanaqa?

Jumlani ravonroq qilish uchun tartibsizlik soʻzini olib tashlasa ham boʻladi, mavzuga qiziqqan odam bu haqdagi maʼlumotni matndan olaveradi:

Fransiyadagi namoyishlarda 200 nafar ishtirokchi qoʻlga olindi
Fransiyadagi namoyishlarning 200 nafar ishtirokchisi qoʻlga olindi

Bundan-da qisqaroq variant:

Fransiyada 200 nafar namoyishchi qoʻlga olindi

Bunda Fransiyadan boshqa joyda namoyish oʻtkazganlar ham tushunilishi ehtimoli bor. Ammo odatda bunaqa tushunilmaydi. Shuning uchun bu variantni ham qoʻllayverish kerak.

@oriftolib
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Toʻgʻridan-toʻgʻrimi yoki toʻgʻridan toʻgʻri?| 1️⃣1️⃣-dars | Oʻzbek tilidan savodxonlik darslari

👉 YouTubeʼda koʻrish

@oriftolib
Qaldirgʻoch bilan koʻrshapalak qarindoshmi?

Qaldirgʻoch – qanoti ingichka va uzun, juda tez uchadigan, qora-ola qush. Uni bahor elchisi deya taʼriflashadi.

Qaldirgʻoch soʻzi “Devonu lugʻatit-turk”da qargʻilach shaklida berilgan, qarligʻach deb talaffuz qilish ham uchrab turishi aytilgan. Demak, keyinchalik soʻzning mana shu talaffuzi ustunlik qilgan va oʻzbekchada qaldirgʻochga aylangan.

“Qadimgi turkiy tillar lugʻati”da qargʻilach soʻzining koʻrshapalak degan maʼnosi ham borligi aytiladi. Lekin boshqa manbalarda bunday maʼlumot uchramadi.

Qushga nega bunday ism berilgani haqida turli fikrlar bor. Ulardan biriga koʻra, qaran va qush soʻzlari birikishidan qaranqushqora qush hosil boʻlgan. Qaldirgʻochning ustki patlari qora boʻlgani uchun shunday nom berilgani ehtimoli katta.

@oriftolib
Forwarded from “Yoshlik” jurnali
#Ibrat

Uch kishi oldingda gapirsalar, ularning gaplarini kesib to‘xtatma!
1. Ota-ona.
2. Go‘dak.
3. G‘amga botgan kishi.
Chunki, ularning faqat tillari emas, qalblari ham gapirayotgan bo‘ladi.

Johiz
arab adibi

@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
23%
Majburiy atestatsiya
77%
Majburiy attestatsiya
​​Somsa – tishning “oʻpichi”

Somsa – yoyilgan xamirga goʻsht, qovoq va shu kabilar solib tugib, odatda tandirga yopib yoki duxovkada pishiriladigan yegulik. Bahorda ayniqsa koʻk somsa koʻp pishiriladi. Bu taom deyarli butun Osiyo, Arabiston yarimoroli, Oʻrta dengiz atrofi, Shimoliy va Janubiy Afrikada mashhur. Yevropa va Amerika qitʼasi uchun ham somsa begona emas.

Bir taxminga koʻra, somsa soʻzi forscha sanboʻsag soʻziga borib taqaladi. Bu soʻzning maʼnosini baʼzilar katta, ajoyib, ulkan desa, ayrimlar u uchburchak maʼnosini beradi degan fikrda. Oʻzbek tilining etimologik lugʻatiga koʻra esa, tish maʼnosidagi senn va oʻpich maʼnosidagi boʻse soʻzlaridan hosil boʻlgan. Soʻzma-soʻz tarjimasi tishoʻpar yoki tishning oʻpichi. Tovush oʻzgarishi natijasida sanboʻsa, samboʻsa shakli yuzaga kelgan.

Bu soʻz dunyo tillarida turli talaffuz variantlarida uchraydi. Masalan, forschada sanbuse, panjob tilida smosa, hindchada samoʻsa, urduchada samusa, arabchada sambusak yoki sambusa, bengal tilida singara, ibroniy tilida sambusak, somali tilida sambuusa, tojikchada samboʻsa, birma tilida shemuza, portugal tilida shamusa, inglizchada samosa. Turkiy tillarda somsa yoki samsa shakli ishlatiladi.

@oriftolib
Qay biri toʻgʻri?
Anonymous Quiz
76%
Boʻlyapti
12%
Boʻlyabti
12%
Boʻyabdi
​​Odam koʻnikmaydigan sharoit yoʻq. Ayniqsa, atrofdagi hamma shunday yashayotganini koʻrsa, bu juda oson kechadi.

Lev Tolstoy

@oriftolib
Onlayn yozishmalarda eng koʻp uchraydigan 🔟 ta xato

Assalomu alaykum
Assalomu aleykum

Rahmat
Raxmat

Ha
Xa

Xoʻp
Xop

Zoʻr
Zor

Gap yoʻq
Gap yoq

Boʻpti
Bopti

Yaxshi
Yahshi

Boʻlyapti
Boʻlyabdi

Hech kim
Hich kim

🟢 Sheva ishlatish, harflar oʻrniga boshqa harf va belgilarni qoʻllab, unlilarni tashlab yozishlarni kiritmadim. Ular super-muper ogʻir vazn toifasiga kiradi 😏.

Roʻyxatga yana qaysi soʻzlarni qoʻshgan boʻlardingiz?

@oriftolib
​​Baʼzida gʻolib boʻlish uchun chekinishga, qoʻlga kiritganingdan voz kechishga toʻgʻri keladi.

Lui Aragon

@oriftolib
Forwarded from Ilyos Safarov
Kecha, 1 aprel – hazil va bolalar orasida o‘zaro “yolg‘on” kuni edi. Bugun esa 2-aprel. Bu kun shoir Usmon Azim ta'biri bilan aytganda, “rostlik”, “haqiqat” kuni. O‘qirmanlar uchun ma'lumot, shoirning “2-aprel” nomli nazmiy kitobi ham bor. O‘sha joyda bugungi kun rostlik, haqiqat kuni sifatida ta'riflanadi.

Kun haqida gap ketarkan, 2-aprel butun dunyoda Xalqaro bolalar kitobi kuni sifatida ham nishonlanadi.
Ana shu – jamiyatda garchi eshitilishidan zerikarli bo‘lsa-da, lekin mazmunan juda muhim va bugun deyarli barcha muammolarimizning tub ildizi bo‘lgan – bolalar kitobi, kitobxonligi, O‘zbekistonda bu yo‘nalishning ahvoli haqida soha vakillari bilan intervyu o‘tkazdik.

Intervyu mehmonlari – noshir Sanjar Nazar, sobiq "Kamolot" YoIH Markaziy kengashi raisi, bu lavozimda “Kamolot kutubxonasi” rukni ostida 100 nomdagi minglab kitoblar chop etilishiga bosh qosh bo‘lgan Bahodir G‘aniev va bolalar yozuvchisi Sa'dullo Qur'onov bo‘ldi.

📹👉https://youtu.be/VKjOwg-bR-Q

@haqiqatdaIlyos