O'rganuvchi
45 subscribers
49 photos
15 videos
29 links
Doiradan tashqaridagi fikrlar...

Bu sahifada asosan
• o'rgan(ayot)ganlarim
• shaxsiy fikrlarim
• foydali deb hisoblagan ma'lumotlarim ulashib boriladi.
Download Telegram
Eksperimentlar kundaligi:

Bu yil shaxsan men uchun eksperimentlarga to‘la yil bo‘lyapti. Chunki shu paytgacha avval qilib ko‘rmagan, qiziqqan, qo‘rqqan va hatto "qila olmasam kerak" deb o‘ylagan ishlarimning hammasini birma-bir qilib ko‘ryapman desam ham bo‘ladi.

Shulardan biri — bugun birinchi marta marafonda yugurib ko‘rdim! Asosiy maqsadim o‘z chegaralarim qayergacha ekanini bilish va toqatimni sinab ko‘rish edi. To‘g‘ri, men hali bu sportda mutlaqo havaskorman, lekin bor-yo‘g‘i birgina yugurish orqali odam o‘zi haqida anchagina narsa bilib olishi mumkinligini tushundim.

Lekin eng qiziq va "unutilmas" joyi — yugurishdan oldin hech qanaqa qizish mashqlarisiz (razminkasiz) birdaniga boshlab yuborganim bo‘ldi. Natijada reallik uzoq kuttirmadi: bor-yo‘g‘i 1,5 km dan keyin oyoqlarim menga qarab: "Opa, biz charchadik, yetar endi shunchasi, buyog'iga bizni tinch qo'ying" deyishdi.
O‘pkamdan bo'lsa: "Sog' bo'lasila" degan nido keldi))

Ochig‘i, birinchi martasiga bunaqa natija va emotsiyalar kutmagan edim. Marafondan keyin oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmay qolganini hisobga olmasa, menga judayam yoqdi! Endi sekin-sekin boshqa marafonlarda ham qatnashishni rejalashtiryapman.

Bu emotsiyalarni va o‘sha lahzadagi hislarimni aynan shu yerda, kanalda qolishini xohladim. Keyinchalik, ancha tajribali, kazo-kazolardan bo‘lib ketganimda buni qaytadan o‘qib, o‘shanda qaysi darajadan boshlaganimni va hozir qayerga ko‘tarilganimni eslab yurishim uchun...
4
O'rganuvchi
Kun. Yana osmon, yana bulutlar va yana bu go'zalliklarga qarab charchamaydigan sen. Shahar shovqinli. Hamma har qayerga shoshyapti... Lekin buni bir yaxshi tarafi bor. Tun ketib kun kelganida, seni ichingdagi shovqin bu yerliklarnikidan ancha sokinroq ekanini…
|||

Yana o'sha sokin maskan...

Bu maskanga hamma o'zi yolg'iz tashrif buyurganida hammasi oydinlashadi, huddi tunlarni yoritib turgan oy kabi.

Balki ko'p insonlar u yerga kechalari tashrif buyurishar. Balki kunduzlari hamdir?! Lekin nega ba'zan u yerda bo'lishdan va u bilan yuzlashishdan qo'rqamiz?

Dunyoda bo'layotgan shovqinlardan ozgina uzoqlashib, u yerdagi yig'ilib qolgan ovozlarni, yonayotgan yerlarini va hattoki kul bo'lishga ulgurib bo'lgan maskanlarni ham ziyorat qilish kerak emasmikin?

Uning ham senga aytar gaplari anchgina yig'ilib qolgan, huddi sen osmondagi yulduzlarni adadini sanashga urunganing kabi.

Bir shamol keldiyu, bu yerlardagi barcha narsalarni parokandaga aylantirdi. Uni shamol deyish qay darajada to'g'ri bo'ladi bilmadim-u, men uni 'tornado' deya nomlagan bo'lar edim. Chunki birgina shamol hamma narsani ham uchirib keta olmaydi. Lekin tornado - qadami yetgan har yerni xarobaga aylantirishi shubhasiz.

Uni qo'lingdan kelgancha asrashga harakat qil. Chunki unaqasini qaytib hech qayerdan topa olmasliging mumkin. U yerlar seni yordamingga muhtoj! Sen esa Uning yordamiga...
5
18:49

... وَيَقُولُونَ يَٰوَيْلَتَنَا مَالِ هَٰذَا ٱلْكِتَٰبِ لَا يُغَادِرُ صَغِيرَةً وَلَا كَبِيرَةً إِلَّآ أَحْصَىٰهَا وَوَجَدُوا۟ مَا عَمِلُوا۟ حَاضِرًا وَلَا يَظْلِمُ رَبُّكَ أَحَدًا

... Va «Voy, shoʻrimiz qurisin. Bu qanday kitob, kichikni ham, kattani ham hech qoʻymay hisob qilibdi-ya», derlar. Va qilgan amallarini hozir holda topdilar. Robbing hech kimga zulm qilmas.
6
Mavsumlar tugadi, doʻstim, Allohning gʻanimat kunlari ham oʻtib ketdi. Ramazon ketdi, oxirgi oʻn kunlik ham oʻtdi. Laylatul qadr ham oʻtdi, Laylatul qadr nimaligini bilsang edi! Bizni hidoyat qilgani uchun Allohga takbirlar aytdik, Ramazon hayiti ham tugadi, eʼtikof vaqtlari ortda qoldi. Zulhijja oyining oʻn kuni ham koʻz ochib yumguncha oʻtib ketdi. Alloh bizni ulugʻ Arafa kuniga yetkazdi va unda duo qilish baxtini berdi. Soʻng qurbonlik kuni keldi, Allohning amriga itoat qilib soʻydik va U bizga rizq qilib bergan pokiza goʻshtlardan yedik. Nihoyat, barcha Tashriq kunlari ham nihoyasiga yetdi.

Hamma narsa tugadi, doʻstim, lekin Qurʼon tugagani yoʻq! Namoz tugagani yoʻq, duo, sajda, tungi namozlar va Alloh bilan birga boʻladigan sadoqat tugagani yoʻq. Shunday ekan, Alloh taoloning ushbu soʻzini doimo yodda tut:

"Ey iymon keltirganlar! Allohdan qoʻrqinglar va sodiqlar bilan birga boʻlinglar!" (Tavba surasi, 119-oyat)

Sizni maʼlum kunlardagina Allohga sadoqat bilan ibodat qilib, boshqa kunlarda esa xiyonat va osiylikka yuz buradigan "mavsumiy banda" boʻlib qolishdan ogohlantiraman. Hamma narsa tugadi, doʻstim, senga faqatgina Alloh qoldi.

(C) Sumayya Hamit

Tafakkurga majburlovchi jumlalar...
2
Ha, bugun yurtimiz tarixidagi uzoq kutilgan va ko'plab davlatlarga O'zbekiston nomini tanitgan tarixiy o'yinlardan biri bo'lib o'tdi.

Terma jamoamiz bu o'yinda balki biz kutgan natijani ko'rsata olishmagandir, lekin ular sababli madhiyamiz jahon maydonida yangradi. Ular sababli mundialdamiz. Ular sababli avvallari tasavvur qilish ham qiyin bo'lgan jamoalar bilan o'yinga tushamiz. Ular sababli uzoq kutilgan orzular amalga oshdi.

Afsus, ba'zilar o'yin tugaganidan so'ng terma jamoaga nisbatan yaxshi fikrlar aytishmagani va yana har doimgidek hate'lar yomg'irini yog'dirishganini guvohi bo'ldik...(

Kadr ortida tomosha qilib u yerdagilarga trenerdan ham "yaxshiroq" ko'rsatmalar berish hammaning ham qo'lidan keladi. Lekin katta maydonda kuchli jamoalarga qarshi o'ynash, ko'plab tomoshabinlarni bosimi ostida bo'lish, o'yin ichidagi har bir o'yinchini yelkasiga ortilgan yurt sha'nini himoya qilish tuyg'usi, yangi maydonga ko'nikib olish va shunga o'xshash psixologik bosimlarni o'z tanasida his qilib o'ynash umuman boshqa narsa.

Agar insonda ozgina bo'lsa ham Vatan tuyg'usi bo'ladigan bo'lsa yuqoridagilarni his qilishini hojati ham yo'q. Ular qanday natija ko'rsatishidan qat'i nazar har doim yurti bilan faxrlanadi, uning sha'nini ko'klarga ko'tarishga harakat qiladi va o'z yurtining farzandlarini qo'llab-quvvatlaydi. Chunki bu yurt hammamizniki! Chunki bu yurtda katta bo'ldik, bu yurt havosidan nafas oldik, bu yurtni issiqqina quchog'ida tinch va omonlikda bo'ldik.

Men o'zbek ekanligimdan faxrlanaman. Va nima bo'lishidan qat'i nazar, oxirigacha o'z yurtimga muxlislik qilaman.

Bu jahon chempionatidagi ilk qadamimiz bo'lishi mumkin. Lekin inshaAlloh, oxirgisi bo'lmaydi.

Tarix yozilyapti...


*o'zi umuman boshqa mavzuda yozmoqchi edim-u, boshqa mavzuga aylanib ketdi) Balki nasiba shudir)
💯3
Mashinalardagi orqani ko'rsatuvchi oynalarning nega kerak ekanligini hammamiz bilamiz. Lekin inson mashina boshqarayotganda yo’lga qaramasdan, faqat o’sha oynalarga qarab ketsa, mashina halokatga uchrashi aniq.

Inson o’tmishi ham orqani ko'rsatuvchi yon oyna kabidir. Ba'zan, xato qilmaslik uchun u oynaga qarab turish kerak. Lekin, oldinga intilmasdan, faqat o’tmish bilan yashash - insonni halokatga olib boradi…
💯7
Yo'lda yurganimizda bizga kerak bo'ladigan ishoralar, yo'l belgilari va yo'l chiziqlari bor, to'g'rimi?

Ular bizga qay darajada kerak o'zi? Ularsiz biz harakatlana olmaymizmi? Yoki yo'limizni topa olmay qolamizmi?

Biz asli ularsiz ham harakatlana olamiz. Balki bu unchalik ham qiyin emasdir. Lekin ular yo'q bo'lsa qoidabuzarliklar, avtohalokatlar, tirbandliklar va shunga o'xshash muammolar yuzaga kelish ehtimolliligi judayam yuqori.

Tasavvur qiling chorrahadagi svetoforlar hammasi o'chiq. U yerda na bir YPX xodimi va na bir yo'lni tartibga solib turuvchi ko'ngilli yo'q. Yo'lning holati qanday bo'ladi sizningcha?

Hamma o'z uyiga, ishiga, to'yiga borishi kerak. Hamma ham manziliga yetib borishga shoshyapti. Shuning uchun hamma har tarafdan birin-ketin mashinalarini bir vaqtda harakatlantira boshladi va natijada hech kim uchun yo'l qolmadi...

Hamma bir-birini ayblagan holda "signal" chalib, oldidagi odamni umuman mavjud bo'lmagan yo'lga o'tishini talab qilyapti. Lekin bilmaydilar-ki, bunday bo'lishiga sabab har birlarining aybi ekanini...

Bu yerda yagona najotligi - yo bir nur kelib svetoforlarni qayta ishga tushishirishini, yoki najot farishtalari (YPX xodimlari) kelib ishni bartaraf etishini kutish bo'ladi. Shundan so'ng olam Guliston bo'lib ketadi)

*Inson hayoti ham huddi shu chorrahalar kabi. Yuqoridagilar esa shunchaki tashbeh edi holos.

Xulosa o'zingizdan)
3
Hozir nima urfda ekanini bilmayman. Ammo odamlar orasida — sukut odatiy holga aylanibdi.

Kuniga bir ogʻiz ham gaplashmaydigan insoningni hayotida nima boʻlayotganini ipidan-ignasigacha bilasan. Blog, stories, private sahifa yana allaqanday yoʻllar bilan.

Biri chet elga sayohat qilgan. Boshqasi zalga chiqibdi. Keyingisining unashtiruvi. Yana biri farzandli boʻlibdi.

Va oʻsha hayotidagi oʻzgarishlarga sovuqqina "yurakcha" bosib qoʻyiladi. Bu endi "yoqtirish tugmasi" emas, "xabardorman" degan tugma.

Yana eng yomoni — stroriesda shaxsiy hayot gullab yashnagan. Bir ogʻiz hol soʻrasang, ichkarida vayronagarchilik.

Lekin hech kim soʻramaydi. Oʻzi ham aytmaydi. Hamma oʻz dardida kuyib pishgan. Vaqti kelsa, oʻz baxtidan sarmast. Baxtini ulashsa, tomoshabin shay. Dardini boʻlishsa, faqat "singan yurakcha".

Gʻalati... Ijtimoiy tarmoq ommaviy kundalikka aylanib ulgurgandek. Uydan chiqmay, bir ogʻiz salom-alik qilmay, oʻsha insonning oʻzidan eshitmay turib, nimalar boʻlayotganini bila olasan.

Nega yuzma-yuz gaplashganda gap topilmay qoladi? Chunki, hammasidan xabarimiz bor. Ommaga eʼlon qilib boʻlingan. Shu tufayli, mavzu topa olmay, chaynalamiz. Birga ovqatlanish kifoya boʻlib qolgan.

Uzoqni yaqin qilishi kerak boʻlgan matoh, oramizda jarliklar hosil qilmadimi? Aytishardiku, telefonlar simli boʻlgan paytda odamlar ozod edi. Endi telefonlar simsiz, odamlar ekranga tobe.

Avvallari, uyali telefonda qoʻngʻiroq qilishsa, shoshib goʻshak koʻtarar edik. Suhbatga chanqoq boʻlganmiz. Kim qoʻngʻiroq qilayotgani nomaʼlum. Qancha suhbat qurish ham ahamiyatsiz edi.

Endichi? Hech kimning qoʻngʻirogʻini eshitmaslik uchun doimiy ovozsiz rejim yoki vibratsiya. Onda sonda bir telefon qilishsa, ekranda paydo boʻlgan tanish ismga qaraymiz. Suhbatga tobimiz yoʻq. Va oʻchirib qoʻyguncha kutamiz. Zarur boʻlsa, 3 marta qoʻngʻiroq qiladi yoki xabar yozib qoʻyar, degandek.

Qurilmalar sifati oshgani sari, odamlarning bir-biri bilan muloqot sifati tushib bordi, xolos. Texnologiyalar bizga masofani yoʻqotishni va'da qilgandi. Oʻrniga oqibatni yoʻqotib yubora qoldi.

"Hayotingda nimalar boʻlayotgani qiziq. Ammo oʻzing bilan ishim yoʻq" — qabilida yashayapmiz, shekilli...

~fikriyya_alim
💯6
Suvning yuzasiga qarab uning ostida oqayotgan oqimning qay darajada tez oqayotganini bilib bo'lmaydi.
3
Cultural shock

Biz yashab turgan jamiyatimizdan ajrab, ilk bor boshqa bir jamiyatni ko'ra boshlaganimizda, ilk bor hududimizni tark etib umuman boshqa bir maskanga borganimizda yoki dunyoning istalgan davlatiga sayohat qilganimizda deyarli hammamiz bir lahza bo'lsa ham cultural shock holatini boshdan kechiramiz.

Bu — biz yashab o'rgangan muhitdan farq qiladigan (yoki aksincha, deyarli farq qilmaydigan) jamiyat va madaniyat bilan ilk tanishuvimiz, unga moslashish jarayonimiz.

Lekin masalaning eng muhim nuqtasi bu emas.

Eng muhimi — biz bu holatga qanday reaksiya bildirishimizda. Ko'rganlarimizni o'zimizga qabul qilamizmi yoki rad qilamizmi? Yoki undan ham muhimi, ularni o'zimizga moslab filtrlay olamizmi?

Keling, buni oddiy bir misolda ko'raylik:

Siz Yevropaning biror shahriga sayohat qildingiz deylik. U yerda birinchi bo'lib nimaga e'tibor berasiz? Tabiatiga. Odamlariga. Jamiyatiga. Madaniyatiga.

"Ko'chalari naqadar ozoda ekan."
"Odamlari qoidalarga qanday qilib bu darajada amal qila oladi-ya!"
"Madaniyati juda yuqori ekan."

Bularni ko'rdingiz.

Endi esa ichingizda sezdirmay ishlay boshlaydigan bitta tarozi paydo bo'ladi. Ko'rganlaringizni o'zingiz yashayotgan jamiyat bilan solishtirishni boshlaysiz. Qaysi biri yaxshiroq, qaysi biri yomonroq — asta-sekin o'zingizcha xulosa chiqara boshlaysiz.

Shundan keyin esa tanlov keladi.

Yoqsa — Ctrl+C.

Yoqmasa — Ctrl+X.

Afsuski, ko'pchiligimiz uchinchi tugmani unutamiz.

Ctrl+F.

Ya'ni, ular nega aynan shunday yashaydi, bu tartib qayerdan paydo bo'lgan, bunga qanday yetib kelishgan — shuni izlashni.

Natijada Yevropadan qaytgan ayrim yurtdoshlarimiz o'zlari bilan chamadonga qo'shib "islohotchi" maqomini ham yuklab kelishadi. Kelishi bilan jamiyatdagi kamchiliklarni ko'radi, ularni tuzatishga urinadi va bu mavzuni ommaga olib chiqishni boshlaydi.

To'g'ri, men buni xato ish demayapman.

Lekin ba'zida shu jarayonda tarozining bir pallasi sinib qoladi. Inson o'z jamiyatining faqat kamchiliklarini ko'rishni boshlaydi, xorij esa uning ko'zida deyarli mukammal jamiyatga aylanadi. Bora-bora esa o'z qadriyatlaridan, ba'zan esa o'z madaniyatidan ham uyaladigan darajaga yetadi.

Buni Turkiyaga bir haftalik sayohat qilib kelgan yoki Misrda bir muddat tahsil olib qaytgan ayrim insonlarda ham uchratish mumkin.

Birinchisi turk seriallarida ko'rgan hayotni o'ziga ideal qilib oladi. Ikkinchisi esa u yerdagi tashqi ko'rinishni, kiyinish uslubini shundoqligicha copy-paste qiladi.

Eng qizig'i esa uyga qaytgandan keyin boshlanadi.

Chunki boshqa jamiyatdan olganlarimizni o'z jamiyatimizning qadriyatlari, sharoiti va qonun-qoidalaridan o'tkazib filtrlay olmaymiz. Shunchaki ko'chirib olamiz. Keyin esa o'sha eski tambur chalinadi:

"Bizda hech narsa yo'q."
"Falon davlatga qarang."
"Ular odam, biz esa..."

Shoshmang-shoshmang.

Bu gap bilan "hech qanday yangilik olib kelmang", demoqchi emasman. Aksincha, yaxshi narsani albatta olib keling. Lekin Germaniyadagi tartibni samolyotdan tushishingiz bilan O'zbekistondan talab qilmang. Yaponiyadagi madaniyatni esa bir haftada shakllanishini kutmang.

Biz natijani ko'ramiz, lekin ular shu natijaga necha o'n yillarda, balki asrlarda yetib kelganini ko'rmaymiz.

Sizning bu yerdagi eng katta mas'uliyatingiz boshqalardan talab qilish emas, o'zingiz boshqalarga o'rnak bo'lishingiz!
Ko'chaga axlat tashlamasligingiz.
Boshqalar qoidani buzayotgan bo'lsa ham, o'zingiz tartibni ushlab qolishingiz.

Chunki jamiyat katta shiorlar bilan emas, shunday kichik odatlar bilan o'zgaradi.

Biz faqat chet elga chiqqanimizdagina emas, ba'zida viloyatdan Toshkentga kelganimizda ham xuddi shu holatni boshdan kechiramiz.

"Bu yerda qoida shunaqa ekan", deya qanchadan-qancha qadriyatlarimizni yo'lda qoldirib ketamiz.

Va tabriklayman, shunday qilib siz ham bu qaynab turgan o'choqqa tushdingiz. Endi unda qovurilasizmi yoki pishib chiqasizmi — bu tanlov o'zingizniki.

@mutaallima
4
Orom (baxt) qayerda?

Ijarada turadigan inson:

— «Oʻz uyim boʻlsa, shunda orom topaman», deb oʻylaydi

Boʻydoq:

— «Uylansam, hamma narsa joyiga tushadi», deb oʻylaydi

Kambagʻal:

— «Pul topsam, hech qanday tashvish qolmaydi», deb oʻylaydi

Bemor:

— «Sogʻaysam, baxtli boʻlaman», deydi

Talaba:

— «Oʻqish tugasa, rohat boshlanadi», deb oʻylaydi

Ishsiz:

— «Ish topsam, hayotim oʻzgaradi», deydi

Ishli odam esa:

— «Pensiyaga chiqsam, tinch yashayman», deb kutadi

Inson umri davomida oromni bir narsadan ikkinchisiga koʻchirib yashaydi, lekin hech qachon topolmaydi.
Chunki u oromni notoʻgʻri manzildan izlayapti.
Alloh esa bu sirni bir oyat bilan ochib qoʻygan:

﴿أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُ﴾

«Ogoh boʻling! Qalblar faqat Allohni zikr qilish bilan orom topadi.»
(Ar-Raʼd, 28).

Eʼtibor bering!
Alloh:

«Uylar bilan…» demadi.
«Pul bilan…» demadi.
«Nikoh bilan…» demadi.

«Faqat Allohning zikri bilan”dedi.
Chunki qalbni yaratgan Zot uning nima bilan tinchishini ham eng yaxshi biluvchidir.

Ibn Qoyyim rahimahulloh aytadilar:

«في القلب شعث لا يلمه إلا الإقبال على الله، وفيه وحشة لا يزيلها إلا الأنس به.»

«Qalbda shunday parokandalik borki, uni faqat Allohga yuzlanishgina jamlaydi. Unda shunday yolgʻizlik borki, uni faqat Alloh bilan unsgina yoʻqotadi»

Shuning uchun baʼzilar saroylarda ham bezovta
Baʼzilar esa sodda uylarda ham xotirjam
Baʼzilar millionlar ichida ham boʻshliq his qiladi…
Baʼzilar esa bir boʻlak non bilan ham shukr qilib uxlaydi…
Farq mol-dunyoda emas.
Farq qalb kimga bogʻlanganida.

Allohdan uzoq qalb — hamma narsaga ega boʻlsa ham notinch

Allohga bogʻlangan qalb esa — hech narsasi boʻlmasa ham boydir.

~ Bintu Sobir
3
Mitti yulduz

Ko‘k gumbazin bir chetida,
Bo‘shliqlarga urib bosh,
Miltiraydi mitti yulduz,
Tanholikdan to‘kib yosh.

Atrofida na bir yulduz,
Na bulut bor, na tuman.
Yulduzlarga termulib u,
Titrab turar shamsimon.

Eh, bechora, yashash nechun,
Yashnamasang, kulmasang.
O‘z to‘dangdan nega uchding,
Qaytish yo‘lin bilmasang?!

© Abdulla Oripov
Buzuq tarozi

Oxirgi paytlarda ba'zi narsalarga ko'zimiz tushyapti. Ko'ryapmiz. Sezyapmiz.

Lekin yo ko'rmaganga olyapmiz, yo shunchalik ko'nikib ketdikki, endi avvalgidek ta'sir qilmay qo'ydi...

Hech e'tibor berdingizmi, jamiyatimizda ayrim mezonlar sekin-sekin o'zgarib boryapti?

Go'yo tarozimiz buzilib qolgan. Avvalgidek tortyapti, lekin natijasi avvalgidek emas.

Avvallari erkak o'zining mahramini begona nazardan asrashni o'zining mas'uliyati, nomusi deb bilardi. Bugun esa ba'zan buning aksi ko'rinadi — ayol erini boshqa ayollardan saqlashga urinayotgan holatlarni guvohi bo'lyapmiz.

Avvallari ayol o'zining avratini satrlashga, hayo va iffatini asrashga ko'proq e'tibor berardi. Bugun esa tanasini namoyish qilishni odat qilgan insonni tanqid qilish u yoqda tursin, uning sahifasiga kirib, kuzatib, har bir story'siga like bosib, o'zimiz uning auditoriyasini ko'paytirib o'tiribmiz.

Keyin esa: “Nega jamiyat bunday bo'lib ketyapti?” deb hayron bo'lamiz.

Axir jamiyat degani kim?

Biz.

Yana bir narsaga ko'zim tushadi: ilgari ayrim ishlar ayol va erkak o'rtasidagi tabiiy chegaralarni hisobga olgan holda bajarilardi. Bugun esa ayollar uchun mo'ljallangan ayrim xizmatlarda erkaklar, erkaklar uchun mo'ljallangan ayrim xizmatlarda esa ayollar faoliyat yuritishi tobora oddiy holga aylanib boryapti.

Bu yerda gap kimningdir halol mehnat qilishiga qarshi chiqishda emas.

Gap — jamiyatda hayo, chegara va o'zaro hurmat degan tushunchalar qayerga ketayotganida.

“Gender tenglik” degan ibora ostida esa ba'zan insonning tabiati, mas'uliyati yoki o'ziga yarashadigan chegaralari umuman hisobga olinmay qolayotgandek.

Tenglik — hamma bir xil bo'lishi degani emas-ku.

Ayol ayolligini, erkak erkakligini yo'qotgan jamiyatni biz taraqqiyot deb atayapmizmi?

Eng qo'rqinchlisi esa bularning o'zi ham emas.

Eng qo'rqinchlisi — biz bunga ko'nikib borayotganimiz.

Bugun bizni hayron qoldirgan narsa ertaga oddiy holga aylanadi.

Bugun “shunaqasi ham bo'ladimi?” degan narsamizni ertaga farzandimiz ko'rib:

“Buning nimasi yomon?” deb so'rashi mumkin.

Chunki bolalar biz aytgan gaplarimizdan ko'ra, biz odatiy deb qabul qilgan narsalarimizni tezroq o'rganishadi.

Bu masalalar haqida hech kim gapirmayapti degani, ular yo'qolib ketayapti yoki jamiyatda bunday muammo yo'q degani emas.

Aksincha.

Biz jim turganimiz sari ular odatiylashib boradi.

Bugun biz ko'rmaganga olayotgan narsalarimiz ertaga farzandlarimiz uchun oddiy hayot tarziga aylansa-chi?

Axir hech qaysimiz farzandlarimiz shunday jamiyatda ulg'ayishini xohlamaymiz-ku...

Hilful fuzul a'zolari aytganidek:

“Hozir indamasak, vaqti kelib hozirgi kunlarni ham qumsab qolamiz.”

Tarozi buzilsa, unga qancha narsa qo'ymang, o'lchovi baribir noto'g'ri chiqadi.

Jamiyatning mezonlari buzilsa-chi? O'zi bu mezonlarni kim belgilab beryapti bizga?!

Bugun biz “oddiy” deb qabul qilayotgan narsalarimiz ertaga bizning eng katta muammomizga aylanishi mumkin.

Shuning uchun ba'zi narsalarga shunchaki qarab o'tmaylik.

Hech bo'lmasa, ko'rgan narsamizni ko'rmaganga olmaylik!

@mutaallima
Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l.

Ba’zan insonning eng katta yolg‘oni boshqalarga aytgan gapi emas.

O‘ziga yaratib olgan obrazi bo‘ladi.

Odamlar seni qanday bilishadi?

Yaxshi inson.

Samimiy.

Mehribon.

Tarbiyali.

Dindor.

Vafodor.

Balki sen ham o‘zingni shunday bilarsan.

Lekin hech kim ko‘rmayotgan paytingda-chi?

Hech kim seni maqtamayotganda.

Hech kim sening yaxshi ishingni bilmayotganda.

Hech kim seni yomonliging uchun tanqid qilmayotganda.

O‘sha paytda qanday odamsan?

Chunki insonning asl qiyofasi odamlar oldida emas, hech kim ko‘rmayotgan joyida bilinadi.

Odamlar oldida muloyim bo‘lish qiyin emas.

Kerakli paytda kerakli gapni aytish ham qiyin emas.

Yaxshi ko‘rinish uchun jilmayish, mehribon ko‘rinish uchun chiroyli so‘zlar topish, taqvodor ko‘rinish uchun ibodat qilish mumkin.

Lekin qalbni aldab bo‘lmaydi.

Sen o‘zingni qanday ko‘rsatishni bilishing mumkin.

Ammo aslida qanday ekaningni ichingdagi bir odam juda yaxshi biladi.

O‘zing.

Shuning uchun ba’zan o‘zimizdan so‘rashimiz kerak:

Men odamlar yaxshi deb biladigan insonmanmi?

Yoki odamlar meni yaxshi deb bilishlari uchun shunday ko‘rinishga harakat qiladigan insonmanmi?

Men samimiymanmi?

Yoki samimiy ko‘rinishga ustamanmi?

Men yaxshilikni yaxshi ko‘ramanmi?

Yoki yaxshi inson deb atalishni?

Mana shu ikkisining orasidagi farq juda katta.

Chunki birinchisi — xarakter.

Ikkinchisi esa — obraz.

Obrazni odamlar oldida saqlash mumkin.

Lekin yolg‘iz qolganingda u baribir yechiladi.

Shunda na chiroyli gaplar qoladi, na odamlarning maqtovi.

Faqat sen qolasan.

Va o‘zing haqingdagi haqiqat.

Balki insonning eng katta g‘alabasi ham shudir:

odamlar oldida yaxshi ko‘rinish emas, yolg‘iz qolganda ham yomonlashib ketmaslik.

Shunday yashash kerakki, odamlar biladigan “sen” bilan hech kim bilmaydigan “sen” o‘rtasida katta farq bo‘lmasin.

Chunki bir kun kelib, hammadan yashirgan narsalaring bilan yolg‘iz qolasan.

O‘sha kuni o‘zingdan:

“Men kim edim?”

deb so‘rashdan ko‘ra,

“Men qanday ko‘ringan bo‘lsam, shunday yashadimmi?”

deb so‘rash osonroq bo‘lsin.

@mutaallima
Shunday maskanlar bor — qalb doim u yerlarni qumsab yashaydi.

Yana shundaylari borki, hech qadam bosging kelmaydi.
Kim kimni boshqaryapti?
Bu bizning imkoniyatimizmi yoki sinovimiz?

Hammamiz o‘z davrimizga mos sinov bilan birdek sinalyapmiz.

Biz yashayotgan davr — texnologiyalar asri. Yoshu qarining qo‘lida smartfon, qulog‘ida quloqchin, qo'lida aqlli soat. Hattoki ba'zan bir xonada o‘tirgan odamlar ham bir-biri bilan gaplashishdan ko‘ra, qo‘lidagi telefon bilan bandroq bo‘lib qolgan.

Bu narsalar hayotimizning shunchalik oddiy bir qismiga aylandiki, ularsiz bir kunimizni tasavvur qilish qiyin.

Telegramda shaxsiy kanali bor odamning blogida ham hech bo‘lmaganda bir marta ijtimoiy tarmoqlar, vaqt yoki telefon haqida post uchraydi. Demak, muammo hammamizga tanish. Lekin hammamizga tanish bo‘lgan muammo hal qilingan muammo degani emas.

Keling, avval uning bizdan nimalarni olib ketayotganiga qaraylik.

Eng avvalo — vaqt.

Reelslarni scroll qilib, qancha soatimizni yo‘qotayotganimizni ko‘zimiz ko‘rib turibdi. “Yana bittasini ko‘raman” deb kiramiz, keyin yana biri, yana biri... Bir qarasak, ikki yarim soat o‘tib ketgan.

Ulamolarimizning vaqtlarini qanday qadrlaganlarini o‘qib hayratlanamiz. Hatto ovqatlanishga ketadigan vaqtlarini ham qizg‘anganlarini ko‘ramiz. Biz esa ba'zan bir necha soatimizni ertaga hatto eslamaydigan videolarga sarflab qo‘yamiz. Keyin esa kun oxirida: “Bugun ham hech narsaga ulgurmabman”, deymiz.

Vaqtimiz qayerga ketganini esa o‘zimiz yaxshi bilamiz.

Ijtimoiy tarmoqlar faqat vaqtimizni emas, ba'zan ko‘nglimizni ham charchatib qo‘yyapti.

Birovning yutug‘ini ko‘rib o‘zimizni kechikayotgandek his qilamiz. Birovning chiroyli hayotini ko‘rib o‘z hayotimizdan norozi bo‘lamiz. Birovning bir kunlik baxtini ko‘rib, o‘zimizning oddiy kunlarimizni qadrsizlantirib qo‘yamiz.

Holbuki, biz uning butun hayotini emas, u bizga ko‘rsatishni istagan qismini ko‘ryapmiz.

Yana bir narsaga ko‘zim tushadi: oldin bir inson haqida g‘iybat qilish uchun bir necha odam kerak bo‘lardi. Bugun esa bitta telefonning o‘zi kifoya. Birgina post, birgina komment, birgina story orqali insonning shaxsiy hayotini muhokama qilish, ustidan kulish, bo‘hton qilish yoki uni mazax qilish mumkin.

Ba'zida esa o‘zimiz norozi bo‘lib kuzatayotgan narsalarni yana va yana kuzatamiz. “Bunaqa narsalarni ko‘rishni xohlamayman”, deymiz-u, baribir o‘sha sahifaga qaytamiz. Keyin esa: “Nega bunday kontent ko‘payib ketdi?” deb hayron bo‘lamiz.

Axir ijtimoiy tarmoqlar algoritmi bizning xohishlarimizga qarab chiqarib bermaydimi videolarni?

Yana bir tomoni — sabrimiz.

Biror video bir necha soniya kechiksa, kutgimiz kelmaydi. Kimdir xabarimizga darrov javob bermasa, xafa bo‘lamiz. Biror ishning natijasini tez ko‘rmasak, zerikamiz. Bir daqiqalik videolarga o‘rganib qolgan odamga bir necha soat kitob o‘qish, biror narsani chuqur o‘rganish yoki shunchaki jim o‘tirish qiyinlashib boryapti.

Ilmga bo‘lgan rag‘bat pasayib, uning o‘rniga bir daqiqalik yangi video afzal ko‘rilayotganini ham ko‘ryapmiz.

Eng achinarlisi esa — ba'zan o‘zimizni ham unutib qo‘yamiz.

O‘tgan kunlarni ko‘rib afsuslanamiz, ertangi kun haqida xavotirlanamiz, boshqalarning hayotini kuzatamiz... faqat qo‘limizdagi bugunni yashash yodimizdan chiqib qoladi.

Odamlar orasidagi oqibat ham sekin-sekin o‘zgarib boryapti. Uzoqdagi insonning holidan bir necha soniyada xabar olishimiz mumkin, lekin yonimizdagi insonning ko‘nglidan nima o‘tayotganini bilmaymiz. Yuzlab odamlarning hayotidan xabardormiz, ammo eng yaqin insonimiz bilan oxirgi marta qachon chin dildan gaplashganimizni eslay olmaymiz.

Lekin texnologiyaning yaxshi tomonlarini ham inkor qilib bo‘lmaydi.

Bugun birgina smartfon orqali uydan chiqmagan holda o‘zingiz xohlagan kasbni o‘rganishingiz mumkin. Til o‘rganishingiz, kitob o‘qishingiz, ilm olishingiz, foydali insonlardan tajriba olishingiz mumkin. Uzoqdagi yaqinlaringiz bilan bir necha soniyada bog‘lanishingiz mumkin.

Demak, muammo smartfonning o‘zida emas.

Internetning o‘zida ham emas.

Muammo — biz undan qanday foydalanayotganimizda.
Bir xil telefon kimningdir vaqtini yeb bitiryapti, boshqa birov esa aynan shu telefon orqali hayotini o‘zgartiryapti. Bir xil internet kimnidir behuda narsalarga bog‘lab qo‘yyapti, boshqa birov esa undan ilm olyapti.

Shuning uchun masala “telefon yaxshi yoki yomon?” degan savolda emas.

Masala — men uni nima uchun qo‘limga olyapman?

Har bir davrning o‘z sinovi bo‘lgan.

Balki bizning davrimizning sinovi ham shudir: qo‘limizdagi imkoniyatlar shunchalik ko‘payib ketgan bir paytda, o‘zimizni boshqara olish.

Chunki telefonni qo‘lga olish oson.

Uni vaqtida qo‘yish qiyin.

Boshqalarning hayotini kuzatish oson.

O‘z hayoting bilan shug‘ullanish qiyin.

Tezkor zavqni tanlash oson.

Sabr qilib, foydali narsaga vaqt ajratish qiyin.

Shuning uchun ba'zan o‘zimizdan so‘rab turishimiz kerak:

Men texnologiyadan foydalanayapmanmi yoki texnologiya mendan foydalanayaptimi?

Chunki vaqt o‘tib, telefonimizda qancha vaqt o‘tkazganimiz emas, o‘sha vaqt ichida o‘zimizni kimga aylantirganimiz muhim bo‘lib qoladi.

Balki bizning davrimizga mos sinov ham shu:

qo‘limizdagi dunyoni boshqarish emas, avvalo o‘zimizni boshqara olish.

@mutaallima
Ilm talab qilayotgan inson yo‘lida bir necha bosqichdan o‘tar ekan.

Avvaliga ozgina bilim oladi-yu, o‘zini ancha biladigan insondek his qila boshlaydi.

Bahsda yutish uchun bilgan har bir narsasini qurol qiladi. O‘zidan kam biladigan insonga aql o‘rgatgisi keladi. Kimdir xato qilsa, darrov to‘g‘rilashga oshiqadi.

Eng yomoni, bularning barchasini ilmning o‘zi deb o‘ylaydi.

Keyin o‘qishda davom etadi.

Kitoblar ko‘payadi. Savollar ko‘payadi. Ustozlar, turli qarashlar, turli fikrlar bilan to‘qnashadi.

Shunda avvalgi ishonchi sekin-sekin kamayib, o‘rnini bir narsaning anglanishi egallaydi:

“Men bilganimdan ko‘ra bilmaganim ko‘proq ekan.”

Endi har bir bahsga qo‘shilavermaydi. Har bir xatoni to‘g‘rilashni o‘zining vazifasi deb bilmaydi. Ba'zan sukutni tanlaydi.

Chunki ilmning o‘zi ham odamni sukutga o‘rgatar ekan.

Yana o‘qiydi.

Yana izlanadi.

Va bir payt kelib, insonning ilmi uning gaplaridan emas, o‘zini tutishidan bilinadigan darajaga yetadi.

Ularning sukunatida ham ma'no bor.

Gapirsa, gapining vazni bor.

Qadam tashlasa, har bir qadamida hikmat bor.

Ular ilmni boshqalardan ustun bo‘lish uchun emas, o‘zlarini tarbiyalash uchun o'rganadilar.

Balki ilmning eng yuqori darajasi ham shudir.

Ko‘p narsani bilish emas.

Bilganlaring seni qanchalik kamtar qila olgani, unga qay darajda amal qila olayotganing bilan o'lchansa kerak.

Ilohim, bizga ham shunday ilm nasib qilsin. Bilimimiz ko‘paygani sari kibrimiz emas, kamtarligimiz, amalimiz ko‘paysin. Alloh taolo o'zi hammamizga foydali ilm nasib qilsin.

Amin.

@mutaallima
انا أريد، وأنت تريد، والله يفعل ما يريد.
1