Muhammad Yusuf sara she'rlar
1.8K subscribers
72 photos
29 videos
12 files
176 links
🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁
🦋Ushbu kanalda Muhammad Yusufning sara 🦋she'rlari berib boriladi. Admin bilan muloqot 🦋orqali shoirning o‘zingizga yoqqan she'rini 🦋topish imkoniga ega bo‘lasiz. Biz bilan birga 🦋bo‘ling!!!
Admin: https://t.me/oraximova
Download Telegram
QIZG'ALDOQ

Qizg'aldog'im, qirdan bo'lak koshonang yo'q,
Kokil yoysang, yerdan bo'lak toshoynang yo'q,
O'ksib-O'ksib-o'ksib turganingda o'zim borib,
Peshonangdan o'pay desam, peshonang yo'q...

Sollanasan kelinchakday boshing egib,
Jayron o'tgan so'qmoqlarga yoshing to'kib,
Qizil yuzing qon dilimga turar tegib,
Meningdek sen g'aribning ham parvonang yo'q...

Qadring bilgan, darding bilgan, ayt, kiming bor?..

Kelib-ketar bahor senga bevafo yor,
Go'zalsanki, senga bari gullar ag'yor,
"Oh" ursang, bir ohing tinglar ostonang yo'q...

Oldingga men borolmasam, o't gunohim,
Bir yo'qlab qo'y, men dunyodan o'tgan chog'im,
Qabrim uzra hilpirab tur, qizg'aldog'im,
Muhammaddan bo'lak do'sti devonang yo'q.
LOLAQIZG'ALDOQ
Shavkat Raxmon xotirasiga bag'ishlanadi.

Mendan nima qolar:
Ikki misra she'r,
Ikki sandiq kitob,
Bir uyum tuproq.
Odamlar ortimdan
Nima desa der,
Men seni o'ylayman
O'zimdan ko'proq-
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aloq!

Men ketsam, yomondan
Yiroq bo'l, oxu,
Chunki sen chiroyli,
Ko'rkli bir juvon.
Yomon kunlar bir kun
Yaxshi bo'lar-u,
Yomon odam yaxshi
Bo'lmas hech qachon...
Yasha chegarada
Turgandek ogoh,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq.

Uyda yotibman-u,
Sezib turibman,
Ko'kda ketayotir
Qushlar qaytishib.
Xayrlar yog'dirib
Qanotlaridan,
Xasta shoirga
Vido aytishib.
Bor, mening uchun ham
Ularga qo'l qoq-
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq.

Ularni men yana
Ko'rarmanmi-a,
Ayvondan odamdek
Kuzatolmadim.
Kuz. To'ylar boshlandi.
Yuragim pora-
Bitta qizimni ham
Uzatolmadim...
Demak, taqdir ekan
To'y ko'rmay o'lmoq,
Lola, lolaginam,
Lolaqizg'aldoq.

Biroq ko'nglim sezar,
Mendan keyin ham,
Bir kun bu hovliga
Odam to'ladi.
Hali to'ylar qilib
Charchaysan, erkam,
Mening qizlarim
Eng baxtli bo'ladi!
Kelinlar ko'ylagi
Ruhimday oppoq-
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq.

Gulim, yaqinroq kel,
Qara, ne savdo,
Bu ajib ishlarni
Dil lavhiga yoz:
Kimga qasr etmas
Kimga mol-dunyo,
Meng esa HAVO
Yetmaydi, xolos.
Tiriklar mudroqda,
O'liklar uyg'oq-
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq.

Ko'ksim kuyib borar,
Ko'krak yonmoqda,
Ayting do'xtirlarga,
Yorishsa yorsin!
Jism o'z ulfati-
Jondan tonmoqda.
Bechora jon endi
Qayerga borsin.
Endi osmon yiroq,
Endi yer yumshoq-
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq.

Buni hayot derlar,
Unutma aslo,
Bir kun ochilasan,
Bir kun so'lasan.
Qalbimda-ku faqat
Sen eding tanho,
Qabrim ustida ham
O'zing bo'lasan.
Sen bizning sevgidan
Xotira-bayroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq.

Ayol qalbing bilan
Suv kech, olov kech,
G'am kelsa boshingdan
Hushing uchmasin.
Xudodan so'radim:
Mendan keyin hech,
Nomard kimsalarga
Ishing tushmasin.
Ularning qo'lida
Hamisha tuzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq.

Ishing tushsa, inim
Muhammadga bor,
Shoirlar ichida
Ishonganim shu.
Biroz ichishini
Aytmasa agar,
Ko'ksi tiniq bola,
Halol bola u.
Faqat sal soddaroq,
Faqat sal yoshroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq.

Jon so'nggi boshpana
Toparkan ongda,
U yurak ostida
Derdim men bo'lsam.
Ajablanma agar
Ertaga tongda
Seni o'pib, O'shni
Quchoqlab o'lsam!...
O'tinchim-tepamda
Yig'lama uzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg'aldoq
INSHAALLOH

O'zbekiston, bo'yi-basting ko'rsat endi,
Pahlavonim, yetdi senga navbat endi,
Olam uzra hilpirasin abad endi-
Sohibqiron Temur tug'i-yashil bayroq,
Inshaalloh!

Erk degani o'zi kelib eshik qoqmas,
Jon chekmasang osmonlardan omad yog'mas.
Qatoringda botirlaring bo'lsin og'mas,
Gurkirasin Alpomishlar o'tgan tuproq,
Inshaalloh!

Qadim Oltin beshik avlodi maskanisan,
Alisherlar, Ulug'beklar vatanisan.
Yashnagani-o'z asliga qaytganisan,
Turon yurtda yonsin qayta so'ngan chiroq,
Inshaalloh!

Alla aytsang ayvoningda uxlar quyosh,
Senga mudom iymon yo'ldosh, islom yo'ldosh.
Bor bo'lsin shu qirq o'rim soch, o'smali qosh,
Oq yaktag-u beqasam to'n, shohi belbog',
Inshaalloh!

Totuv yurtda yantoq o'zin tog' aylagay,
Bir-birini qo'llagan el kam bo'lmagay.
Bolalari Turkistonni bog' aylagay,
Abad yashar, xazon bilmas endi bu bog',
Inshaalloh!
ALLOH GO'ZAL

Orazi gul, husni hilol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal.
Mutlaq kamol, mutlaq jamol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal...

Arsh erkida sulton o'zi,
Beayb-u benuqson o'zi.
Poyida cho'k, ul Zuljalol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal...

Diydori bir shirin umid,
Amal vujud, abad vujud.
Kimga ayon, kimga xayol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal...

Nahri zilol, bag'ri bahor,
Gul chehra yor, nur chehra yor.
Oromijon, oshuftahol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal...

Tuproqqa jon etmish ato
Momo Havo, Odam Ato.
Loydan odam yasar kulol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal...

Shoir tilak-ta'bim o'shal,
Ruhim o'shal, Rabbim o'shal,
Allohu akbar, ey Bilol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal!..
SHOIR

G'arib demang shoirni, g'arib,
Yetti ko'kka uchishi mumkin.
Yetti qavat yerni ag'darib,
So'zni-qizdek quchishi mumkin!..

Butun emas shoirning noni,
Shoirlarning yuragi butun.
Qarzin uzmay uzilmas joni,
Haqqini unutishi mumkin.

Dardin tilga ko'chirmas shoir,
Shoir dardin yutishi mumkin.
Hech kimni zor kuttirmas shoir,
Shoir yuz yil kutishi mumkin.

Shoir agar suysa birovni,
Sevilmasa-suyar sevgisin.
Yorga o'zi topib kuyovni,
To'yda o'yin tushishi mumkin...

Hech kimsaga o'xshamas shoir.
Bor sevganin yurakdan lekin.
Ko'zyoshini ko'rsatmas shoir-
Shoir faqat... "ichishi" mumkin!
EY JUFTI HALOLIM

Bizni birovlardan ne kamimiz bor,
Ey jufti halolim, ne g'amimiz bor.
Garchi bog'lar kezib yurmadik birga,
Eslasak arzirli xush damimiz bor...

Garchi men bilan hech yo'qday ishlaring,
Men haqdadir hatto ko'rgan tushlaring.
Sevdim demasang ham sevging izhori-
Ko'zing to'la mehr jilmayishlaring.

Mehri sadoqati siym-u zar sanam,
Munglig'im, munisam, mushtiparginam.
Parvonam sensan-u boshimda mudom,
Qadringga yetmayin kelganim alam.

Bir bor qosh uymagan qalam qoshligim,
Sochingdagi oqlar-bag'ri toshligim.
Bir shirin so'z aytmay, bitta gul tutmay,
Sen gulni so'ldirdi mening yoshligim.

Darding olay yorim, aytgil dardingni,
Tog'lar ko'tarolmas sening dardingni.
Sevdim demasam ham sevgim izhori-
Umr o'rtasida bildim qadringni!..

Bizni boshqalardan ne kamimiz bor,
Ey jufti halolim, ne g'amimiz bor.
Garchi bog'lar kezib yurmadik birga,
Eslasak arzirli xush damimiz bor...
Assalomu alaykum azizlar! Sizni bugungi qutlug' kun, Ro'zai ramazon oyi kirib kelganligi bilan tabriklayman. Bu oy gunohlardan poklanish oyi, uzr so'rash va kechirish oyi, ginalarni unutish, do'stlashish oyi, Ollohim oldida ruhimizni poklash oyi, Xudoyim gunohlarimizni kechirsin, sabr-matonat ila tutilgan ro'zalarimiz dargohida qabul bo'lsin🥀🥀🥀
UZR

Shuhratga o'ch bo'lsam kerak men gumroh,
Yolg'on bo'lsa kerak dilda nolam ham.
To'pori baytlarim bitar paytim goh
Ko'zimga ko'rinmay qolar bolam ham.

Olamni erkalab erka so'z izlab,
Bolamni erkalab bir so'z aytmayman.
Mushukday suykalib kelsa ham muzlab,
Betidan bir o'pmay uydan haydayman.

Qalam ushladimmi, demak-o'yin bas,
Yayrab ocholmaydi gul dudog'ini.
Bundoq yurak yutib so'rasha olmas,
Xonamda qoldirgan qo'g'irchog'ini.

Burchak-burchakda jim tortishar burun,
Bilmam qanday o'y-u xayol ichida.
Tuzsiz she'rlarim deb shirindan-shakar.
Bolalarim yurar oyoq uchida...

Ular she'r yozmasin hech menga o'xshab
Mendan nafi tegar ko'proq elimga.
Shoh asar bo'lsa ham tupurdim o'sha-
Bolamni yig'latib yozgan she'rimga!

Nozimaga...
USTOZNING YODI...

Suysangiz shoirni borida suying,
Qadrlang sho'rlikni tirikligida,
U yongan o'tlarning kulidan kuying!
Arzir-arzimasga kuymay behuda.

Fig'oni tutundek o'rlab falakka,
Shoir xalq dardini tuyib yuradi.
Oson ola ko'rmang o'sha yurakka,
Hatto qabrda ham urib turadi!

She'rga aylanadi bedor tunlari,
Kunduzlar siz kabi oddiy tashvishda.
Yozning qoq o'rtasi muzlay olar kim,
Kim gullay oladi qahraton qishda.

Ketaman ichimga ko'z yoshim yutib,
Muhammad Yusufning qabri qoshidan
Uning she'rlarini yuz bora o'qib,
Yana o'qiyvergim kelar boshidan.

Bitta "Qizg'aldoq" qa o'xshamas afsus,
Shoirlar she'r bitib o'tsalar abad!
Yig'lang, Muhammadning onasi o'lgan,
Qayta tug'ilmaydi, demak, Muhammad.

Malika Salimova
OTA

Yusuf otaga
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Qoq dalada o'tlar bosgan o'rmonim bor.
Qizg'aldoqday boshim egik bu makonda,
Yoshin yashab o'tmagan otajonim bor.

Ota desam, bag'ri-dilim yonaverar,
Kunim yonar, oy-u yilim yonaverar,
Mozoriga qo'ygan gulim yonaverar,
Tutunlarga to'lib ketgan osmonim bor.

Esaversin jannatlardan kelgan nasim,
Momo yerim, o'zingsan eng muqaddasim,
Bag'ringda jim tinglab bu tun jon nafasim,
Ruhimni allalab yotgan jahonim bor.

Odam bo'lib bir odamni tushunmaslar,
Ko'zingda yosh ko'rib ham goh o'kinmaslar,
Bosgan izim poylab yurgan ey nokaslar,
Qabrdan qo'l cho'zib turgan qalqonim bor...

Men otamdan qolgan erkin sado-sasman,
Qonimga yot navolarga qayrilmasman,
O'lgunimcha endi undan ayrilmasman-
O'z otamdek bo'lib qolgan imonim bor.

Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Keng dalada gullar bosgan o'rmonim bor,
Qizg'aldoqlar bosh egib qon yig'lab turgan
Bu makonda mening ham nurjahonim bor.
OQIBAT

Mehr yuraklarda qotsa ichikib,
Oqibat ham bo'lgay anqo urug'i.
Elning kichigini g'ajir kichigi,
Ulug'ini esa ulug'i...

Polvoni polvonin chalmoqqa mahtal,
Dorbozi dorbozin ko'rolmay yashar.
Hofizlari qo'shiq aytishdan avval,
Bir-birlarin qarg'ab ovoz sozlashar.

Ziyolilariga kerakmas maydon:
Tinchitar bir-birin sal g'oyibona,
Olimi olimin olimlik bilan,
Shoiri shoirin ham shoirona!..

Mehr yuraklarda qotsa ichikib,
Oqibat ham bo'lg'ay anqo urug'i,
Elning kichigini g'ajir kichigi,
Ulug'ini esa chaynar ulug'i.

Andisha degan bir bog' bo'lar vayron,
Go'yo bu chamandan yalmog'iz o'tgan.
Onalar qizlarin tanimay hayron,
Qizlarin onalarin ismin unutgan.

Bir umr yelkada ko'tarib o'zi,
O'zi bolasining rahmiga mushtoq.
O'g'illar mushtidan ko'karib yuzi,
Otalar yig'lagay sochlari oppoq...

Bo'ldi. She'rim tamom. Axir siz chidab
Yuribsiz-ku, nima qipti men yursam.
Tomog'imda jonim turibdi yig'lab,
Jondan ayrilaman endi gapirsam!..
Mensiz ham kunlaring o'tmoqda, erkam,
Qayga qo'l uzatsang yetmoqda, erkam,
Yurishlaring qaysi malikadan kam,
Faqat qiyin bo'ldi sho'rlik yurakka...

Mening ham hajringda yonganim yolg'on,
Yasharman o'zimcha, saroyda sulton.
Go'yoki yo'q mendan baxtli bir inson,
Zo'rlik bo'lsa bo'ldi zo'rlik yurakka.

Endi ko'rishib ham ko'rishmasmiz biz,
Go'yo men yot yigit, sen begona qiz,
Na qo'llar titramas, na qizarmas yuz,
Evoh, bu qandayin xo'rlik yurakka!..

Qoshing o'sma o'psin, ko'zingni surma,
Buni taqdir derlar, yor, labni burma,
Eslama, eslatib tushimga kirma,
Jonimni rishtalab ming bir bo'lakka.

Garchi bo'lmasam ham u kun to'yingda,
Yoningda yor-u men bo'ldim o'yingda,
Alpomish o'g'illar o'stir uyingda,
Muhammading qurbon shu bir tilakka!
SEVISH KERAK, YASHASH SHART EMAS!

Shafaqlarga qalbimni to'kdim,
Nur yugurdi qaroqlarimda.
Atirgulning poyiga cho'kdim
Va so'z ochdim qaboqlarimdan:

Men dil edim-sabodan hurkkan,
Qizg'aldoqning bargiday titroq.
Men gul edim-momo yer tuqqan,
Endi boshim ko'kka yaqinroq.

Tush ko'raman baxtimni, Baxtni
Tush ko'raman saroblarimni,
Kapalakning qanotlariga
Bog'lab qo'ydim savoblarimni.

Dilshishadan boqsang olamga
Yetti emas, yetmish ming havas.
Hislaringni gulhanday yoqib
Sevish kerak, yashash shart emas...
MEN BITTADURMAN

Sanam, sochingdan ham shaydolaring ko‘p,
Husning oshiqlari - adolaring ko‘p.
Nimang ko‘p, ko‘yingda gadolaring ko‘p,
Ammo men bittaman, men bittadurman.

Bek yigit bir sening poyingda xorman,
Garchi diydoringga mushtoq-u zorman,
Men beun sevarman, men jim sevarman,
Qiyomatgacha shul sukutdadurman.

Deydilar: muhabbat bilmas masofa,
Ayriliqni pisand qilmas masofa.
Kelursan o‘zing deb bir kun insof-
Gohi Toshkent, gohi Urgutdadurman.

Tiling bilmasam ham tushungandayman,
Sen bilan gohi do‘st tutungandayman.
Gohi bu do‘stlikdan o‘kingandayman,
Ming bir xayol ichra ming bittadurman.

Suymoq - bu gulxanda kuymoq azali,
Men shahar erkasi, sen tog‘ go‘zali. 
Eslab yur yodingga tushgan mahali-
Shaydolaring ko‘p-u, men bittadurman!..
XUDBINGA...

Kim-kimga maqtanib sanjarman deydi,
Sim-simga maqtanib-xanjarman deydi,
Qumursqa ham o‘zin ajdarman deydi,
Men nima ham derdim.

Bol bergan qo‘lingga nayzasin sancha,
Qilgan yaxshiliging bilmagan qancha,
Oqillarin talar qancha tirrancha,
Men nima ham derdim.

Imon yo‘q go‘shada ehrom qaydadir,
Qalbga taskin qayda, orom qaydadir,
Magar jondan kechgin, nima foydadir?..
Men nima ham derdim.

Mening yozganlarim shunchaki havas,
Menga dilim poshsho-she'rlarim emas,
Shoir-sen, desam ham, qo‘ymasang nokas,
Men nima ham derdim.

Otamdan qolmagan bu nazmi so‘lg‘in,
Men bog‘da gul emas-tog‘dagi yulg‘un!
Qo‘lingda kelsa bor, Navoiy bo‘lgin!..
Men nima ham derdim

1994
Forwarded from ☝️ISLOMIY SHE'RLAR ☝️ (TOHIROV)
100$

Кичкинагина шахарчага бир сайёх келди ва кичкинагина мехмонхонага кирди. Мехмонхона эгасига 100 доллар гаров пули қолдирди ва хоналар билан танишишга киришиб кетди. Мехмонхона эгаси қўлига тушган нақд пулдан зудлик билан фойдаланишга ахд қилди. У югуриб бориб қассобдан қарзини узиш учун 100 долларни узатди. Қассоб хам тезда бориб фермердан қарзини узди. Фермер тракторини тузатиб берган устадан қарзини узолмай хуноб бўлиб ўтирганди.
Шахдам қадамлар билан устага пулни узатди. Уста озиқ-овқат олавериб дўкончидан 100 доллар қарз бўлиб қолгани эсига тушди ва дўкончининг ёнида юзи ёруғ бўлди. Дўкончи анчадан бери дўконни тозалаб юрган фаррошнинг ойлигини беролмаётганди. 100 долларни олган фаррош ижара пулини тўлаш учун мехмонхонага югурди ва хўжайинга пулни узатди. Хўжайин пулни олган пайтда юқори қаватдан сайёх тушди ва бу хоналар унга тўғри келмаслигини айтиб, пулини қайтариб олиб, жўнаворди. Хеч ким хеч нарсага эга бўлмаган бўлса-да, бутун шахарча қарзларидан қутилган ва келажакка ишонч билан қараётган эди.
Ғоятда гўзал!
Qadri bilinadi endi menga goh,
Oddiy maktabimning o'sha behasham,
Navoiy-ku bizga ustozdir, biroq,
Kimdir o'qitgan-ku Alisherni ham!
Shunday buyuk zotga harf o'rgatgan kim?
Oddiy muallim-da, oddiy muallim!

Ayagan hayotning sanchiqlaridan,
Yiqilsa ko'targan to'siqlaridan,
Otadek ezilgan, g'ussaga botsa,
Boladek quvongan yutuqlaridan,
Uyquda shogirdin o'ylab yotgan kim?
Oddiy muallim-da, oddiy muallim!

Yo'qdan Beruniyni binolar qilgan,
Husaynni Ibn Sinolar qilgan,
Mashrabni mashhuri dunyolar qilgan,
Abdulloning tilin burrolar qilgan,
Ilon o'ynatgandek so'z o'ynatgan kim?
Oddiy muallim-da, oddiy muallim!