zouᴉɹɥǝW
2.07K subscribers
40 photos
21 videos
1 file
21 links
telba-teskari olamimga xush kelibsiz)
Download Telegram
Ruhimizda har ne bor: illat ham, fazilat ham. Yozganlarimiz – ruhimiz puflamalari.

@mehrnoz_abbos
Audio
***

Kel,
shunchaki birga choy ichamiz,
Ko’zlaringga qaramayman, kel,
Siyosatdan gapirmayman hech,
Nolimayman biror tuzumdan,
Huquqi yo’q insonlar uchun
yig’lamayman bag’ringni tig’lab.
Urush haqda og’iz ochmayman,
Mazlum bilan nima ishim bor?
Qishloqlarda nochor odamlar
bir amallab ko’rsin kunini.
Tirjayaman quyoshga qarab,
tishim oqi ko’rinar faqat
chiqarmayman aslo unimni.
Tushlarimda bosqinchilardan
qutqarmayman go’daklarni ham
qayg’u to’la satrlarimni,
sening bilan ko’rmayman baham.
Aql qursin, tafakkur qursin
Vijdonga o’t tushsin, azizim.
Ahmoq bo’lib yashaylik bir kun
bir daqiqa, hech yo’q bir lahza.
Qachongacha ko’z yosh ichamiz?
choy ichaylik odamga o’xshab.

Kel, shunchaki…

✍️MehrNoz

@mehrnoz_abbos
Forwarded from Sanduvoch
Tugʻilgan kuning – odamlar seni aldashga, sen odamlarga aldanishga moyil kuning.

Mehrinoz Abbosova

P.S: bugun Mehrinoz opamizning tugʻilgan kuni, bemalol aldasangiz boʻladi :)

@sanduvoch_uz
Xullas kalom

Birinchi
ikkinchi,
uchinchi,
yigirma to’qqizinchi…
yoshdan yoshga
ko’chib,
qafasdan qafasga
uchib,
yashayapmiz.
Nima deysan, dunyo?
Tug’ildik ayollik gunohi bilan
bir umr tilimiz, yelkamiz qisiq.
Bizdayam huquq bor qaydadir, bilmam,
Men uchun Xudoning mantig’i qiziq.
katta qiz bo’lamiz anglab-anglamay,
Katta orzularga bo’lamiz yukli.
Eng ko’p og’ritganga eng ko’p oshiqmiz,
Iztirob degani buncha suyukli.
Embrion muhabbat, embrion umid
bolaga aylanmay bo’ladi nobud.
Qayerda xotirjam, sokin muhit bor,
Buncha liqqillaydi biz tushgan tobut?
Do’zaxmi, jannatmi qolmadi farqi,
Sira bo’g’zimizda tinmadi faryod.
Kemtikmi, to’kismi–o’zgarmas dunyo,
Baxtlimi, baxtsizmi – baribir ayol…

✍️MehrNoz

@mehrnoz_abbos
Uchqun

Shuvalib ketadi shahar shovqini,
Diqqatin jamlaydi keksa oy munkib.
Zabt etgudek bo’lar osmon toqini
to’rtta devonaning to’rtta gurungi.

Negadir ruh dag’al, hislar ship-shiydam,
Qalbni entiktirgich tuyg’ular talosh.
Muhabbat yoshida, sevgi yoshida
siyosat haqida qotiramiz bosh.

Yaltiroq yolg’onlar qilolmaydi rom,
Soxta shon-shuhratga qolmagan rag’bat.
Nechun chorasizlik choradir mudom?
Toqatlar tugagan, tugamas suhbat.

Azbaroyi barin unutmoq uchun
sevgilingni quchib, o’pasan qattiq.
Bo’saning ta’mi yo’q, chidaysan beun,
Tanangni taqdirga qilasan tortiq.

She’rimni turlicha qilmangiz talqin,
Har kimning niyati qalbiga monand.
Vatanni qutqarib qoladi balki
shu to’rtta gurung va to’rtta devona…

✍️MehrNoz

@mehrnoz_abbos
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
#Aslida

Xayrli yakshanba, do’stlar!

Nihoyat biz qaytdik. Sanjar Nazar bilan bo’lgan bu mazmunli suhbat loyihaning o’zimga eng yoqqan sonlaridan biri bo’ldi.

Ko’ring, manzur bo’lsa, ulashing, izohda fikrlaringizni qoldiring.

https://youtu.be/HUox2DLWndU

@mehrnoz_abbos
Bir o’zanga sig’mayapman)

Kuyganda tinglaydigan kuylarim uchun yangi kanal ochdim)

Qo’shilinglar, qo’shiqlashib turamiz.

@mehrnoz_abbos
Tavba, man bosim qiladigan qizga o’xshaymanmi? O’zinglar aytinglar?:))

@mehrnoz_abbos
Audio
***
Sen ruhsan, eeerkin ruh – birov yetmagan,
Men hasad qilaman ozodligingga.
Bir kuni ayon-ku senga ketmagim,
Ungacha yashashga mahkumman nega?!

Koʻzimni toʻldirib uchar gala qush,
Kun sayin yelkamdan boʻrtar qanotim.
Sen bu – men uygʻonib ketgan chala tush,
Va birdan chalkashib ketgan hayotim.

Kulishga kuchim yoʻq, yigʻlashga mador,
Isyonim koʻpirar, istagim – tilsim.
Xudo, meni qushdek uchirib yubor,
Erkimga kimningdir hasadi kelsin…

MehrNoz

@mehrnoz_abbos
Forwarded from Nodirabegim
ЧАЛАХОТИН ЁКИ ЕР ОСТИГА МАКТУБ

Орқа фон

...Бир пайтлар отам амазон аёллар ҳақида ўқиб берганини эслайман. Жангда халал бермаслиги учун бир сийнаси кесилган аёллар ҳақида... Мени тўкис амазонга айлантирган тақдирдан нафратланаман. Қани, тақдирим одам шаклида бўлса-ю, юзига тупурсам.

Ўқиш: https://telegra.ph/CHALAHOTIN-YOKI-ER-OSTIGA-MAKTUB-07-31
#ayqash_uyqash_fikrlar
#shuncha_ish_ichida_sevgiga_nima_bor

Nega sevib qolishdan qo’rqamiz?

Chunki sevgi bu – niqobsizlik. Sevgilingiz huzurida istaysizmi-yo’qmi, asl yuzingiz ochiladi, undan hech nimani yashirolmaysiz.

Sevgi bu –ojizlik. Sevgilingiz kuch-qudratga to’lib boradi, siz kunba-kun zaiflanib.

Sevgi bu – kasallik. Qachon bu dard boshingizga tushishini bilmaysiz, sog’ayishning, boshqa odamlar qatori bo’lishning esa ming xohlab, harakat qilsangiz ham endi iloji yo’q.

Sevgi iste’dodga o’xshaydi – unga erishilmaydi, bu ne’mat kimgadir beriladi yoki yo’q.

Sevgi ko’pincha erkinlik
qiyofasida kelib, sizni ashaddiy tutqunga aylantiradi.

Sevgi tufayli ismingiz, kibringiz, ishongan barcha haqiqatlaringiz qum zarralari kabi sochilib, parchalanib ketadi.

Siz tugagan joyingizda sevgi boshlanadi.

@mehrnoz_abbos
***
Mening ovozimdan qo'rqarding behad,
Men ham qaror qildim qo'rqmoqqa so'ngra.

***
Sevgi zolim emas,
Bizlar shafqatsiz.
Sevgi o'yin emas,
Biz sevgidan yaratdik o'yin.

***
Men san'at asari to'la muzeyman,
Biroq sen ko'zingni yumib olgansan.

***
Men musiqa edim,
Ammo quloqlaring kesilgan sening.

***
Men qandayin yozaman axir–
qo'llarimni olib ketgan u.

✍️Rupi Kaur

Inglizchadan MehrNoz o’girgan)

@mehrnoz_abbos
MONOLOG

Erkinlik bu – yolg’on gapirmaslik huquqi.
Kamyu

Yolg’onchiman men,
tushunyapsizmi?
YOL-G’ON-CHI!
Ko’zingizga tik boqib aldayman,
qoqilmayman biror so’zimda.
nafasim nafasimga
ko’z yoshim ko’z yoshimga
ulanganidek,
tabiiy oqim kabi,
tug’ma iste’dod yanglig’
quyilib keladi yolg’onlar.
Qizaloq ekanman, onamni aldadim,
Akalarim ko’zin qildim shamg’alat.
Hammadan har neni yashirdim ammo,
(faqat dadam edi bundan mustasno,
faqat dadam bundan qolgandi omon.
Agar otam shoir bo’lmaganida,
noiloj aldardim, so’ylardim yolg’on)
Bilardimki, yolg’on –ulkan ozodlik,
bilardimki, yolg’on barchaga ma’qul,
Bu dunyo rostlikni ko’tarolmaydi,
Yolg’onning oxiri – Haqqa tavakkul.
Tobora ustaga aylanib bordim,
tajriba to’pladim, oshdi mahorat.
Erim, bolamga ham gapirmadim rost,
O’zimni bir lahza qilmadim xalos.
Haqgo’ylik odamlik maqomiga teng,
odam bo’lmoqlikka sig’madi haddim.
Hayotiy burchimni o’tayapman men–
Kechirasiz, Kamyu, fikringizga bir qo’shimcha aytardim:
Ayollik bu–yolg’on gapirish majburiyati!
Dadajon, ayting-chi,
men hech chiqisha olmagan,
meni qabul qilishni istamagan,
meni hamisha o’gay ko’rgan
begona dunyodan, odamlardan
yolg’on bilan qutulmoqchi bo’lgum,
yolg’on bilan isyon qilmoqchi,
o’ch olmoqchi bo’lgum tobakay?
Yolg’on mamlakatlar,
yolg’onchi podsholar,
yolg’onsevar qullar, yolg’on “xudolar”
osmondan tushgandek bo’lmagan paydo.
biz tug’ib, o’stirdik ularni mudom.
Meni ayollikdan qutqaradi she’r,
Yolg’iz she’r ichinda rostman, erkinman.
Bu cheksiz yo’qlikda, kimsasizlikda
yolg’iz she’r ichinda Haqqa yaqinman.
Axir she’r – Allohga yozilgan maktub,
Jonim chiqsin maktub yozayotgan on.
Hozircha men bilgan bir haqiqat shu:
Faqat she’r–istisno, qolgani –yolg’on.

✍️MehrNoz

@mehrnoz_abbos
Ulkan muhabbatga qodir qalblarning, shubhasiz, ulkan fojialari ham bo’ladi.

@mehrnoz_abbos
***

Kechir…
seni har gal kechiraverganim uchun kechir,
O’zing aytganingdek, men bir qasamxo’r.
Go’dakdek ishondim, sevdim chippa-chin,
Qah-qah yig’layurman, kularman o’r-o’r.

Vujudimni tark et, ey adashgan ruh,
Ko’zlarimga qaytmang, uchirma hislar.
Ket, seni o’zimdan qilurman forig’,
Ortga qayrilmagil, qo’ymagil eslab.

Kimnidir o’ldirdim, boy berdim kimni,
Motam kuyi yangrar hazindan hazin.
Bu ulkan, bu og’ir yolg’izligimni
senga suyamoqchi bo’ldim men xudbin.

Telbalarcha suydim do’st-u g’animni,
Hanuz tirikmanmi – sezilmas tanim.
Juda kech angladim ulg’ayganimni,
Kechir, o’z vaqtida kecholmaganim…

✍️MehrNoz

@mehrnoz_abbos