Ko’rinmas Qo’l
1.33K subscribers
13 photos
1 video
1 file
28 links
Shahzod Yo’ldoshboyev

Iqtisodiyot va jamiyat mavzularidagi mulohazalarim.

Bog’lanish uchun: @korinmasqol_feedback_bot
Download Telegram
Samaradorlik, "bepul" sarmoya va axborot assimetriyasi haqida

Iqtisodchilar samaradorlik (efficiency) haqida ko’p o’ylashadi. Resurslar chegaralangan bo’lganligi sabab, ularni imkon qadar eng optimal tarzda ishlatish kerak degan xulosa iqtisodiyot fanining asosida yotadi.

Sodda misol oladigan bo’lsak: qish vaqti siz pulingizni pechkada yoqib uyingizni isitishingiz, yoki o’sha pulning bir qismi evaziga bozorda o’tin harid qilishingiz mumkin. Ushbu ikki harakat bir xil natijaga erishsa ham, tabiiyki, o’tin sotib olib uyingizni isitish pulni o’zini yoqqandan ko’ra sizga ancha arzonroqqa tushadi. Ya’ni, ikkinchi variant birinchisidan samaradorroqdir. Lekin, deylik, boshqa bir material o’tindan arzonroq va undan yaxshiroq isitish qobiliyatiga ega bo’lganida, sizda samaradorlikni yanada oshirish imkoniyati mavjud bo’lar edi.

Bu tushuncha nimaga muhim? Kambag’al mamlakatlarning resurslari boy mamlakatlarnikidan kam bo’lishiga qaramay, samaradorlik darajasi rivojlanayotgan davlatlarda ancha past. Shu samarasizlikni bartaraf etish rivojlanish yo’lidagi eng oson va kamharajat yechimlardan biri hisoblanadi.

Hop, samaradorlik muhim ekanligini tushundik. Uni qanday o’lchaymiz? Kunlik hayotimizdagi misollar uchun daromadlilik darajasi (rate of return) yaxshi o’lchov hisoblanadi. Har xil investitsiyalarning daromadlilik darajasini solishtirib, eng optimal sarmoyani tanlash mumkin.

Iqtisodchilarning sevimli misollardan biri - bu qishloq xo’jaligida o’g’itga sarmoya. Tadqiqotlar ko’rsatishicha, Kenyalik fermerlar $100ga teng o’g’it ishlatib, hosilidan yillik tushumlarini $170ga ko’paytirishi mumkin ekan. Bu degani, o’g’itga sarmoyaning daromadlilik darajasi 70 foizni tashkil etadi. Bu esa pulni boshqa joyga tikib kattaroq daromad olish imkoniyati bo’lmasa, fermerlar o’g’it sotib olishi kerakligini anglatadi.

Boshqa misol: bezgak tarqatuvchi chivinlarga qarshi to’shak to’rlari (anti-malarial bed nets). Bezgak ayniqsa besh yoshdan kichikroq bolalarga katta xavf ko’rsatadi. Tadqiqotlarga qarasak, bezgakka chalingan bolalar katta bo’lganida boshqalardan 40-60% kamroq daromad topishar ekan. Ushbu to’shak to’rlari kasallik ko’p tarqalgan Afrika davlatlarida bolaning bezgak yuqtirib olish ehtimolini taxminan 30 foizga tushiradi. Shartli Kenyada o’rtacha yillik daromad $2,100 tashkil etadi. Shunda, $5 turadigan to’shak to’ri Kenyalik bolakayga 40-yillik ish umri davomida $12,600 foyda keltiradi ($2,100*50%*40*30%). Bu esa aql bovar qilmaydigan 251,900% yalpi daromadlilik darajasiga teng.

Eng qizig’i, agar boshlang’ich sarmoyaning narxi 0ga teng bo’lsa, daromadlilik darajasi cheksizlikka intiladi. Yaqinda bir shunday hayotimdan misol esimga tushdi.

1/2

(davomi bu yerda)
2/2

Men litseyni bitirgach, Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetiga (JIDU) o’qishga kirganman. U yerdan bir yil o’qimay ketgan bo'lsamda, kursdoshlarimning salohiyati meni hayratlantirgan edi. Ko’pchilik AQSHda o’qish uchun yetarli darajada ingliz tilini bilishar va yuqori ballik IELTS sertifikatiga ega edilar. Bilishimcha, JIDUga kirish uchun ular yillar davomida mustaqil hamda repetitorlar yordamida tayyorgarlik ko’rishgan. O’ylab ko’rsam, agar ular DTM imtihoni o’rniga SATga tayyorlanib, chet el oliygohlariga hujjat topshirishganida, top universitetlarda to’liq grant asosida talaba bo’lish imkoniyati yuqori edi. Bu ssenariyda “sarmoya” Googleda atigi 2 soatlik izlanishga teng, va u deyarli bepul. Internet SATga tayyorlanish uchun tekin materiallar bilan to’lib yotibti. Ya’ni, DTM repetitorlariga ketadigan mablag’larni bemalol SATning registratsiya to’loviga ketkazib, imtihonga mustaqil tayyorlansa bo’ladi. Ammo, ushbu sarmoya haqida axborot bo'lmaganligi uchun, kursdoshlarim bunday harakat qilishmagan. Bu iqtisodiyotda axborot assimetriyasi deb ataladi.

AQSHdagi top universitetlarning bitiruvchilari, o’rtacha hisobda, bir yilda $86,000 daromad topishar ekan. Ularning tajribasi oshgan sari, bu yillik ko’rsatkich $162,000ga ko’tariladi. Xalqaro talabalarda maoshlar pastroq bo’lishini inobatga olsak ham, bu $0ga teng sarmoya bir necha millionga teng umrbod daromadlardagi farqni keltirib chiqaradi. O’zbekistonlik top universitet bitiruvchilari bizning jamiyatga keltiradigan foydasini hisoblasak, bu farq yana karrasiga oshadi.

Biz, jamiyat sifatida, bunday bepul investitsiyalarni imkon qadar ko'p aniqlashga va ulardan faol foydalanishga harakat qilishimiz kerak. Aks holda, biz ehtimol milliardlab dollarlarni yoqotyapmiz.
Lerner teoremasi, proteksionizm va mantiq haqida

Iqtisodiyot fani turli xil fikrlar va raqobatlashuvchi nazariyalarga to’la. Iqtisodchilar orasida umumiy konsensusga yaqin sanoqli qarashlardan biri - bu xalqaro savdoga cheklovlar nomaqbulligi haqidagi g’oya.

Erkin xalqaro savdoga qarshi bo’lganlarning aksari proteksionistlarni tashkil etadi. Proteksionistlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar arzon import mahsulotlaridan aziyat chekishadi va “o’yindan chiqib ketmaslik” uchun davlat himoyasiga muhtoj deb hisoblashadi. Ko'pincha bu himoya import bojlari shaklida hayotga tatbiq qilinadi. Bojlar esa mahalliy iste'molchilar uchun import tovarlarining narxini oshiradi. Shu bilan birga, protesksionistlar odatda eksportni qo'llab-quvvatlashadi, chunki u mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yangi bozorlarni zabt etishda va yangi ish o'rinlarini yaratishda yordam beradi. Shuning uchun, standart proteksionist savdo siyosati importni cheklash va eksportni rag'batlantirish atrofida quriladi.

Bunday savdo siyosatining boshqa bir sababi ham mavjud. Ma’lumki, proteksionistlar orasida keng tarqalgan xato fikr - bu ular xorijiy valyutani boylik manbai deb hisoblashlari. Import mahsulotlari xorijiy valyuta (odatda AQSh dollari) evaziga sotib olinadi, bu esa valyutani mamlakatdan chiqib ketishiga olib keladi. Eksport esa, aksincha, chet eldan valyutani olib keladi. Shu sabab, proteksionistlar savdo balansining profisiti (eksport > import) iqtisodiy farovonlik belgisi ekanligiga ishonishadi.

Ushbu qarash bir qancha sabablarga ko'ra noto'g'ri. Jumladan, xorijiy valyuta faqat chet eldan tovarlarni sotib olish imkoniyatini berishi uchungina bizga qadrli. Ya’ni, AQSh dollarini yeg’ib uni ishlatmaslikdan hech qanday naf yo’q. Dollarning bizga yagona qiymati - bu uning evaziga biz chet eldan tovar va hizmatlarni harid qila olishligimizdadir.

Ammo, proteksionizmga qarshi mening sevimli kontr-argumentim Abba Lernerning simmetriya teoremasidan kelib chiqadi. Bu teoremaga binoan, import bojlari va eksport soliqlari iqtisodiyotga bir xil salbiy ta'sir ko'rsatadi.

Albatta, bu aslo intuitiv emas. G'oya shundaki, siz mahalliy iste'molchilarga import qilingan tovarlarni qimmatlashtirishingiz chet ellik iste’molchilarga o’zingizning tovarlaringizni qimmatlashtirishingiz bilan teng. Ikkala holatda ham mahalliy farovonlik bir xil darajada pasayadi. Boshqacha qilib aytganda, 10 foizlik import boji va 10 foizlik eksport solig’i mahalliy iste’molchilar uchun nisbiy narxlarni bir xil darajada o’zgartiradi.

Ammo import bojini ko'rib chiqadigan bo'lsak, siz mamlakatdan ko'proq valyuta chiqib ketishining oldini olasiz, bu esa mamlakatingizni, proteksionistlarning mantiqiga ko’ra, "boyroq" qilishi kerak. Eksport solig'i holatida esa, siz mamlakatga valyuta kirishining oldini olasiz, chunki sizning eksport mahsulotlaringiz chet elda kamroq sotiladi, bu esa, proteksionistlar o’ylashicha, mamlakatingizni "kambag'alroq" qilishi kerak. Biroq, bu teorema shuni ko’rsatadiki, ikkala siyosat ham sizni bir xil darajada kambag'allashtiradi.

Qizig’i shundaki, dunyo mamlakatlari orasida eksport solig’i juda kam uchraydigan siyosat. Import bojlari, aksincha, deyarli har bir mamlakatda qo’llaniladi. Demak, davlatlarning savdo siyosatini belgilaydiganlar uchun bu ikkisi teng emas. Lerner teoremasi esa buni mantiqsizlik deb atashga undaydi.
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Forwarded from Musofir Iqtisodchi
Cathy haqida

Bu bizning asosiy kampusda joylashgan inshootning nomi Cathedral of Learning (erkalatib Cathy deyishadi). Balandligi 163 metr va 42 qavatga ega bo’lgan bu bino G’arbdagi ta’limga mo’ljallangan eng baland bino hisoblanadi. Binoning xususiyatlariga kirishib o’tirmayman, Wikipedia sahifasida to’liq ma’lumot mavjud.

Meni qoyil qoldirgan jihati bino qurilishiga sanoat vakillari, korporatsiyalar, xorijiy davlatlar, va ahamiyatlisi yosh bolalar hissa qo’shgan. Universitetning o’sha paytagi rektori yosh bolalarga qaratilgan “Pittga bitta g’isht bering” xayriya harakatini amalga oshirgan. Maktab yoshidagi hohlovchi bolalar bir g’isht uchun $0.10dan (10 sent) pul bergan, so’ngra har bil bolakay universitetga pulni qayerdan olganini aytib xat yozgan. Bino qurilishida bir g’isht bilan ham hissa qo’shgan har bir bola yorliq olgan. Jami yo’llangan yorliqlar soni 97 mingni tashkil qilgan. Ta’limga va inson kapitalini oshiruvchi omillarga homiylik yoshlikdan shakllantirilishi naqadar ajoyib...

Ta’limga homiylik va ilmga harislik (boshqa omillar ham bor albatta) natijasida hozirgacha Pittdan 6 ta Nobel mukofoti sovrindorlari yetishib chiqqan. Ilmda peshqadamlikni yana qo’lga kiritmoqchi bo'lsak, albatta ilmga eng haris va katta homiy millat bo'lishimiz zarur!

Imom Abu Bakr al-Bayhaqiy Abu Dardodan (r.a.) rivoyat qilgan hadisda "Yo olim bo'l, yo shogird bo'l, yo tinglovchi bo'l yoki (ilmga) muhabbatli bo'lgin. Beshinchisi bo'lma, halok bo'lasan" deyilgan (Sunan al-Kubroga Kirish 277).
Nisbiy ustunlik va iqtidor chegarasi haqida

Amazon kompaniyasining asoschisi va davrimizning eng badavlat insonlaridan bo’lmish Jeff Bezosning bir intervyusidan parcha ko’rib qoldim. Unda, Bezos nima sabab tufayli Prinston universitetidagi yo’nalishini nazariy fizikadan axborot texnologiyalarga o’zgartirgani haqida gapirgan. Aytishicha, bir uy ishiga berilgan differensial tenglamani yotoqxonadagi xonadoshi bilan uch soat davomida ishlay olishmagan ekan. Shunda ular “Prinstondagi eng aqlli talaba” Shri Lankalik Yasanta ismli kursdoshlariga murojaat qilishgan. Yasanta bir qarashda shunga o’xshash tenglamani uch yil oldin yechganini eslagan va aniq javobni aytgan. Shu ongdayoq, Bezos hech qachon muvaffaqiyatli fizik bo’la olmasligini tushunib yetgan ekan. Bu hikoyani eshitib menga ikkita qiziq fikr keldi:

1. Nisbiy ustunlik.

Xalqaro savdo nazariyasida nisbiy ustunlik (comparative advantage) eng fundamental tushunchalardan. Boy mamlakatlar rivojlanayotgan mamlakatlardan deyarli hamma tovar va hizmatlarni ko’proq va tezroq ishlab chiqara olishadi. Ya’ni, ular mutlaq ustunlikka ega (absolute advantage). Unda nimaga ular baribir kambag’al davlatlar bilan savdo qilishadi?

Osonroq tushuntirish uchun, faraz qilaylik, butun dunyoda ikki dona mahsulot mavjud: non va telefon. Va, deylik, ikkita mamlakat bor: biri katta va boy, ikkinchisi esa kichik va kambag’al. Boy mamlakat hamma resurslarini ishlatsa 1 millionta non yoki 1,000ta telefon ishlab chiqara oladi. Kambag’ali esa hamma resurslarini ishga solib bor yo’g’i 10,000ta non yoki 1ta telefon ishlab chiqarishga qodir. Ko’rishimiz mumkunki, boy mamlakat nonni ham telefonlarni ham ko’proq ishlab chiqarishi mumkin. Lekin boy mamlakatda bitta telefonning “narxi” 1,000ta nonga teng bo’lsa, kambag’al mamlakatda ushbu “narx” 10,000ta nonga teng. Ya’ni, telefonning nisbiy narxi boy mamlakatta pastroq bo’lgani uchun, u faqat telefon ishlab chiqaradi. Nonning nisbiy narxi kambag’al mamlakatda pastroq bo’lgani uchun, u faqat non ishlab chiqaradi. Shunda ular bir biri bilan savdo qilishsa, savdosiz ssenariyga solishtirganda ikkisi ham yutadi.

Huddi shu mantiq mikro-darajada, ya’ni insonlararo ham ishlaydi. Amazon eng innovasion kompaniyalardan hisoblanadi. So’zsizki, Bezos biznes olamidagi daholardan. Uning kursdoshi Yasanta esa bugunga kelib 58ta ixtirosini patentlashtiribti. Ya’ni, Yasanta, katta ehtimollik bilan, biznesda ham o’zining aqli va innovasiyaga bo’lgan qobiliyati tufayli baland yutuqlarga erishishi mumkin edi. Lekin Bezos yaxshi olim bo’la olmasligi aniq edi. Farazan, deylik, Bezos olim bo’lganida 5ta ixtiro qilar edi. Va, aytaylik, Yasanta tadbirkorlikni tanlaganida huddi Amazondaka muvaffaqiyatli kompaniyaga asos solgan bo’lardi. Ya’ni, Yasanta Bezosdan hech qaysi jabhada qolishmagan deb faraz qilsak bo’ladi. Ammo Amazonga asos solishning “narxi” Bezos uchun 5ta ixtiroga va Yasanta uchun 58ta ixtiroga teng bo’lganligi sababli, Yasanta ixtirochi, Bezos esa tadbirkor bo’lgan. Ikkalasi ham jamiyatga foyda keltiradi va bir birining hizmatlaridan manfaat topadi.

Bir sohani tanlash uchun unda hammadan zo’rroq bo’lishingiz shart emas. O’sha sohani tanlash “narxi” sizda boshqalarga qaraganda pastroq bo’lishi kifoya.

2. Iqtidor chegarasi.

Yasantaning LinkedIn sahifasidagi ma’lumotga ko’ra, u fizika bo’yicha PhD dasturni Caltechda tugatib, professor sifatida Toledo universitetida faoliyatini boshlagan. Toledo universitetning fizika dasturi AQShda 152-o’rinni egallaydi. Yasanta u yerda 5 yil ishlab, boshqa kompaniyaga o’tib ketgan va akademiya olamiga keyin qaytmagan.

Ya’ni, Bezosni o’z iqtidori bilan qo’rqitgan va fizik bo’lish niyatidan qaytargan Yasanta o’zi ham nazariy fizik bo’la olmagan. Boshqa intervyuda Bezos Yasantani “men tanigan eng aqlli inson” deb e’tirof etgan edi. Bu degani esa, Bezos ko’rgan “iqtidor chegarasi” nazariy fizik sifatida muvaffaqiyat uchun yetarli emas.

Dunyoning eng aqlli insonlari biz faraz qila olmaydigan darajada aqlli.
Hayot sifatining misli ko’rinmagan o’sishi haqida

Hozirgi davr tarixdagi eng boy davrligi haqida ko’p eshitganmiz. Ammo insoniyatning turmush tarzi qanchalik yaxshilanganining aniq miqyosini ko’pchilik to’g’ri tasavvur qila olmaydi deb o’ylayman.

Sizga savol: agar tug‘ilish joyingizni tanlash imkoni bo‘lganda, o‘rta asr podshohlar oilasidami yoki zamonaviy o‘rta hol o‘zbek oilasida tug’ilishni tanlardingiz?

“Albatta podshohlar oilasini tanlagan bo’lardim” deb javob berishdan oldin quyidagilarni inobatga olishingizni istardim:

1. Bolalar o’limi darajasi.
Podshohlarning oilasida tug’ilish bir masala, lekin u yerda tirik qolish boshqa masala bo’lgan. Misol uchun, Angliya qiroli Edvard I ning birinchi ayolidan ko’rgan 15ta bolasidan 8tasi yoshligida vafot etishgan. Buyuk Britaniya qirolichasi Annaning hamma 10ta bolasi yoshligida nobud bo’lishgan. Yaponiya Imperatori Meijining 15ta bolasidan 10tasi meningit kasalligiga chalinib vafot etishgan. Xitoyning Sin sulolasi davrida imperator oilasida tug’ilgan bolalarning 40% voyaga yetmasdan olamdan ko’z yumishgan ekan.

Hozirga kelib esa, O’zbekistondagi bolalarning o’lim darajasi 1.4% tashkil etadi.

Ya’ni, voyaga yetish ehtimolligi bugungi O’zbekistonda tug’ilgan bolalarda o’rta asrlik go’dak shahzodalarnikidan karrasiga balandroq.

2. Oziq-ovqat sifati va xilma-xilligi.
O'rta asrlardagi Angliya elitasining suyak qoldiqlarining izotopik tahliliga ko'ra, ularning ratsionida qashshoq fermerlarga qaraganda oqsilga boy mahsulotlar ko’proq uchramagan. Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, o'sha davr podshohlari go'sht va baliqni faqat katta-katta ziyofatlarda iste’mol qilishgan ekan.

Solishtirish uchun, Davlat statistika qo’mitasining 2019-yil ma’lumotiga ko’ra, O’zbekistonda aholi jon boshiga go’sht iste’moli oyiga 3.6 kilogrammni tashkil etadi.

Undan tashqari, hozir biz uchun oddiy bo’lib qolgan mahsulotlar: pomidor, kartoshka, choy, qahva, makkajo’xori, shokolad, ananas, va hokazolar Yevropaga faqat 16-asrdan keyin yetib kelgan.

O’rta asr shohlari bizning ratsionimizning xilma-xilligini ko’rib hayratda qolishardi.

3. Texnologik taraqqiyot.
O’rta asrlarda qanchalik boy bo’lishingizdan qat’iy nazar biz bugun odatlanib qolgan narsalarning aksariga ega bo’la olmasdingiz. Buning sababi - texnologik taraqqiyot.

Masalan, og’riqni qoldiruvchi vositalar va anesteziya mavjud bo’lmagan. 19-asr o’rtasigacha jarrohlar asosan afyun va geroinni og’riqni qoldirish uchun ishlatishgan. Kasalliklarga qarshi emlash ham o’ylab topilmagan edi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, hozirda emlash har yili 3.5-5 million o'limning oldini oladi.

Qish qahratonida va yoz chillasida bizga havodek zarur bo’lib ulgurgan isitgichlar va konditsionerlar ham hali ixtiro qilinmagan edi. Shohlar va imperatorlar yillar davomida bosib o’ta olmagan masofalarni biz bugunga kelib bir necha soat ichida uchib o’tyapmiz. Internet bizga taqdim etgan imkoniyatlarni gapirmasa ham bo’ladi. Shunga o’xshash misollar o’ta ko’p.

Shubhasiz, zamonaviy o’rta hollik o’zbekistonlik (shartli nigeriyalik ham) 19-asrgacha yashab o’tgan har bir hukmdordan yaxshiroq turmush tarzi sifatiga ega.
Forwarded from Uzb_Meteo
Пойтахтда яшиллилик олти йил ичида 35 % дан 13% гача камайган.

Тошкент Давлат Транспорт Университети, Шаҳар йўллари ва кўчалари кафедраси профессори Жамшид Содиқов Геоахборот тизимларини қўллаш орқали Тошкент шаҳри учун NDVI (Нормаллаштрилган ўсимлик индекси) маълумотларини ўрганиб, баъзи кишини ўйлантирувчи тенденцияларни аниқлаган.

📅 Вақт Бўйлаб Саёҳат:

     2016 йил 8 август: Тошкент шаҳри яшил майдонлари нисбатан яҳши аҳволда бўлиб, НДВИ асосида ўсимлик қопламининг тахминан 34.63% ни ташкил этган экан.

     2022 йил 14 августда эса: Яшил майдонлар кескин ўзгаргани маълум бўлди, ўсимлик қопламининг атрофидаги фоизи тахминан 13.15% га тушиб кетган.
​​Aholi sonining o’sishi iqtisodiyot uchun yomonmi?

Mening nazarimda eng ommalashgan xato iqtisodiy tushuncha - bu aholi sonining ko’payishi iqtisodiy farovonlikka salbiy ta’sir ko’rsatishi haqidagi g’oya. Men tanigan bazi dunyoqarashi keng insonlar ham O’zbekiston aholisining o’sish suratlari balandligiga go’yo bizning iqtisodiy rivojlanishimiz uchun bir to’siq bo’la oladiganday qarashadi.

Bu yangi gap emas. Aslida, ushbu go’yani birinchi bo’lib 18-asr ingliz iqtisodchisi Tomas Maltus oldinga surgan. Uning nazariyasiga binoan, iqtisodiy o’sish bolalar tug’ilish suratini oshiradi. Lekin, resurslar, shu jumladan yer, chegaralanganligi sababli, har bir qo’shimcha ishchi avvalgisiga qaraganda qishloq xo’jaligi mahsulotiga kamroq hissa qo’shadi.

Masalan, aytaylik, sizda 1 gektar yeringiz bor, va siz bir o’zingiz shu yerda ishlab kartoshka ekasiz. Bir mavsumda siz 100kg kartoshka yetishtira olasiz. Keyingi yil do’stingizni chaqirib birga ishlasalaringiz, yerning hosil hajmini 150kg gacha chiqara olasizlar. Chunki ikki odam ko’proq ish qila oladi. Lekin yerning maydoni kattalashmaganligi sababli sizning do’stingiz faqat 50kg ko’proq chiqarishda yordam bera oladi. Endi uchinchi odamni shu yerga jalb etsangiz, kartoshka hosilining hajmini 175kg gacha ko’paytira olasiz. Shunda, birinchi ishchining marjinal unumdorligi 100kg, ikkinchisining - 50kg, va uchinchising - 25kg kartoshkaga teng. Aynan shu bog’liqlik butun iqtisodiyot miqyosida ham ishlaydi deb hisoblagan Tomas Maltus. Va shuning uchun uning nazariyasiga binoan, aholining o’sish suratlari iqtisodiyot o’sish suratlaridan har doim baland bo’lib, qashshoqlikka va oxir-oqibat odamlarning ochlikdan ommaviy o’limlariga olib keladi (birinchi grafik).

Maltus ushbu nazariyani chop etganida yer yuzida 1.5 milliard inson yashagan va ularning 60% qashshoq bo’lishgan. Hozirgi kunga kelib, dunyoda 8 milliarddan ko’proq odam yashaydi, va ularning atigi 10% o’ta kambag’al. Bu degani, Maltusning nazariyasi mutlaqo noto’g’ri.

Nimaga? Maltusning pasayadigan marjinal ishchi unumdorligi modeli (diminishing marginal labor productivity) texnologiyalardagi innovatsiyani inobatga olmagan. Aslida, mamlakatlarni boy qiladigan asosiy narsa - bu ularning resurslari emas, balki yangi texnologiyalari va know-how. Har bir qo’shimcha ishchining unumdorligi pasaymaydi agar yangi va yangi texnologiyalar paydo bo’lib iqtisodiyotga tatbiq qilinishni davom etsa.

Endogen o’sish nazariyasi aynan shu g’oyaga qurilgan. Bu nazariyaga binoan, aholining soni qanchalik ko’p bo’lsa, shunchalik ko’proq innovatsion g’oyalar va ixtirolar paydo bo’ladi. Bu degani esa, iqtisodiy o’sish suratlari jadallashib boraveradi (ikkinchi grafik).

Eng qizig’i, boshqa resurslardan farqli ravishda, texnologiya pasayadigan marjinal unumdorlik qonuniga bo’y sunmaydi. Misol uchun: internet. Uni qancha ko’p odam ishlatmasin, har bir qo’shimcha ishlatuvchining unumdorligi pasayib bormaydi. Aksincha, ko’proq odam internetga ulana olishligi uning har bir ishlatuvchisiga naf olib keladi, chunki bu tizim effektini (network effects) kuchaytiradi.

Shu sababli ham bizga yangi g’oyalarni aholi boshiga ko’rsatkichi emas, balki absolyut soni qiziq. Innovatsiyon g’oyalar va ixtirolar Vatikandan ko’ra Xitoy va Hindostonda paydo bo’lishining ehtimolligi balandroq. Shunda kattaroq sonli aholiga ega bo’lgan mamlakatlar ko’proq innovatsiya qila olishlari ularning kuchli tarafiga aylanadi.

O’zbekistonning kelajakdagi iqtisodiy farovonligi uning aholi sonining pasayishiga emas, balki jadal ravishda o’sishiga to’gridan-to’g’ri bog’liq.
Forwarded from Iqtisodchi Kundaligi
Washington Post quyidagicha maqola chiqqan:

“Inflyatsiya deyarli yoʻq boʻlib ketdi, nima uchun oziq-ovqatlar hali ham qimmat”

Shu maqolaga, Shenvgu Li degan nazariy iqtisodchi oʻz tvitterida (aytmoqchi, Shengvu Li Kuan Yuni nabirasi) integralni formulasini yozib qoʻyibdi. Yaʼni hosilani asosiy gʻoyasi bu tezlanish va tezlik har xil fizik tushunchalar ekanligi.

Bu juda bir zoʻr izoh deb oʻylayman. Maktabda nima uchun oliy matematika asoslarini oʻqitilishi kerakligi haqida ham yaxshi fikr.
O’zbek tilining jozibadorlik formulasi haqida

O’zbek tilining mavqei tog’risida qayg’uradiganlarning ko’pchiligi noto’g’ri mantiqiy modelni ishlatishadi deb o’ylayman. “O’zbekistonda yashab turib, bizning tilimizni o’rganmaganlar - bosqinchi yoki ahmoq” degan gaplar aynan shunday xato modeldan kelib chiqadi deb bilaman.

Yangi tilni o’rganish, tabiiyki, vaqt va moliyaviy resurslarni talab etadi. Har bir insonning vaqti ham, puli ham chegaralanganligi sababli, ushbu resuslarni eng foydali yo’lda ishlatishga harakat qilamiz. Bu degani esa, rusiyzabon hamyurtlarimiz o’zbek tilini o’rganish yoki o’rganmaslik haqidagi qarorlarini ikki savolga bog’lashadi:

1. “O’zbek tilini o’rgansam menga qancha ko’proq imkoniyatlar ochiladi?

Buni “imkoniyatlar deltasi” deb atasak bo’ladi. O’rtacha faqat rus tilida so’zlashadigan ishchi o’rtacha o’zbek hamda rus tillarini biladigan ishchidan qancha kamroq daromad topishi shu deltaning bir qismini tashkil etadi. Boshqa qismi - bu faqatgina o’zbek tilida mavjud bo’lgan axborotning hajmi (kitoblar, kino, musiqa, podkastlar va hkz.)

2. “Menga O’zbek tilini o’rganishim necha pulga tushadi?

Buni “o’rganish xarajati” deb nomlaymiz. Ushbu harajatning qiymati o’zbek tilini o’rganish uchun materiallarning ko’pligi, ularning sifati va hamyonbopligiga bog’liq. Ya’ni, hozir tilimizni o’rganmoqchi bo’lgan insonlarga ushbu jarayon qanchalik tez, sifatli va kamxarajatli bo’ladi?

Shunda umumiy formula quyidagi shaklga ega:

Til Jozibadorligi = Imkoniyatlar Deltasi - O’rganish Xarajati

Agar biz o’zbek tilini ko’proq insonlar o’rganishini xohlasak, uning jozibadorligi haqida fikr yuritishimiz kerak. Bu esa imkoniyatlar deltasini oshirish va o’rganish xarajatini pasaytirish orqali amalga oshiriladi.

Sizga savol: O’zbekistonda va dunyoning shartli bir boshqa mamlakatida nimaga ingliz tilini o’rganadiganlarning soni shu darajada baland? Ijtimoiy tarmoqda amerikaliklar boshqa tilda gapiradiganlarni haqoratlaganligi boismi yoki ingliz tili jozibador bo’lganligi sabablimi?
Forwarded from Iqtisodchi Kundaligi
Tanish-bilish va mehnat.

Tasavvur qiling, biznesda muvaffaqiyatga erishishning 50 foizi tanish bilishlaringiz kuchi qolgan 50 esa foizi mehnat qilishingizga bogʻliq boʻlsin.

Endi agar bir jamiyatda hamma odamni tanish-bilishlari teng kuchga ega deb tasavvur qilsak, demak shunday jamiyatda muvaffaqiyatni yuz foizini faqat mehnat belgilab beradi. Yaʼni muvaffaqiyatga 100 foiz mehnat masʼul boʻlib qoladi.

Teskarisi ham toʻgʻri, bir jamiyatda hamma teng qattiq mehnat qilsa, unda muvaffaqiyatni 100 foizi tanish bilish kuchiga bogʻliq boʻlib qoladi. Yaʼni mehnat faktori muvaffaqiyatdagi asosiy faktorni “tushuntirib” beradi.

Nega bu misolni aytyapman, jamiyatlardagi har xillikni solishtirishda, birinchi konstrukt bilan ikkinchi konstruktni nisbati emas, qaysi konstrukt koʻproq farqni “tushuntirishi” muhimroq. Yaʼni agar misolni sal oʻzgartirsak va muvaffaqiyatni 99% mehnat desangiz, lekin hamma teng mehnat qilsa, demak farqni tushuntirishda mehnatni oʻrni qolmaydi.

Kirish qiyin boʻlgan bir maktabga kira olgan va kira olmagan oʻquvchilarga tushuntirishga harakat qildim. Agar kirish uchun faktorlar 99.9% mehnat va 0.01% omad boʻlsa va maktabda 30ta oʻrin boʻlsa va oʻn mingta odam bir xil qattiq mehnat qilgan boʻlsa, demak kirganlarni yuz foizi omadli boʻlgani uchun kirgan boʻlib qoladi. Bu jarayonni mehnat bilan tushuntirib boʻlmaydi.

Boshqa safar jarayonini tushuntirishga uringaningizda, faktorlarni aynan nisbiy “tushuntirish” qobiliyatiga qarang, faktorlarni nisbiy muhimligiga emas. Axir tepadagi misolga qarasangiz, xuddiki mehnat eng muhim, lekin natijalarni tahlil qilsangiz, faqat omad muhimligi koʻrinadi. Bu albatta soddalashtirilgan misol — murakkab tahlil uchun kerak instrument boʻlgani uchun yozmoqdaman.
Ko’rinmas Qo’l
Tanish-bilish va mehnat. Tasavvur qiling, biznesda muvaffaqiyatga erishishning 50 foizi tanish bilishlaringiz kuchi qolgan 50 esa foizi mehnat qilishingizga bogʻliq boʻlsin. Endi agar bir jamiyatda hamma odamni tanish-bilishlari teng kuchga ega deb tasavvur…
Behzod aka individual natijalar bilan ijtimoiy natijalarni tahlil qilishda har xil yondashuvlarni ishlatish kerak deyabtilar. Keltirgan misollarini oladigan bo’lsak, sizning individual natijalaringizni belgilaydidan eng muhim omil mehnat bo’lishi mumkin. Lekin jamiyatdagi insonlararo farqlarni tushuntirishda bu omil umuman ro’l o’ynamaslik ehtimoli mavjud.
Xalqaro savdoga cheklovlar va “muvaffaqiyat jarimasi” haqida

Tasavvur qiling: siz bir korxona boshlig’isiz. Sizning xodimlaringiz, tabiiyki, har xil unumdorlik darajasiga ega. Birlari vazifalarini tez va yaxshi bajarsalar, boshqalari sekinroq yoki sifatsizroq ishlaydi. Ularning oylik maoshlari unumdorlik ko’rsatkichlariga bog’liq deb olaylik. Qaysidir sabablarga ko’ra, aytaylik, xodimlaringizning yarimining maoshlarini qisqartirib, iqtisod qilingan mablag’larni qolgan yarimning maoshlarini oshirishga sarflashingiz kerak. Shuni qanday qilgan ma’qul? Tasodifiy ravishda ishchilaringizni ikkiga bo’libmi, yoki yuqori samarali xodimlarning maoshlarini qisqartirib, unumdorligi past bo’lganlarnikini ko’paytirish orqalimi?

Albatta, hech qaysi menejer yaxshi ishchilarini jazolash evaziga yomonlarini rag’batlantirmaydi. “Ushbu ish yuritish modeli uzoqqa bormasligi yosh bolaga ham aniq-ku,” deyishingiz mumkin. Ammo biz xuddi shunday mantiqsiz yondashuvni kundalik hayotimizda ko’p uchratamiz.

Gap proteksionizm haqida. Biz bilamizki, proteksionist savdo siyosati importni cheklash tufayli mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo’llab quvvatlaydi. Import hajmini cheklash, o’z o’rnida, mahalliy valyutaning kursini sun’iy ravishda oshiradi. Bu esa eksport qiladigan ishlab chiqaruvchilarni daromadlarini qisqartiradi. Boshqacha qilib aytganda, import bojlari eksport qiladigan mahalliy korxonalarni jazolash evaziga eksport qilmaydiganlarni rag’batlantiradi.

Muammo nimada? Ko’plab tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, faqatgina yuqori samarali korxonalar eksport qila oladi. Unumdorlik darajasi past bo’lgan ishlab chiqaruvchilar esa xorijiy bozorlarda raqobat qila olmasligi sababli eksport qilmaydi. Ya’ni, xalqaro savdoga cheklovlar bizning eng unumdor mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizni jazolaydi, eng samarasizlarini esa qo’llab quvvatlaydi.

Mashhur iqtisodiy modelga ko’ra, shunga o’xshash buzuq rag’batlarni yaratadigan siyosatlar dunyo mamlakatlarining rivojlanish darajalaridagi katta farqlarni keltirib chiqaradi.

Importga qarshi kurash nafaqat mahalliy iste’molchilarni kambag’allashtiradi, balki ishlab chiqaruvchilar uchun ham “muvaffaqiyat jarimasi”ga aylanadi.