JAMOL BADAL
127 subscribers
18 photos
3 videos
1 file
5 links
Download Telegram
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
“Sen sira ham avtobusda yurmaysan…”


@jamolbadal
❤4👍3🔥2👏1
Forwarded from “Yoshlik” jurnali
#shoir_qalbi

GAP


Sochingga uchqunlar qo‘nardi mayin…
Chinorlar, archalar, yo‘llar qor edi.
So‘nggi bor chog‘landing siniq jilmayib
“Sizga aytadigan gapim bor edi”.

Meʼyordan ortiq baxt uvol, beqadr,
Bu qadar sevgidan hayratlanardim.
Yig‘latgim kelardi seni negadir,
Senga azob berib rohatlanardim.

Ko‘changdan sovchilar o‘tar saflanib,
Qancha bag‘ri kuyuk talabgor edi.
Kun bo‘yi yurarding meni axtarib,
“Aytadigan zaril gapim bor edi”.

O, olov yoshligim!
Telba xayollar!
Osuda kunlardan maza topmadim.
Meni olib ketdi daydi shamollar,
Dilda qolib ketdi hamma gaplaring.

Begona yurtlarda tentidim sarson,
Yo‘llar iligimni quritib qo‘ydi.
Hayot abjag‘imni chiqardi obdon,
Yillar es-hushimni kiritib qo‘ydi.

Sezdimki, sevgisiz yashamoq og‘ir,
Bildimki, yolg‘izlik yomondan yomon.
Endi qaydan izlay, qalbim ardog‘i,
Omonat dunyoda bormisan omon?!

Umrimni yulqilab o‘tarkan fursat,
Issiq kaftlarimda erir ekan qor,
Faqat istardimki...
Faqat bir ko‘rsam...
Senga aytadigan qancha gapim bor...

Jamoliddin Badalov

📱Telegram 📱Instagram
📱Veb-sayt 📱Facebook
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
💔5🔥3👏1
TIRILISH

Qanday rohat!
Bahor quyoshi!
Tomorqada bo‘lib andarmon,
Vujudingdan quvvating toshib,
Bo‘liq yerni shig‘-shig‘ ag‘darmoq!
Devni yiqqan botir singari
Katta ishni qoyil qilganday,
Yelkalaring cho‘g‘dek qizarib,
To‘nkalarni qo‘pormoq, bay-bay!
Hayotingga inar yorug‘lik,
Yana jo‘shqin, yana xummorsan.
Zavq tuyasan, hatto tovuqni
Katagidan qo‘yib yuborsang.
Intiqlik bor bahorda ajib,
Erkka tashna sabrsizlik bor.
Qush qafasda donlamas ranjib,
Depsinadi tushovda tulpor.
Erk so‘raydi to‘lishgan borliq,
Toshni surib chiqadi o‘tlar.
Buzib o‘tar chegara-g‘ovni –
O‘ziga erk beradi ko‘klam!
Mazza, anuv qirni chamalab,
Yalangoyoq bosib yurishing.
Asov toydek bolachalarning
Yiqilsa ham kulib turishi.
Qiyg‘os bog‘lar jimirlarida
Sokin shiddat taralar,
Joning
Potirlaydi,
Tomirlaringda
Qo‘zg‘oladi bobolar qoni.
Ichingda bir qudratli to‘lqin,
Maromiga yetgan bir savash –
Yo‘q!
Sengamas, o‘limdan qo‘rqib,
Ko‘rsichqondek berkinib yashash!
Bo‘lsa, bo‘lsin!
Arzirli bir dov,
Bor kuchingni bergulik matlab!
So‘nmasidan ko‘ksingda olov,
Bir deganda ketsang-u portlab,
Qanday sharaf!
Asriy qafasni,
Kishanlarni ko‘tarib azot
Parcha-parcha qilsang-da asru
Ozod ko‘rsang insonni, ozod!
...Oh-oh, rohat!
Bahor quyoshi!
Tafti tan-u ruhingga darmon,
O‘z-o‘zidan iching yorishib,
Ko‘pchib yotgan yerni ag‘darmoq!


@jamolbadal
🔥12❤‍🔥2
NOMA’LUM AYOL MAKTUBI

Jo‘shqin tug‘yonlar ham tinarmish asta,
Sekin dil tubiga cho‘karmish armon.
Yashab bo‘lingan his, qonmagan istak
Yurak devorida bog‘lamish marjon...

Balkim unutgansiz? Bo‘lishi mumkin.
Odam o‘zgarishi mumkindir. Qaydam?
Men esa... Men sizni intizor kutdim,
Zor kutdim...
Gʻalati eshitilsayam.

Boshqa ko‘rishmadik o‘shandan beri.
Oradan ming yillar o‘tgandek go‘yo
Esdan chiqmaydigan saboqlar berib,
Daxshat darajada o‘zgardi dunyo!

Katta shaharlarda shiddatli oqim
Girdoblar yamlamay yutar jismingiz.
Yolg‘iz kechalarda tunchiroq yoqib
Kalima qaytarib chiqdim... ismingiz.

Jo‘shqin tug‘yonlar ham tinarmish sekin
Asta dil tubiga cho‘karmish armon.
Qaygʼu unutilar, quvonch ham lekin
Sizni unutmadim!
Sevaman hamon!

Axiyri toliqdim.
Shuncha yil chidab...
Noiloj sizga shu gaplarni yozdim.
Ko‘rib hayron bo‘lmang,
Xatjild ichida
Yana bir uniqqan parcha qog‘ozni –

Ochsangiz, arzirli gap yo‘q aslida,
Kimga tanish emas no‘noq muhabbat?
Ya’ni, bir zamonlar, yoshlik faslida
O‘zingiz yuborgan ikki enlik xat.

(Qalbni qotirarmish, ko‘zni ko‘r qilib
Martaba va soxta mulozamatlar)
Ammo ko‘tarilsa hislar to‘lqini
Odamni chiqarar muvozanatdan.

Ajabmas, siz-da jim o‘yga tolsansiz,
Bosishga urinib devona hisni.
Haliyam borman men, eslay olsangiz,
Haliyam tirikman, ishonasizmi?!

Haliyam ko‘ksimda o‘lmagan hayrat,
Haliyam go‘zallik ko‘rar ko‘zlarim.
Entikib-entikib jon qushim sayrar
Qaltirab chiqadi vido so‘zlari.

Ruhim yengil bo‘lsin!
Uzoq safarga
Og‘ir yuk mumkinmas, ma’lumingizkim...
Endi qaytib oling.
Xayr... Agarda...
Mening bor bisotim...
Maktubingizni –

Benikoh bolamdek ko‘zdan yashirib
Balo-qazolardan saqladim omon –
“O‘qish bo‘lyaptimi? O‘zing yaxshimi?
Boraman. Qizlarga Jomadan salom!”

2026


@jamolbadal
🔥15👏4
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
“Muhabbat, bu — yalt etgan nigoh…”

Iqbol MIRZO

Jamod Badal oʻqidi

@jamolbadal
👏8🔥3
LAFZ

Kunda o‘zgaradi osmonning tusi,
Bir joyda turmaydi sayoq bulutlar.
Yo‘ldan adashtirar yo‘lchi yulduzi,
Afsungar samodan marhamat kutma.
Qarasang, ko‘zingga mil tortar quyosh,
Oy qochar ko‘zingni shamg‘alat qilib.
Oq ilon yo‘lingda vishillar yuvosh,
Itlar fitna tuzar mashvarat qurib.
Ortingdan kesaklar otadi qishloq,
Boshingni tosh bilan yoradi shahar.
Hech kim kelishingni kutmaydi mushtoq,
Hech kim ketishingdan topmaydi xabar.
Seni chalkashtirar aldamchi surat,
Turlanar, tuslanar tevaragingda.
Chiqib ketolmaysan, qancha urinma,
Dumaloq dunyoning chegarasidan.
Atrofga alanglab ko‘zlaring tinar,
Qay tomon mag‘rib-u, qay tomon mashriq?
Baxt izlab tentigan bechoraginam,
Adoqsiz yo‘llarda muncha adashding!
Orqaga yugurar soat millari,
Yaqinroq surilar ikkita qutb.
Qara, yer teskari ketdi, dilbarim!
Faqat men,
Faqat men bir seni kutib,
Qilt etmay tun-u kun qadaming poylab,
Quloqqa aylanib har bir hujayram –
To ro‘zi qiyomat
Aytilgan joyda
Sanchilgan asodek
Qoyim turarman!

2022


@jamolbadal
❤7👏1
MADDOH BIRINCHI
(Yovvoyi hangoma)

Ovi baroridan kelgan ovchi
Gʻorga qaytishda
Suyunganidan
O‘rmon sasiga jo‘rovoz
Biri-i-i-nchi qo‘shiqni kuylab yuboribdi:
— Aaaa! Uuuv!
(Bir narsa, bir narsa)

Shu qabilada
Yana bir yovvoyi rassom
Zerikkanidan
Qulog‘ini qashib,
Qoyaga ilk tasvirlarni chekibdi.

Gulhan yonida
Yonog‘i yal-yal yongan ayolni
Olovgulga o‘xshatgan
Birinchi hassos
Gʻor shoirining ham
Qorni to‘q edi.
Shoiri yakto
Tishini kavlab, labini yalab,
O‘ylab-o‘ylab shu baytni to‘qibdi:
“O‘zim yoqqan gulhanda
O‘zim yondim, gulbadan!”

... Shu qabilida san’at rivojlandi deylik.
Demak san’at – to‘qlarning ermagi.
Demak san’at bekorchilikdan kelib chiqqan.

Men esa ochman!
Bolalarim och!
Qulog‘imgacha qarzga botganman.
Men xususiy g‘orda emas,
Ijarada yashayman axir!
Shunday qilib,
Mana sizga modern baytim:
— O, ulug‘ sardor!
To‘da baxtiyor!
Aaaa! Uuuv!

@jamolbadal
🔥5
KO‘K OROL

Ko‘ktangrining ko‘zlariday ko‘k dengiz
Turkiylarning qarog‘iga cho‘kdingiz.
Nomi bor-u, endi o‘zi yo‘q dengiz
Yetib borolmadim, Sizga, Ko‘k Orol!

Yalang tekislikda shamollar tezdir,
Cho‘llarda qamg‘oqdek darbadar kezdim,
Cho‘lladim, bemisl tashnalik sezdim
Yetib borolmadim, Sizga, Ko‘k Orol!

Ko‘rdim, to‘lqinlarga ichikkan Mo‘ynoq!
Ko‘rdim, ko‘z nuridan ayrilgan mayoq!
Marhum kemalarni uchratdim, ayo!
Yetib borolmadim, Sizga, Ko‘k Orol!

Qumda, oy nurida "yilt" etgan nadir?
Munchoqmi?
Kaftimga olib qaradim...
Zig‘ir qumdek shir to‘kildi yuragim!
Yetib borolmadim, Sizga, Ko‘k Orol!

Bariga qo‘l siltab, otlanmadim bir!
Qirg‘oqda tizzalab dodlamadim bir!
Ko‘zimga suv kelib, poklanmadim bir!
Yetib borolmadim, Sizga, Ko‘k Orol!

Ey, dengiz ruhlari, meni kechiring!
Nobud mahluqlari, meni kechiring!
Orolim!
Ulug‘im!
Meni kechiring!
Yetib borolmadim, Sizga, Ko‘k
Orol!

30.06.2026

@jamolbadal
🔥8
IZHOR

Vatan!
Bir qishloqi, ozg‘in bolangman,
Tegirmon toshidek vazmin bolangman.
Sendan ham yozg‘irib... Nolib...
Holbuki,
Xirmonda xizmati oz bir bolangman.

Endi xijolatdan yonib turibman!
Achchiq gaplarimdan tonib turibman!
G‘aflatdan uyg‘onib ketgandek,
Seni
O‘ttizdan o‘tganda tanib turibman!

Oldin og‘riqlaring bilmasdim, uzr!
Uzr, Mehribonim, tinmasdan uzr!
Bir qo‘shiqlar yozay shirindan shirin
Elga manzur bo‘lsin, joningga huzur!

Vatan!
Quyoshingda kuygan bolangman!
O‘t o‘rib, qo‘y boqib yurgan bolangman!
Qo‘yniga yashirib she’r daftarini
Bir chetda iymanib turgan bolangman!

Sharif shaharlarni ziyorat qildim,
Ichimda bilgancha qiroat qildim.
O‘zingda o‘zimni qildim kashfiyot
Karomat ko‘rsatding — itoat qildim.

Qoyatoshda chimni ushladim — issiq!
Ipak yo‘lda gilni ushladim — issiq!
Kaftimdan ko‘ksimga yurdi harorat
Sekin yuragimni ushladim — issiq!

Birdan xotiralar quyuni keldi,
Chopqir bolaligim yugurib keldi.
Shunda yaxshi ko‘rib, quchoqlab oldim!
Keyin ko‘zyoshlarim quyilib keldi.

Vatan!
Kuchga to‘lgan chaqin bolangman!
Oriq bo‘lgan bilan chayir bolangman!
Shay bo‘lib turibman ishorang kutib
Qanday yumush bo‘lsa, chaqir, boray man!


2026

@jamolbadal
❤11🔥9👏4😘2
ILINJ
 
Hayotda mo‘jiza ro‘y berib rostdan
Shu og‘ir kunlarda xabar olsayding...
Yuragim hapqirib tanish ovozdan
Ko‘zimga ishonmay qarab qolsaydim.
Qaqragan cho‘llarga yog‘gandek rahmat,
Sho‘r tuproq yutoqib shimgandek suvni,
Tomir-tomiriga tarqalib malham,
Yana uzaygandek og‘ochlar umri,
Eski quduqlarga qaytgandek sizot –
Ko‘zimga yosh kelsa, qabog‘im og‘rib.
Bir kunga bizlarni tinch qo‘ysa hayot,
Yelkamga bosh qo‘ysang, xo‘rsinib, horg‘in…
Shu tushkun kunlarda
Xabar olsayding.
Shu bugun.
Faqat sen.
Boshqa hech narsa.
Ranjitgan edimmi?
Og‘irmi aybim?
Kelmaysan.
Kelmaysan, qo‘llarim titrar asabiy,
Boshimda balolar to‘planar saf-saf.
Tobora dunyoga qarashim salbiy,
Tobora bo‘g‘zimdan toshadi nafrat.
Achinmay, umrimni sovurib yelga
Mayxo‘rdek o‘zimni oqlab o‘tarman.
O‘lik hislarimni qo‘yarman yerga,
Qaqshagan gullarni toptab o‘tarman.
Kelsang, qadamingda chechaklar unsa,
Gulgun kapalaklar qanot qoqsaydi.
Boladay tinchlanib, ko‘zimni yumsam
Shu og‘ir kunlarda
Xabar olsayding.

 
2022

@jamolbadal
🔥8💔2👏1
QANISAN?
 
Kalta kiyib, lak surar dunyo,
Ko‘ylagi uzunim, qanisan?
Tillaman deb nak urar kimyo,
Qo‘llari uzuglim, qanisan?
 
Bir zamon, bir vaqtlar ketgandim,
Qo‘lingni siltablar ketgandim.
Chaqirsang, ildamlab ketgandim,
Ovozi huzunim, qanisan?
 
Yosh edim, sho‘x edim hovliqqan,
Yuragim zo‘riqqan, zoriqqan.
Yo‘l qarab ko‘zlarim toliqqan,
Ko‘zlari suzugim, qanisan?
 
Ikki yo‘l turardi oldimda,
Ikkilanib yolg‘iz qoldim-da.
Hammasi yodimda, yodimda...
So‘zlari tuzukim, qanisan?
 
Hayotim xatingdek qisqadir,
Kiprigi uzunim, qanisan?
Sen bilan yashashni istardim...
Hammadan luzumim, qanisan?
 
2021

@jamolbadal
🔥8❤2💔1
Xushxabar. Yoshlik jurnalining 2026/4 sonida she’rlarim chop etilibdi. Jurnal tahririyatiga katta rahmat.

@jamolbadal
👏11❤5❤‍🔥4🔥4💔1
12.pdf
315.3 KB
She’rlarni toʻliq shu yerda oʻqishingiz mumkin. Hammaga yoqimli mutolaa tilayman!

@jamolbadal
❤3🔥2👏2
Audio
#Audio

✍🏻 J.Badal soʻzi
🎶 Nurullo musiqasi

@jamolbadal
🔥6❤1👏1
SENI KUTDIM
 
Eng yaxshi kunlarni yashadim yolg‘iz,
Dalli tug‘yonlarni jilovda tutdim.
Shotutlar qon bo‘ldi, uzumlar mayiz...
Seni kutdim.
 
Hushimdan ayirdi jiyda bo‘ylari,
Boshimdan gul elab, bahorlar o‘tdi.
Keyinni o‘yladim, seni o‘yladim,
Seni kutdim.
 
Qizlarga qo‘l berib ko‘rishsam bormi,
Haqqingga xiyonat qilganday xuddi,
Vijdonim qiynaldi, og‘ridi jonim,
Seni kutdim.
 
Tirik jon bormikin holim tushungan?
Ko‘rmagan insonni qizg‘ondim, kuydim!
Seni izlab bormoq imkonsiz, shunga –
Seni kutdim.
 
Bilaman, bir kuni kelarsan yo‘qlab,
Kelmay ilojing yo‘q!
Bu azal hukmi!
O‘shanda eng so‘nggi kuchimni to‘plab,
Nihoyat aytarman:
“Men seni kutdim...”
 
2017

@jamolbadal
🔥9❤4👏3🌚2💔1
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Bugun millat shoiri Shavkat Rahmon tugʼilgan kun.

Oyina.uz dan olindi.

@jamolbadal
❤5👏1