Iqtisodchi Kundaligi
22.5K subscribers
452 photos
77 videos
21 files
1.61K links
Download Telegram
Norvegiyadagi axborotlarga asoslanib qilingan tadqiqotlarga ko'ra, tadbirkorlik haqida (men uchun) qiziq faktlar:

Birinchidan, erkak tadbirkorlarning aksariyati oʻzlarining otalari ishlagan sohada yoki oʻsha sohaga oʻxshash boʻlgan sohada tadbirkorlik bilan shugʻullanishadi. Yaʼni otasi oʻqituvchi boʻlsa, oʻsha tadbirkor taʼlimga oid tadbirkorlik qilish ehtimoli balandroq.

Ikkinchidan, bu koʻrsatkich IQga bogʻliq: yuqori darajadagi IQga ega boʻlgan tadbirkorlar otalarining kasbiga ergashish ehtimoli kamroq ekan.

Uchinchidan, otasi ishlagan sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkor, otasi boshqa sohada ishlagan tadbirkorlardan koʻra yaxshiroq koʻrsatkichlarga ega. Yaʼni oʻqituvchini bolasi taʼlim sohasida biznes qilsa, taʼlim sohasida biznes qilayotgan muhandisning bolasidan koʻra koʻproq pul topar ekan.

Aytgancha, mening asosiy ilmiy ishim va tanlangan mavzuim ham shu mavzuga ozgina bog'liq, qachondir shu yerda o'zimni ishim haqida ham bafurja yozib o'taman.
Forwarded from The Uzbek Review
Safoyev bilan suhbat.mp3
67.1 MB
Hoshimov Iqtisodiyoti podkastining birinchi epizodi.

Senator Sodiq Safoyev bilan suhbatni havola qilmoqdamiz.

Podkastga obuna bo’lish
Podbean.com

Obuna bo’ling va do’stlar bilan ulashing.

Facebook | Twitter | Web | Instagram

https://t.me/uzbekreview
“Hoshimov Iqtisodiyoti”ni yangi suhbatlarini oldik.
Bir narsani tushunishimizni xohlar edim. Iqtisodiy oʻsish raqamlari har birimiz uchun muhim axborot boʻlishi kerak. Hozirgi Oʻzbekiston uchun bu raqamlardan muhimroq narsa yoʻq deb oʻylayman.

Iqtisodiy oʻsish hamma narsa emas deyishingiz mumkin, lekin keling bir fikrlab koʻraylik. Mamlakatdagi odamlarning turmush tarzi uchun, yiliga hatto bir foizga koʻproq oʻsish ham, hayot va mamot masalasi.

Oddiy misol: agar 1870-1990 yillarda AQShagi iqtisodiy oʻsish bir foizga (!) kamroq boʻlganida, 1990 yilda AQSh Meksikadan boyroq boʻlmas edi. Aslida 1990 yilda, AQShda kishi boshiga daromadlar 1990 yildagi Meksikadan 8 barobar koʻproq edi. Farqi - AQSh bir foizga tezroq oʻsgani.

Oʻzbekiston iqtisodiy tarixini 1992 yildan hisoblasak, oʻrtacha, kishi boshiga 3.4% ga oʻsib keldik. Olti yuz dollar kishi boshiga daromaddan oʻsganimizni inobatga olsak, bu raqamlar (boshqa mamlakatlarga solishtirsak) nihoyatda kichik.

Agar kishi boshiga 8% oʻsganimizda nima boʻlar edi? Unda bizda kishi boshiga daromadlarimiz, $1532 emas, kamida 5000 dollar boʻlar edi. Qaytaraman, agar mustaqillik davrida yildan yilga oʻsish surati 3.4% emas, 8% boʻlganida, oʻrtacha Oʻzbekistonlik 3.4 BAROBAR boyroq boʻlar edi. Bunday hisob kitoblarning arifmetikasi oson.


Agar bugungi kundagi Janubiy Koreya kabi daromadga ega boʻlishni xohlasak, bu kishi boshiga 30 ming dollar degani. Lekin agar oʻsish suratlarimiz xuddi shunday 3.4 foiz boʻlib qolsa, unda biz 89 yildan keyin bugungi Janubiy Koreyaga yetib olamiz (Koreya o'sishi tabiiy albatta). Lekin, agar oʻsish suratimiz 8 foiz boʻlsa, buni 38 yilda uddalaymiz. Yaʼni yarim asr ertaroq.

Shunda oʻzimizga savol berishimiz kerak, biz hozirgi Janubiy Koreya darajasiga 2108 yildami, yoki 2057 yilda yetmoqchimizmi?

Albatta qancha tezroq boʻlsa shuncha afzal. Lekin jamiyat sifatida biz qilayotgan ishlar biz tezroq yetib olmoqchiligimizni koʻrsatmayapti.

Masalan, Toshkent propiskasi. Toʻgʻri, propiska bekor qilinishi tufayli iqtisodiy oʻsish balki deylik 1% oshar, undan koʻp emas. Lekin agar biz shuni 1991 yilda qilganimizda, oʻrtacha Oʻzbekistonlikning daromadi hozir 500 dollarga koʻproq boʻlar edi. Yaʼni biz boyishga imkoniyatimiz boʻlib, shundan foydalanmadik. Bugungi kungacha propiska bekor qilinmasligi bizni iqtisodimizga katta zarar bo'lib kelmoqda (bu yerda shu mulohaza haqida batafsilroq).

Ikkinchisi, savdo toʻsiqlari. Savdo qilish boʻyicha bizni byurokratiyamiz eng mushkullardan. Buning ustiga dunyodagi eng baland import bojlarni qoʻygan mamlakatlardan birimiz. Shu ikki sababdan deyarlik avtarkiya rejimida yashamoqdamiz. Buning natijasida, iqtisodimizni yiliga deylik 2-3% qisqartiryapmiz. Yaʼni savdo va propiskani oʻzi bizni ancha qoloq qilib qoʻyayapti

Qayerdan bu raqamlarni oldim?

Solishtirish uchun: AQShdagi “savdo urushi” tufayli, oʻrtacha (weighted) import bojlari, 1.4% dan taxminan 3.2% foizga oshdi. Tahminan 1.8% ga. Buning natijasida, Federal Rezervning eng konservativ tadqiqotlariga koʻra, AQSH iqtisodiyoti 1% kamroq oʻsadi. Bu bir yilda iqtisodiyotga taxminan 120 milliard dollar zarar degani. Yaʼni 1.8% ga bojlar oʻsishi taxminan, 1% YaIM tushishiga teng boʻlyapti.

Bizdachi?

Oʻrta arifmetik miqdorda, bojlar 2019 yili 5.6% (unweighted) boʻlgan edi. Endi 2020 yilda 8% boʻladigan boʻldi. Agar bizda ham AQShdaka elastiklik boʻlsa (bizda AQShdan elastiklik boshqacha- bizda ichki bozor juda kichik, shunga raqamlar juda konservativ), biz yiliga 1.3% ga sekinroq oʻsamiz. (1/2)
Tepadagi raqamlarni dollarda aytadigan boʻlsam, 2020 yilda bojlarning oshishi eng konservativ hisob kitoblarga koʻra iqtisodiyotimizga 660 million dollar zarar koʻrsatadi. Butun iqtisodiyot 660 million dollar zarar koʻrishi degani hamma odamlar ozgina, taxminan yiliga 20 dollarlik, oyiga esa sal kam 2 dollarlik zarar koʻradi degani. Koʻpchilik buni sezmasligi tabiiy. Bojlardan naf koʻruvchilar esa tabiiyki 660 milliondan kamroq foyda qilishadi. Aynan shuning uchun iqtisodchilar bojlarni yomon koʻrishadi: chunki umumiy naf, umumiy zarardan kamroq boʻladi. Lekin naf kichik sonli guruhlarga tegadi, zarar esa butun iqtisodiyotga, ya'ni hammaga. Qaytaraman, bu raqamlar agar bojlar 2020 yili, 2019 yilga nisbatan oʻrta hisobda 2.4% ga oshsa.

Lekin qandaydir mo'jiza bilan, hozirgi 5.6% foizdan 1% foizga bojlarni tushirsak, iqtisodiyot taxminan 2.5%ga, yoki 1.262 milliard dollarga o'sadi.
Bu hisoblardagi taxmin, bizda o'rta arifmetik va o'rta o'lchangan bojlar tengligi (unday emas, lekin o'lchangan raqamlar menda yo'q).


Shu bilan tepadagi aytgan gapga qaytamiz. Hozirgi Oʻzbekiston uchun iqtisodiy oʻsish nihoyatda muhim. Uzoq muddatda ortiqcha 3% oʻsish ham, aytganimdek, juda katta narsa. Bu yarim asrlik hayot savoli. Omadimiz bor ekan, biz oʻsish uchun yangi narsani kashf qilishimiz kerak emas. Shunchaki iqtisodiyotimizga nihoyatda katta shikast yetkazadigan narsalarni olib tashlasak yiliga ortiqcha 4-5% ga oʻsish suratini oʻstira olamiz. Lekin 50 yildan keyin shu 4-5% bizni qashshoq yoki oʻrtamiyona mamlakat boʻlishimizni belgilab beradi.

Tabiiyki, iqtisodiyotni o'stirishda boshqa bir qancha to'sqinlar bor, ularni ham olib tashlasak o'sish suratlarni ikki raqamlik ham qilish mumkin, lekin eng oddiylaridan gapni boshlay dedim. Bu yerda ikki xulosa bor: iqtisodiy o'sishda 1% ortiqcha o'sishni ham juda juda qadrlashimiz kerak, ikkinchidan, O'zbekistonning hozirgi sharoitida iqtisodiy o'sishi uchun o'tmishda qilgan va hozirda qilib kelayotgan xatolarimizdan voz kechsak o'sish suratlari tezlashadi. (2/2)
Tadqiqot uchun savol. Demokratizatsiya, yaʼni demokratiyalashuv jarayoni bu iqtisodiy oʻsishning sababimi yoki asoratimi?

Boshqacha qilib aytsak, demokratiyalashuv iqtisodiy oʻsishga olib keladimi, yoki iqtisodiy oʻsish demokratiyalashuvga olib keladim
Anonymous Poll
43%
Demokratiya bu sabab
16%
Demokratiya bu asorat
14%
Umuman bog'liqlik yo'q
27%
Natijani ko'rgim kelyapti
Bugun Berlin devori qulaganiga roppa-rosa 30 yil boʻlibdi. Bu devor koʻp yillar mobaynida erksizlikning ramzi edi. Shu devor qulaganini dunyoning barcha mamlakatlarida keng nishonlashmoqda. Bugun dunyo tarixida juda muhim sana.

Bizda ham “koʻrinmas devor” - propiska yoʻq qilinsa biz ham shunday shod-u xurramlikda nishonlab har yili eslaymizmi, yoki shunday propiska tizimi bo'lgani millat xotirasidan tez chiqib ketadimi?

Menimcha, propiska bekor qilingan kuni xursand bo'lamiz-ku, lekin unchalik uzoq eslamaymiz, ya'ni bir avlod almashsa barcha unutib yuborsa kerak. Tag'in bilmadim.
Lola!

Iqtisodiy rivojlanish uchun erkinlikdan muhimroq omil bo'lmasa kerak. Erkin jamiyatda sana't ham taraqqiy etadi. Sana't rivojlanishi darajasi esa mamlakatdagi erkinlikni o'lchaydigan eng odil qozi. Unutmaylik, farovonlikning eng muhim sharti - erkinlik.
Juda qiziq maqola o'qidim, sizlarga ham o'qishni va fikringizni aytishni tavsiya qilaman. Bu mavzuda men mutaxasis emasman, lekin muallif fikriga qo'shilishimga to'g'ri keldi, mulohazalar asosli ko'rindi.


Ingliz tilida bu yerda. O'zbekchaga tarjima qilingan, men ingliz tilida o'qidim.
Bugun endi Nobel mukofoti olgan Abhijit Banerjeening kitob taqdimoti haqida suhbat bo’ldi.

Yo’l tirbandligi sababidan 30 minutga kech qoldim.

Suhbatda Banerjee bilan birgalikda juda qiziq iqtisodchilar shu jumladan Steven Levitt (Freakonomics) ham ishtirok etdi.

Suhbatdan so’ng “Why Nations Fail”ning hammuallifi James Robinson bilan gaplashib qoldim. O’zbekistonga taklif qildim va Robinson O’zbekistonga kelishga rozi bo’ldi. Xudo hohlasa Robinson kelsa yaxshi suhbat qilamiz Toshkentda. Qachon kelishi hali aniq emas, aniqlashtirib kanalda yozib yuboraman.

Banerjee va Dufloning kitobini o’qishni tavsiya qilaman.
Yangi video.

Bu safar Fred Starr bilan. O’rta Osiyo iqtisodiy tarixi haqida suhbatlashdik. O’rta Osiyodagi taraqqiyot, keyin esa deyarlik ming yil davom etayotgan ortda qolish haqida gaplashdik. Albatta, suhbat faqatgina O’rta Osiyo haqida emas, boshqa qiziq mavzular ham bor. Sizga yoqadi degan umiddaman!

Subtitrlar rus va o’zbek tillarida. Uchta tilni birida gaplasha oladigan tanishlaringiz bilan ulashing.

Qaytaraman, “Hoshimov Iqtisodiyoti” intervyu emas, suhbat.

https://www.youtube.com/watch?v=RymZTJmUEAw
Hindiston hukumati YaIM raqamlari hisoblashda katta xatoliklarga yoʻl qoʻyishgan ekan. Shuning natijasida oxirgi yetti yildagi oʻsish suratlari eʼlon qilingan 7 foiz emas, taxminan 4.5 foizligini aniqlashibdi. Ilovada Garvardlik Arvind Subramanian hisob kitoblari. Unga ko'ra, oxirigi 5 yildagi raqamlar hukumat tomonidan 9-21 foizga oshiqroq qilib aytilgan.

Xuddi shunday tahlilni Oʻzbekiston YaIMga nisbatan qilish kerak deb oʻylayman. Menimcha biz ham juda toʻgʻri hisoblamaymiz. Asl YaIM raqamlari koʻproq, yoki kamroq boʻlishi mumkin. Shunday tahlilni Oʻzbekistondagi biror bir ilmiy tekshirish instituti qilsa boʻlar ekan.

https://www.hks.harvard.edu/centers/cid/publications/faculty-working-papers/india-gdp-overestimate
Bugun Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin, Oliy Iqtisodiyot Maktabi (НИУ ВШЭ) talabalari bilan boʻlgan uchrashuvda Oʻzbekiston YevroOsityo ittifoqiga 2020 yili kirishini tasdiqladi. Undan tashqari studentlarga kelayotgan taʼtilda Oʻzbekistonga borishni tavsiya qildi, va Oʻzbekistonni turistik jihatdan nihoyatda qiziq va mehmondoʻstligini aytib oʻtdi. Hozirda muzokaralar Oʻzbekiston davlat korxonalariga YevrOsiyo ittifoqiga kirishdagi imtiyozlar haqida boʻlayotganini va bu masalada kelishuv albatta bo'lishi haqida aytdi. Aytish joizki, Oreshkin hozirda Rossiya va Oʻzbekistonning iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo kommisiyasining Rossiya tarafidan rahbari hisoblanadi.

Boshqa juda ishonchlik manbalarga koʻra, Oʻzbekiston YevrOsiyo ittifoqiga kirishi, 2020 yilining kuzida, Toshkentdagi MDH davlatlari sammitida eʼlon qilinar ekan.
Kanal ochilganiga roppa-rosa bir yil boʻlibdi. Shu sababdan barcha obunachilarimga minnatdorlik bildirmoqchiman. Toʻgʻrisi, kanal ochilganida 10ta dan koʻp muntazam oʻquvchi boʻlishini ham tasavvur qilmagan edim.

Internetda bir mashhur hazil tarqab ketgan edi, Hindistonlik bir siyosatchi saylovda 5ta ovoz olganini, oilasida esa 9 kishi saylovda ovoz berganini eshitib kamera oldida yigʻlab yuborgan edi. Yaʼni hatto oilasida ham barcha odam ovoz bermaganidan xafa boʻlgan edi. Men kanal ochganimda bir qator yaqin doʻstlarim ham uni oʻqimasligiga ishonar edim (shunday ham boʻldi) lekin boshqa odamlar kundalikni oʻqib borishayotgani men uchun katta bir masʼuliyat va ishonch belgisiga aylandi. Shuning uchun barchangizga rahmat aytaman. Qimmatlik vaqtingizni men yozgan narsalarni oʻqishga sarf etganingizdan kattaroq maqtov boʻlmasa kerak.
@uzbekonomics:

Tariflarning “jozibadorligi" nimada? 
Oshirilgan tariflar va raqotabga boshqa chegirmalarning iqtisodiyotga keltiradigan zarari barcha iste'molchilar va boshqa korxonalar o'rtasida taqsimlanib ketadi. O’sha “himoya qilingan” tovarlarning narxi oshishi va sifati pasayishi tabiiy. Aksincha, protektsionizmning foydasi esa, faqat kichik guruh/korxonalar o'rtasida taqsimlanadi. 
Buni 300 yildan beri bilamiz.

In the other news: 
https://www.reuters.com/article/us-usa-fed-tariffs/americans-not-chinese-pay-trump-tariffs-ny-fed-study-idUSKBN1XZ2A4

Bu yerda eng muhim narsa, oʻsha “foyda”ning hajmi, zararning hajmidan doim kichkina. Yaʼni tarifdan yutadiganlarga tarifdan zarar koʻradiganlar pul toʻlashsa, oʻsha arzonroqqa tushar edi. Shuning uchun ham iqtisodchilar tariflarga qarshi, chunki tariflarning iqtisodiyotga shikasti, undan foyda koʻruvchilarning foydasidan doim koʻproq.
Taraqqiyot (development) masalalarida tadqiqot qiluvchilar uchun Jahon Banki tomonidan beriladigan grant. Chet el universitetlarining birida tadqiqot qilish uchun ushbu stipendiya 25 ming doʻllargacha mablagʻ ajratar ekan.
Agar Oʻzbekistonda iqtisodiy taraqqiyot yoki shunga yaqin sohada tadqiqot qiluvchi tanish PhD (aspirant yoki doktorant) qilayotganlarni bilsangiz albatta ulashing. Menimcha yaxshi imkoniyat. Xujjatlar 16 yanvardan qabul qilinadi, shuning uchun hozirdan harakatni boshlash kerak deb o'ylayman.

Men ishlaydigan Viskonsin universitetida ushbu sohada ishlaydigan iqtisodchilar iqtisodiyot fakultetida emas, Qishloq Xoʻjaligi va Amaliy Iqtisodiyot fakultetida (kimdir Viskonsinga kelaman desa).