hujayra.uz
4.81K subscribers
1.19K photos
180 videos
71 files
1.55K links
Bu kanalda biologiyaning turli sohalariga oid xabarlar, kashfiyotlar, faktlar hamda umuman ilm-fan haqida yozib boriladi.

Kanal Dr. Baxtiyor Sheraliyev tomonidan yuritiladi.
Download Telegram
Hurmatli biologlar, yuqidagi rasmga diqqat bilan qarang va unda nima tasvirlanganini topishga harakat qiling. Yordam sifatida aytishim mumkin, bu yerda tasvir ancha kattalashtirib ko'rsatilgan.

@hujayrauz
Yuqoridagi rasm Triplophysa spp. balig'ining chap ko'krak suzgich qanotining yuza tomondan ko'rinishi edi.

Endi savolni yanada aniqlashtiraman. Nega baliq qanotining yuza qatlami bunday mayda bo'rtiqchalar (tubercle) bilan qoplangan?

Balki sizga yordam bo'larmikan degan maqsadda "Bu bo'rtiqchalar qachon hosil bo'ladi?" ko'rinishidagi qo'shimcha savolni ham qo'shib qo'yaman.

@hujayrauz
Baliqlardagi jinsiy dimorfizm

Baliqlarda ham jinsiy dimorfizm kuzatiladi. Ayrim guruh baliqlarda (masalan, Gambusia) bu yaqqol ko'zga tashlansa, ikkinchi bir guruh baliqlarida uni mutlaqo sezish qiyin bo'ladi.

O'zbekiston suv havzalarida uchrovchi Nemacheilidae oilasi Triplophysa urug'iga mansub baliq turlarida ushbu oilaning boshqa urug'lariga qaraganda jinsiy dimorfizmning kuchli namoyon bo'lishi bilan farqlanadi. Ko'payish davrida ushbu urug' vakillarining erkaklarida ko'krak suzgich qanoti yuzasida va ko'zning pastki qismida mayda bo'rtiqchalar (tubercle) hosil bo'ladi. Ushbu belgi (autapomorfiya) erkak baliqning jinsiy jihatdan voyaga yetganini, urg'ochisini urug'lantira olish qobiliyatiga ega ekanligini bildiradi.

Bu belgi urg'ochi va voyaga yetmagan baliqlarda yuzaga kelmaydi. Mana shu belgisiga qarab Triplophysa baliqlarida erkak va urg'ochi baliqlarni osongina ajratib olish mumkin.

P.S. Sizlarga xudo xohlasa ramazon oyi ichi mana shu baliqlarga oid ajoyib bir yangilik aytaman. Juda oz qoldi 😉

@hujayrauz
O'tgan yilgi bir vebinarimda ilm ostonasiga qadam qo'yayotganlarga maslahatlar bergandim...

Bugun nima bo'di-yu, 2-3 yil avval mendan maslahat so'rab yozgan bakalavrni bitirgan, magistraturaga kirgan yoshlar bilan yozishmalarimizni qayta o'qib chiqdim. Asosan "nima mavzuda ilmiy ish qilay?", "qaysi sohaga magistraturaga kiray?" kabi savollarni berishgan ekan. Barchalariga deyarli bir xilda "o'zingiz qiziqqan soha/mavzuni tanlang. Undan keyin maqsadni aniqlashtiring" degan ekanman.

Afsus, gaplashganlarimning 90 foizi o'shanda qanday bo'lsa hozir ham xuddi shunday holatda qolibdi. Na ilmda o'sish bo'lgan, na boshqada. Shundaylari borki, o'zi o'qiyotgan/ishlayotgan soha bo'yicha elementar narsalardan xabarsiz.

Buning hammasi maqsadning yo'qligidan. Ilm ostonasida turgan aziz uka-singillarim, yana o'sha gap, hammasidan avval maqsadni aniqlab olmas ekansiz, 10 yildan keyin ham o'sha turgan joyingizda turaverasiz, siljish bo'lmaydi.

O'sha vebinarda rasmdagi eshak haqida aytib berganlarimni eslang...

@hujayrauz
Avstraliyaning janubiy qismidan tovus o'rgimchaklar (Maratus) ning yangi turi kashf qilindi.

Tovus o'rgimchaklar sakrovchi o'rgimchaklar mansub bo'lib, hozirgacha Avstraliya va Xitoyda uchrashi qayd qilingan. Ularning kattaligi odatda 4-6 mm atrofida bo'ladi. Ushbu o'rgimchaklarda urg'ochisidan farqli ravishda erkagining bosh va qorin qismida turli rangli dog'lari bo'ladi. Yangi kashf qilingan o'rgimchakka Uolt Disney multqahramoni Nemo sharafiga Maratus nemo deb nom berildi. Shu bilan tovus o'rgimchaklarning soni 92 taga yetdi.

Bundan avval erkak tovus o'rgimchakning urg'ochisi e'tiborini jalb qilish uchun raqs tushayoti tasvirlangan videoni taqdim etgan edim.

@hujayrauz
Uolter dukiri kashf etilganidan 10 yil o'tib ilk marotaba yovvoyi tabiatda qayd etildi

Afrikaning Togo, Benin va Negeriya davlatlarida uchraydi deb ishonilgan, 2010-yilda yovvoyi hayvonlar go'shti sotiladigan bozordan sotib olingan namunasi asosida kashf qilib fanga kiritilgan Uolter dukiri (Philantomba walteri) ilk marotaba tirik holda yovvoyi tabiatda uchrashi qayd etildi.

Jufttuyoqlilar turkumi qovushshoxlilar (Bovidae) oilasiga mansub ushbu kokildor antilopaning bo'yi 40 sm atrofida, og'irligi 4-6 kg keladi. Oksford universiteti qoshidagi Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish bo'yicha tadqiqot bo'limi ( Wildlife Conservation Research Unit, WildCRU) Togodagi Fazao-Malfakassa milliy bog'iga yovvoyi holda yashayotgan sutemizuvchilarni o'rganish maqsadida 100 dan ortiq kamera o'rnatadi. Ana o'sha kuzatuvlar davomida kashf etilganidan beri biror marotaba ham tirik holda qayd etilmagan Uolter dukiri ko'rinish bergan.

Bu haqida African Journal of Ecology nashrida kattagina maqola e'lon qilindi.

@hujayrauz
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Ushbu harakatli tasvirda Orol dengizining atigi yarim asrda qanday qilib butunlay qurib bitganini ko'rish mumkin. Dengizning qurishi u yerdagi ixtiofaunaning batamom qirilib ketishiga sabab bo'ldi.

@hujayrauz
Yigirma ikkinchi kun hisoboti

Xayriyamizning yigirma ikkinchi kuniga ham yetib oldik. O'tgan besh kunda 1 kishi xayriyada ishtirok etishdi. Barcha xayriya qilayotganlarga tashakkurlar! Ilm-fan uchun qilayotgan xayriyangizni Alloh barokatli qilsin!

Yigirma ikkinchi kungi natija: 50 000 so'm, ya'ni 4.76 dollar

Jami: 1 747 220 so‘m, ya'ni 166.32 dollar

Marragacha 353 808 so'm (33.68 dollar) qoldi.

Marraga juda ham yaqin qoldik. Inshaalloh 200$ lik marraga yaqin kunlarda yetib olamiz. Fauna va florani o'rganish uchun xayriya qilayotgan barcha-barchaga katta rahmatlar 😊

Xayriya haqida xabardor bo'lmagan ishtirokchilar bo'lsa, ushbu manzildan nima maqsadda xayriya o'tkazayotganimiz haqida o'qib ko'rishlari mumkin.

Xayriya uchun karta raqami:
8600 1404 9337 6660
Baxtiyor Sheraliyev

@hujayrauz
Tarixdan saboq olish xayrlidir

Orolni eslagandan keyin bir yil avval yozgan ushbu maqolamni ham sizlar bilan qaytadan bo'lishgim keldi. Bu mavzu hozir ham dolzarb.

XX asrning birinchi yarmi... Hali Orol dengizining qurishini hech kim tasavvur qilmagan paytlar... Orol dengizidan mintaqaning endemigi hisoblangan Orol bahrisi (Acipenser nudiventris) yoki shunchaki bakra deb nomlangan baliqdan har yili bir necha yuz tonnalab ovlanar edi. Masalan, 1929 yili 347,2 tonna, 1936 yili 620,8 tonna baliq ovlangan. Bitta bakra o'rtacha 13-20 kg ekanligini hisobga olsak, har yili 31 000 - 47 000 tagacha baliq ovlangan.

1933-1934 yillarda Kaspiy dengizidan sevryuga (Acipenser stellatus) balig'i Orol dengiziga olib kelib iqlimlashtiriladi. Lekin bu baliqlar Orol dengizi suviga moslasha olmaydi va ko'p o'tmay o'lib ketadi. Lekin... Lekin bu baliq o'zi bilan birga Nitzschia sturionis degan jabra parazitini olib kelgan edi. Sevryuganing o'zi bu parazit bilan ming yillardan beri birga yashagani bois o'zaro bir-biriga moslashib ketgan. Biroq bakra uchun bu mutlaqo yangi parazit edi. Sevryugalar o'lib ketgan bo'lsa ham, ularning jabrasida kelgan parazitlar o'lib ketmaydi, ular o'zlariga yangi xo'jayib topishadi. Ha, adashmadingiz, bakralar yangi xo'jayin vazifasini o'taydi.

Natijada oradan ikki yil o'tib 1936-yilga kelib Orol dengizida bakralarning ommaviy tarzda halok bo'lishi kuzatiladi. Shu vaqtgacha katta daromad olib kelayotgan baliqlar butun dengiz bo'ylab birdaniga halok bo'lishni boshlaydi. Oqibatda bakra ovlanishiga taqiq qo'yiladi. Bu taqiq 1962-yilga kelibgina qisman olib tashlanadi, lekin bu davrga kelganda Orol dengizi ham chekinishni boshlagan edi. 1983-yilda bakra ovlanishiga qaytadan butunlay taqiq o'rnatiladi. Dengiz esa shiddat bilan qurishda davom etadi. 1996-yilga kelib osyotrsimon baliqlar bo'yicha xalqaro komissiya bakra baliqlarning Orol populyatsiyasi Yer yuzidan butunlay qirilib ketganini rasman e'lon qiladi. Shunday qilib butun boshli bir tur o'zining kelib chiqish markazida yo'qlikka singib ketadi.

Bu gaplarni nega yozyapman. Bugun kun.uz da Toshkent viloyatidagi Pskem daryosida losossimonlarga mansub qimmatbaho baliqlarni ko'paytirish bilan shug'ullanadigan "SALMONIDAE" nomli fermer xo'jaligi haqida maqola chiqqan ekan. Maqolada bu tadbirkor shunday noyob baliqlarni olib kelib ko'paytiraman deganida qandaydir qarshiliklar bo'lgani, viloyat hokimi esa uning muammosini hal qilib bergani haqida yozilgan. Yashasin, bizga ana shunday noyob, qimmatbaho baliq turlarini ko'paytirib, bozorga import narxdan arzonroq chiqarib sotadigan tadbirkorlar kerak. LEKIN...

Lekin bu yangi baliq turlarini bizning suv havzalarimizga hech qanday tekshiruvsiz, ilmiy o'rganmasdan turib olib kelish qanchalik to'g'ri bo'lar ekan? Bu ishdan Respublika ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasining xabari bormi? Tadbirkorlar qaysidir baliq turini olib kelishdan avval Fanlar akademiyasi qoshidagi Zoologiya institutidan ilmiy tomondan ruxsat olishganmi? (Institutdagilar bilan bog'lanib shu haqida so'rasam ulardan hech qanday xulosa olinmaganini aytishdi) Bilaman, losossimon baliqlar qimmatbaho baliq turlari hisoblanadi, lekin iqtisodiy foydasi bo'lmasa-da, boshqalarning ko'ziga mayda-chuyda ko'rinadigan mahalliy baliq turlari bizning biologik boyligimiz hisoblanadi. O'zbekiston 1995-yilda "Biologik xilma-xillik to'g'risida"gi Xalqaro konvensiyaga qo'shilgan. Bu degani u o'z hududidagi barcha biologik turlarni himoya qilish majburiyatini o'z zimmasiga olgan. Yangi turlarni mamlakat hududiga olib kirishdan avval ilmiy asosda o'rganish, ularning mahalliy baliq turlariga xavf darajasini baholash juda-juda ham muhim. Aks holatda bakraning taqdiri boshqa mahalliy baliq turlarida takrorlanmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi.

@hujayrauz
Mana vanihoyat AstraZeneca vaksinasining qon tomirlarda tromboz hosil qilishi tasdiqlanibdi. O‘zbekiston ushbu vaksinaning 660 ming donasini mart oyida COVAX dasturi asosida qabul qilib olgan edi.

Xabarda aytilishicha vaksina bilan emlangan yoshlarda miya trombozi kutilganidan ko‘p uchramoqda ekan. Vaksinalar xavfsiz vosita degan eski qarashlarimni saqlagan holda, AstraZeneca vaksinasi bilan emlanishdan tiyilish kerak deb hisoblayman.

O‘zbekiston olib kelgan AstraZeneca vaksinasining taqdiri nima bo‘lgan edi?

@hujayrauz
Bugun xalqaro suv qunduzlari kuni

"Qunduz amakining qissalari" multserialini ko'rmaganlar oramizda topilmasa kerak. Bugun aynan mana shu multfilm qahramonlari bo'lgan qunduzlarning kuni. Suv qunduzlari kemiruvchilar (Rodentia) turkumi qunduzlar (Castoroidae) oilasiga mansub, bor yo'g'i ikki turdan iborat ajoyib hayvonlardir.

Shimoliy Amerika qit'asida - Kanada suv qunduzi (Castor canadensis)
Yevropada, qisman Osiyoda - Oddiy suv qunduzi (Castor fiber)

Bu kemiruvchilarning hayoti suv bilan bog'liq bo'lib, ular daryolarning o'zanida to'g'on qurishi bilan nom qozongan. Ularni "o'rmon muhandislari" deb ham atashadi. Chunki qunduzlar daryo bo'yidagi o'rmondagi katta-katta daraxtlarni qulatib, daryoga olib kelib suv yo'lini to'sib, o'zlari uchun yashash sharoitini yaratadilar.

Suv qunduzlari Kanadaning milliy ramzlaridan biri hisoblanadi.

@hujayrauz
#qayta_nashr #naq_beshinchisi
Umumta’lim maktablari, litsey va kollejlarda genetika fanini o‘qitishda masala va mashqlar ishlash bo‘yicha qo‘llanmalarga ehtiyoj kamaymagan. Talabni-ku, gapirmasa bo‘ladi.

Keyingi yillari bir qator oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida genetika bilan birga biologiyaning boshqa sohalariga oid masalalar test savollaridan o‘rin olmoqda.

Ammo abituriyentlarning aksari bunday masalalarni yechishda ancha qiynaladi.

Biologiya fanidan xalqaro olimpiadaga saralash bosqichida ham deyarli barcha savollar genetika fanidan beriladi.

5-marta qayta nashr etilgan "Biologiya va genetikadan masalalar" fanga oid muammolaringizga tayyor yechimdir. Qo‘llanmadagi masalalar:
📌 Mavzulashtirilgan
📌Barcha masalalarning javoblari bilan
📌Murakkab masalalarning yechimi bilan berilgan.

Olsangiz, o‘qisangiz, puxta tayyorlansangiz, albatta, maqsadingizga yetasiz!

Nomi: "Biologiya va genetikadan masalalar"
Muallif: Baxtiyor Sheraliyev
Narxi: 16.000 so‘m
Xarid: @akademsavdo

@akademnashr
Shanba 10-aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da "Yosh biolog pedagoglarga tavsiyalar" mavzusida audiochat tashkil qilamiz. Unda maktabda endi ish boshlagan yosh biolog-pedagoglarimizga kerakli bo'lgan tavsiyalar bilan bo'lishaman. Tajribali ustozlarimiz ham qatnashsalar zo'r bo'lar edi. Yoshlarga ularning ham tavsiyalari, o'zlariga xos metodikalari haqida gapirib berar edilar.

Audiochat vaqtida savollaringizni bemalol ovozli tarzda so'rasangiz yoki yozma holatda yozib so'rasangiz bo'ladi.

@hujayrauz
Paxmoq arining yangi turi kashf etildi

Molekulyar genetik tekshiruv asosida AQSh dagi Bombus sylvicola paxmoq arisi tekshirilganda aslida u allaqachon simpatrik usulda ikki turga ajralib bo'lganligi ma'lum bo'ldi. Shunday qilib Bombus incognitus deb nomlangan yangi tur fanga kiritildi. Tadqiqot haqida Molecular Biology and Evolution jurnalida chop etilgan maqolada o'qishingiz mumkin.

@hujayrauz
Audio
"Yosh biolog pedagoglarga tavsiyalar" mavzusida qilgan suhbatimizning audiosi.

@hujayrauz
Hurmatli ixtiologlar, ishni soatlarimizni sozlab olishdan boshlaymiz!

Bugun xalqaro Baliqlar katalogi (Catalog of Fishes) baliqlarning tur soniga oid ma’lumotlar bazasining yangilanganligini e'lon qildi. Unga binoan yangi 2021 yilning 13-aprel kuni holatiga ko’ra sayyoramizda 35 845 baliq turi mavjud. Bundan avvalgi yangilanish o'tgan oyda 1-mart kuni bo’lgan edi. O’tgan 43 kun davomida baliqlar 48 turga boyigan. Joriy yil boshidan beri esa kashf etilgan yangi baliq turlari soni 114 tani tashkil qiladi.

P.S. quyidagi suratda mart oyi boshida Turkiyaning Hatay viloyatidagi İncesu at Hassa bulog'idan kashf etilgan, karpsimonlar (Cypriniformes) turkumi yalangbaliqlar (Nemacheilidae) oilaga mansub Oxynoemacheilus anamos balig'i tasvirlangan. Yangi baliq turining kashf etilishi haqida batafsil xalqaro Zootaxa jurnalidan o’qishingiz mumkin.

@hujayrauz
​​14-aprel Milliy delfinlar kuni

"Delfin" so'zi kitsimonlar infraturkumiga mansub quyidagi 5 ta oilaga kiruvchi suvda yashovchi sutemizuvchi hayvonlarning umumiy nomi hisoblanadi.
1) Ummon delfinlari (Delphinidae) oilasi - 37 ta tur, barchasi asosan okean suvlarida yashaydi.
2) Hind daryo delfinlari (Platanistidae) oilasi - ikkita tur. Hindiston va Pokistondagi daryolarda uchraydi.
3) Yangi dunyo denfinlari (Iniidae) oilasi - 3 ta tur. Amazonka havzasidagi daryolarda uchraydi.
4) La Plata denfini (Pontoporiidae) oilasi - bitta tur. Janubiy sharqiy Janubiy Amerika hududida La Plata estuariysida uchraydi.
5) Xitoy delfini (Lipotidae) oilasi - bitta tur. Xitoy hududida uchragan, hozirda qirilib ketgan bo'lishi mumkin. Bu masala biroz bahsli.

Quyida delfinlar haqidagi qiziqarli 10 ta ma'lumot keltirilgan:

👉 Eng kichik delfin Yangi Zelandiya hududida uchraydigan popoto (Cephalorhynchus hectori maui) delfini bo'lib, uning uzunligi 1,7 metrgacha, vazni 50 kg gacha yetadi.

👉 Delfinlarning bolalari onalari sakkiz yilgacha birga yashaydi.

👉 Delfinlar o'z jamoasidagi kasal yoki jarohat olgan boshqa delfinlarni tashlab ketmaydi va ularni parvarishlaydi.

👉 Delfinlar hayvonlar orasidagi nisbatan kuchli ijtimoiy jamoa hosil qilib yashovchi hayvonlar bo'lib, ularning jamoasi odatda 1000 tagacha individdan tashkil topadi. Aksariyati bir-birini taniydi.

👉 Delfinlar uxlaganda bir vaqtda miyasining faqatgina bitta yarimshari uxlaydi. Ikkinchisi uyg'oq turadi. Ushbu uyg'oq turgan miya suvdagi delfinning cho'kib ketmasligini, atmosfera havosidan chiqib nafas olishini va dushmandan xabardor bo'lib turishni nazorat qiladi.

👉 Delfinlarda 100 ta undan ortiq miqdorda konussimon tishlar bo'ladi. Lekin ularning tishlarni chaynash uchun xizmat qilmaydi. U o'ljani ushlab og'izga solishda qatnashadi xolos.

👉 Delfinlarning suvda dushmanlari ko'p emas, mayda delfinlarga yirik akulalar dushmanlik qiladi. Delfinlarga asosiy xavf inson tomonidan yetkaziladi.

👉 Delfinlar yashash joylarini faqatgina ozuqa qolmaganda tark etadilar.

👉 Delfinlarnign oshqozoni ikki qismdan iborat bo'lib, birida ozuqa hazm bo'lsa, ikkinchisida zahirada to'planib turadi.

👉 Delfinlarning teri nihoyatda nozik va tez jarohatlanuvchi bo'lishiga qaramay, kuchli regenerativ xususiyatga ega. Shu bois jarohatlangan delfin terisi tez tiklanadi.

@hujayrauz
Sizlarga bugun universitetimiz hududida o‘sadigan ayrim o‘simliklarni ko‘rsatmoqchiman. Balki sizga qiziq bo‘lganlari uchrab qolar.

@hujayrauz
Universitet hududida shunaqa kichik ko‘lchalar bor. Atrofidagi yo‘laklarda esa paporotniklar o‘sadi. Bizda bu paporotniklar tuvakda o‘sgani uchun ilk kelgan kezlarim menga antiqa tuyulgandi bu holat.

@hujayrauz