Azimjon Askarov | Blog
168 subscribers
68 photos
10 videos
5 links
Umr bo’yi o’quvchi bo’ling, eng yaxshi g’oyalarni o’zlashtiring
Download Telegram
“Baxt va ichki uyg‘unlikning asosiy belgilardan biri – boshqalarga nimanidir isbotlash ehtiyojining butunlay yo‘qolishidir.” — Nelson Mandela

Ko‘pchilik hayotini boshqalar fikriga bog‘lab yashaydi. Kimdir bizni hurmat qilishini, kimdir ma’qullashini yoki yutuqlarimizni tan olishini istaymiz. Biroq, aslida, haqiqiy baxt va ichki tinchlik hech kimga hech narsa isbotlashga hojat qolmaganda paydo bo‘ladi.

O‘z qadriyatlaringizga ishonib, hayotingizni o‘z yo‘lingiz bilan yashash – bu eng katta erkinlik. Boshqalar nima deyishi yoki qanday baho berishi muhim emas. Muhimi – o‘z qalbingizda tinchlik his qilish va o‘zingizdan mamnun bo‘lish.
“Dunyodagi eng yaxshi kinoteatr – bu inson miyasi. Buni sen yaxshi kitob o‘qiganda tushunasan.”
— Ridli Skott

Qachon shunday fikrlarga ko’zim tushsa post yozgim keladi. Sababi oddiy, har bir inson o’zida sinab ko’rgan tajribasini yon atrofga ulashishni xohlaydi.

Ko‘pchilik ajoyib filmlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘radi. Lekin tasavvur qiling, siz o‘z aqlingiz bilan cheksiz darajada tasvir va sahnalar yaratishingiz mumkin! Yaxshi kitob o‘qiganda, miyamiz film singari voqealarni jonlantiradi, syujetni his qilishga yordam beradi va o‘z tasavvurimiz orqali qahramonlar dunyosiga kirib boramiz.

Filmlar tayyor tasvirlarni taqdim etadi, lekin kitoblar bizni fikrlashga, tafakkur qilishga va o‘z ichki dunyomizda butunlay yangi olamlarni kashf etishga majbur qiladi. Shuning uchun ham o‘qish – bu faqat bilim olish emas, balki ijodiy fikrlashni rivojlantirishning eng yaxshi usuli.

Siz oxirgi marta qaysi kitobni o‘qib, uning “filmini” tasavvuringizda tomosha qildingiz? Izohlarda bo‘lishing!
Aleksandr Dyumaning “Graf Monte Kristo” yoki “If qal’asining mahbusi” kitobidan olingan iqtiboslar.

1. Italiyanlarning maqolini bilsangiz kerak: “Sherigi borning xo‘jayini ham bo‘ladi.”

2. “Bir kishini yomon ko‘rgan odam, o‘ziga o‘xshash boshqa odamning ham ko‘nglida nima borligini hech xato qilmay anglay oladi.”

3. “Fransuzlarning ispanlardan ortiqligi shundaki, ispanlar o‘yini o‘ylab bo‘lguncha, fransuzlar chorai-tadbirni bajo keltirib qo‘ya qoladi.”

4. “Quvonch ba’zan kishiga juda g‘alati ta’sir etadi, qayg‘u singari azob beradi.”

5. “Inqilobchilarning bir fazilati borki, u bizning siz sanab chiqqan hamma fazilatlarimizning o‘rnini bosib ketadi. Bu – mutaassiblik. Napoleon G‘arbning Muhammadidir; o‘zlari past tabaqalardan chiqqan bo‘lsalar-da, shuhraparast bu odamlar uchun Napoleon faqat qonun yaratuvchigina bo‘lib qolmay, shu bilan birga tenglik va teng huquqlilik timsoli hamdir.”

6.“Xavf, vahima kishini gapga juda chechan qilib qo‘yadi.”

7. “Siyosat borasida oqil bo‘lishni istagan kishi birinchi taassurotga berilib ketmasligi kerak, chunki bu hamisha faqat yurak nidosi. U bu gaplarni juda ko‘p eshitgan edi, shu sababli bu qoidaga rioya qilib, birinchi taassurotni uloqtirib tashladi.”

8. “Toza havoga chiqqanda mahbusning birinchi tuyg‘usi – quvonch tuyg‘usi edi. Ochiq havo – erkinlik timsoli.”

9.“If qal’asi qad ko‘tarib turardi. Kishini hadsiz vahimaga soluvchi, besunaqay va g‘alati bu turma mana uch yuz yildirki, bir-biridan dahshatli mish-mishlar bilan marselliklarni dahshatga solib keladi.”

10. “Dard-alam bilan yaralangan kishi, Vergiliy aytganidek, uni halokatli nayza kabi o‘zi bilan birga olib ketadi.”

P.S.: izohlarda o’zingizga yoqqan iqtibos raqamini yozib keting va xabarni ko’proq ulashing!!!
“Ta’lim – bu maktabda o‘rgangan hamma narsamiz unutilgandan keyin qoladigan bilimdir.” — Albert Eynshteyn

Ko‘pchilik ta’limni darsliklar, imtihonlar va baholar bilan bog‘laydi. Ammo Eynshteynning bu fikri ta’limning asl mohiyatini ochib beradi. Haqiqiy bilim bu yodlab olingan faktlar emas, balki biz hayot davomida unutmaydigan va kundalik hayotimizda qo‘llay oladigan tushunchalardir.

Maktab yoki universitetdan keyin ko‘pchilik fanning aniq formulalari yoki tarixiy sanalarni eslamay qo‘yadi. Biroq, mantiqiy fikrlash, muammolarni hal qilish qobiliyati va o‘z-o‘zini o‘rganish odati – bu biz bilan abadiy qoladigan bilimdir.

Demak, haqiqiy ta’lim – bu insonni mustaqil fikrlashga, izlanishga va hayotiy vaziyatlarni to‘g‘ri baholashga o‘rgatadigan jarayon. Sizningcha, o‘qish jarayonida sizga eng foydali bo‘lgan narsa nima? Izohlarda fikringizni qoldiring!
Aleksandr Dyumaning “Graf Monte Kristo” yoki “If qal’asining mahbusi” kitobidan olingan iqtiboslar. (2-qism)

1.“Qadimgi buyuk lashkarboshilar hordiq chiqarish damlarida suvga tosh otish bilan shug‘ullanardilar. Plutarxning kitobini oching-da, Skipion Afrikanskiyning hayotiga bir nazar tashlang.”

2. “Chirog‘im, menga ham, sizga ham ayonki, siyosatda odamlar emas, g‘oyalar nazarda tutiladi, hissiyotlar emas, manfaatlar to‘qnashadi. Siyosatda odamlarni o‘ldirmaydilar.”

3. “Zero, shuhratparastlik va birinchi yutuqlar kishi qalbiga iztirob bilan birga kirib keladi.”

4.“Mana shu sovuq, yasama nazokatli muomala mansabdor bilan oddiy kishi o‘rtasidagi hamma dovlardan kuchli, yengib bo‘lmaydigan to‘siq hisoblanadi.”

5. “Soldat Marcellus joniga qasd qilgan paytda Arximed o‘z ishiga qanday berilib ketgan bo‘lsa, abbat ham shu daqiqada geometriya masalasini yechishga butun vujudi bilan berilib ketgan edi.”

6. “Inson boshiga musibat tushsa, Xudoga iltijo qilishi kerak, lekin u hech kimdan, hech qayerdan najot topolmagachgina Xudoga murojaat qiladi.”

7. “Dantesning butun fikr-xayoli dushmanlarida edi. U «O‘lim – xotirjamlik, shuning uchun dushmanni qattiq qiynash uchun uni o‘ldirish shart emas», degan so‘zlarni hadeb ichida qayta-qayta takrorlardi.”

8.“Endilikda, o‘lim go‘dagini allalayotgan ona kabi menga iljayib tikilib turibdi. Endi men o‘z ixtiyorim bilan o‘lyapman: bu zindonda kuniga uch ming marta gir aylanib, o‘ttiz ming qadam tashlab, aqldan ozib, holdan toyib, abadiy ko‘z yummoqdaman.”

9. “Baxtsizlikka ko‘nikib qolgan kishi quvonchiga zo‘rg‘a ishonadi.”

10. “Qochishning imkoni yo‘qligiga imonim komil bo‘ldi; imkoni yo‘q narsaga urinish – Xudoga qarshi bosh ko‘tarish demakdir.”

P.S.: izohlarda o’zingizga yoqqan iqtibos raqamini yozib keting va xabarni ko’proq ulashing!!!
Fikr­l­ash va o‘ylash – shunchaki bilim­li bo‘lishdan muhimroq

Har qanday jamiyatda bilim katta qadriyat sanaladi. Bilimli inson – hurmatli inson. Lekin hayotda faqat bilim orqali muvaffaqiyatga erishish imkoniyati cheklangan. Chunki bilim – ma’lumotlarni yig‘ish va eslab qolish jarayoni, xolos. Haqiqiy taraqqiyot, shaxsiy o‘sish va muvaffaqiyatli qarorlar qabul qilish uchun esa fikrlash va tahlil qilish qobiliyati zarur.

Bilim nima?

Bilim – bu ma’lum bir sohadagi faktlar, qoidalar va ma’lumotlarni bilish. Masalan, bir inson tarix, matematika yoki fizika bo‘yicha o‘nlab kitoblarni o‘qishi va ularni yaxshi eslab qolishi mumkin. Lekin bu bilimlar uning hayotda muvaffaqiyatli va ijodiy shaxs bo‘lishiga kafolat bermaydi.

Tasavvur qilaylik, biror muammoli vaziyat yuzaga keldi. Agar inson shunchaki bilimga ega bo‘lsa, u o‘sha sohadagi qoidalarga tayanadi va ko‘pincha tayyor javoblarni izlaydi. Ammo haqiqiy muammolar ko‘pincha standart javoblarga ega bo‘lmaydi. Shu sababli fikrlash qobiliyati odamni bir qadam oldinga olib chiqadi.

Fikrlash nima uchun muhim?

1. Yangi g‘oyalarni yaratish
Faqat ma’lumotga ega bo‘lish insonni innovatsion shaxsga aylantirib qo‘ymaydi. Yangi g‘oyalar va yechimlar yaratish uchun mavjud bilimlarni tahlil qilish, bir-biri bilan bog‘lash va ularni yangi holatlarga moslashtirish lozim. Masalan, Stiv Jobs texnologiya va san’atni birlashtirib, iPhone kabi innovatsion mahsulotni yaratgan.

2. Tanqidiy fikrlash
Tanqidiy fikrlash insonga har qanday ma’lumotni so‘zsiz qabul qilish emas, balki uni tahlil qilish, manbalarini tekshirish va o‘z xulosasini chiqarish imkonini beradi. Hozirgi axborot asrida yolg‘on ma’lumotlar va manipulyatsiyalar ko‘paygan bir paytda, tanqidiy fikrlash juda muhim.

3. Muammolarni hal qilish
Har kuni biz turli muammolarga duch kelamiz – shaxsiy hayotda, ishda, biznesda. Bu muammolarga tayyor javoblar yo‘q. Fikrlash qobiliyati muammolarni har tomonlama ko‘rib chiqish, ularning sabablarini aniqlash va eng to‘g‘ri echimni topishga yordam beradi.

4. Boshqalarni tushunish va ular bilan muloqot qilish
Insonning dunyoqarashi va munosabatlari fikrlash uslubiga bog‘liq. Faqat bilimli bo‘lish odamni yaxshi rahbar, yaxshi do‘st yoki yaxshi ota-ona qilmaydi. Fikrlash, atrofdagilarning pozitsiyasini tushunish va hurmat qilish qobiliyati mustahkam munosabatlar qurishda asosiy omillardan biridir.

Bilim va fikrlash birgalikda samarali

Albatta, bilim muhim. Lekin uni to‘g‘ri ishlatish uchun fikrlash kerak. Fikrlash bilimga chuqurlik, mantiqiylik va ijodkorlik qo‘shadi. Haqiqiy taraqqiyot va muvaffaqiyat ilm va fikrlash birgalikda ishlaganida ro‘y beradi.

Shuning uchun inson o‘z bilimlarini oshirish bilan bir qatorda, tanqidiy va ijodiy fikrlash qobiliyatini ham rivojlantirishi kerak. Bu nafaqat shaxsiy muvaffaqiyatga, balki jamiyatning ham taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Post yoqqan bo’lsa tanishlaringizga ulashing!!!
“Yo‘l yo‘qmi? Uni o‘zingiz yarating!”

“Ba’zan hayotda oldimizda ko‘rinadigan yo‘l bo‘lmasligi mumkin. Ammo muvaffaqiyatga erishgan insonlar hech qachon ortga chekinmagan – ular o‘z yo‘llarini qurishgan! Har bir qadam – yangi imkoniyat. Harakat qiling, o‘zingizga ishoning va orzularingiz sari yo‘l yarating!”
Usmoniylar imperiyasi o‘z qudratining eng cho‘qqisiga chiqqan davrda, ya’ni 1566-yilda saltanat aholisi soni 15 mlnga yetgan. Shundan 10,5 mln (70 foiz) musulmonlar, 2,5 mln (17 foiz) nasroniylar, 1,5 mln (10 foiz) armanlar va yarim million (3 foiz) yahudiylar tashkil etgan.

Shubhasiz, butun musulmon olamining xalifasi hisoblanuvchi usmonli sultonlar davlatida musulmonlar ko‘p bo‘lgan va yuqori davlat lavozimlarini egallagan. Biroq Usmonli hukmdorlari o‘z davlatlari mustahkam va kuchli bo‘lishi uchun imperiyada “millet sistemi”ni joriy qilgan. Unga ko‘ra, saltanat aholisi diniy e’tiqodlariga ko‘ra, millatlarga bo‘lingan.

Bular musulmonlar (peshvosi xalifa), xristian-pravoslavlar (Konstantinopol patriarxi), armanlar (arman katalikosi), yahudiylar (xaxam-bashi) millatlari edi. Har bir millat o‘z peshvosi tomonidan boshqarilgan, sulton esa — barcha millatlarga homiylik qiluvchi, oliy hukmdor hisoblangan.

Millatlar qator masalalarda, jumladan, yuridik muxtoriyatga ega bo‘lgan. Masalan, arman millati vakili islom shariat qoidalari bo‘yicha emas, arman Apostol cherkovi qoidalari bo‘yicha sudlangan. Hokimiyat millatlarning diniy ishlariga aralashmagan, soliqlarni ham hukumat vakillari emas, millat rahbarlarining maxsus insonlari yig‘gan va g‘aznaga topshirgan.

Usmonli imperiyasida barcha millat vakillari o‘z ijtimoiy guruhi doirasida ham, hukumat darajasida ham yuqori lavozimlarni egallagan. Masalan, sulton Boyazid II va Salim I’ning bosh shifokori Jozef Hamon yahudiy, mashhur buyuk vazir Pargalik Ibrohim posho esa etnik yunon, xristian bo‘lgan. Sultonlar turli diniy va milliy guruhlarga yuksak toqatlilik ko‘rsatgan.

Aynan mana shunday tolerant siyosat Usmoniylar imperiyasi birdamligi va qudrati uzoq vaqt saqlanishga yordam bergan. Undagi musulmon bo‘lmagan guruhlar islom sivilizatsiyasi va madaniyati ichida o‘z mavjudligini saqlab qolib, saltanat taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shgan. Usmoniylardan chiqqan olimlar, mashhur odamlarning ko‘pchiligi musulmon emas.

XIX asr ikkinchi yarmidan saltanat hududida millatchilik harakati kuchaygan. Usmoniylarga ham hamma qatori fransuzcha “millat” tushunchasi kirib kelgan. Bolqondagi xalqlarda millatchilik kuchaygan. Turklarni o‘zidayam “yosh turklar” kabi milliy guruhlar paydo bo‘lgan.

Ular boshqa dinlarga nisbatan toqatsizlik ko‘rsatgan. Oxiri “millet sistemi” vayron bo‘lib, davlat yemirilgan. Shu bilan Usmoniylar imperiyasi ham tugagan.

Shuning uchun davlatning birinchi vazifasi insonlar dini, millatidan qat’iy nazar ularning tengligini ta’minlash. Radikallashish, o‘zga fikrlarga toqatsizlik jamiyatni ham, davlatni ham yemiradi.
#birdamjamiyat

Manba: @pan_diplomat
Kalit koʻnikma

"Bugungi kunning savodsizi oʻqishni bilmaydigan inson emas. Bugungi kunning savodsizi qanday qilib oʻrganishni oʻrganmagandir!"

["Today's illiterate will not be the man who can't read. He will be the man who has not learned how to learn."
– Herbert Gerjvoy]

Har bir asrning oʻz kalit koʻnikmasi boʻlgan. Buni mukammal oʻzlashtirgan inson esa muvaffaqiyatga erishgan.
Masalan:
XV asrda – jang sanʼati;
XVI-XVII asrlarda – ishlab chiqarish;
XIX-XX asrlarda – injenerlik, muhandislik, kodlar yasash, IT kabilar.

XXI asrda-chi?

Bugungi dunyo juda tez o‘zgarayapti – texnologiyalar, fan, iqtisodiyot, va hatto kundalik hayot ham oʻzgaryapti. Eski bilimlar eskirib qolayotgan bir paytda, eng muhim narsa – doimiy o‘rganish qobiliyati, qanday oʻrganishni bilish va moslashuvchanlik.

Agar inson qanday qilib tez va samarali o‘rganishni bilsa, u har qanday sohada muvaffaqiyatga erishishi mumkin.

Kimdir dasturchi bo‘lishni istasa, yoki biznes ochmoqchi bo‘lsa, yoki yangi til o‘rganmoqchi bo‘lsa – eng katta farq ularning o‘zlashtirish tezligida bo‘ladi.

XXI asrda asosiy kalit ko‘nikma:
Tez va samarali o‘rganish.

Shuni ham esda saqlash kerakki, bu koʻnikma doim intizom bilan birga keladi. Kerakli bilimni keraksiz bilimdan ajrata bilish ham muhim.

Kim bu ko‘nikmani mukammal o‘zlashtirsa, XXI asr talablariga moslashib, har qanday sharoitda muvaffaqiyatga erishishi mumkin!

Manba: @gulnoza_notes
Assalomu alaykum!

🪷 Navro‘zi olam muborak bo‘lsin!

Yangilanish fasli, Sharq xalqlarining YANGI KUNI, YANGI YILI barchamizga qutlug‘ bo‘lsin!

Navro‘z yurtimizga, xonadonlarimizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka, baxt-u quvonchlar olib kelsin. Ushbu ulug‘ ayyom qalblarga ezgulik, mehr-oqibat, insoniylik tuyg‘ularini yanada mustahkamlasin.

Bahor nafasi bardavom, bayram kayfiyati esa Sizni yil davomida tark etmasin!

Navro‘zingiz muborak bo‘lsin! 🌸

Hurmat bilan Azimjon Asqarov!
Aleksandr Dyumaning “Graf Monte Kristo” yoki “If qal’asining mahbusi” kitobidan olingan iqtiboslar. (3-qism)

1. “Jamiyat qonunlari emas, tabiat qonunlari bizga qon to‘kishni, odam o‘ldirishni taqiqlab qo‘ygan.

2.
Rimda besh ming kitoblik kutubxonam bor edi. Ularni qayta-qayta o‘qib shunday qarorga keldimki, yaxshilab tanlab olingan bir yuz ellik asar butun insoniyat yaratgan bilimlarning hammasi bo‘lmasa-da, har holda kishi uchun foydali bo‘lgan hamma ilmlarni bera olarkan. Hayotimning uch yilini ana shu bir yuz ellik tomni o‘rganishga bag‘ishladim, meni qamoqqa olishganida o‘sha tomlarni deyarli yoddan bilar edim. Burmada zehningimga biroz zo‘r berib, ularning hammasini yana esimga solib oldim. Sizga Fukididning, Ksenofontning, Plutarkhning, Titning, Liviyning, Tatsitning, Straduning, Iornandning, Dantening, Montenning, Shekspirning, Spinozaning, Makiavellining, Bossyenng asarlarini yoddan o‘qib berishim mumkin. Men sizga faqat birinchi darajadagilarining nomlarini aytdim.

— Siz bir nechta tilni bilasizmi?

— Men beshta jonli tilda gapira olaman: nemischa, fransuzcha, italyancha, inglizcha, ispancha. Qadimiy grekcha yordamida hozirgi grek tilini ham tushunaman, to‘g‘ri, hozircha bu tilda ravon gapira olmayman, ammo o‘rganayapman uni.

— Grek tilini o‘rganayapsizmi? — so‘radi Dantes.

— O‘rganayapman, o‘zim bilgan so‘zlarning lug‘atini tuzib chiqdim; fikrlarimni grekcha bemalol ifoda qila olaman. Minga yaqin so‘z bilaman; menga shunisi ham kifoya qiladi. Lug‘atlarda esa yuz mingga yaqin grek so‘zi bor.

3. “Faqat baxtsizlik kishi aqlining yashirinib yotgan boyliklarini ochib tashlaydi, harakatga solib yuboradi.”

4. “Mudhish niyatlar buzuq xulqdan kelib chiqadi, boshqa vaqtlarda inson jinoyatdan o‘zini chetga tortadi. Biroq sivilizatsiya insonda yaxshilik tuyg‘ularini bo‘g‘ib, yomonlikka olib boradigan sun’iy talab, illat va istak borligini oshkora qilib tashladi.


Bundan shunday qoida kelib chiqadi: jinoyatchini topmoqchi bo‘lsang, qilinadigan jinoyatdan naf ko‘radigan kishini axtar.

Sizning gumdon bo‘lib ketishingizdan manfaatdor biror kishi bormi?”

5. “Tartibot — barcha jumboqlarning kaliti.”

6. “Eng xavfli narsa — harakatsizlik, hafsalasizlik. Tinmay mashq qilib kuchingizga kuch qo‘shib, o‘zingizni o‘zingiz chiniqtirmasangiz, qochayotganda halok bo‘lishingiz hech gap emas.”

7. “Kishi duchor bo‘ladigan xavfni bilganda emas, aksincha bilmaganda ko‘proq vahimaga tushadi.”

8. “Shuning uchunki, — e’tiroz bildirdi Frants, — siz mening nazarimda jamiyatning quvg‘iniga uchrayotgan va undan qandaydir dahshatli qasos olishga tayyorlanayotgan odamga o‘xshaysiz.”

9. “Xayrlashadigan kishi bilan uchrashadigan kishi o‘rtasida qandaydir bog‘lanish bo‘ladi.”

10. “Amin bo‘lingki, o‘layotganlarni qancha ko‘p ko‘rsangiz, o‘lish shuncha oson bo‘ladi. Shu sababli o‘lim — gunohni yuvish emas, qatldir.”


P.S.: izohlarda o’zingizga yoqqan iqtibos raqamini yozib keting va xabarni ko’proq ulashing!!!
Farosat ko'rinmaydi
Lekin yo'qligi bilinadi!
Assalomu Alaykum aziz do’stlar!

Yurtimizga yana bir bor muqaddas Ramazon hayiti kirib keldi. Bu ulug‘ ayyom har bir inson qalbida mehr-oqibat, sabr-toqat, rahm-shafqat va ezgulik tuyg‘ularini uyg‘otadi. Ramazon hayiti – bu nafaqat ro‘za tutganlarning, balki butun jamiyatning bir-biriga mehr bilan yuzlanadigan, kechirimli bo‘lib, qalbini poklaydigan muqaddas kunidir.

Bugun har bir xonadonda bayramona shukuh, samimiy tabassum va mehr-muhabbat hukm surmoqda. Ushbu quvonchli kunda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, tinchlik-osoyishtalik va mo‘l-ko‘l rizq tilaymiz. Qurbonlik, sadaqa va duo kabi ezgu amallar hayotimizni yanada barakali va nurli qiladi.

Ramazon hayiti barchamizga fayz-u baraka, yurtimizga tinchlik va farovonlik olib kelsin! Hayitingiz muborak bo‘lsin!
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Man uncha ko’p rasmga tushmayman, lekin trend bo’lsa trendda
Yana bir nechta variant, sinab ko’rish zarar qilmaydi.
Aleksandr Dyumaning “Graf Monte Kristo” yoki “If qal’asining mahbusi” kitobidan olingan iqtiboslar. (4-qism)

1.Graf haqiqatan ham Bayronning qahramonlariga o‘xshardi, Frans uni ko‘rish u yoqda tursin, xayoliga keltirishi bilanoq, qarshisida Manfred yoki Lara gavdalanardi. Grafning peshonasini ajinlar burishtirib yuborgan, bu dard-alamli uy-xayollar dalilidir. Chaknab turadigan o’tkir ko‘zlari yurakka o‘qday sanchiladi, istehzoli va g‘ururli lablari uning hamma gaplariga boshqacha ohang berib yuboradi, natijada har bir so‘zi tinglovchining yodidan chuqur joy oladi.

2.
Bu jihatdan sham inson hayotiga o‘xshab ketadi: inson hayot bag‘ishlashning faqat bittagina yo‘lini topgan, uni ham Xudodan olgan. Ammo ana shu inson hayotni barbod etishning ming-ming usullarini o‘ylab chiqargan, to‘g‘ri, bunda unga iblis ancha ko‘maklashdi. Shamni yoqmoq uchun uni o‘tga tutish kifoya.

3. –Azizim, – dedi Alber nihoyatda sovuqqonlik bilan, – kelajakda ulug‘ Napoleonning quyidagi so‘zlarini esda tuting: «Shum xabar kelgandagina meni uyg‘oting».

4.– Aniqlik qirollar nozikligi, adashmasam, monarxlaringizdan biri shunday degan bo‘lsa kerak, – dedi Graf Monte-Kristo.

5. – Siz meni yaxshiroq bilganingizda bu kabi arzimas narsalardan tashvishga tushib yurmas edingiz, – dedi iljayib graf. – Sayohat vaqtida Neapolda makaron, Milanda polenta, Valensiyada olla-podrida; Konstantinopolda palov, Hindistonda karrik, Xitoyda kaldirach inini yeb qorinni to‘ygazardim. Men kabi jahongashtalar ovqat tanlash imkoniyatidan mahrum. Qayerda bo‘lmayin, to‘g‘ri kelgan ovqatni yeb ketaveraman, to‘g‘ri, oz-ozdan ovqatlanaman. Bugun esa ishtaham karnay, chunki kecha ertalabdan beri tuz tatiganim yo‘q.

6. – Yo‘q, unday emas, – e’tiroz bildirdi Monte-Kristo, – menga ham, mening do‘stlarimga ham tegmaslik sharti bilan. Siz sotsialist, progressist va gumanist janoblarga mening so‘zlarim g‘alati tuyular, ammo shuni aytib qo‘yayki, men jonimga oro kirmayotgan hesh-aqrabalarga yordam qilmayman, ayniqsa meni himoya qilmaydigan, pand beradigan vaqtdagina meni esga oladigan jamiyatga hech qachon jon kuydirmayman. Jamiyatni ham, yaqin kishilarimni ham izzat-hurmat qilishdan voz kechib, ularga nisbatan faqat betaraflik pozitsiyasida turarkanman, ular shunisiga ham shukr deb, minnatdor bo‘lib o‘tiraversinlar.

7. Muqaddas yerga otlangan ziyoratchilarning deyarli hammasi o‘z missiyalarining belgisi sifatida gerb o‘rnida salbni yoki iymon qanotida uzoq safar qilishlarining belgisi sifatida qushlarni tanlashardi. Otangiz tomonidagi bobolaringizdan birisi, chamamda, ana shu salb yurishlaridan birida qatnashgan. Bu Muqaddas Lyudovikning yurishi bo‘lib chiqqan taqdirda ham ko‘z oldimizda XIII asr namoyon bo‘ladi–ki, bunisi ham yomon emas.

8. Siz provansal (janubiy fransiyalik), ha, ispan millatiga mansub ekansiz. Hali menga ko‘rsatgan surat rostdan ham juda o‘xshasa, onangizning qorachadan kelgan go‘zal yuzi o’ktam katalankaga o‘xshashining boisi ham shunda.
Grafning nihoyatda odob bilan aytilgan bu so‘zlaridagi kinoyani fahmlab olish uchun yo Edip, yo eng o’tkir sehrgar bo‘lmoq kerak edi.
Bunga aqli bovar etmagan Morser iljayib tashakkur izhor etdi, so‘ng grafga yo‘l ko‘rsatish uchun oldinga o‘tdi-da, gerb ostidagi mehmonxona eshigini ochdi.

9. – Xuddi shunday, – dedi javoban Monte-Kristo hech bir rassom tasvir eta olmaydigan va hech bir fiziognomist bayon qilib bera olmaydigan ajoyib tabassum bilan.

10. Alber grafning qiliqlariga ko‘nikib qolgan, u xuddi Neron singari iloji yo‘q narsalarni bor qilishga usta ekanini yaxshi biladi, shuning uchun hech narsaga taajjublanmadi, faqat grafning buyruqlari qanday bajarilganini shaxsan bilib olmoqchi edi.

P.S.: izohlarda o’zingizga yoqqan iqtibos raqamini yozib keting va xabarni ko’proq ulashing!!!
Aleksandr Dyumaning “Graf Monte Kristo” yoki “If qal’asining mahbusi” kitobidan olingan iqtiboslar. (5-qism)

1. – Endi bir savol tug‘ildi: din ta’siri ostida Xudodan yoki o‘limdan qo‘rqib aytilgan so‘zlarga qanchalik ishonish mumkin? Ha, sabr qilaylik, bir soat o‘tmay hammasini bilib olaman.

2. Darhaqiqat, joningni ayamay harakat qilishga ahd qilsang, boshqalarga o‘xshamay qolasan yoki boshqacha qilib aytganda, boshqalar senga o‘xshamay qoladi. Kimki shunga ahd qilsa, u kuchiga kuch qo‘shilayotganini va ufq doirasi kengayib borayotganini shu zahotiyoq sezadi.

3. – Amin bo‘lmang, Bertuchcho, – dedi graf, – yovuz maxluqlar osonlik bilan jon bermaydi. Xudoning o‘zi ham o‘zining qasos quroli qilib olish uchun ularni o‘z panohida asraydi.

4. Shu vajdan, mening haqimda, yaxshilabmi, yomonlabmi gapirganingizni, xatti-harakatimni muhokama qilganingizni, yurish-turishimga nazar tashlab, poylab yurganingizni sezib qolsam, o‘sha zahoti ishdan bo‘shatilasiz. Men xizmatchilarimni faqat bir marta ogohlantiraman. Siz ogohlantirildingiz, bo‘ldi, boring!

5. To‘g‘ri, xizmatchilaringiz sizni «janobi oliy» deb atashadi. Jurnalistlar uchun «muhtaram janob»siz, saylovchilaringiz uchun esa fuqaro. Konstitutsion tuzumda unvonlardagi bu juz’iy farqlarning bozori juda chaqqon bo‘ladi. Men sizni juda yaxshi tushunib turibman.

6. Shuning uchunki, aniqlab berishni talab qilish — ikkilanishingizning bir turi.

7. – Ehtimol, shunday sharoit tug‘ilar bora-bora, – dedi Monte-Kristo, – kishilar murakkab ixtirodan oddiy ixtiroga o’tajagina siz yaxshi bilasiz, oddiylik hamisha mukammallik demakdir, buni siz yaxshi bilasiz.

8. – Bilasizmi, – dedi u, – ma’lum bo‘lib turibdiki, siz tengi yo‘q odam deb nom chiqarganingizga qaramay, voqealarga inson bilan boshlanib, inson bilan tugallanadigan ijtimoiy nuqtai nazar bilan, ya’ni juda tor va nihoyatda chegaralangan nuqtai nazar bilan qarar ekansiz.


– Bu bilan nima demoqchisiz? – e’tiroz bildirdi Vilfor yanada taajjublanib. – Men sizga… tushunolmayapman.

– Men shuni demoqchimanki, xalqlarning ijtimoiy tashkilotiga nazar tashlaganda, siz mashina mexanizmini harakatga keltiradigan ustani ko‘rmaysiz, faqat mashinaning o’zini ko‘rasiz; siz faqat ministr yoki qirol tomonidan mansabga tayinlab qo‘yilgan va atrofingizda uvalashib yuradigan mansabdor turlarinigina ko‘rasiz, ammo Xudoning o‘zi shu turlar, ministrlar va qirollardan yuqoriga qo‘yib, mansabni emas, muqaddas burchni ado etish vazifasini topshirib qo‘ygan haqiqiy insonlarni ko‘rmaysiz, ularni nazar-pisand qilmaysiz.

Bu zaif kishining xislati. Toviy ko‘r ko‘zini ochish uchun kelgan farishtani oddiy o‘smir deb qabul qilgan ekan. Xalq, hammani yo‘q qilish uchun kelgan Atillani ham, boshqa istilochilar kabi, bosqinchi deb bilgan ekan. Ana shu ikkalasi bizni xaloyiq tanib olsin deb, Xudoning vakili ekanini ochiq aytib berishga, ya’ni birisi: “Men Xudoning to‘qmog‘i,” deyishga, ikkinchisi esa: “Men Xudoning farishtasi,” deyishga majbur bo‘lgan ekan. Shunday qilib ilohiylik siri ochib tashlangan.

9. Odamlar taqdir taqozosi deb ataydigan narsalarning hammasini — xonavayronlik, o‘zgarishlar, tasodiflarni men oldindan ko‘rib, mo‘ljallab qo‘yganman. Bularning ba’zilari meni turtib o‘tishi mumkin, biroq hech biri ag‘darib tashlay olmaydi.

10. – Hammaning ustida, – dedi Monte-Kristo, u bu so‘zni shunday ta’sirli qilib aytdiki, Vilfor beixtiyor seskanib ketdi, – men ziddan yuqorida turganlarni va boshqalarni oyoqosti qilmaydigan kishilarga qarshi hamla qilishga hamisha tayyor odamlar oldida – ana shu razil maxluqlar oldida g‘ururlanib, kibrga minib olaman. Ammo meni nochorlikdan hozirgi mavqega ko‘targan Xudo oldida g‘ururimni uloqtirib tashlab sajda qilaman.

P.S.: izohlarda o’zingizga yoqqan iqtibos raqamini yozib keting va xabarni ko’proq ulashing!!!