Panda Books
6.26K subscribers
2.14K photos
420 videos
6 files
1.99K links
Books & Book Reviews.
Zamonaviy mutolaa repertuari.

Insta: instagram.com/pandabooksuz

Donat: tirikchilik.uz/PandaBooks
Reklama: @pandapochtabot
Download Telegram
​​#longread

Media qudratli qurol, omma esa unutuvchandir. Insonlar yaqin o'tmishda sodir bo'lgan ko'pgina muhim voqealarni deyarli yoddan chiqarganlar. Masalan, sovuq urush davri oxirlaridagi Yaqin Sharq muammolarining ko'pgina jihatlarini aytsak bo'ladi.

Yaqinda Iroqda o'tkazilgan so'rovnomalarga ko'ra, aholining 60%i Saddam Husayn davrida davlat farovon va odamlar baxtliroq yashaganligini ta'kidlashgan. G'arb mediasi va siyosati esa undan allaqachon dahshatli yovuz qahramon obrazini yaratib qo'ygan bo'lsada. Ha, u qattiqqo'l diktator bo'lgan, raqiblariga shafqat qilmagan, ammo o'z vaqtida hokimiyatni ushlab turish ham oson emasdi.

Musulmon dunyosidagi eng katta qarama-qarshiliklardan biri: sunniylar va shialar o'rtasidagi ixtilof Saddam davrida urushga aylanadi. Shialar uchun Makkadan keyingi ikkinchi muqaddas shahar hisoblangan — Najaf shahri (u yerda hazrat Alining vasiyatiga binoan uning jasadi dafn etilgan)ga Erondan qochib kelib yashagan Oyatullo Xumayniyni Saddam Husayn mamlakatdan quvib yuboradi. Keyinchalik ya'ni 1979-yilda Oyotullo Xumayniy Eronga qaytib boradi va Shoh hokimiyatini ag'darib, mamlakat tepasiga keladi. U endi Saddamdan o'ch olishga qaror qiladi. Saddam Husayn sunniy bo'lgan, shialarga nisbatan adovati aniq edi. Bu orada u katta urushga tayyorlana boshlaydi.

Qizig'i, uni bir tomondan shoh hokimiyati tarafdorlari bo'lgan AQSh (G'arb) ham, SSSR ham qo'llab-quvvatlaydi. AQSh va Yevropa Iroqqa katta qurol-aslaha va mahsulotlar yetkazib beradi. Bu Sovuq urush davridagi unikal holat desak bo'ladi. Harbiy bilimi bo'lmasa-da, Saddam Husaynning o'zi armiyaga bosh bo'ladi. Ammo bir necha haftada yutishni mo'ljallagan iroqliklar maqsadi amalga oshmaydi, eronliklar qisqa muddatda kuchli mudofaa chizig'i yaratadilar. Natijada urush uzoq 8 yilga cho'ziladi. Ikki tomondan millionlab insonlar halok bo'ladi, ammo urush hech bir tomonga g'alaba olib kelmaydi.

Bu orada Saddam Husayn Iroq neftini xorijiy kompaniyalar qo'lidan olib, milliylashtirishga qaror qiladi. Bu esa AQShning unga bo'lgan munosabatini o'zgartiradi. Natijada 1991-yilda AQSh Iroq qo'shnisi Quvaytga e'tibor qaratadi. Natijada Quvayt neftni belgilangan ko'ra arzonga sota boshlaydi. Saddam Quvaytdan narxni ko'tarishni, musulmon davlatlar bir-birini qo'llashi kerakligini tushuntirishga harakat qiladi, ammo foydasi bo'lmaydi. Oqibatda Saddam Husayn Quvaytga hujum qiladi, u bu safar ham xorijdan qo'llov olaman deb o'ylaydi. Lekin u adashgandi. AQSh tez orada Iroqqa sanksiyalar kiritadi va keyinchalik bostirib kiradi.

Keyinchalik yolg'onligi fosh bo'lgan bahona bilan AQSh Iroq hududiga kirib boradi, Saddam Husayn hokimiyatdan ag'dariladi, Iroq nefti esa oxir-oqibat AQShga o'tadi. Saddamning sobiq generallari va boshqa klanlar keyinchalik ISHIDni yuzaga keltiradi. Mamlakatda boshboshdoqlik va xaos boshlanadi. Oldin bemalol istagan kyimda yura olgan ayollar paranji kiyishga majburlanadi. Iqtisodiyot ham qayta tiklanmas zarbaga uchraydi.

Bu voqeadan saboq olsa bo'ladigan narsalar talaygina. Saddam Husaynning shaxs sifatida faoliyatini o'rganish bir masala, lekin hozir ko'pchilik bir paytlar o'sha diktatorni qo'llab-quvvatlagan, keyin hududiga bostirib kirib, uni ag'dargan G'arb hukumatlarini ishini esga olmaydi.

Media haqiqatda qudratli, omma esa unutuvchandir.

@panda_books
#longread

Propaganda

Biz ajdarho bilan jang qilaverib, o'zimiz ham ajdarhoga aylanib qolganimizni sezmaymiz.

Plossla kanalida propaganda mavzusidagi postni o'qib chiqdim. Va ular ko'zdan qochirgan, hozirgi avlod internetidagi bo'layotgan voqealar butun kartinasida tushib qolgan kichik, ammo muhim mozaika parchasini topgandek bo'ldim. Qiziqmi?

Informatsion makon - bu aslida propagandadan iborat. Qolgan hamma narsa o'sha propaganda uchun xizmat qiladi. Bizda propaganda deganda, asosan, siyosiy targ'ibot tushuniladi, ammo bu so'z keng va neytral tushuncha. Masalan, Panda Books va boshqa bookblogerlar kitobga targ'ib qilamiz, bu yaxshi ammo bu ham propaganda. Yoki Plosslarni o'zi ham yaxshigina propagandist kanalga aylangan, nazarimda. Chunki ularning postlarini o'qib, ba'zan kulgi, ba'zan jahl, ba'zan mavjud holatga g'azab tuyasiz. Xo'sh, ular nimani targ'ib qiladi?Balki anarxiyani targ'ib qilishar:) Ko'ryapsizmi, bu gaplarni yozayotib men ham propaganda qilayapman, aslida.. Xullas, qisqa aytganimizda, ma'lum fikr aniq yo'naltirilgan maqsadga qaratilar ekan, uning shu maqsadga yetishi davomida targ'ibot quroli bo'lish ehtimoli oshib boradi..

Ha, boyagi mozaikaning bo'lagi haqida. Bitta narsani esdan chiqarmaslik lozim. Bu juda muhim. Deylik, siz yangiliklar, umuman, informatsiyani qayerdan olasiz? OAV, ya'ni ommaviy axborot vositalaridan, to'g'rimi? Ular propaganda mashinasimi? Ha. Chunki qonunan ular berilgan ma'lumotning haqiqat yoki yo'qligiga javob beradilar, uning qanday talqin qilinishiga emas. Misol uchun, "Kecha Toshkentdagi do'konlardan birida o'g'rilik sodir bo'ldi" degan xabarni "Dahshat! Toshkentda yana o'g'rilik!", yoki "Bozorlarda o'g'irliklar soni yana bittaga oshdi" deya talqin qiladigan OAVlar ham topiladi. Bunda mazmun bitta bo'lsa ham, shaklan propagandaga o'rab taqdim qilinadi. Siyosatku aniq yoki masalan ba'zi diniy-islomiy kanallarda postlar orasida asosan bitta domlani ma'ruzalari tez-tez joylanishi mumkin. Natijada, siz o'sha domlaga muntazam duch kela boshlaganiz uchun uni boshqalardan afzal ko'rishingiz yoki aksi bo'lishi mumkin. Bu ham propaganda. Bu hamma sohada bo'lishi mumkin.

OAV propagandasi kuchli qurol. Buni ortidan hatto millionlab insonlar boshiga yetgan genotsidlar boshlangan (Ruanda qirg'ini yaqqol misol).

"Factfulness" kitobida yozilgandek, OAVlar yangiliklarni ichidan salbiy bo'yoqlarga belanganini olishni istashadi, chunki inson tabiati (internetda ayniqsa) negativga moyilroq. Faqat yaxshi yangiliklar yozadigan jurnalist tezda ishsiz qoladi.

Propaganda bilan to'qnashmaslikning imkoni yo'q, lekin uni filtr qilsa bo'ladi, ammo buning uchun aytilgandek ko'p o'qish, bilish va izlanish kerak. Shunda berilayotgan axborotda nima propaganda qilinayotganini darhol anglaysiz.. ishonavering, bu hozirgi kunda kerakli ko'nikmalardan biri. So bo'lasla...

@panda_books
​​#longread

"Men yetarlicha yaxshi emasmanmi?"

Shunday fikr har biringizning boshingizdan o'tgan bo'lsa ajab emas. O'z-o'zidan qoniqmaslik, har bir ishga o'ta talabchan yondashib, zavq ololmaslik – oqibatda depressiya va ruhiy zo'riqishga olib kelishi aniq.

Britaniyalik sobiq askar Maykl Kouplend yaqinda uchta cho'qqini zabt etibdi. Qizig'i, buni u o'z orqasiga muzlatkich ko'tarib olgan holda bajaribdi. Uning fikricha, muzlatkich – bu biz kundalik his qiladigan maishiy g'am-g'ussalarimiz, depressiya va xafaliklarimiz timsoli ekan. Bir tomondan yaxshi o'xshatish.

Ko'pchiligimiz har kun takrorlanadigan o'tkinchi va arzimas muammolar girdobida qolganmiz. Arzirli ish qilsakda yoki qila olsakda, uni doimiy mayda-chuyda rutubalar ichra yo'q qilamiz. O'z qadrimizni yerga uramiz, o'zimizni yetarlicha yaxshi ekanligimizni o'zimiz tan olmaymiz. Bunda boshqalardan nima kuta olardik..

Zamonaviy dunyoda, biz qo'limizdagi internet va smartfonlarimiz tufayli 24/7 rejimdagi informatsion borliqda yashayapmiz. Ma'lumotlar oqimi ulkan va uzluksiz, diqqatni bir joyga jamlash oson emas. Ammo bu sizni yengib qo'ymasligi kerak.

Ortimizda xuddi Maykl kabi muzlatkichni orqalab ulkan cho'qqilarni zabt etishdan cho'chimaslik lozim. Chunki siz buni uddalay olasiz.

Siz o'ylagangizdan ko'ra yaxshiroq, kuchliroqsiz.. faqat hozircha buni o'zingiz bilmaysiz xolos.

@panda_books
​​​​#longread

Ha, ungacha ham horror (dahshatli) asarlar bo'lgan. Hatto undan dahshatliroqlari ham. Qattiq qo'riqlanadigan turmaxonaning qorong'u yerto'lasida saqlanadigan seriyali qotillar haqidagi asarlar ham bisyor. Ammo bunaqasi bundan oldin ham, bundan keyin ham bo'lmasligi aniq. Horror'ning qonli sahifalariga o'ziga xos nafislik va didni qo'sha olgan kuchli asar edi u. Demak, bugun biz "Qo'zichoqlar sukunati" to'g'risida gaplashamiz.

Umid qilamanki, orangizda "The Silence of the Lambs" (Молчание ягнят) filmini tomosha qilishga o'zida jur'at topa olganlar bo'lsa kerak. Shafqatsiz manyak Gannibal Lekter haqida hikoya qiluvchi ushbu detektiv-horror romanlar turkumi amerikalik yozuvchi Tomas Xarris qalamiga mansub hisoblanadi. Aynan u ilk bor 1981-yilda o'zining "Qizil ajdarho" romanida keyinchalik kultga aylangan personaj – doktor Gannibal Lekter siymosini tasvirlaydi. U kannibal (o'z turini, ya'ni odam go'shtini iste'mol qiluvchi) va seriyali qotil edi. Va ayni paytda u johillikdan jirkanuvchi, inson psixologiyasini yuqori darajada tushunuvchi nozik did sohibi ham. Kutilmagan uyg'unlik, shunday emasmi? Unda qandaydir oliynasablarga xos xulq bor ediki, uning telbaligi va bir paytning o'zida daholigi fonida bu hatti-harakatlar qandaydir muhtashamlik kasb etadi. Albatta, shafqatsiz jinoyatchini romantizatsiya qilyotganimiz uchun mushtariylar bizni dashnom qilar, ammo bu asarning ruhiyati ham shunda - ya'ni uni bitta janrga sig'dirib bo'lmaydi: "Qo'zichoqlar sukunati" bu nafaqat horror, balki kuchli psixologik detektiv va ..ozgina romantika.

1988-yilda Tomas Xarrisning jahon bo'ylab millionlab nusxalarda sotilgan "Qo'zichoqlar sukunati" asari chop etiladi. U o'sha yili "Eng yaxshi roman" uchun Stoker mukofotini qo'lga kiritadi. 1991-yilda suratga olingan kitobning shu nomdagi kinoversiyasi esa (rejissor Jonatan Demmi) eng yaxshi erkak, ayol, ssenariy, film va rejissura yo'nalishlari bo'yicha nufuzli 5 ta Oskar mukofotiga ega chiqadi. Sababi, kinofilmda o'ta talantli aktyorlar jamoasi yig'ilgandi, ayniqsa, buyuk aktyor Entoni Xopkins tomonidan doktor Gannibal Lekter roli qoyilmaqom qilib ijro etilganini alohida e'tirof etish lozim. Keyinchalik Tomas Xarris Gannibal haqida yana 2 ta roman yozadi. Ularda yanada batafsil qahramon hayotiga kirib boriladi va kitobxonga uning bolaligi tanishtiriladi.

Asarni o'qish kerakmi? Bilmadim. Agar chigal detektiv masalalar ikir-chikirigacha ideal tortiq etiladigan jumboqlarnk sevsangiz o'qing. Horrordan o'ziga xos adrenalin ololsangiz ham o'qishingiz mumkin. Seriyali qotillar ichida shu paytga qadar eng nodir aql sohibi va nozik psixolog bo'lgan qahramon bilan tanishmoqchi bo'lsangiz, bemalol kitobni varaqlang. Lekin eng avvalo filmni tomosha qiling. Entoni Xopkins ijrosidagi sahnalarni tomosha qiling. Undagi Xichkokona etingizni junjiktirib yuboradigan darajadagi shivirlashlarga quloq tuting. Va shunchaki maftun bo'ling. Ammo unutmang, "Gannibalning shuuringizga yo'l topishiga imkon bermang". Har ehtimolga qarshi.

"Asar nega "Qo'zichoqlar sukunati" deb nomlanadi?" deb so'rayapsizmi? Buning javobini kitob haqidagi keyingi postlarimda batafsil aytib o'taman.

P.s: Rasm by December

@panda_books
​​#longread

"Игнор" qilishning salbiy oqibatlari

Hayotda har bir hatti-harakatimiz muayyan oqibatlarga olib kelishini yaxshi bilamiz. Deylik, shunday holatga duch keldik: kimgadir o'zimizni noroziligimizni bildirish yoki undan xafaligimizni ko'rsatmoqchimiz? Shunda nima qilish mumkin? Odatda uni rad qilamiz, shundaymi? Misol uchun, undan kelgan smslarni o'qiymizu, lekin javob yozmaymiz yoki yonimizga kelsa, go'yo ko'rmagandek o'tib ketamiz. Lekin ichimizdagi xafalikni, unga bo'lgan munosabatimizni yuziga shartta-shartta aytishga yo qodir bo'lmaymiz, yo buni xohlamaymiz. Xullas, har qanday vaziyatda ham "Ignor" qilganimizdan lazzat olamiz, "Bopladim!" deymiz ichimizda. Ammo bu doim ham bizning foydamizga ishlamasligi haqida hech o'ylab ko'rganmisiz? Ikki inson o'rtasidagi munosabat o'z yo'liga, ammo, aytaylik, bunday holat ikkita butun boshli davlat va tashkilotlar orasida sodir bo'lsachi? Keling, buni Falastin misolida ko'rib chiqamiz.

Tarixdan ma'lum, 1947-yilda, ya'ni 2-jahon urushidan keyin dunyoda mustaqil yahudiylar davlati tuzish borasida ishlar boshlanadi. Parallel ravishda endigina Buyuk Britaniya mandatidan chiqqan, 1 yarim million arablar yashaydigan Falastin davlati ham tuzilishi kerak edi. Yangi tuzilgan va 57 ta a'zodan iborat BMT tashkiloti bu masalani hal qilishni o'z bo'yniga oladi (UNSCOP qo'mitasi). Avvaliga yahudiylar mamlakatini Afrikadagi Uganda hududida tuzish g'oyasi beriladi, ammo sionistlar muqaddas kitoblarda yozilgan "sut va asal daryodek oqadigan joy" - ularning vatani bo'lishi kerak deya qa'tiy turib olishadi. Natijada Falastindagi real ahvolni bilish uchun BMTning 11 ta delegatdan iborat UNSCOP guruhi 1947-yilda Iyerusalimga keladi. Delegatsiya tarkibining neytralligiga alohida e'tibor beriladi: ular arab ham, musulmon ham, yahudiy ham bo'lmasligi, yevropasentrik, kuchli 5lik vakili ham bo'lmasligi kerak edi. Natijada, Gvatemala, Kanada, Shvetsiya, Eron (ha, ular ham) kabi davlatlar vakillaridan iborat bo'lib, rahbarlardan biri islandiyalik edi.

Xullas, ular Falastinga mahalliy vaziyatni bilishga kelishadi. Ammo arablar bu delegatsiyani iliq kutib olish o'rniga "ignor" qilish siyosatini qo'llaydilar. Bir hafta davomida ular bilan hech kim mutlaqo muloqot qilmaydi, hatto ular kirganida shovqinli bozorlar jimgina tarqab ketadi, maktablarida o'quvchilarga ularga salom bermaslik aytiladi. Ko'chalar iflosligini ko'rib hayron qolgan komissiya a'zolarini tashrifidan oldin shuni tozalab qo'yish ham arablar hayoliga kelmaydi. Bitta arab qishlog'iga borishganida esa uning aholisi qishloqni tark etadi. Xullas, hamma xuddi ularni ko'rmayotgandek ish tutaveradi. Arablarning hatti-harakatini komissiyaning obyektiv ma'lumot yig'ishida qiyinchilik tug'diradi. Aslida arablar shu orqali BMTga o'z xafaligini bildirmoqchi edi, biroq natija ular kutganidek bo'lmaydi.

Bir haftadan keyin Komissiya yahudiylar yashaydigan hududga o'tishadi. Arablardan farqli o'laroq, yahudiylar Komissiyani quchoq ochib kutib olishadi: ularda allaqachon Komissiyani kutib olish uchun maxsus agentlik tuzilgan bo'lib, ular hamma joyni chinniyu-chiroq qilib qo'yishgandi. Hattoki, bitta asosiy ko'chani nihoyatda obod ko'rsatish uchun har bir derazani yaltiratib tozalashgan ekan. Komissiya mahalliy aholi bilan suhbat qiladi, ular esa o'z fikrlarini ochiq bayon qilishadi. Maxsus agentlik ataylab komissiya vakillariga ularni tili (shved, fors kabi)da suhbat qila biladigan yahudiylarni ro'baro qilishadi. Oxir-oqibat Komissiya o'ziga kerakli ma'lumotlarni to'plab qaytadi.

Yakunda, komissiya BMTga o'z hisobotini yetkazadi, Falastin tomoni ular taklif qilgan barcha takliflarni rad qiladi va har qanday muzokalar stoliga o'tirishdan bosh tortadi. Voqealar rivojida qaysi davlat tuzilib, qaysinisi tuzilmay qolib ketganini esa o'zingiz yaxshi bilasiz. Albatta, bu yerda yana boshqa o'nlab faktorlar bor, ammo yuqoridagi keys falastinlik uchun katta salbiy rol o'ynagan omillardan biri hisoblanadi.

@panda_books
​​#longread

Demokratiya uzoqroq davom etadimi yoki diktatura?

Aleksandr Baunovning kitobini o'qirkanman, Ispaniya so'nggi diktatorining bir ishi o'ylantirib qo'ydi. Franko o'z umri so'nggida bo'lajak taxt vorisi sifatida shahzoda Xuan Karlosni ko'tarishga kirishadi. Bu diktatura uchun noodatiy rivojlanish modeli edi - qonxo'rlikdan ko'proq vegeterian shaklga o'tishga o'xshab, parlamentar monarxiyaga rozi bo'ladi.

Umuman olganda, Franko va boshqa diktatorlar uzoq muddat hukmronlik qilsada, ularda diktaturaning uzoq muddat saqlab qolish rejasi bo'lmaydi.

Ba'zi sabablarga ko'ra, demokratiyalar ham uzoq rejalashtirish gorizontiga ega emas, chunki demokratik liderlar odatda keyingi bir yoki ko'pi bilan ikkita saylov muddati haqida o'ylashadi. Amerikaga o'xshash davlatlar shuning uchun ham National security strategy tuzib olishadi, demokratik institutlar va faol jamoatchilik tizimni ushlab turadi. Doim ham emas albatta.

Lekin ma'lum bo'ladiki, diktaturaning ham rejalashtirish muddati juda qisqa, u oldiniga "o'zgarishlar ruhi" kabi shiorlar va usullar bilan hokimiyatga keladi, keyin bu usullar va shiorlar o'zgaradi, keyin yana va yana o'zgaraveradi. Buni men ko‘rib chiqayotgan rejimlar misolida juda tiniq ko'rsa bo'ladi. Masalan Rossiya rejimi misolida ko'rsak, Putin xuddi shunday ko'rinishda kelgandi - mamlakatni kommunistik revanshizmdan qutqarish, mulkni qayta taqsimlash edi birlamchi maqsad. Keyin ular rus elitasini G'arb elitasiga qo'shishni xohlashdi. Bu deyarli birinchi ikki muddat va hatto qisman Medvedev davridagi maqsad edi. Keyin barqarorlik shioriga o'tildi: hech narsani o'zgartirmaylik, hozir esa qarama-qarshilik shiori.

Diktatura ham qisqa rejalashtirish ufqiga ega, chunki u o'z hayotini saqlab qolish bilan band bo'ladi. Franko kabi diktatorlar, albatta, ochiqchasiga o'z shaxsiy manfaatlari va qattiqqo'lligini bildirmaydi. Diktator o‘z oldiga vazifa, maqsad – qandaydir qadriyatlarni saqlab qolish kerakligini aytadi. Odatda diktatura qadriyatlar paketi bilan keladi: "nega biz boshqalarga o‘xshamaymiz?" degan savolga ular "chunki men boshqalar kabi hukmronlik qilmayman, oddiy almashtiriladigan rahbarlar kabi emasman, chunki mening o‘ziga xos xalqim, o‘ziga xos qadriyatlar to‘plamiga ega o'zgacha mamlakatim bor. Bu o'ziga xoslik natijasida tashqi dunyo bizga hasad qiladi, shuning uchun biz ular bilan ziddiyatga ega bo'lishimiz kerak, qaysidir darajada qarama-qarshilikka", deydi u.

Keyin rejimning rahbarimi, yoki partiyaviy tuzum yoki kollektiv diktaturami - bari o'zini-o'zi saqlab qolish bilan shug'ullana boshlaydi. Omon qolish turli vaqtlarda turlicha harakatlarni talab qiladi. Ba'zan yumshoq, ba'zan qattiq siyosat.

Diktatura qachon tugaydi? Agar Franko va Salazar haqida gapiradigan bo'lsak, diktator o'lsa, diktatura ham o'ladi. Hech bir diktatura diktator tanasidan tashqarida o'z-o'zini ko'paytirishni ta'minlay olmaydi. Mana shu shaxsga bog'liq siyosat qurishning eng katta omili hisoblanadi.

@panda_books
#longread

Santa tarixi haqida

Santa Klaus personajining kelib chiqish tarixi haqida o'qisangiz qiziq narsalarga duch kelasiz. Bu yo'l sizni xuddi "Alisa Mo'jizalar mamlakatida" kitobida tasvirlangan Oq quyonning o'rasi kabi tubsizlikka itarib yuboradi. Keling, bir boshidan.

Avvalo, keng tarqalgan miflardan biri - Santa Klausning xristian diniy ta'limotidan kelib chiqish asoslari to'g'risida. Ko'p joylarda IV asrda hozirgi Turkiya hududida yashab o'tgan Avliyo Nikolay Santaning prototipi deb aytiladi. Ammo uning qizil kamzul kiygan soqolli bobo bilan hech qanday aloqasi bo'lmagan.

Tarix bunday. U yashagan davrlarda ayollar huquqi deyarli yo'q edi. Ayollar uchun biror tuzuk kimsaga erga tegishning o'zi - bir baxt bo'lgan. Agarda qizning oilasi kambag'al va qiziga sep qilishga mablag'i bo'lmasa, yosh qizlar o'z ota-onalari tomonidan unchalik katta bo'lmagan summa evaziga ishratxonalar yoki cho'rillikka sotib yuborilgan.

Kunlardan bir kuni Avliyo Nikolay xuddi shu holga tushgan uchta opa-singilni fohishalikdan (otasining ularni turmushga berish uchun sepiga puli bo'lmagani uchun) qutqarib qoladi. Avliyo ularning uyiga chordoq derazasidan tilla tanga tashlab ketadi. Aftidan, uyga mo'ri orqali tushib, qoldirib ketiladigan Rojdestvo sovg'alari an'anasi shu yerdan kelib chiqqan.

Yana bitta fakt. Xristian cherkovi Avliyo Nikolay kunini 6-dekabr kuni nishonlaydi. 24-dan 25-dekabrga o'tar kechasi (qishki tengkunlik vaqti) qadimgi yevropaliklar orasida butparastlik bayrami bo'lib, ularning hammasi olov atrofida aylanib, mast bo'lib raqsga tushishgan va o'zaro qovushishgan.

Skandinaviyaliklar orasida esa bu kechada g'azabnok ma'bud Odin osmonda qo'rqinchli ruhlar, Valkiriyalar va boshqa jinlar hamrohligida uchib yuradi degan qarash mavjud bo'lgan. Demak, shu yerdan biz vaqt o'tib bu dahshatli kortej yoqimliroq tus olib, Rojdestvo chanasiga qo'shilgan bug'ular va oy fonida tungi parvoz qiladigan Santa qiyofasiga kirgan degan xulosaga kelishimiz mumkin. Jangchi Valkiriyalar esa mitti yordamchilar, ya'ni troll yoki elflarga aylangan bo'lsa ajabmas.

Bir paytlar Yevropada xristianlik - bu kichik auditoriyali diniy sekta darajasida bo'lgan xolos. Vaqt o'tib birdaniga xristianlik Yevropada keng tarqalib ketishi natijasida, u asosiy din sifatida butparastlikni jamiyatdan siqib chiqaradi. Endi yangi dinga yangi bayramlar lozim edi, shunda rohiblar butparastlarning bayramini bir yumalatib, uni Rojdestvo bayramiga aylantiradilar. Xuddi, bugungi kunda "anaqalar" beg'ubor kamalakni bezbetlarcha o'zlashtirib olganidek (ularga kim huquq bergan o'zi?!).

Butparastcha gulxan borib-borib oxir-oqibat qulay uy kaminiga aylanadi. Avliyo Nikolay (Gollandiyaliklar uni qizil yepiskop liboslarida tasvirlashgan) esa asta-sekin Rojdestvo ota bo'lib qoladi.

Aytgancha, biz bilgan oppoq soqolli va qorin qo'ygan quvnoq bobo obrazi yozuvchi Charlz Dikkens tomonidan "Rojdestvo qo'shig'i" asarida atigi 200 yil oldin "yaratilgan". Bu borada Dikkensni zamonasining haqiqiy influenceri desak bo'ladi, chunki bungacha Father Christmas ko'proq g'amgin inson sifatida tasvirlangan.

Va XX asrda yuqoridagilarning barchasini - skandinav, golland, ingliz va katolik cherkovining g'oyalarini Amerikada yaratilgan ommaviy madaniyat va Gollivud (boshqa kim?) o'zaro qo'shib, aralashtirib yuboradi. SSSRga keladigan bo'lsak, u yerda Rojdestvo bo'lmagan, kommunistlar faqat Yangi yilni nishonlashni urfga olib kirishadi.

Xo'sh, butun dunyoga eksport qilingan va bugun biz biladigan qizil kamzulli va oq soqolli Santa Klausning so'nggi versiyasi faqat 1980-yillarga kelib dunyoga mashhur bitta gigant kompaniya buyurtmasi bilan kichik reklama agentligi tomonidan yaratilgan.

Ushbu gigant kompaniya esa Coca-Cola deb ataladi.

@panda_books
#longread

Hayotda o'zgarishlarni boshlash haqida

Ko'pchiligimiz hayotimiz davomida hamisha biron yaxshi ish boshlashni orzu qilamiz. Zo'r ish. Lekin negadur ko'pincha hammasini boshlash uchun munosib lahzaning kelishini kutamiz. Dushanbadan. Yangi yildan. Nihoyat, munosib vaqt kelganida esa, ba'zilar endi kimdir ularga boshlash uchun ruxsat berishini kutishni boshlaydilar.

Aksariyatimiz: "Dunyodagi barcha imkoniyatlar allaqachon tepadagilar orasida bo'lib olingan va biz kabi "yangilar" uchun endi hech vaqo qolmagan", - degan fikrga ishonib yashaymiz. Hayotda bizga atalgan ko'p narsalarga o'zimizni noloyiq deya hisoblaymiz. Masalan, yaxshi kitob o'qishga, yaxshi kiyinib yurishga, sevimli ishimiz bilan shug'ullanishga, dunyo bo'ylab sayohat qilishga hayiqamiz, gohida hatto bunga haqqimiz yo'qdek tuyuladi.

Aminmanki, qachondir siz ham yangi nimadir boshlaganingizda, yo'lingizda millionlab hasadgo'y, negativ, tanqidchi, nazoratchi, pessimist va firibgarlarga duch kelasiz. Bunday to'siqlardan hamma ham "tirik qolib", yo'lida dadil davom etolmaydi. Xo'sh, unda qanday qilib baxtli hayotga erishish mumkin? Bunday mushkulotlarni yengib o'tishning siri nimada?

Hammasi oddiy. Ularni inkor qila oling. Hayotda hech narsa qilmagan odamgina xato qilmaydi. Xato qilishdan qo'rqmang. Va eng muhimi hayotingizda nimadir qilish uchun hech kimdan ruxsat kutmang. Bunday odamlar yo'q. Bunday sharoitlar yo'q. Bunday tashkilotlar yo'q (Aniqrog'i bor, ya'ni firibgarlar, ularning tuzog'iga tushmasangiz bas).

Ozmoqchimisiz, u holda yugurishni boshlang. IELTSdan 8.0 olmoqchimisiz, unda hozirdan ingliz tilini o'rganishni boshlang. Qimmatbaho mashina minishni istayapsizmi, unda bugundan pul yig'ishga tutining. Bilimingizni oshirmoqchimisiz, qo'lingizga kitob olib o'qishga kirishing. Ishni paysalga solgangiz bilan hech nima o'zgarib qolmaydi. Vaqt esa g'animat.

Qisqasi, bu har doim foyda beradigan taktika. Siz hayotda o'zingiz xohlagan va orzu qilgan barcha rejalaringizni amalga oshira olasiz, faqat buni boshlash uchun hech kimdan ruxsat so'rash shart emas. Boshlash uchun mavridini kutish ham kerak emas. Shunchaki boshlang... va nasib qilsa hammasi o'zgaradi.

@panda_books
#longread

Yozuv

Manimcha, biz insonlarning eng yaxshi ixtirolaridan biri — bu yozuv. U og'zaki nutqdan biz ifodalamoqchi bo'lgan fikrlarni maxsus vositalar orqali o'qiladigan, saqlanadigan va bir-birimiz bilan ulashiladigan belgilarga aylantiradi. Biz fikrlarni abadiylashtirdik. Yozuv tarixiga qarasak, u bir-biridan mustaqil ravishda kamida 3 marta kashf qilingan - Yaqin Sharqda, Xitoyda va Markaziy Amerikada. Boshqa ixtirolar kabi qadimiy yozuv bizga Yaqin Sharq orqali yetib kelgan. Yozuv avvaliga savdo-sotiq va hisoblashda ishlatilgan, keyinchalik unda turli bitiklar, diniy matnlar, she'rlar, afsonalar va qadimiy hukmdorlar faoliyatini bayon qilishgan. Bundan so'ng, ilk qonun kodekslari yozila boshlangan.

Biz bilgan ilk yuridik kodeks, miloddan avvalgi 2100-yillarda shumer qiroli Ur-Nammuniki hisoblansa, biz bilgan eng mashhur va eng hajmi kattasi 1901-yilda hozirgi Iroq hududidan topilgan Bobil shohi— Xamurappi qonunlari. Ular ulkan xarsangtoshlarga stella sifatida akkad tilida o'yib yozilgan va omma uchun mo'ljallangan. Uning tepasida ma'bud Shamashdan qonunlarni qabul qilib olayotgan podshoh tasvirlangan. Hozir bu stelalar Parijdagi Luvr muzeyini bezab turibdi.

Kodeks aslida hozirgi hajmlarga solishtiradigan bo'lsak, uncha katta emas, atigi 282 qonundan iborat, ammo shuni o'ziyam ulkan imperiyani boshqarishga yetib ortgan. Masalan, AQShda yiliga 40.000 dan ortiq yangi qonun qabul qilinadi, o'zi qancha qonun borligini esa hech kim bilmasayam kerak.

Xamurappi qonunlari qanday tuzilganini sizlarga osongina o'rgatib qo'yishim mumkin:
AGAR siz mana bu jinoyat/ishni qilsangiz, unda BUNDAY tarzda jazolanasiz. Qonun jinsi va ijtimoiy mavqeyiga qarab o'zgarib turgan. Masalan, Tabib erkin fuqaro hisoblangan bemorini o'ldirib qo'ysa, qo'llari chopilgan, ammo qul bemor o'lib qolsa, jarima bilan qutulib qolingan. Jazolar asosan jarimalar yoki qatldan iborat edi, unda hozirgidek turmaga tashlash kabi jazo bo'lmagan.

Qizig'i, Xamurappi qonunlarida diniy qonunlar aks etmagan, holbuki podshoh ilohiy qudrat sohibi hisoblangan. Xamurappi qonunlari fuqaroning qaysi din yoki ma'budga e'tiqod qilishidan qat'i nazar bir xilda teng jazoga torta olgan. Ya'ni bu yerda davlat boshqa diniy kodeks yoki qonunlardan farqli o'z avomini fikri va e'tiqodini emas, uning faqat hatti-harakatini nazorat qilishga qaratilgan.

Xamurappi qonunlarini o'qirkansan, inson tabiati o'tgan shuncha ming yilliklar ichidan deyarli o'zgarmaganini ko'rib hayratga tushasan. Hatto 4000 yil o'tib ham, biz Xamurappi jinoyat deb hisoblagan ishlar bilan bitta fikrga kelamiz. Albatta, bitta farqi - bizda hozir qullar yo'q.

Bu Kodeks aslida o'sha davrgacha ishlatilgan sud-huquq tizimidagi oshkoralik va shaffoflik nuqtai nazaridan katta qadam bo'lgandi. Qonunlar ulkan xarsangtoshlarga o'yib yozilgan va bu xarsanglar hamma ko'rishi va o'qishi mumkin bo'lgan jamoat joylariga chiqarib qo'yilgan. Natijada barcha fuqaro agar jinoyat qilsa, uni nima kutayotgani ongli ravishda anglagan va bu tiyib turish mexanizmi vazifasini bajargan. Aybi isbotlanmaguncha, har bir inson aybsiz bo'lgan. Tabaqasidan qat'i nazar fuqarolar bir xilda jazoga tortilgan. Natijada shu vaqtga qadar o'z boyligi, ijtimoiy mavqeyi yoki xizmat vazifasidan foydalanib, mazlumlar va o'zidan kuchsizlarni ezib kelganlar ham Xamurappining qattiqqo'l kodeksidan omon qololmagan. Bu esa jamiyatdagi adolatni mislsiz darajada tartibga keltira olgan.

Ba'zan men ham Konstitutsiyamizni katta temir lavhlarga o'yib yozib, katta maydonlarga ilib qo'yish ma'qulmikan deb o'ylab qolaman. Albatta, bu uchun yana bizga adolatni joyiga qo'yoladigan Xamurappilar ham kerak.

@panda_books
Forwarded from Panda Books
#mundarija

Kanalda postlarni o'qish va topishni osonlashtiruvchi (#) heshteglar

#taqriz / #review / #feedback - Biror asarga yozilgan taqrizlarni oson topish uchun;

#tavsiya - Kanal muallifi tomonidan o'qish tavsiya etiladigan kitoblar ro'yxati uchun;

#sarhisob - Oy, mavsum yoki yil bo'yi mutolaa qilingan asarlarning ro'yxatini topish uchun;

#Youtube_tavsiya - YouTube videoxostingida ko'rish tavsiya etiladigan foydali kontentlar uchun;

#haqida - Biror qiziqarli mavzu haqida yozilgan postlar;

#list - kitoblar yoki foydali kontentlar ro'yxati;

#mutolaa - Ayni damda mutolaa qilinayotgan kitobdan iqtibos yoki parcha;

#newbook / #yangikitob - Panda Books tomonidan harid qilingan yoki sovg'a qilishgan kitoblar uchun;

#iqtibos - kitobdan iqtiboslar uchun;

#intervyu - Panda Books suhbatlari, podcastlari uchun;

#offtop - Kitob mavzusidan biroz tashqari sohalarga doir postlar uchun;

#longread - Uzuuun yozilgan katta postlaaaar;

#KitobMukofotlari - Dunyoning nufuzli kitob mukofotlari haqida ma'lumotlar uchun;

#bookstores - Ajabtovur kitob do'konlari haqida chiroyli fotolar va ma'lumotlar

#maqola - birorta kattaroq qiziqarli mavzu haqida maqolalar

#nazm - she'riy postlar

#tarjima - kamina tarjima qilgan postlar

@panda_books

Instagram | Youtube | Tiktok