Panda Books
5.89K subscribers
2.02K photos
384 videos
6 files
1.92K links
Books & Book Reviews
Zamonaviy mutolaa repertuari

Donat uchun:
https://tirikchilik.uz/PandaBooks

YouTube: tiny.cc/ytpb
Insta: instagram.com/pandabooksuz

Reklama: @pandapochtabot
Download Telegram
​​#review #taqriz

📗Yuval Harari — "Sapiens. Insoniyatning qisqacha tarixi"

Kitobni birinchi marta o'qiganimda, bu bestseller dunyoda nega bunchalik shovshuv qilinganiga qiziqqandim. Katta xayp ko'targan kitoblar odatda overrated bo'ladi. Undan tashqari, men tarixni yaxshi bilaman deb hisoblardim. Kitobni o'qib tugatganimdan so'ng, har ikkala fikrim xato ekanligini tushundim. Va bundan xursand bo'ldim.

Yuval Hararining asosiy yutug'i shundaki, u tarixning bizga foydali va muhim nuqtalarini yaxlit bir tasmaga bog'lab, marjon shodalari kabi terib qo'yadi. Voqealarni ko'z oldingizda go'zal bir kartina misol ochib beradi. Yana uning yozganlari qisqa va lo'nda. Uni o'qib tushunish uchun sizga fundamental bilimga ega bo'lish kifoya. O'qishni boshlagach, narsalarga boshqacha rakursdan qarashni boshlaysiz. Ayniqsa, tarixiy voqelarga keng masshtabdan nazar solarkansiz, hozirgi hayotingiz qanchalar kichik va qisqa ekanini, atrofingizdagilar nihoyatda mayda va arzimas narsa yoki amallar uchun talashib yotganini anglaysiz.

Yana unda qiziqarli teoriyalar ilgari suriladi. Masalan, g'iybat qilish haqidagisi. Hararining fikricha, til muloqot vositasi sifatida barcha mavjudotlarda mavjud. Bunga sabab, xavfdan ogoh qilish, axborot almashish. To'g'ri inson ongli yolg'on ravishda yolg'on ma'lumot berishi mumkin. Ammo, masalan, maymunlar ham o'z tilida yolg'on gapira oladi. Lekin faqat insongina g'iybat qilishga ehtiyoj sezadi. Ya'ni shunchaki ma'lumot almashishdan boshqa narsalar haqida ham gaplashishga bo'lgan mayl. Tilning paydo bo'lishiga asosiy turtki ham - g'iybat deydi Harari. Bekorga ushbu odat barcha dinlarda taqiqlanmagan. Bunga menimcha, insoniyatning qadimdan bu mashg'ulotdan lazzat olib kelgani sabab ehtimol.

Aslini olib qaraganda, tarix - bu juda qiziqarli soha. O'zim gumanitar, xalqaro munosabatlardan chiqqanim uchun buni yaxshiroq bilaman. Kelajak qanday bo'lishini bilish uchun javoblarni o'tmishdan izlash lozimdir.

Ammo maktabda ko'plab iste'dodsiz pedagoglar faqat podshohlarning tug'ilgan va o'lgan yilini yodlatib, voqealarni o'zaro parallel bog'lamasdan, shunchaki bir dunyo zerikarli darsliklar bilan istalgan o'quvchini bu fandan bezdirib qo'yishadi. Men ham maktabda yosh tarix o'qituvchi kelib, darslarni boshqacha o'ta boshlaganidan so'ng, fanga qiziqishim ortgan. Harari ham deyarli shu vazifani bajaradi.

Agar bizning maktablarimizda ham tonnalab keraksiz adabiyotlar yoki zerikarli tarix darsliklari o'rniga bolalarga oddiygina Hararining kitoblarini berishganida, balki yaqin kelajakda bizda butunlay boshqa mamlakat bo'lar edi.

@panda_books
​​#review #taqriz

📗"Ghibli studiyasi. Beqiyos animatsiyalar beshigi haqida bilishingiz kerak bo'lgan barcha narsa"

Bolalarga ta'lim-tarbiya berishning eng oson yo'llaridan biri bu ularga multiplikatsion filmlar hisoblanadi. Lekin shunday bo'lib qolganki, azaldan bolalar bilan bir qatorda yoshi kattalar uchun ham animatsion asarlar birdek qiziqarlidir.

Afsuski, mustaqillikdan so'ng milliy multiplikatsiya sohasi tashlab qo'yildi. Natijada hozir bolalarimiz Baby shark va Cocomelonlar bilan ulg'aymoqda. Lekin biz milleniallar avlodi haqqatda xursand bo'lsak arziydi. Chunki yoshligimiz dunyodagi eng yaxshi animatsion maktablardan biri - ya'ni sovet multfilmlari bilan ulg'ayganmiz. Aynan Lev Atamanovning "Qor malikasi", "Tumandagi tipratikon" kabi animatsion filmlari bugungi hikoyamiz qahramoni, yaponiyalik animator Hayao Miyadzakini butun umr ilhomlantirib kelgan.

Umrida bir bor Hayao Miyadzaki va uning Isao Takaxata bilan birgalikda ochgan "Ghibli" studiyasi filmlarini ko'rgan odam uni aslo unutmaydi. Bu kitobda Ghibli studiyasi tarixi juda batafsil va yaxshi tushuntirib berilgan ekan. Sevimli ijodkorlar avtobiografiyasidan xabardor bo'lish ham yoqimli tuyg'u men sizga aytsam.

1985-yilda "Shamollar vodiysidan Navsikaya" animatsiyasi moliyaviy muvaffaqiyatidan so'ng, Hayao Miyadzaki va Isao Takahata o'zlarining animatsion studiyasini ochadi. "Ghibli" nomini Miyadzaki "Kaproni" rusumli samolyotlardan birining sharafiga nomlagan. Bu so'zning o'zi Liviyadagi cho'l shamolining nomi, studiya a'zolari uchun bu animatsiya olamidagi go'yo yangi shamolning esishini anglatardi.

Miyadzaki filmlarini tanib olish juda oson - uning yoshlikdan aviatsiyaga bo'lgan muhabbati filmlarida ham aks etgan. Deyarli, barcha animelarda parvoz va havo kemalarini ko'rishimiz mumkin. Buni, ayniqsa, "Порко Россо" va "Ветер крепчает"da yaqqol bilish mumkin. Shuningdek, turli fantast maxluqotlar va go'zal peyzajlar ham Miyadzaki "firmenniy stili"i desak mubolag'a bo'lmaydi.

Ghibli jahon tan olgan ishlar bilan faxrlansa arziydi. Misol, yaqinda oxirgi "Bola va Qarqara" uchun Oskar mukofotini qo'lga kiritdi. Bu ularning 2-Oskari hisoblanadi. Unda patsifizm, urushni qoralash, ayollar erkinligi, tabiatni asrash va qa'tiyat kabi abadiy mavzular chiroyli ochib beriladi.

Miyadzaki jamiyatda faol tarzda tinchlikka chaqiruvchi nutqlar bilan chiqish qilib keladi. 1 marta Oskar olganida ham AQShning Iroqqa bostirib kirganligiga norozilik sifatida taqdirlash marosimiga kelmagan hatto.

Miyadzaki ijodi haqida erinmasdan istagancha yozishim mumkin. Ammo ming marta eshitgandan, bir marta ko'rganingiz afzal. Shunday ekan, shu postni o'qigach, Ghiblini ko'rmaganlar undan istalgan bir animeni tanlab tomosha qiling. Yoqishiga kafolat beraman.

Izohlarda eng sevimli animengizni yozib keting.

@panda_books
#newbook #yangikitob

"Huzur" nashriyotidan bir dunyo "huzurli kitoblar" jo'natishibdi. Bayram oldi xursand bo'ldim. "Huzur" nashriyoti ham kitobxonlar jamiyatida allaqachon o'z auditoriyasiga ega bo'lib ulgurgan.

Masalan, Sherbek Bobonorning "Qora suyaklar" kitobi hali nashr qilinmasdan oldin o'qib chiqqandim, "o'zbek zamonaviy adabiyotida nima bor?" desa bemalol shu kitobni ko'rsatsa bo'ladi, masalan.

Sabohiddin Alining "Ichimizdagi shayton" kitobi kanalda Mart oyi uchun oy kitobi edi. Shuni tugatishimiz kerak. Qolgan kitoblar ham juda yaxshi deb o'ylayman.

Huzurlashamiz do'stlar!

@panda_books
​​#review #taqriz

📗Skott Karni"Qizil bozor: Inson tana a'zolari savdosi qanday tuzilgan"

Inson skeleti nechi pul turadi va haqiqiysini qanday olishadi? Qon va soch shunchalik talabgir tovarmi? Hind ayoli o'z buyragini sotgani uchun nega buncha kam haq oladi? Dunyo bo'ylab ayollar qayerda sifatli EKO qildirashadi? Umuman, inson tana a'zolari savdosi qonuniy va etikaga to'g'ri keladimi? Shu kabi savollarga bu kitobda javob berishga harakat qilingan.

Ma'lumki, insoniyat so'nggi 50 yilda tibbiyot olamida mislsiz yutuqlarga erishdi. O'rtacha umr davomiyligi uzaydi, ko'pgina kasalliklarga da'vo topildi. Va yana bir narsa - inson organlarini ko'chirib o'tkazish ommalashdi. Bu ishdan chiqqan organni almashtirib, odamlarni muqarrar o'limdan saqlab qolish imkoni deganidir. Bunday holatni boshidan o'tkazgan yoki yaqinlarida shunday holat bo'lganlar oramizda topilishiga aminman.

Inson - dunyodagi eng qadrli tovar. "Qizil bozor" esa inson a'zolari, skeleti va hatto tirik bolalar sotiladigan bozorga aytiladi. Agar inson to'rt muchasi sog' bo'lsa, uning tanasi barcha a'zolari bilan $250 ming dollar atrofida turarkan. Qon esa insondagi eng ko'p sotiladigan tovardir. Qizil bozor haqida shu yerda to'liq yozganman.

Mana bu yerda esa kitobdan eng muhim joylarni belgilab ketgandim, o'qib chiqarsiz. "Qizil bozor" kitobini o'qirkanman, u daf'atan mening oldimda ancha qiziqarli va dahshatli statistikalarni oshkor qildi. Bu har qanday odamni o'ylantirib qo'yishi shubhasiz.

Kitob yengil emas. Ko'tarilgan mavzu esa dolzarb. Hech kim mening hayotimda bunday voqea bo'lmaydi deya ayta olmaydi. Lekin shu bilan birga, inson bilan bog'liq tajribalar va amaliyotlar to'g'ridan-to'g'ri insoniyat taraqqiyotining muhim sohalari rivojiga xizmat qilsa, ayni damda u yuksak axloqiy va diniy qadriyatlar bilan kuchli qarama-qarshilikka kirishadi. Ba'zi masalalarda ular o'zaro murosaga kelishgan bo'lsa, ayrim joylarda kelisha olishmaydi.

Nima qilish kerak? Masalan, inson tana a'zolarini ko'chirib o'tkazganda, doktorlar ko'pincha qabul qiluvchiga donor kimligini aytishmaydi. Xo'sh, qayerdan bilamiz, organni donor o'zi rozi bo'lib berdimi yoki zo'rlik qilinganmi? U kim? qayerdan?.. bunday savollar o'ylantirib qo'yadi. Bunga din va axloq nima deyishi ham bor.

Kitobni, eng avvalo, doktorlikka o'qiyotgan yosh o'g'il-qizlar, tibbiyot sohasidagi ziyoli insonlarga tavsiya qilardim. Chunki ular kelajakda bizning yurtda inson hayoti kabi o'ta aziz va muhim masala yuzasidan qaror qabul qilishlariga to'g'ri keladi. Shuningdek, kitobni bizni o'rab turgan olamdagi ko'pgina qorong'u va tor ko'chalarida bo'layotgan qora ishlarga befarq bo'lmagan har qanday inson o'qib chiqishini istagan bo'lardim.

Ha, dunyoda biz eshitishni yoqtirmaydigan narsalar bor - ulardan biri aynan, inson tana a'zolari savdosi. Chunki qanchalik ko'p narsa bilarkanmiz, ko'z oldimizda shuncha ko'p achchiq haqiqatlar oshkor bo'laveradi. Kitobni ochib o'qishni istaydiganlarga aytar so'zim:

Mutolaadan keyin sira oldingidek bo'lmaysiz. Bu aniq.

@panda_books
​​#review #taqriz

📗Lyu Sizin — "3 Jism Masalasi" (Three Body Problem)

Aytish lozimki, mendagi ilmiy-fantastik kitoblarga bolalikdan boshlangan qiziqish hozirgi shaxsiyatimni shakllanishiga katta hissa qo'shgan omillardan biri desam mubolag'a bo'lmaydi. Va bu hozirga qadar davom etib kelayapti.

Ilmiy-fantastikaning maqsadi — reallikka bog'lanib qolish emas, aksincha tasavvurimizda go'zal xayoliy olamlar yaratishdir. Hayotimizdagi eng ajoyib ertaklar — bu ilm-fan bizga ochib beradigan hikoyalardir. Aslida romanlar yoki dramalardan ko'ra, ilm-fan bizga so'zlab beradigan voqealar muhtashamroq, buyukroq, qiziqarliroq, g'aroyibroq, sirliroq, qo'rqinchliroq va his-hayajonga boyroqdir.. Ilmiy-fantastika o'qimaydigan kitobxon buni his qilishi qiyin.

Albatta, bunday o'ylab qaralsa, bashar ahlining eng ulkan xavotirlari doimo olis fazodan bo'lgani sir emas, Biz doimo tungi osmonga huzur bilan termular ekanmiz, ba'zan ich-ichimizdan "O'zga sayyoraliklar mavjudmikin?" degan xavol o'tadi. Agar biz o'zga sayyoraliklar bilan aloqa o'rnatsak-u, keyin ularning bizdan ko'ra texnologik va aqliy jihatdan ustunligi ma'lum bo'lsachi? Yoki ular yashaydigan sayyoraning umri tugab borayotgan va ular o'zlariga yangi Vatan izlab bepoyon Galaktikani kezib yurishgan bo'lsachi? Bu savollarni o'ziyoq beixtiyor insonni hayajonga soladi.

Xitoylik yozuvchi Lyu Sizinning “Yerning o‘tmishi haqidagi xotiralar” trilogiyasi aynan shu mavzu atrofiga qurilgan. Va bugun men undagi birinchi roman — “3 jism masalasi”ni maroq bilan o'qib tugatdim. Yaqinda Netflix'da shu roman asosidagi serial namoyish qilinishi arafasida, kitobga qiziqib buyurtma qildirib qo'ygandim. Natijada serial va kitobni parallel olib bordim.

Syujet voqealari Xitoy madaniy inqilobi davrida 1967-yilda astrofizika talabasi Ye Venzjening xunveybinlar tomonidan otasining shafqatsizlarcha qatag'on qilinishiga guvoh bo‘lishidan boshlanadi. Otasi mashhur fizik bo'lib, u fizika hech qanday siyosatga yoki johilikka xizmat qilmasligi, faqat va faqat insoniyat taraqqiyotiga xissa qo'shishini ta'kidlagani uchun o'ldirilgan edi. Johillik har joyda ustun. So'ngra, "xalq dushmani"ning qizi - Ye Venzjeni mehnat lageriga jo'natishadi. Ammo oradan vaqt o'tib, noiloj qolgan hukumat ziyoli fizik Ye yordamiga muhtoj bo'lib, jazo muddatining qolgan qismini o'tash evaziga mutlaqo maxfiy "Qizil sohil" harbiy-tadqiqot bazasiga o'tkazishadi. Insonlardan qattiq ko'ngli qolgan Ye aynan shu yerda bir kun kelib insoniyat olis koinot tomonidan misli ko'rilmagan tahdidga duch kelishining bosh sababchisiga aylanadi.

Kitob syujeti bir necha liniyalarda yuz beradi, orada fleshbeklar orqali esa qahramonlarning motivlari va tarixini yanada yaxshiroq anglaymiz. Undan tashqari, muallif asarda zamonaviy yechimlarga murojaat qilgani: misol uchun, murakkab fizik teoremalarni o'quvchiga virtual o'yin va undagi qiziqarli dialoglar tarzida izohlab berishi tahsinga sazovor. Lekin serialdan farqli o'laroq, kitobda barcha voqealar Xitoyda yuz beradi.

Shaxsan men ushbu xitoylikilmiy fantastika yozuvchisi Lyu Sizinning romanini keng kitobxonlar doirasiga, koinot va o'zga sayyoraliklar, shuningdek, fizik hodisalar muxlislariga qat'iy tavsiya qilaman. O'ylaymanki, yaqin yillarda biz ushbu trilogiyani o'zbek tilida o'qishdek baxtga ham musharraf bo'lamiz.

Kitob so'nggida yuqoridagi savollarga javob topgan o'quvchi endi navbatdagi so'roqlar qarshisida qoladi - "Agar chindanam o'zga sayyoraliklar mavjud bo'lsa va ular bizga hujum qilishni rejalashtirayotgan bo'lsa, u holda Yerning himoyasi uchun butun insoniyat umumiy dushmanga qarshi birlasha oladimi?"

Buni trilogiyaning ikkinchi kitobi - "Qorong'u o'rmon"ni o'qib bilib olamiz...

@panda_books
​​​​#review #taqriz

Aziz Nesin — "Futbol qiroli"

Og'riqli mavzular kulgu bilan yoritib berilgan futbolga aloqasi yo'q satira.

"Saiiiiid! Said! Menga....menga to'pni oshir....!"

Kech bahor. Tushdan biroz o'tgan bir mahalda ushbu taqrizni yozishga o'tirarkanman, mahalladagi bolakaylar uy oldidagi maydonchada futbol o'ynashni boshlagandilar. Odatda bunday vaqtlarda derazani bekitib qo'yardim, ammo bugun aynan futbol o'yini haqida qog'oz qoralayotganim sababidan ularning baqiriq-chaqiriqlari fonida yozishda davom etdim...

Turk hayotining 60-70-yillaridagi ijtimoiy ko'rinishlarini yaqqol aks ettiradigan o'tkir qalam ustasi Aziz Nesin asarlarida orasida shuni juda yoqtiraman. Uni mutolaasi paytida miriqib kulib olganman. Ammo muallif "Futbol qiroli"da kitobxonni nafaqat ajoyib yumor bilan kuldiradi, balki og'riqli mavzulari bilan o'ylantirib qo'yadi ham.

"Futbol qiroli" komedik romani iilk bora 1957-yilda "Futbol qiroli. Said Ofsayd" nomi ostida nashr etilgan. 1970-yilda esa yozuvchi yana o'z romaniga qaytib, uni to'ldirilgan holda qayta chop etadi.

"Futbol qiroli" romani syujeti haqida qisqacha to'xtalib o'tsam. Unda Said ismli badavlat, ammo nihoyatda sodda va qo'rqoq yigit, buning ustiga ko'rish qobiliyati ham zaif yigitcha tasodifan obro'li oila farzandi, ammo yengiltak Sevim ismli qizga oshiq bo'lib qoladi. Qiz uning yosh bolalarcha samimiy sevgisi ustidan ayovsiz kuladi va uni kalaka qilib yuradi. Said shunchalik soddaki, Sevimdan bir bora bo'sa olganidan so'ng, qiz uni qornidagi bolaning otasi ekanligiga ishontiradi (!)

Asar davomida sodda Said o'z sevgilisi Sevimga yoqishga harakat qiladi, unga futbolchilar yoqishidan xabar topgach, katta futbolchi bo'lishga harakat qiladi (basketbolni o'rganib, yaxshi ko'rgan qiziga yoqishga intilgan Jodu filmidagi Roxit eslansin). Nihoyat o'zgarishga qaror qilgach, qattiq mehnat va ozroq omad oqibatida oxir-oqibat katta futbol yulduziga aylanadi, erkak sifatida o'sadi va bir paytlar ustidan kulganlardan ajoyib tarzda qasos oladi. Bir so'z bilan aytganda, asar ajoyib sarguzashtlarga boy kulgili hikoya. U yerda personaj ismlarida ham ko'p ma'no yashiringanini asarni o'qib tushunib olasiz.

Shu bilan birga, romanda turk jamiyati, jumladan bizning yurt aholisi orasida ham katta o'rin tutadigan "futbol kasalligi"ning ijtimoiy jihatlari tilga olinadi, professional sportda hukm surayotgan noprofessional odob-axloq va iflos "o'yinlar" satirik usulda tasvirlanadi.

Kitob shunchaki futbol muammolari to'g'risida emas, menimcha futbol umuman asosiy planda ham turmaydi. Aslida "Futbol qiroli" - tom ma'noda bir insonning rivojlanib borishini, o'z shaxsiy fikri va hayotini qurishga bo'lgan harakatlarini ifoda etadigan qissa. Bu asar har bir inson o'z taqdirining ijodkori ekanligini yana bir barchaga isbot etadi desam mubolag'a bo'lmaydi. Motivatsiya berishni-ku, Aziz Nesin mahorat ila uddalagan.

Garchi men juda katta va murakkab mavzularborasida gapirayotgandek tuyulsam ham, aslini olganda "Futbol qiroli" mutolaasi juda yengil va nihoyatda yoqimlidir. Har kim unda o'zining bir bo'lagini topishi mumkin, Hatto kitobdagi ba'zi narsalar xuddi menga o'ta tanishday, menga tegib ketganday tuyulaverdi, men boshida protagonist holatiga qayg'urib chin dildan afsuslandim.

Baxtimga, roman so'nggida hamma narsa o'z joyiga tushdi va men kitobni asta yopib, javondagi o'z joyiga qo'yarkanman, yengil tin oldim.

Taqrizni yozib bo'lib, derazadan tashqariga ko'z tashladim. Ko'chada bolalar haliyam futbol o'ynashardi.

"Said, Olg'aa, Tep... Goooooolll!!!!!"

Yoqimli mutolaa!

@panda_books
​​#review #taqriz

📗Shohrux Usmonov – "Tadorik"

Yosh bo'lishiga qaramay, allaqachon o'zining puxta tarjimalari ("Uzunpaypoq Peppi") bilan o'zbek kitobxonlariga tanilishga ulgurgan do'stim Shohruxning ilk kitobi bosilib chiqibdi.

Nomi ham ajoyib bo'lgan "Tadorik" kitobida tarjimonning eng sara tarjimalari o'rin olgan. Kichkina cho'ntak kitobcha shaklida chop etilgan bo'lishiga qaramay, u o'z ichiga ko'plab qiziqarli hikoyalarni jamlagan.

Misol uchun, o'zimga Jorj Oruellning "Fil" va Mark Tvenning "O'triksiz hikoya" si manzur bo'ldi. Shuningdek, ko'pchilik sevib o'qiydigan O'Genrining "Ilohiy in'om" (The Gift of Magi") hikoyasi ham o'rin olgan.

Undan tashqari, Ernest Heminguey, Jubron Xalil Jubrondan ham tarjimalar kitobxonlarni befarq qoldirmaydi deb o'ylayman. Tarjimalar o'zbekchaga chiroyli o'girilgan, so'zlar mahorat bilan tanlangani seziladi.

O'ylaymanki, bu hali boshlanishi ekanligini hisobga olsak, tarjimonimizdan kelajakda ko'plab yaxshi va sifatli tarjimalar kutib qolsak bo'ladi.

Kitobxonlar jamiyatimizda yosh va umidli tarjimonlar ko'payishidan hamma yutadi deb o'ylayman. Ijod qilishdan to'xtamang!

@panda_books
​​#review #taqriz

📗 Haruki Murakami – "Tokio afsonalari"

"Albatta, hayotda mendan yaxshi yashayotgan odamlar ko'p, ammo bu men ularga hasad qilaman degani emas.."

Murakami - eng avvalo musiqa. Jaz. Sokin, shu bilan birga jo'shqin. Murakami - bu so'z. Go'zal ipga terilgan marjon kabi nafis va qo'shiq so'zlaridek qisqa va tushunarli.
Murakami - bu adabiy terapiya. Ko'cha shovqini, ofis kulrang hayotidan zerikkan, ishlatilmaganidan o'rgimchak to'r qo'ya boshlagan qalbdagi hislarni yana hayotga qaytaradigan eleksir go'yo.

Bu hikoyalar to'plami Murakamida o'qigan ikkinchi kitobim. Birinchisi ham to'plam edi. Negadur uning shuncha zo'r romanlariga haligacha kirishganim yo'q. O'z vaqtini kutib meni poylashayotganiga ancha bo'ldi. Balki aroq kabi Murakamiga bo'kib qolishdan qo'rqarman. U ko'proq Moët&Chandon, aniqrog'i Dom Perignon kabi qimmatbaho shampan, faqat yuksak tadbirlarda ozgina xo'planadigan, ammo ta'mini butun umrga unutib bo'lmaydigan premium-klassdir.

"Tokio afsonalari"dagi birinchi 2 ta hikoya nihoyatda manzur bo'ldi. Undagi syujet liniyasi, ma'nosi va ozgina mistikasi sizni o'ziga tortishi aniq. Oxirgi hikoya esa umumiy nomga mos afsonaga yaqin janrda yozilgan. Hikoyalar bir-biridan alohida mavzular, qahramonlar, zamon va makonni o'z ichiga olsa-da, ularni o'zaro birlashtirib turadigan jihatlar yo'q emas. Bu stil. Hikoyalar xuddiki qayerdandir paydo bo'lgandek tuyuladi va sen sekin ritmga tushib, endi voqealarni anglayman deganingda, u oxirgi so'zni o'quvchiga qoldirib tugab qoladi.

Murakamining bu hikoyalari uzoq bo'lmagan safarda yo'lda o'qish uchun olib chiqsa bo'ladi. U tinchlantiradi, ozgina falsafa qilishga undaydi. Hech bo'lmasa, qo'lingdagi Murakami hikoyalarini ushlab o'tirsang, yo'lda birorta go'zal qiz/kelishgan yigit bilan tanishib ketishing uchun chiroyli bahonang bo'ladi:)

Ushbu yaponiyalik maestroning asarlarini vaqti-vaqti bilan o'qib turishni maslahat beraman. Qalb uchun yaxshiroq da'vo topolmasangiz, unga murojaat qilishingiz mumkin.

@panda_books
Forwarded from Panda Books
​​#review #taqriz

✳️ Ronen Bergman — "Qo'zg'al va birinchi bo'lib o'ldir"

"Agar kimdir seni o'ldirishga kelgan bo'lsa, o'rningdan qo'zg'al va birinchi bo'lib o'ldir".
© Bobil Talmudi

Ronen Bergman — isroillik jurnalist, harbiy va razvedkaga ixtisoslashgan "Yediot Axronot" nashri muxbiri, huquqshunos va Kembrij universitetida Mossad bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan.

"Mossad" - dunyodagi eng maxfiy va eng samarali ishlaydigan razvedka xizmatlaridan biri hisoblanadi. Isroil davlati tarixi bevosita ushbu xavfsizlik tashkilotining faoliyatiga bog'liq desa ham bo'ladi.

Asar Falastin hududida yahudiy davlatini tashkil etishga qaratilgan butunjahon sionizm g'oyasi tarixidan so'zlaydi. Ko'pchilik isroil-arab ziddiyati 1946-yildan boshlangan deb o'ylaydi. Aslida esa unday emas. Yaqin Sharq muammolari juda chigal va u ancha oldinroq 1907-08-yillardayoq ildiz otgandi. 10 dan ortiq arab davlatlari qarshisida qolgan Isroil juda keskin yo'l tanlaydi. Ular mamlakat milliy manfaatlarini saqlab qolish, aholi xavfsizligini ta'minlash, Ikkinchi jahon urushidagi Xolokost qirg'ini uchun tirik qolgan fashistlardan o'ch olish, mintaqa nihiyat o'z so'zini ayta oladigan davlatga aylanish uchun qattiq kurashishlariga to'g'ri keladi.

Kitobda "davlat terrorizmi" g'oyasi atroflicha yoritiladi. Isroil rahbarlari mamlakat xavfsizligini ta'minlash haqida o'ylar ekan, qayta va qayta barcha variantlar ichidan yashirin operatsiyalarni tanladilar va bu dushmanlarni yo'q qilish bilan yakunlandi. Ular shu yo‘l bilan Yaqin Sharq mintaqasidagi terrorizm bilan bog‘liq murakkab muammolar hal etilishiga, balki, hatto voqealar rivoji o‘zgarishiga ishonishgan. AQSh razvedkasi bunday operatsiyalarni "maqsadli" qotilliklar deb ataydi.

Ko'plab insonlarning hayotini saqlab qolish evaziga qotillikni yoki o'ta xavfli harakat sodir etishni maqsad qilgan aniq bir individuumni yo'q qilish. Kimdir buni oqlaydi, kimdir esa yo'q. Farqi bunga qaysi tarafdan qarashga bog'liq. Hayot shafqatsiz, unda o'lja bo'lasan yo ovchi. Uchinchi yo'l berilmagan. O'z manfaating yoki davlat manfaati esa hammasidan ustun bo'lishi lozim.

Kitobborasida ko'p gapirish mumkin, shundayam hali to'liq oq'ib tugatmadim, chunki hajmi nihoyatda katta, vaqt esa kam. Shuningdek, asardan eng qiziqarli jihatlarini kanalda tarjima qilib berib boryapman👉 [1, 2, 3, 4, 5, 6]. Yaqin Sharq muammosi, Falastin-Isroil konflikti, detektiv hikoyalar va razvedka xizmatlari faoliyatiga qiziqadigan insonlar bularni o'qib borishini tavsiya qilaman. Kitobni o'zi rus tilida, o'zbekcha yo'q.

Siyosiy rahbarlar va razvedkachilardan tortib oddiy operativniklardan olingan, kitobga asos bo'lgan minglab intervyular va hujjatlarning hech biriga Mossad roziligi bermagan. Bergmanga bularni ommaga oshkor qilishga ruxsat berilmaydi. Ilgari sir bo'lib yotgan anchagina ma'lumotlar ushbu kitobda birinchi marta nashr etilgan. Balki Mossad buni ataylab nashr qildirgandir. Biz buni hech qachon bila olmaymiz. Shuni bilamanki, siyosat va razvedka olami nihoyatda sirli va o'ziga tortadi, uni aynan o'sha sirliligi uchun o'qirmiz balki...

Yoqimli mutolaa!

@panda_books
Forwarded from Mutolaa blog
#taqriz

Hojiakbar Shayxov – “Olmos jilosi”

Agar yaxshiroq ahamiyat beradigan bo’lsak, ulkan xazinaga ega adabiyotimiz naqadar rang-barang ekanligini anglash qiyin emas. "Mutolaa" loyihasi ishga tushganidan so'ng, inson bunga yana bir bor amin bo'ladi.

Hozirgi kunda butun dunyoda yana ilmiy-fantastikyo'nalishdagi asarlarga qiziqish qaytadan oshib bormoqda. Shu o’rinda, boy o'zbek adabiyotida ham bu janrga taalluqli va allaqachon klassikaga aylanib ulgurgan kitoblar bisyorligini ta’kidlash lozim. Bugungi taqrizimiz ulardan biri – Hojiakbar Shayxovning “Olmos jilosi” turkum hikoyalari haqida.

"Olmos jilosi"ning o’ziga to'xtaladigan bo'lsak, u beshta bir-biridan mustaqil - "Alanga", "Rene jumbog'i", "Reya toshlari", "Qora tuynuk sari" va "Olmos jilosi" hikoyalarini o'z ichiga oladi. Ular bir-biridan mustaqil bo'lsa-da, barchasini yagona bosh qahramon, ya'ni Fazoviy Uchishlar akademiyasini yaqinda tamomlab, Kosmik Markazning Sotsial va Kriminal Tadqiqotlar institutiga ishga kelgan oliy darajali fazogir Olmos Azizov birlashtirib turadi. Olmos Azizov o’zida ideal fazogir, qat’iyatli-yu bilimli shaxs va samimiy insonni gavdalantiradi.

Anglagangizdek, ushbu qissadagi voqealar insoniyatning yorqin olis kelajagida bo'lib o'tadi, u davrga kelib, inson qadami ko'pgina olis sayyoralarga yetgan va texnologik taraqqiyotning tasavvurga sig'mas yuqori cho'qqilarini zabt etgan edi. Hikoyalar sodda til bilan aytganda, Olmos Azizovning kosmik iztoparlik faoliyati haqida so'zlab beradi. Shu sababdan, hikoyalarni ketma-ketlikda o'qishni maslahat beraman, bu orqali siz taniqli fazogirimizning sarguzashtlarini to'la-to'kis bilib borasiz.

Ilk hikoya "Alanga" hikoyasida biz Verga sayyorasi haqida, aniqrog’i u yerdagi yerliklar faoliyati haqida tanishamiz. Maxsus ekspeditsiya a’zolaridan ba’zilar noma’lum sabablarga ko’ra bangilik qila boshlashadi. Vergada o’simlik o’smasligini hisobga olsak, bu g’ayritabiiy “kasallik” Yerdagi asosiy tashkilotlarni xavotirga soladi. Olmos Azizovga ushbu dahshatli holatni o’rganish va holat sabablarini izlab topib, chora ko’rish topshiriladi. Undagi detektiv uslub va sodda til yosh kitobxonlar va o’smirlarni o’ziga qiziqtirishi aniq, zero muallif yangi sayyoralarni shunday ajoyib tasvirlaydiki, beixtiyor Olmos bilan birga sayr qilib yurgandek his qilasiz o’zingizni.

Rene jumbog’i” shu nomdagi aql bovar qilmaydigan darajadagi g’alati sayyoradagi voqealardan hikoya qiladi. Unga ko’ra, Buyuk Britaniyaning atoqli astronavti Bill Rene ikki sherigi – yosh fazogirlar Uolles va Vilson bilan birgalikda “Foton” yulduzkezar kemasida sayyoraning atmosferasiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Ekipaj qimmatli ilmiy ma’lumotlar to‘playotgani haqida nuqtaviy vakuum aloqa kanali orqali Yerga bir necha fursat xabar berib, keyin kutilmaganda aloqa uziladi va ekipaj izsiz g'oyib bo'ladi. Bu payt sovet fazogiri, Sovet Ittifoqi Qahramoni Azizov rahbarligidagi “Olmos” yulduzkezar kema ekipaji Serera sayyorasi tomon uchib borayotib SOS xabarini eshitib yordam oshiqishadi. Kutilmagan syujet burilishlari va ajoyib detektiv – bularni barchasini ushbu hikoya o’zida mujassam etgan.

Turkumning so’nggi hikoyasi o’z nomi bilan “Olmos jilosi” deb nomlanadi. Tan olishim lozimki, turkumda menga eng ko’p yoqqan hikoya ham aynan shu bo’ldi. Unda Olmos Azizov Qora tuynukka qilgan safaridan keying voqealar haqida hikoya qilinadi. Vaqt uzra uzoq sayr qilgan fazogirimiz endi oxirgi missiyasini bajarishi kerak edi.

Oʻzbek ilmiy-badiiy fantastikasining otalaridan biri hisoblanmish Hojiakbar Shayxovning "Olmos jilosi" hikoyalar turkumi 1983–yilda yozilgan. U hozirda yosh kitobxonlar orasida ommalasha boshlagan kosmik sarguzashtlar ruhida yozilgan asardir. Undagi voqealar ayniqsa, bolalarga tushunarli tilda yozilgani mutolaani yanada ravon va oson qiladi.

Bilasiz, koinot va kosmik sarguzashtlar ‐ bu ilmiy-fantastikaning eng muhim qatlamlaridan biri hisoblanadi. "Olmos jilosi" esa aynan o'zbek-sovet adabiyotida yozilgan ajoyib asarligi esa uning qiymatini yanada oshiradi.

Jasurbek Bozorboyev “Mutolaa” loyihasi uchun

mutolaablogs
​​#review #taqriz

📗Jorj Martin — "Taxtlar o'yini"

"Taxt o'yinida yo g'olib bo'lasiz, yo o'lasiz!"

Mana nihoyat, "Taxtlar o'yini" o'zbek tilida ham nashrdan chiqdi. Tarjimondan tortib muharrirgacha ushbu ishga bosh qo'shgan insonlarning mashaqqatli mehnati ortidan ashaddiy GoTchilar kutgan quvonchli kunlar ham kirib keldi.

Bu fentezi olam bilan endi ilk bor tanishayotgan insonlar uchun qisqacha tushuntirish beray. Undagi voqealar xayoliy Westeros va Essos qit'alarida bo'lib o'tadi. Hayot tarzi esa O'rta asrlardagi Yevropa qirolliklari va ritsarlari davrini esga solib yuboradi. Ushbu diyorda uzoq yillar Yetti Qirollikni birlashtirgan, minglab qilichlar eritib yasalgan Temir taxtida o'tirgancha Targariyenlar sulolasi hukmronlik edilar. Faqat ulargina qudratli ajdarlarga egalik qilardilar. Keyin esa Westerosdagi Yetti Qirollik ularga qarshi bosh ko'tarib, Ajdarzodalarni taxtdan ag'darishadi. Taxtga Barateonlardan bo'lgan Robert o'tiradi. Shu bilan mamlakatda yana tinchlik hukm sura boshlagandek edi, ammo ulkan bo'ron oldidan atrofga sukunat cho'mganidek, bu osoyishta davrlar ham poyoniga yetib borar, chunki Qish kelayotir edi...

Asar hozircha 5 ta qismdan iborat "Muz va Olov qo'shig'i" sagasining debochasi hisoblanadi. Turkumning oxirgi 2 ta kitobi esa hali-hamon tugatilmagan. (Saga haqida to'liq ma'lumotni alohida yozgan maqolamda olishingiz mumkin)

Kitobni o'qigan har qanday inson undagi voqealar shiddati va qiziqarliligidan darhol unga kirishib ketishiga shubha yo'q. Negaki u o'zida nafaqat go'zal ritsarlik hikoyalari va urush sahnalarini, balki jirkanch siyosiy o'yinlar, din-e'tiqod, iqlim o'zgarishlari, yaxshilik va yomonlik, rostgo'ylik va yolg'on, sadoqat va xiyonat kabi mavzularni ichiga oladi.

Siyosatda "hamma hammaga qarshi urush" degan tushuncha bor. Bunda hokimiyat uchun ikkita emas, balki bir nechta kuchlar kurash olib boradi va ularning hech biri o'z raqibi bilan kelishuvga erisha olmaydi. Natijada urush juda uzoq va qonli tus oladi, voqealar rivoji tez va kutilmagan tus oladiki, eng aqlli siyosatchilar ham oldindan bir narsani bashorat qila olmaydilar. "Taxtlar o'yini"da biz aynan shunday intrigaga boy saroy o'yinlarini kuzatishimiz mumkin.

Asar bosh qahramonlari Shimoldagi Vinterfell lordlari Starklar xonadonidir. Shuningdek, Lannisterlardan bo'lgan Tirion va so'nggi Targariyen hisoblanmish Dayeneris Bo'ronzot boblari ham romandan o'rin olgan. Shuningdek, yana bir necha o'nlab muhim figuralar borki, ularsiz kartinani to'liq tasavvur qilolmaysiz.

Roman aytganimdek, hali boshlanishi xolos, u ayni eng qiziq joyiga kelganida, kitobxon asardagi sanoqsiz personajlar, turli g'aroyib hikoyalar tuguni, antiqa toponim va gidronimlar og'ushidan endi o'ziga kelib, o'zining sevimli qahramonlari taqdiriga qiziqa boshlagan joyida birdagina tugaydi.

Ushbu fentezining tarjima qilinishi - bu yilning eng ajoyib yangiliklaridan biri. Va albatta "Zabarjad Media" tomonidan ushbu fentezi sagasining navbatdagi qismlarini ham intiqlik bilan kutib qolamiz.

Valar Morghulis!

@panda_books
​​#review #taqriz

📗Lyu Sizin — "Qorong'u o'rmon"

“Yerning o‘tmishi haqidagi xotiralar” trilogiyasining ikkinchi kitobi mutolaasi ham tugadi. Yerliklar 400 yildan keyin sodir bo'ladigan o'zga sayyoraliklar bosqiniga tayyorlanishda davom etmoqda...

Kitob hajm jihatidan 1-siga nisbatan biroz katta, shu sababdanmi voqealar sur'ati, ba'zi joylarda sekinlashib qoladi. Lekin umuman olganda, syujet har qanday maqtovga loyiqdir.

Yoqqan jihatlari:
— Kitobda hali o'zga sayyoraliklar deyarli yo'q bo'lsa-da, muallif shunday favqulodda vaziyatlarda inson/omma/davlat/jamiyat/ijtimoiy institutlar psixologiyasini yaxshi tasvirlab bergan. Halokat yoqasida ham davlatlar o'zaro birlashmasligi, g'alati qarorlar qabul qilinishi va insonlarning axloqiy normalari tushib ketishi bunga misoldir.

— O'zga sayyoraliklar falokatini oldini olish uchun BMT tomonidan 4 ta "TarkiDunyochilar" tanlab olinadi va ularga mutlaq erkinliklar beriladi. Ushbu hikoyalar o'zida ham detektiv, ham falsafiy qarashni o'zida aks ettirishi va roman oxirigacha sizni qiziqishingizni o'zida saqlab turadi deb o'ylayman.

— Ikkita oddiy aksiomaga asoslangan kosmik sotsiologiya, ya'ni "Qorong'u o'rmon" teoriyasi juda aniq va mantiqiy izohlab berilgan. Spoyler qilmayman, shu sababdan bu qanday nazariya ekanligini o'zingiz o'qib tushunishingiz mumkin.

Romandagi ko'pgina voqealar o'zining mantiqiy yakuniga ega bo'lsa-da, Trisolaran floti hali hamon Yerga xavf solishda davom etadi va endi undanda xavfliroq dushmanlar ham paydo bo'lish ehtimoli yo'q emas. Uchinchi, yakuniy kitobda bu savollarga javob topaman deb o'ylayman.

Ilmiy-fantastika o'qib turish kerak. Quvonarlisi, u haliyam mavjud va fizika, astrofizika, astronomiya sohalaridagi eng so‘nggi nazariy-amaliy tadqiqotlariga tayanib, shunday qiziqarli asar yarata oladigan yozuvchilar bor. Barcha ilmiy fantastika muxlislariga tavsiya qilaman.

P.S: o'qish uchun Yandex Music va Bukmeytda mavjud.

@panda_books
​​#review #taqriz

📗Lyu Sizin – "Death's End"

Nihoyat, "Uch jism masalasi" trilogiyasini tugatdim. Bu yil ilmiy-fantastikaga bunchalik kirib ketaman deb o'ylamagandim, ammo trilogiyaning 1-qismidagi ilm-u fan va o'zga sayyoraliklar bilan bog'liq voqealar rivoji meni nihoyatda qiziqtirib qo'ygan edi.

Uchinchi, yakuniy qismda, muallif ikkinchi kitobdagidan farqli o'laroq sarguzasht voqealarni emas, balki ko'proq falsafiy qarashlarini ilgari suradi. Shuningdek, syujetdagi makon va zamonlar shunchalik tez o'zgaraverganidan, bo'layotgan voqealarni anglab olish ham o'quvchiga oson kechmaydi.

Butun kitob - bizga o'zga sayyoraliklardan to'g'ridan-to'g'ri olingan, ammo xavfsizlik nuqtayi nazaridan ertak ko'rinishidagi 3 ta hikoya atrofiga qurilgan deyish mumkin. Agar asar qahramonlari, dunyoning eng aqlli boshlari, shu ertaklar orasida yashiringan sir-sinoatlarni topa olishsa, balki Koinotning eng maxfiy sirlarini anglashlari va shu orqali Yer va uning aholisini kutayotgan muqarrar halokatdan qutulib qolishlari mumkin bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, unda insoniyatning keyingi 400 yil mobaynidagi kelajagi shu oddiy ertaklarga bog'liq bo'ladi.

Aslida ushbu asar ilmiy-fantastik janrda bo'lsa ham,muallif real voqeliklar - insonlarning qiyin vaziyatlarda o'zini tutishi, o'zaro tinchlik va umumiy maqsad yo'lida qanday harakat qilishi kabi mavzularni ko'taradi. Biz hali Sayyora manfaatlari uchun birlasha oladigan paytga yetib keldikmi? Shu savolga javob izlanadi.

Shuningdek, kitobni o'qib bo'lib o'ylab qoldim. Negadir aksariyat kinofilmlarda o'zga sayyoraliklar ko'pincha qandaydir sodda, yoqimtoy yoki bizga do'st bo'ladigan xilqat sifatida tasavvur etiladi. Xo'sh, qaysi hisobga ko'ra, biz boshqa olamlarni xuddi o'z shahzodasini kutayotgan bokira qiz sifatida ko'ramiz? Muallif Galaktikalarda boshqa mavjudotlar, agar ular bor bo'lsa, birinchi navbatda bizga nisbatan tahdid sifatida qarashlarini aytadi. Chunki Koinot bu aslo serquyosh va jannatmakon joy emas, u juda xavfli va shafqatsizdir.

Shu nuqtai nazardan ham sci-fi menga manzur bo'ldi. Umuman, zamonaviy xitoy adabiyoti biz o'ylaganimizdan ko'ra, boyroq va qiziqarliroq ekanligiga amin bo'ldim.

Bemalol, Sharq adabiyotini xalqaro darajadagi romanlarga ega deyishimiz mumkin. Ilmiy-fantastika muxlislari uchun Must read kitob!

@panda_books
Forwarded from Panda Books
#mundarija

Kanalda postlarni o'qish va topishni osonlashtiruvchi (#) heshteglar

#taqriz / #review / #feedback - Biror asarga yozilgan taqrizlarni oson topish uchun;

#tavsiya - Kanal muallifi tomonidan o'qish tavsiya etiladigan kitoblar ro'yxati uchun;

#sarhisob - Oy, mavsum yoki yil bo'yi mutolaa qilingan asarlarning ro'yxatini topish uchun;

#Youtube_tavsiya - YouTube videoxostingida ko'rish tavsiya etiladigan foydali kontentlar uchun;

#haqida - Biror qiziqarli mavzu haqida yozilgan postlar;

#list - kitoblar yoki foydali kontentlar ro'yxati;

#mutolaa - Ayni damda mutolaa qilinayotgan kitobdan iqtibos yoki parcha;

#newbook / #yangikitob - Panda Books tomonidan harid qilingan yoki sovg'a qilishgan kitoblar uchun;

#iqtibos - kitobdan iqtiboslar uchun;

#intervyu - Panda Books suhbatlari, podcastlari uchun;

#offtop - Kitob mavzusidan biroz tashqari sohalarga doir postlar uchun;

#longread - Uzuuun yozilgan katta postlaaaar;

#KitobMukofotlari - Dunyoning nufuzli kitob mukofotlari haqida ma'lumotlar uchun;

#bookstores - Ajabtovur kitob do'konlari haqida chiroyli fotolar va ma'lumotlar

#maqola - birorta kattaroq qiziqarli mavzu haqida maqolalar

#nazm - she'riy postlar

#tarjima - kamina tarjima qilgan postlar

@panda_books

Instagram | Youtube | Tiktok
​​#review #taqriz

📗Sandra Nyuman – "1984: Juliya"

"Tanlov yo'q, ammo go'yo u bordek yashashing kerak".

Jorj Oruell daho. U "1984" romani orqali unikal bir dunyo yaratadi, antiutopiya darajasini yana bir pog'onaga ko'tarib ketadi. Keyinchalik unga tamsil etganlar ko'p bo'ldi. Bugun shundaylardan biri, aniqrog'i yozuvchi Sandra Nyuman qalamiga mansub "1984" romanining feministik varianti – "Juliya"ni tugatdim.

Sandra Nyuman o'z ishiga mualliflik huquqini Oruellning o'g'lidan oladi. Uning fikricha, Oruell o'z asarida Katta Og'a olamidagi ayollar obraziga, umuman, ularning hayotiga yetarlicha e'tibor qaratmagan. Juliya obrazi ham to'liq ochilmagan deb hisoblaydi. Shu sabab Sandra o'z kitobida "1984" olamidagi feministik hayot to'g'risida ma'lumot berishga qaror qiladi.

Aytish lozimki, Nyuman asarining deyarli seks mavzusida aylangan. Bilamiz, Katta og'a va partiya xalqqa jinsiy hayot erkinligini cheklab qo'ygan edi. Bu uchun hatto "Aksiljinsiy Ittifoq" nomli tashkilot ham tuzilgan, shuningdek, Muhabbat Vazirligi ham bu borada sergak edi. Natijada, ayollar pana-pastqamlarda bu ish bilan shug'ullanishga majbur bo'lishadi. Oila institutini o'ziga dushman deb bilgan partiya farzand ko'rishni ham cheklaydi, xohlovchilar faqat sun'iy urug'lantirish orqali homilador bo'lishi mumkin edi, xolos. Juliya ham Uinston Smit bilan shunday pinhona ko'rishishlardan birida tanishib qoladi. Voqeaning so'nggi ko'pchilikka ma'lum albatta.

Kitob allaqachon bizga tanish bo'lgan dunyoni yanada kengaytirgan, biz uchun ochiq qolgan joylarni to'ldirishga uringan bo'lsa-da, ammo baribir unga Oruell darajasida yondashilgan deya olmayman. Albatta, hammayam o'z sevimli kitobi davom etishini istaydi, lekin voqealar qayta hikoya qilinganidan unchalik katta ma'noyam yo'q.

Shunday bo'lsa ham, ayol-qizlar uchun bu kitob qiziq bo'lishiga aminman, totalitar tuzum ayollarga qanday zarar yetkazishi mumkinligini biroz bo'lsa ham tushunib olish imkoni mavjud.

Yillar o'tib, ko'plab yaxshi filmlar remake qilingani kabi, yaxshi asarlarga o'xshatib kitoblar yozish mumkin. Sandra Nyuman shunga jur'at qilibdi. Yomonmas. Lekin endilikda unga ham o'z shaxsiy "1984" dunyosini yaratishni tilab qolamiz.

Make Orwell Great Again!

@panda_books