MUHAMMAD IBROHIM
76 subscribers
210 photos
19 videos
3 files
18 links
Qalbim hamon eslaydi shodon,
Yoshligini unutgan dema.
Kõz oldimda bõlar namoyon,
Men qamishdan yasagan kema...
Download Telegram
HAYOT

Yer och deymiz, to‘ydirar
Yashar bari jonzotni.
O‘t sochgancha kuydirar,
Bashar har tirik zotni.

Tog‘u tosh ham yumalab,
Pastga intilar doim.
Odamzod-chi, amallab,
Yuksakka qo‘yar odim.

Daryo ham oqar pastga,
Intilmaydi ko‘k sari.
Odam negadir asta,
Ilgarilar teskari.

Toshda unib bir giyoh,
Kimga ato etar jon.
Lekin u bo‘lib gumroh,
Kimnidir qilar qurbon.

Quyosh porlab samoda,
Ulashadi mehrini.
Inson esa havoda,
Sochayapti zahrini.

Mayli to‘zitib shamol,
So‘ng supirar Yer yuzin.
Ulg‘aygach topib kamol,
Unutar kas yer tuzin.

Bog‘boniga novdalar,
Tutar totli mevalar.
Ters boqqancha diydalar,
Murid pirin savalar.

Bu qandayin zamon deb,
Gado chaqa izlaydi.
«Halol» haqqini noib,
Undan olmoq istaydi.

Afsus, olisdir osmon,
Yetmaydi unga qo‘lim.
Yer qattiq bo‘lib zindon,
Ketmaydi olib o‘lim.

Bir qarasam tomchilab,
Koinot to‘kmoqda yosh.
Yupatar boshim silab,
Sabo ham tilab bardosh.

So‘ng Quyosh chiqdi shoshib,
Dedi: Men bor, o‘kinma!
Endi bir dovon oshib,
Har nega ham so‘kinma!

Noliganing bir zumdir,
Gohida kerak sabot.
Barisi sarob, qumdir,
Qilmoqlik sabr – hayot!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
NAVRO‘ZI OLAM

Chehralarda shodlik, gulgun tabassum,
Tabiat oʻzini qilmoqda koʻz-koʻz.
Tugʻilar qaytadan goʻdakdek ma’sum,
Olamga oy kabi nur sochib Navro‘z.

Har bir giyohingda umid kurtagi,
Turfa nozlanadi yana novdalar.
Takror aytiladi hayot ertagi,
Samodan yogʻilib billur shodalar.

Asta bogʻlarini uygʻotar sabo,
Hayot iforidan bo‘lganicha mast.
Shoxlarda bulbullar kuylar sho‘x navo.
Shohlardek koʻngilni qilgancha sarbast.

Koʻkning sultoni ham boqar oʻzgacha,
Taftida zaminga boʻlib doyadek.
Oʻlanlar qoplaydi bahor kuzgacha,
Baxmal vodiylarni ellab soyadek.

Men, onam, qizlarim qozon boshida,
Ezgu tilaklardan qilamiz taom.
Yillik armonlar ham koʻklam oshida,
Ostida oʻt boʻlib yonadi tamom.

Samoni toʻldirib uchgandek qushlar,
Bolalar qoʻlida oʻynar varraklar.
Qani, oʻyin boʻlib qolsa urushlar,
Lolalar otilib toʻlsa koʻkraklar.

Totuvlik ramzi boʻl, tinchlik matlabi,
Omonlik, obodlik, fayzu baraka.
Pokiza islomim – iymon maktabi,
Navroʻzim bosh boʻlgin toʻyu ma’raka.

She’rlar bitar sendan olgancha ilhom,
Shoir bogʻlaridan terib har bir soʻz.
Yaratgandan bizga boʻlasan in’om,
Shu qadar qadrli, onamsan Navroʻz!

Hamid IKROM
Qoʻqon universiteti talabasi
KELAJAKKA OVOZ BERAMIZ!

Qaytmas o‘sha og‘ir qadamlar,
Tarixning tosh izidan yurib.
To‘p-to‘p bo‘lib kelar odamlar,
Islomidan isnodni surib.

Osmonida bo‘lmas xavotir,
Quyosh kulib turadi mudom.
Bulutida hayot bor, axir,
Xayolida Masjidul Harom.

Yangramoqda besh vaqt azoni,
Tong otmoqda uyg‘onib iymon.
Namozida endi qazoni
Qilmay qo‘ydi hur, ozod inson.

To‘ylarda ham o‘qilar Qur’on,
Bayram bo‘ldi chinakam Hayit.
Komil Haqqa yetishdi iymon,
Yetishgandek Jannatga mayit.

Qalbga orom bo‘ldi Ramazon,
Ochlik ketib, to‘ydi taqvoga.
Beruniylar yo Abu Rayhon,
Qayta keldi yana dunyoga.

Hayo ila yopingan ayol,
Shahvatlardan holi jamiyat.
Tojdan ulug‘ bo‘lganda ro‘mol,
Toptalmaydi sira hamiyat.

Zalolatni ko‘mdik qabrga,
Jaholatdan yuz burdi avom.
O‘rganib ham qoldik sabrga,
Kerak endi shunchaki orom.

Ohiratning o‘ylab g‘amini,
Unutishdi ichishni sharob.
Umrimizning qolgan kamini,
To‘ldiradi dedilar, savob.

Haqdorlarga berilar zakot,
Ehson olay deguvchi yo‘qdir.
Bunchalar ham go‘zalsan, hayot,
Kelajakdan koʻnglimiz to‘qdir.

Orzu qilgan yetar murodga,
Nochorga ham bir qadam Ka’ba.
Yaqinlashib qoldik sirotga,
Dildan tilda aytilar tavba.

Bu zamonga shukronalik kam
Bo‘lmasinda ey, ona xalqim!
Dorilomon kunlaringda ham,
Noliguvchi bo‘lmagin, tokim.

Musaffo osmonim uchun ham,
Men seni o‘n karra o‘paman.
Sen borsan, shu menga bir olam,
Iymonim – ishonchim, ey Vatan!

Yangidan tugʻilar Qomusim,
Men seni yoʻrgakka oʻrayman.
Chunki sen orim ham nomusim,
Allohdan, umringni soʻrayman.

Sen – bizni chorlagan kelajak,
Kutmoqda saodat maskani.
Xalqimiz maqsadi mushatarak,
Hilpirar orzular yelkani.

Temurning adolat soʻzi bor,
Shoning bor, koʻksimiz keramiz.
Yuksalsin deb, yana, bu diyor,
Kelajakka ovoz beramiz!

Hamid IKROM
Qoʻqon universiteti talabasi
QOMUSIM – NOMUSIM!

Dunyo keng olamning adog‘i yo‘qdek,
Daryo eng toshganda cho‘kar sohillar.
Alanga Quyosh ham botadi cho‘g‘dek,
Zamon o‘zgarganda to‘lar botillar.

Qachon xalq bo‘ladi bir to‘p olomon?
Qachon haq so‘z deydi gung chiqqan zabon?
Xalqning irodasi aks etmasa gar,
Qonun qonimizda oqmas hech qachon!

So‘zlayman faxr-la, ona tilimda,
Chunki huquq bergan o‘z qomusim bor.
O‘zbegim ramzisan – so‘zi dilimda,
Ajdodlar madhisan, muhri, tug‘i yor.

Har bayting farovon hayot ko‘zgusi,
Har qayding ming yillik xalqing orzusi.
Turfa millatlarga baxt va’da qilgan,
Azaliy saodat – Vatan tuyg‘usi.

Inson tabiati xatolarga boy,
Adashib to‘g‘ri yo‘l topganlar ham bor.
Jaholatga botib chaplamaylik loy,
O‘lim yo‘q – jon olmas bizda hech bir dor.

Inson sha’ni ulug‘, toptalmas qadri,
Allohning omonat bandasi ozod.
Hayoti dahlsiz, sinalmas sabri,
Ta’qib qilinmaydi iymon-e’tiqod.

Mulki bor xotirjam bo‘lsin umrbod,
Unga tahdid bo‘lmas, qonun – kafolat.
Gar ilm sohibi, yo qilsa ijod,
O‘z ishida olur kengroq vakolat.

Har bir o‘g‘il qizga ilm olish farz,
Hukm bor ilohiy qiyomat qadar.
Unutma ustozning oldidagi qarz,
Navoiy nazdida, ulug‘ naqadar!

Demishlar, ilmdan yo‘q o‘zga najot,
Oldimda hamisha hayot va mamot!
Hatto qonunlarda bo‘ldi mustahkam,
Yashasin har bandi endi barhayot.

Jaholat qilichi sindi batamom,
Zalolat eshigi yopildi butkul.
Islomni, insonni qilib ehtirom,
Bu yurt Ka’basiga aylandi ko‘ngil.

Tahqirlar bo‘lmasin endi ayollar,
Yaralgandan boshlab huquqlari teng.
Ojiz deb, xo‘rlashni qilmang xayollar,
Dunyoga tor emas, nazar soling keng.

Aslida siz bo‘ling unga avliyo,
Jannat izlamasin ko‘chadan aslo.
Boqmasin sira ham o‘zgaga qiyo,
Doim tabassumda bo‘ling xush, a’lo.

Qarang, tabiat ham mehrga muhtoj,
Har bir shaxs g‘amxo‘rlik qilishi kerak.
Har giyoh yashnasa, topsa gar rivoj,
Sog‘lom muhit uzra unar kelajak.

Yosh avlod – oila, Vatan ravnaqi,
Unutma ajdodlar qoni oqishin.
Hidoyatni topmoq – o‘rganmoq haqi,
Allohga bu amal bilgin yoqishin.

Go‘zal ism qo‘yib haqqin ado et,
Halol luqma berib, asra vijdonni.
Berilgan in’omning qadriga sen yet,
O‘zingdan qoldirgin komil insonni.

Quyoshdan issiqroq, tog‘lardek qoim,
Axborot makoni bugun bu zamin.
Ey mening soddadil, jurnalist singlim,
Yolg‘on-bo‘xtonlarda bo‘lmagin zomin.

Sen hur fikrlaysan, haqni so‘zlaysan,
Bilgin so‘z gohida tig‘danda o‘tkir.
Balki, uzoqroqni mudom ko‘zlaysan,
Sen yaxshisi fisqu fasodni o‘ldir.

Yordam ber Senator, deputat og‘am,
Nohaqlik qoshida qilmagin sukut.
Fuqaro dardiga bo‘lgin chin malham,
Oliy sud – adolat tarozin teng tut.

Yurtboshim boshlagan ezgu islohot,
Ertami yo indin berar mevasin.
Bilimli yoshlardan bo‘lgan inshoot,
Aslo yo‘qotmagay asl jilvasin.

Yozilgan har so‘zi hayotga doxil,
Bu mening va sening or-nomusimiz!
Yuzdan ortiq millat gar bo‘lsak ahil,
Boshlar saodatga shu qomusimiz.

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
MUHAMMAD YUSUF

Qalbi Muhammaddek, Yusuf yanglig‘ she’r,
Qadri qulochiga sig‘magan osmon.
Ammo kapalakdek o‘tdi bu umr,
Ko‘nglida o‘shalmay qoldi bir armon!..

Qirlarda qizlardek qizg‘aldoq yori,
Balki eslaganda bahor tug‘ilar.
Qabriga qo‘l tutib guldek ash’ori,
Hasta shoiriga asta to‘kilar.

Devona oshiqlar to‘la qir-adir,
Yoshgina yigitni entikib izlar.
Qirq yetti umrida ayirgan taqdir,
Qirchillama yoshin ko‘rmagan qizlar.

Uning turli tuman bog‘lari totli,
Uzib, totimoqdan nafsim qo‘ymas tinch.
Shoir she’rlarida xo‘p iltifotli,
Vatanga mehr ber, der bitta o‘tinch.

Onadek qalbiga eng yaqin tuyg‘u,
Qishlog‘in ishqida o‘sgan faylasuf.
Undan ayrilgan kun, eng og‘ir qayg‘u
Bo‘lgan edi yurtga Muhammad Yusuf!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
XAYOL VA XOTIRA
 
Tush ko‘rdim, tushimda bola emishman,
Bokira yellarda uchayotgan qush.
Baxtli hayotimga birgina dushman
Vaqtga xayolimda qilaman urush.
 
Ona qishlog‘imda jajji izlarim,
Hamon yuguradi koptok ortidan.
Boqar olislarga bola ko‘zlarim,
G‘arib musofirdek yiroq yurtidan.
 
Do‘stlik yashar edi konfet ta’midek,
Gohi kattalardek tutib yuzini.
Uch baho olgan kun olam g‘amidek,
Qo‘yarga joy qolmas bu jon o‘zini.
 
Intiq ko‘z tikkanim bobom yo‘liga,
Eslasam to‘ladi handalak bo‘yi.
Gohida buvimning ajin qo‘liga,
Boqqanim chin edi qand-qurut o‘yi.
 
Dadam kelganida to‘lar uyimiz,
Bir inson o‘rni va qadri shunchalik!
Oila jam bo‘lgan kunlar to‘yimiz,
Tashvish ham dilimni buzmas unchalik.
 
SHo‘x edim sakrasam, tegar huv osmon,
Shoh edim, shod edim, shamoldek ozod.
Birdan bu baxtimga tushdi bir gumon,
Ko‘z yumib ochguncha zum o‘tdi hayot.
 
Dadam dardi bilan tutindi chin do‘st,
U do‘sti do‘st emas, ko‘rindi g‘anim.
Meni va onamni qoldirib yolg‘iz,
Abadiy olamga olib ketdi jim.
 
So‘ngra buvim, bobom yo‘l olib bir-bir,
Shamol yuragimni qo‘ydilar siqib.
Gohi havo yetmas, nafasim og‘ir,
Bolalik ruhimdan ketdiku chiqib.
 
O‘tgan yillarimni qilsam sarhisob,
Topganimdan ko‘ra ko‘proq yo‘qotdim.
Men yurgan yo‘llarda armonlar serob,
Men uni tubsizlik jariga otdim.
 
Uyg‘ondim nihoyat tush ko‘rib uzoq,
Xotiralar eltib bola holimga.
Yuragimni tilar sog‘inchim, biroq
Yurtim eshik ochar istiqbolimga...
 
Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi

 
SHOIR
(Iqbol Mirzoga)
 
Oshiq qalb shoirning tirik timsoli,
Mangu yoshlik aro urar bu yurak.
Layli yo Shirinda yashar xayoli,
Mayli, shoir shundan zavqlansa kerak!
 
Sevgisiz shoirni ko‘rmadim aslo,
Sevgisiz ijod ham kelmasa kerak.
Yor, ona Vatanga devona Mirzo,
Quyoshdek bag‘ri cho‘g‘ yashaydi yuksak.

Abadiy yoshlikning qalbida qoling,
Abadiy yosh bo‘lsin sizdagi sevgi!
Neki tiladingiz, barini oling,
Xayollar shoirga eng kerak sezgi.
 
Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
 
XAYR, MAKTAB!
Umrimning eng baxtli lahzasi,
Bolaligim ulg‘aygan makon.
Sabog‘ining qolar mazasi,
Kelajakka berarkan imkon.

O‘rindig‘im, doskam, oppoq bo‘r,
Mensiz yolg‘iz qolmas hech qachon.
Qadring endi anglaganda, ko‘r
Dilga to‘lib kelar pushaymon.

Ustozlarim bildirib tilak,
Parvoz qil deb, ko‘kka cho‘zar qo‘l.
Musichadek hapriqar yurak,
Ochilgancha orzularga yo‘l.

Ko‘zlarimda ayriliq yoshi,
Ketayapman men sendan yiroq.
Maktabimning yetsin bardoshi,
Chalinganda so‘ngi qo‘ng‘iroq...

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
MENING JANNATIM

Balki dunyo yuz o‘girar sendan butkul,
Balki daryo senga qarshi oqar nuqul.
Unutmagin, boshinga gar tushsa mushkul,
Ota-onang qayg‘usicha musibat yo‘q.

Ulfatingning sodig‘idan xoini ko‘p,
Kulfatingga olov bo‘lar hatto bir cho‘p.
Gohi maqtab, g‘iybatingni qilarlar xo‘p,
Ota-onangchalik dilkash hamsuhbat yo‘q.

Ayoling ham balki bir kun ketar tashlab,
Farzandlaring hatto qo‘yar diling g‘ashlab.
Senda bormi, yo‘qmi, faqat, qilar talab,
Ota-onangchalik hamdam, oqibat yo‘q.

Kun keladi, chin sevging ham bo‘lar xazon,
Oshiqlarning ma’shuqlari bo‘lar arzon.
Qalbingga cho‘g‘ tushganidek to‘lar gumon,
Ota-onang sevganchalik muhabbat yo‘q.

Omad qushdek kelib-ketar yoz bor, qish bor,
Qomating ham dol bo‘ladi, sochlaring qor.
Yoshlikdagi shijoating qolmas zinhor,
Ota-onang solganchalik salobat yo‘q.

Bog‘ingdagi rayhonlardan ifor ketgan,
Tog‘ingdagi burgutlardan mador ketgan.
Kimlardandir osmon teshar kibor ketgan,
Ota-onang borligidek halovat yo‘q.

Allohga hamd, istig‘for ayt bo‘lmayin kech,
Ota-onang rozi qilu, duosin ich.
Ko‘nglini shod qilib, poklan, gunohing yech,
Haqlariga aytganchalik salovat yo‘q.

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
Mening Jannatim
XAYOL VA XOTIRA
 
Tush ko‘rdim, tushimda bola emishman,
Bokira yellarda uchayotgan qush.
Baxtli hayotimga birgina dushman
Vaqtga xayolimda qilaman urush.
 
Ona qishlog‘imda jajji izlarim,
Hamon yuguradi koptok ortidan.
Boqar olislarga bola ko‘zlarim,
G‘arib musofirdek yiroq yurtidan.
 
Do‘stlik yashar edi konfet ta’midek,
Gohi kattalardek tutib yuzini.
Uch baho olgan kun olam g‘amidek,
Qo‘yarga joy qolmas bu jon o‘zini.
 
Intiq ko‘z tikkanim bobom yo‘liga,
Eslasam to‘ladi handalak bo‘yi.
Gohida buvimning ajin qo‘liga,
Boqqanim chin edi qand-qurut o‘yi.
 
Dadam kelganida to‘lar uyimiz,
Bir inson o‘rni va qadri shunchalik!
Oila jam bo‘lgan kunlar to‘yimiz,
Tashvish ham dilimni buzmas unchalik.
 
SHo‘x edim sakrasam, tegar huv osmon,
Shoh edim, shod edim, shamoldek ozod.
Birdan bu baxtimga tushdi bir gumon,
Ko‘z yumib ochguncha zum o‘tdi hayot.
 
Dadam dardi bilan tutindi chin do‘st,
U do‘sti do‘st emas, ko‘rindi g‘anim.
Meni va onamni qoldirib yolg‘iz,
Abadiy olamga olib ketdi jim.
 
So‘ngra buvim, bobom yo‘l olib bir-bir,
Shamol yuragimni qo‘ydilar siqib.
Gohi havo yetmas, nafasim og‘ir,
Bolalik ruhimdan ketdiku chiqib.
 
O‘tgan yillarimni qilsam sarhisob,
Topganimdan ko‘ra ko‘proq yo‘qotdim.
Men yurgan yo‘llarda armonlar serob,
Men uni tubsizlik jariga otdim.
 
Uyg‘ondim nihoyat tush ko‘rib uzoq,
Xotiralar eltib bola holimga.
Yuragimni tilar sog‘inchim, biroq
Yurtim eshik ochar istiqbolimga...
 
Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
AKAJON

Bolalik chog‘imdan tirik xotira,
Orzularga toʻla yulduzli osmon.
Kezgan ko‘chamizning izlari sira,
Mening ko‘z o‘ngimdan ketmaydi hamon.

Tandir atrofida moʻltirab koʻzlar,
Onam yopganida issiq kulchanon.
Olovdek qizarib boqqancha yuzlar,
Intiq soʻrar edik pishar deb, qachon.

Gohi yelkasida gerdaygan o‘zim,
Aslo egilmagan akasi bor bosh.
Doim eng yorqini bo‘lgan yulduzim,
Doim eng yog‘ligin bergan menga osh.

Gul bo‘lsam tikani bo‘lgan himoya,
Nogoh jonimga qasd qilmasin deya.
Xavf-xatar oldida bo‘lgan bir qoya,
Kelajak yo‘lida suzgan Oq kema.

Bir dam hayotimda edi sarob, tush,
Lek qalbim tubida saqlangan ishonch.
Qanoti qirqilgan bo‘lganimda qush,
Birdan paydo bo‘lgach, jon berdi quvonch.

Tog‘lardek suyanchim, uningdek mag‘rur,
Tug‘yonli shamolning yo‘lini to‘sgan.
Bog‘lardek sevinchim, u bilan masrur,
Bahoriy xayollar bag‘rida o‘sgan.

Quyoshdek ko‘nglimning umid chirog‘i,
Qayga bormay mening yoritar yo‘lim.
Ham do‘stim, sirdoshim, ko‘zim qarog‘i,
Kam-ko‘stim to‘ldirib yurar o‘ng-so‘lim.

Borligi omadim, orim, ham baxtim,
Yasharman ertamdan doim ko‘nglim to‘q.
Yonimda bo‘lsa bas, so‘nmagay shaxtim,
Qayg‘ular yiroqda, g‘amga o‘rin yo‘q.

Yomgʻir tomchilari qadar tilagim,
Akam baxtin soʻrab yogʻar dilimda.
Shu ahd deb, uradi tinmay yuragim,
Allohga iltijo qilib tilimda.

Bugun bir yosh uzra ulg‘ayar qadri,
Butun hayotimda qoldirib izlar.
Istagim iymonga to‘lsin qalb qasri,
Jannatda ham hamroh bo‘laylik bizlar!

Hamid IKROM
Qoʻqon universiteti talabasi
🌞🌞🌞 🌟🌟🌟🌟🌟 🌞🌞🌞
Nafas olarkanman, shu baxt men uchun,
Aslida dunyo tun-kundan iborat.
Kecha shom bo‘lsa gar, tong otar bugun,
Bir kun ezgu niyat bo‘lar ijobat!

Hamid IKROM
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
O‘ZLIGIMIZ TIMSOLI

Kechagina o‘zgalarga egik edi bosh,
Bolasini qo‘yib etak ko‘targan hammol.
O‘zligimni toptadilar, ruhsiz qoldi losh,
Munis onam boshidagi yechilgach ro‘mol.

Bugun yana istiqlolim porlar boshimda,
Ozodlikda obodlikni his qilar xalqim.
Xonadonim farishtasi turar qoshimda,
Ziyoli bir ona hamki, nomusim – haqqim.

Lek qalbimda turar hamon ozgina hadik,
Qaro tunlar asorati qoldimi deya.
Yuk ortmoqda o‘rangancha nozik bir ko‘hlik,
Tik boqqancha erkak turar yo‘q hech andisha.

Shahar tushsam o‘zim olib qochgani joy yo‘q,
Sochi yoyiq, badan ochiq Mona Lizalar.
Gar bo‘lmasa hayo-ibo, yo iymoning to‘q,
Yurak bag‘ring teshib o‘tar ko‘zi linzalar.

Bu xorijlik bir sayyoh deb, o‘ylasam, qani?!
O‘zimizning o‘sha sodda begoyim qizlar.
Nahot mato qolmadimi badan yopgani?!
Nahot iymon-e’tiqodda ular ojizlar!

Yurtboshimning so‘zlaridan to‘lg‘onar yurak:
«O‘zligimiz – ro‘molli har ona timsoli.
Madaniyat – ayol sizdek bo‘lishi kerak,
O‘zbekoyim, Kumushlardek hayo-iboli».

Hamid IKROM
Qo'qon universiteti
MUSIBAT

Boqiy ne bor, asli, bari o‘tkinchi,
Foniy atalmish bu umr g‘animat.
SHon-shuhrat, boylikning bo‘lar o‘kinchi,
SHod-xurram emasku, bu dunyo, faqat!

Ne ishki Allohdan bo‘lar azaliy,
Sobit bo‘l, iymondan ayirar gumon.
Do‘zah yo Jannatni bilgin abadiy,
Yo uning, yo buning sohibi inson.

Haqdorga haqqini hamisha uzat,
Qish kelsa, bog‘larning holi yalong‘och.
Uyga mehmon kelsa, dasturxon tuzat,
Faqat, ahling, qo‘shning qolmasin-da, och.

Solihlar taqvoda tog‘dayin mag‘rur,
Soliqlar, zakotlar bukmagan belin.
Ezgu amallarda doimo masrur,
Iymoni mustahkam chinakam  mo‘min.

Balki bir umrlik boyligim yonar,
Balki hech vaqoyim bo‘lmagan, aslo.
Iymoning sog‘ bo‘lsa, qo‘rqma, savdogar,
O‘zi kifoyadir Alloh Taolo!

Gunohlarim yondi, qilaman tavba,
Tanamni kuydirdi tili qizil yov.
Malhamim, yupanchim o‘zingsan, Ka'ba!
Lek so‘nggi manzilim bo‘lmasin olov!!!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi