MUHAMMAD IBROHIM
75 subscribers
210 photos
19 videos
3 files
18 links
Qalbim hamon eslaydi shodon,
Yoshligini unutgan dema.
Kõz oldimda bõlar namoyon,
Men qamishdan yasagan kema...
Download Telegram
USTOZ

Dunyoni ilmida yaratgan Alloh,
Uni turli-tuman bezadi goʻzal.
Yerni obod qilsin deb soʻngra falloh,
Yaraldi olamda barchadan afzal.

Ilmni farz qildi, oʻrganmoq-bilmoq,
Paygʻambarlar unga boʻldilar mas’ul.
Sharafdir ulardan merosxoʻr boʻlmoq,
Olimlar bu yukni qildilar qabul.

Atadilar uni ustoz, muallim,
Haq yoʻlga boshlagan butun ummatin
Arziydi, gar qilsak ming bora ta’zim,
Ado etolmasmiz chekkan zahmatin.

Yillab tunlarini oʻtkazgan bedor,
Yillab halovatin unutgan inson.
Tilagim jannatda u boʻlsin tojdor,
Ma’rifat ulashib qilgan-da, ehson.

Qishin-yoz mehridan taft olgan quyosh,
Ishi oz boʻlmagan me’mordan a’lo.
Najot ilmda deb, ta’limda bosh-qosh
Boʻlgan, qadrligim, gʻam chekmang, aslo!

Ular ila yashar dunyo abadiy,
Ilm sahrosida ochganlar quduq.
Tafakkur bogʻini qilgan madaniy,
Barcha ustozlarga qilamiz qulluq.

Hamid IKROM
Qoʻqon universiteti talabasi
JANNATI AYOL

Ayol – biz bilmagan sirli mo‘jiza,
Ayol – haqiqatning eng baland tog‘i.
Kapalakdan hatto qalbi ojiza,
Lek kuchli siyrati onalik chog‘i.

Ayol – xayollarda yaralgan olam,
Ayol – ko‘ngillarning so‘zsiz malhami.
Sizdan ilhomlanib rang olar ko‘klam,
Tabassumingizdan uchar dil g‘ami.

Ayol – zamin uzra bo‘ldi nur xilqat,
Ayol – zamon uchun olmoqda nafas.
Odamda topilmas undagi xislat,
Hatto farishtalar qilsinlar havas.

Ayol – olam aro aziz mukarram,
Ayol – onadir-ki, hayotbaxsh oni.
Uning bag‘rida bu dunyo xotirjam,
Asrab avaylaylik jannat siymoni!

Hamid Ikrom
Qo‘qon universiteti talabasi
SINGLIMNI SOGʻINIB

Onamning izida sening izing bor,
Onamning isida sening iforing.
Bugun yoʻllaringga boʻlib intizor,
Koʻrmoqqa mushtoqman nurli ruxsoring.

Hayot beshafqatdir – yoshlik oʻgʻrisi,
Bizlarni ayirdi diydor mehridan.
Bolalik chogʻimdan, gapning toʻgʻrisi,
Meni uloqtirdi onam bagʻridan.

Taqdir umrimizni shunday bitgandir,
Jigarlarim mendan oʻsdilar yiroq.
Balki, foniy dunyo tashlab ketgandir,
Umr mazmuniga aylanib firoq.

Guldan nozik eding, qalbi – kapalak,
Jajji qoʻllaringdan tutgan qoʻllarim.
Libosidan ajib, sochi – jamalak,
Singiljonim sensiz qoldi yoʻllarim.

Loydan kelajakning qurardik uyin,
Soydan izlar edik orzu kemasi.
Tongdan shomga qadar tugamas oʻyin,
Ochiqqanda yerdik holva kesmasi.

Tutdek toʻkildimi shirin bu damlar,
Qaytmas boʻlib ketdi urushga, goʻyo.
Bolalik – xotira, oʻrnida gʻamlar,
Bizlarni tark etdi shirin bir roʻyo.

Akam ham ulgʻaydi, otamdek – ota,
Sen ham bolajoning quchasan suyib.
Mehr-la, gʻamxoʻrsan onamdek oʻta,
Ularning taqdirin oʻylaysan kuyib.

Quyoshdan uygʻonib seni esladim,
Ufqda shom aro botib xayolim.
Yonimdagi qizim sochin siladim,
Yodimdagi soʻzim – koʻngil zilolim.

Onamdek mehrida oqadi daryo,
Mushfiq koʻzlarida safobaxsh olam.
Sen bor yuragimda pokiza dunyo,
Sen bor yurganimda gul toʻshar koʻklam.

Hamid IKROM
Qoʻqon universiteti talabasi
ALLOH NURI

Gohi sevinch porlar, gohida sog‘inch,
Gohida hayotning tashvishi ayon.
Ko‘zidan tomchi yosh to‘kmagan chog‘i,
Jim turib oh chekar bu qalbi giryon.

Dunyoni istamas, bor yo‘g‘i mehr,
Afsus, bu matohning qadri yo‘q hozir.
Mungli ko‘zlarida shunda ham sehr,
SHunda ham tabassum qilishga qodir.

Biz undan qarz ila olamiz hayot,
Lekin ojiza deb, suramiz nari.
Uning qalb qo‘rida ulg‘ayib, hayhot,
Qaraymiz gohida cho‘ri singari.

Ayol, kim o‘zi u, o‘ylamaymiz ham,
Ko‘chada ko‘ngilga izlaymiz xushtor.
Biroz dardlaringa bo‘lsa-da, malham,
O‘zing o‘ylab, unga berasan ozor.

Yana yengiltak deb, qilasan ta'na,
Avaylash o‘rniga, yog‘dirib toshlar.
Tirikchilik yukin ortasan yana,
Devdayin erkaklar g‘iybatin boshlar.

Qimor o‘ynagan — sen, nomussiz — ayol!?
Ichgan senu, azob tortadi ayol!?
Haqorat sendanu, qomussiz savol,
Asorati beva ortadi ayol.

Tuqqan bolasiga begona ona,
Bundan ortiq zulm ko‘rmagan dunyo.
Tunlari uxlamay bo‘lsa parvona,
Bugun atasalar uni behayo.

Har ishning boshida emasmu erkak?!
Endi aybin izlab xo‘rlamang sira.
Aslida, odamga insof ham kerak,
Onalar ojiza, qizlar bokira!

Boshidan yechdingiz oriyatingiz,
Ko‘z-ko‘z qilmoq bo‘ldi ayol aslini.
Iymoningiz edi hamiyatingiz,
Omonatdek asrang ayol naslini.

Bir gul erur asli ayol xilqati,
Uni nogoh uzib so‘litmoq tayin.
Bilgin Yaratganning buyuk xil'ati,
Mehr, parvarishdan yashnar kun sayin.

Ayol bor, dunyoning umri bardavom,
Ayol bor, jamiyat topar baxt-iqbol.
Avvalo, ayolga ona deb, avom
Qarasa, jaholat bo‘lmas, ehtimol.

Jajjigina edi kecha qizaloq,
Bugun yoninggizda turar erkalab.
Xizmatingiz qilar beminnat har choq,
Issiq non-choyingiz tutar ertalab.

Bir kun u bo‘ladi palaxmon toshi,
Bir kun ko‘zingizni ketar yoshlatib.
Har bir otaning ham qular bardoshi,
Ortidan ayoling qolar tosh otib.

Ana, endi o‘yla, zulm neligin,
Birgina firoqning o‘zi ming azob.
Ayolni xo‘rlashni ne deb atayin!?
Ayol — jannat uchun yozilgan kitob!

Kimlar o‘zlaricha qildilar bekor,
Bu kun hayo, nomus yechilgan kun deb.
Lekin o‘ylamadi ertasin zinhor,
Jannat onalarning poyida-ku, deb.

Islom tug‘ilgan kun — Ayollar kuni,
Ayollar huquqin tikladi Qur'on.
Mo‘mina onalar tug‘dilar uni,
Buni inkor qilmas hech bir musulmon.

Allohning nuri bor ayol yuzida,
Ayol suratida — inson qudrati.
Masihdek jon ato etar so‘zida,
Hayot sinoviga — shukur ibrati.

Qadrli ayolim, mushtipar singlim,
Mehribon, qalb qo‘rim — onajon, qizim.
Qadringizni yuksak saqlaydi muslim,
Qalbingizga iymon to‘lsin, azizim!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
IBTIDO VA INTIHO

Bo‘linganni bo‘ri yer, ayrilganni ayiq der,
Gar bo‘lsa sal iymoning, muslim do‘stim qo‘lni ber.
Kel yashaylik tinch-totuv, qilma qirg‘in, hech otuv,
Birodar bo‘l barchaga, hech kimga solmay qo‘rquv.

Ibtidoyimiz birdir, yashash joyimiz Yerdir,
Intihoyimiz qabr, oxiratimiz sirdir.
Kimga yetmas mol-dunyo, kimda esa yo‘q sabr,
Kimning hayoti ro‘yo, kimning gunohi og‘ir.

Qilma o‘zgaga hasad, mehring bo‘lmasin qahat,
Doimo ulug‘ maqsad — yaxshilik bo‘lsin faqat.
Olam sinov maydoni, bordir ko‘p imtihoni,
Toza bo‘lsa iymoni, topar abadiy Jannat.

Rizqingni berar Alloh, uni deb qilma gunoh,
Haromdan bo‘lgin ogoh, butlarni tutma iloh.
CHiqmasang mayli Oyga, ammo tupurma soyga,
Minmasang minma toyga, aslo bo‘lmagin gumroh.

Ishonmagin yolg‘onga, bo‘hton qilma insonga,
Ozor berma hech jonga, quloq solib shaytonga.
Nafsni qilsang tarbiya, bari bo‘lar yaxshiya,
Ezgu so‘z bu — madhiya, yangrar butun jahonga.

Bas qilaylik urushni, itdek qopib hurishni,
Tomoshada turishni, yolg‘on hayot qurishni.
Bu dunyo bir omonat, boriga qil qanoat,
Yaratganga itoat qilib beza turmushni.

Ilm olgin farz bilib, ehson qilma qarz qilib,
Yashamagin arz qilib, qisqa umring tarz bilib.
Toza tutsang pok daryo, tepkilasang xok dunyo,
Singan ko‘ngil chok go‘yo, qo‘yma uni darz bo‘lib.

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
Yillar shoshar mudom osmon ostida,
Yellar qanotida silkitib qo‘lin.
Yerlar cho‘kayotgan inson ustida,
Dillar yo‘qotmoqda izlagan yo‘lin.

Umr daryosida oqar jismimiz,
Hayot kemasiga intilib har on.
Gohi toshda qolib ketar ismimiz,
Gohi bog‘lar ichra bo‘ladi xazon.

Kimdir baxt qushini oladi tutib,
Qafasda u bilan istab mangulik.
Kimdir orzulardan saodat kutib,
Tushlarda umrini o‘tkazar o‘lik.

Men yashash istayman bir on bo‘lsa ham,
Quyosh nurlariga ko‘milib tanim.
Ochiq osmoningda erkin va beg‘am,
Xurlik nafasini olib Vatanim!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
Ota
Dunyoni aylanib chiqsam men agar,
Topolmasam kerak otamdek inson!
Istagim bor etolmas hech bir sehrgar,
Istaganim armon bo’lgandi qachon!?

Mehr yuragida qaynagan buloq,
So‘zida topardi kelajak qadr.
Yoshim o‘ttizda-yu hamon chaqaloq
Bilib, qayg‘uradi menga negadir.

Qora sochlariga qirov qo‘ndi ham,
Belin bukib, qo‘lga aso tutdi g’am.
Men munosib o‘g‘il bo‘lolmadimmi?
Yana tashvishlari yotar bir g‘aram.

Nabiralar o‘sib topsin deb, kamol
O‘zlarini o‘tga cho‘g‘ga uradi.
Ularni yorqin bir kelajak tomon,
Qo‘lidan yetaklab olg‘a yuradi.

Qalbimda to‘lg‘onib so‘zlaydi vijdon,
Koriga yara der, borida har on.
Quyoshim, zaminim bo‘lgan bu inson,
Tog‘lardan yuksakroq qadringiz – osmon.

Hamid Ikrom
Qo'qon universiteti talabasi
SHamol

Tunni bugun o‘tkazdim bedor,
SHamol kabi qalbimda tug‘yon.
Alloh dedim tilimda takror,
Bolam yotar yonimda giryon.

Yaratganning mo‘jizasini:
Yodga soldi bu tun xislatin.
Bir dard bilan ojizasini,
Uyg‘otdi-yu, istab ne'matin.

Shirin uyqu tortganda qandoq,
Lekin aziz undan-da, farzand.
Mo‘ltirasa jajji qizaloq,
Bo‘lmas ekan aslo bepisand.

Uning sabab uyg‘ondim dadil,
Yig‘isiga berolmay bardosh.
Oh desa, gar tilka pora dil,
Bu holimga shamol ham darddosh.

Bolam dardi sabab g‘aflatdan
Turdim ogoh bo‘lib bu kecha.
Balki tinchlik so‘rab ofatdan,
Alloh, deya oldim bir necha.

Uning O‘zi Oliy SHifokor,
Haq so‘zini qilmagan bekor.
Pinhon, goho so‘radim oshkor,
Rahm qil, deb unga xokisor.

Qizalog‘im qoldi tinchlanib,
Garchi uvlar ko‘chada shamol.
Vahimasi ortar, kuchanib
G‘aflatni u buzar, ehtimol.

Asli dunyo g‘aflat uyqusi
Bosib olgan tushga o‘xshaydi.
CHang-to‘zonda uchar qayg‘usi,
"Urush" degan ko‘rpa to‘shaydi.

Birdamlikni qilar imtihon,
Birodarlik shartin sinaydi.
Agar ahil bo‘lmasa jahon,
Iymon-halovating tunaydi.

Uyg‘on endi g‘aflatdan, inson,
Qara, yig‘lar holingga osmon.
Qiyomatning kelar nafasi,
Ko‘zlar, qalblar so‘qirdir hamon.

Azon aytar, hattoki shamol!..

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
XUSH KELDING NAVROʻZ!

Kirib kelmish Navroʻzi olam,
Baxtga toʻla orzular bilan.
Guldan libos kiyganda koʻklam,
Qushlar zavqli kuylaydi oʻlan.

Zamin uzra esmoqda hidi,
Har novdada, har bir giyohda.
Har irmoqda oqar umidi,
Yangi hayot boshlab sabohda.

Senda yayrar yurak qush kabi,
Varraklarda qilamiz parvoz.
Tabiatning asl matlabi,
Umrimizga beradi pardoz.

Doshqozonda qaynar sumalak,
Dalalarda unadi rizq-roʻz.
Yomgʻiringda rangin kamalak,
Onam kabi hayotbaxsh – Navroʻz…

Hamid IKROM
Qoʻqon universiteti talabasi
NAVRO‘Z NAFASI

Navro‘z nafasida hayot topgan chog‘,
Umr bahorining ochilgan guli.
Nurdek yashar endi yashnab har bir bog‘,
Ko‘ngilda ezgulik ungan sunbuli.

Tabiat rozini aytar ushbu dam,
Sochadi, ochadi bor go‘zalligin.
Qancha qilmay ta'rif, unga bo‘lur kam,
Guldan novdalarga taqilgan nigin.

Insonlar qalbida tug‘ilgan Navro‘z,
Balki, yoshlik bo‘lur doimiy hamroh.
Sana'tin olamga qiladi ko‘z-ko‘z,.
Yer yuzin u bilan qiladi uchmox.

Mehr-sahovatda qaynagan qozon,
Oqibat, do‘stlikning unar in'omi.
Qushlar navosida yangraydi azon,
Har bir mo‘jizaning bor unda nomi.

Muzliklar eriydi uning taftida,
Ariqlar bo‘yida jonlanar hayot.
Samodan suv olib tutar kaftida,
CHanqog‘in qondirib butun nabotot.

Qaldirg‘och qanoti qizlar qoshida,
O‘smalar tomganda nozli nigohi.
Bahor tarovati buloq boshida,
Bunchalar latofat bo‘lmasa gohi.

Qirlarda chopadi qo‘zi, qulunlar,
Yerlarni yopadi zangori gilam.
Uloqda yechilar g‘amli tugunlar,
Tuyoqlar ostida uyg‘onar ko‘klam.

Bolalar uyma-uy aytar boychechak,
Bolari tilida totli har bir gul.
Tinchlik, qut-baraka qaynar sumalak,
SHoxda hayot zavqin kuylaydi bulbul.

Tandir to‘la onam yopgan ko‘ksomsa,
Adir to‘la, olam — qizg‘aldoq, lola.
Har giyoh labidan muhabbat tomsa,
Har qoya toshlardan shoshar shalola.

Quyosh nurlarida tovlanar billur,
Maysalar yuzini yuvganda shabnam.
CHamanda sayr etar kapalak masrur,
Sayr etar borliqni Navro‘zi olam!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
QO‘RQMA
(Javlon Jovliyev asaridan ta'sirlanib)

Agar haq so‘z aytar bo‘lsang, qo‘rqma Javlon,
Bu millatning dilidagi daryo dardi.
Yerga kiray desang qattiq, yiroq osmon,
Jismi ozod, ruhi ozod, nafsi bandi.

Tarixingni buzmoq istab o‘tdi zamon,
E'tiqoding sindirmoqqa qildi maqsad.
Gar vijdoning tariqchadek bo‘lsa omon,
O‘t qo‘yursan tutasa gar kimda xasad.

Mustamlaka karvon o‘tdi yuki og‘ir,
Manzil sari qurbonlar-la, bosdi odim.
Iymon yuki to‘kilgancha keldi oxir.
Qoldi unda qancha sohta, asil olim.

Yetmish yillik yolg‘onlarning chiqdi siri,
Oqibati, sovuq yedi taraqqiyot.
Arosatda qolar bo‘ldi xalq taqdiri,
Mafkuraga asir edi butun hayot.

Er nomusi ertaklarda qoldi faqat,
Buxoriyning avlodlari bo‘ldi buzuq.
Qilib bo‘lmas sharmandalik uchun toqat,
Xalqim haqqin so‘rolmagan bo‘ldi duduq.

Poda kabi qirdan qirga oshar bo‘ldi,
Yungin sotib, o‘t-o‘langa yashar bo‘ldi.
Bir-bir so‘yib yesalarda, hech to‘ymadi,
Orol qurib, qonli ummon toshar bo‘ldi.

Bir o‘rmonga g‘anim keldi bolta olib,
Tashvish ortdi, o‘rmon ahli dod-voy solib.
Alam qildi, birgina tig‘ bo‘ldi g‘olib,
Sopi o‘tin, g‘animiga sodiq habib.

Afsus, millat taqdiri ham o‘rmon kabi,
Xoinlarning tig‘laridan bo‘ldi ado.
O‘zligini yo‘qotmoqda, go‘yo zombi,
O‘zga yurtda kezishmoqda sarson, gado.

Yov ichimda, meni mag‘lub qilgan shayton,
Dunyo moli nafsim uchun bo‘ldi tuzoq.
Sinovlardan omon qolsa agar iymon,
Qabohatda qolmagaymiz buncha uzoq.

Xiyonat — bu, Vatan tuzin unutganlar,
Razolat — bu, or-nomusini sotganlar.
Jaholat — bu, pok islomini otganlar,
Zalolat — bu, iymonini yo‘qotganlar.

Nafratingni ot qayerda bo‘lsa shayton,
Qayerdaki poraxo‘rlik qilsa tug‘yon.
Gar haqiqat istar bo‘lsang, qo‘rqma inson,
Adolatu, chin e'tiqod bo‘lsin omon!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
Tinchlik bo‘lsin dunyoda!

Kimlar uchun jon arzon,
Kimlarga yo‘q hatto non.
Qo‘nimsiz, kimlar sarson,
Tinchlik bo‘lsin dunyoda!

Daryolar oqar toshqin,
SHamollar kezar shoshqin,
Yashaydi kimlar qochqin,
Tinchlik bo‘lsin dunyoda!

Yer yuzi keng, bepayon,
Cheksiz xayoldan osmon.
Umri omonat inson,
Tinchlik bo‘lsin dunyoda!

Ne talash? Bir parcha yer,
Ne uchun deydi, ber-ber.
Yirtqichlikda ojiz sher,
Tinchlik bo‘lsin dunyoda!

Uxlaydi ko‘zlar ochiq,
His qilmas qalblar ortiq.
Hirs-la, dunyoga oshiq,
Tinchlik bo‘lsin dunyoda!

Bo‘lingan asli olam,
Parcha-parcha iymon ham.
Olov sochar jahannam,
Tinchlik bo‘lsin dunyoda!

Odam bizlardan dilgir,
Momom qaltirar dir-dir.
Bir boshdan tarqab, axir,
Nelar bo‘lmoqda sodir.

O‘ynaydi urush-urush,
To‘ymaydi odamfurush.
Ajdodi, balki boyqush,
Vayrona ekan turmush.

To‘plang jami qurolni,
Johil bari qirolni.
Ko‘ming ochib orolni,
Tinchlik bo‘lsin dunyoda!

Onalar yig‘lar baxtdan,
Jaholat qular taxtdan.
SHodlikdan kular farzand,
Tinchlik bo‘lsa dunyoda!

Qushlar uchar samoda,
G‘ubor bo‘lmas havoda.
Ko‘ngil yayrar navoda,
Tinchlik bo‘lsa dunyoda!

Och qolmaydi hech bir jon,
Hech kim chekmaydi afg‘on.
Atomsiz yashar jahon,
Tinchlik bo‘lsa dunyoda!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
TILAK

Tug‘ilgan har chaqaloq,
Dunyoning umididir.
O‘g‘ilmi, yo qizaloq,
Xonadon xurshididir.

Toleyi bo‘lsin baland,
Iymoni ham mustahkam.
Ota-onaga dilband,
Inson bo‘lsin chinakam.

Ilm olsin ulg‘ayib,
Ziyoli bo‘lsin olim.
Ezgulikda ajoyib,
Ishlar qilsin, ilohim!

Hamid IKROM
XUSH KELDING, EY RAMAZON!
Yana boshlab saxovat,
Muxtojga qilib ehson,
Qalbga solib halovat,
Xush kelding, ey Ramazon!
 
Tillar so‘zlar salovat,
Dillar Haqda, begumon.
Yillar topar sharofat,
Xush kelding, ey Ramazon!
 
Ezgulikning tumori,
Qadring tushmas hech qachon.
Mo‘minlarning xumori,
Xush kelding, ey Ramazon!
 
Allohning Rahmat oyi,
Kishanlandi jin, shayton.
To‘ldi iymon saroyi,
Xush kelding, ey Ramazon!
 
Iymon, sabr-qanoat,
Bari bo‘lar imtihon.
Ko‘payadi ibodat,
Xush kelding, ey Ramazon.
 
Chin insoniy oqibat,
Yoyiladi keng jahon.
Yashaylik-da, hamjihat,
Xush kelding, ey Ramazon!
 
O‘n ikki oy sultoni,
Hidoyatga bo‘l narvon.
Saodatning azoni,
Xush kelding, ey Ramazon!
 
Payg‘ambarga sevimli,
Ummatiga zo‘r imkon.
Savobi ko‘p, unumli,
Xush kelding, ey Ramazon!
 
Urushlarga qo‘ying chek,
Zulm topmasin inson.
Saqlamasdan hech bir kek,
Xush kelding, ey Ramazon!
 
Adolatga cho‘zing qo‘l,
Talashmang, Yer bepayon.
Adovatdan yiroq bo‘l,
Xush kelding, ey Ramazon!
 
Ahli ilm qoshida,
Saboq olinglar Qur’on!
Do‘st har ishning boshida,
Xush kelding, ey Ramazon!
 
 Zulmatni qil nurafshon,
Jaholatni et xazon.
Qolmasin-da, beiymon,
Xush kelding, ey Ramazon!
 
Gunohlar bo‘lsin zavol,
Savobga to‘lsin osmon.
Rizq-ro‘zni olib halol,
Xush kelding, ey Ramazon!
 
Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
TABRIK

Qo‘qon universiteti talabalari nomidan ajoyib ma'rifatparvar va ilmli, shijoatli rahbar, ham yoshlarning fidokor yo‘lboshchisi, lideri Aliakbar aka Yunusovni tavallud ayyomlari bilan muborakbod etamiz! Ularga mustahkam sogʻlik, tinchlik-omonlik, mehnat faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar, ezgu ishlariga bardavomlik tilab qolamiz!

Qutlug‘ oy nafasi ufurgan chog‘i,
Qayta tug‘ilganda ona tabiat.
Hayot chamanida el-yurt ardog‘i,
Bo‘lib yashamoqlik qanchalar ham baxt.

Vatan taqdirida qolsin izingiz,
Uning kelajagi bo‘ling o‘zingiz!
Ahli solih bo‘lsin o‘g‘il-qizingiz,
Doim Qur'on bo‘lsin aytar so‘zingiz!

Tongdan duo qiling el-u, yurt uchun,
Tinchlik, omonlikda yashnasin Zamin.
Qalbingiz nuridek bo‘lsin bu ochun,
Har bir yosh iymoni yuksalsin, omin!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
*** *** ***
Gul yuzli, bulbul soʻz, sochlari sunbul,
Gulzorlar ichida yagona xilqat.
Koʻkdan orzulari yuksakda butkul,
Quyosh - u, gar botsa tun aro furqat.

Olamga ilmidan sochadi ziyo,
Bolamga odobdan kiydirar libos.
Koʻz ochsa tong otar, uygʻonar dunyo,
Gul uzra burkanar tabiat qiygʻos.

Yosh boʻlsin, lek ulkan shijoat, gʻayrat,
Kasbiga sadoqat – yoriga vafo.
Har ishda koʻrsatar mahorat – hayrat,
Qalbi ham xazina – daryo musaffo.

✍️Hamid Ikrom
"Tepadan qarardi tuproqqa yaproq,
Jimgina kutardi yaproqni tuproq..."
Hayrulla Hamidov

Quyosh botar chog‘i esgan shabboda,
Istadi yaproqni bandidan uzmoq.
Hayajondan titrab turar havoda,
SHamol novda bilan kurashar uzoq.

Bahor shamollarga sovurmas umrin,
Nahor ariqlarda quvnab oqar suv.
Daraxt shoxlarida ko‘rinib shirin,
Ko‘m-ko‘k yaproqlarni chaynaydi suruv.

Tuproq isi tutib ketar dunyoni,
Har giyoh ko‘z ochib unganda asta.
Zavqli va musaffo cheksiz samoni,
Ko‘zlarim to‘ymaydi boqib payvasta.

Kimdir ko‘rmoq istar dunyo oxirin,
Men ko‘rmoq istayman, Jannat boshini.
Yana kim sir tutar umr zohirin,
Tuproqman, sinayman barg bardoshini.

Hamid IKROM
ZIYO MASKANI

Qadimdan qadringning qadari cheksiz,
Seni anglaganlar topdilar kamol.
Sensiz millat erksiz, har nega ojiz,
Ilmsiz qullikda bo‘ldilar hammol.

Islom yuksalganda sen ham yuksalding,
Olimlar tug‘ildi senda, ehtimol.
Jaholat dardidan asta tuzalding,
Hidoyat darsidan sen topib iqbol.

SHahrim faxri bo‘lib qolgin abadiy,
Dorilfununimning asil yuragi.
Istardim har bir yosh olsin adabiy,
Ma'naviy, ma'rifiy saboq — keragi.

Yaratganni bizga etding yaqinroq,
Qur'on ham bag‘ringda e'zozda chog‘i.
Sen ila dunyoni bildim teranroq,
Sen doim bo‘lgansan bilim o‘chog‘i.

Ka'badek muqaddas ilmi tolibga,
Har on bag‘ring tomon oshiqar ular.
Ulkan saodatni berib g‘olibga,
Aslo xazinangda tugamas gavhar.

Ummondek behisob oqar ma'rifat,
Hali senda qancha suzadi g‘avvos.
Kimki unda ko‘proq cheksa mashaqqat,
Toparlar qalbingdan juda ko‘p olmos.

Sening xizmatingda oqilu dono,
Himmat kamarini bog‘lab beliga.
Kutubxonachidek bormi chin oshno,
Tilagan ezgulik, baxtni eliga!?

Tilagan bo‘lardim xalqimga har dam,
Kutubxona bo‘lsa, uy to‘la kitob.
To‘yxonadek bo‘lsa Oliygohlar ham,
Har bir shahar, tuman ichra behisob.

Baland imoratlar bo‘lmasa, mayli,
Qo‘limizda bo‘lsa, har kimda shu tob.
Asli ikki olam saodat mayli,
Unda ziyo sochib turadi oftob.

O‘zligin anglaydi shunda har odam,
Vatanni sotmaydi sariq chaqaga.
O‘ylaydi, so‘ylaydi bosib har qadam,
Kitobdan uy solar bola-chaqaga.

Buyuk ajdodlarning shudir iqrori,
Ilmdan yo‘q o‘zga hech qanday najot.
SHunday ekan, xalqim to‘g‘ri qarori:
Ziyo maskanida yashash umrbod!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
KUZ OHANGLARI

Fasllar aylanar soat milidek,
Hayot oʻtaverar turfa, rang-barang.
Oh-oh, mazza qovun-tarvuz hilidek,
Kuzgi ne’matlarning xiliga qarang!

Nashvati, behilar, uzum, xurmolar,
Bogʻu ishkomlardan moʻralar asta.
Boshimizda doim uchar humolar,
Tabiatdan shifo topar har xasta.

Oppoq oltinlardan toshadi xirmon,
Egatlarda egik qadoq qoʻl haqqi.
Poyasidan yuzi qizarar shirmon,
Kuzdan tus oladi olam shafaqi.

Bobodehqon bilan uygʻonar quyosh,
Bogʻbonlar ishkomda, u botar yana.
Kech kirib tin olar biroz keksa-yosh,
Kuz kelib boshlanar katta tantana.

Hosil bayramisiz kelmaydi hech qish,
Navbatin bermaydi hisob qilmay kuz.
Zar gilam toʻshashib aytadi olqish,
Samodan hayrat-la, yogʻilar yulduz!

Koʻzlarim hayratda kuz bogʻlaridan,
Soʻzlarim uchadi yaproqlar bilan.
Samoga qarayman yurt togʻlaridan,
Togʻlardan toʻylarin boshlaydi oʻlan…

✍️Hamid IKROM
Qoʻqon universiteti talabasi