MUHAMMAD IBROHIM
65 subscribers
210 photos
19 videos
3 files
18 links
Qalbim hamon eslaydi shodon,
Yoshligini unutgan dema.
Kõz oldimda bõlar namoyon,
Men qamishdan yasagan kema...
Download Telegram
BITIRUV OQSHOMI

Shom aro ufqning yuzida shafaq,
Rom etar, naqadar, gulgun chehralar.
Baxmal lolalardan rangin zavqu shavq,
Dillarga ulashar cheksiz bahralar.

Talabalar gavjum ayriliq oni,
Lekin ko‘kdan ko‘ngil oydin, to‘lin oy.
Yanada charog‘on nurli osmoni,
Yulduzlar yer uzra kezar, hoynahoy.

To‘rt yil qadrdonim, bilim makonim
Bag‘rida ulg‘ayib, ko‘kka bo‘y cho‘zdik.
Kamolot tojisan ilmu urfonim,
Aql zakovatda birlashib o‘zdik.

Gohida bellashdik bo‘lgancha raqib,
Lekin qayrilmadi do‘stlik qanotim.
Kunu oy, yillarni o‘tdik munosib,
Talabalik bo‘ldi shirin hayotim.

Bizni qabul qilgan kecha ostonang,
Bugun kuzatar xush tilaklar bilan.
Sen-la, orzulari ushalgan onang,
Qanchalar bu kunni kutgandi, bilsang!

Endi, elu yurting ishonchin oqla,
Aslo, so‘ndirmagin umid nurini.
Ulug‘ maslagingni qalbingda saqla,
Ziyoga chulg‘agin yoshlik shuurini.

Bu tun oydin tunlar aro munavvar,
Butun armonlarning qolmadi izi.
Qadringiz beqiyos, ustoz, naqadar,
Siz borsiz, qurimas ilm dengizi.

Ko‘p yillik zahmatlar tugar bu oqshom,
Balki, kutayotir porloq kelajak.
Taqdir saqlayotir qandayin in’om,
Yangi kasb, daraja, imkon muborak!


Hamid IKROM
QO‘QON universiteti bitiruvchisi
👍3
ULUG‘ NE’MAT

Dunyo keng – bepayon zamin naqadar,
Adog‘siz samoga tutashgan go‘yo.
Olis manzillarga ketsam men agar,
Sensiz xalovat yo‘q, topganim ro‘yo.

Hatto sog‘inaman giyohlaringni,
Ko‘changdan o‘tar hur qizlaringni ham.
Sira tinchlik bermas nigohlarini,
Begona ko‘zlardan izlayman bir dam.

O‘zga yurtlar qancha bo‘lmasin sirli,
Topolmayman undan izlarin onam.
Tog‘lari ulug‘vor, bog‘lar sehrli,
Lekin bolalikdan aziz ostonam.

Men tug‘ilgan oshyon balki ko‘rimsiz,
Buyuklikka da’vo qilmas devori.
Yana shamollar ham esar tinimsiz,
Lekin eli sofdil, ko‘kda viqori.

Balki cho‘qqilarga chiqmas, quchmas ham,
Ammo yigitlarning ori bor osmon.
Oyu Marsga bizdan hali uchmas ham,
Bu xalq orzularda uchar begumon.

Ozod vatanimning Humo qushiman,
Ochiq osmonida sanayman yulduz.
Ro‘yobga aylangan elning tushiman,
Istiqlol ne’mati – bo‘ldik yorug‘ yuz!

Yana Temurlarning chiqar dovrug‘i,
Turkiy xalqlar bo‘lib bir tanu, bir jon.
Dunyoni egallar adolat tug‘i,
O‘zbekiston yana, yuksalgan zamon!


Hamid IKROM
UBS magistri
❤‍🔥11
TAMADDUN SARBONI

Botil yo‘qoladi haq kelgan chog‘i,
Zulmatni yoritar to‘lishganda oy.
Ustozlar mehridan ma’rifat bog‘i,
Bahor gullaridan oladi chiroy.

Quyoshdan charog‘on ilm ziyosi,
Koinotdan cheksiz tafakkuri bor.
Saodatli uning ikki dunyosi,
Haqqa eltar yo‘li, qalbda nuri bor.

Asli qadri osmon tog‘lardan ulug‘,
Lekin ko‘rinadi doim xokisor.
Xizrdek har qo‘ygan qadami qutlug‘,
Ilmidan cho‘llar ham yashnagan gulzor.

Hech kim tug‘ilgandan avliyo bo‘lmas,
U zotning hissasi ko‘pdir, beqiyos.
Buyuklar tug‘ilmas, daholar kelmas,
Agar bo‘lmaganda biror bir ustoz!

Umrimiz o‘tmoqda tongdan shom aro,
Zulmatdan nur sari yetaklar u zot.
Dunyoda yaralgan har bir ixtiro,
Bilsang ustoz bergan savodga isbot.

Jaholatga qarshi turar ma'rifat,
Demishlar: "Ilmdan yo‘q o‘zga najot!"
Insondagi barcha bor yaxshi sifat,
Ustoz mehnatidan topadi obod.

Navoiy nazdida ustozning haqi
Hatto yuz ganj ila bo‘lmaydi ado.
Shoirlar nazmidan Jannat peshtoqi,
Muallim sha’niga bitilur hatto.

Buxoriy, Beruniy, Farobiy kabi,
Ajdod ustozlarning ruhi bo‘lsin yor!
Hamon porlab turar ular oftobi,
Qiyomatga qadar so‘nmasin zinhor!

Bor bo‘lsin doimo ulardek ustoz,
Umrini ilmga tikkan fidokor.
Ongu shuurimizga berguvchi pardoz,
Olimu, sarkorlar bergan ziyokor.

Sizdan ta’lim olib qilamiz parvoz,
Barkamol avlodlar ulg‘ayar yana.
Haqdan, adolatdan so‘zlagan ustoz,
Tamaddunga boshlar bizni mardona!


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
"University of Business and Science" magistri
1👍1🕊1
KUTISH

Vokzal. Temir yo‘l bo‘yida odamlar,
Betoqat qimirlar tinmay qadamlar.
G‘arbga tomon botar kun boshi asta,
Sharqqa tikilgancha ko‘zlar shikasta.

Kunlar, soatlarda lahzalar sanab,
Tunlarni tushlarda o‘tkazar damlar.
Goh shirin, goh achchiq tashvishda sinab,
SHafaqdek yo‘qolib bormoqda g‘amlar.

Talpinar, potirlar qush kabi yurak,
Qadrdon uyiga oshiqib har kim.
Yuzingga o‘zini urib yelvizak,
Ayriliq va visol aro kezar jim.

Shahardan olisda kutar qishloqlar,
Unda qora ko‘zlar qolgan qadrdon.
Borsam borlig‘imni qaynoq quchoqlar,
Bir olam hislarga o‘rar begumon.

Ko‘nglimni ko‘tarar shirin xayollar,
Bolasin yelkaga olgan otadek.
Gohida yoshligin qo‘msagan chollar,
Kumushin eslaydi bo‘lib Otabek.

Kelajak orzusi, yo o‘tmish o‘yi,
Bizlarni qo‘ymaydi o‘z holiga hech.
Kuzatib yashaymiz umrimiz bo‘yi,
Tongni intiq kutib, kunni qilib kech...

Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
"University of Business and Science" magistri
1
YURTIM BAYROG‘I

Moviy osmon uzra yuksalsin shoning,
Amir Temur tutgan tug‘ning bor ruhi.
Mangu yuraklarda erur makoning,
Bor senda donishmand xalqim shukuhi.

Muqaddas iymonim pokligicha oq,
Porloq kelajakning orzulari bor.
Buyuk maqsadlarga bo‘lib bir mayoq,
Hilpira bayrog‘im, solgancha viqor.

Navqiron yoshlikning o‘zing timsoli,
Bizlarni boshlaysan g‘oliblik sari.
Sendan kuch oladi umid niholi,
Erkim, istiqbolim, senda bor bari.

Shamolning nafasi – shodlik onlari,
Samoga intilib hilpirar hamon.
Vatanim shavkati, sha’ni, shonlari,
Yanada yuksalsin chorlab sen tomon.

O‘saversin qadring tog‘dan-da, baland,
Har bir farzandlaring yutug‘larida.
Hech qanday to‘siqlar bo‘lmagan pisand,
Seni e’zozlagan ulug‘larida!

Jahon minbarida turgin abadiy,
Mening ozodligim ramzi bo‘lib qol.
Millatim ruhisan so‘nmas azaliy,
Sen bor, boyligimiz – yashar istiqlol.

Hilpira, Yurtboshi tutgan bayrog‘im,
Hilpira, dillarga solib bir g‘urur.
Sensan yuragimda aziz, ardog‘im,
Xalqimiz qalbini mangu et masrur!


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
“University of Business and Science” magistri
2🕊1
TALABALIK

Yoshlikning navqiron onisan,
Betakror yillarning tojdori.
Umrimiz mehmoni-shonisan,
Kelajak umidim sardori.

Dillardan tillarga dostonsan,
Hali hech o‘chmagay izlaring.
Ko‘nglimiz bog‘ qilgan bo‘stonsan,
Yod etar yigitu qizlaring!

Egdingu egilmas boshimiz,
Kitoblar qoshida ming bora.
Yengmoqchi bo‘lasan doshimiz,
Imtihon chog‘ida tobora.

Orzularga ziyo, osmonsan,
Boshimizda doim parvona.
Parvoz uchun bergan imkonsan,
Qanot bo‘lgan har on mardona.

Keling, qo‘lni bering, ey, yoshlar!
Maqsad sari bo‘laylik biz jam.
Ko‘zlardan nur olsin quyoshlar,
Munavvar bu – yashnasin olam.

Kamalakdek rang-barang baxtdir,
Dunyolarga keng – g‘alabalik!
Kelajakka berilgan ahddir,
Tillolarga teng – talabalik!


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
"University of Business and Science" magistri
2🕊2
QUSHDAY YENGIL BO‘LING!

Taqdir hazilimi o‘tayotgan kun?
Orzular ekadi har on yo‘limga.
Kim neni istaydi, tilaydi bu tun?
Qalbimda borini tutar qo‘limga.

Ne tilasam bari bo‘lmas muhayyo,
Bu ham hayotimning buyuk hikmati.
Go‘zallik qilarkan doim mahliyo,
Haqiqatning esa bo‘lar zahmati.

Nozu ne’matlarga to‘la dasturxon,
Atrofida turar butun oilam.
Ezgu tilaklardan nurli xonadon,
Kelajakka mag‘rur boqadi bolam.

Ahir, sen men uchun aziz, muqaddas
Maqsadim boshida tug‘ilgan erksan.
Endi ortga yo‘l yo‘q, qaytma bir nafas,
Maslagim yo‘lida hamroh ekansan.

G‘animlar ortimdan toshlar otsalar,
Goho tegdi, goho yordi boshni ham.
Do‘stlarim tabassum ila sotsalar,
Yig‘lamay yuragim kuldi xotirjam.

Qushday yengil bo‘ldim har qanday damda,
Zaminga cho‘kmadim, ko‘kka bo‘y cho‘zdim.
Umrimiz past-baland yo‘l har qadamda,
Tanimdan ruhimni uzmayin o‘zdim.

Yelday esib kelgan o‘tarkan yillar,
Bilmam, ne sinovlar kutar oldinda.
Agarda pok bo‘lsa, orzuli dillar,
Odamlar olamda yashar oydinda…


Hamid IKROM
(Pozilov Hamidjon
)
👍2❤‍🔥1🕊1
Vatanni asraylik!

Bir so‘z bor men uchun aziz, mo‘tabar,
Pichirlab aytsam ham jimirlar tanim.
Onamdek mehribon, xokisor, kamtar,
Bolamdek ko‘ngli pok doim Vatanim!

Tongda seni ko‘rib yashnaydi yuzim,
Bog‘laringdan to‘yib olaman nafas.
Tinchlik, omonlikda uyg‘onar ko‘zim,
Azondek yangraydi shukrona bir sas.

Bag‘ringda ulg‘aygan o‘g‘il-qizlaring,
Butun vujudida yashar sadoqat.
O‘rxun, Enasoydan topib izlaring,
Ko‘ziga to‘tiyo qiladi faqat.

Manguberdi, Temur eʼtiqod qilgan,
Asl o‘g‘lonlarning xoki bor senda.
Yovga bo‘ysunmoqni zo‘r isnod bilgan,
Buyuk ajdodlarning qoni bor menda.

Osmoning musaffo, qadring bebaho,
Har yering tabarruk, tuprog‘ing oltin.
Quyosh va oy kabi yuksakda tanho,
Qalbimning to‘rida yashaysan yorqin.

Sen iymon chirog‘i, sen ishonch tog‘i,
Senga xizmat qilmoq muqaddas ahdim.
Dunyo minbarida yurtim bayrog‘i,
Hilpirab turishi eng oliy baxtim.

Qay hunar, kasbda bo‘lmasin har kim,
Vatan kori uchun yashaydi mudom.
Allohim, yurtimni asragin doim,
Ozodlik, shu tinchlik bo‘lsin bardavom!

Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
University of business and science magistri
👍2
JADIDLAR YURTI

Bu yurt qadimlikda Rimdan ulug‘roq,
Hatto ehromlarning umridan uzun.
Mardlik, jasurlikda To‘maris, Shiroq,
Dunyo afsonasi bo‘lganda bugun.

Olamni mahliyo aylagan doim,
Buxoriy, Beruniy tug‘ilgan diyor.
Oftob ziyosidan ziyodroq ilm,
Bu o‘lka bag‘rini yoritgan bisyor.

Fozillar yetishib chiqqan bu zamin,
Xalqlar muallimi bo‘lmish Farobiy.
Abadiy tarixga muhrlab nomin,
Turkiy til shuhratin yoygan Navoiy.

Buyuk fotihlarga o‘zingsan beshik,
Temur tig‘i oldi yarim jahonni.
Taqdir Hindistonga ochgancha eshik,
Bobur ilki ila yoydi iymonni.

Jaholat, zulmga egmagan bo‘yin,
Qilichdan keskirroq maʼrifatga boy.
Jadidlar nur bo‘ldi ozodlik uchun,
Tun uzra zulmatni yoritgan bir oy.

Amalda va tilda, dilda bir bo‘lgan,
Qodiriy joniga qasd qilgan tuzum.
Bir asr bo‘g‘ilgan, hur fikr o‘lgan —
Bu yurtni Cho‘lpondan etdilar mahrum.

Asli dushman emas qurol o‘qtalgan,
Ongu shuurimni bandi etgan yov.
Jadidlar g‘oyasi — erk deb atalgan,
Buyuk maslak uchun yoqilgan olov.

Bu olov qalblarda aslo so‘nmaydi,
Tafti hamon ko‘kdan kelayotgan nur.
Istiqlol mashʼali sira o‘chmaydi,
Jadidlar hamisha yashaydilar hur.


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
University of business and science
Pedagogika yo‘nalishi magistri
🕊2
NURLI SIYMO

Kitobimni asta varaqlab,
Ko‘zim tushdi nurli siymoga.
Ong, shuurim ketdi charaqlab,
O‘yga cho‘mdim boqib samoga.

Navoiyda yuksak iste'dod,
Adabiyot mulki behisob.
Jaholatdan dunyoni ozod
Qilar undan qolgan har kitob.

Asrlarkim, aziz, mo‘tabar,
Yod etamiz u zot nomini.
Asarlari olamni bezar,
Taratgancha dur in'omini.

Quyosh kabi nur sochar hamon,
Yulduzlardek behisob, sirli.
Mana shuncha o‘tsada zamon,
Har bir satri qolar ta'sirli.

Payg‘ambarga bo‘ldi umri teng,
Haq ishqida yashadi yonib.
Yaratganning marhamati keng:
So‘z mulkini berdi ishonib.

Bitdi minglab g‘azallar, hatto
Sanamoqqa ojiz kamina.
Terilgandek marjon, bexato
SHoh baytlarga to‘ldi xazina.

Endi uni o‘qimoq kerak,
Uqmoq kerak har bir ma'nosin.
Ma'naviyat yuksalar beshak,
Gar kuylasak shoir navosin.


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon oʻgʻli
University of Business and Science

Pedagogika yo'nalishi magistri
🕊2
NAVOIY RUHI

Necha asr oʻtgan boʻlmasin,
U qoldirgan tugamas meros.
Necha qasr oʻti soʻnmasin,
Uning tafti hamon beqiyos.

Karvonlarning izi qolmadi,
Lekin uning qalam izi bor.
Dovonlarning muzi qolmadi,
Navoiyning olam soʻzi bor.

Tunda balki porlamas quyosh,
Lek shoirning soʻnmas ziyosi.
Har kimda ham tugaydi bardosh,
Uning yashar komil dunyosi.

Cheksiz emas balki koinot,
Hadsiz erur ammo tafakkur.
Bir kun oʻtar bu foniy hayot,
Lek, yashaydi Navoiy magʻrur.

Ezgulikning goʻyo bulogʻi,
Simirasan, aslo toʻymaysan.
Firdavsdek yam-yashil bogʻi,
Koʻngilni hech uzib qoʻymaysan.

Shunchaki yod etmang soʻzini,
Yashang doim hikmatlarida.
Haykal qoʻymang, eslang oʻzini,
Oʻqib Qur’on oyatlarida.

Uning boqiy barhayot ruhi,
Kezar har bir oʻzbek uyida.
Ulugʻ siymo, soʻnmas shukuhi,
Yashar tirik shoir o‘yida.


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon oʻgʻli
University of Business and Science

Pedagogika yo‘nalishi magistri
🕊2
Vatan sog‘inchi
(Bobur tilidan)


Sog‘indim bog‘dagi qushlar xonishin,
Chamanning kamalak tovlanishini.
Moviy osmoningda yulduz yonishin,
Go‘zal vodiylarda tong otishini.

Xotiramda doim o‘sha minorlar,
Uning haybatini tark etmagan sha’n.
O‘sha imoratlar, qal’a, devorlar,
Mening hayotimda iz solgan – Vatan!

Tuprog‘in ko‘zimga aylab to‘tiyo,
Madhini bitmoqqa ojiz qalamim.
Uning sog‘inchi ham qalbimga ziyo,
Vatandan judolik og‘ir alamim!

Chunonam tortasan bag‘ringa har dam,
Mayin havosini qo‘msaydi ko‘ngil.
Gulzorlaring ichra topsaydim malham,
Yomg‘iringda ivigan tuproq bo‘lsin dil.

Boladek talpinar o‘tli bu yurak,
Soylaringa tushib sovisa tanim.
Bag‘ringga qachondir qaytishim kerak,
Qiyomatda bo‘lsin, mayli, Vatanim!

Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
University of business and science
Pedagogika yo‘nalishi magistri
👍43