MUHAMMAD IBROHIM
65 subscribers
210 photos
19 videos
3 files
18 links
Qalbim hamon eslaydi shodon,
Yoshligini unutgan dema.
Kõz oldimda bõlar namoyon,
Men qamishdan yasagan kema...
Download Telegram
"Ko‘ngil chirog‘i" mavzusida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

🏫 Qo‘qon universitetiga O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim va navoiyshunos Olimjon Davlatov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv Qo‘qon universiteti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo'limi va O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti Farg‘ona mintaqaviy filiali hamkorligida tashkil etilib, unda so‘z olgan adabiyotimiz darg‘alari Qo‘qon adabiy muhiti, kitob mutolaasi, avvalgi va hozirgi zamon she'riyati, talabalarga yaratilgan bugungi kundagi imkoniyatlar to‘g‘risida aytib o‘tishdi. Shuningdek, o'z ijodlaridan namunalarni talabalarga o‘qib berishdi.

Batafsil: https://telegra.ph/Kongil-chirogi-mavzusida-ijodiy-uchrashuv-bolib-otdi-05-27

👆Eslatib oʻtamiz, Qoʻqon universitetida 2024/2025 oʻquv yili uchun QABUL BOSHLANDI!

📁 Hujjatlar Qo‘qon universiteti Axborot-kutubxona markazi binosida offlayn va http://qabul.kokanduni.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi.

👨🏻‍💻 Axborot-maslahat markazi (call center) 🔽
📞+99873 545 44 44;
📞+99873 545 55 55.

📍Manzil: Qo‘qon shahri, Turkiston ko‘chasi, 28-a uy, Axborot-kutubxona markazi binosi.

🌐Web-site🕊Telegram|📱Facebook|📱Instagram|📺YouTube
Gulxan atrofidagi qizgʻin ijodiy mushoira boʻlib oʻtdi

🏫 Qoʻqon universitetida "Ma'rifat ulashib" loyihasi doirasida gulxan atrofida unutilmas mushoira boʻlib oʻtdi. Mazkur mushoira Qoʻqon universiteti hamda O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti Farg‘ona mintaqaviy filiali hamkorligida tashkil etildi.

Talaba yoshlarni adabiyot va sheʼriyatga oshno qilish ularni isteʼdodini roʻyobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan kechada Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim oʻz ijodidan parchalar oʻqib, oʻz oʻrnida yosh iqtidorli talabalar ijodidan, kuy va qoʻshiqlaridan bahramand boʻldi.

🔠 Bir soʻz bilan aytganda, gulxan atrofida ijodkorlarni jamlagan kecha oʻzgacha fayz va tarovatni baxsh etdi, adabiyotga boʻlgan mehr va muhabbatni ifoda etdi.

🌐Web-site🕊Telegram|📱Facebook|📱Instagram|📺YouTube
GULXAN ATROFIDA

Oydin tunlar aro yig‘ilgan o‘ylar,
Yurakdan otilar vulqon singari.
Kimning aytolmagan dardini so‘ylar,
Jur'at qilolmagan sira ilgari.

O‘rtada lovullab yonayotgan o‘t,
SHoir ohlarimi, yo ko‘ngil tafti!?
Dunyo ishlariga qilmayin sukut,
Olovdek guvillar kimningdir shaxti!

Bu tun dillashadi tilsiz bo‘lsa ham,
Bu tun quchog‘iga sig‘maydi dardi.
Ko‘ngil sohiblari bo‘lganida jam,
Gulxanda kul bo‘lar olamning gardi.

Hamid IKROM
🕊1
SOG‘INGANIM, SEN!

Ona allasida sog‘inganim, sen,
Oqshom samolarda sayr etar ruhim.
Yoshim o‘tib borar xuddi shu yo‘sin,
Umrimni o‘g‘irlab ketar berahm.

Xayollar daryoday oqmoqda sokin,
Hayot ham o‘tmoqda osmon ostidan.
Bolaligim mendan qochgancha sekin,
Qushdek uchib ketar yillar ortidan.

Qanotsiz kezadi bulutlar aro,
Gohi chaqmoqdayin shovqin soladi.
Yomg‘irday ko‘nglimga beradi oro,
So‘ng yana ro‘yoday tinchib qoladi.

Ajib dunyo ekan bolalik chog‘i,
Zilol suvlar oqar tushlarida ham.
Bir olam orzuga to‘la quchog‘i,
Shodlik kulgusidan baxtiyor har dam.

Ariq bo‘ylarini kezgan izlari,
Gulu rayhonlarga burkangan bugun.
Shu aziz tuproqda o‘q ildizlari,
Unib o‘sayotir kelajak uchun.

Umrimning eng totli onlarini men,
Shamolday yugurib-yelib o‘tqazdim.
Doim g‘olib bo‘ldim, mag‘lub eding sen,
Lekin, vaqt oldida aniq yutqazdim.

Ajinlar o‘radi onam yuzini,
Oq ro‘moli kabi sochi ham oppoq.
Shom aro so‘ngandek nurli ko‘zini,
Munavvar tongidan ayladi firoq.

Otamning tog‘lardek mag‘rur qaddi xam,
O‘tli qadamlari sustlashib qoldi.
Sherdek quvvatini balki oldi g‘am,
Turmush tashvishlardan ruhi ham toldi.

Yolg‘onlar, g‘iybatlar bizni qaritar,
Aldangan yoshlikning go‘zal husniga.
Qorong‘u yo‘llarni yana yoritar,
Umid yulduzlari yog‘ib ustiga.

Tabiat qonuni shunday o‘tarkan,
Yillarni yillarga qo‘shib, oshirib.
Milliardlab jonlarni qanday ko‘targan,
Zaminni zamona qo‘ydi shoshirib.

Quvnoq bolalikka ko‘z tegdimi, yo
O‘lmoqda beg‘ubor yuraklar o‘qdan.
Jaholat, zalolat, qabohat dunyo
Ayrildi iymondan, balki, bor-yo‘qdan…

Ammo, bolalik, sen – shirin xotira,
Barchaning yodida intizor so‘zing.
Bokira ko‘nglingni buzmagin sira,
Bolam bilan takror yashaysan o‘zing!

Senda hali bordir musaffo osmon,
Hali yam-yashildir yoshlik bog‘laring,
Bolaning hech biri bo‘lmaydi yomon,
Qularkan ulug‘vor ishonch tog‘laring.

Murg‘ak qalbingga gard qo‘nmasa agar,
Kapalak umringni qilarsan shodon.
Dunyo saodati ko‘ksingdagi zar,
Bola bo‘lib qolgin, ey, katta inson!

Sog‘inganim sensan, qaytmas bolalik!…


Hamid IKROM
AHLI SHAYTANAT

Zamin o‘z o‘rnida aylanar hamon,
Mag‘ribdan otmadi haligacha tong!
Ammo ming tuslanib yuribdi inson,
Kimlardir g‘aflatda uxlamoqda dong.

Sarob xayollarning siniq qanoti,
Yana qayergacha qilarkan parvoz?!
Hatto, yashayotgan yolg‘on hayoti
Tugasa bu zamin poklanar biroz.

Pul deb, orzu-havas yashnaydi bog‘i,
Yonmoqda xazondek bir chetda vijdon.
Ko‘rinmas shaytanat ahlin adog‘i,
Qo‘rqaman, olamda qolmasa iymon!

Rizqimizga kafil bo‘lganda Alloh,
Nechun behudaga chopamiz har yoq.
Ochiq oyatlardan qildiku ogoh,
Afsus, ketmoqdamiz Haqdan biz yiroq!

Boy berdik dunyo deb, farzi namozni,
Mehnat — ibodat deb, barisi qazo.
Azonning o‘rniga dardli ovozni
Tinglaydi mozorga aylangan G‘azo!..

Vijdon erkin deya qo‘ydik holiga,
Endi, qarang unga maymunlar hayron!
Ribodan mast bo‘lgan el ahvoliga,
Musulmon deyishga aylanmas zabon!

Halol luqmasiga qilmas qanoat,
Ochko‘z tamagirning maoshi — pora.
O‘tkinchi dunyoga qo‘ydik muhabbat,
O‘pqon nafs dardiga topilmas chora!

Alafdek o‘smoqda har yerda zino,
Firibgar, fosiqlar yolg‘ondan guvoh.
Kibrda osmon qadar qurishib bino,
Yana kim o‘zarga qilishar gunoh.

Mo‘min birodarin yemaydi haqqin,
Aslo bir-biriga qilmas xiyonat!
Dunyo ishlaridan qiyomat yaqin,
Molimiz, jonimiz har on omonat!

G‘iybatlar shamoli esmoqda uzoq,
Qalblar ham shom qadar ketar qorayib.
Shaytonlar nafs uchun qo‘yarkan tuzoq,
Olam qabr kabi qolar torayib.

Yaxshiyam osmonning tutuvchisi bor,
Yo‘qsa, allaqachon tushardi qulab.
Yashar bu zamin ham islomi bedor
Taqvodor, iymonli bandalar sabab.

Ey do‘stim, qo‘y endi yovli boqishni,
Gullasin, yuksalsin insoniy qadr!
Yonib bo‘ldi dunyo, bas qil yoqishni,
Hech yo‘q, o‘z joningga qilmagin jabr!

Yaratganga qasam: qayt egri yo‘ldan,
Buning nihoyasi alamli azob!
Nasihat mendanmas, Haqdan, rasuldan,
Istagim, oxiring bo‘lmasin xarob!

Hamid IKROM
👍1🕊1
YOMG‘IR

Haqdan nido keldi bu tun ilohiy,
Chaqmoqqa aylanib xitob, so‘zlari.
Go‘yo ummat uchun kelmoqda vahiy,
Yarim tun ularning uxlar ko‘zlari.

Yer uzra yubordi rizq, obi-hayot,
Shiddatli yog‘ilar tomchilarda dur.
Sabo ila kelar samodan bayot,
Dardli dillar aro bag‘ishlab huzur.

Balki, duolarning ijobatidan
Bu hol Yaratganning ishorasidir.
Balki, chin mo‘minning ibodatidan
Robbimning bizlarga nazorasidir.

Balki, g‘uborlardan poklamoq uchun,
Kavsarni quymoqda boshimizdan Haq.
Balki, gunohlardan qoraydi ochun,
G‘aflat uyqusidan bo‘lmoqda ilhaq.

Har yerda jaholat ko‘rsatmoqda bo‘y,
Har yerda kezmoqda shamolday qotil.
Meni qiynamoqda yagona bir o‘y,
Avj olar dunyoda har ishda botil.

Ko'kdan yomg'ir yog'sa, shodlanar ko'ngil,
Tuproqqa jon kirib, yashnaydi bog'lar.
Lekin, yog'dirsachi o'qlar jazoyil,
Parchalanib ketar, hattoki tog'lar.

Turfa xil o'simlik, xilma xil jonzot,
Robbimizning bergan ko'p inoyati.
Buzg'unchilik odam ishlari, nahot,
Kechirilmas uning bu jinoyati!

Ne'matlar ziyoda, shukronalik yo‘q,
Illatlar chivinday tarqadi bugun.
Fursatlar o‘tdimi, otildimi o‘q,
Musulmonlar buncha bo‘lmasa zabun?!

G‘azoda go‘daklar chekmoqda afg‘on,
G‘azabdan yo samo to‘kmoqda qahrin.
Jazoga loyiq ish qilmoqda inson,
Yoqmoqda qiymalab onalar bag‘rin.

Qasos deb, haddidan oshdi bir to‘da,
Bahona shu edi, asli adovat.
Zolimlar do‘zaxga haydalgan poda,
Mazlumlar jannatda topar halovat.

Asrlar o‘tdiki, o‘zgarmadi kas,
Nuqul nafsi qonlar to‘kdi behuda.
O‘tkinchi dunyoda xudosiz nokas,
Iblis nayranggiga aldandi juda.

Ko‘plar zalolatda, gunohga botdi,
Kimning qulog‘i kar, kimning ko‘zi ko‘r.
Qabohat avj oldi, dillar dong qotdi,
Nahot, Odam nasli bo‘lsa odamxo‘r!

Balki osmon qalbin bo‘shatdi bu tun,
Dardli yukidan u bo‘lgancha xalos.
G‘azoda qoldimi bir bag‘ri butun,
Qoldimi ko‘zida yonmagan qasos!?

Hatto, zolimlardan to‘ydi bu zamin,
Bulg‘adi har yerga yetgan qadami.
Dunyoning umriga bo‘lmoqda zomin,
Bostirib kelmoqda qiyomat g‘ami.

Tavba qil, tavba qil, tavba qil inson,
Ko‘kdan tushayotgan tomchilar qadar.
Allohdan mehribon zot yo‘qdir, ishon,
Iymonga, insofga kelsang sen, agar!

Yomg'ir yog'ib yuvgin zamin bag'rini,
Poklanib yashnasin har yer, dala, qir.
Qondirgin chanqog'in Orol bahrini,
Hasad olovin ham o'chirgin oxir.


Hamid IKROM
🕊2
TOG‘LAR BAG‘RIDA

Men tog‘lar bag‘rida yashayotgan bog‘,
Yaproqlari qadar orzulari mo‘l.
Yuksalgan shoxlarning quvonchidek chog‘
Dilimni erkalar sho‘x-shodon shamol.

Soylarida oqar obi-hayot, dur,
Unda yuzin yuvar oqshomlari oy.
Chamanzor ichidan quyosh olib nur,
Olamga beradi yanada chiroy.

Qishloqdan boshlanar aslida hayot,
Savdo karvonidan uyg‘onar shahar.
Savdogari saxiy, baxilligi yot,
So‘zidan bol tomar to shomu sahar.

Fayzi, sehri tortar har bir ko‘chasin,
Ariq bo‘ylarida xushbo‘y rayhonlar.
Yulduzlari mangu porlar kechasin,
Bog‘u bo‘ston bo‘lib chorlar sayhonlar.

Odamiylik yuki har bir yelkada,
Tog‘ni talqon qilar Farhodlari bor.
Hidoyat yor bo‘lgan qutlug‘ o‘lkada,
Saodat kutmoqda bizni intizor.

Samoga bo‘ylashgan cho‘qqilar aro,
Orzu, maqsadimiz ulardek ulug‘.
Vodiyda tug‘ilgan bari shuaro,
Shu zamin bag‘rida nish urgan urug‘.

Yaratar bog‘boni Jannat qo‘lida,
Dehqoni tuproqqa ato etar jon.
Fidokor xalqi bor, Alloh yo‘lida
Yurtini yanada aylar farovon.

Men tog‘lar bag‘rida hayqiraman shod,
Sa’va, bulbullarning baxtli navosi.
Qaniydi suv bo‘lib oqsam umrbod,
Qora loy tuprog‘i, bo‘lsam havosi.

Musaffo osmonin ozod qushiman,
Charx urib olamni qilsam sarafroz.
Bu elning saodat orzu, tushiman,
Porloq kelajakka intilgan parvoz.

Bolasin ko‘zida chaqnagan umid,
Gulu lolalardek ko‘kka qaraydi.
Qaytadan tug‘ilgan ming-minglab jadid,
Shu vatan koriga bir kun yaraydi.

Men tog‘lar bag‘ridan ko‘chayotgan tosh,
Istiqloling uchun ming bor qulayman.
Sinovlar kelsa gar qilaman bardosh,
Xalqimga omonlik Haqdan tilayman.

O‘zing bizni shunday yaratding Egam,
O‘zing panohingda asragin har chog‘.
Yurtimni dunyoda qilsang bas, bekam,
Yashasin yosh-qari baxtiyor va sog‘!

Hamid IKROM
🕊1