MUHAMMAD IBROHIM
65 subscribers
210 photos
19 videos
3 files
18 links
Qalbim hamon eslaydi shodon,
Yoshligini unutgan dema.
Kõz oldimda bõlar namoyon,
Men qamishdan yasagan kema...
Download Telegram
BAHOR

Lahzalarga teng umrim, asli,
Ko‘z ochib yumguncha o‘tadi.
Ostonamda go‘zallik fasli,
Uyg‘onishim intiq kutadi.

Samolarda minglab yulduzlar,
Nigohida sirli kelajak.
Shodlik aro necha gul yuzlar,
Tug‘iliboq uni ko‘rajak.

Balki birdan mast bo‘lib qolar,
Gul taqqanda daraxtlar shoxi.
Tashrifinga sumalak solar
Qiz-ayollar, o‘tli nigohi.

Armonlar ham erib ketadi,
To‘lib-toshib oqadi soylar.
Yalpizlaring terib ketadi,
Gul shoxingdan yuzi chiroylar.

Vasling aro tug‘ilar olam,
Tuproq uzra unib chiqar nish.
Seni qancha bitmasin qalam,
Bir maysangcha bo‘lolmas olqish.

Hayot sendan boshlanar doim,
Xayol uchar bog‘laring aro.
Izlaringni bosar har odim,
Umrimizga berarsan oro.

Bugun tongni quchoqlagayman,
Xuddi sendek olamni suyib.
Har bir jondan so‘roqlagayman,
Sen haqingda sevgingni tuyib.

Balki, qushlar tinmay sayraydi,
Jilg‘alarda tinmay oqar suv.
Seping uzra endi yayraydi,
Qir-adirni to‘ldirib suruv.

Kelinchakdek bezanmish bog‘lar,
Bu dunyoni etgancha maftun.
Hatto erib ketmoqda tog‘lar,
Mehr nuring tushgani uchun.

Men vaslingga intizor oshiq,
Nafasingdan xushhol mastona.
Quchganimcha bag‘ringni issiq,
Bolaligim qo‘msayman, Ona!..


Hamid IKROM
Hamidjon Ikromjon o'g'li Pozilov
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊2
BAHOR YOMG‘IRI

Men bahorni yaxshi ko‘raman,
Mo‘l-ko‘l bo‘lar hayot ne'mati.
Har nahorda cho‘milar Zamin,
Yog‘iladi Alloh rahmati.

Tong – musaffo, qara, naqadar,
Go‘daklarning yuzidek havo.
Nafasidan esar muattar,
Yangrar yana bog‘larda navo.

Tomchilarda hayot yog‘ilar,
Har zarraga berganicha jon.
Osmon tuynugidan yog‘dular,
Sochiladi yerga bearmon.

Jilg‘alarda shoshadi bahor,
Sabolarda erkalab gohi.
Qo‘shiq aytar sevinchdan anhor,
Qo‘shilganda bulutlar ohi.

Men bahorni yaxshi ko‘raman,
Unda porlar o‘zgacha Quyosh.
Men nahorni yaxshi ko‘raman,
Har tong qalbim uyg‘onadi yosh.

Mayda-mayda yo‘llarimga yog‘,
Zamin uzra bo‘lgin hayotbaxsh.
Guldan libos kiyib olgan bog‘,
Sen tufayli go‘zal va dilkash.

Men yomg‘irni yaxshi ko‘raman,
Yomg‘ir meni erkalar asta.
Tongdan tongga xayol suraman,
Novdalardek bo‘lib orasta.

Samolarning sevinch yoshi bor,
Shodlik unar tuproq ostidan.
Tabiat ham diydoriga zor,
Qovushgandek oshiqlar rostdan.

Chindan ajib bahor yomg‘iri,
Undan hech kim topmaydi ozor.
Ko‘kdan yerga tabiat siri,
Aytiladi shu taxlit takror.


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o'g'li
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊3
BAHOR TAROVATI

Umrning eng go‘zal fasli nabahor,
Dillarning olamga yoyilgan rozi.
Qushlarning navosi yangragan nahor,
Bilginki, uyg‘onar tabiat nozi.

Hayot quvonchiga yam-yashil zamin,
Qushlar parvoziga kerak keng osmon.
Kelajak kemasi kezishi uchun,
Urushlardan holi bo‘lsin bu makon.

Uyg‘onar dildagi sirli sinoat,
Har bir gul ostidan ungan kurtakda.
Qadamlari ortga yurmagan soat,
Bugun bir on to‘xtab o‘tsin yurakda.

Qozonlar osilgan, bayramu to‘ylar,
Har lahza shodlikni kuylar betakror.
Keksalar ham bugun boladek o‘ylar,
O‘ynar shamollarda orzular bedor.

Gulgun yuzlar kulgu, sevinchdan porlar,
Quyosh tafti asta mehrin sochadi.
Gohi yomg‘ir yog‘ib, bizlarni chorlar,
Yam-yashil vodiylar sirin ochadi.

Nastarin va jambil, rayhon, yalpizlar,
Yana taratadi xushbo‘y tarovat,
Gul taqqan novdadek yasangan qizlar,
Tabiat sehridan olar harorat.

Umidlar qaytadan yozadi kurtak,
Bulutlar kemasi suzadi oppoq.
Ruhim parvoz qilar yanada yuksak,
Bahor, go‘zallikdan berasan saboq.

Sen-la, tug‘ilamiz qayta dunyoga,
Qolmaydi olamda tabiat jonsiz.
Qish zaxmini to‘kib tog‘lar daryoga,
Nahor shabnamida uyg‘onar ongsiz.

Men sening izingdan izlayman faqat,
O‘n beshinchi yilning mart chaqalog‘in.
Dunyoga kelgandi shoir tabiat,
Balki shundan ko‘klam ochdi qarog‘in.

Nazm bog‘i aro eng nafis gullar,
Qushlar xonishida ochilar chaman.
O‘tmasin shu taqlid necha ming yillar,
Seni oshiqlardek intiq kutaman.

Seni sevmagan el bo‘lmasa kerak,
Seni sog‘inmagan biror-bir yurak.
Zaminning turfa xil suratin chizgan,
Yaratib ranglardan rangin kamalak.

Bahorim, bog‘ingda bog‘boning bo‘lay,
Sendan nafas olgan har biri novda.
Qaldirg‘och in solgan ayvoning bo‘lay,
Aslo qoldirmagin qor-u, qirovda.


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o'g'li
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊4👍1
Forwarded from HAMID IKROM (Hamid Ikrom)
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!
21-Mart Navro‘z ayyomi bilan chin yurakdan barchangizni muborakbod etamiz. Navro‘z yangilanish, yasharish, qayta tug'ilish kuni. Ushbu kunda sizlarga dunyodagi eng ezgu va pok niyatlar armug'on bo'lsin! Barcha orzu-maqsadlaringiz amalga oshishida tilakdoshmiz! Shunday ajoyib, fayzli kunlarda uzoq-umr, sixat-salomatlik, oilaviy tinchlik-xotirjamlik va baxt-saodatda umrguzaronlik qilishlik barchamizga nasib aylasin!
Yana bir bor bayram muborak bo‘lsin!
🌹🌸🌹🌸🌹🌸🌹🌸🌹🌸🌹🌸🌹🌸

XUSH KELDING NAVROʻZ!


Kirib kelmish Navroʻzi olam,
Baxtga toʻla orzular bilan.
Guldan libos kiyganda koʻklam,
Qushlar zavqli kuylaydi oʻlan.

Zamin uzra esmoqda hidi,
Har novdada, har bir giyohda.
Har irmoqda oqar umidi,
Yangi hayot boshlab sabohda.

Senda yayrar yurak qush kabi,
Samolarda qilgancha parvoz.
Tabiatning asl matlabi,
Umrimizga beradi pardoz.

Doshqozonda qaynar sumalak,
Dalalarda unadi rizq-roʻz.
Tovlanadi rangin kamalak,
Onam kabi hayotbaxsh – Navroʻz!


Hamid IKROM
🕊4
Forwarded from HAMID IKROM (Hamid Ikrom)
Assalomu alaykum, azizlarim!
Sizni va siz orqali barcha oila a'zolaringizni qutlug' "Ramazon Hayiti" bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman! Sizlarga sog'lik-omonlik, oilaviy tinchlik-xotirjamlik, dasturxoninggizga qut-baraka, kasbu koringizga ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolaman! Ramazon oyida ixlos ila tutgan ro'zalaringiz va qilgan solih amallaringizni Alloh dargohida qabul qilsin, ilohim!
Yana bir bor Hayit bayramingiz muborak bo'lsin!


Sizga hurmat va ehtirom ila,
HAMIDJON IKROMJON O'G'LI POZILOV
JIMJITLIK

Osmonga bo‘ylashgan cho‘qqilar aro,
Mening gung yoshligim uchib ketmoqda.
Sarobga joylashgan yomg‘irsiz sahro,
Maxzun bulutlarin intiq kutmoqda.

Ishtiyoq yonmoqda shijoat bilan,
Ko‘k ham olovini sochmoqda shitob.
Orzulari ila so‘nmoqda bir tan,
Faqat unda qoldi tundagi mohtob.

Sevdi, muhabbatin abadiy ko‘mib,
Tilini tishida ezgancha, besas.
Ufqqa tikilib, xayolga cho‘mib,
Kuzgi yaproqlardek olmoqda nafas.

Soniyalar o‘tar yillardek og‘ir,
Ahir, o‘tib bo‘ldi umri ham zumdek.
Ortiga boqarkan vijdoni og‘rir,
Iymoni ketmoqda suv tekkan qumdek.

Nahotki boy berdi butun hayotin,
Shu sarob orzular sari chopgancha.
Kim edi do‘st bo‘lib ko‘ringan xoin,
Yana shundek yanglish yashagan qancha?!

Yo‘llarim sochimda ko‘ringandek oq,
Ko‘rinsa, qaniydi olardim taskin.
Ko‘nglim hech yorishmas yoqsamda chiroq,
Oysiz tun qo‘ynida yotibman sokin.

Sukunat hukmron, sadosiz borliq,
Hatto shildiramay oqmoqda suv ham.
Balki, qabristondir G‘azo ham to‘liq,
So‘nggi manziliga yetgandek olam.


Hamid IKROM
Hamidjon Ikromjon o‘g‘li Pozilov
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊3👍1
JANNATIM – ONAM!

Ona degan so‘zda olam mujassam,
Onajon, yo sizdan tug‘ilgan olam.
Go‘zallik topilmas mehringizcha ko‘p,
Yaralmish osmondek bu qalb muazzam.

Jonimiz og‘risa jonini tutgan,
Sho‘xlik, tashvishimiz horitgan biram.
Shunda ham baxtimiz orziqib kutgan,
Jannatim, yagonam, munis, mukarram!

Aziz joningizdan jon qarz olib biz,
Bag‘ringizda unib o‘sgan bir nihol.
Sizda fidoyilik, sadoqat yolg‘iz,
Tuproqdek xokisor yashagan timsol.

Odamlar ko‘ziga ko‘ringan shodlik,
Yuzida kulsa ham, ichi to‘la g‘am.
Hayot sinovlari qilsa bedodlik,
Qaddini tog‘lardek tutgan mustahkam.

Onam, daryo kabi bardoshli, vazmin,
Quyoshdek betinim, doim bag‘ri cho‘g‘.
To kamol topguncha bo‘lgancha zamin,
Farzand iqboliga tutib turgan tug‘.

Orzulari oydin, oqko‘ngil, oqil,
Ko‘plarni haq yo‘lga solgan muallim.
Naqadar nurafshon, nafis va sarxil
Bilim durlaridan bergansiz ta’lim.

Bolalari kabi naqd yuzlab yoshga,
Mehribon onayu, ham g‘amxo‘r ustoz.
Nolimay, kam demay bir oz maoshga,
Kasbini muqaddas deb bilgan jonboz.

Neki kasb qildingiz – luqmayi halol,
Pok niyat, ezgu ish, toza iymonda.
Shirin tashvishlarni surgancha xayol,
Navqiron yoshlik ham qoldi armonda.

Bugun yaxshi-yomon kunlarni eslab,
Balki umringizdan bo‘larsiz rozi.
Butun hayotingiz eng ulug‘ matlab –
Savob amalingiz bosar tarozi.

Ulg‘aydik, siz kutgan keldi o‘shal dam,
Qanotingiz bo‘lib uchmoqqa shaymiz.
Keksalik gashtini suring xotirjam,
Allohdan rizolik, umr tilaymiz!

Endi yelkangizni ezmasin qayg‘u,
G‘am-g‘ussadan holi qilingiz parvoz.
Ka’bada bo‘lmoqlik – eng oliy tuyg‘u,
Bu baxtdan, volidam, bo‘ling sarafroz!


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
Qo‘qon universiteti talabasi
4👍1
O‘TINCH

Bu shunday zamonki, zabonsiz tillar,
Ming xil ohanglarda so‘zlaydi oyna.
Bir biridan yiroq bo‘lsada ellar,
Oqu qora birga ko‘rinar yana.

Ko‘z ochib yumguncha chaqirar azon,
Bir on qo‘ng‘iroqning chalinar bongi.
Qaydadir dengizdek musaffo osmon,
Qaydadir quyoshsiz otmoqda tongi.

Kimdir g‘alabadan mag‘rur va masrur,
Kimdir g‘azab bilan dod solar giryon.
Kimdir och, yalong‘och bo‘lishar mashhur,
Kimlardir to‘qlikda qilishar isyon.

Po‘lat qanotlarda uchar sovuq ruh,
Qaylarga elitar qo‘rquv va daxshat.
Hamon sarson bo‘lar tinchlik degan sulh,
Olamni bulutdek kezarkan vahshat.

Ko‘kda ham, yerda ham hasad olovi,
Yurakni ezadi qora bulutlar.
Dunyoni qaritar urush sinovi,
Qayda avtobusdek qatnar tobutlar.

Sakson yil urushning sovuq nafasi,
Ichimdan chiqmoqqa shay turgan vulqon.
Vasvasa qiladi shaytonlar sasi,
Pishib yetilganda nafs degan o‘pqon.

Zamin bor budini berdi odamga,
Odam ham betinim oqizmoqda qon.
Bu ko‘hna tuproq ham ko‘ndi motamga,
Shaharu qishloqlar bo‘ldi qabriston.

Yashaydi Sharqu G‘arb bo‘lingandek oy,
Bu avlod Odam va Havo farzandi.
Hobildek mo‘minlar yashar, hoynahoy,
Qobildek qotillar nafsiga bandi.

Bu taqdir azaliy, bitilgan Haq so‘z,
Jannatdan quvilgan iblis nayrangi.
Qanoatli bo‘lsa, hayoli har ko‘z,
Qonga belanmasdi olamning rangi.

Kamina Allohning ojiz bir quli,
Ikromi oldida hamd aytishga qarz.
Har ishda bo‘lmasa Rahmonning qo‘li,
Allaqachon olam ketar edi darz.

Kurashing, faqat va faqat or uchun,
Kurashing, yengilmang kufr yoviga.
Kurashing, Haq So‘zi bo‘lguncha ustun,
Qurboni bo‘lmangiz nafsning oviga.

Bu urush tugamas qiyomat qadar,
Ey, Odam avlodi, qurolingni ol!
Ilmsiz dunyodan o‘tma darbadar,
Usiz iymoning ham topmaydi kamol.

Qanoat, sabr va shukr quroli,
Iblisni falajlab qo‘yar, ehtimol.
Go‘zal xulq, chin ixlos, taqvo qiroli
Mo‘minning qalbida bo‘lmasin zavol.

Keling do‘st bo‘laylik, bag‘ri keng dunyo,
Faxshdan yuz buramiz ko‘rgandek moxov.
Yolg‘onlar yo‘qolur, o‘ng bo‘lur ro‘yo,
Mazlumlar kuylaydi, zolimlar soqov.

Jahon urushlardan bezdi begumon,
Jahonga kerakmas g‘olibu mag‘lub.
Xotirjam yashaylik, endi tinch-omon,
Bu — olam o‘tinchi yozilgan maktub.

Hamid IKROM
Hamidjon Ikromjon o‘g‘li Pozilov
Qo‘qon universiteti talabasi
🔥21
ONAMSAN, VATAN!

Osmonim kechalar yongan to‘lin oy,
Yo olis yulduzlar sochganda chiroy.
Betinim dalamga oqayotgan soy,
Ruhimga jon o‘zing, onamsan Vatan!

Shirin tushlarimda momom allasi,
Bobomning namozga qoyim pallasi.
Dehqonim uyqusiz yiqqan g‘allasi,
Tuganmas don o‘zing, onamsan Vatan!

Umidim tongida porlagan oftob,
Har vaqt Robbim sari chorlagan mehrob.
Manguga nur bo‘lib yoritar Kitob,
Haq So‘z - Qur'on o‘zing, onamsan Vatan!

Balki, ajdodlarim qonisan ulug‘,
Temurning qo‘lida hilpiragan tug‘.
Ming yillik tarixga qadalgan urug‘,
Turkiy xoqon o‘zing, onamsan Vatan!

G‘animga bo‘ysunmas To‘maris misol,
To‘qson alp qoshida yengilmas timsol.
Sevgi va sadoqat bobida qirol,
Sharafu shon o‘zing, onamsan Vatan!

Qushday ozodligim bo‘lib qil parvoz,
Dildan muhabbatim yangragan ovoz.
Shoir, yuragingda qasidangni yoz,
Buyuk doston o‘zing, onamsan Vatan!

Gohi jim turib ham, sevishing mumkin,
Gohi qanot qoqib uchasan erkin.
Bir kun shu tuproqda topasan taskin,
Qutlug‘ oshyon o‘zing, onamsan Vatan!

Suv sepib poyingni yuvgan kelinchak,
Yalpiz va rayhonlar ungan gul, chechak.
Alpomish ulg‘aygan zamin belanchak,
Yeru osmon o‘zing, onamsan Vatan!

Bugun kechagidan shiddatli zamon,
Balki tug‘ilmoqda har uyda Cho‘lpon.
Navoiyni o‘qir butun bir jahon,
O‘zbekiston o‘zing, onamsan Vatan!

Hamid IKROM
Hamidjon Ikromjon o‘g‘li Pozilov
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊2
UMR

Bir kungina yashar kapalak,
Go‘yo inson orzularidek.
Olam zavqin ulashar yurak,
Qirning jayron ohularidek.

Uchar yengil chaman ichra yel,
Gul bo‘yiga bo‘lganicha mast.
Umr asli bir muddat sayil,
Boqiy dunyo bir kunichamas.

Chopayotgan vaqt misli tulpor,
Chin hayotga oshiqar tinmay.
Agar bilsang, oshiqlar bedor,
Bu hayotni yashar botinmay.

G‘iybatlari oxirat g‘ami,
Istaklari beqiyos jannat.
To‘lmas sira bu dunyo kami,
Bari bir kun ketar omonat.

Yor vasliga intizor bo‘lgan,
Oshiq jonning ko‘rgin holini.
Go‘zallikka ijodkor bo‘lgan,
Simiradi gullar bolini.

Do‘stlashaylik, kelgin kapalak,
Baxting nedir?! Sirlaringni ayt!
Menga sendek hamhona kerak,
Tashlab ketma yolg‘iz ketar payt!

Hamid IKROM
🕊2
MAKTABIM

SHodligimiz shirin onlari,
Senda o‘tdi ko‘ngil nurafshon.
SHo‘xligimiz hayajonlari,
Senda qolib ketmoqda, ishon!..

Ey, men uchun hamdo‘st, qadrdon,
Yuzin bo‘yab to‘ymagan, partam.
Senga boshim qo‘yganda qachon,
Menga g‘amxo‘r bo‘lgansan har dam.

Sinfimizning har bir yerida,
Qoldi yoshlik xotiralari.
Ustozimiz qalbim to‘rida,
Qadri ortar kun o‘tgan sari.

Bir jon edi sinfdoshlarim,
Orzulari beg‘ubor, beg‘am.
To‘kilmoqda sog‘inch yoshlarim,
Hislarimni chizarkan qalam.

Ustozlarim tanbehlarida,
Kelajagim yo‘li bor ekan.
Har bir saboq, tashbihlarida,
Yozilardi kemamda yelkan.

Ilk chalingan qo‘ng‘irog‘idek,
So‘ngi dam ham portlar ko‘kragim.
Bu dargohga kirgan chog‘imdek,
Eslaganda, chopar yuragim.

Uchurgancha ketdi shamollar,
Har yerlarga qumdek sochildik.
Daraxt bo‘ldi ekkan nihollar,
Yashnadik ham, guldek ochildik.

Sumka osgan jajji bolalar,
Takror yurar men bosgan izga.
Har bahorda terib lolalar,
Balki, mendek berar bir qizga.

Tug‘iladi sen-la, ilk sevgi,
Tugiladi kelajakka ahd.
Balki, sendan suv ichgan sezgi,
O‘sha qizdek yurtga berar baxt.

Qayda bo‘lmay eng aziz oshyon,
Sen tomonga chorlar matlabim.
Muhabbatim o‘zinga ayon,
Matonatli onam — maktabim.

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊4
"Ko‘ngil chirog‘i" mavzusida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

🏫 Qo‘qon universitetiga O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim va navoiyshunos Olimjon Davlatov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv Qo‘qon universiteti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo'limi va O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti Farg‘ona mintaqaviy filiali hamkorligida tashkil etilib, unda so‘z olgan adabiyotimiz darg‘alari Qo‘qon adabiy muhiti, kitob mutolaasi, avvalgi va hozirgi zamon she'riyati, talabalarga yaratilgan bugungi kundagi imkoniyatlar to‘g‘risida aytib o‘tishdi. Shuningdek, o'z ijodlaridan namunalarni talabalarga o‘qib berishdi.

Batafsil: https://telegra.ph/Kongil-chirogi-mavzusida-ijodiy-uchrashuv-bolib-otdi-05-27

👆Eslatib oʻtamiz, Qoʻqon universitetida 2024/2025 oʻquv yili uchun QABUL BOSHLANDI!

📁 Hujjatlar Qo‘qon universiteti Axborot-kutubxona markazi binosida offlayn va http://qabul.kokanduni.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi.

👨🏻‍💻 Axborot-maslahat markazi (call center) 🔽
📞+99873 545 44 44;
📞+99873 545 55 55.

📍Manzil: Qo‘qon shahri, Turkiston ko‘chasi, 28-a uy, Axborot-kutubxona markazi binosi.

🌐Web-site🕊Telegram|📱Facebook|📱Instagram|📺YouTube
Gulxan atrofidagi qizgʻin ijodiy mushoira boʻlib oʻtdi

🏫 Qoʻqon universitetida "Ma'rifat ulashib" loyihasi doirasida gulxan atrofida unutilmas mushoira boʻlib oʻtdi. Mazkur mushoira Qoʻqon universiteti hamda O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti Farg‘ona mintaqaviy filiali hamkorligida tashkil etildi.

Talaba yoshlarni adabiyot va sheʼriyatga oshno qilish ularni isteʼdodini roʻyobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan kechada Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim oʻz ijodidan parchalar oʻqib, oʻz oʻrnida yosh iqtidorli talabalar ijodidan, kuy va qoʻshiqlaridan bahramand boʻldi.

🔠 Bir soʻz bilan aytganda, gulxan atrofida ijodkorlarni jamlagan kecha oʻzgacha fayz va tarovatni baxsh etdi, adabiyotga boʻlgan mehr va muhabbatni ifoda etdi.

🌐Web-site🕊Telegram|📱Facebook|📱Instagram|📺YouTube