MUHAMMAD IBROHIM
65 subscribers
210 photos
19 videos
3 files
18 links
Qalbim hamon eslaydi shodon,
Yoshligini unutgan dema.
Kõz oldimda bõlar namoyon,
Men qamishdan yasagan kema...
Download Telegram
YANGI YIL TILAGI

Yangi yil kelajak eshigin ochar,
Yangi yil orzular nurini sochar.
Umidlar uyg'onar, armonlar qochar,
Senda umr qolar qo'lin silkitib.

Yangi rejalarga to'lar har yoning,
Suvlar oqaverar oldga daryoning.
Bir yilga ulg'ayar umri dunyoning,
Menda hislar qolar qalbim to'ldirib.

Zamon oshiqmoqda manzili tomon,
Insonlar samoda uchmoqda hamon.
Kimlarga yer talash, kimlarga osmon,
Qorda izlar qolar sabring to'ldirib.

O'tayotgan kuning tarix kitobi,
Kutayotgan tuning tongning sarobi.
Sira to'xtamaydi vaqtning shitobi,
Yorni izlar ko'zing juda sog'inib.

Qirovlar qo'nganda daraxt shoxiga,
Olovlar so'nganda qishning ohiga.
Yalovlar tushganda dushman chohiga,
Oring qizlaringni asra ishqilib.

Samoni to'ldirib bulutlar suzar,
Ummon to'lqinida dovullar kezar.
G'iybatlar gohida dilimni buzar,
Zorim ezgulikni kelma qoldirib.

Har yer, har yerlarda urush nafasi,
Bolalarga sovg'a - hadik qafasi.
Endi kelaqolsin tinchlik bekasi,
O'tkinchi dunyoni holi qoldirib.

Mehr-oqibatdan qurimas ko'llar,
Mayli bog' bo'lmasa azaliy cho'llar.
Aslo og'rimasin xayrli qo'llar,
Iymonni qalblarga kelgin to'ldirib.

Ishq o'ti eritar muz yuraklarni,
Duoda aytamiz xush tilaklarni.
To'ldirsin oppoq qor bo'sh falaklarni,
Yangi yil xalqimga sog'lik olib kel!
Yangi yil olamga tinchlik bo'lib kel!

Hamid IKROM
2
YANGI YIL

Yangi yil orzular eshigin ochar,
Ko‘ngilga umidbaxsh yog‘dular sochar.
Dilim yayrar, undan g‘am-qayg‘u qochar,
Seni intiq bo‘lib kutar odamlar.

Kimga armon bo‘ldi ortda qolgan yil,
Kimga darmon bo‘ldi ortda qolgan yil,
Kimga arzon o‘tdi ortda qolgan yil,
Kimga sarson bo‘ldi ortda qolgan yil.

Aslo o‘ksimagin yana bor imkon,
Yangi umidlaring tug‘ilar shu on.
Shodlik quchoqlasin seni har zamon,
Yangi yil yetaklar maqsading tomon.

Qara, bezatilgan ko‘m-ko‘k archalar,
Huv ana chiroqlar, rangli sharchalar.
Mening, sening orzu-umidlaringdek,
Uchib kelayotir oppoq parchalar.

Unda ezgulikdan maktublar bisyor,
Shodlik uni o‘qir kunu tun bedor.
Go‘yo hayotimiz fayzi ushbu kun,
Barcha tilaklarin qiladi oshkor.

Bizga baxt olib kel keng osmon qadar,
Salomatlik, tinchlik, mehru oqibat.
Senda yil boshlanar chog‘i naqadar
Ortib ketar bizda hayru sahovat.

Bu kun o‘zgacha bir chehralar gulgun,
Bu kun yangi davr eshik ochmoqda.
Yangi yil kirmoqda yonadi uchqun
Yulduzlar orzular nurin sochmoqda.

Yangi yil tilaklar ro‘yobi bo‘lsin,
Mehnatdan bilaklar tolmasin sira.
Yangi yil go‘daklar sog‘lom tug‘ilsin,
Ulardek bu olam bo‘lsin bokira!


Hamid Ikrom
Hamidjon Pozilov Ikromjon o‘g‘li
Qo‘qon universiteti talabasi
2
ENG OLIY NE’MAT

Umrimiz shamolday yelib chopmoqda,
O‘tib borayotgan har on bir tarix.
Go‘yo bir shom kirib yilni yopmoqda,
Bu tun orzularni biturmiz fasih.

Boladek ko‘nglimiz xayollarga boy,
Loladek sochilgan qir-adirlarga.
Go‘yo ortimizdan chopayotgan oy,
Nurida bir sir bor chin taqdirlarga.

Bugundan boshlanar kelajak hayot,
Baxtli onlarimiz turibdi kutib.
Yillar biz tomonga silkitib qanot,
"Alvido..!" degancha yo‘llaydi maktub.

Niyatlar to‘kilar bo‘lib oppoq qor,
Archalar shoxidan taraladi nur.
Hamma qalb qo‘rini qilgancha izhor,
Ajib tuyg‘ulardan oladi huzur.

Go‘dak ko‘zlaridek boqmagin hayron,
Zavq olib yashagin, bu on g‘animat.
Mehr-oqibatga to‘lganda har yon,
Shukrona ayt, shodlik – eng oliy ne’mat!


Hamid IKROM
(Hamidjon Ikromjon o‘g‘li Pozilov)
🕊2
NURLI MANZIL

Orzularim qanotida qilaman parvoz,
Osmonlarim boshlar nurli manzillar tomon.
Oftoblar ham qo‘nayotir boshimga qish-yoz,
Oliygohim, berayapsan bizlarga imkon.

Tunu kun boshimni egding haq so‘zga,
Tafakkur olami olmaydi orom.
Tasalli beraman uyqusiz ko‘zga,
Talabalik, deyman eng oliy maqom.

Saodat eshigin ochaman,
Soat ham bong urar shu onda.
Sirlarni samoga sochaman,
Sayohatga ketar zamonda.

Allohim, o‘tinchim – bergin omonlik,
Agar zulmatlarda qolsam-da, o‘zim.
Azaliy jaholat – so‘nsin yomonlik,
Azob, sinovlarga tilayman to‘zim.

Ummonlarning qaridadir qancha sinoat,
Umrimiz ham ochilmagan, sirlarga boy dil.
Umidingni so‘ndirmagin so‘nggi dam faqat,
Ustozlarning ilm yo‘li – eng yorug‘ manzil.

Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
🕊2
MUQADDAS BURCH

Har qarich tuprog‘ing mo'tabar, aziz,
Mardlarning tunu kun bedor yuragi.
Vatan sadoqati oldida ojiz
Qolar yovning yerga tegib kuragi.

Sarhadlaring uzra nur sochar quyosh,
Tinchlikdan oladi bu zamin nafas.
Suyanchiq va tirgak, sergak har bir yosh,
Bor ekan toptamas seni hech nokas.

Jaloliddin, Bobur o‘g‘lonlaring bor,
Aslo qaro bo‘lmas onalar baxti.
Yurt tuzgan Temurdek sultonlaring bor,
Dunyoni boshqargan adolat taxti.

Orombaxsh o‘tarkan osuda, sokin,
Shirin orzularga cho‘milib kecha.
Turmushi farovon, ozod va erkin,
Yashaymiz bu yurtda shod, xurram barcha.

Osmoni musaffo yulduzlarga boy,
Ajdodlari bo‘lgan dunyoga mashhur.
Bu zamin kundan kun olarkan chiroy,
Keksa-yosh qalbida ortadi surur.

Bu baxtni asramoq oliy tilagi,
Bunga ahd qilmoqlik eng ulug‘ sharaf.
Shu yurt deb yigitning yonar yuragi,
Har bir amalimda keltirsin deb naf.

Vijdoni pokiza, sadoqati chin,
Pahlavon, yengilmas jasur posbonim.
Sizdan qanot olar burgutu lochin,
Siz bor Quyoshlidir butun osmonim.

Xizmatingni qilmoq sharafu, shonim,
Doim ozod, obod bo‘lsin bu makon.
Senga muhabbatim – toza iymonim,
Muqaddas Ka’bamsan, hur O‘zbekiston!


Hamid IKROM
Hamidjon Pozilov Ikromjon o‘g‘li
Qo‘qon universiteti talabasi
🎉1🕊1
#ijod_vaqti

SOG‘INCH

Tong sabosi kabi esar xayolim,
Yuragimda yashar sog‘inch savdosi.
Bolaligim osmonisan iqbolim,
Vodiylarda o‘chmas ko‘ngil sadosi.

Quyoshdayin nuri har vaqt uyg‘otar,
Eritgancha asrga teng muzlarni.
Ummondagi to‘lqinlardek to‘lg‘otar,
Yumib bo‘lmas orzu to‘la ko‘zlarni.

Bulbul nolasida mening dardim bor,
Tikonzor bog‘larning xur shohi o‘zim.
Tuproq ko‘chalarda changitib bedor,
O‘tgan bolalagim olislarda jim!

Men seni sog‘indim judayam intiq,
Onasini kutgan yetim boladek.
Gohida tushimda, o‘ngimda oshiq,
Umidi har bahor ungan loladek…


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊2
#ijod_vaqti
NURLI SIYMO


Kitobimni asta varaqlab,
Ko‘zim tushdi nurli siymoga.
Ong, shuurim ketdi charaqlab,
O‘yga cho‘mdim boqib samoga.

Navoiyda yuksak iste'dod,
Adabiyot mulki behisob.
Jaholatdan dunyoni ozod
Qilar undan qolgan har kitob.

Asrlarkim, aziz, mo‘tabar,
Yod etamiz u zot nomini.
Asarlari olamni bezar,
Taratgancha dur in'omini.

Quyosh kabi nur sochar hamon,
Yulduzlardek behisob, sirli.
Mana shuncha o‘tsada zamon,
Har bir satri qolar ta'sirli.

Payg‘ambarga bo‘ldi umri teng,
Haq ishqida yashadi yonib.
Yaratganning marhamati keng:
So‘z mulkini berdi ishonib.

Bitdi minglab g‘azallar, hatto
Sanamoqqa ojiz kamina.
Terilgandek marjon, bexato
SHoh baytlarga to‘ldi xazina.

Endi uni o‘qimoq kerak,
Uqmoq kerak har bir ma'nosin.
Ma'naviyat yuksalar beshak,
Gar kuylasak shoir navosin.


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
Qo‘qon universiteti
04.02.2024-yil
🕊3
#ijod_vaqti
NAVOIY RUHI


Necha asr oʻtgan boʻlmasin,
U qoldirgan tugamas meros.
Necha qasr oʻti soʻnmasin,
Uning tafti hamon beqiyos.

Karvonlarning izi qolmadi,
Lekin uning qalam izi bor.
Dovonlarning muzi qolmadi,
Navoiyning olam soʻzi bor.

Tunda balki porlamas quyosh,
Lek shoirning soʻnmas ziyosi.
Har kimda ham tugaydi bardosh,
Uning yashar komil dunyosi.

Cheksiz emas balki koinot,
Hadsiz erur ammo tafakkur.
Bir kun oʻtar bu foniy hayot,
Lek, yashaydi Navoiy magʻrur.

Ezgulikning goʻyo bulogʻi,
Simirasan, aslo toʻymaysan.
Firdavsdek yam-yashil bogʻi,
Koʻngilni hech uzib qoʻymaysan.

Shunchaki yod etmang soʻzini,
Yashang doim hikmatlarida.
Haykal qoʻymang, eslang oʻzini,
Oʻqib Qur’on oyatlarida.

Uning boqiy barhayot ruhi,
Kezar har bir oʻzbek uyida.
Ulugʻ siymo, soʻnmas shukuhi,
Yashar tirik shoir o‘yida.


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon oʻgʻli
Qoʻqon universiteti
09.02.2022-yil
👍3
Bahorning nafasi
(shoira Zulfiya xotirasiga)


Siz ila tabiat tug‘ilar yana,
Uyg‘onar hayotning umid onlari.
Sizdan boshlanadi bugungi sana,
SHoxlar taqib olmish baxt nishonlari.

Umr daftarining har sahifasi,
Yilda o‘zingizdek yozilar yangi.
Gulgun yuzlar aro bahor nafasi,
O‘nlab shoiralar intizor tongi.

Go‘yo ikki shoir maktublaridan,
To‘lib-toshib ketmish bog‘ novdalari.
Hamid Olimjonning maktablarida
O‘qishar Zulfiya nabiralari.

Sizdagi sevgida yorga sadoqat,
Hayot varaqlari xayol shomida.
Umrining so‘nggiga qadar, beshafqat
Sog‘inchdan halovat yo‘q oromida.

Intizor tonglarning quyoshli oni,
Birinchi mart deya uni olqishlar.
Ko‘klam zavqin kuylar qushlar zaboni,
Yana sizdek kimlar she'rlar o‘qishar.

O‘rik gullariga emasman xushtor,
Lek unda shirin bir xotiralar bor.
Sizda ko‘klamdagi bari fazilat,
Balki ulug‘ shoir, shungami iqror!

Bugun izingizda yuzlab gul yuzlar,
Sizga intilishar qaldirg'och kabi
Osmonimiz uzra yonsin yulduzlar,
Dunyo Zulfiyasin ko‘rsin, sababi!

Bahor tarovatin bog'larga sochar,
Totli tonglarimni qarshilar taftli.
Bugun gulg‘unchalar yuzini ochar,
Siz ila tug‘ilgan tabiat baxtli!


Hamid Ikrom
Hamidjon Pozilov Ikromjon o'g'li
Qo‘qon universiteti talabasi
1
#ijod_lahzasi

Qor yog‘ar...

Qor yog‘ar, iymondek pokiza,
Qor yog‘ar, armonlar erigach.
Qor yog‘ar, osmonning chokicha,
Haqning Rahmatiga erishgach!

Qor yog‘ar dillarni erkalab,
Qor yog‘ar, ko‘zlarda sevinch bor.
Ezgulik ulashib ertalab,
Yo‘llarga to‘shalmish oppoq qor.

Maylida, Allohning ne'mati,
Osmonning bag‘richa cheksiz qor.
Yil bo‘yi dehqonning zahmati,
Biroz tin olgani qishi bor.

Qir-u, adirlarda, tog‘larda.
Bo‘ralab yog‘aver oppoq qor,
Dala-yu, dashtlarda, bog‘larda,
Bo‘lsin hosillarga xirmon tor!

Daryo va soylarda suvlar mo‘l,
Oqadi bahorda, ilohim!
Zora to‘lib-toshib ketsa ko‘l,
Orolga nazar sol, Allohim!

Sen O‘zing yo‘qdan bor qilguvchi,
Qishmi, yozmi, bahor, kuzda ham!
Ertamiz taqdirin bilguvchi,
Berguvchi O‘zingsan shodlik-g‘am!

Yog‘ayotgan qorda ne sir bor,
Balki rizq-ro‘zimiz bepayon!
Barini xohlasang qil oshkor,
Foydalisin bergin har qachon!

Qor yog‘ar, umidli qalblar shod,
Orzular maktubin bitar yor.
Sog‘inchli dil rozi hur, ozod,
Parchalanib tushar beozor!

Unda sevgi to‘la poklik bor,
Unda dillashadi dilso‘zlar!
Yorni kutganimdek kutdim zor,
Yog‘ishing to‘rt bo‘lib bu ko‘zlar!

Kelajak yo‘lida oqlik bo‘l,
Istiqbolning oydin manzili.
Sendan so‘ng yashnasin dashtu cho‘l,
Iymonda so‘zlasin xalq tili!

Yog‘aver, poklikda surating,
Qadring shuning ila ziyoda.
Allohim cheksizdir qudrating,
Uni manfaatli qil dunyoda!

Sinoving haq erur, shiddat-la,
Birgina zarrangda ne xitob!
Bizlarga Rahm qil shafqat-la,
Bilamiz, Rahmating behisob!

Har bir qor parchasi sonicha,
Banda gunohlarin kech Alloh!
Iymon ber tugal jon onicha,
U bizga bo'lsa bas, chin hamroh!

Gumrohligimizning cheki yo‘q,
Undanda behisob Ne'mating!
Kechirguvchi O‘zing, ko‘nglim to‘q,
Qor-la, yog‘ilmish ko‘p hikmating!

Yog‘aver, oppoq qor, yog‘aver,
Haq yo‘lga hidoyat etsang, bas!
Diningda sobit qil, iymon ber,
Ezgulik yo‘lida bo‘lsin kas.

Qor yog‘ar dillarni erkalab,
Qor yog‘ar, ko‘zlarda sevinch bor.
Ezgulik ulashib ertalab,
Yo‘llarga to‘shalmish oppoq qor...


Hamid Ikrom
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊3👍1
AYOL - ALLOH NURI

Gohi sevinch porlar, gohida sog‘inch,
Gohida hayotning tashvishi ayon.
Ko‘zidan tomchi yosh to‘kmagan chog‘i,
Jim turib oh chekar bu qalbi giryon.

Dunyoni istamas, bor yo‘g‘i mehr,
Afsus, bu matohning qadri yo‘q hozir.
Mungli ko‘zlarida shunda ham sehr,
Shunda ham tabassum qilishga qodir.

Biz undan qarz ila olamiz hayot,
Lekin ojiza deb, suramiz nari.
Uning qalb qo‘rida ulg‘ayib, hayhot,
Qaraymiz gohida cho‘ri singari.

Ayol, kim o‘zi u, o‘ylamaymiz ham,
Ko‘chada ko‘ngilga izlaymiz xushtor.
Biroz dardlariga hamdardu, malham,
Bo'lishni o'ylamay beramiz ozor.

Yana yengiltak deb, qilamiz ta'na,
Avaylash o‘rniga, yog‘dirib toshlar.
Tirikchilik yukin ortamiz, yana
Devdayin erkaklar g‘iybatin boshlar.

Bola ulg'aygach so'ng ona begona,
Bundan ortiq zulm ko‘rmagan dunyo.
Tunlari uxlamay bo‘lsa parvona,
Shirin orzulardan topsa bir ro'yo.

Boshidan yechganda oriyatimiz,
Ko‘z-ko‘z qilmoq bo‘ldi ayol aslini.
Iymonimiz edi hamiyatimiz,
Asraylik bokira ayol naslini.

Bir gul erur asli ayol xilqati,
Uni nogoh uzib so‘litmoq tayin.
Bilgin, Yaratganning buyuk xil'ati,
Mehr, parvarishdan yashnar kun sayin.

Ayol bor, dunyoning umri bardavom,
Ayol bor, jamiyat topar baxt-iqbol.
Avvalo, ayolga ona deb, avom
Qarasa, jaholat bo‘lmas, ehtimol.

Beg'ubor, beozor qizaloqqa boq,
Bugun yonimizda turar erkalab.
Xizmatimiz qilar "labbay" deb, har choq,
Issiq non-choyimiz tutar ertalab.

Bir kun u bo‘ladi palaxmon toshi,
Bir kun ko‘zingizni ketar yoshlatib.
Har bir otaning ham qular bardoshi,
Ortidan ayoling qolar tosh otib.

Ana, endi o‘yla, zulm neligin,
Birgina firoqning o‘zi ming azob.
Ayolni xo‘rlashni ne deb atayin!?
Ayol — jannat uchun yaralgan kitob!

Islom nur sochgan kun — Ayollar kuni,
Qadrini tog'dayin tikladi Qur'on.
Muslima ayollar - dinning ustuni,
Undan tug'iladi har bir musulmon.

Allohning nuri bor ayol yuzida,
Ayol suratida — inson qudrati.
Masihdek jon ato etar so‘zida,
Hayot sinoviga — shukur ibrati.

Qadrli ayolim, mushtipar singlim,
Mehribon, qalb qo‘rim — onajon, qizim.
Baxtu saodatim bosgan izingiz,
Har on o'zingizdan olamiz ta'lim.


Hamid IKROM
Hamidjon Pozilov Ikromjon o'g'li
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊2
AYOLGA MAKTUB

Ne sinovlar yoshlaridan yogʻilgan yomgʻir,
Ne qirovlar boshlarida boʻlganda zohir.
Ne birovlar toshlaridan gʻiybati ogʻir,
Olam uchun ona boʻlgan mushtipar ayol.

Buyuklarning ortida sen boʻlgansan zoʻr kuch,
Munis qalbing ila butun olamlarni quch,
Orzularing osmonida yuksaklarga uch.
Odam uchun Havvo boʻlgan moʻtabar ayol.

Yovga boʻyin egmas Toʻmaris timsolida,
Yorga sadoqating Zulfiya misolida.
Mardlikda alpga teng Barchinoy kamolida,
Onam uchun hamdard boʻlgan dilovar ayol.

Dunyoga zeb berar chiroying olib bahor,
Visoling deb yonib, boʻy choʻzar Quyosh nahor.
Sen tomon talpinib oshiqar takror-takror
Bolam uchun hayot boʻlgan munavvar ayol.

Sening iforingcha yoʻq oʻzga totli ifor,
Lobar ruxsoringcha topilmas goʻzal ruxsor,
Sening nisoringcha, bizlarga boʻlmas nisor.
Koʻklam uchun kelinchaksan muattar ayol.

Menga tengsiz oʻzing, poyingdadir Jannatim,
Yor boʻl yolgʻiz oʻzing, ilk kelgan muhabbatim.
Menga dengiz oʻzing, tugʻilgan shijoatim,
Qalam uchun ilhom boʻlgan muzaffar ayol.

Hamid IKROM
Hamidjon Pozilov Ikromjon o'g'li
Qo'qon universiteti talabasi
🕊2
JANNATI AYOL

Ayol – biz bilmagan sirli mo‘jiza,
Ayol – haqiqatning eng baland tog‘i.
Kapalakdan hatto qalbi ojiza,
Lek kuchli siyrati onalik chog‘i.

Ayol – xayollarda yaralgan olam,
Ayol – ko‘ngillarning so‘zsiz malhami.
Sizdan ilhomlanib rang olar ko‘klam,
Tabassumingizdan uchar dil g‘ami.

Ayol – zamin uzra bo‘ldi nur xilqat,
Ayol – zamon uchun olmoqda nafas.
Odamda topilmas undagi xislat,
Hatto farishtalar qilsinlar havas.

Ayol – olam aro aziz mukarram,
Ayol – onadir-ki, hayotbaxsh oni.
Uning bag‘rida bu dunyo xotirjam,
Asrab avaylaylik jannat siymoni!


Hamid Ikrom
Hamidjon Pozilov Ikromjon o'g'li
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊2
ONA

Onalar poyida yotibdi Jannat,
Onalar royida dunyo-saodat.
Koʻngil saroyida ona bolasin,
Haqqiga saqlagan doim sadoqat.

Qirq jon deymiz qirqqa kirmay qaritib,
Halovatin tinmay undan aritib.
Umrining gullagan bahorini ham,
Mehnat-mashaqqatda qoʻydik horitib.

Dunyoda sizdayin bormi fidoyi?!
Orzulardan kechmas hatto sahroyi.
Yoshlik nafasidan toʻymasdan hali,
Bolangiz gʻamida yurdingiz, oyi!

Gohida erkamiz, sizni jerkamiz,
Koʻksingizni tigʻlab armon ekamiz.
Ulgʻaygach suyanchiq boʻlmasdan turib,
Yorga tutib, sizdan burdik yelkamiz.

Shunda ham bolam deb, duoda qoʻli,
Qayerda boʻlmasin sogʻ boʻlsa o'gʻli.
Ming azobda joni ogʻrib turganda,
Dardini yashirgan yuragi choʻgʻli.

Bugun bir gul emas, qir toʻla lola,
Toʻshasam arziydi onam poyiga.
Bir dona gul olib borsa ham bola,
Shodligi yetarkan osmon oyiga.

Allohdan yozilmish taqdiri azal,
Onalar berarkan Jannatga sayqal.
Koʻkdan yulduz olib marjon taqmassan,
Chin solih farzand boʻl, unga loaqal.

Koʻzidan seni deb oqmasin jola,
Koʻklarni tutmasin alamli nola.
Dilidan tilida roziman desin,
Koʻksida shodlik, baxt yashasin toʻla!


Hamid IKROM
Hamidjon Pozilov Ikromjon o'g'li
Qoʻqon universiteti talabasi
3👍1
Forwarded from MUHAMMAD IBROHIM via @like
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
8- Mart xalqaro xotin-qizlar
bayrami bilan yurtimizdagi
barcha xotin-qizlarni
samimiy muborakbod etamiz!!!

Bayramingiz bilan aziz ayollar!!!

Kanalimiz yigitlari nomidan
cheksiz hurmat bilan
Muhammad Ibrohim



@Muhammad_Rahmatullayev
🕊5
MOHI RAMAZON

G‘aribxonadagi sag‘ir bechora,
Murg‘ak go‘dak kabi kutdim har zamon.
Sog‘inchdan ichikdim pinhon-oshkora,
Onamsan — Qur'onim, mohi Ramazon!

Go‘yo himmat o‘zing, ofiyat o‘zing.
Haqqa chorlaguvchi eng go‘zal azon.
Qalbga lazzat o‘zing, oriyat o‘zing,
Oxirat bo‘stonim — mohi Ramazon.

Yonimda sodiq do‘st qish, kuz, yoz, bahor,
Umrimning har oni o‘zingsan mehmon.
Intizor tonglarni o‘tkazgan bedor,
To‘lin oy — iymonim, mohi Ramazon!

Do‘zax olovidan to‘silgan dunyo,
Tavba eshiklarin ochganda Darbon.
Insof, vijdon bo‘lsa, qilarsan hayo,
Kufrga isyonim — mohi Ramazon!

Mehru sahovatga to‘lib-toshgan oy,
Xayru barokotli, har uy dasturxon.
Keksayu yosh bari kutar, hoynahoy,
Iftorlik — darmonim, mohi Ramazon!

Kechalar umidvor namozda qoim,
Mag‘firat, hidoyat istar musulmon.
Sabru toqat ila nafsiga hokim,
Ro‘zador har jonim, mohi Ramazon!

Bahordek tashna dil yozar kurtaklar,
Sahovat yomg‘irin yog‘adi osmon.
Tuproqdek ko‘pchiydi mahzun yuraklar,
Oftobim — ehsonim, mohi Ramazon!

Rasululloh suygan saodat onim,
O‘nni ikki oyimga bo‘lganda sulton.
Zikru salovatda qalbim, zabonim,
Senga fido jonim, mohi Ramazon!

Ming oydan charog‘on porlar bir kecha,
Alloh rahmatiga to‘lar keng jahon.
Jannatda ochilur barcha daricha,
Izzatim — Rayyonim, mohi Ramazon!

Hayotim mazmuni, ulug‘ maslagim,
Savobga sarbonsan, gunohga qalqon.
Sahar va shom aro sensan tilagim,
Bo‘lmagin hijronim, mohi Ramazon!


Hamid IKROM
Hamidjon Ikromjon o‘g‘li Pozilov
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊32
NAVRO‘Z NAFASI

Navro‘z nafasida hayot topgan chog‘,
Umr bahorining ochilgan guli.
Nurdek yashar endi yashnab har bir bog‘,
Ko‘ngilda ezgulik ungan sunbuli.

Tabiat rozini aytar ushbu dam,
Sochadi, ochadi bor go‘zalligin.
Qancha qilmay ta'rif, unga bo‘lur kam,
Guldan novdalarga taqilgan nigin.

Insonlar qalbida tug‘ilgan Navro‘z,
Balki, yoshlik bo‘lur doimiy hamroh.
Sana'tin olamga qiladi ko‘z-ko‘z,
Yer yuzin u bilan qiladi uchmox.

Mehr-sahovatda qaynagan qozon,
Oqibat, do‘stlikning unar in'omi.
Qushlar navosida yangraydi azon,
Har bir mo‘jizaning bor unda nomi.

Muzliklar eriydi uning taftida,
Ariqlar bo‘yida jonlanar hayot.
Samodan suv olib tutar kaftida,
Chanqog‘in qondirib butun nabotot.

Qaldirg‘och qanoti qizlar qoshida,
O‘smalar tomganda nozli nigohi.
Bahor tarovati buloq boshida,
Bunchalar latofat bo‘lmasa gohi.

Qirlarda chopadi qo‘zi, qulunlar,
Yerlarni yopadi zangori gilam.
Uloqda yechilar g‘amli tugunlar,
Tuyoqlar ostida uyg‘onar ko‘klam.

Bolalar uyma-uy aytar boychechak,
Bolari tilida totli har bir gul.
Tinchlik, qut-baraka, qaynar sumalak,
Shoxda hayot zavqin kuylaydi bulbul.

Tandir to‘la onam yopgan ko‘ksomsa,
Adir to‘la, olam – qizg‘aldoq, lola.
Har giyoh labidan muhabbat tomsa,
Har qoya toshlardan shoshar shalola.

Quyosh nurlarida tovlanar billur,
Maysalar yuzini yuvganda shabnam.
Chamanda sayr etar kapalak masrur,
Sayr etar borliqni Navro‘zi olam!


Hamid IKROM
Hamidjon Pozilov Ikromjon o'g'li
Qo‘qon universiteti 4-kurs talabasi
🕊2
BAHORIM BORLIG‘IMSAN!

Navro‘z – bahor bayrami,
Kelinchak go‘yo zamin.
Tinmay shoir qalami
Madh qiladi otashin.

Qushlar zavqli kuylaydi,
Gullarga burkangan bog‘.
Sevinchdan qalb so‘ylaydi,
Tabiat uyg‘ongan chog‘.

Mehrin sochar quyosh ham,
Sehrin ochar Ona Yer.
Sog‘inganim shu – ko‘klam,
Sevgimdan yozdim bir she'r.

Shoirlar ko‘p bitgan xo‘b,
Senga atalgan ash'or.
Lekin meni bir bor o‘p,
Qalbimdan ketsin g‘ubor.

Shodlikdan ko‘ngil obod,
Bog‘larda tug‘ilar nur.
Senga maftun odamzod,
Sendan oladi huzur.

Navro‘z – bahor bayrami,
Dunyoda bo‘lsin tinchlik!
Xush yoqar tong shabnami,
Senda yashar go‘zallik.

Orzularga qanotsan,
Xayollarga keng osmon,
Tiriklikka sirotsan,
Har zamonda navqiron.

Bolalarning quvonchi –
Varrak tutgan shamolsan,
Har yurakning ishonchi
Har umrda qirolsan!

Bahor ketma uyimdan,
Uzoqlashmagin uzoq,
Ketmas aslo o‘yimdan,
Sen-la ungan qizg‘aldoq.

Har on yodimda sensan,
Senda tug‘ilar tonggim.
Bag‘ringda kular savsan,
Undan rang olar onggim.

Bahorim – Navro‘z o‘zing!
Nahorim – Navro‘z o‘zing!
Sarkorim – Navro‘z o‘zing!
Gulzorim – Navro‘z o‘zing!

So‘zimda qol bol kabi,
Seni sog‘inib yashay.
Hayotimning matlabi,
Sen-la, bo‘lmoq harqalay.

Sen abadiy yoshlikning,
Jamoli bo‘lib qolgin!
Olam uzra tinchlikning,
Timsoli bo‘lib qolgin!

Bahordayin har chehra,
Tabassum ila boqsin.
Hayot asli hazora
Gullardan nishon taqsin.

Muhabbatdan yaralgan,
Asli Navro‘zi olam.
Unda bog‘lar yasangan,
Bog‘boni ahli qalam.

Tog‘lardan kelgin shoshib,
Soylarda oqqin toshib.
Bog‘larda sabo bo‘lgin,
Hovlimga kirgin oshib.

Mening suyukli do‘stim,
Va yoki yorim bo‘lgin!
Sen ila shodon o‘sdim,
Bahorim – borim bo‘lgin!


Hamid IKROM
Hamidjon Pozilov Ikromjon o'g'li
Qo‘qon universiteti 4-kurs talabasi
🕊3
NAVRO‘ZI OLAM

Chehralarda shodlik, gulgun tabassum,
Tabiat oʻzini qilmoqda koʻz-koʻz.
Tugʻilar qaytadan goʻdakdek ma’sum,
Olamga oy kabi nur sochib Navro‘z.

Har bir giyohida umid kurtagi,
Turfa nozlanadi yana novdalar.
Zamin nigohida hayot ertagi,
Ko‘kdan yogʻiladi billur shodalar.

Asta bogʻlarini sayr etar sabo,
Gullar iforidan bo‘lganicha mast.
Shoxlarda bulbullar kuylar sho‘x navo.
Shohlardek koʻngilni qilgancha sarbast.

Samolardan quyosh boqar oʻzgacha,
Taftida zaminga boʻlib doyadek.
Oʻlanlar qoplaydi bahor, kuzgacha,
Baxmal vodiylarni ellab soyadek.

Oilamiz bilan qozon boshida,
Ezgu tilaklardan qilamiz taom.
Yillik armonlar ham koʻklam oshida,
Ostida oʻt boʻlib yonadi tamom.

Qanoti rang-barang uchgandek qushlar,
Bolalar qoʻlida oʻynar varraklar.
Qani, bo‘lmasaydi aslo urushlar,
Shodlik, zavqqa toʻlib ursa yuraklar.

Totuvlik ramzi boʻl, tinchlik matlabi,
Omonlik, obodlik, fayzu baraka.
Pokiza islomim – iymon maktabi,
Navroʻzim bosh boʻlgin toʻyu ma’raka.

She’rlar bitar sendan olgancha ilhom,
Shoir bogʻlaridan terib har bir soʻz.
Yaratgandan bizga boʻlasan in’om,
Shu qadar qadrli, onamsan Navroʻz!


Hamid IKROM
Hamidjon Pozilov Ikromjon o'g'li
Qoʻqon universiteti talabasi
🕊2
BAHOR

Lahzalarga teng umrim, asli,
Ko‘z ochib yumguncha o‘tadi.
Ostonamda go‘zallik fasli,
Uyg‘onishim intiq kutadi.

Samolarda minglab yulduzlar,
Nigohida sirli kelajak.
Shodlik aro necha gul yuzlar,
Tug‘iliboq uni ko‘rajak.

Balki birdan mast bo‘lib qolar,
Gul taqqanda daraxtlar shoxi.
Tashrifinga sumalak solar
Qiz-ayollar, o‘tli nigohi.

Armonlar ham erib ketadi,
To‘lib-toshib oqadi soylar.
Yalpizlaring terib ketadi,
Gul shoxingdan yuzi chiroylar.

Vasling aro tug‘ilar olam,
Tuproq uzra unib chiqar nish.
Seni qancha bitmasin qalam,
Bir maysangcha bo‘lolmas olqish.

Hayot sendan boshlanar doim,
Xayol uchar bog‘laring aro.
Izlaringni bosar har odim,
Umrimizga berarsan oro.

Bugun tongni quchoqlagayman,
Xuddi sendek olamni suyib.
Har bir jondan so‘roqlagayman,
Sen haqingda sevgingni tuyib.

Balki, qushlar tinmay sayraydi,
Jilg‘alarda tinmay oqar suv.
Seping uzra endi yayraydi,
Qir-adirni to‘ldirib suruv.

Kelinchakdek bezanmish bog‘lar,
Bu dunyoni etgancha maftun.
Hatto erib ketmoqda tog‘lar,
Mehr nuring tushgani uchun.

Men vaslingga intizor oshiq,
Nafasingdan xushhol mastona.
Quchganimcha bag‘ringni issiq,
Bolaligim qo‘msayman, Ona!..


Hamid IKROM
Hamidjon Ikromjon o'g'li Pozilov
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊2