MUHAMMAD IBROHIM
65 subscribers
210 photos
19 videos
3 files
18 links
Qalbim hamon eslaydi shodon,
Yoshligini unutgan dema.
Kõz oldimda bõlar namoyon,
Men qamishdan yasagan kema...
Download Telegram
QOMUSIM – NOMUSIM!

Dunyo keng olamning adog‘i yo‘qdek,
Daryo eng toshganda cho‘kar sohillar.
Alanga Quyosh ham botadi cho‘g‘dek,
Zamon o‘zgarganda to‘lar botillar.

Qachon xalq bo‘ladi bir to‘p olomon?
Qachon haq so‘z deydi gung chiqqan zabon?
Xalqning irodasi aks etmasa gar,
Qonun qonimizda oqmas hech qachon!

So‘zlayman faxr-la, ona tilimda,
Chunki huquq bergan o‘z qomusim bor.
O‘zbegim ramzisan – so‘zi dilimda,
Ajdodlar madhisan, muhri, tug‘i yor.

Har bayting farovon hayot ko‘zgusi,
Har qayding ming yillik xalqing orzusi.
Turfa millatlarga baxt va’da qilgan,
Azaliy saodat – Vatan tuyg‘usi.

Inson tabiati xatolarga boy,
Adashib to‘g‘ri yo‘l topganlar ham bor.
Jaholatga botib chaplamaylik loy,
O‘lim yo‘q – jon olmas bizda hech bir dor.

Inson sha’ni ulug‘, toptalmas qadri,
Allohning omonat bandasi ozod.
Hayoti dahlsiz, sinalmas sabri,
Ta’qib qilinmaydi iymon-e’tiqod.

Mulki bor xotirjam bo‘lsin umrbod,
Unga tahdid bo‘lmas, qonun – kafolat.
Gar ilm sohibi, yo qilsa ijod,
O‘z ishida olur kengroq vakolat.

Har bir o‘g‘il qizga ilm olish farz,
Hukm bor ilohiy qiyomat qadar.
Unutma ustozning oldidagi qarz,
Navoiy nazdida, ulug‘ naqadar!

Demishlar, ilmdan yo‘q o‘zga najot,
Oldimda hamisha hayot va mamot!
Hatto qonunlarda bo‘ldi mustahkam,
Yashasin har bandi endi barhayot.

Jaholat qilichi sindi batamom,
Zalolat eshigi yopildi butkul.
Islomni, insonni qilib ehtirom,
Bu yurt Ka’basiga aylandi ko‘ngil.

Tahqirlar bo‘lmasin endi ayollar,
Yaralgandan boshlab huquqlari teng.
Ojiz deb, xo‘rlashni qilmang xayollar,
Dunyoga tor emas, nazar soling keng.

Aslida siz bo‘ling unga avliyo,
Jannat izlamasin ko‘chadan aslo.
Boqmasin sira ham o‘zgaga qiyo,
Doim tabassumda bo‘ling xush, a’lo.

Qarang, tabiat ham mehrga muhtoj,
Har bir shaxs g‘amxo‘rlik qilishi kerak.
Har giyoh yashnasa, topsa gar rivoj,
Sog‘lom muhit uzra unar kelajak.

Yosh avlod – oila, Vatan ravnaqi,
Unutma ajdodlar qoni oqishin.
Hidoyatni topmoq – o‘rganmoq haqi,
Allohga bu amal bilgin yoqishin.

Go‘zal ism qo‘yib haqqin ado et,
Halol luqma berib, asra vijdonni.
Berilgan in’omning qadriga sen yet,
O‘zingdan qoldirgin komil insonni.

Quyoshdan issiqroq, tog‘lardek qoim,
Axborot makoni bugun bu zamin.
Ey mening soddadil, jurnalist singlim,
Yolg‘on-bo‘xtonlarda bo‘lmagin zomin.

Sen hur fikrlaysan, haqni so‘zlaysan,
Bilgin so‘z gohida tig‘danda o‘tkir.
Balki, uzoqroqni mudom ko‘zlaysan,
Sen yaxshisi fisqu fasodni o‘ldir.

Yordam ber Senator, deputat og‘am,
Nohaqlik qoshida qilmagin sukut.
Fuqaro dardiga bo‘lgin chin malham,
Oliy sud – adolat tarozin teng tut.

Yurtboshim boshlagan ezgu islohot,
Ertami yo indin berar mevasin.
Bilimli yoshlardan bo‘lgan inshoot,
Aslo yo‘qotmagay asl jilvasin.

Yozilgan har so‘zi hayotga doxil,
Bu mening va sening or-nomusimiz!
Yuzdan ortiq millat gar bo‘lsak ahil,
Boshlar saodatga shu qomusimiz.

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊1
OZOD YURT QO‘SHIG‘I

Hurlikni kuylaydi quyoshga qadar,
Bolasin ko‘nglidek tuyg‘ulari pok.
Yozilmish bu elning baxti muxtasar,
Dunyoni lol qilib yam-yashil idrok.

Sahro, vodiylarga baxsh etgancha jon,
Ona xalq ruhiga bo‘ladi qanot.
Asrlar orzusi o‘shalgan zamon,
Bu yurtda boshlanar yangi bir hayot.

O‘zbekiston, deya atalmish Vatan
Tuprog‘idan o‘chmas ne zotlar izi.
Iymoni islomda bitta jon va tan,
Vijdoni buloqdek, rayhondek isi.

Shoiri – o‘zbekning asl farzandi,
Qildi Vataniga umrini fido.
She’rlari yuz minglab jonga payvandi,
Boqiy yashayverar undagi nido.

Ulug‘ xalq niyati – omonlik, tinchlik,
Chamanzor, mevazor bog‘lar oshig‘i.
Olamga, odamga tilab ezgulik,
To abad ozodlik yangrar qo‘shig‘i.


Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
4
TONG NURI

Yorug‘lik naqadar oppoq farishta,
Tongning manglayiga yozilgan oftob.
Sendan ilhom olar har kim har ishda,
Yozgancha umrini yangi bir kitob.

Bola ko‘zlaridek ochilar quvnoq,
Shirin tillaridek so‘zlar tabiat.
Qahrli qish qissasin so‘ndirar qaynoq
Sening mehr nuring tushgan haqiqat.

Olamni uyg‘otar tong chog‘i azon,
Go‘yo boshlagaydir oliy ziyoga.
Har kunga eng ulug‘ ibtido mezon,
Intixo bo‘lasan tungi ro‘yoga.

Qushlarga qanotsan, bayotsan, ey tong,
Tushlarni suvlarga oqizgan malak.
Totli nafasingdan ulg‘ayadi ong,
Qayta tug‘ilmoqqa o‘zingsan maslak.


Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊4
VATAN QADRI

Tuproqman tulporlar tuyog‘ida xor,
Tulporman ustimda o‘ynar chavandoz.
Cho‘qqiman abadiy gerdaygan viqor,
Cho‘ldaman chanqagan chalajon sarboz.

Bulutlar ustimda suzar va qular
Osmonning ostida omonat kasman.
Sarg‘aygan tanamni bearmon yular
Shamollarga mag‘lub bechora xasman.

Ummonlar tubida sirli xazina
Izlab yuragingga sho‘ng‘igan g‘avvos.
Sendan nedir izlab topdi birgina
Zarrang bu dunyoda ekan beqiyos.

Balki quyoshlarga bir kun yetarman,
Balki ko‘z yoshlarim Orolga qondir.
Balki seni tashlab butkul ketarman,
Balki ruhsiz tanam keraksiz jondir.

Aslo asl qadring qurimas daryo,
Ming bitta shoiring bitsa ham doston.
Otamning iziga arzimas dunyo,
Onamning qalbidek yaralgan makon.


Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
2
ODAMIYLIK OLAMI

Ko‘zlarimning ko‘chasida yomg‘irlar yog‘ar,
Yuzlarimni yuvib oqar ko‘nglimdagi sel.
Osmonimni bosib olgan bulutlar sahar
Salomini yog‘dirmoqda chopayotgan yel.

Nondek aziz odamiylik to‘lsa uyimga,
Jondek laziz hayotimga baxsh etsa mazmun.
So‘zlarim ham do‘st tutinsa chalgan kuyimga,
Muhabbatga oshno qalblar bo‘lardi maftun.

Lolalardek bag‘rim yonar, xayollar bebosh,
Qizg‘aldoqdek cho‘g‘ lablardan kuygan yuragim.
Qoyalardek hech muzini yechmaydi bu bosh.
Kuygan bag‘rim sovutmaydi oppoq falagim.

Ergashadi nur yog‘ilsa ko‘kdan soyalar,
Yomg‘ir yog‘ib yam-yashil tus olgandek zamin.
Bog‘lardagi nihollardek gullar g‘oyalar,
His qilasan qahratonda bahorning ta’min.

Go‘yo totli mevalardek Jannat isini,
Har tug‘ilgan go‘daklarda tuyasan to‘yib.
Xazonlardek uchirgancha yolg‘on izini,
Shamol kezar odamiylik olamin suyib.


Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
1
Assalomu alaykum, ko‘nglimga oshno, qadri osmon qadrdonlarim!
Mana, 2023-yilning ham so‘nggi tunlari va kunlari, soatu soniyalari kechagidek o‘tib bormoqda....
Bu yil ro‘yo bo‘lgan orzu-niyatlarimiz yangi yilda haqiqatga aylansin!
Har doim oilangizda tinchlik-xotirjamlik, farovonlik va fayzu barakot, mehru oqibat va tuganmas baxt saodat qo‘shig‘i yangrab tursin! Hamisha rohat-farog‘atda, izzatu-xurmatda, obro’-e’tiborda yuring! Yuzingizdagi nur, qalbingizdagi surur, tilingizdagi shukur, taqvo va huzur, chin insoniy shuur sizlarni aslo tark etmasin!
Allohimdan umringizga mazmunli uzoq umr, faoliyatingizga ulkan omad va zafarlar tilab qolaman.
Hech birimizni Yaratgan O‘z nazaridan chetda qoldirmasin!
YANGI 2024-YIL BARCHAMIZGA QUTLUG‘ BO'LSIN !!!

Umrimiz shamolday yelib chopmoqda,
O‘tib borayotgan har on bir tarix.
Go‘yo bir shom kirib yilni yopmoqda,
Bu tun orzularni biturmiz fasih.

Hamidjon Ikromjon o‘g‘li Pozilov
1
UMR BEKATI

Umrimiz yellardek chopmoqda shoshqin,
Dekabrning soʻngi tunicha tigʻiz.
Bir on qaynayotgan sutdayin toshqin,
Odamlar chaqmoqdek oʻtmoqda gʻiz-gʻiz.

Xayrlashmoq boʻlsa bayram, tantana,
Koʻkni tutib ketdi toʻplarning sasi.
Bir yilni yoʻqotmoq boʻlsa an’ana,
Tun ketmay yangi tong kelar nafasi.

Qahraton sovuqning qaynoq pallasi,
Goʻyo yuraklardan otilar mehr.
Bonglar yangragandan soʻng qish chillasi
Oʻtgan umrimizga uradi muhr.

Hayot atalmish bir dunyo ne’mati,
Yo bizdan ketadi, qoʻshilar yoki
Oʻtib borayotgan yillar bekati,
Borar manzillarga elitar toki.

Yer yuzi oʻrasin oppoq roʻmolin,
Zavq olsin poklikning ta’mini tuyib.
Yer yuzi asrasin goʻzal jamolin,
Oʻq emas gul otsin bir-birin suyib.

Yangi yil umrimga umr qoʻshilar
Deb, niyat qilamiz endi bu kunni.
Ahil-inoq boʻlsin doim qoʻshnilar,
Koʻzni yoshlatmasin yoqqan tutini.

Ezgu tilaklarni tilang odamlar,
Qoʻlingiz duoga ochilgan chogʻda.
Gʻanimat bilingiz oʻtar xush damlar,
Saodatli yashang doim farogʻda.

Bu kunning hikmati Allohga ayon,
Gohida keladi shodlikda sinov.
Qalbi, yuzi yorugʻ boʻlsin har inson,
Qishda ham soʻnmasin undagi olov.


Hamid IKROM
1
YANGI YIL TILAGI

Yangi yil kelajak eshigin ochar,
Yangi yil orzular nurini sochar.
Umidlar uyg'onar, armonlar qochar,
Senda umr qolar qo'lin silkitib.

Yangi rejalarga to'lar har yoning,
Suvlar oqaverar oldga daryoning.
Bir yilga ulg'ayar umri dunyoning,
Menda hislar qolar qalbim to'ldirib.

Zamon oshiqmoqda manzili tomon,
Insonlar samoda uchmoqda hamon.
Kimlarga yer talash, kimlarga osmon,
Qorda izlar qolar sabring to'ldirib.

O'tayotgan kuning tarix kitobi,
Kutayotgan tuning tongning sarobi.
Sira to'xtamaydi vaqtning shitobi,
Yorni izlar ko'zing juda sog'inib.

Qirovlar qo'nganda daraxt shoxiga,
Olovlar so'nganda qishning ohiga.
Yalovlar tushganda dushman chohiga,
Oring qizlaringni asra ishqilib.

Samoni to'ldirib bulutlar suzar,
Ummon to'lqinida dovullar kezar.
G'iybatlar gohida dilimni buzar,
Zorim ezgulikni kelma qoldirib.

Har yer, har yerlarda urush nafasi,
Bolalarga sovg'a - hadik qafasi.
Endi kelaqolsin tinchlik bekasi,
O'tkinchi dunyoni holi qoldirib.

Mehr-oqibatdan qurimas ko'llar,
Mayli bog' bo'lmasa azaliy cho'llar.
Aslo og'rimasin xayrli qo'llar,
Iymonni qalblarga kelgin to'ldirib.

Ishq o'ti eritar muz yuraklarni,
Duoda aytamiz xush tilaklarni.
To'ldirsin oppoq qor bo'sh falaklarni,
Yangi yil xalqimga sog'lik olib kel!
Yangi yil olamga tinchlik bo'lib kel!

Hamid IKROM
2
YANGI YIL

Yangi yil orzular eshigin ochar,
Ko‘ngilga umidbaxsh yog‘dular sochar.
Dilim yayrar, undan g‘am-qayg‘u qochar,
Seni intiq bo‘lib kutar odamlar.

Kimga armon bo‘ldi ortda qolgan yil,
Kimga darmon bo‘ldi ortda qolgan yil,
Kimga arzon o‘tdi ortda qolgan yil,
Kimga sarson bo‘ldi ortda qolgan yil.

Aslo o‘ksimagin yana bor imkon,
Yangi umidlaring tug‘ilar shu on.
Shodlik quchoqlasin seni har zamon,
Yangi yil yetaklar maqsading tomon.

Qara, bezatilgan ko‘m-ko‘k archalar,
Huv ana chiroqlar, rangli sharchalar.
Mening, sening orzu-umidlaringdek,
Uchib kelayotir oppoq parchalar.

Unda ezgulikdan maktublar bisyor,
Shodlik uni o‘qir kunu tun bedor.
Go‘yo hayotimiz fayzi ushbu kun,
Barcha tilaklarin qiladi oshkor.

Bizga baxt olib kel keng osmon qadar,
Salomatlik, tinchlik, mehru oqibat.
Senda yil boshlanar chog‘i naqadar
Ortib ketar bizda hayru sahovat.

Bu kun o‘zgacha bir chehralar gulgun,
Bu kun yangi davr eshik ochmoqda.
Yangi yil kirmoqda yonadi uchqun
Yulduzlar orzular nurin sochmoqda.

Yangi yil tilaklar ro‘yobi bo‘lsin,
Mehnatdan bilaklar tolmasin sira.
Yangi yil go‘daklar sog‘lom tug‘ilsin,
Ulardek bu olam bo‘lsin bokira!


Hamid Ikrom
Hamidjon Pozilov Ikromjon o‘g‘li
Qo‘qon universiteti talabasi
2
ENG OLIY NE’MAT

Umrimiz shamolday yelib chopmoqda,
O‘tib borayotgan har on bir tarix.
Go‘yo bir shom kirib yilni yopmoqda,
Bu tun orzularni biturmiz fasih.

Boladek ko‘nglimiz xayollarga boy,
Loladek sochilgan qir-adirlarga.
Go‘yo ortimizdan chopayotgan oy,
Nurida bir sir bor chin taqdirlarga.

Bugundan boshlanar kelajak hayot,
Baxtli onlarimiz turibdi kutib.
Yillar biz tomonga silkitib qanot,
"Alvido..!" degancha yo‘llaydi maktub.

Niyatlar to‘kilar bo‘lib oppoq qor,
Archalar shoxidan taraladi nur.
Hamma qalb qo‘rini qilgancha izhor,
Ajib tuyg‘ulardan oladi huzur.

Go‘dak ko‘zlaridek boqmagin hayron,
Zavq olib yashagin, bu on g‘animat.
Mehr-oqibatga to‘lganda har yon,
Shukrona ayt, shodlik – eng oliy ne’mat!


Hamid IKROM
(Hamidjon Ikromjon o‘g‘li Pozilov)
🕊2
NURLI MANZIL

Orzularim qanotida qilaman parvoz,
Osmonlarim boshlar nurli manzillar tomon.
Oftoblar ham qo‘nayotir boshimga qish-yoz,
Oliygohim, berayapsan bizlarga imkon.

Tunu kun boshimni egding haq so‘zga,
Tafakkur olami olmaydi orom.
Tasalli beraman uyqusiz ko‘zga,
Talabalik, deyman eng oliy maqom.

Saodat eshigin ochaman,
Soat ham bong urar shu onda.
Sirlarni samoga sochaman,
Sayohatga ketar zamonda.

Allohim, o‘tinchim – bergin omonlik,
Agar zulmatlarda qolsam-da, o‘zim.
Azaliy jaholat – so‘nsin yomonlik,
Azob, sinovlarga tilayman to‘zim.

Ummonlarning qaridadir qancha sinoat,
Umrimiz ham ochilmagan, sirlarga boy dil.
Umidingni so‘ndirmagin so‘nggi dam faqat,
Ustozlarning ilm yo‘li – eng yorug‘ manzil.

Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
🕊2
MUQADDAS BURCH

Har qarich tuprog‘ing mo'tabar, aziz,
Mardlarning tunu kun bedor yuragi.
Vatan sadoqati oldida ojiz
Qolar yovning yerga tegib kuragi.

Sarhadlaring uzra nur sochar quyosh,
Tinchlikdan oladi bu zamin nafas.
Suyanchiq va tirgak, sergak har bir yosh,
Bor ekan toptamas seni hech nokas.

Jaloliddin, Bobur o‘g‘lonlaring bor,
Aslo qaro bo‘lmas onalar baxti.
Yurt tuzgan Temurdek sultonlaring bor,
Dunyoni boshqargan adolat taxti.

Orombaxsh o‘tarkan osuda, sokin,
Shirin orzularga cho‘milib kecha.
Turmushi farovon, ozod va erkin,
Yashaymiz bu yurtda shod, xurram barcha.

Osmoni musaffo yulduzlarga boy,
Ajdodlari bo‘lgan dunyoga mashhur.
Bu zamin kundan kun olarkan chiroy,
Keksa-yosh qalbida ortadi surur.

Bu baxtni asramoq oliy tilagi,
Bunga ahd qilmoqlik eng ulug‘ sharaf.
Shu yurt deb yigitning yonar yuragi,
Har bir amalimda keltirsin deb naf.

Vijdoni pokiza, sadoqati chin,
Pahlavon, yengilmas jasur posbonim.
Sizdan qanot olar burgutu lochin,
Siz bor Quyoshlidir butun osmonim.

Xizmatingni qilmoq sharafu, shonim,
Doim ozod, obod bo‘lsin bu makon.
Senga muhabbatim – toza iymonim,
Muqaddas Ka’bamsan, hur O‘zbekiston!


Hamid IKROM
Hamidjon Pozilov Ikromjon o‘g‘li
Qo‘qon universiteti talabasi
🎉1🕊1
#ijod_vaqti

SOG‘INCH

Tong sabosi kabi esar xayolim,
Yuragimda yashar sog‘inch savdosi.
Bolaligim osmonisan iqbolim,
Vodiylarda o‘chmas ko‘ngil sadosi.

Quyoshdayin nuri har vaqt uyg‘otar,
Eritgancha asrga teng muzlarni.
Ummondagi to‘lqinlardek to‘lg‘otar,
Yumib bo‘lmas orzu to‘la ko‘zlarni.

Bulbul nolasida mening dardim bor,
Tikonzor bog‘larning xur shohi o‘zim.
Tuproq ko‘chalarda changitib bedor,
O‘tgan bolalagim olislarda jim!

Men seni sog‘indim judayam intiq,
Onasini kutgan yetim boladek.
Gohida tushimda, o‘ngimda oshiq,
Umidi har bahor ungan loladek…


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊2
#ijod_vaqti
NURLI SIYMO


Kitobimni asta varaqlab,
Ko‘zim tushdi nurli siymoga.
Ong, shuurim ketdi charaqlab,
O‘yga cho‘mdim boqib samoga.

Navoiyda yuksak iste'dod,
Adabiyot mulki behisob.
Jaholatdan dunyoni ozod
Qilar undan qolgan har kitob.

Asrlarkim, aziz, mo‘tabar,
Yod etamiz u zot nomini.
Asarlari olamni bezar,
Taratgancha dur in'omini.

Quyosh kabi nur sochar hamon,
Yulduzlardek behisob, sirli.
Mana shuncha o‘tsada zamon,
Har bir satri qolar ta'sirli.

Payg‘ambarga bo‘ldi umri teng,
Haq ishqida yashadi yonib.
Yaratganning marhamati keng:
So‘z mulkini berdi ishonib.

Bitdi minglab g‘azallar, hatto
Sanamoqqa ojiz kamina.
Terilgandek marjon, bexato
SHoh baytlarga to‘ldi xazina.

Endi uni o‘qimoq kerak,
Uqmoq kerak har bir ma'nosin.
Ma'naviyat yuksalar beshak,
Gar kuylasak shoir navosin.


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
Qo‘qon universiteti
04.02.2024-yil
🕊3
#ijod_vaqti
NAVOIY RUHI


Necha asr oʻtgan boʻlmasin,
U qoldirgan tugamas meros.
Necha qasr oʻti soʻnmasin,
Uning tafti hamon beqiyos.

Karvonlarning izi qolmadi,
Lekin uning qalam izi bor.
Dovonlarning muzi qolmadi,
Navoiyning olam soʻzi bor.

Tunda balki porlamas quyosh,
Lek shoirning soʻnmas ziyosi.
Har kimda ham tugaydi bardosh,
Uning yashar komil dunyosi.

Cheksiz emas balki koinot,
Hadsiz erur ammo tafakkur.
Bir kun oʻtar bu foniy hayot,
Lek, yashaydi Navoiy magʻrur.

Ezgulikning goʻyo bulogʻi,
Simirasan, aslo toʻymaysan.
Firdavsdek yam-yashil bogʻi,
Koʻngilni hech uzib qoʻymaysan.

Shunchaki yod etmang soʻzini,
Yashang doim hikmatlarida.
Haykal qoʻymang, eslang oʻzini,
Oʻqib Qur’on oyatlarida.

Uning boqiy barhayot ruhi,
Kezar har bir oʻzbek uyida.
Ulugʻ siymo, soʻnmas shukuhi,
Yashar tirik shoir o‘yida.


Hamid IKROM
Pozilov Hamidjon Ikromjon oʻgʻli
Qoʻqon universiteti
09.02.2022-yil
👍3
Bahorning nafasi
(shoira Zulfiya xotirasiga)


Siz ila tabiat tug‘ilar yana,
Uyg‘onar hayotning umid onlari.
Sizdan boshlanadi bugungi sana,
SHoxlar taqib olmish baxt nishonlari.

Umr daftarining har sahifasi,
Yilda o‘zingizdek yozilar yangi.
Gulgun yuzlar aro bahor nafasi,
O‘nlab shoiralar intizor tongi.

Go‘yo ikki shoir maktublaridan,
To‘lib-toshib ketmish bog‘ novdalari.
Hamid Olimjonning maktablarida
O‘qishar Zulfiya nabiralari.

Sizdagi sevgida yorga sadoqat,
Hayot varaqlari xayol shomida.
Umrining so‘nggiga qadar, beshafqat
Sog‘inchdan halovat yo‘q oromida.

Intizor tonglarning quyoshli oni,
Birinchi mart deya uni olqishlar.
Ko‘klam zavqin kuylar qushlar zaboni,
Yana sizdek kimlar she'rlar o‘qishar.

O‘rik gullariga emasman xushtor,
Lek unda shirin bir xotiralar bor.
Sizda ko‘klamdagi bari fazilat,
Balki ulug‘ shoir, shungami iqror!

Bugun izingizda yuzlab gul yuzlar,
Sizga intilishar qaldirg'och kabi
Osmonimiz uzra yonsin yulduzlar,
Dunyo Zulfiyasin ko‘rsin, sababi!

Bahor tarovatin bog'larga sochar,
Totli tonglarimni qarshilar taftli.
Bugun gulg‘unchalar yuzini ochar,
Siz ila tug‘ilgan tabiat baxtli!


Hamid Ikrom
Hamidjon Pozilov Ikromjon o'g'li
Qo‘qon universiteti talabasi
1
#ijod_lahzasi

Qor yog‘ar...

Qor yog‘ar, iymondek pokiza,
Qor yog‘ar, armonlar erigach.
Qor yog‘ar, osmonning chokicha,
Haqning Rahmatiga erishgach!

Qor yog‘ar dillarni erkalab,
Qor yog‘ar, ko‘zlarda sevinch bor.
Ezgulik ulashib ertalab,
Yo‘llarga to‘shalmish oppoq qor.

Maylida, Allohning ne'mati,
Osmonning bag‘richa cheksiz qor.
Yil bo‘yi dehqonning zahmati,
Biroz tin olgani qishi bor.

Qir-u, adirlarda, tog‘larda.
Bo‘ralab yog‘aver oppoq qor,
Dala-yu, dashtlarda, bog‘larda,
Bo‘lsin hosillarga xirmon tor!

Daryo va soylarda suvlar mo‘l,
Oqadi bahorda, ilohim!
Zora to‘lib-toshib ketsa ko‘l,
Orolga nazar sol, Allohim!

Sen O‘zing yo‘qdan bor qilguvchi,
Qishmi, yozmi, bahor, kuzda ham!
Ertamiz taqdirin bilguvchi,
Berguvchi O‘zingsan shodlik-g‘am!

Yog‘ayotgan qorda ne sir bor,
Balki rizq-ro‘zimiz bepayon!
Barini xohlasang qil oshkor,
Foydalisin bergin har qachon!

Qor yog‘ar, umidli qalblar shod,
Orzular maktubin bitar yor.
Sog‘inchli dil rozi hur, ozod,
Parchalanib tushar beozor!

Unda sevgi to‘la poklik bor,
Unda dillashadi dilso‘zlar!
Yorni kutganimdek kutdim zor,
Yog‘ishing to‘rt bo‘lib bu ko‘zlar!

Kelajak yo‘lida oqlik bo‘l,
Istiqbolning oydin manzili.
Sendan so‘ng yashnasin dashtu cho‘l,
Iymonda so‘zlasin xalq tili!

Yog‘aver, poklikda surating,
Qadring shuning ila ziyoda.
Allohim cheksizdir qudrating,
Uni manfaatli qil dunyoda!

Sinoving haq erur, shiddat-la,
Birgina zarrangda ne xitob!
Bizlarga Rahm qil shafqat-la,
Bilamiz, Rahmating behisob!

Har bir qor parchasi sonicha,
Banda gunohlarin kech Alloh!
Iymon ber tugal jon onicha,
U bizga bo'lsa bas, chin hamroh!

Gumrohligimizning cheki yo‘q,
Undanda behisob Ne'mating!
Kechirguvchi O‘zing, ko‘nglim to‘q,
Qor-la, yog‘ilmish ko‘p hikmating!

Yog‘aver, oppoq qor, yog‘aver,
Haq yo‘lga hidoyat etsang, bas!
Diningda sobit qil, iymon ber,
Ezgulik yo‘lida bo‘lsin kas.

Qor yog‘ar dillarni erkalab,
Qor yog‘ar, ko‘zlarda sevinch bor.
Ezgulik ulashib ertalab,
Yo‘llarga to‘shalmish oppoq qor...


Hamid Ikrom
Pozilov Hamidjon Ikromjon o‘g‘li
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊3👍1
AYOL - ALLOH NURI

Gohi sevinch porlar, gohida sog‘inch,
Gohida hayotning tashvishi ayon.
Ko‘zidan tomchi yosh to‘kmagan chog‘i,
Jim turib oh chekar bu qalbi giryon.

Dunyoni istamas, bor yo‘g‘i mehr,
Afsus, bu matohning qadri yo‘q hozir.
Mungli ko‘zlarida shunda ham sehr,
Shunda ham tabassum qilishga qodir.

Biz undan qarz ila olamiz hayot,
Lekin ojiza deb, suramiz nari.
Uning qalb qo‘rida ulg‘ayib, hayhot,
Qaraymiz gohida cho‘ri singari.

Ayol, kim o‘zi u, o‘ylamaymiz ham,
Ko‘chada ko‘ngilga izlaymiz xushtor.
Biroz dardlariga hamdardu, malham,
Bo'lishni o'ylamay beramiz ozor.

Yana yengiltak deb, qilamiz ta'na,
Avaylash o‘rniga, yog‘dirib toshlar.
Tirikchilik yukin ortamiz, yana
Devdayin erkaklar g‘iybatin boshlar.

Bola ulg'aygach so'ng ona begona,
Bundan ortiq zulm ko‘rmagan dunyo.
Tunlari uxlamay bo‘lsa parvona,
Shirin orzulardan topsa bir ro'yo.

Boshidan yechganda oriyatimiz,
Ko‘z-ko‘z qilmoq bo‘ldi ayol aslini.
Iymonimiz edi hamiyatimiz,
Asraylik bokira ayol naslini.

Bir gul erur asli ayol xilqati,
Uni nogoh uzib so‘litmoq tayin.
Bilgin, Yaratganning buyuk xil'ati,
Mehr, parvarishdan yashnar kun sayin.

Ayol bor, dunyoning umri bardavom,
Ayol bor, jamiyat topar baxt-iqbol.
Avvalo, ayolga ona deb, avom
Qarasa, jaholat bo‘lmas, ehtimol.

Beg'ubor, beozor qizaloqqa boq,
Bugun yonimizda turar erkalab.
Xizmatimiz qilar "labbay" deb, har choq,
Issiq non-choyimiz tutar ertalab.

Bir kun u bo‘ladi palaxmon toshi,
Bir kun ko‘zingizni ketar yoshlatib.
Har bir otaning ham qular bardoshi,
Ortidan ayoling qolar tosh otib.

Ana, endi o‘yla, zulm neligin,
Birgina firoqning o‘zi ming azob.
Ayolni xo‘rlashni ne deb atayin!?
Ayol — jannat uchun yaralgan kitob!

Islom nur sochgan kun — Ayollar kuni,
Qadrini tog'dayin tikladi Qur'on.
Muslima ayollar - dinning ustuni,
Undan tug'iladi har bir musulmon.

Allohning nuri bor ayol yuzida,
Ayol suratida — inson qudrati.
Masihdek jon ato etar so‘zida,
Hayot sinoviga — shukur ibrati.

Qadrli ayolim, mushtipar singlim,
Mehribon, qalb qo‘rim — onajon, qizim.
Baxtu saodatim bosgan izingiz,
Har on o'zingizdan olamiz ta'lim.


Hamid IKROM
Hamidjon Pozilov Ikromjon o'g'li
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊2
AYOLGA MAKTUB

Ne sinovlar yoshlaridan yogʻilgan yomgʻir,
Ne qirovlar boshlarida boʻlganda zohir.
Ne birovlar toshlaridan gʻiybati ogʻir,
Olam uchun ona boʻlgan mushtipar ayol.

Buyuklarning ortida sen boʻlgansan zoʻr kuch,
Munis qalbing ila butun olamlarni quch,
Orzularing osmonida yuksaklarga uch.
Odam uchun Havvo boʻlgan moʻtabar ayol.

Yovga boʻyin egmas Toʻmaris timsolida,
Yorga sadoqating Zulfiya misolida.
Mardlikda alpga teng Barchinoy kamolida,
Onam uchun hamdard boʻlgan dilovar ayol.

Dunyoga zeb berar chiroying olib bahor,
Visoling deb yonib, boʻy choʻzar Quyosh nahor.
Sen tomon talpinib oshiqar takror-takror
Bolam uchun hayot boʻlgan munavvar ayol.

Sening iforingcha yoʻq oʻzga totli ifor,
Lobar ruxsoringcha topilmas goʻzal ruxsor,
Sening nisoringcha, bizlarga boʻlmas nisor.
Koʻklam uchun kelinchaksan muattar ayol.

Menga tengsiz oʻzing, poyingdadir Jannatim,
Yor boʻl yolgʻiz oʻzing, ilk kelgan muhabbatim.
Menga dengiz oʻzing, tugʻilgan shijoatim,
Qalam uchun ilhom boʻlgan muzaffar ayol.

Hamid IKROM
Hamidjon Pozilov Ikromjon o'g'li
Qo'qon universiteti talabasi
🕊2
JANNATI AYOL

Ayol – biz bilmagan sirli mo‘jiza,
Ayol – haqiqatning eng baland tog‘i.
Kapalakdan hatto qalbi ojiza,
Lek kuchli siyrati onalik chog‘i.

Ayol – xayollarda yaralgan olam,
Ayol – ko‘ngillarning so‘zsiz malhami.
Sizdan ilhomlanib rang olar ko‘klam,
Tabassumingizdan uchar dil g‘ami.

Ayol – zamin uzra bo‘ldi nur xilqat,
Ayol – zamon uchun olmoqda nafas.
Odamda topilmas undagi xislat,
Hatto farishtalar qilsinlar havas.

Ayol – olam aro aziz mukarram,
Ayol – onadir-ki, hayotbaxsh oni.
Uning bag‘rida bu dunyo xotirjam,
Asrab avaylaylik jannat siymoni!


Hamid Ikrom
Hamidjon Pozilov Ikromjon o'g'li
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊2