MUHAMMAD IBROHIM
65 subscribers
210 photos
19 videos
3 files
18 links
Qalbim hamon eslaydi shodon,
Yoshligini unutgan dema.
Kõz oldimda bõlar namoyon,
Men qamishdan yasagan kema...
Download Telegram
MUNISA AYOL
(Mahzuna ismli olima timsolida barcha dunyo ayollariga)

Ilm suvin ichib yashnagan daraxt,
Har shox, novdasida ungan xazina.
Kutubxona saroy, kitoblardan taxt,
Saodat tog‘iga  yo‘l bo‘lgan zina.

Oqila va dono olima jamol,
Sarishta, farishta, g‘amxo‘r, gulguna.
Dunyoning ziynati shugina kamol,
Iymon nuri ila go‘zal Mahzuna.

Vatanning sha’nisiz, elning g‘ururi,
Oy kabi oqshomning sohibasisiz.
Xonadon chirog‘i, ko‘ngil sururi,
Hayot gulbog‘larin jozibasisiz!

O‘zbekoyimlardek millat onasi,
To‘maris momomdek mardlikka timsol.
Sizlarsiz qurilmas baxt koshonasi,
Olamni tebratgan munisa ayol.

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
4
HAQIQAT

Tinchlik, osoyishtalik orzu kimlarga hozir,
Sog‘-omon o‘tsa kuni undan baxtli yo‘q odam.
Vatanidan quvg‘inda, sarson, qochoq, musofir,
Yana kim och-yalong‘och, do‘zaxga teng bu olam.

Kimlar tillo tog‘iga qurayapti maqbara,
Kimning go‘ri balandroq bo‘lishiga ovvora.
Fir'avnlar ustingdan qilmoqdalar masxara,
CHunki kamlik qilyapti shoh qabriga favvora.

Qaylardadir qay bir xalq suv topolmay xoru zor,
Quyosh tig‘i tegmagan topolmaysan bir inson.
Yana qay bir makonda ribodan qaynar bozor,
Beboshlikning dastidan qoraygan yeru osmon.

Soylarida qon oqar, bog‘larida o‘q-dori,
Saroylarda qo‘y boqar, uvolni terib cho‘pon.
Tog‘lardagi toshlardan o‘chog‘iga o‘t yoqar,
Koinot yuragini yondiradi yosh CHo‘lpon.

SHoirning dalasiga otmang bo‘hton toshini,
Bor boyligi so‘zida bo‘lsa bordir oq paxta.
Artishgada qodirmas mazlumning bir yoshini,
Ularning so‘zlariyu, o‘zlari hatto sohta.

Tanqid emas, tahlil qil o‘tgan har bir oningni,
Taqdiringa bir so‘zni yozolmaysan, nachora!
O‘qqa, cho‘qqa urmagin omonat bu joningni,
Ajalini hech kimsa olmaydi berib pora.

Besh kunlik dunyo uchun bu qadar ketmagin past,
Mol-dunyo, mansab, amal ochiq bir sinov, tashvish.
Foniylik karvonida yo‘lovchi har biri kas,
Oxirat manziliga xotirjam borar darvesh.


Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
4
SHUKRONALIK

Ortinga bir nazar tashla, biroz o‘yla,
Osmonlarda uchib yurmay tuproqqa qayt.
Vijdon ila haqiqatni bilsang so‘yla,
Iymoning gar bo‘lsa zarra shukrona ayt!

O‘tgan kuning tun ostida yotgan bir jon,
Bugun tongga o‘qimoqda hayoting bayt.
Qishlog‘ingda yangramoqda yana Azon,
Iymoning gar bo‘lsa zarra shukrona ayt!

Haq so‘zni deb toptalganda sha’ning, qadring,
Senga ochiq najot bergan Allohga qayt!
Qizg‘aldoqlar to‘lmasidan g‘arib qabring,
Iymoning gar bo‘lsa zarra shukrona ayt!

Ko‘kka emas, ko‘pga qara, atrofga boq,
Halol mehnat qilsang, rohat ko‘rar bir payt.
Yuragingda so‘ngan umid olovin yoq,
Iymoning gar bo‘lsa zarra shukrona ayt!

Jannatmonand zamin uzra ungan inson,
Bobolaring ishlariga bo‘lma loqayd.
Sen ham ayla bu Vatanni bog‘u bo‘ston,
Iymoning gar bo‘lsa zarra shukrona ayt!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊5
FARG‘ONAM MENING

Osiyo gavhari, muazzam vodiy,
Tangritog‘ va Hisor-Oloy viqori.
Go‘zal bu o‘lkaga qalqon abadiy,
Qoyalardek metin o‘zbek shunqori.

Qo‘qon, Bekoboddan goh esar shamol,
Balki butun vodiy bo‘ylab kezarlar.
Vodiyda Kumushdek maftunkor jamol,
Otabek, Farhodlar qalbin uzarlar.

Ming yillik tarixi xonlarga poytaxt,
Hunarmand ahliga boy ko‘hna Qo‘qon.
Humo qanotidan qalam tutgan baxt,
Adabiyot uchun mustahkam qo‘rg‘on.

Atlas, adrasida millat timsoli,
O‘zbek momomlarning qiyofasi bor.
Loydan ajib san’at yasar kuloli,
Dillarni sel qilar kuyi Tanavor.

Sirdaryo bag‘rida jon – obi-hayot,
Shoshib, chopib yelar Shohimardonsoy.
Qirlarda yam-yashil qaynar hissiyot,
Dalalar qo‘ynida paxta yo bug‘doy.

Bahordan kuzgacha o‘zgacha bog‘lar,
Quva anoriyu, o‘rik, giloslar.
Mirishkor elining ishidan tog‘lar,
Ko‘klamdan yasanib kiyar liboslar.

Oltiariq uzra marjon shodalar,
Jannat ishkomida ko‘rk bo‘lar boqiy.
Yashaydi bu yurtda bek, xonzodalar,
Tabiat bolini quyuvchi soqiy.

Buyuk olimlarning ona vatani,
Yana iste’dodga to‘la bu makon.
Tuprog‘i muqaddas oltin maxzani,
Farg‘onam, yagonam, chaman, guliston!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
3
Bola - bu, dunyoning oyu quyoshi,
Bola - bu, taqdirdan buyuk imtihon.
Kimning sinovlarga yetsa bardoshi,
Bola - bu, Jannatga kirishga imkon.

Hamid IKROM
🕊3
VISOL

Senu men yashagan oylar qaytmaydi,
Sevgimizga guvoh soylar qaytmaydi.
Balki Quyosh yana uyg‘onar tongda,
Tuyog‘lari olov toylar qaytmaydi.

Sochlaring o‘ynagan sabo begona,
Sensiz qolar bo‘lsam havo begona.
Dunyoda yolg‘izman telba devona,
Endi yorsiz yor-yor navo begona.

Bahorlarda kuzning zarhal maktubi,
Sarg‘aygan so‘zidan g‘amli mahbubi.
Ko‘karmay uzilgan yaproqlar sarson
Ishqimiz azobi ayriliq tubi.

Ko‘ksimizda uchgan qushlar qaytmaydi,
Birga ko‘rgan ajib tushlar qaytmaydi.
Balki sog‘inganda esar shamollar,
Izlarimiz qolgan qishlar qaytmaydi.

Men seni sog‘insam yog‘adi yomg‘ir,
Eslasam, ertagim, yuragim og‘rir.
Balki sen mensiz ham yashaysan baxtli,
Ertaga men sensiz yashashim og‘ir.

Foniylik tugarmish kelsa qiyomat,
Boqiy hayotimda sen bor ehtimol.
U yerda sevgiga bo‘lmas xiyonat,
U yerda oshiqlar topadi visol...

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊3
OZODLIK NAFASI

Osmoni musaffo, tunlari oydin,
Necha ming yulduzlar yog‘ilar yana.
Tuprog‘ida mo‘l-ko‘l rizqu ro‘z, oltin,
Istiqlol shuuri qilar tantana.

Otash tongimizni o‘qqa tutsa kun,
Tandirida tayyor bo‘lar shirmoy non.
Quyoshday hayotbaxsh nuri bor uchun,
Yerdagi jannat u - turmush farovon.

Azon yangraganda uyg‘onar dillar,
Oshiqar masjidlar sari olomon.
Allohning zikrida hamisha tillar,
Keksalar e'zozda, xalqi sog‘-omon.

Balki duolardan shirin havosi,
Simirib, sevinib to‘ymaydi tanim.
Sahar chug‘urlashgan qushlar navosi,
Madhingga hamohang, aziz vatanim!

Ko‘chalar suv ichgan dilbar qizidan,
Momolarim isi - gulu rayhonlar.
Bolam chopayotir shodlik izidan,
O‘yinga to‘ymagan hovli, sayhonlar.

Orzularda yashar, begona armon,
Qirlarda shamolday yelar tulpori.
Tog‘larda ungan har giyohi darmon,
Bog‘larda abadiy yashar bahori.

Obi zam-zam erur oqayotgan suv,
Musaffo va sokin eliday halim.
Yigitlari alpday, qizlari suluv,
Ajdodlari bo‘lgan ulug‘ muallim.

Bu yurtning qoyadek posbonlari bor,
Ota-onadayin Yeru samosi.
Vodiylari shomu sahar fusunkor,
Ezgulikka yordir doim humosi.

Buyuk kelajakka mustahkam ishonch,
Bizga olamlarning kelar havasi.
Qalbda xotirjamlik, yuzdagi quvonch,
Ozodlik baxsh etgan qutlug‘ nafasi!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
2
BUYUKLAR

Yuz yilda tug‘ilar balki buyuklar,
Yuzidan yog‘ilar ilohiy bir nur.
Jaholatga qarshi yozmish bitiklar,
Jahonning dardiga malham va huzur.

Buxoriy izidan to'kilmish durlar,
Beruniy so'zida jonlanar moziy.
Behzod qalamidan tug'ilmish xurlar,
Asrlarga hamroh yashar azaliy.

Bog'ni ko'rganingda bog'bonin esla,
Tog'ni ko'rganingda Haqni unutma!
Gar ummon poyingda, qo'l bersa osmon,
Sarob orzularga qanoting tutma!

Ko'z ilg'amas ko'kda yulduzlar bisyor,
Bari bir bo'lsa ham beqiyosdir oy.
Quyosh nafasidan bersa-da, ozor,
Usiz non bo'lmaydi dalada bug'doy.

Temur qilichida tomchilagan qon,
Jaholatning faqat olgan boshini.
Muslimga haq ila ato etgan jon,
Mazlumning to'kilsa, artgan yoshini.

Qochoq deb Boburni qilma malomat,
Taqdir uning ila qilmadi hazil.
Buyuk bir fotihni shunday xiyonat,
Hind uzra islomni yoymoqqa omil.

Turkiy millatlarning bobo tiliga,
Navoiy qalami soldi o'chmas iz.
Meros bo'lib qoldi o'zbek eliga
O'zbek tili yashar, jahonda hargiz.

Islom ruhi ila yashayotgan yurt,
Buyuk ajdodlarning yetuk avlodi.
Mute'lik asosin yeb bitirdi qurt,
Ro'yobga aylandi hurlik murodi.

Yer yuzin tozalab turar buyuklar,
Jaholat, zalolat, kibru havodan.
Adolat ustuni bo'lgan tuzuklar,
Bitilmish xalqparvar odil peshvodan.

Hamid Ikrom
Qo'qon universiteti talabasi
🕊2
USTOZ TABARRUK

Quyoshdayin porlar munavvar,
Yuzlaridan yog‘iladi nur.
Qadri osmon, lekin naqadar,
Kamtarin va boladek masrur.

Ne buyuklar ortida u bor,
Usiz hatto bo‘lmasdi hunar.
Sabog‘isiz bu hayot dushvor,
Olamlarga bo‘lmasa mehvar.

Bog‘lar unar o‘gitlaridan,
Har bir so‘zi obihayot, dur.
Ezgulikning kalitlaridan
Undan olib saodatda yur.

Yasha unga bo‘lib soyadek,
Izlaridan yetarsan baxtga.
Parvarishlar seni doyadek,
Yetaklaydi doim rahmatga.

Amal qilsang har bir so‘ziga,
Kamol topib bo‘larsan yetuk.
Olam uzra oliy nufuzga
Haqli inson — ustoz, tabarruk!


Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
👍2
TONG OTAR…

Tong otar – uyg‘onar asta shirin tush,
Tong otar – omonat ko‘tarilar bosh.
Tong otar – to‘lg‘onar qaylarda urush,
Tong otar – matonat, sinovda bardosh.

Baxtsizlik ustiga qurilmaydi baxt,
O‘tkinchi bu olam, odam bir xayol.
Tong otar – ong bir on bo‘lgancha karaxt,
Bolasi bag‘rida qon yig‘lar ayol…

Tinchlik kiritilgan Qizil kitobga,
Yomg‘irdek yog‘dirar uchoqlar olov.
Go‘daklar tortilgan shunday girdobga,
Temir tulporlarning ulog‘i yaylov.

Mo‘min birodarim, sabr qil biroz,
Tong otar – otashin, botguvchi Quyosh.
Uchoqlar abadiy qilmaydi parvoz,
Ularni g‘arq qilur ko‘zlardagi yosh…

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊2
O‘ZBEK TILIM

Ona Vatan sadolari – sensan tilim,
Bog‘u chaman sabolari – sensan tilim.
O‘tgan buyuk bobolarim, og‘a-inim,
Vatan nomi sen-la, ulug‘ – O‘zbek tilim!

Oyga boqsam, oqshom fayzi o‘zgachadir,
Soyga boqsam, jilg‘alari kuy chaladir.
Bulbul ila chaman qadri yuzgachadir,
Millat nomi sen-la, qutlug‘ – O‘zbek tilim!

Navoiyning qalamida parvoz qilding,
Uning har bir kalomida sarboz bo‘lding.
Ne zotlarni sharaflagan ovoz bo‘lding,
Xalqim yuzi sen-la, yorug‘ – O‘zbek tilim!

Ulug‘ yo‘lda bizlar uchun sarbon o‘zing,
Ulug‘bekning osmoniga narvon o‘zing.
Qodiriy-u, Cho‘lponlarga darmon so‘zing,
Qadri baland bo‘lgin bir tog‘ - O‘zbek tilim!

O‘tmishingni kovlamayman Ona xalqim,
Lek taqdiring, kelajaging mening haqqim,
Yurtga hurmat – e'zozlasa seni har kim,
Firdavsdek bo‘lgin bir bog‘ – O‘zbek tilim!

Yoshlaringning zavqi baland, shavqi baland,
Qayga boqsam ilmi tolib – doimo band.
Oq sutingda tili chiqqan har bir farzand
Asragaydir, ko‘zi qarog‘ – O‘zbek tilim!

O‘zgaruvchan bo‘lsin mudom, mayli zamon,
Taraqqiyot odimlasin birdek ravon.
Sening noming ila tanir butun jahon,
Boshimizda bo‘lgin bir tug‘ – O‘zbek tilim!

Hamid Ikrom
Hamidjon Pozilov Ikromjon o‘g‘li
Qo‘qon universiteti, Boshlang‘ich ta'lim yo‘nalishi talabasi
🕊2
TILIMSAN, ELIM!

Necha ming yillarning tarix qa'ridan,
Unib o‘sayotgan ulug‘vor tog‘san.
Gohi erk, gohi bek qo‘ngan g‘oridan,
Izlari toshlarga o‘yilgan dog‘san.

Bahorda qaytishar qadrdon qushlar,
Bu zamin samosin egallar yana.
Bog‘larimni zog‘lar kelishib qishlar,
Ko‘plarga bu o‘lka bo‘lgan boshpana.

Shundanmi, yo‘lovchi ko‘p tilli ellar,
Shohida tunagan asrlarga teng.
Fors, arab, mo‘g‘uldan esganda yellar,
Turkiy bobo tilim ezilgandi eng.

Yaxshiyam bu elning egalari bor,
Enasoy labidan bitilgan toshga.
Amu bilan Sirning bag‘ridagi or,
Navoiy lafzidan yetgan quyoshga.

Qaddimni qadrimni qilganda osmon,
Shimoldan to‘satdan esdi bir shamol.
Tahlikada qoldi ming yillik iymon,
Tilim ham elimdek qoldi bemajol.

Balki, dajjol edi o‘sha bir dohiy,
O‘zini atagan oliy bir xudo.
Taladi molimni, jonimni yog‘iy,
Ham eldan, ham tildan qilgancha judo.

Salkam bir asrlik esdi bu bo‘ron,
Turkiy tomirimni quritmoq uchun.
Boshimizni kesdi tinmay qatag‘on,
Manqurtdek bizlarni yuritmoq uchun.

Ozar, qozoq, qirg‘iz, turkman, turk deya,
Bir butun daraxtni qirqmoqchi bo‘ldi.
Oraga ig‘volar solib nojo‘ya,
Goh qirg‘iz, o‘zbekni qirmoqchi bo‘ldi.

Tilim tirilganda tug‘ildim men ham,
Mavhumlik qa'ridan otilgach vulqon.
Qora o‘tmishimga bergancha barham,
Bo‘laman elimga, erkimga qalqon.

Muhammad Yusufdek yozolmasam ham,
Uningdek yuragim lolaqizg‘aldoq.
Shu Vatan ishqida tutgancha qalam,
Mehnatkash dehqondek qo‘llarim qadoq.

Iftixor bag‘ishlar O‘zbek degan nom,
Unda dovruq solar Temur va Bobur.
SHu nomda tilimiz yasharkan mudom,
Xalqim, bo‘yin egma, yasha hur, mag‘rur!


Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
🕊3
MATONAT TIMSOLI
(paralimpiyachilarga bag‘ishlanadi)

Yuksak samolarga qilingiz parvoz,
Yaralgan jismingiz matonat uchun.
Balki, qalbingizda kemtik bor biroz,
Lekin qadringiz bor dunyodan ustun.

Tani sog‘, aqlida nuqsoni borning,
Behuda o‘tmoqda bebaho oni.
Jismida nuqsonu, shukrga yorning,
Yulduzlarga to‘la bugun osmoni.

Yaratganga ayon taqdir, kelajak.
Ammo umrimizga mas’ul o‘zimiz.
Har ishda chin ixlos, shijoat kerak,
Qadri bor amaliy bo‘lsa so‘zimiz.

Alloh nazaridan qolmang hech qachon,
El-yurt iftixori bo‘ling doim siz.
Vatan tarixida chinakam inson,
O‘zidan qoldirar buyuklikdan iz.

Ajdodlari jasur, sabotli zotan,
Salobat, shijoat o‘tmishdan yodgor.
Hasanboy, Muhammadqodirlar bilan,
Nomingiz yozilur takror va takror.

Bobur, Bekzod, Asad, Husniddin, Elbek
Temurdek tengsiz mard yigitlar bisyor.
Lobar, Shahnozalar Barchinoylardek,
To‘qson alpni yiqqan asil qahramon.

Buyuk dovonlarni zabt etgan Farhod,
Chin uzra yuksaldi Muhammad, Islom.
Boymurod, Xolmurod, Muzaffar, Sherzod,
G‘olib cho‘qqilarda topdi ehtirom.

Dunyo osmonida porlagan Uchqun,
Shamoldan-da, uchqur Izzat, Doniyor.
Fotima, Munisa, Muslima uchun
Yorqin g‘alabalar, Omad bo‘ldi yor.

Safiya, Guljanoy, Iroda ham xo‘b,
Javohir, Sarvardek jasoratli, mard.
Sanasam, Hosiyat, asli juda ko‘p,
Maqsadlari ulug‘, tog‘lardan baland.

Asila, Gulchiroy yuzlari gulgun,
Faxrimiz Feruza, Madina, Nurxon.
Ziyoda qildingiz olamni maftun,
Vatan sha’ni bo‘lib yongach Yoqutxon.

Aloviddin, Feruz, Sanjar azamat,
Shiddatli janglarda yengdi har safar.
Hayitmurod, Firdavs, Urganch ham faqat,
Mardu maydon uzra quchdilar zafar.

Toshlarni koptokday o‘ynar Qudratoy,
Nayzada ignadek ishlar Shaxina.
Shaxzoda kechani yoritgan bir oy,
Orimiz, yorimiz bo‘lgan xazina.

Mohigul, Muxayyo, Nozimaxon ham
To‘maris avlodi ahdiga sodiq.
O‘tmishdan qizlari bo‘lgan muazzam,
E’zozlab, ehtirom qilishga loyiq.

G‘ayrati to‘lqindek Azim va Aziz,
Dovyurak Tolibjon, Sanjar, Otabek.
Qudratingiz ila raqiblar ojiz,
Jahonni yana bir lol qildi O‘zbek.

Dmitriy, Kemran, Kirill singari
Lochin qanotida qilishar parvoz.
Nataliya, Uljon, Kubaro bari
Millionlar ichida bo‘ldi sarafroz.

Ko‘zlarida yonar ishtiyoq nuri,
Qalbida hech so‘nmas muhabbat yashar.
Vatanparvar elning sinmas g‘ururi,
Kurashlarda doim yor bo‘lsin zafar.

Ular jasoratning egalaridir,
Ular matonatning tirik timsoli.
Gar bo‘lsa yoshlari shunday bahodir,
Bu yurtning charog‘on doim iqboli.

Yurtboshim so‘zlari yangrar baralla,
“Bu elning kechasi, ertasi buyuk.
Hozir yuksalmoqqa ayni zo‘r palla,
Vatanni qalblarda asrang tabarruk!”

Istiqlol ne’mati – tinchlik, omonlik,
Tug‘ilgan har o‘zbek bo‘lsin chempion.
Mardlarga to‘la yurt topmas yomonlik,
Yasha saodatda, hur O‘zbekiston!

Hamid IKROM
Hamidjon Pozilov Ikromjon o‘g‘li
Qo‘qon universiteti, Boshlang‘ich ta'lim yo‘nalishi talabasi
🕊31
🕊3
G‘AZO

Ona, nechun uzun zimiston tunlar?
Nechun yashirinar samoda ham oy?
Bir zum ko‘z ochmasdan o‘tmoqda kunlar,
Nechun xiralashgan undagi chiroy.

Tushlarimda kimdir solmoqda faryod,
Yo ota, yo bola, yo mushfiq ona.
Bunchalar shafqatsiz bo‘lmasa jallod,
Yanchilgan yuraklar to‘la vayrona.

To‘lg‘onib uyg‘onsam qaniydi tezroq,
Tongning azonida azob bitsaydi.
Ko‘zlarim yumug‘u ko‘raman, biroq
Ko‘chamizda kezar xudosiz daydi...

Hamid IKROM
🕊2👍1
"YAXSHIYAM CHIN DUNYONG BOR, ALLOH"

Belanchakdek tebrandi olam,
Uyqudan so‘ng ko‘rindi uchmoh.
U yerlarda bo‘lmas ekan g‘am,
Yaxshiyam chin dunyong bor, Alloh!

Go‘daklarga to‘ldi go‘riston,
Yuraklarga to‘kildi siyoh.
Bunchalar ham beshafqat inson,
Yaxshiyam chin dunyong bor, Alloh!

Shimol, janub, sharqmi yoki g‘arb,
To‘rt tomonim qamalda, nogoh.
Bugun bizlar shunchalar g‘arib,
Yaxshiyam chin dunyong bor, Alloh!

Shart uzilgan ungan lolalar,
Bolalardek qonli har giyoh.
Qo‘ng‘iroqdek so‘nggi nolalar,
Yaxshiyam chin dunyong bor, Alloh!

Hobil yig‘lar Qobil ishidan,
Bizga boqar qayg‘uli nigoh.
Najot kutma nokas kishidan,
Yaxshiyam chin dunyong bor, Alloh!

Urush-urush o‘ynar kattalar,
Qilmaydimi o‘zini isloh?!
Sinalmoqda barcha bandalar,
Yaxshiyam chin dunyong bor, Alloh!

Dunyoviyman deguvchilar ko‘p,
Islomini unutgan maddoh.
Bo‘lma urush oloviga cho‘p,
Yaxshiyam chin dunyong bor, Alloh!

Bir otayu onaning nasli,
Bir-biriga yovlashgan gumroh.
Yaratganga isyoni, asli
Yaxshiyam chin dunyong bor, Alloh!

Odamlardan bezdi bu yurak,
Olamda tinch qolmadi dargoh.
Yupanch bo‘lar qalbimga beshak,
"Yaxshiyam chin dunyong bor, Alloh!"

Uxlolmadim to‘yib bag‘ringda,
Bo‘ldi qabrim menga oromgoh.
Gumonim pok Sening to‘g‘ringda,
Yaxshiyam chin dunyong bor, Alloh!


Men ketarman boqiy hayotga,
Senda qolar tog‘dayin gunoh.
Ishonaman ulug‘ bir Zotga,
Yaxshiyam chin dunyong bor, Alloh!

Hamid IKROM
Qo‘qon universiteti talabasi
👍4🕊1
YURTIM BAYROG‘I

Moviy osmon uzra yuksalsin shoning,
Amir Temur tutgan tug‘ning bor ruhi.
Mangu yuraklarda erur makoning,
Bor senda donishmand xalqim shukuhi.

Muqaddas iymonim pokligicha oq,
Porloq kelajakning orzulari bor.
Buyuk maqsadlarga bo‘lib bir mayoq,
Hilpira bayrog‘im, solgancha viqor.

Navqiron yoshlikning bo‘lib timsoli,
Bizlarni boshlaysan g‘oliblik sari.
Sendan kuch oladi umid niholi,
Erkim, istiqbolim – Quyosh singari.

Shamolning nafasi shodlik onlari,
Samoga intilib hilpirar hamon.
Vatanim shavkati, sha’ni, shonlari,
Sen ila porlaydi doim nurafshon.

O‘saversin qadring yanada baland,
Har bir farzandlaring yutug‘larida.
Hech qanday to‘siqlar bo‘lmagan pisand,
Seni e’zozlagan ulug‘larida!

Jahon minbarida yasha abadiy,
Mening ozodligim ramzi bo‘lib qol.
Millatim ruhisan so‘nmas azaliy,
Sen bor boyligimiz – yashar istiqlol.

Hilpirar Yurtboshi tutgan bayrog‘im,
Hilpira, dillarga solib bir g‘urur.
Sensan yuragimda aziz, ardog‘im,
Xalqimiz qalbini mangu et masrur!


Hamid IKROM
👍2