Ona Tili
3 subscribers
2 photos
2 links
Aql tarozisida tortib ko‘rilmagan har qanday bilim asossizdir. (Abu Ali ibn Sino)
Download Telegram
So‘z turkumlari. Mustaqil va yordamchi so‘zlar

Biror so‘roqqa javob bo‘lib, ko‘pincha atash ma’nosini bildiruvchi, gapda ma’lum bir gap bo‘lagi yoki undalma vazifasida keladigan so‘zlar mustaqil so‘zlar sanaladi.

So‘roqqa javob bo‘lmaydigan, atash ma’nosini bildirmaydigan so‘zlarga yordamchi so‘zlar deyiladi.
Turdosh va atoqli otlar

Bir turdagi narsa-buyumning nomini bildirgan otlar turdosh ot deyiladi. Masalan: qishloq, choynak, aka, daraxt.

Ayrim shaxs yoki narsa-buyumga atab qo‘yilgan nomlar atoqli ot deyiladi. Kishilarning ism, familiyasi, joy hamda hayvonlarga atab qo‘yilgan nomlar, gazeta, jurnal, kitob, tarixiy voqea kabilarning nomlari atoqli otlardir. Masalan: Toshloq tumani, Mustaqillik kuni, «Gulxan» jurnali, Olapar. Atoqli otlar doimo bosh harf bilan yoziladi.

Kitob, gazeta, jurnal, kinofilm, binolar hamda tashkilotlarga atab qo‘yilgan nomlar qo‘shtirnoq ichiga olinadi. Ammo shahar, kinoteatr, jamoa xo‘jaligi kishilar nomiga qo‘yilgan bo‘lsa, qo‘shtirnoq ishlatilmaydi. Ularda nomidagi, nomli so‘zlari qo‘llanadi.
Kelishik qo’shimchalari

Otlarga qo‘shilib, ularni o‘zidan keyin kelgan boshqa so‘zlarga tobelashtirib bog‘lab keladigan qo‘shimchalarga kelishik qo‘shimchalari deyiladi.

Tilimizda 6 ta kelishik mavjud bo‘lib, ulardan beshtasining qo‘shimchasi bor: 1) bosh kelishik (–); 2) qaratqich kelishigi (-ning); 3) tushum kelishigi (-ni); 4) jo‘nalish kelishigi (-ga, -ka, -qa); 5) o‘rin-payt kelishigi (-da); 6) chiqish kelishigi (-dan).
Sifat

Qanday?, qanaqa? so‘roqlariga javob bo‘lib, narsa-buyumning belgisini bildirgan so‘zlarga sifat deyiladi. Belgi deganda, rang-tus, maza-ta’m, shakl-hajm, xil-xususiyat kabilar tushuniladi.

Sifat gapda aniqlovchi, hol yoki kesim bo‘lib keladi. Sifat gapda otga bog‘lansa, aniqlovchi, gapning oxirida kelsa, kesim vazifasini bajaradi. Masalan: Bu ko‘rkam bino– kasb-hunar kolleji. Bu gullar xushbo‘y.
Sifat darajalari

Muayyan bir belgining ortiq-kamligi jihatidan farqlanishi sifat darajasi deyiladi.

Sifatlarda to‘rtta daraja bor: oddiy daraja, qiyosiy daraja, orttirma daraja, ozaytirma daraja.

Narsalar orasidagi belgi o‘zaro taqqoslanmasa, oddiy daraja deyiladi. Masalan: yuksak, uzun, hushyor, kalta.

Bir narsadagi belgining boshqalariga nisbatan ortiq yoki kamligi qiyosiy daraja deyiladi. Qiyosiy daraja oddiy darajadagi sifatga -roq qo‘shimchasini qo‘shish bilan hosil bo‘ladi. Masalan: yuksakroq, uzunroq, hushyorroq, kaltaroq.

Belgining bir narsada boshqalariga nisbatan eng ko‘p ekani orttirma daraja deyiladi. Orttirma daraja eng, juda, nihoyat kabi so‘zlar bilan hosil bo‘ladi. Masalan: eng yuksak, juda uzun...

Belgining bir narsada boshqalariga nisbatan bir qadar kam ekani ozaytirma daraja deyiladi. Ozaytirma daraja sal, biroz, xiyla, nim kabi so‘zlar bilan hosil bo‘ladi. Masalan: biroz yuksak, sal uzun...
Son (raqam)

Qancha?, necha?, nechanchi? so‘roqlariga javob bo‘lib, narsalarning son-sanog‘i va tartibini bildirgan so‘zlarga son deyiladi.

Sonlar ikkiga bo‘linadi: 1) miqdor sonlar; 2) tartib sonlar. Qancha?, necha? so‘roqlariga javob bo‘lgan sonlar miqdor sonlar, nechanchi? so‘rog‘iga javob bo‘lgan sonlar tartib sonlar hisoblanadi.

Son gapda otga bog‘lansa, aniqlovchi, fe’lga bog‘lansa hol, gapning oxirida kelsa, kesim vazifasini bajaradi. Masalan: Sinfimizda yigirma besh o‘quvchi bor. U olmadan beshta oldi.

O‘nning yarmi – besh.
Sonlarning yozilishi

Ikki, olti, yetti sonlariga jamlikni bildiruvchi -ov, -ala qo‘shimchalari qo‘shilsa, asos oxiridagi i unlisi tushib qoladi: Ikkala, oltov, yettov.

Tartib sonlar raqam bilan yozilsa, -nchi, -inchi qo‘shimchalari o‘rniga chiziqcha qo‘yiladi: 2002-yil, 22-dekabr, 5-sinf, 3-qavat.

Tartib sonlar rim raqamlari bilan yozilsa, bu qo‘shimchalar o‘rniga chiziqcha qo‘yilmaydi: IX sinf, XXI asr.

Bir so‘ziga -ta qo‘shimchasi qo‘shilsa, bitta deb aytiladi va yoziladi.
Rim Raqami
Olmosh

Ot, sifat, son va boshqa so‘zlar o‘rnida qo‘llanib, ularga ishora qiluvchi so‘zlar olmosh hisoblanadi.

Olmoshlar qaysi so‘z o‘rnida qo‘llansa, o‘sha so‘zning so‘rog‘iga javob bo‘ladi.

Men, sen kishilik olmoshlariga qaratqich va tushum kelishigi qo‘shimchalari hamda -niki qo‘shimchasi qo‘shilsa, bir n undoshi tushib qoladi: Men+ning – mening, sen+niki– seniki.

U, bu, shu, o‘sha olmoshlariga jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish kelishigi qo‘shimchalari hamda -ga, -dek, -day qo‘shimchalari qo‘shilsa, n undoshi orttiriladi: unga, shunda, bunda, shunday.
Fe’l (O'zbek tili)

Nima qilmoq?, nima bo‘lmoq? so‘roqlariga javob bo‘lib, harakat-holatni bildiruvchi so‘zlarga fe’l deyiladi.

Fe’llar zamon, shaxs-son, bo‘lishli-bo‘lishsizlik ma’nolari va bu ma’nolarni ifodalovchi qo‘shimchalarga ega bo‘ladi. Masalan: yozmadim so‘zida -ma qo‘shimchasi bo‘lishsizlik, -di qo‘shimchasi zamon, -m qo‘shimchasi esa shaxs-son ma’nolarini bildiradi.
Fe’l zamonlari. Shaxs-son qo‘shimchalari

Fe’ldan anglashilgan harakat-holatning nutq so‘zlanib turgan paytga munosabati fe’l zamonlari, shunday ma’noni ifodalovchi qo‘shimchalar esa zamon qo‘shimchalari deyiladi.

Fe’llarda uchta zamon bor: 1) o‘tgan zamon; 2) hozirgi zamon; 3) kelasi zamon. Bu uch xil ma’no maxsus qo‘shimchalar yordamida ifodalanadi va ular zamon qo‘shimchalari hisoblanadi.

O‘tgan zamon

-di, -ib (fe’l unli bilan tugasa -b), -gan edi, -gan ekan qo‘shimchalari bilan kelib, ish-harakat va holatning nutq jarayonidan oldin sodir bo‘lganini yoki bo‘lmaganini bildirgan fe’llarga o‘tgan zamon fe’llari deyiladi. O‘tgan zamon fe’llari uchala shaxsda tuslanadi. Masalan: bordim bording bordi bordik bordingiz bordi (-lar)

Hozirgi zamon

-yap, -(a)yotir, -moqda qo‘shimchalari bilan kelib, ishharakat va holatning nutq jarayonida yuz berayotgani yoki bermayotganini bildirgan fe’llarga hozirgi zamon fe’llari deyiladi.

Kelasi zamon

-a /-y, -(a)r, -ajak, -moqchi qo‘shimchalari bilan kelib, ish-harakat va holatning nutq jarayonidan keyin yuz berishi yoki bermasligini bildirgan fe’llarga kelasi zamon fe’llari deyiladi.

Shaxs-son qo‘shimchalari

Fe’ldan anglashilgan ish-harakat va holatning so‘zlovchi, tinglovchi yoki o‘zgaga tegishli ekanini bildiruvchi qo‘shimchalarga shaxs-son qo‘shimchalari deyiladi.

So‘zlovchi 1-shaxs, tinglovchi 2-shaxs, o‘zga 3-shaxs hisoblanadi.
Ravish

Qanday?, qancha?, qachon? singari so‘roqlarga javob bo‘lib, harakatning holati, o‘rin, payt, sabab, daraja-miqdorini bildirgan so‘zlar ravish sanaladi.

Ravish, asosan, fe’lga bog‘lanadi va gapda ko‘proq hol vazifasida keladi.

Ravish Uzbek tili grammatikasi
Yordamchi so‘zlar. Bog‘lovchilar. Ko‘makchilar

Biror so‘roqqa javob bo‘lmay, gap yoki gap bo‘laklarini bir-biriga bog‘lash yoki ularga qo‘shimcha ma’no yuklash uchun xizmat qiladigan so‘zlarga yordamchi so‘zlar deyiladi.

Bog‘lovchi, ko‘makchi va yuklamalar yordamchi so‘zlardir.

Bog‘lovchilar

Uyushiq bo‘laklarni va qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarni bir-biriga bog‘lash uchun xizmat qiladigan yordamchi so‘zlar bog‘lovchi sanaladi.

Bog‘lovchi gap bo‘lagi vazifasida kelmaydi.

Ko‘makchilar

Otlarning boshqa so‘zlarga tobe bog‘lanishi uchun xizmat qiladigan yordamchi so‘zlarga ko‘makchilar deyiladi.

Ko‘makchilar ko‘pincha otlarni fe’lga bog‘lab keladi. Masalan: Shahar tomon ketdi. Daryo bo‘ylab yurdi kabi.

Ba’zan otni ot, sifat va ravishlarga tobelantirib bog‘laydi.

Masalan: Ona kabi mehribon. Halimdan ko‘ra katta.
Yuklama (Yordamchi so‘zlar)

Ayrim gap bo‘lagi yoki butun gapning mazmuniga qo‘shimcha ma’no yuklash uchun xizmat qiluvchi yordamchi so‘zlarga yuklama deyiladi.

Yuklamalar so‘z-yuklamalar va qo‘shimcha-yuklamalarga bo‘linadi. So‘z-yuklamalar o‘zi qo‘shilayotgan so‘zdan doimo ajratib yoziladi. Qo‘shimcha-yuklamalar esa o‘zi qo‘shilayotgan so‘zga qo‘shib yoki undan chiziqcha bilan ajratib yoziladi. -mi, -oq (-yoq), -gina (-kina, -qina) yuklamalari o‘zi qo‘shilayotgan so‘zga qo‘shib yoziladi. Masalan: Keldimi? Senmi? Keliboq, kelsayoq, sengina kabi. -chi, -u(-yu), -a(-ya), -da yuklamalari o‘zi qo‘shilayotgan so‘zdan chiziqcha bilan ajratib yoziladi. Masalan: Sen-chi? Ayt-chi? Keldi-yu, ketdi. Borgin-a?
Undov va taqlid so‘zlar

So‘zlovchining his-hayajonini, shuningdek, hayvon-parrandalarni biror harakatga undashni ifodalovchi so‘zlarga undov so‘zlar deyiladi.

Inson, hayvon va narsalarning tovushlariga taqlid ifodalovchi so‘zlar taqlid so‘zlar hisoblanadi.
Qo‘shma so‘zlar

Qo‘shma so‘zlar imlosi

Qo‘shma fe’l va qo‘shma sonlar ajratib yoziladi. Qo‘shma so‘zlar yozilishiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: 1) qo‘shib yoziladigan qo‘shma so‘zlar; 2) ajratib yoziladigan qo‘shma so‘zlar.

Birinchi so‘zi bir, har, hech olmoshlari bo‘lgan qo‘shma so‘zlar, qo‘shma sonlar doimo ajratib yoziladi. Birpas, biroz kabi ayrim so‘zlar bundan mustasno.

Qo‘shma so‘zlarning katta qismi qo‘shib yoziladi.
Амир Темур:
Салтанатни ўз тасарруфимда сақлаш учун амал қилган тузуким

Ушбу ўн икки тузукни ўзимга шиор қилиб олганимдан кейин катта ишончу салобат билан салтанат тахтига ўтирдим. Ўз тажрибамдан синаб билдимки, агар қай бир подшоҳ шу ўн икки нарсага эга бўлмас экан, салтанатдан бебаҳра қолур.

Биринчидан. Подшоҳ ўз сўзига эга бўлсин, ишини ўзи билиб қилсин, яъни сипоҳ ва раият подшонинг айтган сўзини, қилган ишини ўзи айтади, ўзи қилади, ҳеч кимнинг бунга дахли йўқ, деб билсин. Шундай бўлгач, подшоҳ бирор кимсанинг салтанат мартабасига шерик бўлгудек қилиб айттан гапига ва қилган ишига эргашмасин. Гарчи яхши сўзни ҳаммадан ҳам эшитиш зарур бўлсада, лекин бошқалар сўзда ва салтанат ишларида подшоҳга шерик ёхуд ундан устун бўлмасликлари шарт.

Иккинчидан. Султон ҳар нарсада адолатпарвар бўлсин, қошида инсофли, адолатли вазирлар тутсин, токи подшоҳ зулм қилгудек бўлса, одил вазир унинг чорасини топсин. Аммо агар вазир золим бўлса, кўп вақт ўтмай салтанат уйи қулайди. Чунончи, амир Ҳусайннинг золим бир вазири бор эди. У сипоҳу раиятга ноҳақ жарималар солар эди. Орадан кўп вақт ўтмай ўша ноинсоф вазирнинг шумлигидан амир Ҳусайннинг салтанат уйи хароб бўлди.

Учинчидан. Бутун мамлакатда буйруқ ва тақиқлашлар подшоҳнинг ўз ихтиёрида бўлиши лозим. Подшоҳ ҳар ишда ўзи ҳукм чиқарсин, токи ҳеч ким унинг ҳукмига аралашиб, ўзгартира олмасин.

Тўртинчидан. Подшоҳ ўз қарорида қатъий бўлсин, яъни ҳар қандай ишни қилишга қасд қилар экан, уни бекор этмасин ва то битирмагунича ундан қўл тортмасин.

Бешинчидан. Подшоҳ ҳукми жорий этилиши зарур, яъни қандай ҳукм чиқаришидан қатъи назар, амалга оширилиши керак. Бирон кимса гарчи ҳукмни зарарли деб билган бўлса ҳам, унга монелик қилолмасин. Чунончи, эшитганманки, султон Маҳмуд Ғазнавий Ғазна шаҳри майдонига катта тошни келтириб қўйишни буюрган экан. Ундан ўткинчи-кеткинчиларнинг от-уловлари ҳуркиб ўта олмай қолибди. Шунда одамлар тош йўл бўйидан олиб ташланса, деб султон ҳузурига қанчалик арз-шикоят қилиб боришмасин, султон: «Чиқарган ҳукмимдан қайтмайман, унга хилоф бирон иш ҳам қилмайман», – деган экан.

Олтинчидан. Подшоҳлик ишларини тамоман бошқага топшириб, эркни унга бериб қўймасинким, дунё бевафо хотин каби, унинг хуштори кўпдир. Агар шундай қилар экан, ўзганинг нафси тез орада подшоҳ бўлишни тилаб, салтанат тахтини ўзи эгаллашга киришади. Чунончи, султон Маҳмудга хоинлик қилган вазирлар уни салтанат тахтидан тушириб, тахтни ўзлари эгалладилар. Шундай бўлгач, салтанат ишларини ишончли ва мўътабар бир неча кишига бўлиб бериш лозим. Шунда ҳар бири ўз ишига боғланиб, салтанат тахтига кўз олайтира олмайди.

Еттинчидан. Салтанат ишларида ҳар кимнинг сўзини эшитсин, ҳар кимдан фикр олсин. (Лекин) қайси бири фойдалироқ бўлса, уни кўнгил хазинасида сақлаб, вақтида ишлатсин.

Саккизинчидан. Салтанат ишларида, сипоҳу раиятга боғлиқ масалаларда бошқаларнинг сўз ва феълига қараб иш тутмасин. Вазирлар, амирлар бирон кимса ҳақида яхши-ёмон сўз айтар эканлар, эшитсин.
Лекин амал қилишда бутун ҳақиқат аён бўлмагунча шошмай, мулоҳаза билан иш тутсин.

Тўққизинчидан. Подшоҳ ҳайбати сипоҳу раият кўнглида шундай ўрнашган бўлиши керакки, унинг амр-фармонига ҳеч ким қаршилик қилишга журъат этолмасин; итоат ва тобеълик қилсин, исён кўтармасин.

Ўнинчидан. (Подшоҳ) нима қилса, ўз эркича қилсин, нима деса ўз сўзида қатъий турсин, чунки подшоҳларнинг ҳукм ҳурматидан бошқа баҳрамандликлари йўкдир. Хазина, лашкар, раият, салтанат–буларнинг бариси унинг ҳукми биландир.

Ўн биринчидан. Салтанат ишларида, ҳукм юргизишда подшоҳ ўзини ягона билиб, ҳеч кимни ўзига салтанат шериги қилмасин.

Ўн иккинчидан. (Подшоҳ) мажлис аҳлидан огоҳ ва ҳушёр бўлсинким, улар кўпинча айб ахтариб, гапни ташқарига ташийдилар, подшоҳнинг сўзидан, ишидан вазирларга, амирларга хабар бериб турадилар. Масалан, шунга ўхшаш бир воқеа менинг ўзим билан (ҳам) рўй берганди. Ўзимнинг хос мажлисимдаги бир қанча суҳбатдошларим вазирлар ва амирларимнинг жосуслари бўлиб чиққанди.
«Темур тузуклари»дан.
Telegram bot
Wordpress
OpenCart

Android - kodular
The account of the user that owns this channel has been inactive for the last 1 month. If it remains inactive in the next 7 days, that account will self-destruct and this channel will no longer have an owner.