Yozuvchilar uyushmasi | Rasmiy
4.78K subscribers
28.7K photos
3.4K videos
377 files
7.86K links
O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining telegramdagi rasmiy sahifasiga xush kelibsiz!

Adabiyot yashasa, millat yashaydi!
Cho’lpon

Fikr va mulohazalaringizni, adabiyot haqidagi maqolalaringizni shu manzilga yo‘llang: @yozuvchilarbot
Download Telegram
22-fevral – Azim Suyun tug‘ilgan kun.

Azim Suyun,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi


O‘ZBEKISTON SO‘ZI


Monolog

O‘zbegim! O‘zbeklar! O‘z o‘ziga Bek,
O‘z elida beklar, eshiting so‘zim.
Bilaman, aslingiz – o‘z so‘ziga Bek,
Siz mening yuragim, siz mening O‘zim!
Siz olomon emas – ajdodlar guvoh,
“Avesto” guvohdir – eng qadim doston.
Siz nonko‘rlar emas, siz emas gumroh,
Siz podshosiz, siz xon, siz hoqon, sulton.
O‘z ona tilingiz qutlug‘dir sizga,
Siz unda bitgansiz ne go‘zal kitob.
Bolta urmagansiz ildizingizga,
Ezgu So‘z va Amal – siz uchun oftob.
G‘animlar oldida tiz cho‘kmagansiz,
Garchi kajraftordir bu dunyoi dun.
Sotqin Yalovochlar, u siz emassiz,
Millat ori – Temur, siz – Jaloliddin.
Samarqand, Buxoro, Xivani qurgan,
Tarixlar meʼmori, tojlar sirisiz.
Baxtu farog‘atin mehnatda ko‘rgan,
Siz donishmand dehqon – zamin pirisiz.
Ha-ha, siz o‘zingiz kalomi bilan
Bashar sharafini sharif etguvchi.
Ilmu haq, haqiqat, aʼmoli bilan
Dunyoni kamolot sari eltguvchi!
O, siz uchun mangu bag‘rini bergan –
Men – Tangri tuhfasi – duogo‘y bir jon,
Ozodlikning yashil tug‘in ko‘targan –
Ota makoningiz – Hur O‘zbekiston!


TILIM

Tangrim inoyati – oppog‘im tilim,
Aziz xonadonim – charog‘im tilim.

Mastman Momo Yerim havolaridan,
Muallaq emasman, tuprog‘im tilim.

Bog‘lar turfa-turfa qush bilan go‘zal,
Turfa qushlar aro sayrog‘im tilim.

Tanglayda qotmasin millatim tili,
Sinmasu zanglamas qayrog‘im tilim.

Ehtimol, tilimdan boshqa do‘stim yo‘q,
Yovim ham yo‘q erur, yarog‘im tilim.

So‘zlashgum Yer yuzi ahli bilan teng,
Qitʼalararo tik bayrog‘im tilim.


BU VATANNI
SEVMAY BO‘LURMI?!


Sevish-sevmoq saodat erur,
ilohiy baxt jo‘sh urar qonda.
Tulporingni mingin-u mag‘rur
choptir, yeldir ota makonda!
Bu Vatanni sevmay bo‘lurmi?!

Hisor tog‘da ochib keng quchoq
yasha, yuksal bamisli xayol.
Sangardakda ming ko‘zli buloq –
to‘lib-toshgan kechagi hilol!
Bu Vatanni sevmay bo‘lurmi?!

Qayda, qaydan bu erka chog‘lar,
zangor toshqin qiru yobonda.
Qizg‘aldoqlar – gulgun yonoqlar –
to‘rt ufqda – to‘rtala yonda!
Bu Vatanni sevmay bo‘lurmi?!

Ayg‘irko‘l gulmohilarining
gullarida o‘ynaydi nurlar.
Badayto‘qay xongullarining
ko‘zlarida do‘sti xongullar!
Bu Vatanni sevmay bo‘lurmi?!

To‘kis emas, neki mavjuddir,
to‘kis baxt ham yo‘qdir jahonda.
Faqat Vatan to‘kis vujuddir,
baxt ham to‘kis ota makonda!
Bu Vatanni sevmay bo‘lurmi?!

Cho‘lu sahro yuzi qavariq,
moviy tog‘lar tuslari bujur.
Yoyloq, soyloq – dasturxon yoyiq,
o, anglasang, bari-bari dur!
Bu Vatanni sevmay bo‘lurmi?!

Meni sevib, opichlab onam,
sevmoqlikka o‘rgatgan ro‘y-rost.
Sevmoqlikka yaralgan odam,
sevilmoqqa olam xosu mos!
Bu Vatanni sevmay bo‘lurmi?!


O‘ZBEKNING DO‘PPISI

O‘zbekning do‘ppisi boshida anvor,
Belbog‘i va to‘ni misoli do‘st-yor.
Siymi zarin olsang olginu ammo,
Tegma Do‘ppi
Belbog‘
To‘niga
Zinhor!!!


MAYSALARNING...

Maysalarning ildiziga tuproq bo‘ldim,
Bir qatim nur, bir qultum suv, urpoq bo‘ldim,
Ular sirli nigohidan nurpok bo‘ldim.

Shukr qildim, ko‘ring ruhu obodimni,
Har tong turib yodlar qildim ajdodimni,
Duo qildim zurriyodlar-u avlodimni.

Dunyoning goh ishlaridan toqatim toq,
Munofiqlar yo‘llarimga qo‘ydi tuzoq,
Fisqu fujur, g‘iybatlardan yurdim uzoq.

Ruhim bir kun qaldirg‘ochday uchib ketgay,
Ammo xalqim Azim otim unutmagay,
Yurt yodida qoladirman bir ertakday!
Ayol baxti

AYOL SHAʼNIGA

Eng nafis tilaklar aytsa yarashar,
Shoirlar jam bo‘lib ayol zotiga.
Ayol deb maydonda nomus talashar,
Bahodirlar minib bedov otiga.

Ey, siz beshik quchgan mushtipar ona,
Bedor yashadingiz tunlar bolam deb.
Bormikan sizdek bir hokisor ona,
Bolasi yig‘lasa - yig‘lar bolam deb.

Ey, siz bardoshlari toshdan ham qattiq,
Joniga metindan uy qurgan ayol.
Taqdiri bo‘lmasin qanchalar achchiq,
Yoriga baxt tilab o‘y surgan ayol.

Ey, siz jigarim deb jonlari halak,
Qop qora qora qosh  - qora soch singil.
Aylana, aylana bir kun charxpalak,
Qushdek uchib ketgan qaldirg‘och singil.

Ey, siz nafosatli, nozli ona qiz,
Ko‘ngil malikasi - ota erkasi.
Otangiz uzatar yona-yona qiz,
Bir kuni bo‘lasiz bir uy bekasi.

Ey, siz moviy ko‘zli, sochi oltin qiz,
Yigitlar qalbiga olov solasiz.
Husni guldan go‘zal - qalbi sokin qiz,
Loladek qizarib, lov-lov yonasiz.

Ey, siz latofatli, lobar ayollar,
Latif so‘zlaringiz shaydosi bo‘ldik.
Bir umr siz haqda surib xayollar,
Bir umr ishqingiz adosi bo‘ldik.

Ey, siz - sehr to‘la sirli nigohlar,
Ey, siz - mehr to‘la anor yonoqlar,
Ey, siz - lablari bol, shirin dudoqlar,
Ey, siz - pari sifat hurliqo, mohlar.

Eng nafis tilaklar aytsa yarashar,
Shoirlar jam bo‘lib ayol zotiga.
Ayol deb maydonda nomus talashar,
Bahodirlar minib bedov otiga.

Begi DO‘ST,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
Forwarded from Adolat gazetasi
100 жилдлик “Туркий адабиёт дурдоналари”, 30 жилдлик “Мустақиллик даври навоийшунослиги” каби бир неча адабий мажмуаларнинг яратилиши муҳим воқелик бўлди. Яқинда Туркия ва Озарбайжонда “Туркий адабиёт дурдоналари” маж­муасининг тақдимоти ўтказилди.
https://telegra.ph/Marifat--dunyoni-anglash-j%D1%9Eli-02-16
Бизни кузатиб боринг:👇👇👇
@Gazeta_Adolat
Audio
“O‘zbekiston” radiokanalida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Azim Suyun ijodiga bag‘ishlangan eshittirish efirga uzatildi.

Muharrir - Bahriddin Maxmadaliyev
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Turkiya madhiyasi muallifi Mehmet Okif Erso‘y hayoti va uning “Safahot” kitobi haqida.
Media is too big
VIEW IN TELEGRAM
Bugun “O‘zbekiston” telekanalining "Assalom, O‘zbekiston!" dasturida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Azim Suyun tavallud topgan kun munosabati bilan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Baxtiyor Xolxo‘jayev bilan suhbat efirga uzatildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Turkiya madhiyasi muallifining oʻzbek tilida kitobi nashr etildi

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli turk shoiri Mehmet Akif Ersoʻyning qardosh millat milliy dostoniga aylangan “Safahot” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunoslar, tarjimonlar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi rahbari Serkan Qayalar soʻzga chiqib, ikki millatning madaniy-adabiy aloqalari qadimdan mavjudligi, u bugun yanada mustahkamlanayotgani, yangi chop etilgan ushbu “Safahot” kitobi ham doʻstlik rishtalarini bogʻlashda maʼnaviy koʻprik vazifasini oʻtashini taʼkidladi.
Mazkur kitob Mehmet Akif Ersoʻy tomonidan 1911-1933-yillarda nashr etilgan boʻlib, 7 kitobdan iborat axloq va tarbiya majmuasidir. Kitobda oʻquvchilar Turkiya tarixining burilish nuqtasiga guvoh boʻlishadi. Shuningdek, turk millatining ozodlik kurashi, jasorati va gʻalabasini koʻrishadi. Kitobni turkchadan oʻzbek tiliga taniqli shoir va tarjimon Miraziz Aʼzam tarjima qilgan.
– Mehmet Akif Ersoʻy deganda turklar, avvalo, “Milliy madhiya”ni, “Chanoqqalʼa” sheʼrini va “Safohot”ni esga olishadi. – dedi tarjimon Tohir Qahhor. – U xalq shoiri, milliy shoirdir. U hamisha oliy maqsadlar bilan yashagan. Oʻzbek adabiyot muhiblari qoʻliga yetib borayotgan ushbu kitob shoir oliy maqsadlarining betakror namunasi, desak mubolagʻa emas.
Tadbir yakunida qatnashchilarga muhtasham majmua tuhfa etildi.

Rahmatjon Bobojonov,
“Xalq soʻzi” muxbiri
Mehmet Okif Erso‘yning “Safahot” kitobi taqdimoti o‘tkazildi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mazkur uyushma raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) prezidenti Serkan Kayalar o‘rtasida o‘zbek va turk adabiy hamkorligini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda adabiyot ikki xalq o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etayotgani, o‘zbek tarjimonlarining turk mumtoz va zamonaviy adabiyotiga, turk adabiyotshunoslari va tarjimonlarining o‘zbek adabiyotiga katta qiziqish bilan qarayotgani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasida turk adabiyotiga munosib o‘rin ajratilgani, o‘zbek adabiy nashrlarida turk ijodkorlarining asarlari ona tilimizga tarjimada faol chop etilayotgani e’tirof etildi.
Uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining katta zalida atoqli turk shoiri, Turkiya Respublikasi davlat madhiyasi muallifi Mehmet Okif Erso‘yning “Safahot” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, taniqli shoir G‘ayrat Majid keyingi yillarda turkiy adabiyot rivoji yo‘lida yangidan-yangi tashabbuslar faol joriy etilayotgani, ushbu masalalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tibori va amaliy g‘amxo‘rligi ostida ekanini alohida e’tirof etdi.
– O‘zbek adabiyotida odob-axloq masalalari ustuvor o‘rin egallaydi, – dedi TIKA tashkiloti prezidenti Serkan Kayalar. – Bu jihatlar turk adabiyotida, jumladan, Mehmet Okif Erso‘y ijodida ham bosh mavzuni tashkil etadi. Biz o‘zbek tiliga tarjima etilgan bu asarni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga, oliy o‘quv yurtlariga ham hadya etish niyatidamiz.
Shoirning yetuklik davridagi she’rlari yettita kitobga jamlangan. Kitoblarning ketma-ketligi “Safahot”, “Sulaymoniya minbarida”, “Haq vahiysi”, “Fotih minbarida”, “Xotiralar”, “Osma” va “Soyalar”dan iborat. Shoir vafotidan keyin bu kitoblardagi barcha she’rlar “Safahot” nomi ostida bitta kitobga jamlanib, nashr etilgan.
Mehmet Okif Erso‘yning hayoti va ijodi o‘zbek olimlari tomonidan keng o‘rganilgan. Masalan, Hulkaroy Boltaboyeva shoir ijodini o‘zbek jadidlari ijodiga bog‘lab o‘rgandi. Poshshajon Kenjayeva Erso‘y va uning zamondoshlari she’riyatini tahlil etdi. Adhambek Alimbekov shoir ijodining badiiy qirralarini tadqiq etdi.
“Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asar majmuasining 49-jildiga Mehmet Okif Erso‘yning she’rlari taniqli o‘zbek shoiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Miraziz A’zam tarjimasida kiritilgan. Yaqinda esa shoirning “Safahot” kitobi Miraziz A’zamning tarjimasida o‘zbek tilida to‘liq chop etildi. Ushbu nashrga Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an so‘zboshi yozgan.
“Safahot” so‘zi o‘zbek tilida “Sahifa” degan ma’noni bildiradi. Bu kitob to‘liq tarjimada chop etilmasdan avval ham turkcha nomida o‘zbek she’rxonlari orasida mashhur edi. Tarjimon shuni inobatga olgan holda uning nomini o‘zbek tiliga tarjima etmay, asliyatdagidek qoldirgan.
Taqdimot tadbirida Mehmet Okif Erso‘y ijodi haqida film namoyish etildi. Anjumanda so‘zga chiqqanlar mazkur kitobning ahamiyati, tarjimon mahorati xususida batafsil so‘zladilar. Ishtirokchilarga kitob hadya etildi.

Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri
Taniqli turk shoiri Mehmet Okif Ersoʻyning qardosh millat milliy dostoniga aylangan “Safahot” kitobi taqdimotidan fotolar.

Muallif–Ahmad To'ra.