uznom.uz
92 subscribers
54 photos
7 videos
3 files
37 links
Ushbu kanal "O'zbekcha nomlash xizmati" ning rasmiy telegram kanali bo'lib, unda siz bizning loyiha doirasida olib borilayotgan ishlarni va ekspertlarimiz tomonidan tayyorlab borilayotgan maqolalarni kuzatib borishingiz mumkin.
Download Telegram
Mamlakatimizda iqtisodiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi harakatlar natijasida tadbirkorlik faoliyatini olib boruvchi ko‘plab ishlab chiqarish obyektlari, kompaniyalar, firmalar tuzildi. Natijada korxona, tashkilot, muassasalarning juda katta miqdordagi nomlari yuzaga keldi. Ular orasida o‘zbek tili qonuniyatlariga mos keluvchi nomlar bilan birga tilimiz meʼyorlariga muvofiq bo‘lmagan nomlar ham mavjud. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati obyektlarini asossiz ravishda xorijiy tildagi so‘zlar bilan nomlash ham, afsuski, ko‘p uchraydigan holatlardan biriga aylandi. Ularning ayrimlari o‘zbek tili qonuniyatlariga mutlaqo mos kelmaydi. Bu kabi holatlarni bartaraf etish nafaqat tilshunoslar, balki bir necha sohalar hamkorligini talab etadigan murakkab jarayondir.
Mavjud nomlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, tadbirkorlar nom yaratishda tilshunoslar bilan hamkorlik qilishlari zarur. O‘z navbatida, tilshunoslar ham o‘zbek tilida nomlash texnologiyasi nazariyasini shakllantirish, bu borada turli qo‘llanma va lug‘atlar yaratishga jiddiy eʼtibor qaratishlari lozim. Aytish joizki, tilshunoslarimiz ushbu masala bo‘yicha muayyan ishlarni amalga oshirdilar. Prof. D.Lutfullayeva o‘zbek tilida nom yaratish texnologiyasi mavzusiga bag‘ishlangan monografiyasini nashrga tayyorladi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ham bu borada eʼtiboga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda. Universitetda davlat granti asosida olib borilayotgan “O‘zbek tilida neyming: meʼyoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusidagi ilmiy loyiha (loyiha rahbari – f.f.n. M.Saparniyazova) doirasida loyiha aʼzolari tomonidan nomlash texnologiyasiga oid monografiya tayyorlanmoqda, obyektlarga qo‘yish tavsiya etiladigan nomlar zaxirasi onlayn rejimida shakllantirilmoqda, tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik o‘rnatilib, ularga nom tanlash bo‘yicha maslahatlar berib borilmoqda. Loyiha aʼzolari ishtirokida telegram xizmati tashkil qilingan. “Tashkilot, korxona va muassasa nomlarining izohli-tavsiyaviy lug‘ati”ni tuzish ham mazkur loyiha rejasidagi vazifalardan biri bo‘lib, u 2019-2021-yillarda tuzildi va nashrga tayyorlandi.
Tashkilot, korxona va muassasa nomlarining izohli-tavsiyaviy lug‘ati” ni yaratishdan ikkita maqsad ko‘zlangan: 1.Hozirgi vaqtda o‘zbek tilida mavjud bo‘lgan tashkilot, korxona va muassasa nomlarining lingvistik manzarasini yaratish. Mazkur lug‘at so‘zligi mamlakatimizdagi tashkilot, korxona va muassasa nomlarining lingvistik xususiyatlari – tuzilishi, hosil bo‘lish usullari, kelib chiqishiga ko‘ra manbasi, o‘zbek adbiy tili meʼyorlariga muvofiq yoki muvofiq emasligi, adresatga nutqiy taʼsir ko‘rsatish darajasi haqida umumiy tasavvurni hosil qiladi.
2. Savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlari, korxonalar, tibbiy va taʼlimiy muassasalar nomlarini leksikografik tavsiflash orqali o‘zbek tili nomlash texnologiyasiga doir yutuqlarni ko‘rsatish bilan birga undagi mavjud kamchiliklarni aniqlash, nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha muayyan tavsiyalar berish va bu bilan nom yaratish tamoyillarini takomillashtirishga amaliy hissa qo‘shish. Mazkur lug‘at oraliq turdagi, yaʼni ham lingvistika, ham biznes reklamasiga doir lug‘at hisoblanib, ayrim yangicha tamoyillari bilan mavjud lug‘atlardan farqlanadi.
Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.
Sh.Mirziyoyev
KIRISH
Yurtimizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar iqtisodiyotimizning ravnaqi, Vatanimizning gullab-yashnashi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ko‘plab sanoat korxonalari, ishlab chiqarish, savdo obyektlarining ishga tushganligi, ayniqsa, mahalliy xom- ashyolarimiz asosida mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotganligi quvonarlidir.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan turli-tuman yorqin rangli o‘ramlardagi mahsulotlarni savdo peshtaxtalarida ko‘rganingizda ko‘zingiz quvnashi shubhasiz. Biroq ularga berilgan nomlar biroz dilni g‘ash qilishi ayni haqiqat.
Bugun jahon hamjamiyatida o‘z tilini, madaniyatini namoyish etish, korxona, tashkilot va ishlab chiqarish obyektlariga munosib nom tanlash muhim vazifaga aylanib qoldi.
Yuqоri texnika va teхnоlоgiyalarning rivоjlanishi zamоnaviy biznes оlamini raqоbatbardоsh brendlarga aylantirib yubordi va bu bilan bоzоrni egallashda afzalliklar yaratdi. Zamоnaviy neyminglar kоmpaniya faоliyatida muhim kоmpоnentga aylandi. Yangi asrda jamiyatning barcha sohalarini shiddat bilan qamrab olayotgan globallashuv jarayoni dunyo miqyosida tilshunoslikning ham, til ta’limining ham zimmasiga yangidan yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Davr tildan amaliy foydalanish samaradorligini fanning ham, ta’limning ham asosiy vazifasiga aylantirib qo‘ydi. Natijada dunyo fanida tilning ichki qurilishini tavsiflaydigan nazariy lingvistikadan til va shaxs mushtarakligi masalasiga asoslangan amaliy yo‘nalishlarga o‘tish to‘lqini kuch olmoqda. Shu jarayonda amaliy tilshunoslik sohalaridan biri bo‘lgan nomlash (neyming)ning til me’yorlariga mos qonuniyatlarini ishlab chiqish, milliy nomlar zaxirasini yaratish bugunning kechiktirib bo‘lmas vazifalaridan biridir.
O‘zbek tilshunosligida neyming, nom(neym) yaratish va tasnifi haqida tadqiqotlar yetarli emas. Prof. D.Lutfullayevaning “O‘zbek tilida nom yaratishning milliy texnologiyasi” monografiyasi nashr qilindi. Prof. D.Xudoyberganova tomonidan “Tashkilot, korxona va мuassasa nomlarining izohli-tavsiyaviy lug‘ati” nashrga tayyorlandi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek tilida neyming: meʼyoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusidagi ilmiy loyiha (loyiha rahbari – f.f.n., dots. M.Saparniyazova) bajarilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi ishlab chiqarish, savdo obyektlari, mahsulotlar, uning brendiga nom qo‘yish jarayonini yengillashtirish, xal¬qimizning milliy an’analari va mentalitetiga yot bo‘lgan to‘qima nomlarning oldini olish, yangi nomlarning o‘zbek adabiy tili me’yorlariga mos bo‘lishini ta’minlash maqsadida tadbirkorlik subyekti bilan shug‘ullanuvchi ommani neyming texnologiyasi asoslaridan xabardor qilish, ularga uslubiy ko‘rsatmalar berish, savdo brendlari nomlarining zaxirasini yaratish, o‘zbek xalqining milliy-madaniy qarashlari, mentaliteti hamda o‘zbek adabiy tili me’yorlariga asoslangan nom yaratishning elektron dasturiy ta’minotini yaratish hamda internet tarmog‘ida neyming xizmatini tashkil qilish, umuman, o‘zbek tilida neyming (nomlash)ning amaliy va huquqiy mexanizmini ishlab chiqishga alohida e’tibor berildi.
Mazkur loyihaning ikkinchi yilida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 20- oktabrdagi PF-6084-son Farmoniga muvofiq hamda kompaniya, firma, brend hamda ishlab chiqarish, savdo obyektlari, mahsulotlarga nom qo‘yishda xal¬qimizning milliy an’analari, qadriyatlari va mentalitetiga yot bo‘lgan to‘qima nomlarning oldini olish, yangi nomlarning o‘zbek adabiy tili me’yorlariga mos bo‘lishini ta’minlash maqsadida neymingning me’yoriy-huquqiy asoslarini yaratish, neyming xizmatini tashkil qilish bo‘yicha xorijiy tajribalarni o‘rganish va u asosida Milliy nomlash Markazini tashkil qilish, davlat tili talablari asosida nomlash tizimini yaratish, bu xususda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini tayyorlash bo‘yicha ham keng qamrovli tashkiliy ishlar olib borildi. Loyiha g‘oyasi asosida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-martdagi 144-sonli “Savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori tayyorlandi.
Qarorga ko‘ra Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi qoshida Nomlash xizmati tashkil qilindi. Xizmat o‘zini o‘zi moliyalashtirish asosida faoliyat ko‘rsatadi. Nomlash (neyming) xizmati quyidagi vazifalarni bajarib kelmoqda:
– davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq keladigan, milliy qadriyatlarga mos hamda obyektlarga qo‘yish tavsiya etiladigan nomlar zaxirasini onlayn rejimida shakllantirish hamda uni doimiy yangilab borish;
– tashqi yozuv, peshlavha, reklama va e’lonlar matnini tayyorlash, shuningdek, ularning davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqligi, nomlarning bir xil yoki o‘xshashlik darajasi yuzasidan lingvistik ekspertiza o‘tkazish;
– obyektlar uchun davlat tilida nomlar yaratish va tanlash bo‘yicha shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatish.
Yo‘lga qo‘yilgan mazkur xizmat turi orqali nom yaratish jarayonida o‘zbek tili me’yorlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yiladi.
Ushbu ilmiy risolada neyming tilshunosligining mohiyati, nom yaratish sohasidagi xorijiy tajriba, o‘zbek tilida nom yaratishning uslubiy mezonlari, nomlarning milliy-madaniy xususiyatlari, mavzuviy guruhlari kabi masalalar yoritildi. Ilmiy risola o‘zbek tili mutaxassislari, tilshunos olimlar, tashkilotlarning ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchilari, tadbirkor va marketologlar uchun ilmiy-amaliy qo‘llanma vazifasini o‘tashga xizmat qiladi. Ilmiy risola o‘zbek tilshunosligida bu yo‘nalishdagi dastlabki ishlardan bo‘lgani sababli mualliflar ishga doir barcha fikr-mulohazalar, tanqidiy qarashlarni samimiyat bilan qabul qiladi. Elektron manzilimiz: saparniyazovam@mail.ru
Nomlash bu juda murakkab va ba’zan uzoq davom etadigan jarayondir, ayniqsa bu nom yangi tashkil etilgan obyekt uchun tanlansa. Tabiiyki, har bir inson o‘zi asos solayotgan obyektning uzoq yillar faoliyat yuritishini va uning nomi ham uzoq yillar saqlanishini istaydi. Ba’zan mahsulot yoki obyekt faoliyatga yoki sotuvga tayyor bo‘ladi-yu, unga nom berishga vaqt sarflashga to‘g‘ri keladi. Jahon standartida neyming deb ataluvchi bu jarayon mahorat va ijodkorlik bilan yaratilgan, ishlov berilgan nomdir. Nomning faoliyatga ta’siri, ya’ni omad keltirishi to‘g‘risida ikki xil qarash mavjud. Ko‘pchilik firma yoki mahsulotga berilgan noto‘g‘ri nom omadsizlikka olib keladi deyishsa, ayrimlar nom qanday bo‘lishidan qat’i nazar, mahsulot sifati yaxshi bo‘lishi omad garovidir, deb baholashadi. Albatta, sifat katta ahamiyatga ega, negaki xaridor mahsulotning sifatidan qoniqmasa ikkinchi marta xarid qilishi dargumon.
Biroq xaridorni shu mahsulotga jalb qiluvchi yoki tanituvchi ilk taassurot uning nomidir. Nom bu mahsulot va xaridorning ilk aloqasini ta’minlovchi vosita rolini bajaradi. Ko‘rinadiki, mahsulot nomini to‘g‘ri tanlash muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u ishlab chiqaruvchi obyektning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni mahorat bilan tanlangan nom mahsulotning rastalarda kengroq tarqalishiga, mahsulot obrazining to‘g‘ri qabul qilinishiga va qiymatining o‘z-o‘zidan ko‘tarilishiga omil bo‘lib xizmat qiladi. Psixologlarning ta’kidlashicha, bizga bir inson to‘g‘risidagi ilk taassurot uchun 7 soniya yеtarli ekan. Kompaniya yoki mahsulot nomi bilan ham taxminan shunday jarayon kechadi. Juda sodda jarayonday tuyulganligi bilan oson xotirada qolishi uchun nom ma’noli va jarangdor bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, u insonda ijobiy assotsiatsiya uyg‘otishi, ko‘rganda diqqatini jalb eta olishi lozim. Chunki nom ham axborot uzatish vazifasini bajaruvchi til belgisidir. Demak, mahsulot haqidagi ilk axborotni nom beradi.
Shunga ko‘ra nom qo‘yish yuzasidan ayrim uslubiy tavsiyalarni havola qilamiz:
1. Nom qo‘yishda siyqasi chiqqan, bir xillikdan qochish, yangicha, ohoriy nomni topish lozim. Yaxshi nom o‘tkir, nishonga uradigan darajada to‘g‘ri yo‘nalishli bo‘lishi maqsadga muvofiq. Qo‘yilgan nom noyob, boshqa raqobatchilarnikidan farqli bo‘lsa, bu sizning bir qadam oldinda ekanligingizdan dalolat beradi.
2. U oson yozilishi va o‘qilishi, murakkab qisqartmalardan xoli bo‘lishi lozim. Demak, qisqa va lo‘ndalikka e’tibor qarating. Ikki bo‘g‘indan iborat bo‘lsa yana yaxshi. Agar nom murakkab bo‘lsa, xaridor yoki hamkoringizga obyekt nomini aytayotganigizda uni qayta-qayta takrorlashingizga, qarshi tomon esa yozib olishiga to‘g‘ri keladi.
3. Nom o‘qilganda, obyekt faoliyati to‘g‘risida axborot bera olishi yoki uning xarakterini, obrazini ochib beruvchi assotsiatsiya uyg‘ota olishi ishni yеngillashtiradi. Masalan, “Milliy taomlar” nomi sizda o‘zbekona – osh, norin, manti kabi taomlar tayyorlanadigan ovqatlanish joyi ekanligi to‘g‘risida axborot beradi.
4. Nomning talaffuzini xaridor talaffuzida ham eshitib ko‘ring. U siz kutganday eshitilayaptimi, yo‘qmi? Ayniqsa, u uzun yoki so‘z birikmasi ko‘rinishida bo‘lsa. Tanlangan nomning o‘zga tillarga tarjimasini tekshirish maqsadga muvofiq. Negaki ba’zan ayrim so‘zlarning o‘zga tilda butunlay salbiy yoki axloq qoidalariga mos kelmaydigan ma’nosi chiqib qolishi mumkin.
Nom tanlashda chegaralashga yoki muayyan qolipga solishga ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bugun pishiriq ishlab chiqarayotgan bo‘lsangiz, kelgusida uning yoniga konfet ham qo‘shishingiz, ya’ni faoliyatingizni kengaytirishingiz mumkin. Aks holda siz bozorda dastlabki nom bilan tanilib bo‘lgansiz-u, 2 yildan so‘ng nomni yangilasangiz, xaridor yo‘qotishingiz va reklamani qayta boshlashingizga to‘g‘ri keladi.
Forwarded from Orif Tolib sahifasi
Koʻcha nomlari va uy raqamlari qanday yoziladi?

Koʻcha nomlari tarkibida atoqli ot yoki turdosh ot qatnashganidan qatʼi nazar, bosh harfda va qoʻshtirnoqsiz yoziladi:

Abdulla Qodiriy koʻchasi, Mustaqillik shohkoʻchasi, Navroʻz koʻchasi, Uylanish koʻchasi.

Koʻcha nomidagi turdosh ot birdan ortiq soʻzdan iborat boʻlsa, faqat birinchi soʻz bosh harfda yoziladi:

Sharq tongi koʻchasi, Bahor nafasi koʻchasi, Buyuk ipak yoʻli koʻchasi.

Oddiy uy raqamlarini yozishda muammo yoʻq: 14-uy, 30-uy kabi. Lekin qoʻshimcha harfiy belgiga ega raqamlarni yozishda chalkashliklar bor. Mantiqqa koʻra, raqamdan keyin kichik harf bilan yozgan toʻgʻri, joy ham tashlamaslik kerak: 14a-uy, 30b-uy kabi. Nega bu shakl toʻgʻri? Chunki harf bir xil raqamli ikki uyni farqlash uchun qoʻshilyapti xolos. Belgini bosh harfda yozishga ham, qoʻshtirnoqqa olishga ham ehtiyoj yoʻq.

Lekin amaliyotda 14A-uy, 14-A, 14-“A” uy kabi variantlar ham uchrab turadi. Birinchisiga chidasa boʻladi. Koʻzga yaxshi tashlanishi uchun bosh harf bilan yozilyapti deyish mumkin. Lekin ikkinchisi xato. Chunki -inchi qoʻshimchasini ifodalaydigan chiziqcha uy soʻzidan oldin qoʻyilishi kerak. Axir raqam va harf uyning tartibini ifodalayapti-ku. Qoʻshtirnoqqa ham hojat yoʻq.

❗️ Bunday qoida “Toshkent shahrida joylashgan shaxsiy va koʻp qavatli uy-joylar, maʼmuriy, madaniy va maishiy binolarni tartibli raqamlash va koʻcha koʻrsatkichlarini oʻrnatish tartibi”da ham belgilab qoʻyilgan ekan. Toʻgʻri, faqat Toshkent shahri uchun, lekin boshqa hududlarga ham tatbiq qilsa boʻladi:

Koʻcha yoʻnalishidagi uy-joy va maʼmuriy binolar oraligʻida paydo boʻlgan yangi inshootga yondosh binoning tartib raqamidan kelib chiqib, misol tariqasida 1a, 1b, 1v, 1g shaklda harflanadi yoki 1/1, 1/2, 1/3,1/4 koʻrinishda droblanadi.

📌 Demak:

Abdulla Qodiriy koʻchasi, Mustaqillik shohkoʻchasi, 1a-uy

“Abdulla Qodiriy” koʻchasi, “Mustaqillik” shohkoʻchasi, “Mustaqillik” shoh koʻchasi, 1-A uy, 1-“A” uy

Mavzu aloqador:
👉 Manzil qanday yoziladi?
👉 MFY va QFYlar nomi qanday yozilishi kerak?
👉 Xorijiy joy nomlari imlosi va erkinlik hissi

@oriftolib