Channel created
Channel photo updated
.
Forwarded from Economix
Davlatga vakolatlar jamiyatda tenglikni ta’minlash uchun beriladi, mavjud tengsizlikni chuqurlashtirish yoki yangi tengsizliklarni yaratish uchun emas.

@economix4all
Forwarded from Economix
Diplom kerak(mi?)

So‘nggi paytlarda Internet, kompyuter texnologiyalari, elektron-savdo, ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq turli zamonaviy kasblar yoki daromad manbalari ommalashib borishi fonida "Diplom kerakmi o‘zi?" mazmunidagi savollar tez-tez yangrab turganiga guvoh bo‘lyapman. Jamiyatni diplomdan "sovutayotgan" omillar haqida hech mulohaza qilib ko‘rganmisiz? Men ko‘p o‘ylayman. Quyida shunday omillarning ayrimlari bilan bo‘lishsam.

1. Jamiyatda oliy ma’lumotlini oliy ma’lumotsizdan ajratib turuvchi yagona farq - diplom, degan noto‘g‘ri, lekin qisman o‘rinli qarash mavjud. Nega noto‘g‘ri? Chunki oliy ma’lumotli shaxsni faqat diplom emas, uning ilmi, fikrlash doirasi, kasbiy mahorati, umuman, kasbiy faoliyatidagi ongli va ilmiy asosga ega bo‘lgan qarorlari harakterlaydi. Nega o‘rinli? Chunki oliy ta’lim tizimimiz aksariyat hollarda oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlardan deyarli farq qilmaydigan, malakasiz kadrlarni yetishtirib chiqarmoqda. Aniqroq aytganda, birgina diplom uchun to‘rt yil umr va bir dunyo pul sarf qilish - "nevigodno".

2. Oliy ta’lim mobaynida egallangan (agar egallangan bo‘lsa) yoki berilgan (agar berilgan bo‘lsa) bilimlar, ba’zida esa, hatto diplomda yozilgan ixtisoslik ham zamonaviy mehnat bozori talablari oldida ahamiyatga ega emas. Ehtimol iqtisodiyot va uning tarkibiy tuzilmalari ta’limdan tezroq rivojlanib, ilgarilab ketgandir. Ehtimol ish beruvchilar, ayniqsa xususiy sektorning potensial nomzodlarga qo‘yiladigan talablari muntazam o‘sib, kengayib borayotgan bir paytda oliy ta’lim xizmatlari sifati va mazmuniga qo‘yiladigan talablar o‘zgarishsiz qolayotgandir. Kimningdir eskirgan, hech qanday qiymatga ega bo‘lmagan, hech qayerda ishlatilmaydigan bilimga ega ekanligini tasdiqlovchi diplom kimga kerak?!

3. Mehnat bozorida bo‘sh ish o‘rinlari uchun ochiq va xolisona tanlov, sog‘lom raqobat mavjud emas. Bu, sodda qilib aytganda, kimningdir shaxsiy manfaatlari o‘rtaga chiqsa, sizning nafaqat diplomingiz, hatto bilim va malakangiz ham o‘z ahamiyatini yo‘qotishi mumkinligini anglatadi.

4. Eng achinarlisi - jamiyatda oliy ta’lim (yoki diplom) faqatgina yuqori daromadga erishish vositasi, kasb faqatgina daromad manbai sifatida qaraladi. Ko‘pchilik oliy ta’limning inson kamoloti, shaxsiy o‘sish, shu orqali butun boshli jamiyatning ravnaq topishidagi o‘rni haqida yetarlicha tasavvurga ega emas. Shu sababli, daromad topishning diplomdan (oliy ta’limdan) boshqa, har tomonlama (vaqt, pul, mehnat nuqtai nazaridan) kamharj muqobili bor ekan, odamlar albatta uni tanlashadi.

Aslini olganda, daromad nuqtai nazaridan yondashuvning ustuvorligi ajablanarli emas. Sababi, birlamchi ehtiyojlar - o‘z nomi bilan birlamchi. Ular to‘la qondirilmagunicha shaxsiy o‘sish, jamiyat sifatida taraqqiy topish - balandparvoz gaplar, xolos. Diplomga kelsak, risoladagidek qurilgan ta’lim tizimi, sog‘lom bozor mexanizmlari amal qiladigan mehnat bozori sharoitida diplom, eng kamida, o‘z egasining muayyan kasb, bilim va malakaga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Bordiyu aksi bo‘lsa, aytaylik, dunyodagi yetakchi universitetlar (MIT, Garvard, Oksford, Stenford va h.k.) diplomlari ham hech qanday qiymatga ega emasmi? Yo‘q. Hamma gap uni qayerda, kimdan olishdadir ehtimol. Yana bir narsani unutmaslik kerakki, "diplom kerakmi", degan savolning javobi bilan "oliy ta’lim/ma’lumot kerakmi" degan masalaning ham taqdiri hal bo‘lib ketishi mumkin.

#education

@economix4all