Muhammad Yusuf sara she'rlar
1.8K subscribers
72 photos
29 videos
12 files
176 links
🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁🍁
🦋Ushbu kanalda Muhammad Yusufning sara 🦋she'rlari berib boriladi. Admin bilan muloqot 🦋orqali shoirning o‘zingizga yoqqan she'rini 🦋topish imkoniga ega bo‘lasiz. Biz bilan birga 🦋bo‘ling!!!
Admin: https://t.me/oraximova
Download Telegram
QIZLAR QO'SHIG'I

Qiz yo'q uyda sarin sabo esmaydi,
Qiz yo'q uyda jambil-rayhon o'smaydi.
O'g'illarning ota bilan ishi yo'q,
Qiz otasin har qadamda eslaydi.
Ko'zlariga surgay yurgan izingiz,
Qay o'g'ildan kamdir, ayting qizingiz.

Qiz yo'q uyda tonglar erta otmaydi,
Tomda oftob, ayvonda oy yotmaydi.
O'g'il qanday do'st bo'ladi bilmadim,
Qiz do'st bo'lsa-siringizni sotmaydi.
Og'ir kunda javdiratmas ko'zingiz,
Qay o'g'ildan kamdir, ayting qizingiz...

Umr daryo, tole'ga kim kafildir,
Qizning borar joyi bo'lak sohildir.
Qiz dardiga yetmaganlar g'ofillar,
Qiz bor uyda yorug' bo'lar uyingiz,
Qay o'g'ildan kamdir, ayting, qizingiz...

Dunyo ko'rki-shu ko'zlari shahlolar,
Qizlar bilan chamanzordir sahrolar.
Bir qayrilib Qaysni Majnun aylagan,
Tohirlarni Tohir qilgan-Zuhrolar.
Qiz tufayli butdir rizq-u ro'zingiz,
Qay o'g'ildan kamdir, ayting, qizingiz...

Ayting kimning poymonasi to'lmagan,
Qiz bor-ota yot bag'rida o'lmagan.
O'g'lim yo'q deb o'kinganlar-johillar,
Hatto, payg'ambarning o'g'li bo'lmagan!..
Bilib ayting aytganda har so'zingiz,
Qay o'g'ildan kamdir, ayting, qizingiz?!.
Qo‘yavering...

Shamol sabab, ehtimol,
Tunda eshik g‘ichirlar.
Boshlanadi qishloqda,
Sekin pichir-pichirlar

Sizga nima?
Siz uxlang,
Hech ishingiz bo‘lmasin.
Kimda kimning ko‘ngli bor,
Qo‘yavering, o‘ynasin...

Oshiqlarim oshiqdek,
Mayli, ko‘ngil xushlashsin,
Ikki oshiq istasa,
Shamol bilan mushtlashsin.

O‘ksimasin qiz qalbi,
Yigit ra'yi o‘lmasin-
Kimda kimning ko‘ngli bor,
Qo‘yavering, o‘ynasin...

G‘iybat qilmang yigitni,
Uyaltirmang qizni ham.
Shunda o‘tli muhabbat
Siylar bo‘lsin sizni ham,

Bir sovuq so‘z tufayli,
Sevgi bog‘i so‘lmasin.
Kimda kimning ko‘ngli bor,
Qo‘yavering, o‘ynasin...

Ilk sevgidan iymanib,
So‘ng pushaymon yonsa ham,
Sepli qizga suykanib,
Epli qizdan tonsa ham-

Nasib etmay yor vasli,
Endi hajri qiynasin!..
Kimda kimning ko‘ngli bor,
Qo‘yavering, o‘ynasin...

Ikki yorti bosh uzra
Porlasin ishq quyoshi.
Qizga hayo, yigitning
G‘urur bo‘lsin yo‘ldoshi.

Diydoriga bir-birin
Termulishib to‘ymasin.
Kimda kimning ko‘ngli bor,
Qo‘yavering, o‘ynasin.
BIZ BAXTLI BO'LAMIZ

Mayli-da, kimgadir
Yoqsa,
Yoqmasa,
Ularga qo'shilib
Yig'lasharmidik.
Biz baxtli bo'lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik...

Rayhon hidlaringni
Yo'llarimga sep,
Kut meni,
Har oqshom,
Ko'kka oy chiqqan.
Faqat,
Yig'lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing-
Onang seni
Chiroyli tuqqan!..

Menga
Bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring
Sohillaridan.
O'zing ayt,
Senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun
Kokillaridan?..

Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil,
Yayra jonim,
O'rtanma g'amda.
G'iybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorug' olamda.

Men esa
Oshig'ing sening-
Eng g'arib.
Tundan so'z
Qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.

Ista,
Tiz cho'kaman
Hozir oldingda,
Sevdim,
Sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!..

Biz baxtli bo'lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!
IQROR

O, ota makonim,
Onajon o'lkam,
O'zbekiston, jonim to'shay soyangga.
Senday mehribon yo'q,
Seningdek ko'rkam.
Rimni alishmasman bedapoyangga.

Bir go'sha suv bo'lsa, bir go'sha qirlar,
Qancha yurtni kordim, qancha taqdirlar.
Qayga borsam suyab, boshni tik tut deb,
Tog'laring ortimdan ergashib yurar.

Ko'rdim suluvlarning eng faranglarin.
Yo xudbinman men, yo bir sodda kasman men-
Parijning eng go'zal restoranlarin
Bitta tandiringga alishmasan men.

Na gapga ko'nayin,
Na til bilayin,
Kozdan uyqu qochdi, dildan halovat-
Uch kunda sog'insam nima qilayin,
Chala qolar bo'ldi barcha sayohat.

Bildimki, baridan ulug'i o'zing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga.
Bahorda Baxmalda tug'ulga qo'zing,
Arab ohusidan azizroq menga.

Sen bilan o'tgan kun bayramdir-bazm,
Sensiz bir on qolsam, vahmim keladi.
Seni bilganlarga qilaman ta'zim,
Seni bilmaslarga rahmim keladi.
QIZG'ALDOQ

Qizg'aldog'im, qirdan bo'lak koshonang yo'q,
Kokil yoysang, yerdan bo'lak toshoynang yo'q,
O'ksib-O'ksib-o'ksib turganingda o'zim borib,
Peshonangdan o'pay desam, peshonang yo'q...

Sollanasan kelinchakday boshing egib,
Jayron o'tgan so'qmoqlarga yoshing to'kib,
Qizil yuzing qon dilimga turar tegib,
Meningdek sen g'aribning ham parvonang yo'q...

Qadring bilgan, darding bilgan, ayt, kiming bor?..

Kelib-ketar bahor senga bevafo yor,
Go'zalsanki, senga bari gullar ag'yor,
"Oh" ursang, bir ohing tinglar ostonang yo'q...

Oldingga men borolmasam, o't gunohim,
Bir yo'qlab qo'y, men dunyodan o'tgan chog'im,
Qabrim uzra hilpirab tur, qizg'aldog'im,
Muhammaddan bo'lak do'sti devonang yo'q.
YOQUB MERGAN

Yoqub cholga "Zaporojes" berishmadi,
Arizalar yozib bersa ko'rishmadi.
Ko'rgach esa ko'rmagandek yelka qisib,
Ko'nishmadi...

Yoqub cholning ko'ksi to'la orden edi,
Qayga borsa o'rni tayin to'rdan edi.
Nima deysiz-ikki urush ko'rgan edi,
Berlinda suratga tushgan mergan edi.

Bittagina oyog'i ham toldan edi,
Bittasini do'xtir kesib olgan edi.
Urushdan so'ng shunday bo'lib qolgan edi,
Gurs-gurs qilib yurishlari yo'lg'on edi!

Boshliq cholga "Zaporojes" bermadi,
Arizalar yozib borsa ko'rmadi.
Ko'rgach esa ko'rmagandek yelka qisib,
Ko'nmadi...

Yoqub cholning raysabesdan ko'ngli qoldi,
Yoqub cholning boshliq-bezdan ko'ngli qoldi.
Mendan, sizdan-hammamizdan ko'ngli qoldi,
Mashinasin boshqa olg'ir kimsa oldi.

Endi ul zot yallo qilib yuraverar,
Invalidning mashinasin suraverar.
Uni ko'rsam chol esimga kelaverar,
G'ildiragi yuragimniezaverar...

Yoqub cholga berishmagan "Zaporoj"ning!
Men na boyvachchaman

Men na boyvachchaman,
Men na sultonman,
G‘arib bir onaga g‘arib o‘g‘lonman.
Agar sen yer bo‘lsang, men undan xoksor,
Agar sen she'r bo‘lsang - men ham arslonman.

Kundayin yillarim o‘tar tizilib,
Bir boshga bir o‘lim turar suzilib,
Bo‘ynim egilguncha ketsin uzilib,
Oriyat yo‘lida ko‘ksi qalqonman.

Boringda soyangga sajda etarlar,
Noningni yeb, qo‘ling tishlab ketarlar.
Yo‘g‘ingda ko‘z qoqmay tashlab ketarlar,
Do‘st degandan ozor topgan insonman.

Qumga to‘lib qolgan gavhari ko‘zim,
Gohi tushunmasman o‘zimga o‘zim.
Xudo bor-ku deyman, o‘ksima, Azim,
Tokay bu dunyoda yuragi qonman.

Degaylar yolg‘izga xudoyimdir yor,
Bu dunyoda beklar, u dunyoda xor.
O‘zimdan ham sodda bolalarim bor,
Bo'‘ta yetaklagan og‘ir karvonman.
Muhammad Yusuf sara she'rlar pinned «Men na boyvachchaman Men na boyvachchaman, Men na sultonman, G‘arib bir onaga g‘arib o‘g‘lonman. Agar sen yer bo‘lsang, men undan xoksor, Agar sen she'r bo‘lsang - men ham arslonman. Kundayin yillarim o‘tar tizilib, Bir boshga bir o‘lim turar suzilib, Bo‘ynim…»
TALABALAR MADHIYASI

Alp o'g'lonlar o'lkasi bu ko'hna Turon
Qalqonlari, qanotlari, ilm istang.
Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,
Alisherning avlodlari, ilm istang!

Taxtdan tushganda ham otdan tushmay yurgan,
Ajdodingiz uy qurmagan-Davlat qurgan.
Yurti uchun yelkasida tog'lar surgan,
Rustamlari, Farhodlari, ilm istang.

Ko'z ochganda kezib yetti bahri ummon,
Yetti tilda so'ylashgan biz tili biyron.
Vatanida Tojmahallar tiklar sulton-
Boburlari, Behzodlari, ilm istang.

Haq yo'lida siz ilmning ummatlari,
Xalq yo'lida hidoyati, himmatlari.
Madad bo'lsin Yassaviyning hikmatlari,
Bobo Mashrab bayotlari, ilm istang.

Ilm istang, izingizdan ibrat yog'sin,
Ixlosingiz, shaxdingizdan shiddat yog'sin.
Ortingizdan mag'rur-mag'rur millat yog'sin-
Mulki Turon najotlari, ilm istang!..

Alp o'g'lonlar o'lkasidir O'zbekiston,
Erkli elning qanotlari, ilm istang.
Yarim jahon bunyld etgan Sohibqiron,
Alisherning avlodlari, ilm istang.
Assalomu alaykum azizlar!!! Safimizdagi talabalarni Xalqaro talabalar kuni bilan tabriklaymiz🌺🌺🌺
Channel photo updated
YIG'LAB TURING

Egar bo'ldik egilmagan boshimizni,
Tandan bu jon ketmasmidi siz ketguncha.
Aldamchi deb atamasman aslo Sizni-
Qiz bolaning vadalari bo'y yetguncha,
Ko'ngil uchun yig'lab turing to'y o'tguncha!

Bo'y yetgan qiz uchirma qush, uchar-ketar,
Bir kun suyib begonani, qochar-ketar,
Erta ismim yodingizdan o'char-ketar-
Qiz bolaning va'dalari bo'y yetguncha,
Ko'ngil uchun yig'lab turing to'y o'tguncha.

Qizlar ko'ngli bahor bilan yoz o'rtasi,
Gohi alam, gohi araz-noz o'rtasi.
Qumqo'rg'ondek omonat bu ishq o'rdasi,
Qiz bolaning va'dalari bo'y yetguncha,
Ko'ngil uchun yig'lab turing to'y o'tguncha!

Ayting-ayting, to'ralarim kulmasinlar,
Tili uzun shum yangalar bilmasinlar.
Ko'cha-ko'yda meni ermak qilmasinlar-
Qiz bolaning va'dalari bo'y yetguncha,
Ko'ngil uchun yig'lab turing to'y o'tguncha!
O'riklar gulini to'kkanda bahor,
Meni ham gohida eslaysizmi, yor,
Ilinganim bormi sizga iliqlik,
Yo topgan-tutganim edimi ozor?
Men esa sizni hech unutolmadim,
O, yuzi hilolim, sarviqomatim...

Sizni asrar edim sabolardan ham,
Bulut yetaklagan havolardan ham.
Izsiz qay bag'irga ketdingiz singib,
Yigit yillarimga tomgan ey shabnam?..
Omadim yo'q mening, o'zi omadim,
O, yuzi hilolim, sarviqomatim.

Men gulzor aylangan parvona edim,
Bir chechak ishqida parvona edim,
O'zim ayvon, o'zim ostona edim,
Hozircha do'stona, do'stona dedim...
Nega yuragimga quloq solmadim,
O, yuzi hilolim, sarviqomatim.

Endi ko'ngil menga aytmas-u sirin,
Kechalar xo'rsinib yashar yashirin.
Yigit yillarimga tomgan ey shabnam,
Hayot qanday achchiq, xayol esa shirin!..
Bo'ldi. Bundan boshqa yoza olmadim,
O, yuzi hilolim, sarviqomatim...