Salomov.uz
574 subscribers
164 photos
14 videos
6 files
493 links
Maqsud Salomov blogiga xush kelibsiz!

Murojaat uchun: @SV_Murojaatbot
Download Telegram
Jironada kuz. Daraxtlar shaharlarga o'zgacha ko'rk bag'ishlaydi.
Bir qancha mamlakatlarda davlat va xususiy sektordagi xodim hamda xizmatchilar bilan muloqot qilib shunga amin boʻldim: xorijiy til(lar)ni oz boʻlsa-da biluvchi xodim va xizmatchilar chet elliklarga faqat mahalliy tilni biluvchi xodim va xizmatchilardan koʻra xushmuomalalik, ochiq koʻngillik bilan munosabatda boʻladi, vazifasi va mijozga yuqoriroq darajada masʼuliyat bilan yondashadi (ayrim istisnolar bor, albatta).

Mahalliy tildan boshqasini bilmaydigan xodimlarning aksariyatida mijozga chin dildan xizmat koʻrsatmayotgandek, undan tezroq “qutulmoqchidek” munosabatni sezishingiz mumkin (bunda ham istisnolar bor).

Batafsil oʻqish:
👉 Lotin alifbosida oʻqing

👉 Kirill alifbosida oʻqing

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
Oxirgi paytlar kamnamo boʻlib qoldim. Buning sababi bor: farzandli boʻldik – oʻgʻil. :)

Kataloniyada ekanimiz, bu yerdagilarning aksariyati ingliz tilini bilmasligi farzandli boʻlishni turli sarguzashtlarga boy jarayonga aylantirdi.

Bunday sarguzashtlarning ayrimlari hayratlanarli, baʼzilari kulgili va baʼzi birlari alamli ham boʻldi. Bular haqida asta-sekin, alohida-alohida postda soʻzlab beraman.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
​​Oʻgʻlimning ismi Komil. Lekin nega familiyasi Salomov Rozikova?

Oʻgʻlimizga Komil deb ism qoʻydik. Familiyasi oʻzimnikiga oʻxshab Salomov boʻldi.

Lekin tugʻruqxonadagilar uning ism-familiyasini Salomov Rozikova Komil deb rasmiylashtirib, u yotadigan krovatchaga boshqa maʼlumotlar bilan birga ismi ham tushirilgan yorliqni yopishtirib qoʻyishibdi: Salomov – mening, Rozikova – rafiqamning familiyasi. Buni koʻrib boshida rosa hayron boʻldim.

Keyin xayolimga Erix Mariya Remark kelib qoldi. Uning ismidagi “Mariya” ham ayol kishining familiyasi yoki ismi.

Birdan internetni titkilay boshladim. Bilsam, Ispaniyada odatda bolaga ham otaning, ham onaning familiyasi qoʻyilar ekan: Federiko Garsiya Lorka, Pablo Ruiz Pikasso va h.k.

Boʻpti, keyinchalik tuzatib olaman, – deb oʻylab qoʻydim ichimda.

Tugʻruqxonadan chiqishimizda bola haqida ikkita hujjat berishdi. Ularda bolaning ismiga rafiqam familiyasi qoʻshilmagan holda turibdi. Xudoga shukr-e. :)

Endi ispanlarning FHDYO organiga borib, oʻzbekcha shakldagi ism-familiyani rasmiylashtirib kelishim kerak. U yerda ham Komil Salomov Rozikova boʻlib qolmasligi kerak. :)

Suratda tugʻruqxonadagi oʻgʻlimning krovatchasiga yopishtirilgan yorliqni koʻrishingiz mumkin.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
​​Ispaniyada kunlik yangi koronavirus holatlari soni keskin oshgan. Shu sababli shundoq ham qatʼiy boʻlgan holat bilan bogʻliq qoidalar yana-da qatʼiylashtirildi.

14-oktyabrgacha davlat tashkilotlariga borgan kishilar bino tashqarisida kamida 2 metrlik masofani saqlagan holda navbatini kutishi kerak edi.

12-oktyabrdan boshlab fuqarolar faqatgina tashkilot sayti orqali oldindan roʻyxatdan oʻtib, borish kuni va vaqtini oldindan belgilab, keyin tashkilotga tashrif buyurishi mumkin qilib qoʻyildi.

Men ham oʻgʻlimizga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma olish uchun mahalliy Civil Registry (fuqarolik holatlarini yozish organi)ga borishim kerak edi.

Mazkur organga bola tugʻilgan kundan boshlab 30 kalendar kun ichida borish zarur. Lekin ochiq sana va soatni koʻrsam, eng erta vaqt 18-noyabr ekan. Bu paytda 30 kunlik muddat allaqachon oʻtib ketgan boʻladi.

Shu sababli toʻgʻridan-toʻgʻri organga borib qoʻya qoldim. Dastlab eshik yonidagi soqchi bilan gaplashib, holatni tushuntirdim. U inglizcha bilmaydi, men katalancha bilmayman – Google Translate orqali gaplashdik.

Bir oz kutib turishimni soʻrab, ichkariga kirib ketdi. Qaytib chiqqach “Bugun soat 2 da kirsangiz boʻladi”, – dedi. Aslida Civil Registry 9 dan 2 gacha ishlaydi. Ish vaqti tugagach, qaysidir xodim hujjatlarni rasmiylashtirib berishga rozilik bildirganini payqadim.

2 da soqchi bilan birga kirdim. U xodimga meni katalancha ham, ispancha ham bilmasligim, lekin telefonimdagi qandaydir dastur orqali muloqot qila olishimni tushuntirdi.

U yerda xodim katalan tilida arizamni toʻldirib, yana bir nechta shaklga kerakli maʼlumotlarni yozib berdi. Google Translate orqali muloqot qilganimiz uchun bu jarayon 1 soatdan ortiq davom etdi.

Hamma kerakli hujjatlar toʻldirilgach, u ichkariga kirib guvohnomaning qoralama nusxasini printerdan chiqarib keldi-da “Maʼlumotlarni bir tekshirib chiqing, xatosi yoʻqmikan”, – deb aytdi. Katalancha yozilgan maʼlumotlarni yana Google yordamida tekshirib oldim.

Shundan soʻng 3 nusxada tugʻilganlik guvohnomasi va Family Book (oila kitobi)ni berishdi. Xodimga rosa harakat qilib yordam bergani uchun minnatdorchiligimni bildirdim. U esa farzand bilan tabrikladi.

Ispaniyada Civil Registry tomonidan berilgan tugʻilganlik guvohnomasi 3 oy davomida amal qilar ekan. Agar 3 oydan keyin guvohnoma kerak boʻlib qolsa, elektron shaklda yana soʻrash va olish mumkin ekan.

Oila kitobining amal qilish muddati doimiy ekan.

Shunday qilib, oʻgʻlimga tugʻilganlik haqida guvohnoma ham oldim. Ha, aytgancha, guvohnomada ism-familiyasi oʻzbekcha formatda boʻldi: Komil Salomov.

Quyidagi suratda Oila kitobining muqovasini koʻrishingiz mumkin.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
​​Men til bayramini qanday nishonlayman?

Ertaga 21-oktyabr – Oʻzbek til bayrami. Men bu bayramni yil boʻyi oʻzim uchun nishonlayman.

Xoʻsh, qanday nishonlayman.

1. Deyarli har kuni nimadir tarjima qilaman. Goh sevimli mashgʻulot sifatida, gohida ish va gohida majburiyat yuzasidan. Va shu tarjimalarda tilimizga kirib kelgan xorijiy soʻzlarni emas, oʻzbek soʻzlarini topib ishlatishga harakat qilaman.

2. Doimiy ravishda oʻzbek tilidagi asar, hikoya va sheʼrlarni oʻqib, ulardan yangi soʻzlarni kashf qilishga yoki oʻzim bilgan, lekin deyarli qoʻllamaydigan soʻzlarning qanday ishlatilishini bilib olishga harakat qilaman.

Albatta, bunda koʻplab fors, tojik, arab tillaridan kirib kelgan soʻz va atamalar uchraydi. Ularni ham oʻzim uchun oʻrganaman. Har holda ular rus yoki inglizchadan boricha qabul qilingan soʻzlardan koʻra, yaxshiroq men uchun.

Masalan, “optimist” emas, “nekbin”, “pessimist” emas, “badbin” va h.k. deb ishlatishni afzal koʻraman. Garchi “nekbin”, “badbin” kabi soʻzlar ham aslida fors, tojik, arab tilidan kirib kelgan boʻlsa-da.

“Ikkalasi ham boshqa tildan kirib kelgan-ku, unisini ishlatding nima, bunisini ishlatding nima?” deyishingiz mumkin.

Bu savolga javobim shunday: rus, inglizchadan olingan soʻzlar va tojik, fors, arab tilidan olingan soʻzlardan tanlash kerak boʻlsa, aksariyat hollarda tojik, fors, arab soʻzlarni tanlayman. Chunki ular rus yoki ingliz tilidagilardan koʻra, ertaroq va ancha farosatliroq tarzda oʻzlashtirilgan, ular buyuk allomalar, yozuvchilar va olimlarimiz tomonidan yozilgan asarlarda qoʻllangan. Men ularni maʼqul deb bilaman.

3. Soʻz boyligimni oshirish uchun baʼzi-baʼzida “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ni oʻqib turaman: biror harfni ochaman-da, bir boshdan soʻzlarni oʻqib ketaveraman. Ha, shunchaki, lugʻatning oʻzini oʻqiyman.

Agar men bilmaydigan yoki bilsam ham odatda qoʻllamaydigan soʻzlar chiqib qolsa, ularni qayergadir yozib qoʻyaman.

Quyidagi rasmda izohli lugʻatning “A” harfini oʻqib chiqqanimda qayd qilib qoʻygan soʻzlarimdan ayrimlari keltirilgan. “A” harfini joriy yilning aprel oyida koʻzdan kechirib chiqqan ekanman.

4. Har qayerda va har kimga imkon qadar bexato yozishga harakat qilaman. Lekin doim bexato yozaman deb daʼvo qilmayman.

Ertaga – til bayrami kuni ham bu bayramni xuddi shunday – kundalik mashgʻulotimdek nishonlayman: oʻqiyman, izlayman, kashf qilaman, qayd etaman.

Deyarli har kuni amalda bu bayramni nishonlaydiganlar, yilda bir marta nishonlaydiganlar va umuman nishonlamaydiganlarning barchasini til bayrami bilan tabriklayman.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi qanday qilib umrimni qisqartirayotgani haqida

Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi (keyingi oʻrinlarda “oʻzbek lotin alifbosi”) bir qancha ortiqcha belgilarga ega.

Bular “sh”, “ch” harflaridagi bitta ortiqcha harf va “gʻ”, “oʻ” harfidagi apostroflar.

Ana shu ortiqcha belgilar sekinlik bilan umrimni qisqartirib bormoqda.

Qanday deysizmi? Mana bunday:

Men deyarli 10 yildan beri muntazam ravishda turli tarjimalar bilan shugʻullanaman. Ingliz, rus va baʼzida yapon tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilaman (oʻzbek lotin, oʻzbek kirill alifbosidan foydalanib).

Oʻzbek lotin alifbosidan foydalanganimda yuqorida sanab oʻtilgan ortiqcha belgiga ega harflarni ham yozaman, albatta.

Endi ularga qancha vaqt sarflaganimni hisob-kitob qilib koʻrsak.

Shu 10 yil ichida oʻzbek lotin alifbosidan foydalanib qilgan tarjima soʻzlarimning soni eng kamida 1 million 600 mingta: buni taxminiy hisoblab chiqdim hamda bu koʻrsatkich eng minimal 1 million 600 mingta boʻla olarkan.

Va shu 1 million 600 mingta soʻz ichida ortiqcha belgili harflar necha marta kelishini ham taxminan hisobladim: 400 ta soʻzda oʻrtacha 60-70 marta kelarkan (matnga qarab bu raqam oʻzgarishi mumkin).

Demak, 1 million 600 mingta soʻzda ortiqcha belgili harflar 280 ming marta uchragan (400 ta soʻzda 70 ta deb olindi).

Endi har bir belgini yozish uchun soniyaning 4 dan 1 qismi ketadi deylik. Shunda “ch”, “sh”, “oʻ” va “gʻ” harflarini yozishga jami 1 soniya ketadi.

Demak, 280 mingni 4 ga boʻlamiz: 70 ming soniya.

Endi buni soatga aylantiramiz: 70 000 / 3600 = 19,44 soat. Taqriban 19,5 soat deb olamiz.

Koʻrib turganingizdek, 10 yil ichida faqatgina tarjima qilish jarayonida ortiqcha belgili harflar 19,5 soat vaqtimni oʻgʻirlabdi.

“Heh, 10 yil uchun 19,5 soat nima boʻlibdi?”
deyapsizmi? Lekin ish bu bilan tugamagan – tarjima qilishdan tashqari har kuni yozganman. Har kunlik yozganlarimning hisobini chamalashga erindim, ochigʻi.

Endi yana tasavvur qilamiz: aytaylik, Oʻzbekistonda menga oʻxshagan 1000 nafar tarjimon bor (aslida, ularning soni bundan koʻp boʻlsa kerak). Xuddi men kabi tarjima qilgan.

1000 x 19,5 = 19 500 soat. Buni kunga aylantirsak: 19 500 / 24 = 812,5 kun.

Sizga oddiy tuyulishi mumkin, lekin bu – dahshatli raqam. 812,5 kun mehnat qilgan odam ozmuncha ish qilmaydi, axir.

34 million aholini tasavvur qiladigan boʻlsak, mazkur vaqt yanada yiriklashadi (hamma ommaviy lotinga yozishga oʻtdi va aholining hammasi yoza oladi, deb tasavvur qildik).

Oʻzbek lotin alifbosida shu harflarni bexato yozayotganlar sekinlik bilan umrining bir qismini isrof etishda davom etyapti.

Nima qilsa boʻladi?

Ortiqcha belgilardan voz kechish kerak:
– “sh” harfini “ş”;
– “ch” harfini “ç”;
– “oʻ” harfini “ö”,
– “gʻ” harfini “ğ” deb oʻzgartirish kerak. Boʻldi, muammo hal. Shunda klaviaturaning bitta tugmasini bosib, yozaveramiz.

Aslida bu harflar bilan bogʻliq muammolar anchagina, men bittasini yozdim, xolos.

Butun boshli alifboni oʻzgartirishga (kirilldan lotinga) jurʼat topgan mutasaddilar, shu 4 ta harfni ixchamlashtirishda ham jasorat koʻrsating. Bu bilan millionlab kishilarning yuzlab yil vaqtini tejashga yordam bergan boʻlasiz.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
Bir necha kun oldin Ispaniyada oʻgʻlimga tugʻilganlik haqida guvohnoma va oila kitobini olganimni yozgandim.

Oʻsha postda ingliz tilini bilmaydigan xodim erinmay, chin dildan koʻmaklashgani uchun unga minnatdorchilik bildirganimni aytgandim.

Mushtariylardan biri minnatdorchiligimni aniqlashtirish uchun shunday savol beribdi: “Aka minnatdorchilik bildirish shunchaki ogʻzakimi yo oʻzimizdakami?” Savolning originalligini qarang. 😃

“Oʻzimizdakami” deganda xodimning qoʻliga bir-ikki soʻm berdingizmi demoqchi boʻlgan.

Yoʻq, “oʻzimizdaka” minnatdorchilik bildirmadim. Ogʻzaki tarzda “Yordamingiz uchun rahmat” dedim.

Umuman, “oʻzimizdaka” minnatdorchilikni oʻzimizda (Oʻzbekistonda) ham bildirmaslik uchun qoʻlimdan kelgan barcha ishni qilaman.

Lekin tan olishim kerak: Oʻzbekistonda paytim baʼzi hollarda ixtiyoriy-majburiy ravishda, baʼzan oʻz xohishim bilan “oʻzimizdaka” minnatdorchilik bildirishimga ham toʻgʻri kelgan.

Oʻzbekistonda mavjud shu turdagi “minnatdorchilik” haqida bir-biriga zid fikrlarga egaman.

Bir tomondan, u oʻz xizmatini qilyapti, nega oylik olib qilayotgan ishi uchun unga pul berishim kerak, deb oʻylayman.

Ikkinchi tomondan, ayrim soha xodimlarining oylik maoshi arzimas ekanini bilaman va ularning chin dildan, maromiga yetkazib qilgan ishi uchun bir-ikki soʻm koʻngildan chiqarib berish kerak, degan xayol ham keladi.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
Va nihoyat, Ispaniyaga kelganimizga 4 oy toʻlgach, ispanlar yurtida vaqtincha yashashga qonunan ruxsat beruvchi hujjat – NIE raqamini qoʻlga kiritdik. Aslida 14-oktyabrda berilgan ekan, taqdim etilishi bir oyga kechikibdi.

NIE raqamini qirollik hududiga kirgandan keyin 3 oy ichida olish lozim. 3 oydan ortiq NIE raqamsiz yashash – noqonuniy.

Virus tufayli davlat idoralaridagi jarayonlar nihoyatda sustlashib ketgan. Fuqarolarni bitta-bitta qabul qilishadi. Bu uchun ham 1-2 oy oldin onlayn tarzda uchrashuv belgilanishi kerak.

Shuningdek, NIE raqamidan tashqari Empadronamiento (EO) hujjati ham mavjud. Bu hujjatni Ispaniyada boʻlib turgan har qanday shaxs, jumladan, noqonuniy migrantlar ham olishi mumkin.

EOni olishda sizning Ispaniyada qonuniy yoki noqonuniy yashab turganingiz surishtirilmaydi. Shunchaki, kerakli hujjatlar olib boriladi, topshiriladi, soʻng oʻsha paytning oʻzida EO beriladi. Bu hujjat NIE raqamini olguncha anchagina ishlarda sizga qoʻl kelishi mumkin.

EO – maʼlum maʼmuriy birlikda (shahar, shaharcha va h.k.) istiqomat qilayotgan kishilarni rasman roʻyxatga olingani haqida hujjat.

Maʼmuriy birlik oʻz rezidentlari sonini shu roʻyxat asosida hukumatga taqdim qiladi. Hukumat esa shu son asosida har bir rezident uchun maʼlum ijtimoiy xizmatlar (sogʻliqni saqlash markazlari, hududni tozalash ishlari, yoʻllar taʼmiri va h.k.)ga pul ajratadi.

Yaʼni siz EOni olsangiz, hukumat siz uchun ham maʼmuriy birlikka maʼlum ijtimoiy xizmatlar uchun mablagʻ ajratishni boshlaydi.

NIE raqamini olguncha, EO bilan jon saqlab turgandik. Endi Ispaniya Qirolligida vaqtincha yashash uchun qonunan ruxsatimiz bor.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
Shunday bir latifa aytginki, bir oʻqib – kulay, ikkinchi bor oʻqib – yigʻlay.

Latifa – suratda.

Rasm Facebookʼdan olindi.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
Suratda – Jirona shahar kengashi binosi hovlisidagi kutish ayvonchasi.

Shahar kengashi Oʻzbekistondagi FHDYOlarning vazifasini bajaradi: tugʻilganlik, oʻlim, nikoh kabi fuqarolik holatlarini qayd etadi.

Virus sababli kengashga kelganlar oʻz navbatini tashqarida – ayvonchada kutishga majbur.

Tashqari sovuq boʻlgani uchun ayvonchaga isitkichlar oʻrnatib qoʻyishibdi. Suratda aks etgan soyabon shaklidagi chiroqqa oʻxshash moslamalar – isitkich. Atrofga yetarlicha issiqlik tarqatarkan.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
Yozda Jironadagi uyimiz orqasidan oqib oʻtuvchi Onyar daryosining suvi nihoyatda kamligi, u daryodan koʻra koʻproq anhorga oʻxshashi haqida yozgandim.

Kuz kelib, yogʻingarchilik boshlangach, Onyar daryosidagi suv ham koʻpayib qoldi – toʻlib oqyapti.

Yogʻingarchilik vaqti shahar koʻchalarini suvga gʻarq boʻlishining oldini olishda mazkur daryo muhim rol oʻynarkan.

Koʻchalardagi suv shu daryoga oqib tushar (bu uchun quvur va usti berk ariqlardan iborat alohida tizim qilingan) va shu sababli ham yogʻingarchilik boshlanishi bilan daryo suvining sathi ancha koʻtarilib qolarkan.

Suratda Onyar daryosining bugungi qiyofasi.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
Mana, qish ham kirib keldi. O'zbekistonda yana gazsizlik, elektrsizlik muammosi avjida.

Har safar qish yaqinlashganda "Zamonaviy ertagim" esimga tushadi. Ertak she'riy shaklda. Quyida o'qishingiz mumkin:

👉 Lotin yozuvida o'qish

👉 Кирилл ёзувида ўқиш

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
​​Kanadada tahsil olish istagida boʻlgan oʻzbekistonliklar uchun yoqimsiz xabar bor: Kanadaning eng nufuzli grantlaridan biri – Study in Canada dasturi 2021-yildan boshlab oʻzbek talabalarga grant ajratmaydigan boʻldi.

Mazkur grant talabaga yillik 60 ming Kanada dollari stipendiya berishni nazarda tutardi.

2021-yildan boshlab hujjat qabul qilinuvchi davlatlar soni keskin qisqargan, ko'p davlatlar, jumladan, Oʻzbekiston ham bunday davlatlar roʻyxatidan chiqarilgan.

Bundan tashqari, endilikda mazkur grant faqat qisqa muddatli almashinuv dasturlariga ajratiladigan bo'ldi.

Hozirda Osiyodan faqat Bangladesh, Nepal va Tayvan fuqarolari mazkur grantga ariza topshirishi mumkin.

Qabul qilinadigan davlatlarning toʻliq roʻyxati quyidagi suratda keltirilgan.

Oʻzbekiston roʻyxatdan chiqarilishidan oldin ushbu nufuzli grantni qoʻlga kiritgan va hozirda Kanadada tahsil olayotgan hamyurtlarimiz mavjud.

Shunday hamyurtlarimizdan biri bilan Grantlar.uz jamoasi suhbat uyushtirgandi. Suhbatni SHU YERDA oʻqishingiz mumkin.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
Xitoyning raqamlashganlik darajasi haqida ilk bor oʻtgan yili batafsilroq maʼlumot oʻqigandim – meni hayratga solgan.

Iqtisod, nazorat, insonlar kundalik hayotining raqamlashtirilgani borasida Xitoy dunyoda yetakchilik qiladi.

Xitoy jamiyatida raqamlashish qay darajada ekanini tasavvur qilish uchun oddiy bir faktni esga olish yetarli: Xitoyda hattoki tilanchilar ham Alipay yoki WeChat hisoblari koʻrsatilgan taxtachalar bilan sadaqa soʻraydi. Naqd pul soʻrash tilanchilar uchun ham “eskilik sarqiti”.

WeChat xitoyliklarning kundalik hayotidagi eng mayda iqtisodiy amallarigacha kirib borgan: xaridlar, safarlar, ovqat, yoʻl chiptalari, kinoteatrga chiptalari toʻlovlari va istalgan kishi har kuni amalga oshirishi mumkin boʻlgan boshqa pullik operatsiyalar uchun toʻlov WeChat orqali qilinadi.

Virtual toʻlovlarning ommalashishi natijasida naqd pulning ahamiyati tobora pasayib bormoqda. Bu esa oʻgʻirlik, bosqinchilik kabi jinoyatlar sonini pasaytirgani aytiladi.

Shuningdek, virtual pullar bu kabi jinoyatlarni ayrim hollarda foydasiz ham qilib qoʻymoqda. Masalan, Kai-Fu Li oʻzining “Sunʼiy intellektning super qudrati (AI Superpowers)” kitobida bir real voqeani keltirib oʻtadi:

Ikki nafar bosqinchi badavlat Xanchjou shahrida uchta uzluksiz ishlaydigan doʻkonni oʻmarib ketadi. Doʻkonda mahsulotlar koʻp boʻlgan, biroq pul deyarli boʻlmagan – doʻkon egalari mobil toʻlovlardan foydalangan. Bosqinchilarni qoʻlga olishganda, oʻgʻirlik orqali ularning har biri bor-yoʻgʻi 125 dollardan pul olgani maʼlum boʻlgan.

Oʻzbekistonda ham raqamlashtirish sekinlik bilan rivojlanyapti. Ayniqsa, 2020-yil – “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”ga toʻgʻri kelib qolgan koronavirus bir qancha sohalarda raqamashtirishni maʼlum darajda majburan tezlashtirib yubordi. Click, Payme kabi ilovalar sharofati bilan naqdsiz toʻlovlar koʻlami kengayib boryapti.

Lekin raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida men uchun eng esda qolarli voqea – Milliy bankka email yozib, emailimni oʻqishgan yoki oʻqishmaganini telefon orqali soʻrattirish boʻldi. Eslasam, hozir ham kulaman.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
Qish kelgan bo'lsa-da, hali Jironani kuz kayfiyati tark etib ulgurmadi. Ayrim kunlar quyoshli bo'lyapti. Daraxtdagi barglar ham to'kilishga shoshilayotgani yo'q.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
Baʼzi davlatlarning kino sanʼatida dublyaj yoʻq. Masalan, Sloveniya va Myanmarda xorijiy tildagi kinolar mahalliy tilda dublyaj qilinmaydi. Dublyaj oʻrniga subtitrdan foydalanishadi.

Aytaylik, Sloveniyadagi kanallardan birida turk filmi qoʻyilyapti. Film qahramonlari turk tilida gapiraveradi, tagida slovencha subtitr beriladi.

Myanmarda ham shunday. Balki bunday davlatlar yana bordir, lekin men bilganlarim shular.

Rafiqamning Sara degan sloveniyalik kursdoshi bor. U Ispaniyada ham dublyaj borligini bilgach, hayron qolganini aytadi.

“Italyanlar dublyaj qilishini bilardim va ular haqida “ahmoqlar, ingliz yoki turk odamni italyancha gapirtirganlaring nimasi” deb oʻylardim”, – deydi Sara.

Ispaniyaga kelgan ilk kunlarida xonadoshlaridan biri turk serialini koʻrayotganiga koʻzi tushgan ekan. “Qarasam, turklar ispancha gapiryapti. Juda gʻalati tuyuldi”, – deydi u.

Menga ularning davlatida dublyajning yoʻqligi gʻalati tuyuldi. Kinoni subtitr bilan koʻrish har doim ham oson emas. Ayniqsa, aktyorlar jahl qilgan yoki hayajonlanganda tez gapirib tashlasa: aktyorning yuz ifodalariga qaraysizmi, u jahl qilayotgan odamning reaksiyasiga eʼtibor qilasizmi yoki yashin tezligida chiqayotgan yozuvlarni oʻqiysizmi.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
​​Troll.uz kanalida hozirda O'zbekistonda (Toshkentda bo'lsa kerak) mandarin narxi 58 ming so'm ekani aks etgan rasm joylanibdi.

Biz ham mandarin ishqibozimiz. Ispaniyada deyarli har hafta 3-4 kilo mandarin olamiz.

Mandarin narxi bu yerda arzonroq, chunki Ispaniyaning o'zida mandarin yetishtiriladi

Men bozorlik qiladigan supermarketda ikki xil mandarin bor. Ularning narxidan boshqa qanday farqi borligini bilmayman ochig'i.

Arzonining bir kilosi - 1,09 yevro (taxminan 13 ming 800 so'm).

Qimmatroq mandarinning kilosi - 1,49 yevro (taxminan 18 ming 850 so'm). Aynan qaysi davlatdan keltirilganiga e'tibor bermagan ekanman.

Bu narxlar men bozorlik qiladigan supermarketniki. Boshqa supermarketlarda bir oz farq bo'lishi mumkin.

Ispaniyadan O'zbekistonga mandarin eksport qilsam, boyib ketaman, shekilli. ;)

Aytgancha, Siz bilgan supermarket yoki bozorlarda mandarin narxi qancha?

P.S. Suratda 1,49 yevrolik mandarin.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
​​Pandemiya davrida ish hajmi keskin qisqargan sayyohlik firmalari va boshqa kompaniyalar Amazonʼda onlayn xizmatlarini taklif qilishi mumkin.

12 milliondan ortiq turdagi mahsulotlarni taklif etuvchi Amazon pandemiyadan foydalanib, taassurotlar ham sotishni boshlabdi. Platforma nomi Amazon Explore, u yerda dunyoning turli shaharlarida jonli virtual turlarga chiqishingiz, kulinariya, kulolchilik, geografiya va hokazolar haqida jonli onlayn darslar xarid qilishingiz, hattoki uyingizdan chiqmasdan Yaponiyada yoki Xitoyda shopping (bozor) qilishingiz mumkin.

Oʻzbekistonda gidlar, turoperator firmalar hali ham ishsiz. Qachon yana avvalgidek minglab sayyohlarga xizmat koʻrsata olishi nomaʼlum. Ular uchun Amazon Explore qisman yechim boʻlishi mumkin.

Buning uchun saytga kirib Become a host (Mezbon boʻlish) tugmasini bosasiz, ariza sahifasida soʻralgan maʼlumotlarni toʻldirasiz va Amazonʼga yuborasiz.

Afsuski, individual shaxslar mezbon boʻlolmas ekan. Rasman tur kompaniya yoki boshqa taassurot/hunar oʻrgatadigan firma boʻlishingiz va saytingiz boʻlishi talab etiladi.

Oʻzbekiston sharoitida kimlar mezbon boʻlish uchun ariza topshirishi mumkin?

– Turoperator firmalar
– Suvenirlar, gilamlar, ikat matolar ishlab chiqaruvchi/sotuvchi doʻkonlar
– Milliy taomlar restoranlari
– Kulolchilik maktablari

Platformada quyidagi taassurotlarni sotishingiz mumkin:

– Jonli virtual turlar. Samarqand, Buxoro, Xivadagi obidalar boʻshab qolgan. Hech kim oldingizni toʻsmaydi. Chiroyli kadrlar chiqadi.

– Milliy taomlarimizni pishirishni oʻrgatish. Jonli virtual dars.

– Kulolchilik, gilam toʻqish, kashta toʻqish va boshqa antiqa hunarlarni oʻrgatish. Jonli virtual dars.

– Mijoz bilan Chorsu, Siyob kabi bozorlar yoki Kanishka, Bibixonim va boshqa milliy mahsulotlarni chiroyli tikib sotadigan doʻkonlarda shopping qilish. Jonli virtual tarzda.

Virtual taassurotlarni yaratish uchun nimalar kerak boʻladi?

Bunda sizga quyidagilar kerak boʻladi:
– Kamerasi yaxshi telefon yoki telefonga ulanadigan sifatli kamera
– Sifatli mikrofon
– Tripod yoki uning oʻrnini bosuvchi vosita/shaxs.
– Birorta xorijiy tilda erkin soʻzlashish koʻnikmasi va mahsulotingiz haqida qiziqarli hikoyalar.

Menimcha, asosiy ish qurollari shular. Jarayonda yordami tegadigan boshqa anjomlardan ham foydalanish mumkin.

Firmam ham, saytim ham yoʻq. Xizmatimni qanday sotsam boʻladi?

Agar gid yoki individual oshpaz boʻlsangiz, sohangizda sifatli xizmat koʻrsatadigan biznes (kompaniya)ga murojaat qilib, birga ishlashni taklif qilib koʻring.

Oʻylashimcha, virtual taassurotlarning xaridorlari doim boʻladi, pandemiyadan keyin ham. Chunki uydan chiqmasdan yangi narsalarni oʻrganishni istaydiganlar har doim topiladi.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ
​​Oxirgi bir necha kun ichida Ispaniyaning yarmini ogʻir qor va kuchli boʻron egalladi.

Shuningdek, 2021-yilning 7-yavnarida Leon provinsiyasida Ispaniya tarixidagi eng sovuq ob-havo qayd etildi: -35,8 daraja sovuq. Sovuqdan muzlab oʻlgan uysizlar ham bor.

Lekin ayni damda biz yashab turgan Jirona shahrida hozirgacha qor yoqqani yoʻq, havo ham oʻta sovib ketmadi. Eng sovuq tunlari -5 darajada atrofida boʻldi, adashmasam.

Shunday qilib, Osiyo quyoshining sharofatida bilan, soʻngi 3 yildan beri normal qor koʻrganimiz yoʻq. Oxirgi 3 yil ichida bir marta – Sloveniya poytaxti Lyublyanada bir ozgina qor yogʻgandi, xolos.

Suratda Jirona, bugun olingan.

Kanalga ulanish👇👇
https://t.me/joinchat/AAAAAETrlaE07H9TL5zUPQ