Jalilov. Qaydlar
2.98K subscribers
878 photos
9 videos
18 files
1.55K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
“Kimki „Saylov o‘tdi — safarbarlik tugadi“, deb o‘ylasa, xato qiladi”, — dedi uchinchi muddatga saylangan prezident.
“Qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, ularga qo‘pol munosabatda bo‘ladigan, byurokratiya va korrupsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan — u vazir yoki hokim bo‘ladimi, boshqa mas’ul vazifadagi amaldor bo‘ladimi — salbiy harakatlari bilan davlat obro‘siga putur yetkazayotgan bunday kishilar bilan uzil-kesil xayrlashamiz”.

Sogʻongʻich, urongʻich prokurorlar bilan ham xayrlashiladimi? Konstitutsiya boʻyicha buyruq berish vakolati boʻlmagan organlarga buyruq beradigan maslahatchi oʻrinbosarlari bilan hammi? Davlat xizmatchisi boʻla turib oʻzi tartibga soladigan sohada oʻzi, oila aʼzolari biznes olib borishida manfaatlar toʻqnashuvini koʻrmaydigan rahbarlar bilan hammi? Affillangan tijoriy strukturalaridan kelgan shaxslarning oʻz qoʻl ostidagi sohalarda masʼul lavozimlarda ishlashini normal holat sifatida koʻradiganlar bilan hammi?

"Omon boʻlsak koʻrarmiz" deydimi ...
Esimni taniganimdan beri murakkab, tahlikali davrda yashaymiz-ey.
Konstruktiv muxolifat huquqlari taʼminlanishi aytilmoqda. "Konstruktiv muxolifat oʻzi qanday boʻladi, tishsiz boʻri deganimi?" deb soʻrashmoqda.

Mustaqil partiya tuzmoqchi boʻlganlarning urinishlari esa hozircha samara bermagan.
Bugun Prezident maktablarida imtihon. Har 169 oʻquvchidan bittasiga sifatli taʼlim olish nasib qiladi, qolganlari oʻzlarining katta ehtimol bilan abgor, ikki yoki uch smenali, oddiy hojatxonasi ham yoʻq maktabiga qaytadi.
Darvoqe.

Nega aynan "Prezident maktabi"? Bu maktablar ham davlat byudjetidan (yaʼni soliq toʻlovchilar hisobidan) moliyalashtirilmaydimi?
Zulfiya Rashidovaning Prezident maktabi imtihoniga tayyorlanayotgan qizi haqidagi hikoyasida bir muhim detal bor: "Maktabida buxorolik yigitlar kurs ochgan ekan".

Prezident maktablariga kirayotgan oʻquvchilarning necha foizi oʻzining "oddiy" maktabida olgan bilimi bilan kiryapti, necha foizi xususiy maktablardan kelyapti va necha foizi kurslar, repetitorlar, qoʻshimcha pullik taʼlim olib kelyapti? "Munozara maydoni" koʻrsatuvida shu savolni koʻtarganimda agentlik vakillari bu savolga aniq javob bera olishmagandi. Bunday statistika ochiqlansa, "Prezident maktablarida taʼlimdagi tengsizlikni yanada kuchaytiryaptimi?" degan savolning javobini tahlil qilish mumkin boʻlardi.
"Har qanday iqtisodiyotdagi, jamiyatdagi asosiy muammolar daromadlar boʻyicha, ijtimoiy huquqlar boʻyicha, ijtimoiy imkoniyatlar boʻyicha farqlarning kengayib ketishidan boshlanadi", deydi Otabek Bakirov.

Biz oʻtgan yili koʻp va xoʻp gapirgan va qanchalik koʻp gapirgan boʻlsak, shunchalik tez unutgan Finlyandiya taʼlimining asosiy xususiyatlaridan biri - teng imkoniyatlar. 169 oʻquvchidan bittasi sifatli taʼlim olish imkoniyatini qoʻlga kiritib, qolgani sifati haminqadar maktabiga qaytib ketishi emas. Oʻsha 169tadan 1tasi boʻlish uchun maktabi ber(ol)magan bilimni olish maqsadida repetitorma-repetitor, kursma-kurs qatnashi emas.

Balki shuning uchun ham "fin tajribasi" degan gaplar qanday tez "moda"ga kirgan boʻlsa, shuncha tez unutilgandir?
Kecha Prezident maktablariga kirish imtihonlarining birinchi bosqichida 1-smenada ishlatilgan test topshiriqlari 2-smenada ham aynan qaytarilgani, Prezident maktablariga oʻquvchilarni tayyorlash bilan shugʻullanadigan markazlar 1-smenada testga kirgan oʻquvchilardan testlar haqidagi maʼlumotlarni yigʻib olib, 2-smenada kiradigan oʻquvchilariga yodlatishgani aytilmoqda. Ayrim test topshiriqlari ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqalgan.

Shu oʻrinda rasmiylarga savollar:

1. 1 va 2 smenada aynan bir xil test topshiriqlari ishlatilganligi haqidagi iddaolar qay darajada asosli?

2. 1 va 2 smenada test topshirganlarning ballari taqsimoti, oʻrtacha ballari, moda va medianalari qay darajada farq qiladi?

3. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan test topshiriqlariga (agar bu topshiriqlar haqiqatda imtihonda ishlatilgan boʻlsa) berilgan toʻgʻri javoblar koʻrsatkichi (xususan , 2-smena uchun) boshqa test topshiriqlarining shunday koʻrsatkichlaridan qay darajada farq qiladi?
Prezident maktablari kirish imtihonlari bilan bogʻliq yana bir, nazarimda, muhim maʼlumotga oydinlik kiritish kerakka oʻxshaydi.

Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, Cambridge Assessment Admissions Testing tashkiloti bu yildan boshlab Prezident maktablari kirish imtihonlari jarayonlarida ishtirok etmaydi. (Oldingi yillari imtihonlar mazkur tashkilot bilan hamkorlikda oʻtkazilgan). Cambridge Assessment Admissions Testing PM kirish imtihonlarida ishtirok etmasligi haqidagi maʼlumotlar qay darajada haqiqatga mos? Agar bu maʼlumot toʻgʻri boʻlsa, nega imtihon haqidagi bannerlarda bu tashkilot logotipidan foydalanilmoqda va agentlik telegram kanallarida nazorat materiallarini mazkur tashkilot taqdim etishi aytilmoqda?
Yuqoridagi savollar bekorga berilmadi. Bu savollarga javoblar (agar ochiqlansa, albatta - har qalay, bular sir darajasidagi maʼlumotlar emas, test bilan shugʻullanadigan tashkilotlar odatda bunday maʼlumotlarni oshkor qilishadi) test natijalarining qay darajada valid ekanligi haqida muayyan xulosalar chiqarish imkonini beradi. Validlik esa har qanday testning sifatini belgilashda eng asosiy mezondir. Valid boʻlmagan testlar asosida muhim qarorlar qabul qilish mumkin emas, bu darajada konkurs katta boʻlgan imtihonlarda-ku, inchunin.

Test natijalarining validligiga taʼsir koʻrsatadigan yana bir omil - test protsudaralarining (jarayondagi qoidalarning) standartlashtirilishi, yaʼni test jarayoni qoidalarining aniq yozilganligi, test ishtirokchilarining bu qoidalarni bilishi va ularga aniq rioya qilishi.

Kechagi testda qatnashgan ayrim oʻquvchilarning ota-onalari oʻquvchilarga imtihon boshida javoblar varaqasini boʻyash uchun alohida vaqt berilishi aytilganini, lekin oxirida vaqt berilmagani va oʻquvchilar javoblarini oxirigacha javoblar varaqasiga koʻchirishga ulgurmaganini iddao qilishmoqda. Ayrimlar esa hammasi uchun bir soat vaqt berilishi haqida boshidan xabar berilgan, deyishmoqda. Agar har ikkala tarafga ham ishonilsa, hamma guruhlarda ham nazoratchilar test protsudaralarini bilmagan va (yoki) amal qilmagan, degan xulosaga kelish mumkin. Bu esa test natijalari validligini jiddiy shubhaga qoʻyishi mumkin boʻlgan omildir.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan "Prezident maktablariga o‘quvchilarni saralab olish va qabul qilish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomda testga qancha vaqt ajratilishi, javoblar varaqasini boʻyash uchun qoʻshimcha vaqt berilishi yoki berilmasligi haqida maʼlumot topa olmadim.
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi Prezident maktablari kirish imtihonlarining birinchi bosqichida 1-smenada ishlatilgan test topshiriqlari 2-smenada ham takrorlanganligi haqidagi xabarni (eʼtibor bering: xabarda 1- va 2-smenalar haqida gap ketgan edi, 1-2-3-smenalar haqida emas) asossiz demoqda. Otabek Bakirov 1- va 2-smenada takrorlangan ayrim test topshiriqlari namunalarini keltirmoqda. Biz bu xabarlarni oʻrganishda davom etamiz. Tabiiyki, barcha test materiallari agentlik ixtiyorida boʻlgan sharoitda agentlik bayonotini mustaqil tasdiqlash yoki rad qilish ancha qiyin boʻladi. Lekin oldinroq qoʻyilgan 2-3 savollarga javobni bayonotda koʻrmadim: 1-2 smenalarda test topshirganlarning ballari taqsimoti, oʻrtacha ballari, moda va medianalari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan test topshiriqlariga berilgan toʻgʻri javoblar koʻrsatkichi ochiqlanmagan (qaytaraman, bunday maʼlumotlarlar sir hisoblanmaydi, test natijalarining validligini isbotlash maqsadida ular ochiqlanadi - bunday maʼlumotlardan test topshiruvchilarning shaxsini aniqlash mumkin emas). Bunday statistik maʼlumotlar ochiqlansa, ular asosida ham agentlik bayonotining toʻgʻriligi (yoki aksincha, notoʻgʻriligi) haqida muayyan xulosalar chiqarish mumkin boʻladi. Demak, bu maʼlumotlarni kutib qolamiz.

Agentlik bayonotidagi yana bir muhim jihat: test topshiriqlari Cambridge Assessment International Education tashkiloti tomonidan tuzilganligi qaytarilmoqda. Yuqoridagi postga ilova qilingan xat ham Cambridge Assessment tashkiloti - uning aynan kirish imtihonlari bilan shugʻullanadigan boʻlimi (bu boʻlim logosini kirish imtihonlarini kuzatish uchun QR kod berilgan posterda koʻrishingiz mumkin) - vakili tomonidan yuborilgan edi. Koʻrib turganingizdek, bayonot va xat mazmuni bir-biriga zid kelmoqda. Bu borada Cambridge Assessment tashkilotining oʻzi ham bayonot bersa maqsadga muvofiq boʻlar edi, menimcha.
Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligining bugungi bayonotida bir muhim gap bor:

"Hurmatli ota-onalar, shuni ma’lum qilamizki, barcha imtihon savollari har yilgidek Cambridge Assessment International Education xalqaro tashkiloti tomonidan O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida qo‘llaniladigan o‘quv dasturlari asosida tayyorlandi".

Kechagi Prezident maktablarining kirish imtihonlarida 1-smenada tushganligi iddao qilinayotgan ayrim testlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Shu testlarning ayrimlari pedagog sifatida diqqatimni tortdi. Matematik bo'lmaganim uchun matematiklarga murojaat qilmoqchiman.

- 72 sonining 1/4 qismi Pning 1/6 qismiga teng bo'lsa, P/2ni toping.

4-sinfda kasrlar haqida eng boshlang'ich tushuncha beriladi. 5-sinfda kasrlarni taqqoslash, bir xil maxrajli kasrlarni qo'shish va ayirish o'rgatiladi. 4-sinfni bitirgan (ya'ni hali kasrlarni taqqoslash, ular ustida amallarni bajarishni o'rganmagan) o'quvchi mazkur test topshirig'ini yecha oladimi?

- Kichik aylananing radiusi 6 sm, katta aylananing radiusi 8 sm ga teng bo'lsa, katta aylana uzunligi kichigidan qanchaga farq qilishini toping.

Aylana uzunligi tushunchasi, uni topish uchun diametrni pi soniga ko'paytirish kerakligi, pi (3,14) soni tushunchasi 6-sinf darsligida berilgan. 4-sinfni bitirgan o'quvchi mazkur test topshirig'ini yecha oladimi?

- x+y=550 gr, y+z=750 gr, x+y+z=1kg. y - ni toping.

Bir necha noma'lumli tenglamalar sistemasini yechish 8-sinf Algebra darsligida berilgan. 4-sinfni bitirgan o'quvchi mazkur test topshirig'ini yecha oladimi?

- 240 kg o'rik  sharbati tayorlandi Unga mos ravishda 1:2:3 nisbatda shakar, o'rik, suv qo'shildi. Sharbat necha kg o'rikdan tayyorlandi?

"Nisbat" tushunchasi nima ekanligi 5-sinf matematika darsligida tushuntirilgan. 4-sinfni bitirgan o'quvchi mazkur test topshirig'ini yecha oladimi?

- A(4,6) va B(12,12) nuqtalarni tutashtirishdan hosil bo'lgan kemaning o'rtasi koordinatasini toping. P(4;6) va Q(12;12) bo'lsa, P va Q ning o'rtasi koordinatasini toping.

Koordinatalar sistemasi, undagi nuqtalarning koordinatalarini (X,Y) tushunish 8-sinf Algebra darsligida o'rgatilgan. 4-sinfni bitirgan o'quvchi mazkur test topshirig'ini yecha oladimi?

Test topshiriqlarini tuzgan tashkilotga (agar bu tashkilot Cambridge Assessment bo'lsa, demak, Cambridge Assessmentga) savol: Shu yoki shunga o'xshash test topshiriqlari imtihonlarda ishlatilganmi? Agar "ha" bo'lsa, bunday test topshiriqlarini umumta'lim maktabining 4-sinfini bitirgan, repetitorga yoki qo'shimcha pullik kurslarga qatnamagan o'quvchi yecha olishi haqida xulosa olinganmi?
Albatta, yuqoridagi masalalarni repititorga yoki qo'shimcha pullik kurslarga bormagan 4- sinf o'quvchilari yecha olmaydi. Bu muammo anchadan beri yechilmay keladi. Konkurs kattaligi sababli, imtihon masalalari dastur doirasidan chiqib kitish hollari hali ham uchrab turibdi. Tuziladigan masalalar dastur doirasida chuqurlashish o'rniga dastur doirasidan chiqish, ya'ni kengayish asosida tanlanmoqda. Bu holat o'quvchilarning keyingi sinflarda o'qishiga ham ta'sir qilishi mumkin.

4-sinf o'quvchisi bu (imtihonga kiritilgan bunday masalalarni yechish uchun kerakli tushunchalarni) "hazm" qila olmaydi. Repetitorlikning yomon tomoni shundaki, bola shunchaki algoritmni bajarishga o'rgatiladi. "Nega?" degan savolga javob berilmaydi, ya’ni bola tushunmay amalni bajaradi. Bunday yodlashga qurilgan bilim - bu matematika degani emas. Repetitorda shug'ullangan bolaning bilim va ko'nikmalari shu bois mustahkam bo'lmaydi. Vaqt o'tishi bilan ular unutiladi. Haqiqiy matematik bilim va ko'nikma - bu tushunish, mulohaza yuritish, tanqidiy va ijodiy fikrlashga qurilishi lozim.

Bu - oldingi postda ko'tarilgan savollarga maktab dasturi va darsliklari bilan bevosita yaxshi tanish matematikning javobi.
Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Prezident maktablariga kirish imtihonlarining dastlabki bosqichi bo'yicha ko'tarilgan savollarga (bu haqda Gazeta.uz, Kun.uz singari mustaqil nashrlar ham yozishdi) Agentlik hozircha faqat bayonotlar bilan javob bermoqda (va ayrim hollarda postlar o'chir(tir?)ilmoqda - tizimda ishlaydigan(lar) bilan bu osonroq bo'lsa kerak). Bayonotdagi iddaolarni tasdiqlaydigan dalillar (hozircha) taqdim etilmadi. Asosiy savollarni yana bir marta ko'rib chiqaylik.

1. Cambridge Assessment tashkilotining imtihonlarda ishtiroki.

Bu postdagi Cambridge Assessment tashkilotidan kelgan xat "bu yilgi imtihonlarda Cambridge Assessment ishtirok etadimi?" degan savolni o'rtaga chiqargan edi. Bu xat may oyida ota-onalardan birining rasmiy imtihon namunalarini (sample test) taqdim qilishni so'rab tashkilotga yuborgan xatiga javob edi. Menga ham 17-iyul kuni xuddi shu mazmunda ("Cambridge Assessment PM kirish imtihonlarida qatnashmaydi" degan) xat keldi. Oradan bir necha soat o'tib esa uzr so'ralgan va Cambridge Assessment tashkiloti Prezident maktablarining kirish imtihonlaridagi ishtirokini tasdiqlaydigan xat keldi. Tashkilot vakili Stiv King ham bu borada videomurojaat yo'lladi.

Butun dunyo miqyosida xizmatlar ko'rsatadigan tashkilot ichida ma'lumot almashish jarayonida uzilishlar (miscommunication) bo'lgandir va may oyida, hatto 17-iyul kuni (imtihonning birinchi bosqichi o'tib bo'lgandan keyin) ham tashkilotning bu imtihonlarda ishtirokidan xabari yo'qlar bo'lishi mumkindir balki. Lekin Bakiroo kanalidagi postdan keyin, o'ylaymanki, tashkilotga bu borada murojaatlar ko'paygan va tashkilot bu masalada o'zining rasmiy saytida hozirgacha biron-bir xabar yoki izoh bilan chiqmagani qiziq.
(...davomi)

2. Test topshiriqlarining takrorlanishi

Test topshiriqlarining takrorlanganligi va bu holat imtihonga keyinroq kirganlarning natijalariga ta'sir qilishi mumkinligi bo'yicha xavotirlar bir kishining gapiga asoslanmagan - men gaplashgan bir-biridan mustaqil bir necha manbalar shunday xavotirlarni bildirishdi. Takrorlangan test topshiriqlariga misollar ham keltirildi.

Agentlik bu iddaolarni inkor qilmoqda, shu bilan birga qisman bu savolga oydinlik kiritishi mumkin boʻlgan statistik maʼlumotlarni oshkor qilmadi.

Cambridge vakili bu yilgi imtihonning 1-bosqichi uchun ham 8 xil variant ishlab chiqildi, demoqda. Lekin Stiv King va (yoki) Cambridge Assessment vakillari joylarda test kitoblari tarqatilishi jarayonini, bu jarayonda protseduralarga rioya qilinganini nazorat qilishganmi? (Ayrim kuzatuvchilarga qaraganda, imtihon kuni Cambridge kuzatuvchilari boʻlishmagan, faqat DTM vakillari boʻlishgan).

Menimcha, bu jarayonda test topshiriqlari qaytarilmaganligiga ishonch hosil qilishning oson yoʻli - jamoatchilik vakillari ishtirokida turli smenalarda ishlatilgan kitoblarni solishtirish. Oʻylaymanki, yuzlab (balki minglab?) maktablarda sifatli taʼlim uchun sharoit yaratib ber(ol)maslik evaziga bitta maktabning zoʻr boʻlishi uchun pul toʻlayotgan soliq toʻlovchilar Prezident maktablari bilan bogʻliq har qanday iddaolarning asosli yoki asossiz ekanligiga ishonch hosil qilishga haqli.