Jalilov. Qaydlar
2.93K subscribers
890 photos
9 videos
18 files
1.57K links
Fikrlar. Kuzatishlar.

Qayta aloqa uchun: @qaydlar_aloqa_bot
Download Telegram
Bugungi ayrim xabarlar va brifingdan keyin ko'p narsa oydinlashdi, nazarimda. Faqat bitta asosiy savol qoldi.
"Davlatchilikning asosiy belgilaridan biri umummajburiy qonunlar va ularni amalga oshiruvchi kuchlarning boʻlishi, toʻgʻrimi?" degan savol qoʻymoqda jurnalist Ilyos Safarov.

Nazarimda, umummajburiy qonunlar mavjudligi, barchaning qonun oldida tengligi va bu qonunlarni bajarishning barcha uchun majburiyligidan tashqari, davlatning muhim belgisi - aniq strategiyaning mavjudligi va bu strategiyaning shaxslar qosh-qovogʻiga boʻgʻliq emasligi.

Tasavvur qiling, uyingizda taʼmirlash ishlari boshladingiz. Pul, vaqt sarfladingiz, ishning maʼlum bir qismi bitdi. Lekin birdaniga fikringiz oʻzgardi va hammasini buzib, yana qaytadan boshladingiz. Haqqingiz bor, chunki uy sizniki, pul sizniki.

Lekin davlat ishlarida-chi, shunday qilish mumkinmi?

Taʼlim misolida olaylik. Bir necha yil oldin Milliy oʻquv dasturini yaratish ishlatish boshlandi. Juda koʻp odamlar jalb qilindi, shu jumladan xorijiy mutaxassislar ham, Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasida katta muhokamalar boʻldi, oxiri inspeksiya ham dasturni oʻz "konsepsiya" va "uzviylik dasturi"ga kiritdi, taqdimotlar qildi.

Keyin shu dastur asosida darsliklar yaratilishi boshlandi. Bunga ham ozmuncha vaqt, mehnat va mablagʻ sarf qilinmadi. Bu ishlarning hammasi prezident qarorlari asosida qilindi.

Endi yangi komanda kelib, "bu yogʻiga fincha uslubda ishlaymiz" demoqda. Shu paytgacha qilingan ishlar nima boʻladi, degan savolga aniq javob yoʻq. Shu paytgacha qilingan dastur yoki darsliklarning samarali yoki samarasizligi qanday aniqlandi, buning uchun qanday tadqiqotlar oʻtkazildi, degan savol ham, bu savolga javob ham yoʻq. Dasturni yaratganlar ham, muhokama qilganlar ham, oʻz hujjatlariga qoʻshib tadbirlar oʻtkazganlar ham inday olmaydi, chunki yangi komandada maʼmuriy kuch katta. Balans buzilgan.

Aslida shu joyda kuchlar nisbati toʻgʻri taqsimlanganda edi, misol uchun, pulni taqsimlashi kerak boʻlgan parlament aytishi mumkin edi: "Hoy, toʻxtanglar, oʻzi nima gap? Shu paytgacha qilingan ish nima boʻladi? Nega yana hamma narsa qaytadan boshlanishi kerak, asoslab beringlar-chi", deyishi mumkin edi. Lekin demaydi.

Demak, davlatchilikning asosiy belgilaridan biri - balansning mavjudligi. Kuchlarning toʻgʻri taqsimlanishi. Bir boʻgʻin qilayotgan ishlarni boshqa bir boʻgʻin savolga tuta olishi, tergab tura olishi.
PA rahbari o'rinbosari, darsliklarni takomillashtirish bo'yicha ishchi guruh rahbari Komil Allamjonovga!

"Savollar bo'lsa, tayyorman" deganingizdan foydalanib, ayrim savollar bilan murojaat qilsam:

1. "Darsliklar sifati va o‘qitish metodikasi har xil. Ulardan O‘zbekiston uchun eng ma’quli bu — Finlyandiyaniki, deb qaror qabul qildi mutaxassislar". Bu mutaxassislar kimlar? Ular qaysi davlatlarning metodik tajribalarini o'rganishdi? Qaysi mezonlar asosida aynan Finlyandiyaniki ma’qul degan qarorga kelindi? Bu xulosalarni ochiqlasangiz.

2. Siz otaliqqa olganingiz Olmazor tumani 134-maktabda tajribadan o'tkazilayotgan, 2023 yil yanvaridan butun respublikada aprobatsiya qilinadigan darsliklarga Education Alliance Finland tashkilotining sifat belgisi olingan. Bu tashkilot, XTV matbuot kotibi aytganidek, "Finlyandiya mas'ul idorasi" emas, balki tijoriy tashkilotdir. Nega aynan shu tashkilot tanlangan? Bu tashkilot darsliklarni qaysi mezonlar asosida baholagan? Bu xulosalarni ochiqlasangiz.

(davomi bor)
(...davomi)

3. Aprobatsiya qilinadigan va katta ehtimol bilan, "Novda Edutainment" tomonidan (yoki bu tashkilot ishtirokida) yaratilgan darsliklarning tajriba-sinovlari ochiq, shaffof va ehtimoliy ma'muriy bosimlarsiz (sizning lavozimingiz va darsliklarni takomillashtirish bo'yicha ishchi guruh rahbari ekanligingizni hisobga olgan holda) o'tishi uchun qanday mexanizmlar ta'minlangan?

4. Bayonotlar va amalga oshirilayotgan ishlardan, Shermatov XTV rahbari ekanligida boshlangan, shu paytgacha Prezident qaror va farmonlarini ta'minlash maqsadida qilingan ishlar inkor qilinayotgandek tassurot qoldirmoqda. Ishlab chiqilgan (shu jumladan xorijiy ekspertlar ishtirokida) dasturlar va darsliklar taqdiri nima bo'ladi? "Fin dasturlari va darsliklari"ni O'zbekistonga moslash uchun qaytadan byudjet mablag'lari ajratiladimi? Bu jarayonlarda "Novda"ning ishtiroki va vazifalari nimalardan iborat?

Qolgan savollar kechagi tahliliy maqola oxirida.

P.S. Men Finlyandiya darsliklarini ham, tajriba-sinovga kiritilayotgan darsliklarni ham "yomon" demoqchi emasman. Faqat jarayon bo'yicha tug'ilayotgan ko'plab savollarga oydinlik kiritsangiz yaxshi bo'lardi nazarimda.

P.S.S. Deylik, ertaga sizning jamoangiz o'rniga boshqa jamoa kelib, "Singapur (yoki boshqa bir davlat) darsliklarini joriy qilamiz, eng ma'quli shu ekan" deb qolsa nima bo'ladi?
"Finlyandiya" keysi bizni boshqa bir, kattaroq savolga yetaklaydi:

Prezident Administratsiyasi (PA) o'zi qanday tashkilot? Uning ta'lim mazmuni bilan shug'ullanishi, Administratsiya rahbari o'rinbosarining "darsliklarni takomillashtirish bo'yicha ishchi guruh rahbari" bo'lishi o'zi qanchalik to'g'ri (qonuniy)?

"Ta'lim mazmuni - davlat siyosati, Prezident ahamiyatidagi masala" degan populistik gaplarni qo'yib, masalaga qonun nuqtai nazaridan yondashaylik.

O'zbekcha Vikipediya PAni "davlat boshqaruvi organi" debdi. Lekin O'zbekiston Konstitutsiyasining 5-bo'limida ham, O'zbekiston Prezidenti Farmonlarida (1, 2) ham PAga davlatni boshqarish uchun vakolat berilmagan.

"Ta'lim to'g'risida" qonun bo'yicha, ta'lim mazmuni - ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari (MTV, XTV, PTMA, OO'MTV) vakolatidir.

Demak, PA rahbari o'rinbosarining qaysi hujjatlar asosida davlat boshqaruvi organlari funksiyasini o'z zimmasiga olganligi to'g'risida ham aniq tushuntirishlar lozim.
Komil Allamjonovning fin darsliklari joriy qilinishi haqidagi postiga izohlardan biri (muallif imlosi saqlangan):

Ман фин стандарти бўйича 2019-йилдан бери яратилиб келинган Мусиқа саводи (Музыкальная грамотность) дарсликларини октябр охирида кўрдим.  Хулосаларим натижасида саволлар туғилди. Қайси  стандант асосида  яратилган, ўқувчида  у ёки бу  мавзу  бўйича қандай малака талаблари   ривожланади   деб  лойиҳа кординатори Юлия Васильевна ва  муаллиф Тошкент шаҳридаги 1-Болалар  мусиқа ва санъат мактаби фортепиано ўқитувчиси Надежда Петрововнадан сўраганимда жуяли жавоб  бериша олмадилар! Камчиликлар  талайгина, жумладан таълими ўзбек тилидан  олиб  бориладиган 1-синф дарслигида  ўзбек тилида қўшиқ ва шеърлар  берилган-муаллифи кўрсатилмаган. Аммо, худди  шу  дарсликнинг охирги сахифаларида  рус қўшиқ берилган иккала  муаллифини кўрсатган  холда! Бу НИМА, Дарслик Ўзбекистон  худудида яшовчи Авлод  учун  яратилганми ёки  буни  орқасида  бошқа ғоя  борми? Таълими рус тилида олиб бориладиган 2-синф (таълими ўзбек тилидан олиб  бориладиган 2-синф дарслиги йўқ эди) Музыкальная грамотность  дарслигидаги  мавзулар  кетма  кетлиги хайратга солди! Адашмасам  30-мавзуда Длительности нот, 10-дарсда Размер яъни Ўлчов  тўғрисида маълумот  бериляпди. Бу  худди  ўқувчига  2+3ни  қўшишни  бил, кейин хар  бир  сон  неча  қийматга  эгалигини  ўрганамиз  дегандай!!!   Шу дарсликларга  ўқитувчилар учун методик қўлланмасида  эса хар бир  дарс  учун Технологик  харита  берилган холос, (Бу тех.харитани хар  бир ўқитувчи  шаблон сифатида  тайёрлаш кўникмасига эга, бунга  алоҳида маҳорат  талаб  этилмайди) Дарсликдаги  берилган қўшиқ матнининг нота  иловаси берилмаган, ўқитувчи қаердан қидириши керак?! Эътибор  беринг, дарсликда  тушинарсиз қайсидир мавзуни  тушуниб  олиши учун ўқитувчига  методик  ЁРДАМ  бериши  керакми?! Айтганча, Методик қўлланманинг  бош  муаллифи Юлия  Васильевнанинг ФИШ  турганди, қизиқдим, "Сиз, мусиқий саводга эгамисиз?" деб, улар  менга: "Да... в Музыкальную  школу  ходит моя дочка"  дедилар. Демакки, Республикамиздаги  жамики Мусиқа маданияти  ўқитувчиларига "Мусиқий саводга эга бўлмаган" инсон йўл юриқ  кўрсатадими?!  Хабарингиз бор, жорий  йилнинг 2-февралида  "Маданият ва санъат  сохасини янада ривожлантиришга  доир қўшимча  чора-тадбирлар" тўғрисида ПҚ-112 Ўзбекистон Республика Президентининг қарори чиқди. Агар дарсликдаги бу саёзлик бўлса, ПҚ-112 қарорининг ижроси қандай  амалга  оширилади? Дарвоқе, на  муаллиф, на лойиҳа кординатори  Президент Қароридан хабари йўқ.  Ҳурматли Алламжонов,  юқоридаги хато ва камчиликлар бартараф этиладими?  Ўзга юрт Ғоясини олға суриш ва мантиқий кетма-кетликка асосланмаган билимлар асосида  КЕЛАЖАК АВЛОДИМИЗНИ ўқитиш вазифаси берилмаган эди,  Дарсликлар финлар таълим тизими  асосида  яратилиши ҳақида гап борган эди.  Дарсликдаги мазмунга  қараб Авлодимиз Руҳияти ва Шахс  сифатида фикрлай олиш қобилияти шаклланади, агар келажагимиз учун Савобли ишни бошлаган бўлсангиз, бундай  масъулиятли ишга Соҳа МУТАҲАСИСЛАРИНИ жалб этинг.

Izoh: Yuliya Vasilyevna Risyukova - Toshkentdagi Yagona imtihon markazi rahbari.

P.S. Yuqoridagi izoh Allamjonovning kanalidan oʻchirib yuborilibdi.
Oxirgi paytlarda kanalimda va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda Finlyandiya ta’lim tizimining joriy qilinishi bilan bog‘liq ko‘plab postlar e’lon qilinishi bo'yicha izoh bermoqchiman. Bu jarayon menda (va o‘ylanmanki, ta’lim tizimiga befarq bo‘lmagan ko‘pchilikda) bir qator savollarni paydo qilmoqda. Rasmiy xabarlarda esa asosan “Finlyandiya tizimi zo‘r”, “fin tizimini joriy qilsak, hammasi zo‘r bo‘ladi” qabilidagi xabarlar berilmoqda va bu xabarlar savollarni javobsiz qoldirmoqda.

1. “Finlyandiya tizimi"ning tor tushunilishi, asosan darsliklarga bog‘lanishi.
Tahliliy maqolamda ko‘rsatganimdek, Finlyandiya ta’lim tizimini tahlil qilgan ko'p olimlar uning muvaffaqiyati sabablarini darsliklarga emas, boshqa omillarga bog‘lashadi: hamma uchun bir xil sharoitdagi maktablar, o‘qituvchilar tayyorlashning kuchli tizimi hamda munitsipalitetlar va maktablarga berilgan erkinliklar. Bizda esa “fin tizimini joriy qilish” deganda asosan darsliklar tushunilmoqda va bu tushunchani singdirishga harakat qilinmoqda (har holda, shunday tasavvur paydo bo‘lmoqda).

2. Aprobatsiya qilinadigan darsliklar bilan bog‘liq savollar.
Aprobatsiya qilinadigan boshlang‘ich sinf darsliklari qaysi dasturlar asosida yaratilgan? Bu darsliklar Prezident hujjatlari asosida yaratilgan va 2024-yilgacha joriy qilinishi belgilangan Milliy o‘quv dasturiga qanchalik yaqin yoki qanchalik undan farq qiladi? Bu dastur ham, Milliy o‘quv dasturi singari, muhokamalardan o‘tganmi?
Aprobatsiya qilinadigan darsliklarga “Education Alliance Finland” tashkilotining “sifat tamg‘asi” olingan. Nega aynan shu tashkilot? Bu tashkilot darsliklarni qaysi mezonlar asosida baholagan, xulosalarni ochiq e’lon qilish imkoni bormi?

3. Shu paytgacha qilingan ishlarning keyingi taqdiri mavhumligi.
Shu paytgacha yaratilgan dasturlar va darsliklar ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmadi. Ular Prezidentning tegishli hujjatlari asosida mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda yaratildi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida muhokamalardan o‘tdi. Ularni yaratish uchun ham vaqt, kuch, mablag‘ sarf qilingan. Ularning taqdiri nima bo‘ladi? 2024-yilgacha Milliy o‘quv dasturi va u asosidagi darsliklarni joriy qilish belgilangan Prezident farmoni o‘z kuchini yo‘qotdimi? Agar “ha” bo‘lsa, nima asosda?
Tasavvur qilaylik, Administratsiyadagi hozirgi jamoa o‘rniga bir oz muddatdan keyin boshqa jamoa kelib, “O‘zbekiston uchun eng ma’qul metodika bu — Singapurniki (yoki boshqa davlatniki) ekan” deb qolsa, hammasi qaytadan boshlanadimi?

4. Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq savollar.
“Men AOKAdan ketganim uchun darsliklar masalasini oxiriga yetkazolmadim. Lekin shu laboratoriyani tashkil qildim, faqat darsliklar bilan shugʻullanadigan kishilarning maxsus guruhini tuzdim. Biz ular bilan birinchi, ikkinchi va uchinchi sinflar uchun darsliklar tayyorladik. Birinchi sinfdan oʻn birinchi sinfgacha boʻlgan Milliy taʼlim tizimini ishlab chiqish rejam bor. Bunga besh yil ketadi. Bir yili oʻtdi, toʻrt yil qoldi. Xudo xohlasa, toʻrt yildan keyin men Oʻzbekiston uchun eng zoʻr taʼlim tizimini, zoʻr metodikani va multimediali darsliklarni taqdim qilaman.” (K. Allamjonov, “Allamjonov aybor”, “Novda Edutainment”, 2021-yil, 272-bet.)

Aprobatsiya qilinadigan darsliklar aynan o‘sha “maxsus guruh” tomonidan yaratilgan darsliklarmi? Bu darsliklarning “Novda Edutainment”ga qanchalik aloqasi bor? “Novda Edutainment”ning Allamjonovga tegishli ekanligi haqidagi ayrim manbalardagi (havola VPN orqali ochiladi) ma’lumotlar qanchalik asosli?
Aprobatsiya qilinadigan darsliklarni yaratishda bevosita (muallif va/yoki koordinator sifatida) ishtirok etgan shaxs(lar)ning darsliklarni takomillashtirish bo'yicha ishchi guruh rahbari Allamjonovga tegishli boshqa loyihaga aloqadorligi hisobga olinsa, jarayonda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmaganmi? Bu jarayonda shaxsiy manfaatlar bilan bog‘liq harakatlarning oldi qanday olingan? Ma’muriy resursning ishga solinmasligi (solinmayotganligi) qanday ta’minlangan?

(davomi quyida)
(... davomi)

Umid qilamanki, yuqori lavozimdagi davlat xizmatchisi bilan bog‘liq ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi savol manfaatlar to‘qnashuviga qarshi ekanligini ta’kidlagan Allamjonov tomonidan so‘z erkinligining bir qismi sifatida qabul qilinadi va savol beruvchining ustidan sudga shikoyat qilish yoki boshqa choralar ko‘rish uchun asos bo‘lmaydi.

5. Prezident Administratsiyasining vakolat vazifalari va chegaralari bilan bogʻliq savollar.
Amaldagi qonunchilik boʻyicha, davlat boshqaruvi organi boʻlmagan tashkilotning davlat boshqaruvi organlari vazifalariga kiradigan funksiyalarni bajarishi tegishli vazirlik va idoralar ishiga xalal berib, davlat boshqaruvi tizimini izdan chiqarmaydimi? Bu tashkilot vakillarining oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilishlariga olib kelmaydimi?

Va yana umid qilamanki, bu jarayonlarning boshida turgan Prezident Administratsiyasi va uning rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov tomonidan yuqorida ko‘tarilgan mavhumliklar va savollarga oydinlik kiritiladi.
Internetda saqlanib qolgan maʼlumotlarga koʻra, Yagona imtihon markazi rahbari, boshlangʻich sinflar uchun "fin standartlari asosida yaratilgan"ligi aytilayotgan darsliklar loyihasi koordinatori "Avtotest"da ham faoliyat yuritgan.

Umuman olganda, mazkur darsliklar bilan bogʻliq jarayonlar qay darajada ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvidan xoli ekanligi toʻgʻrisida aniq tushuntirishlar lozim.
Darsliklarning qanday yaratilishi va taʼlim tizimida muomalaga kiritilishi jihatidan davlatlarni shartli ravishda uch guruhga boʻlish mumkin:

1. Darsliklar nashriyotlar tomonidan yaratiladi va ulardan taʼlim jarayonida foydalanish uchun biron-bir masʼul idora (masalan, taʼlim vazirligi) ruxsati (grif) talab qilinmaydi. Aksar Yevropa davlatlarida, masalan, biz model sifatida koʻrayotgan Finlyandiyada shunday.

2. Darsliklar nashriyotlar tomonidan yaratiladi, lekin ulardan taʼlim jarayonida foydalanish uchun masʼul idora ruxsati kerak. Bu idora nashriyotlar yaratgan darsliklarni maʼlum mezonlar asosida koʻrib chiqib, maʼqullaganidan keyin ulardan foydalanish mumkin. Masalan, aksar post-sovet davlatlarida shunday.

Yuqoridagi har ikki holatda ham bitta fan va sinf uchun har xil darsliklar boʻlishi mumkin. Maktab jamoasi maʼqulini tanlaydi, tanlangan darsliklar yoki maktab kutubxonasi uchun davlat tomonidan sotib olib beriladi, yoki ota-onalar farzandlariga sotib olib berishadi (yoki ikkalasi ham).

3. Darsliklar davlat yoki davlat vakolat bergan bitta nashriyot tomonidan yaratiladi va taʼlim jarayonida shu darslikdan foydalaniladi. Bitta fan boʻyicha odatda bitta darslik boʻladi.

Agar bizda ham bitta fan boʻyicha turli darsliklar paydo boʻlib, maktablar erkin tanlasa va darsliklarni yaratuvchi nashriyotlar (jamoalar) oʻrtasida sogʻlom raqobat shakllansa, bundan taʼlim yutadi, nazarimda.

Lekin bir xususiy tashkilot (yoki muallifliklar jamoasi) yaratgan darsliklarni targʻib qilish va joriy etish uchun butun davlat mexanizmlari safarbar etilsa, bu jarayon ortidan davlat (soliq toʻlovchilar) hisobidan yaratilgan va hali foydalanilayotganiga bir yildan oshmagan dasturlar va darsliklar taqdiri mavhum qolsa, bu darsliklarni yaratganlar va ularni joriy qilish jarayoni tepasida turgan davlat xizmatchisi oʻrtasida boshqa tijoriy loyihalar orqali bogʻliqliklar aniqlansa, oʻzini demokratik deb ataydigan (yoki shunga harakat qilayotgan) jamiyatda savollar tugʻilishi tabiiy hol va bu savollarga aniq javoblar berilishi kerak deb oʻylayman.
Manfaatlar to‘qnashuvi davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z xizmat vakolatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda fuqarolarning, jamiyatning yoki davlat organining shaxsiy manfaatdorligi va huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga keladigan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatdir.

Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zining rahbariga yoki yuqori turuvchi davlat organiga darhol yozma shaklda xabar qilishi kerak.

Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar olgan davlat organining rahbari yoki yuqori turuvchi davlat organi ushbu to‘qnashuvni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shart.

Manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va hal etish tartibi qonun bilan belgilanadi.

"O'zbekiston Respublikasining davlat fuqarolik xizmati to'g'risidagi qonuni"dan (ertadan kuchga kiradi)
Здоровая конкуренция между издателями учебников и наличие выбора в конечном итоге положительно скажется на качество образования в целом.

Но:

- когда на продвижение учебников, созданных частной компанией, задействована целая государственная махина,

- когда выясняется, что лиц, участвовавших (участвующих) в создании этих учебников и чиновника, стоящего во главе этого процесса, связывают другие коммерческие проекты (такие как Единый экзаменационный центр и "Автотест"),

- когда при этом остаётся неясной судьба учебников, только недавно разработанных на государственные деньги (то есть за счёт налогоплательщиков),

в любой демократической стране (или так себя позиционирующей) это должно вызывать определенные вопросы. И на эти вопросы должны быть даны чёткие ответы.
Pedagogik psixologiyada insonning o'rganish jarayoni qanday kechishini izohlaydigan bir qator nazariyalar mavjud. Shunday nazariyalardan biri (to'g'rirog'i, nazariyalar yig'indisi) - konstruktivizm ("construct" - "yaratish" so'zidan). Bu nazariyaga ko'ra, inson tayyor holda o'zlashtirgan bilimdan ko'ra o'zi yaratgan bilim yaxshiroq esa qoladi.

Masalan, ona tili yoki chet tili darsida bir qoidani o'rgatmoqchisiz. O'quvchilarga qoidani tushuntirib, shu qoidani mustahkamlaydigan mashqlar berish mumkin (deduktiv yondashuv). Yoki shu qoidaga turli kontekstdan misollar keltirib, o'quvchilarga shu misollarni tahlil qilgan holda qoidaga o'zlari kelishlarini so'rash mumkin (induktiv yondashuv). Konstruktivizm tarafdorlariga ko'ra, ikkinchi yondashuv ko'proq vaqt talab qilsa ham samaraliroq o'zlashtirishni ta'minlaydi.

Rasmda keltirilgan namunada (Ona tili, 7-sinf) ikkinchi yo'l - induktiv yondashuv tanlangan: o'quvchilar misollar bilan ishlab, o'z tushunchalarini shakllantirganlaridan keyin qoida keltirilgan.
"Hokim yordamchilari hokimning tavsiyasi bilan davlat granti asosida sirtqi ta’lim shakliga suhbat asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin", deyiladi Gazeta.uz xabarida.

Jamoatchilik buni navbatdagi imtiyoz tarzida qabul qilmoqda. Aslida, DTM saytidagi imtiyozlarga bag'ishlangan naq 48(!) betlik ma'lumotnomaga ko'ra, bu imtiyoz allaqachon berilgan. Shunchaki bu imtiyozni qo'llash mexanizmi ishlab chiqilmoqda.

Umuman, turli-tuman (ota-otasining kasbiga ko'ra, qaysidir maktabni bitirganiga ko'ra, bo'lajak kasbiga umuman aloqasi yo'q mukofotni olganiga ko'ra, harbiy xizmatga borganiga ko'ra va hokazo) imtiyozlar shu qadar ko'pki, yaqinda adashib ketib, imtiyozlarni "ikkinchi davra"dan bera boshlashsa ham hayron qolmayman.

Konstitutsiya va testologiya fani talablariga muvofiq kelmaydigan mantiqsiz imtiyozlar tizimi yosh avlodning adolatga ishonchini yo‘qqa chiqarishi haqida oldin yozgandim. Undan keyin imtiyozlar ko'paysa ko'paydi, lekin kamaymadi.
OO'MTV xabariga ko'ra, O'zbekistondagi 8ta davlat OTMi "Top-1000talikdagi Osiyoning eng kuchli universitetlari" qatoriga kiribdi.

Hozirgi axborot zamonida ma'lumotni shunday taqdim qilish mumkinki, u noto'g'ri bo'lmasa ham, qabul qiluvchini chalg'itadi, noto'g'ri taassurot qoldiradi ("misleading information").

Bu yerda chalg'ituvchi axborot nimadan iborat?

"Eng kuchli top-1000talik" degan xabarni o'qishingiz bilan, "universitetlar soni 1000tadan ko'p, O'zbekistonning shu 8ta OTMi yuqori 1000talikka kiribdi" deb o'ylaysiz. Aslida reytingda jami 760ta universitet mavjudligini hisobga olsak, SamDU, TDAU, QDU, TDPU (Nizomiy) egallagan o'rinlardan ularni "kuchli universitet" deya olmasak kerak. TIQXMMI ("Irrigatsiya") va O'zMU ham reytingning o'rtarog'idan o'rin olishgan.

Bu xuddi o'zi jami 5 kishi qatnashgan poygada 4-5 o'rinlarni egallagan sportchilarni "kuchli 5talikka kirdi" deganday gap, nazarimda.

Shunchaki solishtirish uchun: Qozog'istonning ikkita OTMi bu reytingda kuchli 100talikka kirgan.
Kecha oʻqituvchilar mikrouchastkadagi bolalar bo'yicha maʼlumotlarni yigʻib kelishga majburlanayotgani haqida xabar tarqaldi. Shundan soʻng XTV oʻqituvchilarni ularning lavozim majburiyatlariga kirmaydigan har qanday ishga jalb etish taqiqlanganini eslatdi.

Bugun esa PA rahbari o'rinbosari Komil Allamjonov XTV va tegishli mutassaddilarga "o‘qituvchilar zimmasiga yuklatilgan barcha ortiqcha vazifalarni inventarizatsiya qilish hamda ularni taqiqlash yuzasidan administratsiya tomonidan tegishli ko‘rsatma berilganini" xabar qildi. Buning uchun unga minnatdorchilik ham bildirildi. Yashasin, adolat tiklandi!

Hech qaysi sohada majburiy mehnatni oqlamagan holda, masalaning boshqa tarafiga e'tiborni qaratmoqchiman. Allamjonovning xabari yana o'sha savolni eslatdi: PAning vazifasi nima? Hech kim saylamagan, qonunlarda davlatni boshqarish vakolati berilmagan amaldorlar xalq saylagan (nazariy jihatdan) parlamentning tasdig'idan o'tgan vazirlarga "ko'rsatma berish"ga qay darajada vakolatli? Majburiy mehnatga qarshi kurashish uchun qonuniy vakolat berilgan organlar yo'qmi O'zbekistonda? Balkim har bir bo'g'in o'z ishi bilan shug'ullansa tartib bo'lar?

Biz ta'lim tizimini joriy qilmoqchi bo'lgan Finlyandiyada ham, bilishimcha, vazir ustidan bosh vazir o'rinbsari, uning ustidan maslahatchi va uning ham ustidan PA amaldori o'tirmaydi. Yoki "Finlyandiya tajribasi" deganda faqat darslikni tushunamizmi?
Kecha koʻpchilik kamida 205 mln $ ga tushgan mehmonxonaning 87 mln $ ga sotilgani, buning ustiga, oʻsha mehmonxona qurilishiga oid ikkita hukumat qarori qonunchilik bazasidan oʻchirilganiga eʼtibor qaratdi.

Bularning hammasi buzilgan balans oqibati, nazarimda. Davlat hokimiyati uchta boʻgʻinning bir-birini nazorat qilib turishiga asoslanadi. Mana shu nazorat har bir boʻgʻinni davlat va jamiyat uchun zararli qadamlardan tiyib turadi, chunki balans taʼminlangan joyda bunday qadamlar shu qadamni qoʻygan boʻgʻin uchun halokatli boʻlishi mumkin.

Balans boʻlganda avvalambor shuncha mehmonxonasi bor Toshkentda bu mehmonxona pensionerlar puliga qurilmas edi, chunki pulni taqsimlashi kerak boʻlgan parlament bunga izn bermasdi. Balans bor joyda poytaxt byudjeti ijtimoiy sohalardan tejalib, natijasi har safar yomgʻir yoqqanda koʻrinadigan obodonlashtirish uchun sarf qilinmasdi. Balans boʻlganda shahar yerlari "erkakcha gap" uchun berib yuborilmasdi. Balans boʻlganda ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi har qanday savollar jiddiy oʻrganilardi.

Xullas, balans buzilgan joyda har xil ajoyibotlar boʻlaveradi. Mohiyatni toʻgʻrilash kerak, shunda hammasi izga tushadi. IMHO.
"Ba'zan kerakli mavzuga mos, badiiy jihatdan yaxshi asar o'zbek adabiyotidan emas, chet el adabiyotidan chiqib qoladi. Lekin uni bersak, ayrimlar e'tiroz bildirishadi", - darslik uchun matn qidirish jarayonidagi fikrlari bilan o'rtoqlashibdi bolalar yozuvchisi, yangi ona tili darsliklari hammuallifi Sa'dullo Quronov.

Bizda ham dastur va darsliklar bilan ishlashda bunday holatlar ko'p bo'lgan: "o'zbek adabiyotidan yo'qmidi" va hokazo va hokazo.

Badiiy matn mutolaasi jarayonini tadqiq olgan olimlarning (masalan, Luiza Rozenblatt) fikricha, badiiy matnning muhim xususiyatlaridan biri - o‘quvchi boshqa bir hayotni “yashab o‘tishi”, o‘zini o‘rab turgan voqelikdan farq qiladigan voqelikka "sho‘ng‘ish" zavqini his qilishi. Demakki, o'quvchiga notanish turfa madaniyatlar, olamlar haqidagi badiiy yetuk asarlar uning dunyoqarashini kengaytiradi.

Suratda: Ijod maktablarining 11-sinf "Adabiyot" darsligidan "Farengeyt 451" mavzusi. Bu asarni kiritishda ham "bu asar nimaga kerak?" kabi savollar ko'p bo'lgan.