His perspective
1.49K subscribers
256 photos
23 videos
168 links
Digital mindset. Product vision. Strategy in motion.

Raqamli mahsulotlarni yaratish, ularni sun’iy intellekt modellari bilan integratsiya qilish va bozor tamoyillarini tahlil qilish haqida yozaman.

Aloqa uchun: @brnchuz
Download Telegram
2025-yilda Yandex.Eats hamkorlari daromadi $340 mlndan ortiqni tashkil etibdi

Oʻtgan yil yakuniga koʻra, Yandex.Eats Oʻzbekistonda 3000 dan oshiq restoran bilan hamkorlik qilmoqda ekan. Hozirgi vaqtda xizmat Oʻzbekistonning 14 shahrida faoliyat yuritmoqda deb xabar bermoqda Yandex.Eats Oʻzbekiston bosh menejeri Semyon Aksenov.

Shu bilan birga, Toshkent aholisining 80% qismi Yandex.Eatsdan foydalangan. Qolaversa, kompaniya o‘zini o‘zi band qilgan kuryerlar uchun soliq to‘lovlarini avtomatlashtiribdi.

Yandex.Eats 2026-yilda logistika, qoʻllab-quvvatlash modullarida sunʼiy intellekt bilan integratsiyalarga chuqur eʼtibor berar ekan.

Qiziq natijalar, lekin, men uchun baribir Wolt taom yetkazib berish xizmati eng yaxshisi boʻlib qolsa kerak. Wolt haqida esa batafsil sal keyinroq.

Surat: Yandex Eats.

@hisperspective
🔥1952
Telegram rus xavfsizlik xizmatiga aloqadormi?

Pavel Durovning bayonotiga ko‘ra, Telegram Rossiyaga bog‘liq emas. U aytishicha, so‘nggi marta chiqarilgan $1,7 mlrdlik obligatsiyalarda birorta rossiyalik investor qatnashmagan, 2021-yilda chiqarilgan obligatsiyalar esa asosan qaytarib bo‘lingan va muammo tug‘dirmaydi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Telegramning yagona aksiyadori Durovning o‘zi. Obligatsiya egalari esa aksiyador emas, ya’ni kompaniya qarorlariga ta’sir o‘tkaza olmaydi.

Xoʻsh, oʻzi rostdan ham shunaqami? Rosti bu haqida tayinli maʼlumot mavjud emas lekin, ayrim “belgilar” borki Telegram va rus xavfsizlik xizmati birga ishlaydi degan fikrni paydo qiladi.

Masalan, Rossiyada Telegram kanallarni rasmiy reyestrga kiritish bilan bog‘liq alohida mexanizm bor. 10 mingdan ortiq obunachiga ega yirik kanallar Roskomnadzor talabiga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tishi kerak, ro‘yxatdan o‘tganini tasdiqlash uchun esa Telegram ichida maxsus botni ishga tushirib, uni kanal administratorlari ro‘yxatiga qo‘shish so‘raladi

Aynan shu jarayon orqali kanal egasi tasdiqlanadi va kanalga “A+” markirovka beriladi. Sodda aytganda kanal va kanal muallifi toʻliq Roskomnadzor nazoratida boʻladi. Rossiyadan boshqa davlatda esa bunaqa huquq mavjud emas.

Surat: Financial Times.

@hisperspective
1🔥13👍4🌚42
Muvaffaqiyatsizlikka uchragan startaplarni muvaffaqiyat sari yetaklaydigan kompaniya haqida

Italiyada toʻrt doʻst birgalikda bir necha yil davomida startap qurishadi. Ammo, biror loyiha natijaga chiqmaydi. Hafsalasi pir boʻlgan doʻstlar soʻnggi imkoniyat sifatida 10 ming yevroga ishlari umuman yurishmagan bir ilovani sotib olishadi. Aynan shu kichik tavakkal keyinchalik Bending Spoons kompaniyasi paydo boʻlishiga poydevor boʻladi.

Bending Spoons 2013-yilda tashkil etilgan italyan texnologiya konglomerati boʻlib, kompaniya odatda qiziq deb bilgan startaplarni sotib olgan holda ularni qayta ishlab chiqadi hamda bozorga taqdim etadi. Qisqa qilib aytganda, ular gʻoyalarni xarid qilishadi va yangi hayot berishadi.

Kompaniyaning mashhur loyihalaridan biri Remini dasturi hisoblanadi. Remini Bending Spoons sotib olib, qayta ishlab chiqganidan soʻng global fenomenga aylangan yirik loyihadir.

Hozirgi kunda Bending Spoons $11 mlrd atrofida baholanadigan yirik kompaniya hisoblanadi va 100 mlndan ortiq faol oylik foydalanuvchilarga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda startap ekotizimi endi rivojlanmoqda. Sizga noldan startap qurish yoqmasa, shunchaki, Bending Spoonsning oʻzbekcha talqiniga aylaning. Bizning bozorda hali bunaqa oʻyinchini koʻrmadim.

Surat: Today nashri.

@hisperspective
1🔥1485🌚1
Tizimda amalga oshiriladigan yirik migratsiya qanday boʻlishi kerak?

Bolgariya shu yilning 1-yanvaridan boshlab milliy valyutasi levdan yevroga o‘tdi. Bu qarordan so‘ng banklar oldiga levdagi mablag‘larni yevroga rasmiy kurs bo‘yicha konvertatsiya qilish vazifasi qoʻyildi.

Tushunishingiz uchun bunday o‘zgarish faqat kursni almashtirish emas balki, banklar amalda butun ekotizimni yevroga ko‘chiradi.

Bular hisob raqamlar, kartalar, bankomatlar, mobil/online banking, to‘lov infratuzilmasi va ichki hisob-kitob tizimlari. Bu tahminan sekundiga 3 mingta so‘rov degani. Shu jarayonni OTP Group tarkibiga kiruvchi DSK Bank muvaffaqiyatli yakunlagani haqida xabar beribdi.

Jarayonda 350 dan ortiq xodim tun-u kun ishlagan va barcha pullar rasmiy kurs 1 yevro = 1.9 lev bo‘yicha konvertatsiya qilib chiqilgan. Ajoyib jihati bu jarayonni foydalanuvchilar sezmagan, noqulaylik tugʻdirmagan va tizim stabil ishlagan.

Qiziq, bizda ham “1 oy ichida barcha banklar so‘mdan dollarga migratsiya qilsin” degan topshiriq berilsa, nechta bank buni tez va sifatli bajara olar ekan?

Surat: DSK Bank.

@hisperspective
1🔥197👍3
WB Taxi bir oyda qanday natijalarga erishdi? (Foydalanuvchi kuzatuvi)

Yandex Go’ga boykot fonida ish boshlagan WB Taxi hozircha 3 ta taksopark bilan ishlayotgani aytilmoqda. Har bir taksoparkda o‘rtacha 350 tadan haydovchi bor ekan.

Avvalroq, WB taxi oʻz haydovchilariga liniyada onlayn boʻlgani uchun soatiga 100 ming soʻmdan berayotgani va haydovchilar oʻrta hisobda 1 mln 200 ming kuniga daromad qilayotgani haqida aytgandim.

Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, 1050 haydovchining shunchaki liniyada turishining o‘zi kompaniyaga hozirgacha o‘rtacha $1.30 mln – $2.60 mln atrofida tushgan. Albatta, bu summa soliqlar va yoʻlovchilar uchun toʻlanayotgan bonuslarni hisobga olmaganda.

Insayderlarga koʻra, ushbu taksi agregatori kelgusi haftadan barcha haydovchi va yoʻlovchilar uchun ochiq boʻladi. Yaʼni hozirgidek roʻyxatdan oʻtish uchun navbat kutish kerak boʻlmaydi.

Ushbu agregator ham toʻliq ishga tushganidan soʻng qolgan safdoshlaridek boʻlib qolmaydi degan umiddaman, mayli kuzatamiz.

Surat: Wildberries.

@hisperspective
1🔥12👍62
Domen nomiga investitsiya qilish haqida

Sarmoyani koʻpaytirish va saqlashning bir qancha klassik usullari bor. Masalan, oltin quymasi, bitcoin, obligatsiya sotib olish va boshqalar. Men bu ro‘yxatga domen nomlarini sotib olish, saqlash va keyin qayta sotishni ham qo‘shgan bo‘lardim.

O‘zim 2016-yildan beri 40 dan ortiq domen nomlariga egalik qilaman. Shu yillar davomida umumiy hisobda 7 ta domenni sotishga muvaffaq bo‘ldim. Sotilgan domenlarim orasida birinchi.uz ham bor. 

Masalan, aynan shu domenning o‘zi soʻmda 6 xonali nollar kelishuvi asosida yangi egasiga o‘tkazib berilgan. Men bu domenga 2017-yildan beri egalik qilardim va har 12 oyda bir marta, bitta kofe puli evaziga uning amal qilish muddatini uzaytirib kelganman. Natijada esa ushbu domendan yaxshi daromad koʻrdim.

Xullas, Oʻzbekistonda startaplar sonining ortib borayotgani va e-commerce rivojlanayotganini hisobga olgan holda .uz domen zonasida kreativ nomlarni band qilib, siz bilan aloqaga chiqish uchun imkoniyat yaratib qoʻysangiz, domenni xarid qilishga sovchilarning oʻzlari sizni topib kelishadi.

Surat: Illustrativ.

@hisperspective
1🔥225🌚4👍2🦄1
To‘layotgan soliqlaringiz nimaga sarflanayotganini ko‘rish imkoniyati haqida

Iqtisodiyot va moliya vazirligi qiziqarli tashabbusni yo‘lga qo‘yibdi. Endilikda vatandoshlar daromadidan to‘langan soliqlar hisobidan shakllangan davlat budjeti mablag‘lari, qaysi sohaga yo‘naltirilayotganini ochiq ko‘rishi mumkin ekan.

Vazirlik bu imkoniyat aholi hamda tadbirkorlik subyektlari orasida soliq to‘lash madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishini alohida ta’kidlabdi.

Qiziq imkoniyat, men ham sinab ko‘rdim, men birinchi o‘rinda “kelajakka investitsiya” qilayotgan ekanman.

Surat: Ekran tasviri.


@hisperspective
1🔥9😁83🌚3👍2
Startaplar investitsiyani qachon va qanday miqdorda olishi kerak?

So‘nggi 4 oy davomida bozordagi startap asoschilarini chuqur kuzatdim. Shu jarayonda ularning deyarli har qanday vaziyatda ham faqat va faqat sarmoya olishni istashlarini ko‘rib, sog‘lom startap qurishning taxminiy bosqichlarini bir joyga jamlab yozib qo‘yish fikri keldi.

Xullas, har qanday startapning asosi g‘oya. G‘oya bozordagi aniq bir muammoga yechim berishi kerak. Agar yechim bo‘lmasa, g‘oyaning qiymati ham bo‘lmaydi. Shu sabab, g‘oyanining ko‘lamini bozorni audit qilgan holda chuqur o‘rganish lozim.

G‘oya shakllangach, keyingi qadam g‘oya atrofida siz bilan birga harakat qiladigan, sizning zaif nuqtangizni to‘ldira oladigan co-founder topish. Chunki startap qurishda yakka holda nimagadir erishish, ayniqsa tezlik va ko‘lam talab qilinganda, ancha murakkab.

Shundan keyin startap haqida yaqinlar, oila a’zolari va do‘stlarga gapirib ko‘rish kerak. Bu bosqich, bir tomondan, g‘oyani real hayotda sinovdan o‘tkazish hamda yaqinlar orasida sarmoya kiritishga tayyor insonlar bo‘lsa, dastlabki mablag‘ni jalb qilish imkoniyatini beradi.

Ikkinchi tomondan esa katta davralar, venchur fondlar va investorlar oldida o‘zingizni erkin tutish, fikrni aniq va ishonchli yetkazish ko‘nikmasini shakllantirishda juda foydali.

G‘oya va jamoa yuqoridagilardan eson-omon o‘tganidan so‘ng, aniq talab va harakat rejadan kelib chiqib sarmoya olishga dastlabki qadamlarni boshlash mumkin, *imho. Qolgan qadamlar esa ilova qilingan suratda.

Surat: Linkedin.

@hisperspective
👍5🔥542
O‘zbekistonda diplom eksporti qanday ketmoqda?

Xususiy oliy taʼlim muassasalari keskin ko‘paygani ortidan “talabalar importi” dinamikasi qanchalik o‘zgarganini tahlil qilib ko‘rdim.

Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonga taʼlim olish maqsadida 37,2 ming nafar chet el fuqarosi kelgan. Shu bilan birga, qo‘mita 2025 yil avgust oyida eʼlon qilgan xabarida O‘zbekistonda 12 ming xorijlik talaba tahsil olayotgani qayd etilgan.

Qiziq jihati, 2025–2026-o‘quv yili boshlanganidan so‘ng mamlakatga 23 mingga yaqin xorijlik talaba o‘qishga kelgan bo‘lib, bu 2024–2025-o‘quv yiliga nisbatan 60% ko‘p ekan.

Taqqoslash uchun, qo‘shni Qozog‘istonda ham natija deyarli o‘xshash. Hozir qo'shnilarimizda 33 ming xorijiy talaba tahsil olmoqda. Qiziq jihati shundaki, ularning 4144 nafari o‘zbekistonlik. O‘zbekistonda esa qozoq talabalari soni atigi 113 nafar.

Bundan ko‘rish mumkinki qorako‘zlarimiz o‘zimizdagi oliy taʼlimdan qo‘shnimiznikini afzal bilishmoqda, qo‘shnimizda esa teskarisi.

Xullas, diplom eksporti bo‘yicha ko‘rsatkichlarimiz yaxshi o‘smoqda, shu bilan birga diplom import hajmi ham ancha yirik.

Surat: Illustrativ.

@hisperspective
🔥9🎉43
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
“365 kun”, 365 parcha integratsiyasi haqida

Avvalroq, Ipak yoʻli bankining product placement gʻoyasi haqida yozgan edim. Bu gal eʼtiborimni Korzinkaning sub brendi hisoblangan “365 kun” mahsulotlari integratsiyasi tortdi.

Qisqasi, “365 kun” mahsulotlari jurnalist, bloger, Daryo nashri bosh muharriri Muhrim Aʼzamxoʻjayevning instagram blogi bilan integratsiyani yoʻlga qoʻyibdi. Tushunishingiz uchun Muhrim aka oʻz blogida har bir kunga moslab maxsus rils videolar ishlab kelayotgan edi.

2026-yildan boshlab qoʻyilayotgan rilslarda “365 kun” brendining har xil mahsuloti, pechenye, nam salfetka, quruq salfetka stol ustida shunchaki turgan holda chiqa boshlabdi. Bir qarashda brend nomi va kontent formati oʻrtasida bogʻliqlikni anglash qiyin, ammo, juda maromiga yetkazilgan va oʻylangan product placement bu.

Toʻgʻrisi boshida men eʼtibor bermagan edim, izohlarda foydalanuvchilar “365 kun sizga pul bersa bo‘larkan”, deb yozganini oʻqib sahifani tahlil qildim va integratsiya boshlanganini tushundim.

Ajoyib, reklama bozorimizda product placementni totalizatorlardan boshqalar ham ishlatishi ochigʻi quvonarli hodisa.

Video: Instagram.

@hisperspective
🔥185👍3😁1🌚1
Wolt ovqat yetkazib berish xizmati haqida

2024-yilda Finlyandiya ovqat yetkazib berish xizmati Wolt, O‘zbekistonda ishga tushdi. Ushbu 2014-yilda tashkil etilgan fin yetkazib berish xizmati, hozirda 29 ta mamlakatda faoliyat yuritadi. Wolt ovqat, gul, supermarketlardan mahsulot yetkazib berish xizmatini koʻrsatadi.

Wolt’ning O‘zbekistondagi faoliyatini esa “Wolt Texnologiyalari” MChJ muvofiqlashtiradi. iHamkor ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya o‘tgan yili qariyb 3 mlrd so‘m daromad ko‘rgan bo‘lsa-da, yilni 30 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan.

Ushbu xizmatdan ishga tushgan kunidan buyon foydalanaman. Raqobatchilariga qaraganda ancha yuqori xizmat koʻrsatadi. Masalan, qoʻllab-quvvatlash xizmati doim yordam berishga tayyor, kupon bilan aldab qoʻymaydi. Kuryerlari esa xushmuomala, ishidan mamnun, asabiy kayfiyatda emas.

Bir soʻz bilan, Wolt menga marhum Express 24ʼni eslatib yuboradi. Ishqilib taqdiri oʻxshash boʻlmasin.

Surat: Wolt.

@hisperspective
🔥236👍3🎉2❤‍🔥1
His perspective
Aytilishicha, shartnoma Siri ovozli yordamchisini modernizatsiya qilish, unga kontekstni chuqurroq tushunish va murakkab savollarni qayta ishlash imkoniyatini berish uchun tuzilmoqda.
Applening Google bilan hamkorlikda Siri ovozli yordamchisini rivojlantirishi haqida oʻtgan yil noyabr oyida aytilgan edi

Nihoyat kelishuvga erishilibdi va bu Apple sunʼiy intellekt poygasida ortda qolganini kompensatsiya qilish uchun menimcha yaxshi yechim.

Tushunish kerakki, Gemini Sirini almashtirmaydi balki, uni oʻqitadi xolos. Bu ishni masalan hozirgi vaqtda ChatGPT ham bajarmoqda.

Surat: PC Mag.

@hisperspective
🔥125
O‘zbekistondagi halol investitsiya formatlari haqida

Sarmoyani saqlash va ko‘paytirishning turli yo‘llari bor, bank omonatlari, oltin quymalari, domen nomlari yoki qayta sotish imkoniga ega bo‘lgan boshqa aktivlar. Shu bilan birga, shariat tamoyillariga mos ya’ni “halol investitsiya” deb ataladigan formatlar ham shakllanib boryapti. Hozir shular haqida qisqacha.

Ayni paytda O‘zbekistonda halol investitsiya platformalari orasida IMAN ko‘p tilga olinadi. Platforma odatda mudoraba formatini taklif qiladi yaʼni investorlarning mablag‘lari jalb qilinadi, ular asosan muddatli to‘lov savdosi yo‘nalishiga yo‘naltiriladi hamda olingan foyda investorlar o‘rtasida kelishilgan shartlar asosida taqsimlanadi. IMAN’da investorlar uchun odatda yillik 19–24% atrofida kutilayotgan daromad kafolatlanadi.

Yangi va yaxshi foyda taklif etayotgan loyiha Asaxiy Invest ham bor. Asaxiy ham xuddi IMAN kabi islomiy sarmoyaning mudoraba shaklini taklif etadi. Asaxiy Investga oʻz moliyasini ishongan odam yiliga 33% gacha daromad koʻrishi aytilgan lekin, platformada 10 mln sarmoya va 12 oylik 500 mingdan toʻldirishni tanlaganda maksimal yillik daromad 20% ni tashkil etmoqda.

Bu ikki platforma qatorida Xonsaroy Money loyihasi ham bor unda ham xuddi qolganlar kabi mudoraba taklif etilmoqda. Xonsaroy Money yillik 30% gacha daromadni kafolatlashini bildirgan.

Taʼkidlash joizki, yuqorida keltirilgan maʼlumotlar subyektiv izlanish mahsuli. Sarmoya kiritishdan avval, platforma bilan batafsil tanishib chiqish tavsiya etiladi.

Surat: Illustrativ.

@hisperspective
1👍9🔥73
Kinofilmlarni qaroqchi saytlardan koʻrish qanchalik toʻgʻri?

Rosti hech qanaqasiga to‘g‘ri emas. Afsuski, bizda qaroqchilik “madaniyati” shu darajada keng yoyilganki, ko‘pchilik mualliflik kontentiga nisbatan juda sayoz munosabatda bo‘lib qolgan. Go‘yo film yoki biror media kontentni yaratgan studiya, ijodkorlar jamoasi bu ishni qilishga majbur. Xuddiki ularning mehnati “bepul” bo‘lishi kerakdek.

Aslida esa har bir kinofilm yokida media kontent ortida yillab ketadigan mehnat, katta byudjet, yuzlab odamlarning vaqti hamda mas’uliyati turadi. Qaroqchi saytlar esa shu qiymat zanjirini buzadi. Ijodkorning daromadini kesadi, sifatli kontent ishlab chiqarishga rag‘batni pasaytiradi va bozorda adolatsiz muhit yaratadi.

Yandex O‘zbekiston Allplay’ni sotib olganidan keyin platformadagi qaroqchilik yo‘li bilan joylangan kontentlar olib tashlandi. Bu kontentga bo‘lgan munosabatni standartga keltirish, mualliflik huquqlarini hurmat qilish va foydalanuvchilarda to‘g‘ri iste’mol madaniyatini shakllantirishga qaratilgan aniq qadam edi.

Kompaniyalar foydalanuvchini qonuniy kontentga o‘rgatishga urinayotgan bir paytda, boshqa tomonda texnologiyani yaxshi tushunadigan, tajribali odamlar “falon qaroqchi sayt zo‘r” deb tavsiya berib yurishini tushunish qiyin.

Xullas, mualliflar mehnatini qadrlash lozim. Agar biror kontent sizga kerak boʻlsa pul toʻlashdan qochmaslik shart.

Surat: Ekran tasviri.

@hisperspective
🔥216👍4🦄1
Startapingiz uchun 2.5 mln yevrogacha grant oling

Avvalroq, Saudiya Arabistoni startaplar uchun ajratadigan grant dasturi haqida maʼlumot bergan edim. Bugun Yevropa ittifoqi ajratadigan grant loyihasi “EIC Accelerator” haqida bilib olamiz.

Xullas, “EIC Accelerator” bu Yevropa ittifoqiga aʼzo davlatlar va butun dunyoda amal qiladigan innovatsion gʻoyalar uchun 2.5 mln yevrogacha grant, 10 mln yevrogacha investitsiya ajratadigan loyiha hisoblanadi.

Loyihaga asosan EU yoki Horizon Europe’ga assotsiatsiyalangan davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan startaplar topshirishi mumkin. Agar startapingiz boshqa davlatda bo‘lsa ham yo‘li bor, eligible davlatda kompaniya ochish hamda startap bosh ofisini relokatsiya qilib topshirish.

“EIC Accelerator” odatda katta muammoni yechadigan, bozorda “game-changer” bo‘lishi mumkin bo‘lgan loyihalarni qidiradi. Startapingizni global o‘yinchi sifatida ko‘rayotgan bo‘lsangiz, bu dastur aynan siz uchun.

Postni co-founder doʻstingizga yuboring. Grant dasturiga topshiring, unicorn asoschi boʻling!

Surat: Illustrativ.

@hisperspective
🔥95
Yuqori darajadagi servis istalgan reklamadan kuchli

Hozirgina ishdan qaytdim. Yo‘l bo‘yi kechki ovqatga nima yeyishni o‘ylab, pitsa buyurtma qildim. Ammo shoshqaloqlik bilan uy manzilini emas, ishxona manzilini kiritib yuborgan ekanman.

Bellissimo Pizza kuryeri 14 daqiqada men ko‘rsatgan manzilga yetib bordi va telefon qildi. Manzilni aytganda xatoni darhol tushundim. Vaziyatni tushuntirdim. Kuryer xushmuomalalik bilan filialga qaytishini, buyurtmani bekor qildirishini aytdi.

Kuryer filialga qaytdi, buyurtma bekor qilindi, to‘lagan pulim ham qaytarildi. Bu yerda xato menda bo‘lsa-da, biznes mahsulot yetkazib berilmagani uchun pulni ushlab qolmadi. Muammoni hal qilish jarayonida filial menejeri, kuryer va kol-markaz xodimi bir butun jamoa kabi aniq, tezkor ishladi.

Natijada Bellissimo Pizza +1 loyal mijozga ega bo‘ldi.


Surat: Spot.

@hisperspective
🔥41👍11❤‍🔥53
Startap qurishda bozorni oʻrganish juda muhimligi haqida

Taqdimot koʻrsatuvining 6-sonida Dringo loyihasi, qahvaxonalardan ichimlikni buyurtma berib qoʻyish modelini olib chiqdi. Startap yechim berishiga muammo bormi? Ha, bor. Lekin, boshqa oʻyinchilar yechim bermaganmi? Bozor oʻzi qanchalik tayyor? Shudir masala.

Bu biznes modelga qahvaxonalar amalda o‘tishni boshlab bo‘lgan. Masalan, B&B qahvaxonasida so‘nggi 2 yildan buyon ichimlikni mobil ilova orqali oldindan buyurtma qilish imkoniyati mavjud. Yaʼni siz kelishdan oldin buyurtma berib, tayyor holatda olib ketasiz. Eng yirik qahva tarmoqlaridan biri Bon! esa ushbu modelni o‘tgan yildan beri test tariqasida yo‘lga qo‘ygan. Hozircha 5 ta filialda oldindan buyurtma qilish funksiyasi ishlamoqda.

Bozordagi katta oʻyinchilar o‘zlari yechimni berib turgan paytda, aynan shu modelni alohida startap sifatida “qayta ixtiro” qilish ko‘pincha resurs va vaqtning samarasiz sarfiga aylanadi. Bu taqlid ishlash esa natija bermaydi. Bozorga yangilik berilmasa bozor shunchaki yutib, yeb yuboradi. Aqlli investor esa bu modelga pul tikmaydi.

Xullas, g‘oya kelishi bilan darrov realizatsiya qilib, investor oldiga “pul bering” deb yugurish emas, avval market validation natijalarini aniq olib, shundan keyin modelni takomillashtirish haqiqiy muvaffaqiyat kalitidir, *imho.

Surat: Illustrativ.

@hisperspective
🔥204😁4🦄1
KPI va OKR ning farqi haqida

Faoliyatim davomida ko‘p turdagi bizneslarga jamoani motivatsiyada ushlash, ko‘zlangan rejalarni amalga oshirish uchun kerakli instrumentlarni ishlatish bo‘yicha ko‘mak berganman yoki berib kelmoqdaman.

Shu davrda esa o‘zbek biznes egalari KPI va OKR ni adashtirishi, ayrimlari esa ikalasini bir xil narsa deb o‘ylashiga guvoh bo‘ldim. Kuzatuvlar sabab ikki metrikaning farqini yozib qo‘yish fikri keldi.

KPI bu jamoaning kundalik ishlash sifatini ko‘rsatadigan parametr hisoblanadi. Sodda aytganda “biz hozir ishlayapmizmi?” degan savolga javob beruvchi natijalar ketma-ketligi KPI deb ataladi.

OKR esa maʼlum davrda nimadir katta maqsadga olib boradigan tizimli ko‘rsatkich hisoblanadi. Buni ham sodda aytsak “biz o‘zi nimani o‘zgartirmoqchimiz?” degan savolga javob berib turadi.

Yanada soddalashtirsak KPI mashinadagi spidometr va yoqilg‘i ko‘rsatkichi. OKR esa manzilga eltadigan navigator.

Jamoa natijaga erishishi, doim yuqori produktivlikda ishlashi uchun KPI va OKR to‘g‘ri tanlanishi, muntazam kuzatilishi hamda sifatli tahlil qilinishi shart. Aks holda, bu ko‘rsatkichlar boshqaruv vositasi bo‘lish o‘rniga bosim instrumentiga aylanadi hamda jamoani o‘ldiradi.

Surat: Ekran tasviri.

@hisperspective
🔥125
Yo‘lakda joylashtirilgan eng yaxshi reklama kreativi haqida

Avvalroq, Everest o‘quv markazi va inDrive’ning qiziqarli reklama kreativlari haqida yozgan edim. Bugun esa Fasten taksi agregatorining Central Park’dagi yechimiga e’tibor qaratamiz.

Istirohat bog‘larida gazli ichimlik brendlari (Pepsi, Coca-Cola) ko‘pincha agressiv formatlarda o‘zlarini targ‘ib qiladi. Shunday shovqinli reklama muhitida ajralib turish ko‘pchilik uchun oson emas. Fasten esa buni juda mantiqli va eng muhimi, joylashuvning o‘zidan kelib chiqqan holda yaxshi uddalabdi.

Xullas, Central Park’da asosiy bog‘ hududiga yuqoridan pastga tushib boriladi. Aynan yo‘lning eng pastki nuqtasida esa rasmdagi reklama sizni kutib oladi. Tushunishingiz uchun bu reklama oddiy emas, u yo‘nalish va harakat mantig‘iga ulanib ketgan hamda brendni to‘liq yetkaza oladigan aniq nuqtaga aylangan. Ya‘ni Fasten o‘zini eng past taksi narxlari bor agregator deb ataydi va bog‘ning eng pastki qismida reklamasi turibdi.

Soddaroq aytganda, bog‘ga kelgan mehmon uni aylanish uchun pastga tushadi, tushish jarayonida esa e’tibor tabiiy ravishda yo‘lakka jamlanadi. Aynan shu lahzada reklama kutilmaganda ko‘rinadi. Bu esa insonda xotira yaratadi. Xotira esa brend uchun kamida bitta sotuv degani.

Ajoyib yechim, bundan ham qiziq formatlarni kutib qolamiz.

Surat: Shaxsiy arxiv.

@hisperspective
🔥1642👍1
Startap asoschisining ijtimoiy tarmoqlardagi portreti qanaqa boʻlishi kerak?

Rostini aytsam, bu borada hammaga birday obyektiv qolip yo‘q. Ammo kuzatuvlarim va auditoriya reaksiyasidan kelib chiqib, subyektiv fikrlarimni bo‘lishmoqchiman.

Xullas, toʻgʻrisi startap asoschisi va blogerning farqi boʻlishi kerak. Yaʼni startap asoschisi bu boʻlgʻusi katta biznes egasi. Qaysidir maʼnoda rahbar demakdir. Shunday ekan oʻzini asoschi deb bilgan odam “startap quryapman, bugun 50-kun” kabi kundalik progressni muntazam ijtimoiy tarmoqlarda post qilib borishi investor va jamoa nigohida ko‘pincha katta red flag bo‘lishi kerak.

Chunki, birinchidan bu asoschida startapini qurishdan tashqari alohida tarmoq uchun kontent qilish degan miyada task boʻladi. Bu esa asoschining fokusi chalgʻishi hamda bor kuchi bilan oʻz loyihasini rivojlantirishga eʼtibor qilmasligini anglatadi.

Ikkinchidan, ichki oshxonadagi ko‘p narsalarni kontent tempida auditoriyaga ortiqcha ochiqlab yuborish riski oshadi. Eng nozik nuqta ham aslida shu. Ichki jarayonlar, muammolar, kelishuvlar va jamoa dinamikasi ommaga tez-tez chiqaversa, bu na biznes imijiga, na ichki jamoaga foyda beradi.

Qisqasi, startap asoschining ijtimoiy tarmog‘i bu shaxsiy kundalik emas, biznesmen va biznes nuqtayi nazarini ifoda etadigan ishonch kapitali boʻlishi lozim. Bunga esa “startap quryapman, bugun 50-kun” deb video qilib erishib boʻlmaydi. Biznes va biznes egasiga ishonch media strategiya hamda aniq reja orqali shakllantiriladi, *imho.

Surat: Illustrativ.

@hisperspective
🔥16😁42
Oʻzbekistondagi “eng yaxshi” investitsiya modeli temir yoʻl chiptasi ekanligi haqida

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi 2026-yil 1-fevraldan boshlab poyezd chiptalari narxi yana oshirilishini ma’lum qilibdi. Xususan, “Afrosiyob” biletlari 20−25 foizga, qolgan biletlar esa 30 foizga qimmatlar ekan.

Bu taqlid narx oshishi oxirgi ikki yilda tahminan 4-marotaba kuzatilmoqda. Shu ketishda temir yoʻl chiptasi narxi samolyot chiptasi narxidan ham oʻtib ketadi yoki oʻtib ketdi.

Hozirgi holatda, 2 yil ichida “Afrosiyob” poyezdining bilet narxi ekonom klassda 99%, biznes klassda 124%, Vip klassda esa 142% ga qimmatlagan. Qolgan poyezdlar haqida gapirmasa ham boʻladi.

Xoʻsh, qaysi sarmoya modeli soʻnggi ikki yilda bunchalik koʻp qimmatlay oldi? Hech qaysisi. Shunaqa ekan, temir yoʻllar saytidan chiptalarni bronlab qoʻyadigan kichik tizim yozib ikkinchi qoʻl qilib sotish chora-tadbirlarini koʻrib chiqish mumkin.

Surat: Temir yoʻllar.

@hisperspective
🔥23😁113