Ilyos Safarov
7.29K subscribers
482 photos
132 videos
2 files
501 links
Jurnalist Ilyos Safarovning rasmiy telegram sahifasi. Murojaat uchun – @Ilyos_SafarovChatBot

🇺🇿🇹🇷🇰🇿🇫🇷🇩🇪🇦🇹🇨🇭🇰🇬
Download Telegram
Poytaxt sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo'jayev mediaga doim ochiq ekani haqida gapirdi. Agar shu prinsipi saytimizga nisbatan ham ishlasa, bajonidil bir intervyuni olgan bo'lardim. Kanalimda Ortiqxo'jayevga yaqin insonlar bor, balki taklifimni yetkazarsizlar.

@haqiqatdaIlyos
Oxirgi yillarda Putin rejimi va uning xizmatkorlari tomonidan qilinayotgan harakat, bildirilayotgan biror-bir fikr bizni hayratlantirmay qo'ydi. Ular o'zini yakkalash, do'stlardan dushman yasash siyosati bilan faol cho'kib bormoqda. Sherzodxon Qudratxo'jaga qo'yilgan taqiq ham kutilgan, bo'lishi oson ishlardan biri edi. Ammo meni boshqa bir vaziyat hayratlantirmoqda. Hukumat Rossiya tomonining O'zbekiston, uning tarixi va hududiy dahlsizligiga nisbatan qilayotgan hurmatsizliklarini yetarli javobsiz qoldirayotgani kamdek, nega unga qarshi fikr bildirayotgan faollarni jazolash yo'lidan bormoqda?

Siz Sherzodxon Qudratxo'janing bir necha kun avval Markaziy Saylov komissiyasi a'zoligidan chiqarilishini tasodif deysizmi, men esa yo'q. O'z faollari, ziyolilarini himoya qilolmagan hukumat uchun uyat.

Kelinglar, Sherzod Qudratxo'jani xalq bo'lib olqishlaylik, qo'llab-quvvatlaylik.

Rossiya taqiqi – bu sharaf.

@haqiqatdaIlyos
Tuzatish: Markaziy Saylov komissiyasi matbuot xizmati xabariga ko'ra, Sherzodxon Qudratxo'ja sal avvalroq, 2023-yil 18-dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni bo'yicha o'tkazilgan optimallashtirishda komissiya tarkibidan chiqarilgan.

Takidlanishicha, Sherzodxon Qudratxo'ja bunga qadar komissiya tarkibida faqat jamoatchilik asosida ishlab kelgan. Komissiyaning yangilangan tarkibdagi barcha a'zolari bugun rasman ishlashmoqda.

Ma'lumotni yuqoridagi postning shu qismiga tuzatish deya qabul qilasiz, qolgan fikrlar o'zgarmaydi.
Bizni qanday aldashdi?..

2023-yilning 3-noyabr kuni Xorazmdagi yetimxona qizlariga nisbatan jinsiy zo‘rаvonlik sodir qilgan A. Masharipov va A. Kuryazovning 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida birifingda Bosh prokuror o‘rinbosari S. Artikova va Oliy sud raisi o‘rinbosari I. Muslimov ma'lum qilgandi.

Go‘yo, shu bilan jamoatchilikning noroziligiga barham berilgan va qonun ustivorligi ta'minlangandi. O‘shanda huquq tizimimizning kattalari bir "kichkinagina" epizodni yashirib ketishgan ekan.

Ya'ni pedofillar jazoni o‘tash uchun qamoqqa emas, manzil-koloniyaga yuborilgan ekan. Boz ustiga ularning dastlabki suddan beri uylarida o‘tkazgan vaqtlari jazo muddatidan chegirib tashlangan ekan.

Qozilarimiz shu qadar ayyor ekanki, jamoatchilikni "pedofillar uzil-kesil 3 yil qamoqda o‘tiradi" degan gapga ishontirishgan ekan. Aslida esa ular bor-yo‘g‘i 2 yildan ko‘proq manzil-koloniyada o‘tirishadi, u yerdagi barcha shart-sharoitlardan foydalanishadi.

Biz bekorga shuncha baqir-chaqir qilibmiz. Pedofillar, pedofiliya jinoyatlari haqida gapirgan vaqtimizni ilm olishga sarflaganimizda, "sulton suyagini xo‘rlamas", "qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimas" degan naqllarning mag‘zini chaqqan bo‘lardik.

Hukm qo‘limda, ammo undagi tafsilotlarni e'lon qila olmayman, chunki sud yopiq bo‘lgan. Agar ma'lumotlarni oshkor qilsam, qonun menga qarshi ishlaydi, chunki men Adliyada ishlamayman...

Abdurahmon Tashanov, "Ezgulik" jamiyati raisi

👉 @haqiqatdaIlyos
Intervyu: Davomat masalasiga qo'shilgan milliy gvardiya, erksiz vazirlik va Sherzodxon Qudratxo'ja atrofidagi voqealar


Maktabdagi davomat muammosini hal qilishga Milliy gvardiya ham qo‘shildi. Odamlar hali bu xabarni tahlil qilib ulgurmay, internetda xodimlar o‘quvchi va o‘qituvchilarga mas’uliyat haqida gapirayotgani aks etgan videolar tarqalib, jamoatchilikning qo'shimcha savol va muhokamalari yanada kengaydi.

Jamoatchilik orasida davom etayotgan shu kabi muhokamalar, e'tiroz, qo'llov va bildirilayotgan xavotirlar, erki o'zida bo'lmagan ta'lim vazirligi mavzularida ta'lim ekspertlari – Bahodir G'aniyev Feruza Vahobova va Komil Jalilov bilan intervyu o'tkazdi.

Intervyu davomida shuningdek, yakunlanayotgan haftada keng muhokamada bo'lgan yana bir mavzu Jurnalistika universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo'janing til borasidagi chiqishi va unga Rossiya tomonining javobi masalasi ham tahlil qilindi.

📹👉TO'LIQ VIDEO

@haqiqatdaIlyos
Ukraina urushiga ikki yil: dunyo qanday o‘zgarishlar sari bormoqda?

Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan bosqinchilik urushiga 2 yil to‘ldi. Bundan roppa-rosa ikki yil avval – 2022-yil 24-fevral tongida Rossiya Ukrainaga to‘liq miqyosli bosqinni boshladi va bu II jahon urushidan beri bir davlatning boshqa davlatga qarshi eng yirik hujumi bo‘ldi.

Oxirgi 24 oy ichida ayni urush sabab minglab askarlar va tinch aholi halok bo‘ldi, dunyodagi geosiyosiy tartib, vaziyat keskin o‘zgardi.

Shuningdek, millionlab insonlarni boshpanasiz qoldirdi, ko‘plab shaharlar vayron bo‘ldi, emigrasiya oshdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, 10 milliondan ortiq odam Ukrainani tark etgan. Urush esa davom etmoqda.

Boshlanganiga 2 yil to‘lgan urush, o‘tgan vaqt davomida uning dunyodagi siyosiy tartiblar, konyukturaga ta'siri va kelgusidagi kutilmalar haqida suhbat tashkil qildik.

Suhbat mehmonlari siyosatshunos Jahongir Akromov va iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul bo‘ldi.

📹👉https://youtu.be/RIX_le4ddJ4

@haqiqatdaIlyos
Hilola Umarovaning maktabgacha va maktab ta'limi vaziri lavozimiga tayinlanganiga bir yarim yilga yaqin vaqt o'tdi. 2022-yil 30-dekabr kuni u ayni lavozimga tayinlangan edi. Ammo nega vazir shu vaqtga qadar jurnalistlar uchun biror marotaba matbuot anjumani o'tkazmadi?

Jamiyatda ta'lim tizimiga nisbatan e'tirozlar oshib boryapti. Maktablardagi dars sifati, maktablar yetishmovchiligi, darsliklardagi jiddiy xatoliklar, istalgan tuzilmaning ta'lim, maktab ishiga aralashib ketaverishi, o'quvchilarning oddiy insoniy huquqlarini tez-tez buzilayotgani, vazirlik zimmasida bo'lishi kerak bo'lgan vazifalarning boshqa tuzilmalarga o'tkazib yuborilayotgani kabi masalalarda matbuot vakillarida jiddiy savollar bor.

Shuningdek, millionlab ota-onalarni ta'lim tizimi, uni bugungi inqirozdan chiqarish borasida hukumat qanchalik aniq rejaga ega ekani, biz qaysi yo'ldan ketyapmiz, yo'limiz yo'l degulikmi o'zi, degan savollar qiziqtiradi.

Fikrimcha, har qanday yo'nalish rahbari va jumladan, maorif vaziri uchun ham bir yil oldindagi ishlar rejasini qilib olish va bu haqda xalqqa ma'lumot berishga yetarli muddat, hatto juda ko'p ham.

Hilola O'ktamovna, matbuot va ota-onalar sizni jiddiy hamda javobi berilishi kerak bo'lgan savollar bilan kutmoqda.

@haqiqatdaIlyos
O'quvchilarning o'qituvchisini hurmat qilmasligi bir muammo, o'qituvchining bola huquqlarini poymol qilish orqali uni majburlab sochini olishi, kuch ishlatishi - bu ikkinchi muammo.

Bir muammoni ikkinchi – o'qituvchiga o'quvchini urish huquqini qaytarish kerak, deya yechishga intilish esa noto'g'ri fikr. O'qituvchining sinfxonada hurmati yo'qligining turli sabablari bor (har bir holat unikal bo'lishi ham mumkin) va bu sabablar maktab rahbariyati tomonidan tahlil qilinishi kerak.

Shuningdek, tartibga keltirish umuman imkonsiz bo'lgan bolalarni qonuniy jazolash (sinfdan qoldirish, tarbiya maskanlariga jo'natish kabi)ni ko'zda tutuvchi ma'lum tartiblar ham ishlab chiqilishi kerak. Ha, balki bunday tartiblar bordir-u, men bilmasman. Ammo bugun shu tartiblar ishlamayaptiyam-ku, bolalar qo'rqmayapti-ku, qonunbuzarlik qilish orqali shunday jazolardan biriga tortilishi mumkinligidan. Bizga ishlaydigan qonuniy mexanizmlar kerak.

@haqiqatdaIlyos
Forwarded from "YUKSALISH" HARAKATI
“Yuksalish” harakati Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ko‘magida O‘zbekistonning jamoatchilik fikri yetakchilari Top-40 reytingini tuzdi.

Reytingga mamlakat axborot makonida fikrlar xilma-xilligini ta’minlashga, milliy kontent yaratishga hissasini qo‘shib kelayotgan jurnalistlar, blogerlar, huquqshunoslar, iqtisodchilar-u siyosatchilar va boshqa jamoatchilik faollari kiritildi.

Reytingga kiritilganlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari obunachilari soni 20 mlndan ziyod (unikal foydalanuvchilar 7-7,5 mln), e’lon qilgan materiallarining oylik qamrovi 45 milliondan oshadi.

👉 Batafsil: https://yumh.uz/uz/news_detail/654

YUKSALISH HARAKATI
Saytimizda murojaatlar uchun bot ochib, uni tarmoqlarda e'lon qilishni boshlarkanmiz, talabalar tomonidan yuborilayotgan arz-shikoyatlar soni ham ko'payib boryapti.

Kecha yuborilgan shunday murojaatlardan birida Samarqand davlat universitetida ildiz otgan korrupsiya holatlari haqida hikoya qilinadi.

"Universitetda vaziyat shunchalikka borganki, hatto farroshlar ishidan ortib fanlarni yopib berish, imtihondan yiqilgan talabalarni undan o'tkazib berish orqali pul ishlayapti, dekanatlarni aytmay qo'yaveraylik", – deydi murojaat egalari bo'lgan talabalar.

Qo'ng'irotboy Avezimbetovich, oliy ta'lim tizimida katta niyatlar bilan ish boshladingiz, SamDUdagi holatlarni hozirdan sizga bog'lash va shu orqali faoliyatingizni tanqid qilish fikridan yiroqman. Ammo ma'lum vaqt o'tadiki, universitetdagi holatlar tuzatilmasa, bu, albatta, vazirlik faoliyatingizga ham bog'lanadi. Vazir bo'lib nimani qoyillatdi, oliy ta'limda korrupsiyani urchitgani qoldi, biror nima qilolmadi-ku, deyishadi. Shuning uchun iltimos, universitetdagi va umuman, ta'lim muassasalaridagi vaziyat bo'yicha nazoratni kuchaytiring.

Rektorga murojaat qilishning foydasi yo'q, bilamiz u kishining qanchalik "nozik" insonligini.

@haqiqatdaIlyos
Har gal yangi surishtiruv e'lon qilinarkan, bizniyam qaysidir matryoshkaga sotib yuborishgan-u, bir kuni shu shartnoma haqidagi dastur chiqib kelmasmikin, deya xavotirlanib qo'yaman.
Hukumat va blogerlar o'rtasidagi bir necha yillik "asabiy munosabatlar davri" tugadi deb yurgandim. Yo'q, adashgan ekanman. Ikki kundan beri "blogerlar ovi" endi yangi to'lqinda Qashqadaryoda davom etmoqda.

"Ozodlik" nashri xabariga ko'ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar sudining 28-fevraldagi yopiq majlisida berilgan sanksiya bilan 3 nafar bloger — Nargiza Keldiyorova, Dildora Hakimova va Shukurulla Parpiyev Qashqadaryo viloyat IIB tomonidan qamoqqa olinibdi.

Blogerlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ayblanuvchilarning qarindoshlariga ko‘ra, blogerlarga nisbatan Qashqadaryo viloyati huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan bir necha yildan beri tuzoq qo‘yilgan va soxta jabrlanuvchilar yasalgandi.
Blogerlar ishida jabranuvchi sifatida o‘tayotgan shaxslarning aksariyati ularning xizmatidan foydalangan, ularning himoyasida bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, ikki kun avval ham Qashqadaryoda ikki blogerning sud sanksiyasi bilan qamoqqa olingani xabar qilingandi.

P.S: Kecha qamoqqa olingan blogerlardan Nargiza Keldiyorova faoliyati bilan biroz tanish edim. Nargiza opa "Ezgulik" inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryodagi faoli sifatida viloyatdagi ko'plab qonunbuzarliklarning OAVga chiqishida faollik ko'rsatib kelayotgandi. Jumladan, bir muddat avval Qashqadaryo viloyatidagi erta nikoh holatlari aynan Nargiza opaning sa'y-harakatlari bilan jamoatchilik e'tiboriga olib chiqildi. Respublika darajasidagi ko'plab mas'ullar, jumladan, Bolalar ombudsmani ham Nargiza opa e'lon qilgan xabarlardan keyin viloyatga e'tibor qaratdi va muammolar chuqur ekanini tan oldi. Shuningdek, viloyat hokimligi bu masalada vaziyat og'ir bo'lgan qator tumanlarda shoshilich choralar ko'rishga majbur bo'ldi.

"Ilyos aka, erta nikoh bo'yicha vaziyat yaxshilikka qarab yuryapti. Shu kunlarda viloyatimizdan mas'ullarning qadami tingani yo'q. Joylarda yoshlar bilan uchrashuvlar, yig'ilishlar davom etyapti. Ammo mahalliy rahbarlarimizning ko'pchiligi menga tish qayrab qoldi-da. Bu haqda menga ochiqdan ochiq aytishyapti ham", degandi o'shanda Nargiza opa.

@haqiqatdaIlyos
Yonimdagi yigitni tanidinglarmi?! Bu o'sha – butun tarmoq faollari u va ota-onasi uchun qayg'urgan, "nashid muammosi" bilan sudi davom etarkan, qattiq turib himoya qilgan Jahongir Ulug'murodov.

Hozirgina shu ukamizdan kitob va lavh sotib oldim.

Hali Kun.uz'da ekanman, Jahongir va u tushgan og'ir vaziyat haqida bir necha intervyular qilgandim, ammo o'zi bilan ko'rishish bugunga nasib qilgan ekan. Bir ko'rishdayoq tanidim.

Jahongir bilan gaplashib, uning tarbiyasi, odobini ko'rib bildimki, tarmoq faollari bu yigit uchun jon kuydirib adashmagan. Jahongir – juda yaxshi yigit.  Kamgap, kamtarin. Kelajagi ham porloq bo'lsin.

Jahongirga ota-onasini ehtiyot qilishini va to'y qilsa, to'yiga albatta aytishini iltimos qildim. Yaxshi kunlarini yoritish ham nasib qilsin.
Toshkent bugun takror dunyoning havosi eng ifloslangan shaharlari ro‘yxatida 2-o‘ringa chiqdi.
Poytaxt aholisi bugungi tongni yana ko‘mir hidini eslatuvchi achchiq va qalin tutun hidini hidlagan holda kutib oldi. Afsuski, hukumat bu jiddiy muammoni ko'rib-ko'rmaganga, sezib-sezmaganga olishda davom etmoqda. Har holda mas'ullarning havo sifatini yaxshilash borasida biror aniq choralarga borayotganini sezganimiz yo'q.

Qator tahririyatlarga ob-havo sifatsizligi masalasini ko'p yodga olavermaslik tavsiya qilinganini hisobga olsak, hukumat ekologiya muammolariga qarshi ham klassik – taqiq, u haqda gapirtirmaslik yo'li bilan kurashadigandek taasurot uyg'onmoqda.

@haqiqatdaIlyos
1 yoshli qizimni 3 kun avval ko'p qusayotgani uchun 2-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasiga olib kelgandik. Ammo oradan 3 kun o'tyapti hamki qizim uchun uni davolovchi aniq shifokor ajratilmadi. Topshirilgan tahlil natijalaridan darak yo'q. Navbatchi shifokorlar biz biror ukol qo'yolmaymiz, doktori aniq bo'lguncha sabr qiling, deya ovutish berishdan nariga o'tolmadi.

Shifoxonada ham vaziyat juda abgor. Hamshiralarning yarmi kelgan bemorlar yaqinlaridan shifoxona ta'miri uchun "rahmat sizga papasha", "rahmat sizga oyisi" deya "Open byudjet"ga ovoz yig'ayotgan bo'lsa, yarmi shifoxona atrofidagi devor, daraxtlarni oqlash bilan ovora.

Bu orada qizim so'lib bormoqda. Vaziyat og'irlashib, SSVning bir necha ishonch telefonlariga telefon qilganimdan keyingina, sal avval uni davolash uchun doktor ajratishdi. Doktorning aytishicha, qizimning ahvoli o'rta og'ir darajaga chiqqan.

Shifokorlari shifoxona ta'miri uchun ovoz yig'ib yuradigan, oq xalatdagi hamshiralar ko'cha tozalab, daraxt oqlaydigan, o'tgan, davom etayotgan fojialardan xulosa qilinmaydigan va rahbariyatga telefonsiz ish bitmaydigan O'zbekiston tibbiyotidan nafratlanaman.

@haqiqatdaIlyos
Do'stlar, avvalo, tibbiyot tizimi haqidagi bugun yozgan postim ostida qizimga shifo so'rab bildirgan tilaklaringiz uchun katta rahmat. Og'ir paytda ko'pchilik vatandoshlar mehri va e'tiborini his qildim, bor bo'ling. Hech kimning bolasi kasal bo'lmasin.

Shifokorlar qizimni standart bo'yicha davolashga o'tkazib, vaziyat biroz barqarorlasharkan, fursatdan foydalanib, bugun ko'rgan holatlarim bo'yicha yana ba'zi fikrlarimni bildirib o'tmoqchiman.

Xo'p, 2-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasidagi holatlar bo'yicha yozgan postimdan keyin qizimga munosabat, umuman, shifoxonadagi vaziyat butunlay o'zgardi. Avvalo, doimiy shifokor tayinlandi va qizimning holati, tahlil natijalariga qarab davo choralari ko'rila boshlandi. Endi biroz xotirjamman.

Biroq...

Birinchidan, vaziyat tarmoqlarga chiqib ketishi, vazirlikka xabar berilgani uchun bugun go'yoki hamshiralar aybdor deb topildi. O'tgan ikki kun davomida navbatchilik qilgan ikki hamshira ishga chaqirtirildi va ulardan tushuntirish xati olindi. Endi ikki hamshira ishdan ketishi mumkin. Ammo men bu chora vaqtinchalik, hamda asl muammolarni yechishga qaratilmagan, ikki hamshirani nohaq jazolashdan boshqa narsa emas, deya hisoblayman. Chunki qizimning ahvoli og'ir bo'lsa-da, shifokor ajratilmagani hamshiralarga bog'liq muammo emas. Bu – kasalxonalarda shifokorlar yetishmovchiligi, bu – ularda yuklamalarning haddan tashqari ortib ketgani natijasi, oqibati.

Masalan, ayni shu kasalxonada bir shifokorga nazorat uchun kuniga 50-60 nafargacha davolanayotgan bemor to'g'ri kelarkan va bu, albatta, juda ko'p.

Shifokorning bemorga e'tibor qaratishi, uni nazoratda ushlashi, sifatli davolashi uchun yetarli vaqt, imkoniyat bo'lmas ekan, ish sifati baribir o'zgarishsiz qolaveradi.

(Ikki hamshira ishiga da'vomiz yo'qligi haqida tilxat yozib berdik).

Ikkinchidan, shifokorlarning bemorlarga sifatli, butun e'tibori bilan xizmat ko'rsatishi uchun oyliklar umuman yetarli emas. Bugun bir necha shifokor bilan gaplashib bildimki, tibbiyot sohasida bakalavr va magistraturani bitirib kelgan shifokorlar 2 mln 500 ming – 3 million atrofida oylik maosh olmoqda.

O'zingiz o'ylang, bu oylik bilan shifokordan sifatli xizmat talab qilishga haqlimizmi?!

Uchinchidan, bugun shifkorlarni hujjatbozlik, byurokratiya ezib tashlagan. Ular ayni shu kunlarda ham 1 soatlik ishi uchun 3-4 soatlab hujjat to'ldirishga, hisobot yozishga majbur bo'lmoqda. Bu o'z o'rnida tibbiyot sohasida ish sifati keskin tushishiga olib kelyapti.

To'rtinchidan, biz yillar davomida yechimi ortga tashlab kelingan shu va boshqa muammolar sabab tibbiyot tizimidan eng malakali shifkorlarni yo'qotib bo'ldik. Ular bugun yo xususiy va yo xorijiy davlatlar tibbiyoti rivoji yo'lida xizmat qilmoqda. Afsuski, bugun biz o'rta malakali shifokorlar qatlamini ham yo'qotishda davom etyapmiz. Bugun o'zim gaplashgan shifokorlar ularni davlat tibbiyotida faqat kasbiga bo'lgan mehrgina ushlab turgani va bu mehr qanchagacha yetishini bilmasliklari haqida gapirishdi.

Beshinchidan, davlat kasalxonalarida moddiy texnik ta'minot, jihozlar to'la eskirib bo'lgan va ular sohani rivojlantirish yo'lidagi talablarga umuman javob bermaydi.


Oltinchidan, biz "Open budjet" ajoyib loyiha bo'ldi, deya ko'krak kerib yuribmiz ekan-u, undan ijtimoiy soha obyektlarini chiqarib tashlamay, tibbiyotchilar yuklamasini yana 3-4 barobarga orttirib yuborganimizni hisobga olmabmiz.

Bugun kasalxonalardagi shifokor va hamshiradan tortib qorovulgacha loyiha uchun ovoz yig'ishga majbur bo'lyapti. Bu hech qanaqasiga kasalxonada ishlovchi shifokor va hamshiralar tashabbusi emas.
Shifokorlarga ko'ra, Yuqumli kasalliklar shifoxonasi ta'miri uchun ovoz yig'ish ham Toshkent shahar sog'liqni saqlash boshqarmasi mas'ullaridan tushgan qat'iy topshiriqqa ko'ra qilinayotgan ish.

Loyihada ovoz berish davom etayotgan shu kunlarda har bir shifokor, har bir hamshira kunlik to'plagan ovozi bo'yicha shaharga hisobot berayotganini tasavvur qilyapsizmi?!
Ijtimoiy obyektlarga ovoz yig'ish qismi loyihadan zudlikda yulib tashlanishi kerak. Hukumat o'z vazifasi bo'lgan ishlarni boshqalarga sharmandalarcha yuklashni bas qilsin.

....

Xullas, o'rtoqlar, yozsa muammo, gapirsa gap ko'p. Tizim chuqur inqirozda. Fikrimcha, bizga tibbiyot tizimi uchun juda katta va tizimli yechimlar dasturi kerak. Bu, balki, yaqin o'n yillikka mo'ljallangan dastur bo'lishi kerakki, muammolar yechimiga birdaniga, bir yilda emas, navbat bilan, ketma-ketlikda borilsin.

Keyin tibbiyot vaziri va vazirlik rahbariyatini paypoqdek almashtiraverish amaliyotini ham bas qilish kerak. Toki bir rahbarda o'z rejalarini ishga tushirish, amalga oshirish uchun yetarli muddat bo'lsin. Ura-ura, hammasiga birdaniga yopishish, bayroqni bir kunda ko'tarishga intilish bilan ish bitmaydi, imkon yetmaydi, pul esa kam. Biz 500 ming kishilik tizim haqida gapiryapmiz axir.

Postni kasalxonaning yana bir shifokori bilan bugun bo'lib o'tgan kulgili dialogimiz bilan yakunlamoqchiman.

– Ukajon, jurnalist ekansiz, shuni boshidan, qabulga kelgan paytdayoq aytmabsiz-da. Shuncha muammo bo'lmasdi, qizingizga ham yaxshi qaralardi.

– Doktor, bizga ota-onalar lavozimini aytib keladigan, shunga qarab ish qilinadigan emas, hamma bir xil ishonchda keladigan tibbiyot kerak.


@haqiqatdaIlyos