Ilyos Safarov
6.76K subscribers
412 photos
104 videos
2 files
411 links
Jurnalist Ilyos Safarovning rasmiy telegram sahifasi.

🇺🇿🇹🇷🇰🇿🇫🇷🇩🇪🇦🇹🇨🇭🇰🇬
Download Telegram
Yana 5 daqiqa va Xudo xohlasa, biz ilk bor olimpiadadamiz.
Aytgancha, bugun UzReport TV jamoasi kanal tashkil etilganining 10 yilligini nishonlamoqda. Kanal va unda mehnat qilayotgan barcha hamkasblarimizni shu kichik yubiley bilan tabriklayman.

100-200 yildan keyin ham UzReport bor bo'lsin, yubileylarini nishonlayversin. Ammo farqi u kunlarga kanal ham, bu jafokash millat ham chin so'z erkinligi bilan yetishsin.
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
O'tgan shanba Bojxona qo'mitasida “Qora” nomli xizmat iti nafaqaga kuzatilibdi.

Qo'mita matbuot xizmati bosh inspektori Husan Tangriyevning yozishicha, "Qora" faoliyati davomida jami 10 kg. giyohvandlik vositalarining bojxonadan yashirincha olib o‘tilishini fosh qilgan.

"Bu xizmat iti kinologlarimizning haqiqiy to‘rt oyoqli yordamchisi bo‘la oldi, ularning mehrini qozondi.

Laqabi “Qora”, lekin amali ezgu bo‘ldi!", – deydi Tangriyev.

Bojxona tizimida xizmat itlari bilan bog'liq bunday an'ana borligini bilmas ekanman. Jonivorlarga nisbatan hurmatdan xursand bo'ldim.

@haqiqatdaIlyos
San’at ilmida katarsis (yunoncha katharsis) degan so‘z bor. U yaxshi asar o‘qigan, film tomosha qilgan yoki biror ta’sirli qo‘shiq eshitgan kishidagi hissiy yengillik, yengil tortishni va ruhning ana shu ta’sirda hissiy nopokliklardan tozalanish jarayonini ifodalaydi. Bugun hamkasblarimiz bilan Toshkent City Mall majmuasidagi kinoteatrda “Jannat onalar oyog‘i ostida” filmini tomosha qilib chiqarkanmiz, o‘zimda ana shu ta’sirlanish, san’at kuchidan yengil tortish va ma’lum muddatga reallikdan uzilishni his qildim.

Qirg‘iz ijodkorlari kamchiliklardan xoli bo‘lmagan, ammo katta g‘oyasi, aktyorlar ijrosi, voqealarning rivoji bilan bu kamchiliklarni unuttirib, tomoshabinni voqealarga butun borlig‘i olib kirib ketadigan ta’sirli, yaxshi badiiy film ishlashibdi.


Film qonli urushlar, turli katta-kichik kelishmovchiliklar, xususan, diniy nizolar bilan qandaydir kirlanib ketgan bugungi dunyoda (Suriya tasvirlari misolida) insonlarni soddalik, pok iymon, sof e’tiqod orqali yaxshilikka, birlikka chaqirgandek taassurot uyg‘otadi. Bu ma’noda rejissor Ruslan Akun qahramon Odil va onasining Haj safari davomida borgan joylari borki, hammasida odamlarning ularga yordam berishi orqali tili, madaniyati, tutumlari turlicha bo‘lgan xalqlarni bir qatorga, yaxshilik, soddalik, sof etiqod ipiga tizgandek.


Filmda shuningdek, turli dialoglar, qahramonlar tilidan aytilgan qator, ishora, ramzlar borki, u orqali qirg‘iz xalqining ambitsiyalari, dunyoga hali aytmoqchi bo‘lgan so‘z, da’volari borligini ham sezish mumkin.


Umuman olganda, film ba’zilar aytayotgani kabi jaa “Oskar” oladigan darajada emasdir, ammo qirg‘iz, Markaziy Osiyo xalqlari kinosida katta sakrash, uyg‘onish qilgani aniq. Tavsiyam, filmni albatta kinoteatrga tushgan holda ko‘ring. Oilangiz bilan borsangiz, ayni muddao.


Kichik ogohlantirish
: film qahramonlardagi soddalik, sof diniy qadriyatlar orqali tomoshabin hissiyotlariga kuchli ta’sir qiladi. Shu sabab filmdan keyin deyarli barcha hamkasblar ko‘zda yosh bilan chiqdik. Tayyorgarlik ko‘rib boring demoqchiman).

P.S: Film voqealarini to'liq tasvirlamadim, bu haqda shundoq ham ko'pchilik yozyapti.

@haqiqatdaIlyos
Oxirgi vaqtlarda jurnalistika va so'z erkinligiga oid qanday tadbirda qatnashayotgan bo'lsam, ularning barchasi yolg'on ma'lumot tarqatishga qarshi kurash, faktcheking, jurnalist va blogerlarda yetishmayotgan savodxonlik hamda OAVdagi qonunbuzarliklar mavzularida o'tmoqda. Taassurot uyg'onyaptiki, bu jamiyatda go'yo hammasi yaxshi, hamma aqlli-yu, faqat jurnalist xato qilyapti, faqat blogerlar qonunbuzar, muttaham.

Ammo hech kim nega so'z erkinligi borasida dunyoda sharmandali o'rinlarda ekanimiz, nega hammasi o'zgardi, deyilayotgan yangi davrlarda ham O'zbekiston xalqaro tashkilotlarning xavotir bildiriladigan "to'q qizil" davlatlar ro'yxatida qolayotgani va yoki nega so'nggi yillarda soha vakillari bunchalik ko'p qamalib, javobgarlikka tortilayotgani masalasida gapirmaydi. Va yoki rasmiylardan hech kim jurnalistga majburiyat yuklaydigan qonunlar nega bunchalik tez ma'qullanib ketadi-yu, ularning faoliyatiga to'sqinlik uchun javobgarlik masalasidagi qonun hatto davlat rahbari gapirib turganda ham 6 yildan beri tasdiqlanmay qolayotgani masalasini ko'tarmaydi.

Bugun so'z erkinligi muammolari haqida gap ketganda faqat jurnalist va blogerlarni ayblayotgan rasmiylarni yod yetishmovchiligiga chalingan shvetsar askarlariga o'xshataman. Sababi, bir paytlar Napoleon Bonapart aynan yod yetishmovchiligi sabab nishonni to'g'ri urolmaydigan shvetsar askarlarini kamonchilari safidan chetlashtirgan ekan. (Shvetsariya tog'liklardan iborat bo'lgani uchun aholida yod yetishmovchiligi kuchli bo'lgan). Rasmiylarimizning nishon (muammo) aniq bo'lganda o'qni hadeb qiyshiq otaverishiga boshqa sabab topish qiyin. Muammoning yechimini tushunishlari, to'g'ri poylashlari uchun ularni ommaviy yod tekshiruvidan o'tkazarmiz balki.

@haqiqatdaIlyos
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Och qornim - tinch qulog‘im!

"Zarbulmasal"da bir hikoyat bor: yelkasiga arslon tasvirini tushirmoqchi bo‘lgan kishi ignaning og‘rig‘iga chiday olmay uning dumini chizmaslikni iltimos qilibdi.

So‘ng oyog‘ini, keyin yolini... xullas tatiurovkani chizdirmay ketibdi.

Bugun so‘z erkinligi bo‘yicha xalqaro reytingda 11 pog‘ona pastlaganimiz xabarini eshitib, ana shu hikoyat esimga tushdi.

Hukumatimizning so‘z erkinligi zahmatini ortmoqlashga irodasi yetmadi. Va, ishonchim komilki, keyingi yili bu ko‘rsatkich yanayam pastga sho‘ng‘iydi.

Boshqa reytinglardan ham ijobiy natijaga umidvor emasman.

Reytinglarning pasayishi global integratsiyaga qovushishimiz yo‘lini yopadi, dunyo hamjamiyatining islohotlarga ishonchini pasaytiradi. Investorlarning shijoatini so‘ndiradi.

Biz esa eski tog‘ora qarshisida nega bunday bo‘lganini bilmay o‘tiraveramiz.

Abdurahmon Tashanov, Inson huquqlari "Ezgulik jamiyati raisi.

@haqiqatdaIlyos
O'zbekiston matbuot erkinligi reytingida o'tgan yilga nisbatan 11 pog'ona pastlab, 180 davlat orasida 148-o'rinni egalladi. Eng quyi pog'onaga qadar atigi 32 o'rin.

Soha vakili sifatida bugungi vaziyatimiz mazkur o'ringa mosligini e'tirof etaman va umidsizmanki, kelgusi bir necha yilda bu natijamiz ham yuqori darajamiz bo'lib qolishi mumkin.

Berilgan va'dalar ba'zi tadbirlar o'tguncha bo'lganiga yaqqol misol.

@haqiqatdaIlyos
Nima buuu, nimasan saaan? 😂
Toshkentda har yili noqonuniy tarzda tashkil qilinadigan propaganda tadbirida chiqish qilib, SSSR va Stalinni ulug'lovchi shiorlar bilan hayqiruvchi mana bu kabi ta'viyalarning jazolanmasligi faollarda norozilik uyg'otyapti.

Nega mustaqil bir davlatda despotik (zulm) imperiyasi – SSSR bayrog'i va uning qonxo'r diktatori Stalinni baralla ulug'layotganlar jazolanmaydi, mazmunida hukumat manziliga haqli savollar berilmoqda.

Umuman, bu kabi savollar faollar tomonidan hukumatga har yili beriladi, javob kutiladi. Ammo jamoatchilikka doim ochiqligini da'vo qiladigan o'zbek mas'ullari masalaga hozircha e'tibor qaratayotgani yo'q. Va fikrimcha, bundan keyin ham ulardan javob eshitishimiz mushkul.

"Odnoklassniki"da qandaydir diniy postga like bosgan ayolni 3 yildan keyin ham topib, qamatayotgan huquq organlarining bu kabi  masalalarga kelganda kar, ko'r va soqov rejimini yoqib olishiga fikrimcha, qo'rquvdan boshqa sabab yo'q. Miyasi SSSR va uni qayta tiklash g'oyasi bilan yashovchi Putin rejimidan qo'rquv.

Toshkent markazida turib har yili qayta-qayta sodir etilayotgan bir turdagi jinoyatlarning jazosiz qoldirilaverishiga boshqa sabab ko'rmayapman.

@haqiqatdaIlyos
Ilyos Safarov
Video
Tasavvur qiling, videoda ko'ringani kabi yuzlab odam (keling, ularni masalan, o'zbeklar deylik) Toshkent markazida avvaldan e'lon qilinmagan, poytaxt ichki ishlar boshqarmasi yoki hokimligi ruxsati olinmagan biror tadbir uchun yig'ildi.

Ular o'zlari to'plangan "a" nuqtadan ko'chalarni to'ldirgan holda, davlat bayrog'iga xos bo'lmagan qandaydir rangdagi mato ko'tarib va buning ustiga baland ovozda baqirib, ikkinchi "b" manzil tomon yura boshlashdi. Yurish qilayotgan odamlar ko'kragida ma'naviyatimiz, sof dinimiz va yuzlab yillik qadriyatlarimizga zid qandaydir qoramtir tusdagi bayroqlarni ham ko'rish mumkin.

Shunchaki xolis fikringizni yozing, davlat va konstitutsiyaviy tuzumga qarshi harakatlarni sodir etgan, miting, namoyishlar to'g'risidagi norma talablarini buzgan, jamoatchilik tinchini o'g'rilagan shu kimsalar shonli sudlarimiz tomonidan necha yilga qamalgan bo'lardi?

Hukumatdagilar aniqlik kiritishi kerak, nega bir mamlakat, bir konstitutsiya va bir bayroq ostidagi insonlarga ikki xil standart, ikki xil qoidalar ishlamoqda?

@haqiqatdaIlyos
Sotsializmdan chiqolmayotgan, kapitalizmga yetolmayotgan o‘zbek san’ati

O‘tgan hafta o‘zbekistonliklar orasida eng ko‘p gapirilgan, muhokama qilingan mavzu shubhasiz, marhum hofiz Sherali Jo‘raev ijodiy me’rosiga farzandlari tomonidan da’vo qilinayotgan egalik, qorovullik huquqi, xonanda Botir Qodirovning esa Jo‘rayevlar oilasi bilan kelishmovchiligi-yu, farzandlik da’vosi masalasi bo‘ldi.

Mavzu borasida hatto bugun ham muhokama, fikriy tortishuvlar shunchalik ko‘p, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda esa bu mavzuga katta o‘rin ajratilmoqdaki, mamlakatda mavzudan bexabar odam qolmadi hisob.

Vatandosh TV muxbirining navbatdagi intervyusi jamoatchilik muhokamasidagi shu mavzulardan o‘sib chiqqan, o‘zbek san’ati va madaniyati rivojiga bevosita bog‘liq boshqa bir masala – mualliflik va turdosh huquqlar mavzusida bo‘ldi. Shuningdek, intervyu davomida o‘zbek san’atida yo‘qolmagan sotsialistik munosabatlar, undagi unvonvozlik hamda to‘lanmayotgan soliqlar masalasida ham so‘z bordi.

Intervyuda mehmon sifatida Intellektual huquqlar bo‘yicha yurist Madina Tursunova va Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ishtirok etdi.

📹👉 https://youtu.be/GINcqWC31q0

@haqiqatdaIlyos
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
"Oltin qalam" milliy tanlovining internet jurnalistika yo'nalishida "KunUZ" nashri muxbiri Shuhrat Shokirjonov 2-o'ringa loyiq ko'rildi. Ustoz va hamkasb sifatida Shuhrat akani hamda butun tahririyat a'zolarini samimiy tabriklayman, xursand bo'ldim.

"KunUZ" – o'zbek jurnalistikasi uchun ko'p narsa bergan, berayotgan va bundan keyin ham potensiali baland, maktabi kuchli bo'lgan nashr. Jamoaga doim omad tilayman. Olg'a, do'stlar.

@haqiqatdaIlyos
So'z erkinligidan nega qo'rqiladi?

Oxirgi bir necha hafta ichida O‘zbekistonda jurnalistika va so‘z erkinligiga oid ikki muhim xabar, yangilik OAVda keng yozildi, yoritildiki, kuzatuvchilarimiz bu ikki yangiliklardan allaqachon xabar topgan bo‘lishi aniq. Shunday bo‘lsa-da, keling ularni yana bir bor qisqa tarzda yodga olamiz:

1-xabar: «Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro nodavlat tashkiloti 3-may – Jahon matbuoti erkinligi kunida har yillik an'anaviy matbuot erkinligi indeksini e'lon qildi. 2024-yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingda O‘zbekiston 11 pog‘onaga pasayib, 180 davlat orasida 148-o‘rinni egalladi.
Kuzatuvchilar O‘zbekistonda so‘z erkinligi bo‘yicha vaziyatni «og‘ir»dan «juda jiddiy»ga o‘zgartirishdi.

2-xabar: 14-may kuni O‘zbekiston xalqaro anjumanlar saroyida jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” XVIII milliy mukofoti uchun g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda ishtirok etgan rasmiylarning barchasi O‘zbekistonda so‘z erkinligi borasida vaziyat doimiy yaxshilanib borayotgani va bu borada tanlangan yo‘ldan hech qachon ortga qaytilmasligini ta'kidlashdi.

“Nuqtalar” dasturining navbatdagi soni orqali xalqaro tashkilotlar va hukumat rasmiylari munosabatidagi bir-biridan farqli shu nuqta, ularning asosi va O‘zbekistonda jurnalistika va so‘z erkinligi qay tomonga ketmoqda o‘zi, degan muhim savollar tahliliga bag‘ishlandi.

Intervyu mehmonlari “Ozodlik” radiosi o‘zbek xizmati bosh muharriri Pahlavon Sodiq va Amerika ovozi teleradiosi muxbiri Navbahor Imamova bo‘ldi.

📹👉 https://www.youtube.com/watch?v=ZNpB31mHKm8

@haqiqatdaIlyos
Raisiyning halokati chindan noqulay ob-havo oqibatimi?

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy aviahalokat qurboni bo‘ldi.

Raisiy va yuqori martabali mulozimlar uchgan vertolyot kecha, 19-may kuni mamlakat shimoli-g‘arbida, Sharqiy Ozarboyjon viloyati hududida halokatga uchragan.

Mamlakat rasmiy axborot agentliklari xabariga ko‘ra, halokat oqibatida Raisiy bilan birga Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarboyjon viloyati gubernatori Malik Rahmatiy, oyatullohning hududdagi vakili Muhammad Ali Ale-Hoshim ham halok bo‘lgan.

Halokatga uchragan bortda shuningdek prezident qo‘riqchilari boshlig‘i Sayid Mehdi Musaviy, ikki uchuvchi hamda texnik zobit bo‘lgani ma'lum.

20-may tongida Amerikada ishlab chiqarilgan Bell 212 vertolyoti qoldiqlari noqulay ob-havo sharoitida o‘tkazilgan bir necha soatlik tungi qidiruv ishlaridan keyingina topilgan. Eron televideniyesiga ko‘ra, vertolyot tog‘dagi qoyalardan biriga borib urilgan. Mamlakat Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pirhusayn Kolivand davlat televideniyesi orqali qilgan chiqishida qutqaruvchilar halokat joyiga yetib borishganida «vertolyot yo‘lovchilaridan birortasi omon qolgani belgilari yo‘qligi»ni aytgandi. Qidiruv hududida 73 ta qutqaruv otryadi harakatlangan.

Eron motamga hozirlanmoqda.

Nuqtalarning navbatdagi soni Eron prezidenti va mamlakatning boshqa rasmiylari vafotiga sabab bo‘lgan aviahalokat va u paydo qilayogan savollar tahlilga bag‘ishlandi. Intervyu mehmoni siyosatshunos Rafael Sattorov bo‘ldi.

📹👉 https://youtu.be/msu-qB_uNlo?si=MK-QLBRBDy9DJEov

@haqiqatdaIlyos
Har kim istagan diniga e'tiqod qilish yoki qilmaslik huquqiga ega. Insonning nima kiyib, nima kiymasligi ham yolg'iz uning o'ziga tegishli huquq, erk. Vijdon erkinligi hamda shunga o'xshash boshqa huquqlar konstitutsiya va eng asosiysi, dunyoda umumamal qiladigan xalqaro qonunlar bilan kafolatlangan. Bu qonunlarni buzish, istalgan shaklda daxl qilish javobgarlikka sabab bo'ladi. Biz shu umumhuquqlar himoyasini qabul qilgan davlatmiz. (Albatta vatandoshlar kabi davlatning o'zi ham bu huquqlarni shubhasiz, hurmat qilishi, himoyalashi lozim). Biz jamiyat va avvalo inson sifatida bunga o'rganishimiz, shu qadriyatlarni o'zimizga singdirishimiz kerak.

Boshqalar huquqlariga bemalol daxl qilinar va bu oddiy holat sifatida qaralarkan, jamiyat, siyosiy millat sifatida hech qachon o'smaymiz, oldinga yurmaymiz. Mafkuralar, g'oyalar, qarashlar, qadriyatlar, harakatlar turlicha bo'lgan jamiyatlardagina o'sish, o'zgarish bo'ladi. Unutmang, bu ongimizda har doim qadalgan holda turishi kerak bo'lgan qoida, majburiyat va buzish taqiqlangan qizil chiziqli chegaralar.

Sal avval ikki xil kiyimda va ehtimol, ikki xil din vakilining bir-biriga nisbatan qo'pol qarashi, munosabatini ko'rganimdan keyin uyg'ongan fikrlar.

@haqiqatdaIlyos
Ijtimoiy tarmoqlarda 1-iyuldan boshlab tez yordam brigadalarida shifokorlar o'rnini feldsherlar egallashi haqida xabarlar tarqaldi.  Jumladan, shunday xabarlardan birida yozilishicha, amaliyot orqali go'yo 1064 ta shifokor shtatini qisqartirish va natijada mamlakat buyudjeti defitsitini biroz bo'lsa-da kamaytirish reja qilinmoqda.

Ayni mazmundagi xabarlar tarmoqlarda ko'plab muhokama va noroziliklarga sabab bo'larkan, biroz avval Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G'afurov bilan bog'landim.

Markaz rahbari esa tarmoqlarda tarqalayotgan bu kabi xabarlarda hech bir asos yo'qligi va tez yordam brigadalaridagi shifokorlar shtatini qisqartirish haqida o'ylanmayotganini ta'kidladi.

"Bunday xabarlar feykdan boshqa narsa emas", – dedi Abduvoitjon G'afurov.

Demak, tez yordam xizmatida ishlayotgan shifokorlarimiz xavotir qilishmasa ham bo'ladi. Hukumatda ularning shtatini qisqartirish haqida reja mavjud emas.

Taxminimcha, Moliya vazirligi mas'ullaridan birortasi OAVga davlat byudjeti teshigi kengayib borayotgani haqida gapira turib, unga yechim sifatida bergan shu mazmundagi taklifi bilan "qovun tushirgan". Kanallar esa taklifga "1-iyul to'nini kiydirib" e'lon qilavergan.

P.S: Toshkon bilan gaplashdim, ertadan uchaverasizlar, deydiyu kinoda).

@haqiqatdaIlyos
Parallellar: jamiyatda ikki standartlilik oshib boraversa nima bo‘ladi?


O‘zbek tiliga ingliz tilidan kirgan va nutqda tez-tez qo‘llanadigan “standart” degan so‘z bor. Izohiga qarasangiz, bu so‘z umum e’tirof etilgan, tarixan o‘rnatilgan qoidalar to‘plami, shablon degan ma’nolarni bildiradi.

Endi ana shu so‘zni kengroq miqyosda, masalan, davlat va jamiyat boshqaruviga nisbatan qo‘llab ko‘rilsa, har qanday jamiyat boshqaruvida umumamal qilinadigan, ishlaydigan standartlar, qoidalar bo‘lishi juda muhimligi ko‘rinadi.

Ammo, jamiyatda ana shu umumstandartlar buzilsa-chi, qonun-qoidalar, ular uchun belgilab qo‘yilgan jazo, ijtimoiy adolat me’zonlari turli kishilarga turlicha ishlab boshlasa nima bo‘ladi? Buning davlat va jamiyat barqarorligi uchun xavfi, oqibatlari qanday?

“Nuqtalar”ning navbatdagi sonida jamiyatdagi ikki istandartlilik bilan bog‘liq shu va boshqa savollarni Qonunchilik palatasi sobiq deputati Rasul Kusherbayev va Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga berdik.

📹👉 https://youtu.be/xcrGNMXgLpM?si=h6P_JnVjXdUWv2K1

@haqiqatdaIlyos
Tarmoqlarda AESning ijobiy jihatlari ko'rsatilgan va O'zbekistonda go'yo bundan boshqa yo'l yo'q, shuningdek, IES zarar, quyosh hamda shamol energiyasini olish qimmat mazmunida tayyorlangan materillar ko'payib qoldi. Kayfiyat yaratishmoqchi...

Xo'p,

balki O'zbekistonning yillar davomida yechim topmay kelayotgan energiya muammolariga maqbul yechim chindan AES qurilishidir.

Balki hozir texnologiyalar, Rossiya texnologiyalari shunchalik rivojlanib ketgandir-u, biz xavotir bildirayotgan xavflar bugun unchalik real emasdir.

Balki O'zbekistonda AES qurish borasida Rossiya bilan ishonish qiyin bo'lsa-da, iqtisodiy jihatdan maqbul loyiha imzolangandir.

Balki shunday katta qurilishning, masalan, qo'shni Qozog'istondan farqli biror tanlovsiz, raqobatsiz Rossiyaga berilishida ham mantiq topilib qolar.

Balki hukumatda AESning reaktiv chiqindilari muammosiga oqilona yechim bordir. Xavfi katta reaktiv chiqindilar xavfsiz ko'milib va ular to yo'q bo'lib ketguncha ishonchli saqlanadigan chuqurlar tayyor qilingandir. O'sha chuqurlardan reaktiv chiqindilarning masalan, biror ariqqa sizib chiqish xavfi "nol"ga tengdir.

Balki yillar davomida xorijdagi yirik AESda ishlab yurgan qandaydir qimmatli kadrlar ham topilaqolgandir. Ya'ni AESni qaysi kadrlarimiz boshqarishi borasidagi xavotirlarimiz o'rinsizdir.

Balki qurilishi tezlashgan tarzda, shu yil yozdayoq boshlanadigan AESning mamlakat va qo'shni Qozog'iston ekotizimiga xavfi ekofaollar bong urayotgani kabi unchalik katta bo'lmas. Ekofaollar tushunmas hech nimani.

Balki AES qurilishi uchun bitmas-tuganmas suv zaxiramiz ham topila qolgandir. Tuzkon ko'llar tizimida tinimsiz pasayib borayotgan suv sathi shu yozdan boshlab ko'tarila boshlar ham.

Balki chindan AES ko'mirda ishlaydigan boshqa energostansiyalardan ko'ra foydaliroqdir.

Ammo

mana shu barcha jihatlarga aniqlik kiritilishi, isbotlanishi, odamlarda ishonch uyg'otilishi uchun ham masala jamiyat miqyosida keng muhokama qilinishi kerak. Bunda fikrlar, tahlillar qo'rquvdan yiroq, erkin bildirilishi kerak. Bunda ovozlarga to'siq qo'yilmasligi lozim.

Haqiqatga tomon muhokamalarda boriladi. Haqiqatga tortishuv, bahslarda yetiladi.
Bo'lib ham shunday katta, mamlakat uchun ahamiyatli va Xudo ko'rsatmasin, biror falokat ro'y bersa, oqibati barchaga teng bo'linadigan masalada.

Bugun faollar AES masalasida jim qilinganini sezgandirsiz. O'rtoqlar, bu endi haqiqatga tomon borish emas. Bu – haqiqatdan adashish. Bilib qo'ying, erkin muhokamalarsiz siz taqdim qilayotgan katta haqiqatlar ham shubhali bo'lib qolaveradi.

Marhamat, erkin muhokamalarga o'rin bering va isbotlang argumentlaringizni.

@haqiqatdaIlyos
Uylarning qishda sovib, yozda esa isib ketishi ko'pchilikka tanish va yoqimsiz holat. Og'riqli muammo.

Energetika tizimidagi kamchiliklar, uylarning mavsumga moslab qurilmasligi va boshqa iqlimiy sharoitlar tufayli odamlar yillar davomida ana shu muammo bilan kurashib keladi.

"Thermo Plus" kompaniyasi insonlarni qiynab kelayotgan shu muammoga dunyoning rivojlangan davlatlarida sinovdan o'tgan, O'zbekistonda esa mutlaqo yangi tizim bilan yechim taklif qilmoqda.

Qanday yechim deysizmi?

Kompaniya shu yil fevralidan boshlab sifatli bazalt qoplamalar ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydi. Bu qoplamlar uyning pol qismi, devorlari, shifti, tomi, eshik-romlar atrofiga qoplanganda, uylarni yozda salqin, qishda esa issiq holda saqlash imkonini beradi. Ustiga ustak uy isitish xarajatlari sezilarli darajada kamayadi. Bu ayniqsa elektr energiyasi ta'riflari oshib borayotgan bugungi sharoitda juda zarur, qulay.

Uyiningiz uchun "Thermo Plus"ning sifatli, chidamli va albatta hamyonbop qoplamlaridan foydalaning. Kompaniya esa uyingizdagi qulay haroratni kafolatlaydi.

Qo'shimcha ma'lumotlarni kompaniyaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va aloqa raqamlari orqali topishingiz mumkin.

📞 +998 90 150 00 00

🔻 𝗧𝗵𝗲𝗿𝗺𝗼 𝗣𝗹𝘂𝘀 - Harorat muallifi!

1️⃣
Telegram 2️⃣ Instagram 3️⃣ Facebook
4️⃣
X(twitter) 📺 You tube 🌎 Web sayt

© Reklama