Shokir Tursun qarashlari
5.84K subscribers
855 photos
137 videos
220 files
1.06K links
Shokir Tursunning shaxsiy telegram kanali.

Izoh yoza olish uchun bu guruhga qoʻshiling:
https://t.me/+OqHqsY_POQtkY2Iy

Fikr yuritiladigan mavzular:
Til oʻqitish metodikasi
Ona tili va oʻqish savodxonligi darsliklari
Ona tili darsliklari
Ta'lim
Download Telegram
Xususiy maktablarda oʻquvchilar turli sabablarga koʻra ketib qolishi kuzatilib turadi. Bu aksar hollarda moliyaviy sabab boʻladi. Ammo shaxsan men har bir ketadigan oʻquvchining ketishida oʻzimni aybdorday his qilaveraman. Balkim men yaxshi dars oʻtmaganim uchun bezib qolgandir, balkim uni ortiqcha qiynab yuborgandirman, balkim fanimga qiziqtira olmagandirman, balkim... Undan keyin oʻsha oʻquvchi qayerga ketdi ekan, u yerda nimalarni oʻqitisharkin, ona tilidan qaysi qoidalarni oʻrgatisharkin-u, adabiyotdan qaysi asarni oʻqitisharkin, deya oʻylab ketaman.

Xullas, nima sabab bilan boʻlsin ketgan har bir oʻquvchi men uchun qiynoq. Bundan yaxshiroq oʻqituvchi boʻla olganimda balkim ketmasdi, men oʻzimni yaxshi koʻrdira olmaganmanki, ketib qoldi, deb oʻylayveraman.

Bular balandparvoz gaplar emas, kimdir maktabimizdan ketsa doim ichimda nimadir uziladi.

@birgap
👍47🥰2🕊1
Biror haydovchi qoidani buzgani haqida internetda xabar tarqalsa, darrov oborib jarimasini toʻlatamiz. Oʻzining ijtimoiy tarmogʻida tarqatgan videosini asos qilib, javobgarlik ilamiz. Kimgadir layk bosganlarni, ma'nosini tushunmay bir qoʻshiqni eshitib qoʻyganlarni qamaymiz...

Mana, 5 oy boʻlyaptiki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazining ishi – darsliklarni chop etish va amaliyotga joriy etishga asos boʻlgan ta’lim standartlari, oʻquv dasturlarini (ish rejani emas) soʻraymiz. Jar solamiz. Darsliklardagi kamchiliklarni tez-tez tilga olamiz. Xoʻsh, vazirlikni hamda Markazni tartibga chaqirib qoʻyadigan hech kim yoʻqmi? Kim ularning qilmishlari uchun javobgarlikka tortadi? Dodimizni kimga aytishimiz kerak?

Toʻgʻrisi, “Novda edutainment” hamda hozirda Ta’limni rivojlantirish ilmiy-metodik markazi direktori oʻrinbosari boʻlib ishlayotgan Yuliya Risyukova bizni aldagandan soʻng koʻp narsaga qoʻl siltagandim. Ularning darsliklarini tuzukroq varaqlab ham koʻrmadim. Ammo bugun 3-sinf uchun “Oʻqish” hamda “Ona tili” darsliklari parchasini koʻrdim-u, oʻkirib yuborgim keldi. Bolalarga, oʻqituvchilarga rahmim keldi.

Vazirlik bu darsliklarni qaysi mezon asosida tasdiqlagan? Qaysi standartlar asosida yozilgan bu darslik?

Masalan, biz yozgan darsliklarning qat’iy belgilangan dasturi hamda standartlari bor edi. Har bir topshiriq oʻsha standart talablarini bajarish tomon yoʻnaltirilgan boʻlardi. “Novda”ning darsliklari nimaning ustiga qurilgani noma’lum. Qayerga ketayotganimizni ham koʻra olmaymiz.

Qaytaraman, “Novda”ning darsliklariga asos boʻlgan standart va oʻquv dasturlari qani? Ularni kim (vijdoniga qoʻshib) yeb qoʻydi?

@birgap
👍24🔥5
Marhamat, qanday darslik yozmaslik kerakligi boʻyicha masterklass.

Uyga borvolay, shu dars haqida aytarlarim bor.

Komil aka ancha ayab yozibdi.

P.S. rasmda 3-sinf "Oʻqish" darsligidan parcha.

@birgap
🔥14👍6😱3🤔2
Kecha uyga ancha kech qaytganim sabab mana bu mavzu haqida aytarlarimni yozishga ulgurmagandim. Bugun shuni ulashib qoʻymoqchiman.

Hamma fikrlar mana shu rasmdagi mavzu haqida boʻladi.

@birgap
🔥81👍1👏1
– Dostonmisiz, hikoyamisiz, sheʼrmisiz?
– Aytganingizman...


Shunga oʻxshash jumlalar bilan boshlanadigan askiyabop hazillar yodingizga tushdimi? Men ham darslikning mana bu sahifasini koʻrdim-u oʻsha askiya esimga tushdi.

Oldindan aytaman, mening bu darslik mualliflariga, noshirlariga shaxsiy adovatim yoʻq. Aytadigan hamma gaplarimni pedagog, taʼlim boʻyicha mutaxassis va darslik yozishda oz boʻlsa-da tajribasi bor odamning qarashlari deb qabul qilasiz.

Endi 3-sinf “Oʻqish” kitobining 13-mavzusini tahlil qilishga kirishamiz.

Ushbu mavzu doston janriga bagʻishlangan ekan. Men doston janrining maktablarda oʻqitilishiga butkul qarshi emasman, ammo meni baʼzi savollar qiynaydi:

1. Doston atamasini 3-sinfdayoq berib nimaga erishamiz? Chunki doston shunday janrki, uni boshqa janrlardan ajrata olish uchun chuqurroq adabiy koʻnikmalar lozim.

2. 3-sinf bolasi doston, sheʼr, sheʼriy roman, sheʼriy qissa, ballada, oda, masalni bir-biridan farqlashi uchun qanday usul qoʻllash mumkin? Chunki bularni universitet filologiya fakulteti talabalarining aksari ham aniq tushuntirib bera olmaydi.

3. Xoʻp, dostonni beryapmiz ekan, 3-sinf oʻquvchisi uchun qaysi dostonni tanlagan maʼqul?

4. Doston hajman yirik janr, tanlangan dostonning parchasini berish kerak boʻladi, bu yetarli boʻlarmikin?

5. Umuman doston mavzusini necha soat oʻqitish mumkin? Necha soatda 3-sinf bolasi doston haqida birlamchi tasavvurlarni hosil qila oladi?


Muallif boʻlganimda shu savollarni oʻzimga bergan boʻlardim. Katta ehtimolki, doston janri haqidagi maʼlumotni kitobdan chiqarib tashlab, bolalarbop biror dostonni kiritgan boʻlardim. Yaʼni doston janriga taʼrif berib oʻtirmasdim, baribir hali tushuna olishmaydi. Yuqoridagi savollarga aql bilan javob berilganda shunday xulosa kelib chiqadi. Afsuski, mualliflar, bu darslikni tasdiqlaganlar, unga taqriz yozganlarning birortasi shu savollarni oʻziga berib koʻrmagan koʻrinadi.

@birgap
👍23🔥7👏1
Yuqoridagi postning davomi

Mayli, hamma qarshi faktorlarga qaramay 3-sinfda oʻquvchiga dostonni tushuntirmoqchi boʻlishibdi. Darsning strukturasiga diqqat qilamiz:

1. “Oygul bilan Baxtiyor” dostonidan parcha.
2. Matn asosida 6 ta savol.
3. Doston atamasiga taʼrif.
4. Topshiriq.
5. Uyga vazifa.


Birinchi asabimga buzgan nuqta – tanlangan dostonning eng dostonmas qismi parcha sifatida berilgan. Bu qismda hech qanday doston elementlari mavjud emas. Hamid Olimjon “Oygul bilan Baxtiyor” dostonini yozishiga sabab boʻlgan xotiralarni eslayapti xolos. Haqiqiy doston hali boshlangani yoʻq. Qaysi buyuk tafakkur bilan shunday qilingan? Bu parchada dostonning qaysi elementi mavjud? Kamida qul Tarlon Oygulni qochirib, sandiqqa solib oqizib yuborgan joyigacha berish kerak edi (aslida doston shunday janrki, uni toʻliq bermasa foydasi yoʻq).

@birgap
👍19🔥7👏4😱21
Yuqoridagi postlarning (1, 2) davomi

Matn ostidan berilgan savol va topshiriqlarning yarmi eksplitsit (ochiq-oydin berilgan) maʼlumotni aytib berishga qaratilgan. 4-savol esa oʻqish savodxonligi koʻnikmalariga qaratilgan yagona savol. Ammo shu savolda misra soʻzi xato qoʻllangan, misra sheʼriy asarning bir satri, bir qatori hisoblanadi. Ular soʻragan “Seza olardim kuchin, Koʻpi yolgʻon, koʻpi chin” esa ikki qatordir.

5- va 6-savollar oʻqish savodxonligi koʻnikmalariga taalluqli emas. Bunday savollar odatda, ogʻzaki nutqni oʻstirish uchun beriladi. Hurmatli “Novda” esa ona tili hamda oʻqish fanlarini ikkiga ajratib tashlagan edi.

Mualliflar dostonning eng dostonmas qismini berib qovun tushirganlari yetmaganday savol va topshiriqlar ostida katta qilib dostonning dunyodagi eng qiyin taʼrifini berib oʻtishgan. Taʼrif sifatida berilgan matn Oʻzbekiston Respublikasi Milliy ensiklopediyasidagi doston, poema degan maqolaning birozgina oʻzgartirilgan nusxasi xolos. Ushbu taʼrifda 10 yoshli bola tushunishi deyarli imkonsiz boʻlgan koʻplab birliklar bor: liro-epik, xalq ogʻzaki ijodi, mumtoz adabiyot, muayyan voqea, keng koʻlam.

Shu joyida ustoz Omonulla Madayevning, “bu testni bolasi yoʻq odam tuzgan”, – degan gapi yodimga tushadi. Dostonning bunday qiyin va mavhum taʼrifini 3-sinf darsligiga kiritish uchun odamning farzandi boʻlmasligi kerak. Yoki oʻsha odam bolalarni juda ham yomon koʻrishi, ularni qiynashni xushlashi lozim.

Toʻgʻrisini ayting, siz 10 yosh bolangizga shu taʼrifni bergan boʻlarmidingiz?

@birgap
👍11🔥10👏6😢4
Yuqoridagi postlarning (1, 2, 3) davomi

Eng qizigʻi shundaki, ushbu taʼrif shunchalik universalki, uni boshqa janrlar uchun ham qoʻllasa boʻladi:

Roman – epik turga mansub badiiy asar. Oʻzbek adabiyotida keng tarqalgan. Romanda muayyan voqea hikoya qilinadi. Undagi voqea keng koʻlamda boʻlib, bir yoki ikkita bosh qahramon ishtirok etadi, personajlar esa koʻp boʻladi.

Xuddi shuni sheʼriy romanning taʼrifiga aylantirish uchun epik soʻzini liro-epik bilan almashtirish kifoya.

Hamma janrni yozib oʻtirmadim, qolganlarini oʻzingiz moslab olarsiz.

Qiziq, nega mualliflarimiz 3-sinfga dostonni berishgan-u, romanni berishmagan? Berish kerak edi.

Yana ham qizigʻini aytaymi, dostonga berilgan taʼrif darslikda berilgan doston parchasiga mos emas.

Taʼrifga koʻra dostonda muayyan voqea hikoya qilinardi. Xoʻsh, berilgan parchada qaysi voqea hikoya qilindi?

Dostondagi voqea keng koʻlamli boʻlishi va unda bir yoki ikkita bosh qahramon ishtirok etishi kerak edi. Qani keng koʻlamli voqea? Hamid Olimjonning buvisi aytib bergan ertaklarning eng esda qolgan joylarini bir-bir eslagani keng koʻlamli voqeami? Qani dostondagi bosh qahramon. Ha-ya, uzr, axir Hamid Olimjon va uning buvisi bor-ku. “Oygul bilan Baxtiyor” dostoning bosh qahramonlari shular-ku. Toʻgʻri-da, Hamid Olimjon boʻlmaganda bu doston ham boʻlmasdi, buvisi boʻlmaganda Hamid Olimjon ham boʻlmasdi.

Taʼrifda aytiladiki, dostonda personajlar koʻp boʻladi. Qani bu parchada personajlar? Yoki muallif eslab oʻtgan turli ertaklarning bosh qahramonlari bu dostonning personajlarimi?

Shunda mualliflar oʻziga oʻzi qarshi chiqyaptimi?

Buvim biror ishni toʻgʻri qila olmasam, “qayering bilan oʻylading”, – derdi, rahmatli.

@birgap
🔥10😁10👍4
Yuqorida postlarning (1, 2, 3, 4) davomi

Dostonga berilgan taʼrifdan keyin “Oygul bilan Baxtiyor” dostoni bir yumalab hikoyaga aylanib qoladi. Topshiriqni oʻqiysiz-u, “mantiqsiz bir topshiriq shuncha boʻlurmu, xay-xay”, – deb yuborasiz.

Hikoyani qismlarga boʻling.

“Oygul bilan Baxtiyor”dan olingan parcha nazarda tutilgan boʻlsa, nega u hikoya boʻlib qoldi. Agar u boʻlmasa, qaysi hikoyani qismlarga boʻlish kerak?

Mayli, kompyuterchi aka dostondan parcha soʻzini adashtirib hikoya deb yozib yuboribdi deylik, lekin bu parchani qanday qismlarga boʻlish mumkin? Oʻzi bu “Oygul bilan Baxtiyor” dostonining birinchi qismi boʻlsa. Unda biror voqea-hodisa boʻlmasa. Dostonning kirish qismini kirish, kulminatsiya, tushish, yakun, xulosa kabi qismlarga boʻlib chiqishi kerakmi bechora 3-sinflar?

Muallifning qiziqishi bayon etilgan gaplarni oʻqing.

Xoʻp, keyin nima qilaylik u gaplarni, axir hozirgina parchani oʻqidik-ku. Bundan tashqari, muallifning qiziqishi deganda nima nazarda tutilmoqda? Matnga diqqat qilinsa, Hamid Olimjonning birorta ham qiziqishi haqida soʻz ketmaydi-ku. Shu savoldan keyin haligi, “samolyotda joy yoʻq deb qoʻyavering”, – degan latifa esimga tushdi.

Hurmatli mualliflar, siz ham bolada oʻqish savodxonligi koʻnikmalarini shakllantirishni istamasangiz, shunchaki xohlamaymiz deb ayting, uni buncha qiynash nega kerak?

Hikoyadan uning asosiy gʻoyasi ochib berilgan qismni topib oʻqing.

Yana oʻqing. Hozirgina oʻqidik-ku. Yana nimaga oʻqiymiz uni. Eng dahshati, bu hikoyada (aslida dostondan parchada) asosiy gʻoyaning oʻzi yoʻq. Chunki doston hali boshlanmadi, doston boshlangandan keyin uning asosiy gʻoyasi ochiladi. Dostoning bir parchasi (boʻlib ham faqatgina kirish qismi) asosida uning asosiy gʻoyasini chiqarish mumkin emas.

Bolaga boʻm-boʻsh idishni berib, ichidagilardan eng keraklisini olib koʻrsat deyish bilan bir xil-da bu.

Uyga vazifa ham juda KREATIV – sheʼrni ifodali yod olish.

Iye, bu dostondan parcha yoki hikoya emasmidi? Bir aylanib sheʼr boʻlib qoldimi? Uni yodlashdan nima naf? Na bir voqea boʻlsa, na bir ibrat oladigan joyi boʻlsa. Kelajakda nevaralarga men “Oygul bilan Baxtiyor” dostonining kirish qismini ifodali yodlaganman deb maqtanish uchun kerakmi bu?

@birgap
👍16🔥8🤣6😁5
Yuqoridagi postlarning (1, 2, 3, 4, 5) davomi

Endi hurmatli oʻquvchi, oʻzingiz xolisona ayting, mana shugina bilan 45 daqiqani toʻldirish mumkinmi?

Yana oʻsha xolisligingizni ishga solib ayting-chi, bu dars bilan oʻquvchida doston haqida tasavvur hosil qilish mumkinmi?

Aksincha, unda savollarni koʻpaytirib tashlamayapmizmi?

Oʻquvchining 45 daqiqasini havoga uchirmayapmizmi?

Uni fandan bezdirib qoʻymayapmizmi?


Mutaxassis sifatida aytamanki, bu dars hech qanday pedagogik, metodik talablarga javob bermaydi. Na oʻquvchining yoshi hisobga olingan, na metodik yondashuv toʻgʻri tanlangan, na topshiriqlar samarali.

Bu darslikni “Qanday darslik yozmaslik kerak” nomli kursda bemalol qoʻllasa boʻladi, shedevr mahsulot boʻladi.

Oxirida, shu darslikni yozganlarga, taqrizlaganlarga, tasdiqlaganlarga yana bir savol bermoqchiman:

U Y A L M A Y S I Z M I ?

@birgap
👍41🔥12😢6👏5
Namangan va Toshkentdagi hamma maktablarda kompyuter toʻlib-toshib ketdimi?

Kutubxonalarda kitoblar bormi?

Maktablar bir smenali ta'limga oʻtib boʻldimi?

Hamma maktabklarda isitish-sovitish, havo aylantirish tizimi joyidami?

Hamma maktabning hojatxonasi foydalanishga yaroqlimi?

Hamma maktablarda proyektorlar oʻrnatilganmi?

Mana shu ikki hokim hamda mahalliy deputatlarga 6-sinf "Ona tili" darsligidagi mana shu topshiriqni oʻqib chiqishni tavsiya qilaman.

Xalq pulidan futbolga, boksga, tennisga, umuman, har qanday sportga milyardlarni sochishga qarshiman, buni qoralayman va la'natlayman.

@birgap
👍52🔥162👏2💯1
Mana bu gaplar rost boʻlsa, ChSB va BSB degan baholash tizimi barcha maktablarga kirib boradi. Katta ehtimol, butun taʼlim tizimining oyogʻi osmondan boʻlib ketadi.

@birgap
👍24😡15👎6🔥1👏1
Ellik yilda el yangi,
Qirq yilda qir.


Shomirza Turdimov ustozimiz "Qurultoy" podkastida juda qiziq narsalarni aytib beribdi.

Yuqoridagi naql ham bejiz emasligini aytar ekan, ustoz, hozir biz ikkinchi avlodni koʻryapmiz, chin maʼnoda mustaqil, qullikni unutgan avlod kelishi uchun yana 20-25 yil bor, deydi.

Kattalarni, oʻzim tengilarni va yoshlarni kuzatib, naql naqadar rost ekaniga ishonch hosil qildim. Men ham qulligini butkul unutgan avlod emas ekanman, xulosada.

@birgap
👍8🔥6👏2
👍13💩6👎52🙏1
Koʻpchilik sana yozganda quyidagi xatolarga yoʻl qoʻyadi:

1. Sana soʻzini notoʻgʻri qoʻllash
Aksar odamlar sana deganda faqatgina kunning oʻzini tushunar ekan. Menimcha, sana bu – yilning qaysi kuni ekanligi. Yil, kun oy birgalikda sanani tashkil etadi.

2. Sanani xato yozish
Aksar oʻzbeklar sanani kun, oy, yil tartibida yozib qoʻyadi – 29-yanvar 2024-yil tarzida. Bu usul oʻzbek tilining uslubiga xos emas. Oʻzbek tilida sana aytilganda avval yil, keyin kun, keyin oy aytiladi. Shuning uchun 2024-yil 29-yanvar, deya yozish toʻgʻri boʻladi.

3. Sanani xato qisqartirish
Koʻpchilik sanani kun, oy, yil tarzida qisqartirar ekan – 29.01.2024. Bu Britaniya ingliz tilisi yoxud rus tili uslubi hisoblanadi. Ularning ogʻzaki nutqida ham avval kun, keyin oy, keyin yil aytiladi. Qisqartirishlari ham shunga hamohang. 01.29.2024. deya qisqartiradiganlar esa Amerika ingliz tilisi qoidasiga amal qilishlarini bilishmasa kerak.

Oʻzbek tilida avval yil, keyin kun, keyin oy aytilar ekan, qisqartirish ham shunga mos boʻlishi kerak – 2024.29.01. Bunday qisqartirish usuli amalda ekanini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan 2020-yilda chop etilgan “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qoʻllanmasidan bilib olsa boʻladi. Istalgan hujjat ostiga qoʻyilgan sana yil, kun, oy tartibida.

Koʻpchilik ona tili darslarida sanani soʻz bilan yozish majburiymi deb soʻraydi, shaxsan men bunday tartibga duch kelmaganman. Oʻqituvchi nimani istasa shuni qilaveradi. Soʻz bilan yozilsin, degan tartib biror hujjatda koʻrsatilmagan. Tavsiya etilgan boʻlishi mumkin (fan xususiyatidan kelib chiqib). Lekin men har doim qisqartmasidan foydalanaman va buni fojia deb hisoblamayman.

@birgap
👍25🔥231
Oʻquvchilarim topshirgan ishlarni (uy vazifasi, sinfda bajarilgan ishlar) tekshirganimda ayrimlariga atay past yoki baland baho qoʻyaman. Men tekshirib qaytarib berganimdan keyin oʻzi ham koʻrib chiqsin deyman. Aksar hollarda ball qoʻshilib qolgan oʻquvchi ham, balli kamayib qolgani ham kelib, appelyatsiya beradi, oʻz ishini himoya qiladi. Bu ham bir koʻnikma, deb oʻylayman.

@birgap
👍31👏2🔥1
Alisher Qodirov 3 foizga ham bormaydigan rus vatandoshlar uchun taʼlim va televideniyada rus tili nomutanosib darajada koʻp ekanini taʼkidlar ekan yechim sifatida boshlangʻich taʼlimni ona tilida oʻqitish boʻyicha norma qonunga kiritilishi mumkinligini aytadi.

Shu fikrlari haqida oʻzimning shaxsiy qarashlarimni yozdim:

Maqolani toʻliq oʻqish

@birgap
👍20🔥1
Oliy ma’lumotli insonlar ishlaydigan davlat ta’lim muassasalari o‘quvchilar deyarli har kuni ko‘zi tushadigan plakatlarni shunchalik e’tiborsizlik bilan tayyorlab, ilib qo‘yaversa, boshqalardan nima kutamiz?

Undan tashqari, nahotki bir ta’lim muassasasida tire bilan chiziqchaning farqiga boradigan o‘zbek tili mutaxassisi topilmasa?

Tanch
Tinch

Manbai
Manbayi

Mirziyoev
Mirziyoyev

@xatoliklar
@xatoliklar_lotin
🤯39👍11😁7😱6😢2
Qiziq, Davlat tilini rivojlantirish departamentining rasmiy saytida "Oʻzbek tilining imlo lugʻati", "Davlat tili ish yuritish" amaliy qoʻllanmasi kabi kitoblarning faqatgina kirill alifbosidagi nusxasi qoʻyilgan. Ularning lotin yozuvidagi nusxalari ham bor-ku! Nega departament buni qoʻymagan? Unga mablagʻ ajratishmaganmi?

Davlat tilini rivojlantirish departamenti oʻtgan yili ancha sermahsul ishladi. Koʻplab lugʻatlar, qoʻllanmalar nashr etildi. Ammo ular faqat qogʻoz koʻrinishida qolmoqda. Departament kitoblarni davlat ajratgan pullar hisobidan tayyorlaydi, chop etadi. Kitoblarga ketadigan mablagʻ soliq toʻlovchilarniki ekan, kitoblar har bir soliq toʻlovchiga yetib borishi uchun harakat qilmoq kerak. Buning eng osoni ularning PDF nusxasini saytga joylab borishdir. Agar nusxa koʻchirish imkoni boʻlgan PDF nusxalar rasmiy sayt orqali tarqatilsa, turli dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchilari shu lugʻatlarni elektronlashtirish, undagi ma'lumotlarni platformaga joylash (masalan, onlayn lugʻatlar yaratish) ishlarini oʻzlari qilishadi. Ulardagi asosiy muammo - ma'lumot kamligi.

Oʻylaymizki, departament xodimlari bu muammoga yechim topishadi. Ularga saytni normal yuritish uchun mablagʻ ajratmayotganlar ham bir qur oʻylab koʻradi.

@birgap
👍17🔥3👏3😁3😢1
Forwarded from Jalilov. Qaydlar
"Yana 1 000 та maktabda Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning baholash tizimi joriy qilinadi", deya xabar bermoqda "Xalq ta'limi info" kanali. Xabarda qo'shimcha qilinishicha, "fanlardagi amaliy mashg'ulotlar ulushini 60 foizgacha oshirish reja qilinmoqda".

Darhaqiqat, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida"gi Prezident farmoni loyihasining 11-bandiga mazkur chora-tadbir ham kiritilgan.

"Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning baholash tajribasi" deya joriy qilinayotgan mazkur tizim ko'plab muhokamalarga sabab bo'lmoqda. Masalan, bu tizim haqida Gazeta.uz nashridagi ruscha material tagida qoldirilgan aksar izohlar, ijtimoiy tarmoqlarda ota-onalarning va o'qituvchilarning fikrlari, e'tirozlari "yangi tizim"ni joriy qilayotganlar tomonidan inobatga olinayotgani yo'q. Endi bu tizim yana 1000ta maktabga joriy qilinadi, demak, yana 1000ta maktabda "ta'limning oyog'i osmondan bo'lib ketadi".

Yangi tizim haqida, uning afzalliklari va kamchiliklari haqida tahliliy material tayyorlash haqida o'ylayapman. Bu materialda o'zimning ham tizim haqidagi fikrlarim, tahlillarim bo'ladi, lekin sizning fikrlaringiz ham juda muhim. Hurmatli pedagoglar, ota-onalar, agar tizim bo'yicha fikrlaringiz bilan bo'lishishni istasangiz, iltimos, @qaydlar_aloqa_bot orqali bog'laning yoki shu post tagida izoh qoldiring.
👍6🔥4👏2