Aziz Rahimov
52.9K subscribers
46 photos
8 videos
247 links
Bog’lanish uchun: azizrahimov@rahimovschool.uz

Reklama olmaymiz.
Download Telegram
Bir bloger masjid haqida storis qo’ygani uchun, “men quryapman” deb chiqibdi.

Maktabda to’lovga qiynalganlar bo’lsa, ayting men qarashib yuboraman” dedi bir akamiz.

"Mana 100 mln. Laboratoriyaga ishlatasiz" dedi yana boshqalari.

200 mln so’m jo’natib, “iqtidorli talabalarga qarashing" dedilar bir otamiz.

Hech birlari shaxslari ochiqlanishni xohlamadilar.

"Men qilyapman" deganlarga aldanib qolmaylik.

Eng katta yaxshiliklar bilintirmasdan qilinadi.
MDHning eng kuchli neyrofiziologi, akademik aytyapti:

Ko’rgan narsangiz miyangizda qoladi. Umringiz oxirigacha turadi. O’lgandan keyin ham saqlanadi.

Bu degani: foydali narsa o’qisak, unutsak ham foyda olamiz.

Bema’ni narsa ko’rsak, unutsak ham zarar beradi. Chiqib ham ketmaydi.

Sumkamizga tushgan narsa qaytib chiqmasligini bilsak, o’ylab narsa solgan bo’lardik.

Tanishgan odamimiz bilan do’st bo’lishga majburlansak, hamma bilan ham tanishmasdik.

Balki kontentni tanlash payti ham kelgandir. Atrofdagilarni ham.

Bema’ni narsa ko’rgan ko’z, balki hech narsa ko’rmagani yaxshi.

Chunki qulog’i va nazarini saqlagan, miyasini saqlabdi.
Kechqurun to’yib ovqatlangan, uyquga to’ymaydi.

Uyquga to’ymagan, ovqat yegisi kelaveradi.

Ovqat ko’p yesa, semirib ketaveradi.

Semirsa, kechasi ham yegisi keladi.

Kechasi ovqat yesa…

Och uxlashda hikmat ko’p.

Ramazondan oldin bir eslatay dedimda.
TikTok, YouTube, Instagram. Uzoq ishlatdim. O’zgartiradigan darajada narsa olmadim.

Ulug’lar suhbati, eski kitoblar, do’stlar tanbehi, Telegram bloglar. Ozginasi ham o’zgarish olib keldi.

Keyin tushunib qoldim.

Bittasi eshitishni xohlagan gaplarimizni ko’rsatadi. Algoritm.

Ikkinchisiga esa nima xohlashimizni farqi yo’q. Borini aytadi. Algoritm yo’q.

Shu sabab, balki odam o’zgaradi.

Chunki eng katta o’zgarishlar – eshitgimiz kelmayotgan gaplarni eshitganimizda keladi.
Mashhur afsonalar.

Suvni sekin qizdirsa, qurbaqa sakrab qocha olmay, qaynab o’lar ekan.

Unday emas. Sekin qizdirsa ham, sakrab chiqib ketadi.

Odamlar miyasining 10 foizini ishlatadi deyishadi. Ko’prog’ini ishlatsa daho bo’lar ekan.

Unday emas. Inson miyasining hamma joyini ishlatadi.

Odam millioner bo’lsa maqtanar ekan. Millilarder kamtar bo’ladi. Ana Zukerberg oddiy kulrang futbolkada yuradi.

Unday emas. Har bitta futbolkasi 300$ turadi.
6 yoshida boyish haqida YouTubeda videolar ko’ra boshlaydi.

7 yoshida quyon boqishni boshlab, fermaga aylantiradi.

8 yoshida daromadiga qo’shnisining mashinasini sotib oladi.

9 yoshida o’z puliga 40 sotix yer sotib olib, fermasiga echkilarni ham qo’shadi.

10 yoshida eski uy sotib oladi. YouTubedan o’rganib o’zi ta’mirlab chiqadi. To’rt barobar qimmatiga xaridor chiqadi.

12 yoshida qishlog’idagi suv yo’qolib borish muammosini hal qilishga kirishadi.

14 yoshida kitob yozadi. O’qib tugatdim. Qiziqarli.

Bu yutuqlarga asosiy sabab qilib, ota-onasinig puli yo’q nogironlar bo’lgani va qiladigan ishlarida unga ishonishganini aytib o’tadi.

Bu Cole Summers hikoyasi edi.

Oladigan darsimiz:

Ota-onaning ishonchi qanot bo’ladi. Har qanday cheklovlarni kesib chiqishga yordam beradi.
Ovqatdan ro’za tutganda, hujayralar tozalanadi. Alzgeymer, saraton oldi olinadi. Jarayonni autofagiya deyishadi.

Ma’lumotdan ro’za tutish ham bor. Yangilik va ijtimoiy tarmoqdan cheklanib, o’rniga tafakkur qilganda – siqilish kamayadi, yangi g’oyalar keladi. Meditatsiya deyishadi.

Boshqalar kamchiligi(ya’ni g’iybat)dan ro’za tutganda, o’z kamchiliklariga e’tibor oshadi. Taftish ko’payadi. Kibr kamayadi.

Qorin, miya, quloq.

Idish bo’sh turibdi degani, to’ldirishimiz shart degani emas. Bo'sh turishi shu idishlarning egasiga foydali bo'ladi.
Ko’chadaman. Begona joyda.

Telefonim quvvati 1%. Ishim bitishi telefonimga bog’liq.

Power Bankim yonimda bo’lishi uchun ko’p narsaga tayyor bo’ldim.

Boshqa paytlari chang bosib yotar edi.

Narsalarni kerakli bo’lishi, narsaning o’zidan emas, bizning ehtiyojimizdan.

Yillardan beri til/kasb o’rgana olmayotganlar bor.

Balki muammo rostdan ham xohishimiz yo’qligidadir?

Axir, talaba degani - so’rab oluvchi degani.

Bundan yana bir dars olsak bo’ladi:

Buyuk o’qituvchilar nafaqat o’rgatadi, balki xohlatadi ham.
Ramazon hayiti boshqacha kun.

Bu kun siz albatta yoshlikni eslaysiz. Necha yosh bo’lsangiz ham. Hayit namozi, shirinliklar, qarindoshlarni yo'qlash, kelin-salom, hamma hammasi yoshlikni eslatadi.

Bu kun siz kunni yarmini tabriklash va tabriklarni qabul qilish bilan o’tkazasiz.

Bu kun sizga yaqin va uzoq insonlarni ajratib olasiz. Birinchilar tabriklash uchun shaxsiy xabar yozib yoki qo'ng'iroq qilsa, ikkinchilar shablon tabrik yoki rasm jo'natishadi.

Bu kun siz aslida qancha qarindoshingiz borligini bilib oladigan kun.

Bu kun sizni asl hayotiy qadriyatlarga qaytaradi: Oila, silai rahm, ehson, namoz. Deyarli hech kimni ish haqida gapirganini ko’rmaysiz.

Bu kun biron narsa yeyishdan oldin, har safar ikkilanib, o’zingizdan "Ro'zamasmidim o'zi? " deb so'raydigan kun. 😊

Bu kunni hamma yaxshi ko'radi, yosh bolalar ham, kattalar ham ,qariyalar ham. Biz ham bu kunni yaxshi ko'ramiz. Ramazon hayitini yaxshi ko'rganlarga hayit muborak aziz do’stlar!
Kompyuter, telefonim qotib qolsa, o’chirib yoqish eng yaxshi yordam beradi.

Organizm bilan ham shunday bo’lib turadi. Siqilish. Qarorga qiynalish. Charchash. Qotib qoladi.

Bitta o’chirib yoqish yordam beradi. Och qorin + qorong’u joy + vaqtli uxlash = o’chirib yoqish formulasi.
Gollandiya (va Norvegiya)da deyarli hamma ingliz tilini biladi.

Asosiy sabab – film va seriallarni tarjima qilib o’tirishmaydi. O'z tilida subtitr qo'yishadi xolos.

Farzandimizga til o'rgatish uchun, o'sha tildagi maktabga berib, madaniyatini riskka qo'yishimiz shart emas.

Film va seriallarni originalida qo'yib berish eng yaxshi foyda beradi.

Ingliz tilida bilmadim, Rus tilida “Смешарики” yaxshi tanlov ekan. G'oyaviy ta'siri yo'q. Kim subtitrlarini qilib chiqsa, har qanday rus tili o'qituvchisidan ko'proq yaxshilik qilgan bo'ladi.
Oxirgi besh yilgi voqealarga qarang:

Butun dunyo uyida oylab qulflanib o’tirdi. Ajdodlarimiz noma’lum vabodan qanchalik qo’rqqanlarini tanamizda his qildik.

Rossiya va Nato o’rtasidagi urushni real vaqtda kuzatib turdik.

G’azodagi qirg’in sabab, g’arbning asl yuzini va Amerika kimning changalida ekanligini bilib oldik. Ungacha dalil yetishmas edi, xolos.

Yangiliklarning kamida 50 foizi yolg’on ekanligini bilib qoldik. Tarix ham shunday, yarmi yolg’on emasligiga kim ishonadi endi?

Kennedi kabi Amerika prezidentga suiqasdni ko’rdik. Kim qilgani hali ham noma’lum.

Pax Americana (Amerika imperiyasining) tugatilayotganiga guvoh bo’lib turibmiz. Global savdoga hujum. Mahalliychilik kuchayishi.

p.s. Yaxshiyam maktabimizda muhandislar chiqarishga e’tibor beribmiz.

2000-2025 tarixi yozilayotganda, 80% joyni shu besh yil egallasa kerak.

Atrofni kuzatayotganga netflix va filmlar kerak emas. Popkorn yetarli. Eh. Ajoyib davrlarda yashayapmiz.
Lupa bilan bitta joyga yig’ilsa, quyosh nuri bilan olov yoqsa bo’ladi.

Tomchi bitta joyga tomaversa, toshni ham o’yib yuboradi.

Diqqat hozirgi zamonning eng qimmat valyutasi. Hammada kamayib ketayapti.

Ish/o’qishi paytida telegram ochib qo’yganlar, ikkita ish qilyapman deb o’ylayapti.

Aslida bittasini ham bitirmayapti.

Diqqat – bitta ish qilish emas, boshqa hamma ishdan voz kechish. Yarim soatga bo’lsa ham.
“ChatGPT savollarimga javob berib tursa, tarjimalar qilib bersa, nega ingliz tilini o‘rganishim kerak?” so‘rab qoldi 10 yashar qizcha.

Otalari nima deb javob berishni bilmabdilar.

Kalkulyator sotuvga chiqqaniga yuz yildan oshdi. Matematika o‘qishni to‘xtatmadik. Faqat kuchaytirdik.

Matematika kalkulyator o‘rnini bosish uchun o‘rganilmaydi. Matematika fikrlashni charxlaydi.

Til ham tarjima uchun o‘rganilmaydi.

1. Tilni o‘rganish o‘sha muhitga tushish degani. O‘sha til egalaridek o‘ylay olish degani. Ya’ni yangi dunyoqarash.

2. Mehnati bilan til sertifikati olgan, boshqa ishlarni ham qilishi osonlashadi. Universitetlar bekorga shu sertifikatlarga qarab grantlar bermaydi.

3. Til biladigan odam o‘sha chatni bir necha barobar yaxshiroq ishlata oladi. Matematikani bilgan kalkulyatorni yaxshiroq ishlatgani kabi.

Kunning oxirida hassa bilan yoki o‘zi yurish hammaning shaxsiy tanlovi. Faqat hassa bilan qanchalik uzoqqa borsa bo'ladi?

Yana ustiga Gyote ham aytgandi: birorta chet tilini bilmagan, o‘z tilini ham bilmabdi.
Transportda o’qisak, boshimiz aylanadi, ko’nglimiz ayniydi.

Sababi haqida o’qib qoldim:

Harakat holsizligi (motion sickness). Tana harakatni sezadi, ko’z esa bir nuqtaga (kitob, ekran) qarab turgani uchun sezmaydi. Miya aslida nima bo’layotganini bilmay siqilishni boshlaydi.

Qalb ham shundan siqilarmikan deb qoldim.

Bir nima gaplar gapiramiz. Harakatlarimiz shunga to’g’ri kelmaydi. Qalbimiz aslida kim ekanligimizni bila olmay siqila boshlaydi.

Kimdir o’yinlar, serial, kino-yu, moddalar orqali ketkazmoqchi bo’ladi. Isitmani tushurish uchun suvga sakrashga o’xshaydi. Sabab qolib, oqibat bilan kurashish.

So’zlarimizni harakatlarga moslashimiz, harakatlarimizni so’zlarimizga moslashimiz. Shu yechimga o’xshayapti.

Qilishga doim qiynalaman.

Qiyin bo’lmaganida, Rumiyning eng muhim tavsiyalari shu bo’lmas edi balki.
Yangi loyihalarimiz

Rahimov Kids. Bog’chamizni boshlab oldik. O’zbek tilida. Odatlar va kitob o’qishni o’rgatamiz. O'z farzandlarimni ham bermoqchiman.

Parallel muhit. 4 oydan beri uzun insholar orqali turli mavzularda gaplashyapmiz. 800+ odam pul to'lab o’qiyapti.
Qisqa yozish, uzun yozishdan qiyinroq.

Kam gapirish, ko'p gapirishdan qiyinroq.
Burunga zararli modda (virus, chang, qazg’o) kirib qoladi.

Millisekundlarda o’pka havoga to’ladi.

Keyin bosim bilan o’sha havoni siqa boshlaydi.

Zararli modda 160 km/soat tezlikda burundan chiqib ketadi.

Yo’lida radar bo’lganida, aniq rasmga tushurar edi)

Jarayon “aksirish” deb nomlanadi.

Nafas yo’llarining himoya vositasi. Har aksirganimiz, bitta zarardan himoya bo’ladi.

Balki shuning uchun ham hamd aytamiz.

Miyamiz esa afsuski aksira olmaydi. Uchratganini shimib ketadi.

Shu sabab eng yaxshi yechim – chang joylardan yurmaslik bo’ladi.

Instagram, tiktok, g’iybat kanallar, yangiliklar aksari.

Uzoqdan yaltiraydi. Yoniga borsak, chang bo’lib chiqadi. Miyamiz aksira olmaydi. Ichimizga kirgach kech bo’ladi.
Eng kuchli universitet talabalari ham uy vazifalarini chatGPTga qildirishyapti. Demak, qolganlarning holi yanada xarob.

Pubmedning oxirgi tadqiqoti javoblari chiqdi. Yoshlikdan chatlarga suyanib borish, aqliy qobiliyatlarimizni pasaytirib yuboradi.

Shu vaqtning oʻzida Sem Altman (chatGPT) yangi CEO tayinladi. U oʻn yil davomida Feysbukda reklamani yoʻlga qo'yish bilan shug’ullangan edi.

Altman gptni kuniga kamida 3 soat ishlatishni maslahat beradi. Oʻzi esa, fikrlashini soatlab oddiy qogʻoz va ruchkada oʻtkazadi.

Yana bir marta, sekinroq.

Talabalar (demak, boshqa koʻpchilik ham) oʻzlari oʻqimoqchi emas, chat bilan ishlarini bitirmoqchi + chatga yoshlikdan suyanganlarda aqliy pasayish kuzatilyapti + aqliy dangasa va zaif foydalanuvchilarga yaqinda bilintirmaydigan reklama boshlanadi + shularning tepasidagi rahbar odam, oʻz mahsuloti bilan fikrlashdan tashqari, kundalik qogʻoz-qalam bilan ham fikrlashni ma’qul ko’radi.

Vachovskilar taxmin qilganidek robotlar bizni bosib olmaydi shekilli.

Oʻylashni xohlamagan dangasa odamlar, xoʻjayinlikni oʻzlari topshirib qoʻya qolishadi.

Ajib yangi dunyo boʻsagʻasida turibmiz.
O’zbekiston demografik daraxtiga ko’zim tushib qoldi.

Xulosalar:

1. 1991 - 1996 yillarda odamlarda kelajakka optimizm bo’lgan. 1999 - 2005 da pessimizm. Ko’payishni xohlashmagan.

2. 18-26 yoshdagi aholi yetishmayapti. Keyingi qatlam kelgunicha, kuchli mutaxassislarda daromad yuqoriroq/raqobat pastroq bo’ladi.

3. 5-15 yoshliklar eng katta qatlam. Demak, bolalar bilan bog’liq ishlarga talab katta: O’qituvchi/kontent/maktab/bog’cha/o’quv markaz

4. Aholi o’sishi bo’yicha dunyoda top 5 talikda turamiz. (Afrikani hisobga olmaganda) Demak, mutaxassis eksportiga imkoniyat katta.