Aziz Rahimov
53.1K subscribers
44 photos
8 videos
246 links
Bog’lanish uchun: azizrahimov@rahimovschool.uz

Reklama olmaymiz.
Download Telegram
​​Yaxshiroq, boyroq, chiroyliroq

Har bir odamzodga xos bir xohish bor. Bu aslidan ko’ra yaxshiroq ko’rinish xohishi.

Odamlardan nima ish qilasan deb so’ra, ishlayotgan joyini maqtab va o’zini ishini nega muhimligini tushuntirib ham beradi senga.

Odamlar shuning uchun o’zlarini puli yetmagan telefonlarni (asosan iPhone) va mashinalarni kreditga olishadi. Ozgina yig’ib oddiyrog’ini olsa bo’ladi-ku! Yo’q eng oxirgisi va eng zo’ri.

Balki gap komfortda deb o’ylarsan? Yo’q ko’p hollarda unday emas. Mana ko’rib qo’y. Menda ham bor. Biz ham orqadamasmiz degan xabarlarni atrofdagilarga yetkazib, o’zini zo’rligini ko’rsatish maqsadi. Minayotgan mashinasi, yoki qo’lidagi telefon oxirigacha uniki bo’lmasa ham.

Biz haqiqiy hayotni qo’ldan kelgancha bezab ko’rsatishga harakat qilamiz.

Kinoning vazifasi ham shu. U yerda hech qachon real hayot ko’rsatilmaydi. Kino uchun reallik zerikarli. Shuning uchun kadr grimm, chiroqlar, dekoratsiya, effektlar bilan bezatiladi.

Instagram ham shu vazifani bajaradi. Hech kim u yerga qiyshiq tushgan rasmini qo’yib, “yuzimga ugri chiqdi, o’zimni yomon his qilyapman” deb yozib qo’ymaydi. Hamma o’z hayotini bezab, effect qo’shib atrofdagilarga ko’rsatadi.

Bu normal holat. Hammada bor xohish.

P.S.
Lekin shu xohishini yenggan odamlarni ko’rib qolsang, shuni bil: Sen o’z nafsi va egosi bilan qattiq kurashib uni yenggan odam qarshisida turibsan.

@azizrakhimov_blog
​​Shogird

Maktab va o'quv markazlarimizda o'quvchi ko'payib borayotgani uchun maktabdagi barcha jarayonlarni tizimlashtirishga to'g'ri kelyapti. Barcha jarayonlarni.

O'zimni vaqtim yetmayotganligi va bozorda bunday mutaxassislar yo'qligi tufayli bitta shogird kerak bo'lyapti.

-Ho'p shogird bo'lsam nima yutaman?

Ta'lim tizimida ishlash va uni tizimlashtirish bo'yicha tajriba orttirasan, yuzaga kelgan muammolarni 3,5 sekundda hal qilishni o'rganasan, biznes yuritish jarayonlarini ichkaridan kuzatasan va mas'uliyat olishni o'rganasan. Ha, boshida ozgina cho'ntak puli ham beramiz. Super kerakli kadr bo'lib qolganingdan keyin (bu endi qachon bo'lishi o'zingga bog'liq) daromading ham yaxshi bo'lib ketadi. O'zingga va kelajagingga bo'lgan ishonching ortadi.

-Talablar qanday?

-Ingliz yoki rus tilini bilishing kerak. (Busiz iloji yo'q, uzr)
-O'z ustingda eshshakday ishlashni yoqtirishing kerak.
-Berilgan vazifani bajarib bo'lmaguncha uxlay olmaydigan qobiliyat va mas'uliyat hissi
-Kuchli mantiq

Nima qilishim kerak?

So'rovnomani to'ldirsang kifoya:
https://forms.gle/DKn72ixy3mtZFBVV8
​​Hammasiga o'zing aybdorsan!
Ichidan o'tkazish (internalizing) prinsipi

Sen bilan sodir bo'layotgan noxush voqealarga ikki xil reaksiya bo'lishi mumkin.
1. Boshqalarni aybdor qilish,
2. O'zingni ayblash.

Juda ko'pchilik muammolarning sababi sifatida atrofdagilarni ko'radi. O'zidan boshqa hamma aybdor: Sotqin do'stlar, korrupsiya, qimmat narx-navo, ishini eplolmaydigan odamlar va hk. Bu miyaning himoya mexanizmi bo'lib, stressga tushib qolmaslik uchun zarur.

Lekin biror sodir bo'lgan ish uchun javobgarlikni bo'yningga olishni boshlasang (aybdorlikni emas), har bir xato bepul darsga aylanadi.

Ikkala yondashuvni misol bilan tushuntiraman:

Orzu qilgan o'qish/ish joyingga kirding. Lekin kirib bo'lgach qarasang u yer bir tiyinga qimmat, umringni sarflashga arzimaydigan joy ekan.

1-Yondashuv: Direktor/xo'jayin/davlat aybdor. Nega yopib yubormaydi bu yerni? Shuncha pul uvol. Nega menga hech kim aytmadi?

Hammani yomonlab, so'kib, qarg'ab chiqding. Lekin hech nima o'zgarmadi. Havoni biroz titratding xolos.

2-Yondashuv: Men aybdorman. Keyingi safar shu xatoni takrorlamasligim uchun nima qilsam bo'ladi? Ha, kirmoqchi bo'lgan o'qish/ishimdagi bir necha insonlar bilan oldindan gaplashib, menga mos yoki yo'qligini bilib olib, keyin harakat qilishim kerak ekan.

Xatoni qilib bo'lding. Lekin endi unutilmas dars ham olding.

Shu prinsipni qo'llay boshlasang kun sayin aqllilashib borasan. Hayotning o'zi darslarga to'la ekanligini va hali o'rganadigan narsalaring ko'pligini, tushunib yetasan. Mahallangni boshidagi G'aybullakaning mashinasi qirilishiga ham aloqang bo'lishi mumkinligini his qilasan.

Formula oddiy, muammo/noxush vaziyat kelganda mas'uliyatni o'z bo'yningga olasan. O'zingga bog'liq sababini analiz qilasan. Keyingi safar takrorlamaslik uchun biror joyga yozib qo'yasan.

P.S.
O’zingni juda ko'p ayblab yuborsang ham depressiyaga tushib qolish hech gap emas. Lekin bir narsani unutma: Taqdiringda bor ekan shunday bo'ldi, rozi bo'l. Seni qo'lindan endi faqat analiz qilish keladi xolos.

P.S.S
Maqola senga yoqmadi. Ensang qotdi. Ketgan vaqtingga achinding. Top-chi kim aybdor?😉
​​Kimyo o'qituvchilari bormisiz?

Bolalardan bilim va mehrini ayamaydigan, ichki energiyaga to'la kimyo o'qituvchisi qidiryapmiz. Biror tanishing bo'lsa ho'v devor.

Sharoitlar qanday?
Haftada 4 kun ish 14.00dan 17.00 gacha(3 soat!)
3 - 3,5 mln oylik. Tushlik o'zimizdan.

Talablar qanday?
Sohada kamida bir yillik tajriba va bizning ichki imtixondan o'tish.

Nima qilish kerak?
Mana bu yerga (@merit_school_hr) rezyume/ma'lumotnoma yuborish, biz tomondan javobini kutish.
​​Chuqur savollar

Insonning biror sohadagi saviyasini uning javoblaridan ham ko'ra berayotgan savollari yaxshiroq ko'rsatadi. Biror odam haqidagi fikrim ba'zan bitta savol tufayli 180 darajaga o'zgarib ketgan paytlarim bo'lgan.

Kel endi turli sohalardagi sayoz va chuqur savollarni ko'rib chiqamiz:

Ishga kirayotganda:
Sayoz savol: Qancha oylik berasizlar o'zi?
Chuqur savol: Ish jarayonidagi erkinlik, hal qilishim kerak bo'lgan muammolar va kompaniya qadriyatlari haqida gapirib bering

Imom domladan:
Sayoz savol: Domla, namoz paytida qo'lni qayerga qo'yadi o'zi, kindik tagigami yoki ustiga?
Chuqur savol: Shunday bir amal bormi, shuni qilib yursam ichki xotirjamlik topaman?

Biznes boshlayotganda:
Sayoz savol: Qaysi ishdan ko'p foyda olsak bo'ladi va shunga tiksak pulimiz qanchada chiqarkin?
Chuqur savol: Qadriyati to'g'ri keladigan, lekin maqsadlari to'g'ri kelmaydigan odamlar sherik bo'lsa bo'ladimi?

Turmush qurish uchun uchrashuvga chiqganda:
Sayoz savol: Sizga qaysi kinofilmlar/rang/aktyor/ovqat yoqadi?
Chuqur savol: Itoat deganda nimani tushunasiz?

O'z o'zingdan (ha, shunday ham qilib turish kerak):
Sayoz savol: Gulmira nega meni rasmimga layk qo'ymadi?
Chuqur savol: Bugun, kecha bilmagan narsalarimdan nimani o'rgandim?

Chuqur savollar odatda aqlli, shu sohada tajribasi bor, o'ylab gapiradigan odamlardan chiqadi. Chuqur savollar berish uchun chuqur o'ylaydigan odam (deep, slow thinker) bo'lish kerak. Buning yo'llari ko'p. Lekin birinchi qadam shu maqolani o'qishdan boshlanadi.

@azizrakhimov_blog
Maqolalar haqida

Mana blogimizdagi postlar soni ham 200 taga yetibdi. Shu munosabat bilan bugun maqolalarimiz haqida maqola yozamiz.

Bu blog har kun oz-ozdan aqlliroq va kengroq fikrlaydigan bo'lishni istaganlar uchun. Chunki har bir maqola seni rivojlantirish, boshqacha o'ylashga undash va motivatsiya qilish maqsadida yoziladi.

Bu blogda quyidagilar haqida yozilmaydi:

-Siyosat - chunki muallifning bunga aqli yetmaydi, buning ustiga u haqida yozilgan maqoladan olinadigan foyda ketkazilgan vaqtga arzimaydi.

-Kundalik yangiliklar - buning uchun blog o'qish shart emas, bitta bekorchi tanishing bilan gaplashib qolsang hammasini aytib beradi.

-Trendga chiqgan voqea hodisalar - Muallif atrofdagi hamma voqealarga munosabat bildirib o'tiradigan darajada vaqti ko'p odam emas, vaqti bo'lgan taqdirda ham aksar sohalarda ekspert bo'lmagani uchun munosabat bildira olmaydi.

Maqolalar kundalik kuzatuvlarim, o'qigan kitoblarim, ustozlarim maslahati, o'z tajribalarim asosida yoziladi. Yuqoridagi mavzularda yozilmagani uchun, postlarni istalgan tartibda, har qanday vaqtda o'qisa ham foydasi tegadi, aktual bo'ladi.

Sen-chi aziz do'stim? Blogga a'zo bo'lib biron foyda oldingmi? Fikrlashing, kundalik hayotingda qanday o'zgarishlar bo'ldi? Qanday maqolalar ko'proq bo'lishini istarding? Kommentlarda yozib qoldir. Bugun yubiley, hammasini o'qiyman.

@azizrakhimov_blog
​​Ko'rpangga qarab oyoq uzat
Biror narsani sotib olishga puling yetish yetmasligi haqida

Daromading oshib borgani sari ichingda savol tug'ila boshlaydi: "Men qanday telefon, noutbuk tutishga, qanday mashina minishga loyiqman?", "Narxi necha pullik kiyimlarni kiyishim kerak o'zi?" degan.

Iqtisodni yaxshi tushunadiganlar o'z raqamlarini hisob-kitob qilib topishadi. Tushunmaydiganlar esa atrofga qaraydi. Do'sti tutayotgan telefonga, qo'shinisi minayotgan mashinaga.

Men biror bir xarid cho'ntagimga mosmi yo'qmi tekshirish uchun oson prinsip qo'llayman. Agar sotib olmoqchi bo'lgan narsamni ikki marta og'rinmay sotib ola olsam, demak bu mening hozirgi iqtisodiy holatimga mos xarid. Misol uchun 500$ lik smartfon olmoqchi bo'lsam, hayolimda narxini ikkiga ko'paytirib (1000$) shu pulni ishlata olish, olmasligimni o'ylab ko'raman. Bu asosan 100$ dan yuqoriroq xarajatlar uchun ishlatiladigan prinsip. (lekin daromadga qarab, kichikroq xarajatlarga moslasa ham bo'ladi)

Bu prinsipning foydalari ko'p: Tejamkorlikka, nafsni boshqarishga, xaridlarni o'ylab qilishga, soddaroq yashashga, qarzga kirib ketmaslikka yordam beradi.

"-Unda rosa pul ortib qoladi-ku" deyishing mumkin. Ha shunday. Ularni qayerga ishlatish haqida ham yozgandim.

@azizrakhimov_blog
​​Dangasalikni qanday yo'qotsa bo'ladi?
Shu maqolani o'qib.

Eh sodda do'stim. Bilaman sen hayotingda katta o'zgarishlar qilmoqchisan. Lekin doim yoki motivatsiya yetishmaydi yoki dangasaliging halaqit beradi. Xo'sh dangasalikni qanday yo'qotsa bo'ladi?

Hech qanday.

Miyang, tanang, nafsing, shaytoning hammasi seni dangasa bo'lishingni, tinmay tik-tok, instagram, YouTube, befoyda yangiliklar ko'rishingni, har bitta yangi chiqqan o'yinni o'ynab ko'rishingni xohlaydi. Sen-chi? Shuncha dushmanga bitta maqolani o'qib kurasha olaman deb o'ylayabsan.

Nima qilasan kurashib. Qolaver shu holatingda. Atrofdagi hammani ayblab o'tiraver. Shuncha maqola ta'sir qilmagan bunisi ta'sir qilarmidi?

"Baribir o'lib ketamiz" gapi kimnidur harakatga undasa, seni harakatsizlikka undaydi. Har kuni yangi maqola chiqganda "-zo'r yozilibdi, yorvoribsiz, to'g'ri gap" deb qo'yasan, lekin amal qilish haqida ham hech o'ylab ko'rdingmi?

Xafa bo'lma, hali butun umring oldinda, yoki bo'laver, balki shunda ertadan bilganlaringga amal qilishni boshlarsan.

Xo'sh, endi
Seni o’rningda men nima qilgan bo'lardim?
1. Namozni boshlardim
2. Quyidagi postlarni boshidan o'qib chiqardim:
Men chekmayman
Tayyor bo'lishdan avval boshla
Beqarorlik
16 000$
Natijaga erishishning eng oson yo'li

P.S.
Agar sen o'qiganiga amal qiladigan 2% odamlar toifasiga kirsang, bu post sen uchun emas, o'qimasdan o'tkazib yubor 😉
2017 yili ingliz tili o'qituvchisi bo'lib ishlardim. O'sha paytlarda 90 yoshli kishining 90ta maslahati degan postni o'qib qolib evernotimga saqlab qo'ygandim. Qolgan maslahatlarni bir marta o'qib unutib yuborsamda, bularni har 3 oyda o'qib o'zimga eslatib turardim. 3 yil ichida juda ko'pini amalda tasdig'ini va ulkan foydasini ko'rdim. 

Bugun shu maslahatlardan eng saralarini sen bilan bo'lishmoqchiman.
https://telegra.ph/90-yoshli-odamdan-maslahatlar-01-25

Foydasi tegsa qolganini ham yozamiz. Bildirib qo'ysang bo'ldi
90 yoshli odamdan 90 ta maslahat
davomi

-Odamlar sen haqingda qanday o'ylashlarini aytmasliklari mumkin, lekin buni doim ko'rsatadilar. Odamlarni o'qishga o'zingni o'rgat, ularning tana tili nima deb o'ylayotganini sotib qo'yadi baribir.

-Ishdan ketish orzuingni amalga oshirmaydi. Orzularni rejalashtirish, maqsadga aylantirish va progressga olib chiqish kerak. Bu hammasini ishlab turib qilsa ham bo'ladi.

-Odamlar senga o'zingga beradigan bahodan ko'ra yuqoriroq baho bermaydilar. Harakatlaring, so'zlaring, usuling seni o'zingga beradigan bahoni ko'rsatib qo'yadi. Senga qirol kabi muomula qilishlarini xohlayapsanmi? Avval o'zingni ham shunga yarasha tut.

-O'z ishining ustasi bo'lmaslik bu - oson hayot va behuda sarflanib kelayotgan vaqtning belgisidir. Bunday insonlar o'zlarini o'zlari tanqid qila olmaydilar, reallikdan uzoqlashib ketganlar va o'zlarini aslidan ko'ra yaxshiroq deb biladilar.

-Agar odamlar seni harakatlaringni va fikrlaringni oldinda aytib bera oladigan bo'lsalar, o'zlarini sendan baland tutishni boshlashadi. Nostandard fikrlashni o'rgan.

-Sokinlik bu kuch. O'zingni shu darajada tarbiya qilishing kerakki, odamlarning arzimagan gapi va harakatlari seni kayfiyatingga ta'sir qilmasligi kerak. Hissiyotlar aqlningni boshqarishiga yo'l qo'yma.

-Sport bilan shug'ullanib turadigan insonlar odatda yaxshiroq ovqatlanishni va yaxshiroq ishlashni boshlashadi. Ular oilada va ishxonada sabrliroq bo'lishni boshlashadi. Depressiyaga kamroq tushishadi. Bu shunchaki badantarbiya, yurish-yugurish yoki og'ir vaznlarni ko'tarish bo'lishi mumkin.

-Pessimist, bemaqsad, tartib va rejasiz yashovchi do'stlaringni senga bo'lgan ta'sirini oz deb o'ylama. Agar kimdur seni kuchliroq qilmayotgan bo'lsa, ular seni kuchsizroq qilmoqda. Yoki ulardan qochasan yoki hozirgi holatingda qolaverasan.

-Agar odamlar seni qarorlaringni boshqara olishligini bilib qolishsa bundan tinmay foydalanishni boshlashadi. Qarorlarni o'zing qabul qil

@azizrakhimov_blog
Umid G'aybullayevning hayot hikoyasi.

Umid maktabda yaxshi o'qimadi. Nima qiladi yaxshi o'qib. Ayb o'qituvchilarda. Yaxshi bilim bera olishmaydi. Bitirishga yaqin o'qiyman deb o'ziga o'zi va'da berdi. Axir universitetga kirish kerak-ku. Hali vaqtim ko'p deb qo'yardi u.

Universitet(kollej)ga ham kirdi. Lekin o'qimadi. Nima qiladi o'qib. Axir bu bu fakultetga shu sohani yaxshi ko'rgani uchun emas, balki boshqa sabab(tanish borligi, masofa yaqinligi, ball pastligi) bilan kirgandi. O'zi umuman diplom bo'lsa bo'ldi-ku, naxotki kimdur o'qish uchun kelsa bu yerga?. Bitirib olsam, ana o'shanda ko'rsatib qo'yaman deb qo'yardi u. Vaqt bor-ku hali.

Bitirib oldi. Ishga ham joylashdi. Lekin yangi bitiruvchiga kim ham yaxshi ish berardi. Umidning ikkita orzusi bor. U yoki Amerikaga ketadi yoki o'z biznesini boshlaydi. Hozirgi ishi-chi? Bu ishi uni o'ziga yoqmaydi. U bundan yaxshiroq ishga loyiq. Shuning uchun nomiga bajaradi. O'z ustida ishlamaydi. Orzusidagi ishni topsa yoki o'zi biznes ochsa, ana o'shanda ishlashni ko'rsatib qo'yadi.

Yosh ham o'ttizga borib qoldi. Umidning endi yosh chaqalog'i va xotini bor. Endi u risk qila olmaydi. Nima qilaman risk qilib? Ana shunchasi yuribdiku - derdi u. Umidni ishi almashgandi, lekin u hali ham chin dildan ishlamasdi. Chunki oylik past. Bunga sabab - ochko'z boshliq albatta. Bitta yarimta tanishim ko'tarilib ketib, yoniga chaqirib olsa o'sha yerda ishlayman degan hayollar o'tardi. Vaqt borku hali.

-Bolalar tarbiyasi? Erkak kishining vazifasi pul topish. Tarbiyani ana xotinlar qilsin. Maktabdagi o'qituvchilar-chi? Mag'rur gapirib qo'yardi u. Biroq na birinchisini eplardi, na ikkinchisini. Hali hammasini yaxshi bo'lib ketadi. Chunki uning million dollarlik biznes g'oyasi bor. 6 yildan beri o'ylab keladi. Biron nima qildimi? Yo'q, u faqat o'ylaydi. Pishitib keladi. Kerakli muddatni kutadi. Hali vaqt bor.

Bo'ldi, Umid farzandlarini joyladi (uzatdi, uylantirdi). Endi astoydil ishlasa yoki o'zini ishini boshlasa bo'ladi. Shu paytgacha unga farzandlar xalaqit berayotgandek go'yo. Ertadan hammasi boshqacha bo'ladi, bomdodga turaman, sportni boshlayman, firmamni ochaman deb va'da berdi o'ziga.

Ertasi kuni, bomdodga ulgurishmadi-ku lekin peshinga chiqarishdi. Endi vaqt qolmagandi.

Xulosa:
O'rtacha harakatlar o'rtacha natijalarga olib boradi. Sen o'rtacha yashab ketish uchun kelmagansan do'stim. Musulmonlar hamma narsada eng oldinda bo'lishlari kerak. Vaqtingni behuda sarflama, o'z ustingda ishla, til o'rgan, doimo kitob o'qi, yaxshi do'stlar orttir va mana shu hikoyani boshqalarga aytib ber.

@azizrakhimov_blog
​​Xatolar

Insondagi har bir o'sish fikrlarning o'zgarishidan kelib chiqadi. Fikrlarini o'zgartira olmaydigan odam bir joyda qotib qolishga, tor fikrlashga, xato qilsa ham kibrlanib, tan olmaslikka mahkum.

Bugun men ba'zi maqolalarimdagi xatolarni tan olmoqchiman. Chunki orada vaqt o'tdi, ba'zi fikrlarim o'zgarib, yozganlarim noto'g'ri ekanligi tushunib yetdim.

Ko'proq ishlab topish yoki tejash barcha shaxsiy muammolarni ham pul bilan hal qilib bo'lmas ekan.

Biznes boshlash uchun sabab, o'z xohlaganini qilish ya'ni erkinroq bo'lish biznes boshlash uchun yaxshi sababligini o'ylab ko'rmagan ekanman.

Marketologlar haqida, ular mavjud, ba'zilari sohani biznes egasidan ham yaxshi tushunadi. Marketing haqida bir necha kitob o'qib xatoimni tushundim.

Yod, buxankaga alohida yod qo'shilishini tasdig'ini topa olmadim.

Institutni bitirishning shu vaqt orasida 3-foydasi ham borligini tushunib yetdim. O'z ustida ishlashga, mustaqil o'qishga o'rganish.
Boshqalarga foydali bo'lish haqida

Odamlarga foydang tegar ekan, javobi topilmas savollar, stress, yolg'izlik, maqsadning yo'qligi qiynamay qo'yadi seni.

Xo'sh, foydali bo'lishing uchun birinchi qadamlar nimalardan iborat bo'lishi kerak?

1. Taniqli bo'l

Hamma ishlaringni ommaga olib chiq ya'ni odamlarga ko'rsat, (maxfiy savoblardan tashqari albatta).
Qancha ko'p odamlarga tanilsang, shuncha ko'p foydang tegadi.

2. Boy bo'l

Kasbing yoki tadbirkorliging orqali boyib borayotganing, odamlarga katta foydang tegayotganini belgisi.

Halol boyishga harakat qilar ekansan, sen odamlarga foydali bo'lishga intilyapsan demak.

Boyib olgach, pullaringni foydali ishlarga sarfla. Boy bo'lishing endi jamiyatga ikki barobar foydali.


3. Keskin va kuchli fikrlar bildir.

Keskin fikrlaring odamlar uchun foydali.

Qaror qabul qila olmayotgan va ikki o't orasida yurganlar seni fikringni eshitib qaror qabul qilishlari osonlashadi.

Fikringigga qo'shilmaydiganlar esa, bahslashish orqali o'z fikrlarini mustahkamlab olishadi.

Fikrlaringni bo'lish.


4. Qimmat bo'l.

Odamlar ko'proq pul to'lab sotib olgan kiyimlari va buyumlarini yaxshiroq asrashadi.

Seminar qancha qimmat bo'lsa, bilet sotib olganlarning kelish ehtimoli shuncha oshadi.

Biror tekin maslahatni pulga bersang, amal qilish imkoniyati oshadi. (mana nega treninglar rivojlanmoqda).

P.S.
Endi senga foydasi tegayotgan har qanday taniqli odamni bir eslab ko'r. Yuqoridagilarni barchasini bajarib kelyapti. Navbat senga.

Derek sivers intervyusidan ilhomlanib yozildi.
Kambag'al va baxtsiz bo'lish uchun maslahatlar

Internet boy va omadli bo'lish haqidagi maslahatlarga to'lib yotibdi. Aslida muvaffaqiyatli va boy bo'lishning yo'llari juda juda ko'p. Lekin muvaffaqiyatsizlik formulasi oddiy:

Ishingni qo'l uchida bajar. Avval seni qadringga yetib, oyligingni oshirishsin, keyin chin dildan ishlashni boshlaysan.

Pul topishning ilm, hunar, biznes yo'lini emas, iloji boricha tezroq amalga oshadigan yo'llarini izla: onlayn-qimor, piramida, kriptovalyuta, tarmoqli marketing va hk.

Kitob o'qima. Bu botaniklar uchun. Sen shundoq ham hamma narsani bilasan.

O'zingdan aqlliroq, tajribasi balandroqlar bilan emas, yoshlikdagi jo'ralaring bilan o'rtoq bo'lib qolaver. Chunki birinchilar senga mikrofonni berishmaydi hali beri. Ikkinchilar bilan esa hamma gaping mos tushadi.

O'zingni doimo atrofdagilar bilan solishtir. Ulardan yaxshiroq yashayotganingni isbotlash uchun boringni sarfla. Axir "muvaffaqiyatli" ko'rinishni eplay olsang, rostdan ham erishishni nima keragi bor?

Foydali bloglarni o'qima, menikini ham. Uning o'rniga birovlarning qilgan sayohati, mingan mashinasi, qurgan imoratlarini tomosha qil va muhokamasiga o't.

P.S.
Yuqoridagi maslahatlarni bajarib turib ham ba'zilar boyib ketishlari mumkin, chunki rizq Allohdan, lekin baxtimiz o'z qo'limizda do'stim.

👉 @azizrakhimov_blog
​​Men undan yaxshiroqman.

Sen o'z ustida ishlaydigan va doimo o'rganishdan qochmaydigan insonsan. Demak hali hayotingda shunday vaziyatlar bo'ladiki, atrofingdagi odamlar sen oddiy deb o'ylagan narsalarni tushunmaydigan, haqiqiy muvaffaqiyat va baxt nimada ekanligi bilmaydigan bo'lib ko'rinadi.

Ichingda ularni fikrlashi, hayot tarzi va qilayotgan ishlarini tanqid qilishni boshlaysan, seni darajang yuqoriroq ekanligi haqida o'ylaysan. Bu fikrlar o'zingga ham yoqmaydi aslida.

Atrofdagi insonlar haqida tanqidiy o'ylamoqchi ekansan, to'xta, shunchaki hayotda hamma ham sen ega bo'lgan imkoniyatlarga ega bo'lmaganini eslab ko'r (qo'llab quvvatlovchi ota-ona, moliyaviy kenglik, aqlli do'stlar, tug'ilgan joying).

Shunda ularni tushunishing osonlashadi. Tanqid qilging emas, yordam berging, bilganingni ulashging keladi.

Unutma, haqiqiy o'sish - boshqalarni o'stirishdan boshlanadi.

👉 @azizrakhimov_blog
​​Bu o'yin qanday tugaydi?

Tasavvur qil men 100$ lik kupyurani auksionga qo'ymoqchiman. Narx 1$ dollardan boshlanadi.

Odatdagi auksion kabi eng baland narx bergan odam pulni oladi, faqat yana bitta sharti bor: sen ham taklif qilgan pulingni yutsang, yutmasang to'lashing kerak. Kelishdik-mi? Boshladik.

1$, 2$, 3$, takliflar narxi osha boshladi. 3$ga 100$ yutib olish imkoni! Zo'rku. Lekin hech kim to'xtash haqida o'ylamaydi, narx oshib boradi.

Taklif 99$ gacha yetib borsa ham o'yin to'xtamaydi. Chunki 98$ qilib turgan odam ichida o'ylaydi: "agar hozir 100$ taklif qilmasam tikkan pulimni yo'qotaman" va narxni 100$ ga olib chiqadi.

Endi 99$ taklif qilgan odam narxni 101$ ga olib chiqadi. Axir 99$ zarar qilgandan ko'ra, 2$ zarar qilgan yengilroq, narigi odam taslim bo'lsa bo'ldi. Endi foyda haqida gap yo'q.

Muammoning negizi - bu o'yin haqida oldindan chuqur o'ylab olmaslikda edi.

O'yin boshlanganda chuqur o'ylamay "-bo'laveradi, zo'r taklif" deb fikrlaysan, lekin sekin asta xatoni tushunib yetib "-Nima qilib qo'ydim?" deyishga o'tasan.

Hayotda juda ko'p insonlar yomon vaziyatlarga shunday qilib tushib qolishadi. Yosh xodim/tadbirkor hozir va kelajakdagi daromadini hisobga olmay, ishi uchun kredit yoki uyi uchun ipoteka oladi. Romantik yigit chiroyli, lekin qadriyatlari to'g'ri kelmaydigan qizga sevib uylanib oladi. Biroz o'tib esa ular qarzga botib ketganliklari va oilada baxtsizlikdan nolishadi.

Biror narsani boshlashdan avval, bu qanday tugashi mumkinligi haqida ham o'ylab ko'r. Oxirigacha. Ba'zida eng yaxshi qaror - umuman boshlamaslik qarori bo'ladi.

👉 @azizrakhimov_blog
​​Xususiy maktablar

Merit jamoasi xususiy maktab sektoriga kirganiga bir qancha sabablar bor. Bugun shu haqida gaplashamiz.

1. O'zbekistonda hozirgi kunda 174 ta xususiy maktab bor. Bu kammi yoki ko'p? Solishtirish uchun: aholisi bizdan 2,5 barobar ko'p bo'lgan Turkiyada 50 000 ta xususiy maktab bor. O'zbekistonda xususiy maktablarda 110 000 ta bola o'qiydi. Hayot darajasi biznikidan biroz yuqori bo'lgan Misrda esa 2 000 000 ta. Amerikadagi barcha maktablarning 45% i xususiy. Ya'ni bozor hali keng.

2. Bu biznesda hamma yutadi.
Ota-ona: Bolasi uchun sifatli ta'lim va boshqa to'garaklarga ehtiyojning yo'qligi (til va sport)
O'qituvchilar: Davlat maktablaridan 30-40% yuqori maosh, 5 kunlik ish, o'z ustida ishlashga majburlik
O'quvchilar: Qiziqarliroq darslar va yoshlikdagi umrning bekorga sarflanmasligi
Davlat: Xalq ta'limi har bir maktab o'quvchisi uchun yiliga 1 800 000 so'm sarflaydi. (Fevraldan 2 000 000). Bola xususiy maktabda o'qisa bu pul sarflanmaydi.

3. Xususiy maktab o'z ustida ishlashga majbur.
Chunki bu bir martalik savdo emas, mijozlarimiz bir necha yillab biz bilan hamkorlik qilishadi. Farzandlari kelajagini bizga ishonib topshirishadi. O'z ustida ishlamagan maktabdan o'quvchilar ketishni boshlashadi.

Lekin bu sohada ham muammolar bor.

1. Sifatli ta'lim hali ham qimmat, chunki xususiy ta'lim bizda konveyrga qo'yilmagan (maktablar 1-2 dona filial bilan cheklanishadi) va juda kam avtomatlashgan (ko'p ishlar qo'lda bajariladi).

2. Kadrlar yetishmasligi. (Bitiruvchilar juda ko'p, lekin o'qituvchi juda bilimli bo'lishi va o'z xarizmasi, energiyasi bilan shu bilimni yetkaza oladigan ham bo'lishi kerak).

Biz shu ikki muammoni hal qilmoqchimiz.

Maqsadimiz barcha takrorlanuvchi jarayonlari avtomatlashgan, o'z kadrlarini o'zi trening qiladigan, yuzlab xususiy maktablar ochish. Bundan maqsad esa narxni hamma ko'tara oladigan darajada arzon qilish. (~ 100$ atrofida)

Agar sizni ham maqsadingiz shunchaki pul topib, yaxshi yashash emas, o'zingizdan so'ng biron nima qoldirish bo'lsa, hamkorlikka chaqiramiz.

👉 @azizrakhimov_blog
Qoidalar

Hayotda 3 turdagi qoidalar bo'ladi. Shariat tomonidan belgilab berilgan, qonun tomonidan o'rnatilgan va odamlar o'zlari uchun o'ylab topgan qoidalar.

Aynan shu uchinchi turdagi qoidalar meni hayotimni osonlashtirish emas qiyinlashtirish uchun xizmat qilayotganini sezsam, ularga bezlarcha amal qilmayman.

Shunday qoidalarga ba'zi misollar:

-Kostyum shim bilan krossovka kiyib bo'lmaydi

-Omma oldida gapirganda, intervyu berganda yoki ishxonada oq ko'ylak kiyish kerak

-Ayollarga faqat uy bekasi bo'lish yarashadi

-Odamlar seni hurmat qilishlari uchun qimmatroq telefon tutishing, yaxshiroq mashina minishing kerak

-Soat chap qo'lga taqiladi.

-Erkak kishi uylangandan keyin o'zgarmasligi kerak

Shu va shunga o'xshash, yuzlab qoidalar.

Bularni hammasi, kim o'ylab topgani noma'lum, hayotni qiyinlashtiruvchi, bemalol tupursa bo'ladigan qoidalar. Men shunday qilaman. Senga ham maslahatim shu. Shariat va qonun doirasidan chiqmasang bo'ldi, xohlagan ishingni qilaver.

👉 @azizrakhimov_blog
​​Ajoyib taklif

Merit school jamoasi kengaymoqda. Maktabimiz yangi filialida 5-6 sinflar ochilayotgani munosabati bilan bizga kuchli matematika, fizika, IT o'qituvchilari kerak (Agar hammasi birda bo'lsa yana yaxshi!)

O'qituvchidan talablar (aynan shu ketma-ketlikda):

-Doimo o'sib o'rganishga tayyor bo'lishlik
-Tajriba (kamida 1 yil)
-Bolalarni chin yurakdan sevish
-Farosat (biron narsani aytilmasa ham tushunib olish qobiliyati)
-Kasbining ustasi bo'lishga tuganmas xohish
-Diplom (agar bo'lsa)

Xo'sh yuqoridagi talablarga mos kelsam sharoitlar qanday bo'ladi?
-Agar siz yuqoridagi hamma shartlarga mos kelsangiz, siz istagan oylikni to'lashga tayyormiz.

Qiziqqanlar bo'lsa so'rovnomani to'ldirishni so'rayman:

https://forms.gle/LoyURD3mUHZDEhWp9
​​Tadbirkor qanday bilimlarni egallashi kerak?

O'z sohasidagi tajriba, marketing, xodimlarni boshqarish bu hammasi ikkilamchi, ya'ni biznes boshlab bo'lgach kerak bo'lgan bilimlar.

Lekin ba'zi fundamental bilimlar borki ularni o'rganmasdan biznesda yuqori natijalarga erishish mushkul.

Bular mikroiqtisodiyot va o'yinlar nazariyasi. Ya'ni sen talab va taklif, ishchi kuchi, kapital, shunga o'xshash nazariy bilimlarni egallagningdan so'ng tadbirkorlik qilsang, qilayotgan ishlaring ongli ravishda bo'ladi.

P.S.
Bularni o'rganmay turib ham tadbirkorlik qilsa bo'ladimi? Ha bo'ladi, o'zi 90% tadbirkorlar shunday. Atrofga qaraydi, yonidagi insonlar nima biznes qilayotgan bo'lsa shuni qiladi. Sen bunday qilishdan aqlliroqsan-ku to'g'rimi?


Reklama link

Rus tilini bepul va mukammal o'rganmoqchimisz? @Akademiya_ru kanalida har oy 1 haftadan bepul marafonlar, videodarslar olib boriladi!

👉 @azizrakhimov_blog