Umr Falsafasi
22.7K subscribers
1.53K photos
533 videos
1 file
3 links
✍️ She'riyat
🖇 Falsafa
🌱 Psixologiya
📖 Mazmunli satrlar
❤️ Qalbga yaqin so‘zlar
📚 Mulohaza

Reklama:@Umr_info
Murojaat: @Umr_Falsafasi_admini
Download Telegram
Beva yoki ajrashgan ayollar haqidagi ba’zi gaplar urf-odatlarga asoslangan va Islomga umuman aloqasi yo‘q. Hech birimiz uni kelajakda nima kutayotganini bilmaymiz. Ayniqsa, ayolning taqdiri oldindan aytib bo‘lmaydigan darajada bo‘lishi mumkin, chunki u erkakdan farqli o‘laroq, yaxshi, chiroyli, yoqimli, odobli bo‘lsa ham ajrashishi mumkin (chunki uning nikoh taqdiri uning qo‘lida emas, balki u ishongan erkakning qo‘lida). Ajrashganligi uning qadr-qimmatini tushirmaydi va hech qanday holatda ham uning yomon xulq-atvorli ekanini anglatmaydi...

Fiqhul Usra kitobidan

@Umr_Falsafasi
«Kim - «Qul huvallohu ahad»ni har kuni ellik marta o‘qisa, qiyomat kuni: «Tur, ey Allohni maqtovchi! Jannatga kir!» deyiladi».
Tobaroniy Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilgan.

«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, kambag‘alligi va nochorligidan shikoyat qildi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:
«Qachon manzilingga kirsang, odam bo‘lsa-bo‘lmasa, salom bergin, so‘ng menga salom yo‘llagin va
«Qul huvallohu ahad»ni bir marta o‘qigin»,
dedilar.
Haligi kishi shunday qildi. Natijada Alloh taolo unga shu darajada rizq berdiki, hatto qo‘shnilariyu qarindoshlariga ham mo‘l-ko‘l yog‘dirdi»
Hofiz Abu Muso Madiniy Sahl ibn Sa’ddan rivoyat qilgan.
«Kim vafot bilan nihoya topadigan kasalligida «Qul huvallohu ahad»ni o‘qisa, qabrida fitnalanmaydi, qabr siqishidan omonda bo‘ladi va farishtalar uning qo‘lidan tutib, sirot ko‘prigidan jannatga olib o‘tadilar»

Tobaroniy va Abu Nu’aym Abdulloh ibn Shixxirdan rivoyat qilganlar


@Umr_Falsafasi 🕊
Ulg'ayib shuni tushundimki, onamning qattiqqo'lligi muhabbat bo'lgan ekan. G'azabi ham, jazosi ham muhabbat bo'lgan ekan. Onamning muhabbatigina muhabbat bo'lgan ekan. Qolgan barchasi bekor!

Boshqalarning muhabbati so'nsa ham Onamning muhabbati so'nmas va abadiy ekan!

@Umr_Falsafasi 🕊
Ko‘pni ko‘rgan olimning yoniga bir erkak keldi.

-Ayolim asabiy! Qachon telefon qilsam, bolalariga javrayotgan bo‘ladi. Nima qilsam bo‘larkan?

Olim "asabiy ayolingizni davolanishga jo‘nating, o‘zingiz esa bolalaringizni uyda olib qoling!" deb maslahat berdi.

Hafta o‘tib, olimning oldiga asabiy va tajang er kirib keldi.

Endi u telefoniga bo‘lgan har bir qo‘ng‘iroqqa qizishgancha bo‘g‘ilib javob qaytarardi.

🍀 Uyda o‘tiradigan ayolning poyabzallari eskirmaydi!
Unga juda ko‘p kiyim ham kerak emas, chunki kiyib boradigan joyi kam.
Ayol uyda o‘tirsa- bolalarini o‘zi tarbiyalaydi, ular onasiga juda qattiq bog‘lanib- katta bo‘lishadi.
U his-tuyg‘ularda adolat qila olish uchun tirishadi.
Bolalarini otasiga ham bog‘lashi, ko‘p ishni o‘zi bajarsa-da, otaga nisbatan fahr tuyg‘usini ham shakllantirishi mumkin.
U qoloq ayol emas. Kimlardir oliygohlarni bitirgan bo‘lsa bordir, lekin bu ayollarning o‘zi Oliygohdir!
Ular bolalarini o‘zlari oyoqqa qo‘yishadi, hech qaysi enaga, bog‘cha opa, ustoz farzandini tarbiyalashda mas’uliyatni undan to‘la-to‘kis olmasligini yaxshi tushunishadi.
Ibodatlarga vaqti yetarli bo‘ladi, hamma namozini vaqtida ado etadi.
Odamlar bilan kam ko‘rishganidan uning dunyosida juda kam, muhim, ardoqli insonlar bo‘lib, ayolning o‘zi ham ularga qattiq suyanib qoladi.
Agar u sizga suyanishini, ishonishini bilsangiz, salga nurab ketadigan tog‘ bo‘lmang, u ishongan bog‘lardagi kiyiklarni ham o‘z joyida qoldiring.
Uyda o‘tiradigan ayollarning poyabzali eskirmasligi mumkin, lekin ularning o‘zi tushkunlikka tez chalinuvchan bo‘lib qoladi.
Kiyib eskirtirolmagan ko‘ylaklarining urfi eskirganini bilib, jimgina chetga olib qo‘yadi.
Yana sotib olsa, o‘sha xolat takrorlanmasligi uchun keyinchalik ortiqcha pul sarflamay ham qo‘yadi.
Ularning shkafida atiga to‘rttagina kiyim osilib turishi ham mumkin.
Bolalar biroz asabini toliqtiradi. Chunki ularning onasi daryo emas, ko‘l!
Qadrli erkak, tushunishga xarakat qiling...
Yana bunday ayolning xotirasi yaxshi bo‘ladi. Chunki eslab qoladigan narsalari to‘rt devor deb atalmish quti ichida-sanoqligina!
Yaxshi xotiraning bir uchi asalga tegsa, bir uchi zaharga tegadi.
Ya’nikim, u sizning yaxshi gapingizni ham, yomon gapingizni ham tezda yodidan chiqarib yubormaydi...
Qoshiga bir qop gap ko‘tarib kelib, ayirboshlab ketadiganlari yo‘q.
Shuning uchun siz aytgan gap uning miyasida ikki kun chaynalsa, ajablanmang!
Yozdimku, axir uning dunyosida faqat ardoqli odamlargina yashaydi deb...
O‘sha ardoqqa munosib bo‘ling!
Oxirgisi: U o‘ziga kerakli odamlarning ro‘yxatiga allaqachon ega xonimdir, bu ro‘yxatda doim birinchi inson siz bo‘ling, shunda bittagina bo‘lsa-da, Alloh yo‘lida sizga sodiq bo‘lgan odamga ega bo‘lgan bo‘lasiz...
Ular ko‘chadagi daryolardan farq qilishini unutmang...
Agar sizning uyda o‘tiradigan soliha ayolingiz bo‘lsa, ko‘ngilni to‘q qiling-da, bu yog‘iga mas’uliyatingizni his qilib yashang...

Erkak va ayol bir biriga ta’sir etuvchi ikki hilqat!
Biri-birini yo bunyod etadi, yoki xarob...


Ummu Zaynab Ummu

@Umr_Falsafasi 🕊
"Unutmang, bu dunyo imtihon dunyosi!
Ba’zi insonlar aslida sizga sodiq emaslar.
Ular sizga bo‘lgan ehtiyojlariga sodiqlar.
Ehtiyojlari o‘zgarishi bilan sadoqatlari ham o‘zgaradi."

Arab xalq maqoli

@Umr_Falsafasi 🕊
Tugamaydi ro‘zg‘orning kami,
Har tashvishga siqilib yurmang.
Yog‘ilsa ham dunyoning g‘ami,
Mahzun bo‘lmang, umidsiz bo‘lmang!

Alhamdulilloh iymoninggiz bor,
Zikr qiling, qo‘rg‘oninggiz bor.
O‘limgacha imkoninggiz bor,
Mahzun bo‘lmang, umidsiz bo‘lmang!

Yenging dunyo zahmatlarini,
Qiling halol mehnatlarini.
Sanang Haqning ne’matlarini,
Mahzun bo‘lmang, umidsiz bo‘lmang!

Kalta bo‘lsa ba’zan qo‘lingiz,
Torayganda yurar yo‘lingiz,
Ilinjlarga bog‘lang dilingiz,
Mahzun bo‘lmang, umidsiz bo‘lmang!

Duodagi najotingizni,
Tunlardagi salotingizni,
Gʻamga berib hayotingizni,
Mahzun bo‘lmang, umidsiz bo‘lmang!

Iymon bo‘lsin ko‘ngil gavhari,
Unga tengmas dunyoning zari.
Nadomatni itqiting nari,
Mahzun bo‘lmang, umidsiz bo‘lmang!

Har narsani olmang nazarga,
Chiqdik axir olis safarga.
Ko‘nish kerak qazo-qadarga,
Mahzun bo‘lmang, umidsiz bo‘lmang!

Sabr bersin, avvalo, Egam,
Sindirmasin hech qanday sitam.
Sinov kelsa jonu molga ham,
Mahzun bo‘lmang, umidsiz bo‘lmang!

Nohaq tegsa toshi tanqidning,
Og‘ir botsa amri taqiqning,
Mahbubiman, deng-u, Habibning,
Mahzun bo‘lmang, umidsiz bo‘lmang!

O‘tar umr, aylanar soat,
Eng sokin dam-Allohga toat.
Kelsa hamki o‘limga navbat,
Mahzun bo‘lmang, umidsiz bo‘lmang!

“Alloh birdir” desak tinmayin,
Jon beramiz qo‘rquv sezmayin.
Azroilga bo‘lmasin qiyin,
Mahzun bo‘lmang, umidsiz bo‘lmang!

Ko‘tarmang hech o‘tmishning yukin,
Qilmang tashvish kelajak uchun,
Mamnun yashang, faqat shu bugun,
Mahzun bo‘lmang, umidsiz bo‘lmang!

O‘limgacha imkoninggiz bor...

Ummu Amina

@Umr_Falsafasi 🕊
Ko‘ngil kengligi, qalb pokligi va xotirja’mligini istasang, insonlarni nima so‘zlayotganlariga quloq osma, so‘zlariga e’tibor berma.

Bilmaysanmi, ularning ba’zilari xatto yaratgan Robbisidan ham rozi emas, sendan esa aslo rozi bo‘lmaydilar.

Sayyid Abdulqodir Jiyloniy

@Umr_Falsafasi 🕊
BUNDAN KEYIN SENI HECH QACHON TARK QILMAYMAN

U qiz aytadi:
“To‘y bo‘lishimga bir hafta qolganida buvim betob bo‘lib qoldilar. U kishini shifoxonaga yotqizishdi. Men u kishini ko‘rgani bordim. Borsam buvam jonlantirish xonasining eshigi oldida ekanlar. Yig‘lab o‘tiribdilar. Bunaqa ahvolni birinchi marta ko‘rishim edi.
Shuning uchun buvamga: “Buvajon yig‘layapsizmi?!”, dedim.
Buvam ko‘z yoshlarini artib turib dedilar: “Buving juda qiynalayapti, u mening qalbimning bir parchasiga aylangan!”.
Men buvamning gaplaridan ajablandim. Bilishimcha buvam oldinlari juda jiddiy, musibatlarga tog‘day turib bera oladigan kuchli edilar. Bugun esa bu qadar romantik!
Men yana so‘radim: “Necha marta janjal qilgansizlar? Bir-biringizni qanday yaxshi ko‘rasizlar?”.
Buvam dedilar: “Ko‘p martalab janjal qilganmiz. Ammo bir-birimizga bo‘lgan ehtiromimizni hayotda bu kamaytirmagan”.
Shunda men har narsada meni ayblaydigan, xatto ko‘rinishimni gapiradigan va buning natijasida unga bo‘lgan ehtiromimni kamaytirib yuborgan men fotiha qilingan kuyovni esladim.
Shunda birdan xonadan shifokor chiqib keldi.
Buvam o‘rnilaridan turib hayajon ila so‘radilar: “Doktor! Uning ahvoli qanday?”.
Shifokor dedi: “Alhamdulillah yaxshi. Kirib ko‘rishingiz mumkin”.
Shunda buvam onasini ko‘rishga oshiqqan go‘dak kabi entikib xonaga kirdilar. Men u kishining orqalaridan kirdim. Bundan ham go‘zali buvimning buvamga bo‘lgan muhabbatli qarashlari bo‘ldi. Men bunaqa qarashni hech qayerda ko‘rmaganman.
Buvam buvimning qo‘llaridan ushlab turib dedilar: “Ey qalbimning bo‘lagi! Bemor bo‘lib meni yolg‘iz tashlab ketaverasanmi?!”.
Buvim kuldilar va buvamning qo‘llarini qisib dedilar: “Siz ham oldinroq amaliyot qilinganingizda meni tashlab ketgandingiz! Endi sizni tashlab ketmayman!”.
Uzoq vaqt ajablanib yurdim. Qanday qilib shunaqangi qiyin sharoitlarga qaramasdan bunaqangi aloqa buvam va buvim o‘rtalarida ellik to‘rt yil davom etdi ekan?!
Shu payt kuyov telefon qilib qoldi. U kishi ertalabdan beri javob qilmaganimdan juda g‘azablangan edi. Telefonni ko‘tardim.
Narigi tomondan baland ovozda: “Qayerda eding, pastkash!”-degan ovoz eshitildi.
Bunaqangi hollarda men odatda kerakli gaplar bilan javob qaytarar edim. Ammo buvamning gaplarini esladim: “Er-xotinning o‘rtasidagi ehtirom hayotdagi eng muhim narsadir!”. Men unga dedim: “Mening haqimda xato qilmang!”.
U dedi: “Qachondan beri hurmatga sazovor bo‘lib qolding?!”.
Men qattiq g‘azablanib telefonni o‘chirib qo‘ydim. O‘n daqiqa orasida undan 100 dan ortiq haqorat va so‘kishlar yozilgan xabar keldi. Shu orada buvamga qarab qo‘ydim. U kishi buvimning qo‘llaridan tutib bir qo‘llari bilan boshlarini silar edilar. Ularning oldidan ko‘zlarimdan yoshlar oqqan holda chiqdim.
O‘zimdan so‘radim: “Muhabbat nima o‘zi? U menga unushtirilgan yigitning muhabbatimi? Ammo uning qiladigan ishlari muhabbatga hech ham dalolat qilmas edi. Yoki muhabbat deganlari buvamning buvimga qarashlarimi?! U kishidan tashvishlanishlarimi? Ular qanday qilib ehtiromla hayot o‘tkazishdi?!”.
Ertalab turib oilamdagilarga men u yigitga turmushga chiqmasligimni aytdim. Hammaning hushi boshidan uchdi. Ular menga qarshi chiqishdi. Ammo men ahdimdan qaytmadim. Fotiha bekor qilindi. Hayotimda ilk bor to‘g‘ri qaror chiqarganimdan xursand edim.
Mana bugun turmush o‘rtog‘imning huzurida o‘tiribman.
Qizcham kelib menga: “Oyijon ! Men sizni yaxshi ko‘raman”, dedi.
Men dedim: “Men ham seni yaxshi ko‘raman. Nega bunday deyapsan?!”.
Qizcham dedi: “Dadajonim har doim sizni yaxshi ko‘rishlarini menga aytadilar. Shuning uchun siz ham u kishini yaxshi ko‘rar ekansiz. Men ham meni yaxshi ko‘rishingiz uchun sizni yaxshi ko‘raman!”.
Er-xotin o‘rasida muhabbat, ehtirom nega kerakligini yana bir bor angladim. Kattalarning gaplarini esladim:
Farzandlaringga har ishda o‘rnak bo‘ladigan, qalbingni jarohatlab qo‘yishdan qo‘rqadigan, bolalaring oldida seni behurmat qilmaydigan kishi ila turmush qurgin!”.

Doktor Hasson Shamsiy Posho

@Umr_Falsafasi 🕊
Dunyoni maqtama menga, azizam,
Ishonib bo‘lmaydi soxta afsunga,
Agar u zarracha bo‘lsa chiroyli,
Yig‘lab tug‘ilmasdik, kirarkan unga.

Dunyoni pokiza atama, yolg‘on,
Har oni kechajak, xavf-u xatarda,
Agar u zarracha bo‘lsa pokdamon,
Bizni yuvishmasdi undan ketarda.

Xayrulla Hamidov

@Umr_Falsafasi 🕊
O‘lmas edi balki odamzod,
Bo‘lar edi dunyoga ustun.
Aqli bo‘lsa jahlidan ziyod,
Sabri bo‘lsa nafsidan ustun.

Ajal deya ataluvchi choh –
Ichra zinhor tushmasdi odam,
Bo‘lsa edi ozgina ogoh,
O‘ylabgina qo‘ysaydi qadam.

Ish o‘ldirmas, ishkal o‘ldirar,
Jon zavoli yuz yoshmas, ko‘z yosh,
Inson nega dunyodan ketar
Quvlab unga otmasalar tosh?!

Tahqir zahru xanjar ila teng,
Tuhmat ortiq o‘qdan va dordan.
Inson o‘lmas biri birining
O‘lishiga bermasa yordam.

Inson o‘lmas o‘ldirmasa g‘am,
Makon qilmas qaro turbatni
Ko‘rsa agar tirikligida ham,
O‘lganida topgan hurmatni.

Olam to‘la fitna, adovat,
Mangu qolib netar odamzod?
Bir kun charchab, izlab farog‘at
Tinch dunyoga ketar odamzod!

@Umr_Falsafasi 🕊
Qizlar, Otalarining qilgan ishlarini va aytgan gaplarini aslo unutmaydilar. Qizlar aslida, eng ko'p Otalaridan ranjiydilar va eng ko'p Otalari bilan BAXTLI BO'LADILAR...

@Umr_falsafasi 🕊
Ishq degan imorat ketmasdan nurab,
Xaqqiga yetti yurt o‘lponin so‘rab,
Mening bor yo‘g‘imni umidga o‘rab,
Sen menga hammadan zarursan degin.

Jonimni larzaga keltirsin yurak,
Sinmagan qolmasin bironta suyak,
Menga shu so‘zlaring juda ham kerak,
Sen menga hammadan zarursan degin.

Nega tushunmaysan, chora yo‘q o‘zga,
Hozir gumonlarim chang kabi to‘zgan,
Jahoni tor kelib qolmayin ko‘zga,
Sen menga hammadan zarursan degin.

Barcha gunohlarim yuvilsin desang,
Xijronlar Xirotga quvilsin desang,
Tunlar ham tong kabi tuyulsin desang,
Sen menga hammadan zarursan degin.

Tomirlar ichida yonib oqsin qon,
Ikkila ko‘zimdan otilsin vulqon,
Bo‘lmaydi amallab topmasang imkon,
Sen menga hammadan zarursan degin.

Yolg‘onmi, rostmi bu farqi yo‘q, bilsang,
Xaqqing ketmaydiku iltifot qilsang,
Tomoqda tiqilib turar bir xarsang,
Sen menga hammadan zarursan degin.

Rahm qil, joyida tursin shu osmon,
Jangu-jadallardan toliqqan jahon,
Yomon istayapman, juda ham yomon,
Sen menga hammadan zarursan degin.

O‘lib qolishimni istaysanmi yo,
Aytmasang jon chiqib ketadi go‘yo.
O‘tinib borsinmi qoshinga Dunyo,
Sen menga hammadan zarursan degin.

SEN MENGA ZARURSAN DEGIN...

Malika Salimova


@Umr_Falsafasi 🕊
Er-xotin orasida arazlashish, tarqoqlik qancha uzoq choʻzilsa, qalblar qotadi, mehr-muhabbat soʻna boshlaydi.

@Umr_Falsafasi 🕊
Islomning besh farzi o‘z ma’naviy qudratidan tashqari moddiy natijalarni ham ko‘zlagan. Bu odamning shaxsiy o‘sishi uchun aniq amaliy ko‘rsatmalar aslida.

Imon – falsafasi eng chuqur farz. U odam e’tiqodi asosini belgilaydi. Ulug‘ Yaratuvchi qudratini va uning borligini bilish yotadi bu farz ortida. Imon – Xudo borligiga ishonish emas, buni bilishdir. Bu farz insonga shubhalardan holi yashashni, e’tiqodda mustahkam turishni, fikrlashda sergak bo‘lishni o‘rgatadi.

Namoz – odamni faol turmush tarzi va ozodalikka o‘rgatadigan farz. Bir kunda besh marta jismoniy faollik qilish va o‘z tanasini ozoda tutish sog‘likni mustahkam saqlash uchun yetarli. Shuningdek, namoz odamga o‘z qalbiga quloq solishni, aqlni tinchlantirishni, tana va ruhni muvozanatga qaytarishni o‘rgatadi. Namoz – Yaratgan bilan o‘ziga xos suhbat, unda faqat qalb ishtirok etishi, aql o‘z manfaatlari bilan bunga aralashmasligi kerak. Namoz insonda fikrni bir joyga jamlash qobiliyatini o‘stiradi. Bundan tashqari, namoz odamda ahd va iroda kuchini tarbiyalaydi.

Zakot – jamiyatning iqtisodiy barqarorligini ta’minlovchi farz. U moddiy boyliklar alohida odamlar qo‘lida jamlanib, qolganlar nochor qolmasligini ta’minlaydi. Va albatta, mulki oshgan odamning shaxsiyati buzilishining oldini oladi.

Ro‘za – inson sog‘ligi va irodasini tarbiyalovchi farz. Organizmni ochlik va chanqoq vositasida tozalash ko‘plab doimiy kasalliklarni bartaraf etishini dunyo tibbiyoti tan olib bo‘lgan. Lekin ro‘za tutishning men yoqtirgan bir jihati – u sergaklikni oshirishidir. Ro‘za tutgan odam kun davomida sergak yurishi kerak, aks holda u bilmasdan biror nima yeb yoki ichib qo‘yadi. Bundan tashqari, ro‘za me’yorni saqlash odatini o‘rgatadi.

Haj safari farzining ham amaliy maqsadi ko‘p. Avvalo, o‘zbek maqoli bilan aytganda, musofir bo‘lmaguncha, musulmon bo‘lmaysan. Safarga chiqish odamning shaxsiy rivojlanishiga ko‘p jihatdan hissa qo‘shadi. U boshqa millatlar, madaniyatlar va boshqacha yashash tarzi bilan tanishadi, dunyoqarashi kengayadi, o‘z Vatanini qadrlashni o‘rganadi. Turli xil qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Sof psixologik tomondan, odamning moslashuvchanligi ortadi: bu odamga turli vaziyatga tez moslashish, sergaklikni saqlab qolish va xotirjam xatti-harakat qilishga yordam beradi.
Biz ko‘pincha bu kabi tamoyillarga jamiyat ta’kidlagani uchungina amal qilamiz. Ammo siz kuchli shaxs egasi bo‘lmoqchisiz – shunday ekan qaysi qadriyat qanday maqsadni ko‘zlagani haqida sergak fikr yuritishni o‘rganing. Bu bilan siz u yoki bu qoidaga aqlingiz aytgani uchun emas – ko‘nglingiz istagani uchun amal qilasiz.

" 7Qadam" kitobi

@Umr_Falsafasi 🕊
Onalar haqida yozmoqchi bo‘ldim,
Lekin ojiz ekan hali qalamim,
Yozdimu o‘chirdim, yozdim o‘chirdim,
Oq qog‘ozdan oldim go‘yo alamim.

Onajonim sizni ta’riflash uchun
Bisotimda kamlik qilar so‘zlarim,
Shuning uchun sizni ta’riflab emas
O‘zimni ayblab yozish ko‘zladim.

Esimda, “Egalik qulman” derdingiz,
Xotiramda qolgan aytgan so‘zingiz.
Vaqtni aylanib kelishin qarang,
Egalik qul hozir sizning qizingiz.

Ishga deb chopaman, uyga chopaman,
Uy-ro‘zg‘or, bolalar-tashvishlar serob.
Kunlar o‘tishini sezmay qolaman
Qachon sizni ko‘rdim, qilaman hisob.

Bemehr qizmanmi? Aslo Onajon!
Qalbim mehr bilan to‘la limmo-lim.
Oq sutingiz bilan bergan mehringiz
To‘ldirgan yuragim, vujudim, qonim.

Ko‘p bo‘lmadi bir yaqin dugonamning
Yoshgina onasi to‘satdan o‘tdi.
Onamlab zor qaqshab qolgan dugonam
Dildagi gaplarin bizlarga to‘kdi.

“Bir hafta o‘tirdim ota uyimda.
Keldi-ketdi kutdim uyga ham bormay.
Bola chaqa mensiz yashar ekanku,
Kunini ko‘rdiku bir kun och qolmay.

Bemalol kelmasdim onam borida,
Onam abadiydek ko‘nglim edi to‘q.
Kechgacha o‘tirsam bo‘lmas edimi?
Endi afsuslardan hech bir foyda yo‘q.”

Dugonam so‘zlari ochdi ko‘zimni,
Menchi, nima qildim SIZ uchun ONA?
Ayblarimni yozsam qog‘ozim to‘ldi,
Essiz, qancha vaqtni yo‘qotibmana.

Bir yilda bir marta kafega boshlab,
Bir sokin go‘shada suhbat qurmabman.
Tutib qo‘lingizga taomnomani
“Ona tanlang, nima yeysiz?” demabman.

O‘tkan hafta dugonalarim bilan,
Kecha qo‘shnilarim, bugun oilam,
Bariga vaqt topdim, lek yodimda yo‘q
Qachon sizni xursand qildim volidam?

Boshingizga qo‘ngan oppoq qirovda
Mening ham hissam bor munis azizam.
Peshonangizdagi ajinlar so‘zlar
Bizni deb tortgansiz qancha g‘am, alam.

Yilda ikki bayram - ikki Hayitda
Boshingizga ro‘mol olib boribman.
Ex nodon qiz! O‘zim oxorlik ko‘ylak
Va yangi poyabzal kiyib olibman.

Nega tiktirmadim sizga xarirdan
Yoki pombarxitdan sipo bir libos?
Nimaga olmadim bitta poyabzal
Ko‘ylagingiz rangiga qilib rangin mos?

Bolamga bozordan kiyim olganda,
Deyman “Onamga ham olaman shu gal.”
Yo vaqtim qolmaydi va yoki pulim
“Ha mayli, olaman keyingi safar.”

Keyingi safarlar ko‘payib ketdi
Qachon keladi shu keyingi safar?
Yo Alloh, Madad ber, ko‘nglini olay.
Onam oxiratga qilmasdan safar.

Hali ham fursat bor. Quyoshim, Oyim,
Ko‘nglingizni olay, bering bir imkon.
Kun kelib, bir kuni sizni yo‘qotib,
So‘ngra afsus qilmay aziz onajon.

Yuring aylantiray go‘zal joylarda,
Ko‘nglingiz nimani istar, tutayin.
Osmonda oymi yo ko‘kdagi yulduz,
Olib poyingizga barin to‘kayin.

Axir men ham farzand o‘g‘il qatori,
Uyim boshqa lekin hayolim sizda,
Uzoq umr ko‘ring jannat yuzligim,
Jonim nisor bo‘lsin xok poyingizda.

Qaniydi opichlab oborsam Xajga,
Qo‘lingizdan ushlab tavof qildirsam,
Beshigim boshida bedor ketkazgan
Uyqusiz tuningiz qarzini uzsam.

Gʻanimatim onam, Jannatim onam,
Ruxsat bering bir kecha bag‘rizda qolay.
Aziz tizzangizga boshimni qo‘yib
Suhbatlashib barcha dardingiz olay.

Yo‘q deysiz! Bilaman. “Bolam uyga bor,
Issiqqina o‘rning sovub qolmasin.
Bir kecha ming kecha bo‘lmas va lekin
Kuyovim xuvillab yolg‘iz yotmasin.”

Axir ko‘zlaringiz aytib turibdi
Meni sog‘ingansiz, lek o‘ylab tinchim,
Ketaqol deyapsiz, Mehribon onam,
Farishtam, yolg‘izim, munis sevinchim.

Borsam tansiq taom qilmoqchi bo‘lib,
Kuymalanib qilasiz yugur yugur.
Bo‘ldi endi ONA! Tansiq taomni
Men sizga keltiray, yeb qiling xuzur.

Akamga, ukamga xavasim kelar,
Har tong duo olib chiqar ko‘chaga,
Duogo‘y farishtam duolaringiz
Faqat bizga emas, barcha barchaga.

Duoda so‘raysiz farzandlar uchun,
El-u yurt, jigarlar, qo‘shningiz uchun
Biror marta eshitmadim onajon
So‘raganingizni o‘zingiz uchun.

Bilaman orqamdan duo qilasiz
Har doim, kunu tun, shomu saharlab.
Shu duolar sabab unib o‘syapman,
Shu duolar meni yuribdi asrab.

Kimdir yosh ko‘rinar qirq, ellikda ham,
Bunga nima sabab, bormi bilguvchi?
O‘yladim va topdim! Biz hali bola!
Onamiz bor bizni "BOLAM" deguvchi!

Ko‘zimda yosh, hozir butun dunyoga
Jar solgim kelyapti takror va takror,
Odamlar! Men baxtli va boy insonman
Chunki ONAM hayot, mening ONAM bor!

Mastura Hoji Ona


@Umr_Falsafasi 🕊
Biz ko‘p narsani yuragimizga yaqin olmaymiz, agarda ular azaldan yuragimizga yaqin bo‘lmagan bo‘lsa...
Inson mehr berganlaridan ozor ko‘rsagina xafa bo‘ladi...
Yaxshi odam deb o‘ylaganlaridan ishonchi qaytsa keyin dili og‘riydi...
Kimnidir inson siyog‘ida ko‘rib tanishmoqchi bo‘lsa-yu, u dabdurustdan dilini siyoh etib, bu qiyofaga arzimasligini ko‘rsatsa- og‘rinadi...
Ammo bilingki, tentakdan hech kim xafa bo‘lmaydi...
Dilsizdan ham hech kim shirin gap kutmaydi...
Qalbida muqaddas tushunchalari bo‘lmagan nushalardan oqibat so‘ralmaydi!
Ammo shunday insonlar borki, ular diliga yara solib ketganlardan ham minnatdor!
Chunki umr qisqa, fursat g‘animat!
Diloromlar ham, dilozorlar ham xuddi o‘zimizdek o‘tkinchi!

Tuningiz osuda o‘tsin!
Bo‘g‘im-bo‘g‘imlaringizdan charchog‘ingiz chiqsin...
Ertaga sizga dilingizga orom beradigan, bo‘yingizni osmon qadar o‘stiradigan, quvontiradigan, yayratadigan, uchratgan lahzangiz uchun shukr ayttira oladigan yaxshilar uchrasin!

Ummu Zaynab Ummu

@Umr_Falsafasi 🕊
Qo‘rqita olmaysiz ketishlar bilan,
Qancha qadrdonni yo‘qotib bo‘ldim.
Qancha kechishlarda parchalandimu,
Necha bor tirildim, necha bor o‘ldim!

Eng baland gulxanlar menga cho‘g‘ misol,
Qanday olovlarda yondim, bilmaysiz.
Kelishingiz bilan quvondim, ammo,
Ketishingiz bilan qo‘rqitolmaysiz.

Qancha gurzilarga berolmadim chap,
Qancha pichoqlarni quchdi kuragim.
Muzlab, so‘ng muzidan tushganga o‘xshab,
Ilvillab turibdi sho‘rlik yuragim!

Qoqilib, surilib, yiqilib to‘ydim,
Ko‘ngil suyagining butun yeri yo‘q.
Tili bilan yurar fisqu-fasodlar,
Hamon so‘zlaridan yasaydilar o‘q.

Ketib azoblayman deya o‘ylamang,
Etim qotib bo‘ldi azoblaridan!
Bir oz rahimdilsiz, aniq bilaman,
Dunyoning dilozor kazzoblaridan!

Ehe, qancha qorlar bosdi boshimni,
Qancha yomg‘ir yog‘ib, qanchasi tindi!
Aniq ko‘rolmaysiz ko‘zda yoshimni,
Xullas, ketishlardan qo‘rqmayman endi!

Malika Salimova

@Umr_Falsafasi🕊
Mendan og‘riq va alamning davosini so‘rashsa, men ularga "sabr", deb aytaman.
– Mendan muvaffaqiyatsizlikning dorisi haqida so‘rashsa, men ularga "qaytadan harakat", deb aytaman.
– Mendan hasadning shifosi haqida so‘rashsa, men ularga "o‘zini bilmaganga solish", deb aytaman.
– Mendan kambag‘allikning dorisi haqida so‘rashsa, men ularga "qanoat", deb aytaman.
– Mendan zaiflikning shifosi haqida so‘rashsa, men ularga "iymon", deb aytaman.
– Mendan xunuklikning dorisi haqida so‘rashsa, men ularga "axloq", deb aytaman.
– Mendan jaholatning shifosi haqida so‘rashsa, men ularga "ilm", deb aytaman.
– Mendan pastkashlikning dorisi haqida so‘rashsa, men ularga "sukut", deb aytaman.
– Mendan adovatning shifosi haqida so‘rashsa, men ularga "xayr-ehson", deb aytaman.
– Mendan kabohiyatning dorisi haqida so‘rashsa, men ularga "muhabbat", deb aytaman.
– Mendan azob chekishning shifosi haqida so‘rashsa, men ularga "tabassum", deb javob beraman.
– Mendan balo va ofat dorisi haqida so‘rashsa, men ularga "alhamdulillah", deb javob beraman.
– Mendan nafs shifosi haqida so‘rashsa, men ularga "nafsni tiyish", deb javob beraman.
– Mendan charchoqning dorisi haqida so‘rashsa, men ularga "uyqu", deb javob beraman.
– Mendan barcha narsaning shifosi haqida so‘rashsa, men ularga "Ey Alloh, deb aytinglar" degan javobni beraman.

@Umr_Falsafasi 🕊
Nega yig‘layapsan yana yuragim,
Yana nima bo‘ldi, yana ne alam?
O‘zingniku bo‘lar bo‘lganing yetmay,
Qiynab yubordingku axir, meni ham!

Kimga kerak sening fidoyiliging,
Yonib sevishlaring kimga ham kerak?
O‘zingni ham ozroq o‘ylagin nodon,
O‘zingni ham ozroq yaxshi ko‘r, yurak!

Ular uchun urding, yonding ular deb.
Ular kimlar uchun kuylamoqdalar?!
Sevging evaziga seni koptok deb,
Zerikkanda tepib o‘ynamoqdalar!

Sho‘rlikkinam mening, xokisorginam,
O‘zini yer qilib qo‘ygan falagim!
Kel, shifo so‘raymiz Allohdan birga,
So‘ng undan o‘zgani dema, yuragim!!!

Kechir, yana senga tilasam sabr,
Tomir-tomiringda og‘riq, bilaman.
Xastalanib qolsang bir menga jabr,
Sen urmayin qo‘ysang qandoq qilaman?!

Sadoqatli do‘stim, kel o‘zimga kel,
Ko‘nglimni ham kechir, ko‘p berdi ozor!
Hali sevaman deb menga va’da ber,
Ishon, bu dunyoda arzirlar ham bor!

Malika Salimova


@Umr_Falsafasi 🕊
Hamma narsani boricha tashlab qo'ying.
Sizniki bo‘lgan sizda qoladi.
Sizniki bo‘lmagan qancha tiranmang, sizdan ketadi.
Nasibangizga tayaning. Nafsingizga emas!

@Umr_Falsafasi 🕊