Seningdirman | Kundalik
101 subscribers
233 photos
69 videos
11 files
524 links
Shaxsiy fikrlar, sheʼrlar, zamondoshlar ijodi va eng sara ijod namunalari kanali

Har kimga million bor elan, do'stim,
Xudodan o’zgasi g’ayr ekan, do’stim...
Download Telegram
@Seningdirman

#tirik_satrlar
#Alisher_Navoiy

Yuqoridagi qo'shiq she'rining to'liq ko'rinishi. Balki shuni istagandirsiz, deb o'yladik.😊😊

AYLANGIZ

Nozaninlar, benavolarga tarahhum aylangiz,
Lutf agar yo‘qtur, g‘azab birla takallum aylangiz.

Gah biyik, gah past giryon ko‘rsangiz ushshoqni,
Fosh kulmassiz, nihon bore tabassum aylangiz.

Hajr zulmidin qotiq holimni, ey jodu ko‘ngul,
Bildingiz, yor ollida borib tazallum aylangiz.

Ey balo-u dard, o‘tlar xud solibsiz jonima,
Lek siz ham gah ul o‘ttin tavahhum aylangiz.

Qon agar yutsam qarorib axtarim, ey xattu xol,
Siz mayi la’li bila bore tana’um aylangiz.

Biz fano tufrog‘i bo‘lduq dayr aro, ey ahli zuhd,
Xonaqah sahnida siz bahsi taqaddum aylangiz.

Ey mug‘anniylar, Navoiy mast edi — kech uyg‘onur.
Oni uyg‘otmoqqa bir dilkash tarannum aylangiz.


EMAS

Sunbulin Layli ochibtur — yel abiroso emas,
Dog‘ini Majnun qonatmish — lolayi humro emas.

Nastaran ko‘zgusida bir sori men, bir sori yor
Chehra aksin ko‘rguzubtur bir, guli ra’no emas,

Gulni o‘xshotqon uchun yorumg‘a go‘yo bog‘ aro
Muztarib ko‘nglum qushidur, bulbuli shaydo emas.

Sunbul ustidin nasim esgach, nigorim turrasin
Yod qildimkim, dimog‘ oshuftadur, savdo emas.

Nargis oltun jomining ollida kofuriy harir
Pardayi jonimdurur, marhun qadahpolo emas.

Dema, afg‘onimda bulbul nolasidek yo‘q nishot,
Bu ham anduhzo emas, gar gul nishotafzo emas.

Gulni sarv uzra xayol ettim ko‘ngul bo‘stonida,
Rost aytay, sarvi gulro‘yum kibi zebo emas.

Bo‘lmangiz mag‘ruri husn, ey sho‘xlarkim, bog‘ aro
Siz kibi bilturg‘i gullardin biri paydo emas.

Manga gulrux soqiyu bulbulg‘a gul tutti qadah,
Mast erur ul ham Navoiydek, vale rasvo emas.

✍️Alisher Navoiy

Bizning kanal👇👇👇👇
https://t.me/Seningdirman