Repetitsion test tizimi 📚
1.89K subscribers
903 photos
133 videos
363 files
393 links
📋 Aql tarozusida ko'rilmagan har qanday bilim asossizdir! (Ibn Sino)

- Barcha fanlardan
- 2 tilda (o'zbek va rus)
- Yo'nalishingizga mos DTM variantlar

• Reg: @RT_TEST_ROBOT
• Aloqa: @RT_TAKLIF_ROBOT

• Reklama: @oliygoh_admin
Download Telegram
Xatoga yondashuv haqida


Bugun xatolar haqida gaplashamiz, do'stlar.

Institutda mehribon kuratorimiz bor edi. Hammamiz yaxshi ko'rardik. Hech kim mensimaydigan talabalarga "odam"lardek muomala qilardilar.
Otalari mashhur yozuvchi bo'lgani ta'sir qilganmi, dona-dona chiroyli gapirardilar. Kayfiyatimiz bo'lmasa, gaplashib o'tirardik. Maslahat kerak bo'lsa, oldlariga borardik.

Bitirganimga sakkiz yil bo'lyapti. 90% o'qituvchim esimda qolmadi. Ularning esa hamma jihatlari esimda qolgan.

Erlari vafot qilgach, ikkita o'g'illari bilan ovunib yurardilar. O'limga sabab esa – shifokor xatosi edi. Vaqtida ko'rsatilmagan yordam, noto'g'ri tashxis. Operatsiyani kech boshlash. Oddiy kasallikdan jarrohlik stolida vafot qilgandilar. Bu voqeani ko'p aytib berardilar. Kimlargadir yaxshi o'qishga turtki bo'lgan bo'lsa ajabmas.

Shifokor xatosidan yiliga millionlab odamlar vafot etadi. Xato aniqlangach ham, yopdi-yopdi qilinadi. Sabablari o'rganilmaydi. Tan olinmaydi. Shu sabab shifokorlar xatosi OITS, ko'krak saratoni, giyohvand moddalardan ko'ra ko'proq odamning hayotini olib ketadi. O'zimizdagi marhum vayner ham bunga misol. U kabi mashhur bo'lmaganlar orasida, jimgina o'lib ketganlar qancha?

Tibbiyot tizimining ham bunga sabablari bor: "Minglab bemorlar ko'radigan shifokor, bitta kasalning o'limidan qamalib ketmasin" deydi. Xatoni tan olsak ovoza bo'lib, muammo jiddiylashmasin deyishadi. "Xudodan, biz hech nima qila olmadik", deyishadi.

Tan olinmagan xato, o'rganilmaydi. Kelasi safari takror bo'laveradi. Bemorlar o'lishda davom etaveradi. Internetga kirib tekshirib chiqdim. Shifokorlar xatosidan o'lim oxirgi yillarda kamaymayapti

Ellik yil davomida aviatsiyadagi halokatlar soniga qaraylik:
Screenshot 2025-04-10 at 09.25.24.png

Aviahalokatlar 10-12 barobar kamaygan. Ko'p safar qilsa ham, samolyotlardan qo'rqadigan do'stimiz bor. Har safar birga uchayotganimizda, o'tmishdagi aviahalokatlar haqida gapirib beradi. Do'stim, shu inshoni o'qiyotgan bo'lsangiz, sizga yaxshi xabarim bor:

Samolyotda uchish yerda yurishdan xavfsizroq. Yil davomida bitta tirik odamning o'lib qolish ehtimoli 0.000001. Chekuvchining o'lib qolish ehtimoli esa 0.0001. Mashina haydovchisining ham. Samolyotda uchayotgan odamning o'lib qolish ehtimoli esa 0.00000005. Barcha tarixiy falokatlarni hisobga olganda yana. Bunga katta ehtimol, og'ir kasallar va o'ta qariyalar samolyotga chiqmasligi ham sabab.

Vaklav Smil. Raqamlar aldamaydi.

Nega boshlanishida o'ta falokatli bo'lgan aviaqatnovlar bunchalik xavfsiz bo'lib qoldi?

Chunki har bir aviahalokat sababi o'rganiladi. Har bir xato taftish qilinadi. Xatoni hech kim berkitmaydi. Agar uchuvchi hatto o'limga sabab bo'ladigan xato qilsa ham, 10 kun ichida xabar bersa, jazodan qutulib qoladi.

Odamlar ichida ham xatoga ikki xil yondashuv uchraydi. Biri xato qilganini qabul qila olmaydi. Aybni o'zidan uzoqlashtiradi. Atrofdagi hammani aybdor qilib chiqadi.

Ikkinchisi xatolarni o'rganishning jarayoni deb biladi. Xatolar bilan martabasi tushmasligini biladi. Aybini bo'yniga oladi.

Asli barchamizda shu ikki toifaning qorishmasi bo'ladi. Yangi o'rganayotgan paytimizda xatolarga chidamli bo'lamiz. O'zimizni zo'r hisoblagan sohamizda, xatolarimizga tolerantlik kamayib ketadi.

Bir jarroh bor deylik. Oxirgi operatsiyasida bemor qornida qo'lqopi qolib ketdi. Bu xatosini tan olmasligi mumkin. Shu kuni kechasi karaokega borib kuylashda qilgan xatolarini oson tan oladi.

O'qituvchi bolani urishganligi noto'g'ri bo'lganini tan olmasligi mumkin. Photoshop ishlatishdagi xatolarini oson tan olib qo'yadi.

Nega unday bo'ladi. Nega asosiy faoliyatimizdagi xatolarni tan olishimiz qiyin bo'ladi?

Men ikkita sabab ko'ryapman.

Birinchisi, odam o'zi pul topadigan sohasida obyektivlikni ushlab turishi qiyin. Upton Sinklar aytganidek: Odam bir narsani tushunmasligi sababidan pul topayotgan bo'lsa, o'sha narsani tushuna olmaydi. Iqtisodchilar iqtisodni o'stirmaydi. Sanoatchilar o'stiradi. Endi boring shuni iqtisod fakultetlariga tushuntirib ko'ring. Hatto ex-hokim Jahongir aka ham tushuntira olmagan.
Ularning ustidan kulyapman-ku, bu kamchilik o'zimda ham bor:

Yaqinda bir xodimimiz maktabimizdagi kamchiliklarni aytdi. Ha, deb qabul qildim-ku, unga ustunliklarimizni sanab ketdim. Keyin o'ylab qoldim. Ustunliklarni unga nima qizig'i bor? Konkret kamchiliklar haqida gapiryapti-ku? Shuni to'g'rilasak bo'lmaydimi?

Maktabdan daromad qilishim uning kamchiliklarini ko'rishni menga qiyinlashtiradi, do'stlar. Shu sababli har bir e'tirozni jiddiy, maqtovni esa yengil olishga harakat qilaman.

Ikkinchi sabab, ego. O'zimizda kibr dermidi. Bir narsani yaxshiroq qilar ekanmiz, o'zimizga beradigan bahomiz shunga bog'lanib qoladi. O'zimizni qancha usta deb bilsak, ichki hurmatimiz shuncha baland bo'ladi. Xatoni tan olish, hurmatni toptashga teng tuyuladi. Qiziq joyi, bu bizga shunday tuyuladi xolos. Atrofdagilar oldida xatoni tan olishimiz, hurmatimizni faqat oshiradi.
Screenshot 2025-04-10 at 12.47.37.png

Ana milliarder Dalio o'zini hammani oldida professional xatokor deb yozib qo'yibdi. Hurmati kamayib qolmadi. Artel rahbari ham xatolarini tan oldi. Hamma oddiy qabul qildi.

Yoki avval gaplashganimiz, Taleb ham millionlik auditoriyasida oldida xatosini tan oldi.
Screenshot 2025-04-10 at 13.02.15.png

Xuddi shu mavzuda adashgan, iqtisodchi va siyosatshunoslarni taniyman. Kuzatar edim. Nega "edim"? Chunki adashganlarini tan olib chiqishmadi. Balki shu sababdan, hali ham faqat reklamadan pul topib yurishibdi. Xatolarini tez tan oladiganlar, oxir-oqibat boyib ketadi.

Ha, noto'g'ri o'qimadingiz. Bizda ikkitagina yo'l bor, do'stlar. Yoki aybsiz bo'lamiz. Yoki boy bo'lamiz. Uzun yo'llar haqidagi inshoni o'qiganlar biladi. Bo'lishni tanlash, kuchli axloqni tanlash, boy bo'lish ehtimolimizni karrasiga oshirib yuboradi.

O'rinli e'tirozga javob

Muallif boy va muvaffaqiyatli bo'lishni axloqli bo'lish bilan bog'laydi. Xatolarni tezda tan olish bilan bog'laydi. Atrofni kuzatayotgan odam tanishlari, o'z boshliqlari, mashhurlar orasida yomon axloqli, kibrli, xatosini tan olmaydiganlarni doim kuzatadi. Bu tezisimiz xatoligini bildiradimi?

Aslo. Avvalo, rizq axloqqa qarab taqsimlanmaydi. Muvaffaqiyat uchun ajratilgan joylar shunchalik ko'pki, orasiga turli odamlar kirib qolaveradi. Do'stimiz Abdulloh bilan ham shuni gaplashgandik. (Aytgancha, u ham xatosini sekundlar ichida tan oladiganlardan. Tez o'sishi sababi shudir balki?) Ba'zida noloyiq odamlarni yuqori ishlarda ko'rib qolamiz. Ba'zida o'zimiz ham qo'yamiz. Bunga sabab, odatda, boshqa variantlar yo'qligi bo'ladi.

Keyingisi esa Solonning ogohlantirishi. Bu odamda hozir pul borligi, ertaga bo'lishini bildirmaydi. O'zida bo'lishi, avlodlarida bo'lishini bildirmaydi. Shu sabab balki, boylikning faqat o'zini emas, uning generatorini (axloq) ham meros qilish, aqlliroq qaror bo'ladi.

Bu haqida avval ham gaplashgan edik. Eng birinchi inshomizga qaytamiz:

Shaxsiy rivojlanish eng yaxshi meros bo‘ladi. Umar ibn Abdulazizning o‘g‘illariga bir dinordan kamroq (bitta velosiped puli) meros qolgandi. Shu o‘g‘illardan bittasi mingta ot sadaqa qiladi. (Millioner degani). Hishom ibn AbduMalikning o‘g‘illariga million dinordan (300 mln$) meros qolgandi. Shulardan bittasi bozorda tilanchilik qilib yurardi. O‘zi uchinchi avlodga borib 90% oilalar boyliklarini yo‘qotib yuboradi. To‘plaganini o‘tkazish osondek ko‘rinadi, asli o‘rganganini o‘tkazish osonroq bo‘ladi. Bu haqida Suqrot ming yillar oldin aytgandi: vaqtingizni pul topishga sarflayapsizlar, nega shu pullarni tashlab ketadigan merosxo‘rlaringizni tarbiya qilmayapsizlar?

Javob tugadi

Xatolarimizni tan olmasak, ularni qanday to'g'rilaymiz? Axir, har bir tan olingan xato, hech qaysi sun'iy intellekt topib bera olmaydigan ma'lumotni topib beradi: O'zimiz haqimizda ko'proq bilib olamiz.
Screenshot 2025-04-10 at 13.16.46.png
Mening ta'rifimda yutqazgan (luser) kim? Xato qilganidan keyin, uni taftish qilmay, foydalanmay, xatodan uyalib, o'zini himoya qiladigan odam. Yangi ma'lumot kelganidan xursand bo'lib, shunchaki davom etish o'rniga, nega xato qilganini tushuntirib o'tiradi. Bu turdagi odamlar odatda o'zlarini "Jabrlanuvchi" deb his qiladilar. U yomon ob-havo, boshliq, yoki kimningdir rejasimi farqi yo'q.

Xato sodir bo'lganida uni berkitishning iloji yo'q. Non yoki pishdi, yoki xom. Dastur ishlayapti yoki qotgan. Insho qiziq yoki esnatuvchi. O'rtasi yo'q. Xato qilgan odamda faqat ikkita yo'l qoladi. Aybdor bo'lish. Yoki aybdor qidirish.

Hozirgi holatimizga kim aybdor? O'ylab ko'raylik. Yomon boshliq? Nima, yaxshirog'iga o'tadigan ko'nikmalarimiz yo'qmi? Ota-onamiz zo'r tarbiya qila olmagani? Birga yashashganligi ~85% ishni qilib berganini anglatadi. Kuzatuvimdan aytaman, otasiz o'sishlik, ko'p qoqilishlarga olib boradi. Hayotdan ma'noni olib qo'yadi. Ona kuchli bo'lsa, biron nima qilsa bo'lar. U ham taslim bo'lsa, bolalar alamzada bo'lib katta bo'ladi. Borib tekshirib keldim. Shu haqida yozilgan kitob ham bor ekan.

Noto'g'ri davlatda tug'ilganimiz? Qayer yaxshiroq edi? Oyoqqa turishning umuman imkoni yo'q Nigeriyami? Sudan? Qirilib borayotgan Yaponiya? Turmush qura olmayotgan Koreya? Stagnatsiyaga qarab ketayotgan Yevropa? Urushdan chiqmayotgan yaqin sharq? ~10% odam har kuni och uxlashini bilamizmi? Unutmang, chet el qandayligini bilish uchun o'sha yerda tug'ilganlarning ko'zi bilan qarash kerak. Bu yerdan emas. Grass is greener on the other side.

Shayton va bobomiz Odamning farqi ham shunda edi. Xatolariga turli nigoh bilan qarashdi. Biri aybsiz bo'lishni xohladi. Boshqasi aybdorligini tan oldi. Aybsiz bo'lishni xohlar ekanmiz, boshqaga to'nkashimiz kerak bo'ladi. Aybni to'nkar ekanmiz, mas'uliyatni ham ag'dargan bo'lamiz. Daromadi kamligida boshlig'imizni (hokim, prezident) ayblar ekanmiz, hech narsa qilmaslikni tanlagan bo'lamiz. O'sha boshlig'imiz almashishini kutish, yagona choramiz bo'ladi.

Muallifning ham egosi bor. Unga xatolarini ko'rsatishar ekan, boshida o'zini yomon his qiladi. Hozirgi xatolarini oson qabul qilishiga, o'tmishdagi xatolarini yozib borgani yordam beradi. "Oldin ham tan olgandim, qo'rqinchli bo'lmadi, endigisi ham hech nima qilmasa kerak" fikri xotirjam qiladi.

Bu yozilgan xatolar keyin taftish soatlarida ochib qaraladi. Boshqa takrorlanmaslikka harakat qilinadi. Aynan qanday qilinishini oldingi insholarda gaplashgan edik.

Xatolarni tan olishimiz o'rganishimizni tezlashtiradi. Xatolarni tan olishimiz hurmatimizni saqlab qoladi. Xatolarni tan olishimiz kelajakda xatolarimizni kamaytiradi. Xatolarni tan olishimiz o'zimizni tanishimizga sabab bo'ladi. Xatolarni tan olishimiz, munosabatlarimizni yaxshilaydi. Bitta shifoxona misolida aytaman, xatolarni tan olishimiz o'limlarning oldini oladi.

Bir dona kamchiligi, xatolarni tan olishimiz og'riqli bo'ladi. Xato qancha katta bo'lsa, og'riq ham shuncha katta bo'ladi. Rey Dalioda o'qigandim. Og'riq kattaligi odamlarni o'zgartira olmasa, boshqa hech nima o'zgartira olmaydi. Shu sababli, o'zgarmoqchi bo'lsak, xatolarni tan olaylik. O'zgartirmoqchi bo'lsak xatolarini aytaylik(yolg'iz qolganda, albatta). Takror-takror eshitmadimi? O'zi biladi. O'zini saqlamaganni, biz nega saqlashimiz kerak?

Shunda ham xatolarimizni tan olishga bitta to'siq qolar ekan. Atrofimizda ba'zi odamlar bo'ladi. Xatolarimizni eslab qoladi. Sanab yuradi. Hammani oldida eslatib qo'yadi. O'tmishdagi xatolarimiz, uning to'pponchasiga o'q bo'lib beradi. Ayamay otadi. Shundan uyalib ham xatolarni tan olmasligimiz mumkin. Undaylarni nima qilamiz?

Hech nima. Undaylar oldida oz vaqtda hech kim qolmaydi. Franklinda o'qiganmidim yoki Senekada, eslolmadim. Xatosiz do'st xohlagan – do'stsiz qoladi. Biz do'stlarimizni komil bo'lganlari uchun sevmaymiz. Undaylar hozir qolmadi, chamamda. Biz ularni komillikka intilganlari uchun sevamiz. Aynan shunday odamlar bilishadi. Bu yo'l xatolar orasidan o'tadi. Ular bilishadi, xatolarimizni Xudoning o'zi kechirib turganida, do'sti kechirmasligi ahmoqlik bo'ladi.
Oliy maqsad haqida o'ylar

14.04.25

Muallif yoshlarga qisqa muddatli maqsad qo'yishni tavsiya bermaydi. Yosh paytimizda bitta qo'ng'iroq, bitta ish taklifi hammasini o'zgartirib yuborishi mumkin. Hozirgi tezkor zamonda 6-12 oylik maqsadlar ishlamaydi. Yil boshida qo'ygan maqsadingiz, yil oxiriga borib muhimligini yo'qotgan bo'lishi mumkin.

Universitetni bitirib karyera qilaman deganimda, o'sib turgan biznesdan sherikchilik taklifi tushgan edi. Ikki yil avval insho loyihasini endi boshlaganimda, maktab uchun chiroyli bino chiqib qolgan edi.

Bir hamkasbimiz kitob yozib, taqriz olishga borgandi. Taqrizchining o'zi boshqaruvchilikka olib qoldi.

Bir o'qituvchimiz avval dasturchi, keyinroq esa menejer bo'lishni reja qilgandi. O'quvchilari ortidan quvlab yuradigan o'qituvchi bo'ldi. Hozir nafaqat o'quvchilar, boshqa o'qituvchilar ham quvlashga tayyor turibdi.

Bir o'qituvchimiz chetga chiqib ilmiy ish qilmoqchi edilar. Biz direktorlik taklif qildik.

Maqsad qo'yishda 3 ta davr bor bo'lsa kerak:

Qisqa davr. (Kun-hafta)
O'rta davr. (6-36 oy)
Uzun davr. (Butun umr)

Kuzatuvlarim shuni ko'rsatyaptiki, aksar odamlarda maqsad quyidagi ko'rinishda bo'ladi:
Screenshot 2025-04-14 at 15.47.29.png

Ya'ni, yil oxiriga mashina olishliklarini bilishadi. Ikki yil ichida o'qishni tugatishni maqsad qilishgan bo'ladi. Olti oy keyingi to'yga tayyorgarlik qilishadi.

Bir vaqtning o'zida, kunlik maqsadlarida kamchiliklar bo'ladi. Bugungi ishlari ertaga o'tib ketadi. Ertangilari indinga qoladi. Kunning yarmi ekran oldida uvol bo'ladi.

Yana ham kamroq odam, umridan maqsad kutadi. Uy-joy mashina qilingach, oldida faqat qorong'ilik ko'rinadi.

Muallif o'zi uchun maqsadlarni boshqacha tasavvur qiladi. Har bir kunida eng kami bitta ish bitirishni vazifa qilib oladi (+qo'shimcha bir necha kichik ishlar). O'rta muddatdagi maqsadlarga e'tibor bermaydi. O'zini yosh hisoblagani uchun, yo'l davomida ko'p imkoniyatlar chiqishiga ishonadi. Serendipity. (Omad)

Bir vaqtning o'zida butun umridan ham maqsad kutadi. Ana shu butun umrlik maqsadni oliy maqsad deyishadi. Chizma ko'rinishida bunday ko'ringan bo'lar edi:
Screenshot 2025-04-14 at 15.46.34.png
Oliy maqsad.

Oliy maqsadni men soddagina ko'raman: Resursdor bo'lish + shu resurslari bilan bo'lishish.

Sodda ko'ringani bilan tushuntirishga muhtoj. Resursdorlik nima? Resurslarimiz bo'lishi. Resurs nima? Bir ish bitishi uchun kerak bo'ladigan hamma narsa. Bitiriladigan ishni uy qurish misolida ko'rib chiqsak bo'ladi.

Bitta uyni bitirish uchun qanday resurslar kerak?
Screenshot 2025-04-14 at 11.27.23.png

Hovlimizga daraxt ekmoqchi bo'lsak, yoki vaqtimizni sarflaymiz, yoki pul berib qildiramiz, yoki tanishlarimizni chaqiramiz. Puli yo'q, vaqti ko'plar o'zi ekadi. Vaqti yo'q, puli borlar ektiradi. Hamma o'zida bor resursidan foydalanadi. Resursi bo'lmasa, ishi bitmay o'tiraveradi.

Odamda bor bo'lishi mumkin bo'lgan resurlarni hammasini ko'rib chiqaylik:
Screenshot 2025-04-14 at 11.37.33.png

Resurslarning qiziq jihati, bittasini ikkinchisiga aylantirish mumkin. Tanishi borlar vaqtini tejay oladi. Auditoriyasi borlar biznes boshlay oladi. Tajribasi borlar pul topa oladi. Axloqi orqali tanish orttiradi. Vaqtini sarflab auditoriya yig'ish mumkin. Biznes ichida xarakteri shakllanadi. Mantiqni tushunib oldingiz.

Bitta odamda turli resurlar har xil miqdorda jamlanishi mumkin. Odatda yoshlikda vaqt va quvvat ko'proq bo'ladi. Katta bo'lgan sari – pul va tanishlar.

Resursdor bo'lishdan oldin, bizga qaysi turdagi resurslarni yig'ish osonligini tushunib olishimiz kerak bo'ladi. Hamma har xil iqtidor bilan tug'iladi.
Iqtidor haqida ikki og'iz.

Bir necha yildan beri taniydigan uchta tanishimizni ko'rib chiqamiz.
Birinchisi istalgan odam bilan besh daqiqada qadrdon bo'lib keta oladi. Chegirma olib bo'lmaydigan joylardan chegirma olib chiqadi. Ko'ndirib bo'lmaydigan odamlarni ko'ndira oladi. Turli ishlarda ishlab qiynalib yurdi. Hozir katta binolar sotish bilan shug'ullanyapti. Tez chiqishib ketish kerak bo'ladigan joy. Uning ichki resursi – muomalasi (xarakter). Bu orqali tanishlar orttiryapti. Bu tanishlar orqali sotuvlar qilyapti.

Ikkinchisi, g'oyalar koni. Hech kimning hayoliga kelmagan g'oyalarni taklif qiladi. Sohasida (marketing) tinmay o'qib-o'rganadi. Ta'lim uchun bitta mashinaning pulini sarflab yuborgan bo'lsa ham kerak. G'oyalari, tajribalari ortidan biznes boshladi. Ichki resursni tashqisiga aylantirdi. Kichik auditoriyasi bor. Ishining ustalari kuzatadi.

Uchinchisi ko'p narsa bilmasligi mumkin. Aytilgan narsani qilishdan to'xtamaydi. Quvvati tugaganini ko'rmaysiz. Yozsangiz tez javob beradi. Ishlari muddatidan o'tib ketmaydi. Duracell batareykalari uni bemalol reklama uchun ishlatsalar bo'ladi. To'xtamay ijod qilaverganidan, katta auditoriya ham yig'ib oldi.

Hech biri bir-biriga o'xshamaydi. Shunga qaramay natijalari o'xshab ketadi.

Jeff Bezos aytganidek: Aqlli bo'lishning mingta usuli bor. Hamma o'zida bor resurs bilan ish bitiradi.

Biz ham o'z iqtidorimizni aniqlab olsak, o'sha asosida resursdor bo'la olamiz. Iqtidor nima o'zi? Lug'aviy ma'nosiga qarasak salohiyat, quvvat, imkoniyat degan so'zlar kelib chiqadi.

Salohiyat isloh qilish, o'zgartirish degani. Taxtani chiroyli stulga aylantira olsak, bizda duradgorlikka qobiliyat bor. O'qimaydigan o'quvchini, o'qiydiganga aylantira olsak, o'qituvchilikka qobiliyat bor. Bir to'da masalliqni shirin ovqatga aylantira olsak, oshpazlikka qobiliyat bor. Turli joyda yurganlarni bir ish uchun birlashtira olsak, boshqarishga qobiliyyat bor.

Ota-bobolarimiz shifokor o'tgan bo'lsa – bu imkoniyat. O'zimizni sinab ko'ra olamiz degani. Otamizda tadbirkorlik o'xshagani, bizda ham o'xshash ehtimoli baland degani. Tog'amiz mahoratli quruvchi bo'lsa, nafaqat tug'ma qobiliyatimiz bo'lishi mumkin, balki shu qobiliyatni chiqarishga tog'amiz yordam ham berishi mumkin. Iqtidor, avvalo, yon atrofimizdan qidiriladi. Ajdodlarimizdan qidiriladi.

Bir necha davlatlarning asosiy ekport mahsulotlariga qarang:
Screenshot 2025-04-14 at 12.10.39.png


Aksar davlatlar o'z yerlarida bor bo'lgan narsani eksport qiladilar. O'zbekiston uchun oltin. Elektronika eksport qiluvchi Xitoy ham shu elektronikani yasash uchun ikkita asosiy resursidan foydalanadi: Metallarning barcha turlari + arzon ishchi kuchi.

Davlat resurs o'zidan ortib qolsa, keyin eksport qiladi. Shu orqali yaxshigina daromad qiladi. Iqtidor bilan ham shunday. Bizga yaqin narsa orqali daromad qilishimiz oson bo'ladi.

Qiziquvchan bo'lsak, ilm olishimiz oson kechadi. Chaqqon bo'lsak, tajribani tez orttiramiz. Uddaburon bo'lsak, zo'r kelishuvlar qila olamiz. Hissiyotlarimiz kuchli bo'lsa, ijodimiz ta'sirli bo'ladi. O'zimizni yaxshi bilsak, atrofimizni yaxshi bilsak, iqtidorimizni topish ko'p vaqt olmaydi.

Shunda ham topa olmaganlar, sinov va xato orqali qidirib ko'rsalar bo'ladi. Bir ishga o'n yilimizni bag'ishlash uchun, bir-ikki yil izlanish zarar qilmaydi. Qaytanga shu usulda boshlansa, ikkilanishlar kam bo'ladi. Olti soat o'qiydigan kitobimizni, yarim soat tanlasak, nimasi yomon?

Qisqa tushuntirsak: Resursdor bo'lish – vaqt va quvvat borida, bilim va tajriba yig'ib olish. Axloqimizni yaxshilab olish. Tashqi resurlardan ham o'zimizga mosini to'plab olish deganidir.
Xizmat haqida.

To'plashdan maqsad, to'plash emas. Shu resurslarimiz bilan xizmat qilish. Nefti ko'p davlat neft eksport qilganidek, biz ham ko'p bo'lgan resursimizni eksport qilishimiz. Bo'lishishni boshlashimiz.

Mahallamizda masjid qurilyapti. Auditoriyasi borlar reklama qilib berdi. Puli borlar tashlab ketishyapti. Vaqti borlar, borib mehnat qilishyapti. Amaldagi insonlar ruxsatlarini olib berishdi. Shunday ishlarni qilish kerakligini ilmi borlar tushuntirib ketishgan edi. Komil axloqlilar qilib ko'rsatishgan edi...
Natijada masjid ancha qad rostlab qoldi. Mahallamizdagi maktab ham shunday bo'ldi. Biz bilgan, bilmagan yana shunday minglab ishlar bor. Hammasida jarayon shunday kechadi.

Xizmat qilishni kimdan boshlaymiz? Hali talabalikdan ozod bo'lmaganlar, butun xalqqa xizmat qilmoqchi bo'ladi. Yaxshi g'oya. Shoshmang. Avval resursdor bo'ling. O'shanda siz uchun kichik ishlar, boshqalarga katta foyda olib keladi. Xalqqa o'tishdan oldin, o'zingiz va atrofingizdan boshlang. Xalqning g'amini chekadiganlar topiladi. Biz esa avvalo o'zimiz va oilamizga mas'ulimz.

Diagramma ko'rinishida xizmat mana bunday ko'rinishi mumkin edi:
Screenshot 2025-04-14 at 12.37.16.png

Resurlarimiz ko'payib borgani sari, xizmatimiz ko'lami ham ortib borishi mantiqiy bo'ladi. Keyingi katakkka o'tib ketaveramiz.

O'zimizdan keyingi katakka o'tib olish, eng qiyini bo'lsa kerak. Chunki biz ehtiyoj va xohishlarni oson adashtirib qo'yamiz. Xizmat ham shu aslida. O'z xohishlarimizdan boshqalar ehtiyojini ustun qo'yishimiz. Yangi smartfon olmasdan, qo'shnimiz ro'zg'orini ko'tarib berishimiz. O'z ehtiyojimizdan boshqalar ehtiyojini ustun qo'yish-chi? So'rab qoladi o'quvchimiz. Bunisi endi muhabbat bo'lsa kerak.

Endi shu joyidan maqsadlarning muddatiga qaytsak. Uzoq muddatli maqsadni miyamizda ushlab turish, kunlik ishlarimizga ma'no beradi. Nega qilayotganini bilgan odam, qanday qilish yo'lini oson topadi.

Kunlik ishlarimizni nazorat qilish oson bo'ladi. G'ishtlarni har safar chiroyli qilib qo'ysak, yil oxiriga uyimiz o'zi tayyor bo'ladi. Muallif haftada ikki kun insho yozishi reja qilgandi. Dushanba/payshanba kuni uning asosiy ishi – foydali insho yozish bo'ladi. Mana to'rt oy bo'ldi. Bitta kitobga yetadigan xomashyo yig'ilibdi.

Agar kitobga yetadigan xomashyo yig'ish maqsad bo'lganida, unga kamida bir yil ajratilar edi. Parkinson qonuni bo'yicha bilamiz. Ishning 80 foiz qismi oxirgi muddatga borib qilinar edi.
O'rta muddat haqida.

Muallif yil oxiriga ozaman deb va'da berganlarni ko'p ko'rdi. Oy o'tdi, ular ozishmadi. Yil o'tdi. Vazn o'zgarmadi. Shu vaqtning o'zida har kuni yuguraman deganlar bor edi. Nafaqat ozib ketishdi. Kechagi marafonda 42 kilometr yugurib kelishdi. Kunimizni nazoratga olishimiz, oyimizni ham nazorat ostiga qo'yadi.

6-12 oylik maqsadlarning nimasi yomon? Ularni na kunlik nazorat qilib bo'ladi, na butun umrlik yoqilg'i bo'ladi. Shu tufayli bu muddatga rejalar qo'ygan yaxshiroq. Reja – maqsadga borish usuli. Yaxshiroq usul chiqsa, almashtirib ketaveramiz.

"Ota - onamizni xursand qilamiz" deb, yil oxiriga telefon olmoqchi edik. Oyligi kamroq, kuchli joydan ish chiqib qoldi. Balki kelajagi bor joyda ishlash, ota-onamizni ko'proq xursand qilar? Bir parcha temir, yillar o'tib eskiradi baribir. Telefon olish maqsad bo'la olmaydi. Nari borsa, rejaga yaraydi xolos. Xursand qilish esa, xizmatning bir qismi bo'ladi.

Yana bir kuzatuvim, oliy maqsadi borlar, uni yillarga bo'lib chiqa olishadi. Yillik maqsadi borlarning hammasi ham nega yashayotganini bilmaydi.
Xulosa.

Faqat o'ziga xizmat qilishdan depressiv ish bo'lmasa kerak. Nafsini qondirish ortidan yugurgan Epshteyn va Diddy mijozlari, Balzerian, Klintonlar oilasi, va Qirol Gedonning tarixini yozib o'tirmaymiz. Ular alohida insho uchun mavzu. Bugungisi tobiga yetib keldi.

Xizmat qilish uchun resurslarimiz bo'lishi kerak. Buning uchun uni yig'a boshlashimiz kerak. Qaysi biridir bizga oson yig'ilayotgan bo'ladi. Bu taqdirning ishorasi. O'sha tomonga bor e'tiborimizni qaratish aqlli ish bo'ladi.

"Tarqatish uchun yig'ar ekanmiz-da?", savol paydo bo'ladi. Ha. Resurslarni yig'ish va tarqatish ham aslida maqsad emas. Shunchaki, o'tayotgan tok simning sifatini ko'rsatib berganidek, qo'limizdagi bilan qilgan muomalamiz, kimligimizni ko'rsatib beradi.
O'rganishni tezlashtiramiz

17.04.25

O'rganish haqida insho so'rashdi. Bir necha joyda qisman gaplashib ketdik. Hammasini bitta qilish payti keldi chamamda.

O'rganish o'zgarish degani.

Yapon restoraniga kirganda, sushini sanchqi (vilka)da yer edik. Vaqt o'tib cho'p ishlatishni boshladik. Sushini yeyish usulimiz o'zgardi. Hayotiy ko'nikma o'rgandik.

Kerakli ma'lumotlarimiz telegram chatlarimizda yotar edi. Hammasini jadvalga yig'ib, hisobot qila boshladik. Ishimiz ko'rina boshladi. Natijamiz o'zgardi. Professional ko'nikma o'rgandik.

Rahbarlarimiz qarorini tushunmasdik. Har yangi qarordan asabimiz buzilardi. Xohishlarimiz eshitilmasa, xafa bo'lardik. Rahbar bo'lish haqida o'qib o'rgandik. Qaror qabul qilish murosa (trade-off, compromise)dan iborat ekanligini ko'rdik. Hammani rozi qilishning iloji yo'qligini tushundik. Fikrlashimiz o'zgardi. Yangi dunyoqarash o'rgandik.

Kutganimiz bo'lmasa, asabiylashar edik. Navbatda turish yoqmas edi. Birovning aybini ko'rsak siqilar edik. Nega shunday bo'layotganini taftish qildik. Ko'p narsa o'zimizda ekan. Hissiyotlarni boshqarish kerakligini tushundik. Jahlimizni bosishni, sabrli bo'lishni o'rgandik. Axloqimiz o'zgardi.

Xotiramizda ma'lumotlar turishi o'rganish emas. Bilish. O'rganishning urug'i. U o'sib chiqishi uchun harakatlarimiz/dunyoqarashimiz o'zgarishi kerak.

O'rganishni soddalashtirgan holda mana bunday ko'rsatish mumkindir balki:
Screenshot 2025-04-17 at 12.25.48.png

Rostdan ham o'zgarishni boshlashimiz uchun, bizga uchta masalliq kerak bo'ladi.

Mana shu jadvalga ishonadigan bo'lsak, o'rganishimizni tezlashtirish uchun bir necha ishlar qilishimiz mumkin bo'ladi: Hozirgi holatimiz bilan yaxshilab tanishish + yangi nazariyalarni xotirada ushlash + holatimizni nazariya bo'yicha o'zgartirish uchun kuch topish.
Hozirgi holatimiz
Takror o'qish

Ilm takrorda hosil bo'ladi. Oldinlari ko'proq o'qishga harakat qilar edim. Hajm muhimroq edi. Ha, bir marta o'qishning ham foydalari bor. Ikki marta o'qish ikki barobar emas, besh-olti barobar foydalidek tuyuldi.

Silkroad nomlik mashhur givohvand moddalar onlayn do'koni bor edi.
Amerikaning eng kuchli agentligi FBI (Federal Qidiruv Byurosi) yillar davomida izlanib, uning egalarini topa olmayotgan edi. Soliq qo'mitasida ishlaydigan Garf Alford oddiy Google qidiruv bilan, butun boshli agentlik qila olmagan ishni qilgandi. Komyuteridan turib jinoyatchilarni topdi. Asosiy sababi?

U har bitta matnni uch martadan o'qir edi. "Shunday qilsam esimda yaxshiroq qoladi" der edi. Rostdan ham yaxshiroq eslab qolardi.

Nega bunday bo'lishi haqida bitta yovvoyi taxminim bor, do'stlar. O'rtacha kitobda 50 000 ta so'z bo'ladi. Har birimiz ikki kunda bitta kitob o'qiymiz. Faqat u turli ko'rinishda bo'ladi. Ko'chadagi bannerlar. Telegramdagi xabarlar. Yangiliklar. Mahsulotlar qadog'i. Kun davomidagi o'qigan so'zlarimizni qo'shib chiqsak, bemalol 25 mingtadan oshadi. Eshitganlarimizni ham qo'shsak, butun kitob bo'lsa kerak. Muallif audiokitoblarni kitob hisoblamagani uchun, ularni qo'shib o'tirmaymiz.

Birinchi marta kirayotgan narsa shu darajada ko'p bo'lgani uchun, birinchi marta o'qiganimiz shunchaki esdan chiqib ham ketsa kerak. Birinchi o'qishning vazifasi, ikkinchi o'qishga arzish-arzimasligini topish. Qiziq qoida. Suhbatdosh tanlashda ham ishlatsa bo'lar, balki?

Muallif ham yangi narsa o'qiganidan ko'ra, o'qigan narsasini takror qilishdan ko'proq foyda oladi. Shu sabab takror uchun dastur ham o'rnatib olgan. Hozir kirib chiqdim. Takror qilishning uzilmay kelayotganiga ming kundan oshibdi. Orada uzilishlar bo'lgan, albatta. Shunchaki, Readwise dasturi kechirishni biladi)
Screenshot 2025-04-17 at 15.46.39.png

Takrordan maqsad nazariya yodimizda turishi bo'ladi. Ovqatdan oldin qo'l yuvishimiz uchun, ovqat oldidan yuvishning zarurligi hayolimizdan o'tishi kerak bo'ladi. Esimizda turishi, amal qilishimizga kafolat bermaydi. Esimizda yo'qligi, amal qilmasligimizga kafolat beradi.
Shayton degan qurilma bor. Men inglizcha nomini ma'qul ko'raman (level). Maqsadi qiyshiqlikni topish. Ko'rinishi mana bunday bo'ladi:
Screenshot 2025-04-17 at 16.34.38.png

Ilmni xotiramizga tushurib olish, qo'limizga level ushlab olishga o'xshaydi. Biror qiyshiqlik chiqqanida uni sezgani kabi, o'qiganimiz bo'yicha harakat qilmayotganimizni eslatib turadi. Hozirgi holatimiz haqida bilib olamiz.
O'zimizni tanish

Eng eski maslahat mana bunday yangragan bo'lsa kerak: Know thyself. O'zingni tani.

Qachon yangi nazariyaga amal qilamiz? Hozirgi holatimizdan qoniqmasak. Qoniqmaslik uchun esa hozirgi holatimizni bilishimiz kerak. Buni qanday qilish haqida gaplashgan edik. Xulosasi: Yaxshi ko'rinish yo'lida o'zimizni aldashni to'xtatsak, boshqa kamchiliklarimiz ham ko'rina boshlaydi. O'zimizni tanish, yaxshi va yomon taraflarimizni ochiq bilish degani.

Har kunlik taftish o'zimizni tanishga yordam beradi. Filtrsiz gapiradigan do'st, Ustoz, tanishga yordam beradi. Boshqalarda yomon ko'rayotgan ishlarimiz, o'zimizni tanishga yordam beradi.

Mana shu oxirgisi haqida batafsil gaplashsak. Joanna Barshning liderlik kitobida keladi – o'zimizning ustun taraflarimizni bilish uchun, boshqalarda ko'rayotgan ustunliklarimizga ahamiyat berish kerak. Odobni odoblilar o'lchay oladi, aqlni aqllilar, tezlikni tezlar, farosatni sezish uchun ham kuzatuvchida farosat bo'lishi kerak.

Yomon ko'rish bilan ham shunday. Ben Franklin aytadi: "Kibrli, boshqalardagi kibrni yomon ko'radi". Kevin Kelly yozadi: "O'g'rini qanday qilib topish mumkin? U boshqa hammani o'g'rilayapti" deb o'ylaydi.

Yomon ishlarning o'zini emas, qiluvchini yomon ko'ryapmizmi? O'zimizda shu ishlar bo'layotgani katta ehtimol. Tanishuv muborak bo'lsin!
Yangicha nazariya

Qanday qilib ma'lumotlarni yaxshiroq eslab qolamiz?
Javobini topishga harakat qilish

Suqrot o'quvchilariga ilm o'rgatish uchun zo'r usulni qo'llar ekan. 20 soniya vaqtingiz bor. O'ylab ko'ring-chi, qanday usul?

20

15

10

5

Savol berib, javobini o'zlari izlashlariga qo'yib berar ekan. Noto'g'ri bo'lsa ham eshitar ekan. Javobini o'zi bilsa ham, aytmay turar ekan.

Kuchli senior dasturchilar ham shunday qilishini eshitgandim. Junior shogirdiga xato qilishga qo'yib berar ekan. Javobini o'zi topa olmagach, keyin taklifini berar ekan. Asli har qanday kuchli ustoz shunday qilsa kerak.

Biz o'zimizni qiynagan narsalarni yaxshiroq eslab qolamiz. Bahomizni oson qo'yib bergan o'qituvchilar yodimizda qolmagan. Talabchanlarning nafaqat ismlari, balki yuzlari ham esimizda turibdi.

Bu ayni kunlarimizga tegishli kuzatuv. Javobini bilmagan mahal, chatdan so'rash uchun telefonimizni olishimiz ko'paygan. O'z puliga uylanmagan erkatoy, xotinning qadriga yetmaganidek, oson kelingan ma'lumotga miyamiz e'tibor bermay qo'yaveradi.

O'qiganini eslab qolaman degan uchun tavsiya: Javobni oldin elektron to'tiqushdan emas, miyamizning burchaklaridan qidirib ko'raylik. Shu aqlliroq yechim bo'ladi. Javob chiqmaslik ehtimoli katta. Farqi yo'q. Qidirib ko'rishni o'zi qiynaydi. Demak, chatdan kelgan javobni ham eslab qolamiz.
Chegaralarda to'xtab qolmaslik

Qiziqqan narsamizni yaxshiroq eslab qolamiz. Qanchadan qancha narsalarni bizga majburlab o'rgatishdi. Qani endi o'sha o'rganganlarimiz? Futbol jamoalari, virtual o'yin qahramonlari, Afrika davlatlari nomlari, Turkiya tarixi, mashina rusumlarini bo'lsa, eslab yuribmiz (hammada har xil kombinatsiyada albatta). Sababi oddiy, magnit mayda mixlarni tortib olgani kabi, qiziqish ma'lumotlarni shimib oladi.

Qiziqqan hamma narsamizni o'qishga nima xalaqit beradi? Asosiy to'siq sifatida sun'iy chegaralarni ko'raman. Universitetlar o'zlariga oson bo'lishi uchun ilmni bo'limlarga bo'lib chiqqandilar. Shu sababli shifokor turizm haqida, o'qituvchi jazz haqida, marketolog mashinalar haqida qiziqar ekan, o'z qiziqishidan hijolat bo'ladi. Menda shunday bo'lgandi kamida.

Hozir kattaroq bo'lib qoldim. Xijolatdan asar ham qolmadi. Men uchun janr (yo'nalish) ham tugadi. Kitob va kontent ikki turga bo'linadi faqat: 1. Qiziqarli. 2. Zerikarli.

Feynmanda ham shu fikrni ko'rib qoldim:
-Fiziologiyadan ham ma'ruza qilaverasizmi? Axir u fundamental fizikadan ancha uzoq-ku?
-Rang ko'rish fiziologiyadanmi? Menga ozgina vaqt bering, fiziologiyadagi istalgan mavzudan ma'ruza bera olaman. O'sha mavzuda hamma narsani topaman va tushunib olaman. Kafolat beraman, bu qiziq bo'ladi. Chunki ishonaman, chuqur kirilsa, hamma narsa qiziq bo'ladi.

Internet savdosi, samoviy kemalar muhandisligi, miya implantlari, elektr mashinalar, yer qazish, siyosat, blog yuritish sohalarida yutuqqa erishgan Ilon Maskdan ham qanday qilib o'rganishi haqida so'rashganida shunday javob bergandi:

Ilm daraxtga o'xshaydi. Oldin tanani tashkil qiluvchi asosiy o'zaklarini o'rganib olsangiz, shoxlarini oson o'rganib ketasiz.

Ha, bu haqda qomusiylik inshomizda gaplashgan edik. Qisqa xulosasi – boshqa
sohalarni o'rganishimiz, o'z sohamizga faqat foyda olib keladi.
Qabul qildiruvchi kuch

Holatimizni bilishni o'rgandik. Nazariyani eslab qolishni ham. Shularni qo'llash uchun turtki bo'ladigan kuchlar haqida gaplashish qoldi.
Amaliyotchilarga ergashish

Ingliz tilini o'rgatish sohasini kuzatib turganim uchun bir qiziq jarayon e'tiborimni tortdi.
Screenshot 2025-04-17 at 20.10.40.png

20 yil davomida birorta eng yuqori ball kuzatilmagan edi. Ikki yil oldin kimdir boshlab berdi. Shundan keyin eng yuqori ball ko'payib ketdi.

Tarixda ham shunday bo'lgan. Bitta ixtiro qilinib bo'lgach, imkoni borligini ko'rib boshqalar ham qila boshlashgan. Qanday qilinganini bilmasa ham. Qilishni mumkinligini bilish, qanday qilishdan bilishdan foydaliroq bo'ladi. Yonimizdagi tengdoshimiz mashina olsa, bizning olishimiz ham tezlashib ketadi.

Shuning uchun ham biz faqat gapiruvchilarga muhtoj emasmiz. Qilib ko'rsatuvchilarga muhtojmiz. Uyida o'tirib yaxshi pul topayotgan dasturchi, o'nta qo'shnisini dasturlashga qiziqtira oladi. Bir og'iz gapirmasa ham. Havasning kuchi katta.

Urgut va Qo'qonda savdo kuchli ekanligi, Xorazm AyTi xizmatlari eksporti qilishi, Buxoro (ayniqsa Qorako'l) matematikani eplab tashlashi, kimdir havas qilarlik misol bo'lib berganidan. Birinchi bo'lib boshlagan. Natijasi bilan hayron qoldirgan. Odamlar o'zi ergashgan. Amaliyotchi ko'p gapirishi shart emas. Yashashining o'zi undov bo'lib qoladi.

Videodagi gaplar ta'sir qilmayotgan bo'lsa, o'ylab ko'raylik. Kitobdagi gaplar ta'sir qilmayotgan bo'lsa o'ylab ko'raylik. Muammo doim ham bizda bo'lavermaydi. Maslahatchi o'zi amal qilmaydigan/qilmagan narsasini gapirar ekan, ichkaridagi sensorimiz yolg'onni sezib turadi.

Sensorimizni eshitishni o'rganmagan bo'lsak, bitta usul bor. Yuz foiz bo'lmasa ham, ko'pincha amaliyotchilarni ajratishga yordam beradi:
Screenshot 2025-04-17 at 20.31.08.png

Sharlatanning belgisi: Oddiy narsalarni qiyin so'zlar bilan tushuntiradi.

Muallif bugungi mavzuni atamalar(termin) bilan tushuntirishi mumkin edi. Miyelinatsiya, oraliqlik takrorlash, mnemonika, unutish egri chizig'i, ma'noli chanklar (chunks), sxematik o'rganish va hk. Ishlatmaganiga ikki sabab bor bo'lsa kerak. 1. Bu so'zlarning ko'pini o'zi ham yaxshi tushunmaydi. 2. Insho muallifni aqlli ko'rsatish uchun emas, qiyin narsani soddalashtirish uchun yoziladi.
Majburiyatlar olish

Bilganimizga qachon amal qilamiz? Yettinchi inshoda aytganimiz kabi – majbur bo'lganda.

Parallel muhit loyihasi muallifni ko'p yozishga majbur qilyapti. Nafaqat yozishga, balki ko'p o'qishga, ishlarga ulgurishga majburlayapti.

Ota bo'lgani, axloqi ustida ishlashga majbur qilyapti. Qancha gapirmayin, uydagilar ko'rganini qilyapti. Ishxonadagilar ham.

Turli ustozlarga shogird tushgani, ulardan o'rganishga majbur qilyapti. O'smayotgan shogird hech qaysi ustozga yoqmaydi.

Biznes qilayotgani, moliyani tushunishga majburlayapti. Risklarni tushunishga majburlayapti.

Rozetkaga uskuna ulamasak, u yerdan hech narsa chiqmaydi. Qancha katta uskuna ulasak, shuncha katta kuchlanish chiqadi. Yukimiz kattaligi bizdan ko'p kuch talab qiladi. Talab qilgani uchun, shu kuch bizdan chiqa boshlaydi. Majburiyatimiz kattaligi, shaxsiyatimizni kattalashtiradi. Boshqachasi bo'lishini tasavvur qilish qiyin.
Odam tabiati esa buni xohlamaydi. Yengillik istaydi. Yengillik ichida katta bo'lgan bolalarni ko'p ko'rdim. Ishimiz shuni taqozo qiladi. Ular uchun telefon ishlatmasligi + kola ichmasligining o'zi katta yutuq bo'lsa kerak. Bu bolalarga qarab havas qilmagan bo'lardingiz. Ozgina gaplashib, vaqt o'tkazib, oldiga qaytgingiz kelmay qolardi.

Bir vaqtning o'zida, havas qilsa bo'ladigan o'quvchilarni ko'rib qolasiz. Yaxshilab surishtirsangiz, yosh bo'lsa ham, majburiyatlari bo'ladi.

Majburiyatlar muallifni ham qo'rqitadi. Yengillik xohlaydi bu ko'ngul. Qo'rquvni yengishga ikki va'da yordam beradi:

Ko'tara olmaydigan majburiyatimiz bizga berilmaydi. Demak yo u majburiyat bizniki emas, yoki ko'taradigan kuchimiz yaqinda yig'ilib qoladi.

Majburiyat olish boshida qiyin bo'ladi. Har bir qiyinchilik ortidan esa oson kunlar albatta keladi.
Qiyin davrlar kimligimizni ko'rsatadi


Mevalar mavsumi boshlangani bilan tabriklayman, do'stlar! Meva sotib olayotganlarda bitta dilemma bo'ladi. Biz shirin meva xohlaymiz. Olish paytida esa, chiroylisini tanlab qo'yamiz. Tarvuz, kivi, olma, qovun, uzum tanlab yurganlar biladi, chiroyli meva doim ham shirin bo'lavermaydi.

Yaqinda qulupnay olmoqchi bo'ldik. Bittasini tatib ko'rdik. Bemaza ekanligi ma'lum bo'lgach, olmay qo'yaverdik. Supermarketlar ham tatib qo'yishni yo'lga qo'ysa yaxshi bo'lar edi.

Insho meva tanlash haqida emas. Odamlarni tanish haqida. O'zimizni tanish haqida.

Mevalarni yeb ko'rmagunimizcha qanday ekanligini bilmaganimiz kabi, odamlarni ham birga vaqt o'tkazmagunimizcha qandayligini bila olmaymiz. Vaziyatlar insonlarni ochib beradi. Stress axloqimiz qirralarini ko'rsatadi. Jahlini bosa oladigan odamni ajratish uchun, jahl chiqadigan vaziyatlar kerak bo'ladi. Pulga muhabbatni tekshirish uchun, pul yo'qotadigan vaziyatlar kerak bo'ladi.

Tolstoyning "Anna Karenina"sida h-indeksi baland bo'lgan (hamma yoqqa tarqalgan) gap bor. Baxtli oilalar hammasi bir xil, baxtsizlari esa turli usulda baxtsiz. O'ta tiniq kuzatuv. Rahim, bir-birini tushunish, kechirish, eshitish. Bularsiz baxtli oilani tasavvur qilish qiyin. Baxtsizlikka esa yuzlab sabablar bo'lishi mumkin: dunyoqarash kesishmasligi, vaqt ajratmaslik, kutuvlar kattaligi, eski xotiralar, pul yetmasligi...

Shu iqtibosdan biz boshqa bir qoida yasash uchun foydalanamiz. Ya'ni: Oson davrlarda hamma bir xil, qiyin davrlar kimligimizni ko'rsatadi. Muammosiz, qorni to'q, ishlari yurishib turgan odamning asli kimligini bila olmaymiz. O'sha odam o'zimiz bo'lsak ham.

Bir odamning yaxshiligini maqtashganida Umar (roziyallohu anhu) ogohlantirgan ekanlar: Pul oldi-berdi qilib ko'rganmisan? Birga ish qilib ko'rganmisan? Birga safar qilganmisan?

Bu ishlarni nima birlashtirib turadi, do'stlar? Bularning barchasida odamni turli (asosan) stress vaziyatlarda ko'ramiz. Qarzni qaytarish bosim bilan kechadi. Safarda oila, daromad, uydan uzoq bo'lamiz. Ish ham yarmi stressdan iborat. Shu vaziyatlarda hamrohimizdan ko'nglimiz qolib ketmasa, oldimizda yaxshi inson turganidan dalolat beradi.

Muallif ham bir guruh tadbirkorlar bilan safarga chiqqandi. Ularni hali tanimagan vaqtida kuzatib havas qilar edi. Safar tugagach ba'zilariga havasi yanada ortdi. Ba'zilari bilan esa gaplashgisi kelmay qoldi. Besh yulduzli mehmonxona, yo'l ko'rsatadigan xarita, sekundlar ichida pul tushursa bo'ladigan visa kartalar bor edi. Demak, safarni qiyin safar deb atab bo'lmasdi. Shunchaki, muhit o'zgarishi, yomon odatlar chiqib kelishini osonlashtirib qo'ydi.

Chet elga chiqqan talabalarimizdan ham shuni eshitaman: "Safarga chiqib, kimligimni bildim". Bizni tanishmaydigan va muhokama qilishmaydigan joylarda yurish, aslimizni bilishga ancha yordam beradi

Ora-orada o'zimizdan so'rab turishimiz kerak bo'ladi: Atrofim shunday bo'lganim uchun shundaymanmi? Yoki aslim shundaymikan? Yaxshi odamlar orasida yaxshi yurib, safarda shaytonimizning ipini yechib yuboradigan bo'lsak, kimni aldayapmiz? Atrofdagilarnimi? Balki o'zimiznidir?

Ba'zi yovvoyi insonlarni muhit bosib turadi. Musulmonlarga narsa sotgani uchun, o'zini musulmon qilib ko'rsatadiganlarni taniyman.

Teskarisi ham bor. Ba'zan muhit bizni pastga tortib turadi. Yonimizdagi odamlar, biz umrimizni o'tkazishga arziydigan odamlarmi? Boshida ishlari yoqmas edi, hozir bezovta qilmay qoldi, u o'zgardimi? Yoki men o'rganib qoldimmi? Muhitim o'zimga mosmi?

Ikki hafta/bir oylik ta'tildan so'ng ajrashishlar va ishdan ketishlar ko'payishi haqida o'qigan edim. Muhitning ichida yurgan odamlar, o'zlari yurgan joylari noto'g'ri ekanligini sezmay yuraveradilar. Hamrohlarini noto'g'ri odam ekanligiga e'tibor bermaydilar. Muhitdan chiqqach, unga qaytmaslikni tanlaydilar.

Balki shuning uchun o'zimizda mashhur maqol kelib chiqqandir:

Musofir bo'lmaguncha, musulmon bo'lmaysan.
1
Birga ishlash ham odamni ochib beradi. Muallif ba'zi nomzodlarning rezyumesini ko'rib hayron qoladi. Suhbatlashib, o'sha odamni ishga olgisi kelib qoladi. Ish boshlangach esa, tanlovidan afsuslanib qoladi. Odamlarni bir marta qoyil qoldirish mumkin. Chiroyli gaplar, tanlangan kiyim, ozgina maqtanish yetadi. Hamkasbimizni hayron qoldirish uchun esa, doimiy natija qilishimiz kerak bo'ladi. Ular sabrimiz, jahlimiz, mehrimiz, aqlimizning aslini ko'radilar. Uzoq muddat aldab yura olmaymiz.

Shu sabab bo'lsa kerak, muallif uylanmoqchi bo'lgan yigitlarga turli vaziyatlarda ko'rgan insoni yaxshiroq ekanligini aytib keladi. Ya'ni, biz tanigan Qumri, biz tanimagan Mona Lizadan yaxshiroq nomzod. Ha, uning kamchiliklari bordir. Muhimi, bu kamchiliklarni bilamiz. Stress holatlarda kuzatganmiz. Bizga rasmini ko'rsatishayotgan hurliqoning esa, shkafdagi skeletlarini bilmaymiz. Birinchi stressdayoq hammasini tashlab qochmasligiga kafolat yo'q. Eng qizig'i, buni o'zi bilmasligi ham mumkin.

Ilmiy asosini borib tekshirib keldim. Birga o'qiganlari bilan turmush qurganlar, ajrashish ehtimoli 40% ga kamroq ekan.

Eng qadrdon do'stlar balki shu sabab bolalikdan chiqadi. Birga qancha qiyinchiliklar ko'rilgan, axir. Katta bo'lib do'st topmoqchi bo'lganlarga ham, tavsiya shu bo'lsa kerak: Birga qiyinchiliklar ko'rish. Ayiq oviga birga chiqish shart emas. Birga biznes boshlash, qiyinchilikning hamma turini ko'rsatib qo'yadi.

Bir tadbirkor do'stimiz sherik tanlashda shunga e'tibor beradi. "Birorta yaqin do'sti bo'lmasa, oilaviy munosabatlari yomon bo'lsa, sherik bo'lmayman" deydi. "Birga katta bo'lgan aka-ukasi bilan kelisha olmagan, begona bilan murosa qilishiga ishonish qiyin" deydi.

Demak, bir odamning yaxshi ekanligini bilmoqchi bo'lsak, uni qiyin vaziyatlarga solishimiz, yoki tushib qolgan qiyin vaziyatlarda kuzatishimiz kerak bo'ladi.

Ustiga choy to'kilganda, ko'chada mashina siqib ketganda, pul yo'qotganda, ishi o'xshamaganda, internet sekin ishlaganda, farzandi aytganiga kirmaganda, fikri xatoligini aytib qolishganda, ishning dedlayni kelib qolganda, o'zini qanday tutishi, kimligini aytib beradi.

Balki shuning uchun yer yuzidagi eng buyuk odamlar, eng katta qiyinchiliklarga tushishgan edi. Qiyinchiliklar orqali ularning go'zal axloqlari ko'rinib qoldi. Biz ibrat olishimiz mumkin bo'ldi. Boy oilada tug'ildi. Ishlamay maza qilib yurdi. Chiroyli uy qurdi. To'shagida qarilikdan jon berdi. Nima o'rganish mumkin bu hikoyadan? Qani go'zal axloq ko'rsatish uchun imkoniyat?

Muallif shu sababdan YouTubeda chiroyli gapirayotgan diniy ulamolarga bittada ishonib ketmaydi. Ko'rinishidan "men eng aqllisiman deb turgan" bo'lsa ham. Rostdan qiyin vaziyat kelganda, o'sha odam o'zini qanday tutganini bilmaydi. Shogirdlarini tanimaydi. Loyihalarida ishlamagan. Pul oldi-berdi qilmagan. Gap so'zidan yoki yuzidan ham odamni ajratish mumkindir. O'sha darajaga chiqqanida shunday qilar, hozircha buni eplay olmaydi.

O'zimizdagi ulamolarning ba'zilari bilan esa shaxsan ko'rishgan. Bittasining ramazonda kechasi umuman uxlamaganiga guvoh bo'ldi. Boshqasining esa kunlab 24 soat ichida 3 soat uxlaganini ko'rdi. Yana birining belidagi og'rig'iga qaramay, tonggacha bedor turganini tasodifan bilib qoldi. Ular chiroyli gapira olmaslar balki. YouTubeda mashhur bo'lmasliklari ham mumkin. Bu muhim emas. Muhimi, ular gapirganda, amal qilayotglarini gapirishyapti.

Amal qilayotganlarni eshitish haqida ko'p gaplashdik-ku, nega shunday qilish kerakligi haqida gaplashmadik. O'tgan galgi inshodan parcha keltirishga ruxsat berasiz:

Tarixda ham shunday bo'lgan. Bitta ixtiro qilinib bo'lgach, imkoni borligini ko'rib boshqalar ham qila boshlashgan. Qanday qilinganini bilmasa ham. Qilishni mumkinligini bilish, qanday qilishdan bilishdan foydaliroq bo'ladi. Yonimizdagi tengdoshimiz mashina olsa, bizning olishimiz ham tezlashib ketadi.

Amal qilib gapirishda ham o'xshash prinsip sabab: Qiyinchilikni yengish mumkinligini bilish, qanday yengishni bilishdan ko'proq foyda beradi.
Nafsi bilan kurashib, har kuni vaqtli turayotgan odamni ko'rish, uyg'otish usullarini bilishdan ko'proq foyda beradi. "Ana, u qiyin bo'lsa ham, tura oldi. Men ham turaman," ichkaridan ovoz keladi. Eshita olsak bo'lgani.

Biznes konsultantlarning ham maslahatlariga shu sabab jiddiy qaramaydi. "Ketaman desa, muhim xodimni bo'shatib yuboravering!", "Xodimlar qo'liga topshirgan, o'zingiz ahmoq" deb yuboraveradi. O'zi biznes qilib ko'rganda bilar edi. Tayinli loyihalar qilishning, muhim odamlarsiz iloji bo'lmaydi. Qiyin vaziyatni boshidan o'tkazmagan konsultant, qaysi kasallikka dori yozayotganini o'zi bilmaydi.

Basketbol yulduzi millioner Simpsonni oddiy kunlarda kuzatgan kishi, uni yaxshi odam deb o'ylardi. Jahli chiqib, siqilganda xotini va uning dugonasini o'ldirib kelganini hisobga olmasa albatta.

Oddiy kunlari Westlar oilasi har kuni birga tushlik qilishar edi. Bu ko'p farzandlik oilani tashqaridan ko'rganlar baxtli ham deb o'ylashi mumkin edi. Rasmlariga qarang:
Screenshot 2025-04-21 at 16.33.55.png

Jahli chiqqan vaqtlarda esa er-xotin, bolalarni urish, qiynash, o'ldirib yuborishdan ham qaytmas edilar.

"Hissiyotga berildim, jahlim chiqdi, bunday qilmagan bo'lardim" - aslimiz bu emasligiga bahonalar keltiramiz. Yo'q azizlar. Aynan shu paytlar aslimiz edi. Ha, bu yomon yangilik. Yaxshi yangilik esa – kimligimizni bilib oldik. Endi to'g'rilash ustida ish olib borsak bo'ladi.

Meva tishlanganda bilinadi, mashina asfaltsiz yo'lda ko'rinadi, tishimiz qattiq narsa chaynaganda tekshiriladi, do'st/ayolimiz pulsiz qolganimizda taniladi. 99 ta oddiy kun bermagan ma'lumotni, 1 ta qiyin kun berib qo'yadi. Axloqimizni yaxshilar ekanmiz, o'zgarish bo'lgan/bo'lmagani mana shu kunlarda ko'rinib qoladi.

Shu joyida eslatma
Axloq haqida loyihada ko'p gaplashamiz, do'stlar. Muallifda ko'p bo'lgani uchun emas, kam bo'lgani uchun. Insholar ham tushuntirish jarayoni emas. Tushunish jarayoni. Monten o'z insholariga "urinishlar" deb nom bergan edi. Muallifga ham shu nom yoqdi. Bu insholarni maqola yoki nasihat deb qabul qilmang. Zero, oldin gaplashganimizdek, biz nasihatdan, hayotiy ibratlarga ko'proq muhtojmiz.

Eslatma tugadi

Asosli savol tug'iladi: Qiyin paytlarda o'zimizni qanday ushlab turamiz?

Qiyinchilik ko'rgan odamlarning manoqiblarini (biografiya) o'qish, shu yerda yordam beradi. O'tmishdagilar hayoti bizga ibrat bo'ladi. Farzandlari o'limiga chidagan Rosulimiz (sav) sabrlari, bizga sabrni o'rgatadi. Kambag'allikka chidagan Ali hazratlari, bizga qanoatni o'rgatadi. Yusuf Xos Xojibning dushman oldidagi kurashi, jasoratni o'rgatadi. Abdulaziz G'olib Marg'iloniyning (maktabimiz hamkorining bobosi) ocharchilik paytidagi ehsonlari, bizga saxovatni o'rgatadi. Antonius imperator bo'la turib ovozini ko'tarmagani, yumshoqlikni o'rgatadi. Avrelius dunyoni boshqarib, kulbada yashagani, kamxarajatlikni o'rgatadi.

Havas qiladigan odamlarimiz, qiyin paytda bizlarni boshqaradi. Ular nima qilgan bo'lsa, o'sha ishlarni qilamiz. Balki shuning uchun ham, havas qilganlarimiz bilan qayta tirilamiz.
1
Hamma narsa qadoqda keladi


Damokl ismli podshoh cheksiz hokimiyatga ega edi. Vaziri unga havas qilardi. Xohlagan ishini qilishdan zo'ri bormi? Bu fikrini podshohga aytdi. "Kel, bir kunga joy almashamiz. Men vazir bo'laman, sen podshoh." Vazir rozi bo'ldi. Taxtga o'tirishi bilan yuqoriga qaradi. O'tirgan joyining tepasida soch tolasiga qilich osilgan edi. Ozgina qattiq qimirlasa, qilich tushib podshohni o'ldirardi. Podshoh ham xohlaganini qila olmasligini tushundi.

Rossiya imperiyasidagi Romanovlar o'zidan oldingilar qila olmagan ishlarni qilgandi. Pyotr bosib ola olmagan yerlarni egallagandi. Bizning o'lkalarga ham uning boshchiligida kirib kelishgandi. Parlament qurdi. Sanoatni olib kirdi. Temir yo'lni ishga tushirdi. Feodalizmni tugatdi.

Hukumatni to'liq topshirib, o'z dala hovlisida yashab kelayotgandi. Yarim kechasi qizil hukumat askarlari bostirib kirib, butun oilasini qirib yuborishdi. Yosh bolalarni ham. Oshpaz, qo'riqchilarni ham. Uxlab yotganida. Birorta oila vakili tirik qolmadi. Damokl qilichining ipi uzildi.

Bugun qadoqlar haqida gaplashamiz, do'stlar.

Olma yeyishning bir necha usullari bor. Tishlab yesak, po'chog'idagi antioksidantlar foyda beradi. Faqat yuvish kerak. Har bitta tishlash ovoz bilan kechadi.

Sharbat qilib ichish mumkin. Jamoat joyida ham icha olamiz. Faqat, hazmga yordam beruvchi kletchatkadan quruq qolamiz. Ko'pincha sharbatlarga shakar ham qo'shilgan bo'ladi.

Artib, bo'lib yeyish mumkin. Unda eng foydali joyini tashlab yuborgan bo'lamiz. Har bitta usulning kamchiligi bor. Har bitta usul o'z qadog'ida keladi.

Hayotda ham shunday. Har bitta qarorimiz qadoqda keladi. Bir qismini ikkinchisidan ajrata olmaymiz. Markazda yashash qulay, qimmat. Chetroqda yashash arzon, uzoq. Biznes boshlash mas'uliyat, boshlamaslik yo'qotilgan imkoniyat. Farzandli bo'lish rohat, tarbiyasi mashaqqat.

Tushuntirish

Qadoq deganda bir narsani jamlab o'raydigan quti nazarda tutilyapti. Box. Package. Упаковка. Qadoqning ma'nosi shuki – televizor olsak, ustidagi po'kak qismini qadoq ichiga qo'shib berishadi. Vaholanki biz po'kak buyurtma bermaganmiz. U qism har qanday texnikaning ajralmas qismi. Zarar yetmasligi uchun qo'shiladi. Xohlaymiz-mi yo'qmi, qo'shib olishga majburmiz.

Majoziy ma'noda bu, kerakli narsa olganda, keraksiz qismi bo'lishi. Foydali narsa olganda, zararli qismi bo'lishini bildiradi.

Tushuntirish tugadi.

Eng kuchlilar ham qadoq tanlashga majbur.

Mashhur sportchilar biografiyasida bir narsa hayron qoldiradi. Millionlar topishadi. Aksari pulsizlikda faoliyatini tugatadi. Tayson. Ronaldinyo. Mana bu yerda 110 millionni yo'q qilgan sportchi ham bor. Konor Makgregor ham ko'pincha pulsiz yurishini tan olgandi. Nega?

Eng zo'r sportchi bo'lish ham qadoqda keladi. Doimiy jang va o'yinlar. Mashg'ulotlar. Cheksiz intervyular. Reklama shartnomalari. Sayohatlar. Ziyofat va uchrashuvlar. Oilaga vaqt yetsa katta gap. Investitsiya, pulni boshqarish, xarajatlar nazorati haqida gap ham yo'q. Qomusiylikdan umid ham qilmasa bo'ladi. E'tibor bera olmaydi. Chunki shunday qilsa, e'tibor bermagan sportchiga yutqazadi.

Ajoyib statistikaga qiziqib qoldim. Davlat rahbarlari deyarli hech qachon xotini bilan ajralmas ekan. Dunyodagi minglab prezidentlar tarixida, 20 ta bo'lsa ham ajrashganini topa olmaymiz. "Davlatning eng muhim xonimi, istagan narsasiga erisha olsa, nega ajrashsin?" degan savol tug'iladi.

Eng boylar ham ajrashyapti. Demak, gap bunda emas. Bill Gates, Bezos, Mask, Bakalchuklar (wildberries), o'z davlatining eng muhim odamlari bo'lsa ham ajrashib ketaverishdi. Ba'zan odam odamga to'g'ri kelmay qoladi. Bu tabiiy holat. Amerikada ajrashish foizi 20-30%. Prezidentlariga qarasak, birortasi ajrashmagan. Ular ham odam-ku. Ma'lum bosqichda yashagisi kelmay qolishi mumkin. Gap shundaki, to'g'ri kelmasa ham, yashashga majbur. Odamlar, "Oilasini eplolmagan, bizni qanday eplaydi" deb o'ylab qolishadi. Muammolar ko'payadi. Damoklning qilichi. Millionlab odamni boshqarish ham qadoqda keladi.
👍2
Ilm-fanda ham shunday. Nobel sovrindori Maks Plankning ajoyib gapi bor edi: "Ilm-fan janoza bilan rivojlanadi." Yosh olimlar yangi g'oya bilan chiqishadi. Qari olimlar qabul qilishmaydi. O'z g'oyalarida qattiq turib olishadi. Yoshlar kattalarining ketishini kutishga majbur bo'lib qoladi.

Simmelvaysning taqdiri bunga misol bo'la oladi. Oddiy qo'l yuvish orqali tug'uruqxonalarda o'limni karrasiga kamaytiradi. G'oyalarini hech kim qabul qilmaydi. Ustidan kulishadi. Ishdan bo'shatishadi. Yolg'iz, jinnixonada o'lim topadi. Yillar o'tib, haqligi tan olinadi.

Galiley, Ibn Sino, Karl Popper g'oyalari o'z davri uchun oldinda bo'lsa ham, xuddi shunday tan olinmay kelingandi. Kecha Bek Olimjon bilan nega universitetdan ketganlari haqida gaplashdik. Aynan shu fikrni aytdilar. "Haqiqat uchun kurash yo'qoldi. Aytilgandek o'ylamasangiz, boridan ayirib tashlashadi."

Shu sabab, muallif yuzlab g'arb professorlari orasida sanoqli odamlarni kuzatadi. Oz bo'lsa ham atrofga yoqmaydigan haqiqatni aytgan professor borki, g'arb universitetlarida chiqishtirilmaydi. Loyihada ko'p eslanadigan Nassim Taleb ham Nyu York Universitetidan bo'shatib yuborilgan (Balki o'zi ketgandir). 0$ ga ishlab yurgan bo'lsa ham. Bir marta eslab o'tganimiz, Jordan Piterson ham Toronto Universitetida istalmagan (persona non grata) odamga aylangan. Ko'p talabalari unda o'qish uchun kelayotgan bo'lsa ham.

Olim bo'lish ham qadoqda keladi. Professor bo'lish ham. Hamkasblarga qarshi chiqasizmi? Yoki haqiqatni aytasizmi? Bu ikkalovi ba'zan bir-biriga teskari kelib qoladi.

"Sportchi millioner bo'lish, olimlik, eng katta rahbar bo'lish qadoqda (o'z kamchiliklari bilan) keladigan bo'lsa, qolgan hamma narsada bizga yoqmaydigan joyi bo'lar ekanda?" O'ylab qoladi o'quvchimiz. Shunday. Inshoning maqsadi ham shuni tushuntirish. Dard hammada bor. Dardlarning hamma turidan qutulish maqsad bo'la olmaydi. Qaysi dardni ko'tara olishimizga qarab, qadoqni tanlab ketaveramiz.

Mashhur bo'lish, negativ izohlarni doimiy o'qish demak. Qilmagan ishingiz (xatlarga javob bermaslik) sababli odamlarni xafa qilish demak.

Boy bo'lish, sodda rohatlarni va yangi do'stlar topish imkonini yo'qotish demak. Network do'st bo'lolmaydi.

Rahbar bo'lish, ko'pincha yomon ko'riladigan inson bo'lishga rozilik demak. Hammaga yoqadigan rahbar, yaxshi rahbar emas.

Oylikka ishlash, vaqtdagi erkinlikni yo'qotish demak. Barqaror (stabil) oylik berganga, barqaror ish ko'rsatish kerak.

Tadbirkor bo'lish, ishdan keyin ham ish haqida o'ylash demak. Vaqt erkinligi miyaning bandligi evaziga olish demak.

Investor bo'lish, qilmagan xatosi uchun pul yo'qotish demak. Ishlamasdan pul topish, ishlayotganlarning xatosiga bog'lab qo'yadi.

O'zbekistonda yashash, raqobat, oila va do'stlarda qiynalmaslikni ta'minlaydi. Shu bilan birga, dengizdan uzoqda, o'rtacha tibbiyot va ta'lim bilan yashash demak.

Rivojlangan davlatda yashash, hamma sharoitlarga bittada erishish degani. Shu bilan birga, oxir-oqibat, "men o'zi bularga kerakmikanman" fikri bilan yashash demak. Yuqorida eslaganimiz Taleb, Amerikadagi muhim odamlardan bo'lib ham, vatanidan ajray olmadi. Ildiz daraxtga kuch beradi.

Muallif ham ba'zan hamkasblarida kamchilik ko'rib qoladi. Keyin o'ylaydi. Agar bu odam ideal bo'lganida, ideal rahbar bilan ishlayotgan bo'lardi. Ideal korxonaning ichida. Balki o'z ishini ochgan bo'lardi. Shu kamchiliklari sabab, u bizning yoshgina jamoada yuribdi, balki.

Yigirma yildan beri moliyachi bo'lib ishlaydigan akani taniyman. Faqat barqaror ishlarni tanlaydilar. Risk qilmaydilar. Uy-ish. Har kuni o'g'illari bilan birga kitob o'qiydilar. Dam olish kunlari aylanadilar. Farzandlarida baxtli bolalik o'tayotganiga ishonaman. Aka oila qadog'ini tanladilar.

Umuman ishlamay, sayohat qilib pul topadigan blogerni taniyman. Taniydiganlarning yarmi yoqtirmaydi. Gapirish uslubi shuni taqozo qiladi. Mashhur bo'lish bosqichida ko'p bolalikdagi do'stlarini yo'qotdilar. Mashhurlik qadog'ini tanladilar.
Bitta qo'ng'iroq bilan aksar muammolarini hal qiladigan akalarni taniyman. Farzandlarining hurmatini qozonishga qiynalishadi. Ta'sirli bo'lish uchun, ta'sirli odamlar bilan vaqt o'tkazish kerak. Bu vaqt esa qayerdandir (ko'pincha oiladan) olinishi kerak. Bu balki, muhim bo'lish qadog'ini tanlash.

Har bitta qarorning qadog'i bo'ladi. Bekorchi bo'lishning ham. Chekishning ham. Mehnat qilishning ham. Sabrli bo'lishning ham. Jahl qilishning ham. Yaxshisini olib, yomon tarafi ko'rmayotganimiz – vaqtinchalik. Shakar ko'pligi boshida og'izga yoqadi. 30 yil o'tib diabet qiladi. Ba'zi qadoqlarning kamchiligi vaqtlar o'tib keladi.

Kamchiliksiz hayot bo'lmaydi. Hamma narsa qadoqda bo'ladi. Savol shundaki, biz qaysi kamchiliklarga ko'z yumishga tayyormiz?
🔥1
Forwarded from ХОКИМ БУВА | Расмий канал
⚡️2025-2026 ўқув йили календари

Янги ўқув йили умумтаълим мактабларида 2 сентябр ҳафтанинг сешанба кунидан бошланади.

❗️Мактаб группалари ва ота-оналарга улашиб қўямиз!


ХОКИМ БУВА - Подписаться.
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
1
Ассалому алайкум!
Сизни, Ватанимиз  Мустақиллигининг 34 йиллиги байрами билан самимий табриклайман!
Сизга мустаҳкам соғлик, оилангизга тинчлик-хотиржамлик ва фаровонлик, ишларингизда омад ва зафарлар тилайман!
Мустақиллик байрамингиз муборак бўлсин!
2
Kuchli xodimlar nega kompaniyadan ketadi?

So‘nggi yillarda turli kompaniyalar va o‘quv markazlaridagi jarayonlarni tahlil qilar ekanman, bir narsani chuqur angladim: xodim ketishi – bu individual muammo emas, tizim signali.

Kuchli xodim “shunchaki” ketmaydi. Har chiqib ketishning ortida bir sabab, bir tajriba va bir og‘riq yotadi. Men kuzatgan va ko'rgan eng tipik 5 sabab:

1️⃣ Rahbar tomonidan e’tibor va qadrlash yetarli bo‘lmaganda
Amalda odamlar “kompaniyani” emas — rahbarni tark etadi. Qadrlanish, e'tibor va samimiy feedback yetishmasa, eng fidoyi xodim ham soviydi.

2️⃣ Rivojlanish imkoniyati to‘xtab qolganda
Rivojlanish bo‘lmagan joyda motivatsiya uzoq yashamaydi. Bunday holatlarni juda ko'p marta guvohi bo'lganman.

3️⃣ Ish jarayonidagi adolatsizliklar
Kuchli xodimni eng tez sovutadigan narsa — nohaqlik. Bir-ikki marta emas, takror-takror uchragan adolatsizlik odamning yuragini sovutadi va hissiy ishonchni buzadi.

4️⃣ Haddan ziyod yuklama va stress
Tizimlashtirilmagan jarayon, normadan ortiq topshiriqlar va doimiy stress xodimni charchatadi. Xodim "robot" emas. Burnout esa — real muammo.

5️⃣ Sifatli kommunikatsiya bo‘lmaganda
Jamoada ochiq, aniq va sog‘lom muloqot bo‘lmasa, tushunmovchilik va ziddiyatlar ko‘payadi. Nazorat emas — to‘g‘ri kommunikatsiya xodimni jamoaga bog‘laydi.

Xodim ketishi — tasodifiy jarayon emas. U doim bir sababi, bir og‘riqi va bir o‘ylantiradigan ishorasi bilan keladi.

Agar rahbar bu signallarni vaqtida ko‘rsa — jamoa mustahkamlanadi.
🔻
Ko‘rmaslikka olinsa — eng kuchli xodimlar eng birinchi bo‘lib ketadi.

Rahbar sifatida eng katta vazifa — jamoani tushunish, qadrlash va ularga o‘sish maydonini yaratish. Qolgan hammasi natija sifatida o‘zi keladi.
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
👍5🔥2
Muhtaram va  munis opa-singillar!

Sizlarni bahorning eng go‘zal va nurafshon ayyomi — 8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ayol — mehr-muhabbat, sabr-toqat va hayot go‘zalligining timsolidir. Onajonlarning duosi, opa-singillarning mehr-muruvvati, ayollarning matonati va fidoyiligi hayotimizga fayz, xonadonlarimizga baraka bag‘ishlaydi. Sizlar jamiyatimizning ma’naviy tayanchi, oila va tarbiyaning eng muqaddas timsolisiz.

Ushbu qutlug‘ bayram munosabati bilan sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, qalbingizga quvonch, hayotingizga fayz-u baraka tilayman. Yuzingizdan tabassum, qalbingizdan esa bahor nafasi hech qachon arimasin.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmt bilan. Temirov Xushnud Jamolovich