Repetitsion test tizimi 📚
1.89K subscribers
903 photos
133 videos
363 files
393 links
📋 Aql tarozusida ko'rilmagan har qanday bilim asossizdir! (Ibn Sino)

- Barcha fanlardan
- 2 tilda (o'zbek va rus)
- Yo'nalishingizga mos DTM variantlar

• Reg: @RT_TEST_ROBOT
• Aloqa: @RT_TAKLIF_ROBOT

• Reklama: @oliygoh_admin
Download Telegram
Shunday ekan, Rumiy hazratlari "Ko'ringaning kabi bo'l, yoki bo'lganing kabi ko'rin" deganlarida, nafaqat axloqiy, balki moliyaviy maslahat ham beryaptilar.

Qiyin ish haftasidan keyin xarajat qilishni istaydi bu ko'ngul. Endi nima bitta muzqaymoq ham yeyishga haqqimiz yo'q-mi?

Bu borada yaxshi yangilik bor, do'stlar. Yillar davomida hamma pulimizni qisib qiynalishimiz shart emas. Ishni olti oylik yashashimizga yetadigan pul jamg'arishdan boshlash mumkin. Yoqilmaydigan zaxira dermidi.

Muallif endi yig'ishni boshlaganida, o'z biznesidan quvilgan edi. O'sha payti uch million so'mdan olib qo'ygan tillalari sababdir balki, jozibador ish takliflariga yugurib ketmadi. Insho loyihasini boshlab ko'rdi. (Ha, ikki yil oldingi g'oya edi bu). Maktab ochish uchun yaxshi bino qidirdi. Shoshmasdan qaror qabul qildi. Oxiri omadi kelib qoldi.

Zaxira bo'lishi, o'zimiz xohlagan imkoniyatlar chiqqunicha kuta olishimizni bildiradi. Yangi hunar o'rgangunimizcha vaqt olib beradi. Bo'lib to'lash tuzog'iga tushish ehtimolimizni kamaytiradi.

Bu birinchi bosqich. Keyingisi ilk 100 000$ ni yig'ish bo'ladi. Pul ko'rinishida. Aktiv ko'rinishida. Moliyaviy yo'limizni yuz foiz deb olsak, 95 foizi mana shu ish bo'ladi.

Charlie Munger shuni tavsiya qiladi. (Hormozi kitobidan)
Screenshot 2025-03-24 at 15.42.54.png

Birinchi $100,000 — bu juda og‘ir, lekin bunga erishishing kerak. Nima qilishingga to‘g‘ri kelsa ham — agar bu piyoda yurish va faqat kupon bilan olingan (tekin) ovqatni yeyishni anglatsa ham — baribir qandaydir yo‘l topib, shu $100,000 ni qo‘lga kirit. Shundan keyin, biroz sekinlashsa ham bo‘ladi.”

Sababi bir nechta. Yo'q joydan 100 ming dollar yig'a olganlar, qolganini ham qila olishadi. Yangi investitsiya imkoniyatlari paydo bo'ladi. Ishlarini oson almashtira oladilar. Dunyoqarash o'zgaradi.

Ikki yigit bir xil daromad qilishar edi. Xarajatlari, ishlari ham bir xil edi. Faqat bitta narsada farqlari bor edi. Biri ortgan pulini sarf qilar edi (limbik, veblen sarflari). Ikkinchisi investitsiya qilardi. (Mayli, moliyaviy emasdir, blog, bilim, kitobga investitsiya). O'n yil o'tib uchrashishdi.

Birinchisi qimmat mashina, kiyim, telefon bilan o'ralgandi. E'tibor bilan eshitsangiz, ishidan nolish, boshlig'ini yomon ko'rish, bo'lib to'lashdagi eng past foizli joylar haqida gapirib qolar edi.

Ikkinchisini ko'chadagi talabadan ajrata olmas edingiz. Xohlagan paytda ishga borishi, qilayotgan investitsiyalari, rad etayotgan takliflari haqida gapirib o'tirmasdi. Zero, eshitganlar maqtanishga yo'yishlari mumkin edi.

Ikkita bir xil daromad qiladigan yigit, xajaratlari har xil bo'lgani sabab, o'n yilda boshqa-boshqa nuqtalarda ko'rishib qolishdi. Tasavvur uchun grafik ham yasab yubordim)
output-3.png

O'sha o'n millionimiz bittasi 40, ikkinchisi bir million bo'lib qoldi.

Solonning ogohlantirishi bor axir. Voqealar tugamagunicha xulosa qilmaymiz. Shunga qaramay umrni buyumlarga emas, bilim va tajribaga almashish muallifga yaxshiroqdek tuyuladi.

Biz grafikni 10 yilgagina cho'zdik. Xudo umr berib ular 30 yilda yana uchrashsa mana bu ko'rinishning ehtimoli katta bo'ladi:
Screenshot 2025-03-24 at 15.51.58.png

Noto'g'ri ko'rmadingiz. 40 yilda milliarddan oshib ketdi. To'g'ri so'mda. To'g'ri qarigan chog'imizda. G'oyani tushuntirish uchun soddalashtirgandirman. Tan olaylik, bobomiz bizga eski magnitofon qoldirganidan ko'ra, yo'limizni topgunimizcha tajrid(ishlashdan ozodlik)ni tashlagani kattaroq yordam bo'lardi. Ayniqsa, ikkalovining narxi 40 (20) yil oldin bir xil bo'lgani hisobga olinsa. Axir Nobel olganlarning deyarli hammasida ota-bobosi boy edi.
Bizga qilishmagan bo'lsa, nega biz qilmasligimiz kerak?
Muallif ortiqcha puli bor hamma yaqinlariga, sarflash kapitalizmiga aldanmaslik maslahatini beradi. "-Yig'ish. Investitsiya. Boshida bilim va tajribaga. Keyin odamlar va bizneslarga. Boshqalarga buyumlar orqali yoqishga harakat qilmaslik. Maqtanilish instrumentlariga pul sarflamaslik." Amal qilganlar tashqaridan zo'r yashamayotgandek tuyulishi mumkin. (Ayniqsa Instagram hayoti bilan solishtirganda) Shunga qaramay, hali tanlovlaridan nolishganini eshitmadim.
Bir o'q bilan ikkita quyon o'ldirishni o'rganamiz


Har kuni futbol o'ynashni nima foydasi bor, do'stlar? Muallif har kuni o'ynamaydi. Balki umuman o'ynamaydi, shuning uchun kuzatuvchi sifatida aytaman – o'yinchilar o'yindan maza qilishadi. Hatto yutqazganlar ham. Jamoaning biri ekanligingizni his qilish va g'alaba uchun umumiy harakat, yaxshi quvvat bersa kerak.

Bu futbolning ko'zimiz bilan ko'ra oladigan foydasi. Uning kattaroq foydasi o'pkamiz sig'imini oshirishda, yuragimizni baquvvat qilishida. Odamlar o'zlari bilan spirograf (o'pkani o'lchovchi qurilma) va EKG (yurak ritmlarini o'lchovchi qurilma) olib yurmaganlari uchun, bu foydasini ko'rishmaydi. Ko'p futbol o'ynash to'g'ridan-to'g'ri sifatli umrni uzaytiradi.

Buyuk pedagog Suxomlinski ham o'quvchilariga shaxmat o'ynatganida ularning xotirasi va diqqatida yaxshi o'zgarish sezgandi. Shaxmat va futbol o'xshagan yana boshqa ishlar bor. Ko'rinmaydigan foydasi, ko'ringanidan ko'proq bo'ladi.

Ya'ni bu ishlardan 1 ta foyda olyapman deb o'ylaysiz. Uni ko'rib turasiz. Aslida boshqa 4 ta foyda olayotgan bo'lasiz. Faqat uni ko'rmaysiz.

Men ikkalovida ham o'rtacha (aslida dabdala) o'yinchi bo'lganim uchun bugun boshqa shunday ishlar haqida gaplashamiz.

Bu ko'nikmalarni birlashtiradigan joyi – asosiy foydasini ko'rmayotgan bo'lamiz. Ko'rinmaydigan foydasi oylar, ba'zan yillar o'tib keladi. Kelganda ham eski Lenovo ishlatib yurgan odam hayotiga MacBook kirib kelgandek keladi. Qo'l tezlik uzatish qutili (ручной) mashina haydayotgan haydovchi hayotiga, avtomat qutilik mashina kirib kelgandek keladi. Ya'ni bu foydani olgan odam, orqaga qaytishni xohlamay qoladi.
O'qish

O'qishning ko'ringan foydasi, ilm olishda. Ko'rinmagan foydasi nimada ekan?

Pul to'lab insho o'qiyotgan odamga o'qishni foydalarini gapirish shart bo'lmasa kerak. Bilgani uchun o'qiyapti axir. Shuning uchun bugun o'qishning eshitishga qaraganda afzalliklari haqida gaplashamiz. Chunki muallif o'zini eshitmagan podkasti, ko'rmagan TED ma'ruzasi, tomosha qilmagan intervyusi qolmagan odam deb hisoblaydi. (O'tmishda, hozir bu ishlarni kamaytirdi)

Eshitish uchun soatlarini qurbon qilgan odam sifatida aytaman-ki, o'qish samaraliroq. Nafaqat eshitgan narsamni eslab qola olmayman, balki eslab qolganimni keyin topishim ham mushkul. Ba'zida intervyularning aniq vaqtlariga havola berganimni sezgan bo'lsangiz kerak. Mana shu ishlar ba'zan inshoning o'zidan ko'proq vaqt oladi. Qachon gapirgandi? Qaysi daqiqasi? O'zi shuni aytmoqchi bo'lganmidi?

Eshitish tabiiy jarayon. Hammamiz 2-3 yoshlarimizda eshitib tushunishni o'rganib olganmiz. O'qish esa notabiiy jarayon. Ba'zilar O'zbeklar kam kitob o'qishini, bu aybimiz ekanligini aytib yurishadi. To'g'ri, biz kam o'qiymiz. Shunda ham inobatga olish kerak-ki, dunyo bo'yicha o'zi kitob o'qiydiganlar aholining kam qismi bo'ladi.

Kitoblar ko'p sotilishi bizni aldab qo'ymasin. Kitob sotib olish o'qish degani emas. O'qish tugatish degani emas.

Sotib olingan kitoblarning yarmi umuman ochib o'qilmaydi. Ochilganining 90% oxiriga yetkazib o'qilmaydi. Oxiriga yetkazganlarning atigi 10-20% o'sha kitobga qaytib keladi. Bekor qiladi. Chunki kitoblardan eng katta foyda – qayta o'qiganda keladi.
Screenshot 2025-03-27 at 20.48.20.png

Qisqa arifmetika bizga shuni ko'rsatadi-ki, sotib olganlarning 0,5% ya'ni har ikki yuztadan bittasi o'qigan kitobidan haqiqiy foyda oladi. Unda nega shuncha odam kitob sotib olyapti? Foydasini sezmayotgan bo'lsa? Pul ketyapti-ku, axir?

Ba'zilar sovg'a uchun. Aksar kitoblar esa tashqi hakamlar uchun olinadi. (Hakamlar haqida mana bu yerda gaplashgandik). Hatto-ki o'qiladi. O'qiyotganini bilan maqtanish telefoni bilan maqtanishdan kam emas. Faqat u bittada bilinmaydi. U odam o'qimishli-ku, axir.

Mana shu qismiga qo'shimcha qilib ketaman do'stlar. O'zini "hurmatli" deb bilgan rahbar xonasida doim kitoblar bo'ladi. Kirganingizda ko'rgan bo'lsangiz kerak). O'shanday odamlarning ko'pi bilan ishlagan, taniganim uchun aytaman, aksar hollarda o'sha kitoblar umuman ochilmagan bo'ladi.
Shu payt o'zimning ham kitob javonimni ko'rsatganim esimga tushib ketdi. Men ham yarmidan ko'pini hali o'qimaganman. O'qimasam ham kerak. Ehh, umr qisqa. Faqat ta'riflayotgan odamlarimdan farqli ravishda, buni ochiq aytib ketaman.

Xo'sh, o'qishning ko'rinmagan foydalari nimada? Tasavvur rivojlanishida. Diqqat oshishida. Qiyin mavzularga ishtaha paydo bo'lishida. Sabr tarbiyasida. Shu oyda kunlik o'qishni boshlaganimga besh yil bo'ldi shekilli, do'stlar. (Ha unchalik ko'p emas, oldin har kunlik odat emasdi). O'qiganimning 99%ni esimdan chiqarganimni tan olaman. Asosiy foyda ham qolgan 1% da emas, balki sanab o'tgan sifatlarning rivojlanishida. O'qiganingiz esingizdan chiqishi mumkin, sifatlaringiz uzoq vaqt siz bilan qoladi.

O'qish tashqi hakamlar uchun emas, qiziqishdan qilinganida betakror foydalar olib keladi. O'zi uchun o'qilganda kitobning trenddaligi muhim bo'lmay qoladi. O'qiganidan pul topishida o'zgarish bo'lishi kutilmay qo'yiladi. Oldin ham gaplashganimizdek, o'z hayotiga subtitr qo'yish imkoni paydo bo'ladi. Hamma narsani o'rganish uchun kerak bo'ladigan sifatlarimiz shakllanadi.

O'qir ekanmiz, faqat o'qimayapmiz. Zalda tosh ko'tarayotgan mushagini o'stirgandek, biz ham shaxsiyatimizni o'stiryapmiz. Zaldan eng katta foyda doimiylikdan olinganidek, kitobdan eng katta foydani doimiy o'qiganlar oladi.
Yozish

Bitta qaraganda yozish fikrlarni yetkazish uchun kerakdek ko'rinadi. Ha. Ko'rinadigan foydasi shu. Rumiyni masnaviy yozishga majbur qilishgan edi. Agar yozmagan bo'lganlarida, o'gitlari zamondoshlari bilan qolardi. Bizgacha yetib kelmasdi. Yozish bu vaqt mashinasi. Nima o'ylaganingizni vaqtlar aro yetkazib beradi.

Gapirishda qiynalgan odamni oxirgi marta qachon ko'rdingiz? Sog'lom odam bemalol uzundan uzoq gapirib tura oladi. Bu ishni ham 2-3 yoshdan beri qilib kelamiz. Xuddi shu gaplarni qog'ozga tushirishini so'rashsa, qiynalib qolamiz.

Shu sabab yozishning ko'rinmaydigan foydasi – fikrlarni tiniqlashtirishida. Tiniq fikrlagan odam yozmay iloji yo'q. Yozgan odam tiniq fikrlamay iloji yo'q. Yozish fikrlarimizga oyna bo'ladi. Oyna tana kamchiliklarimizni ko'rsatadi. Yozuv fikrdagi kamchiliklarimizni ochadi.

Tiniq fikrlash nima degani? Fikrlarini asoslash degani. Qaysi gapini nega yozayotganini bilish degani. "Mo'ylabli yigitlar chiroyli bo'ladi" degan gapni dadillik bilan aytsangiz, odamlar ishonib ketishi mumkin. Yozganda esa manbaa, asos berish kerak bo'ladi. "Buvim aytganlar" degan argument ishonchli chiqmaydi.

Asimmetrik yo'llarni tanlash haqida oldin gaplashgan edik. O'sha yerda aytgan gapimiz bor edi:

Faqat atrofdagilar qilayotgan ishlarni bajarish, atrofdagilar erishayotgan natijalarga olib boradi. Bundan esa odam qoniqmaydi. Chunki u Afg'onistondagi Akbardan o‘tib ketishni istamaydi (asli o‘tib bo‘lgan ham). U qo‘shnisi Baxtiyor, sinfdoshi Dilshoddan o‘tib ketishni istaydi.

Va yana bittasi:

Atrofdagilar qilmaydigan va yoqlamaydigan ish, atrofdagilardan farqli natijaga olib keladi.

Yuz yil avval o'tirib o'ylash asimmetrik ish edi. Zavodlar endi ochilayotgan, odamlar o'ylash emas, mehnat bilan band edi. Shunday mehnatkashlardan bittasi odatdagidan ko'proq o'ylashni boshlaydi. Boshida 90% ishlab, 10% o'ylagan bo'lsa, oxiri shuni teskarisi bilan karyerasini tugatadi. O'z davrining Ilon Maski bo'ladi. Bu haqida uning o'zi ham gapirgan edi:
Screenshot 2025-03-27 at 20.18.35.png

*O'ylash eng qiyin ishlardan, balki shuning uchun kamchilik uni qiladi.

Orada 40-50 yil ishi o'ylashdan iborat kasblar ko'p bo'ldi. Analitik, dasturchi, marketolog, kopirayter... Ofis ishlarining ko'plari o'ylashdan iborat edi. Sun'iy intellekt kelishi, google va volframning ommalashishi, ijtimoiy tarmoqlar – bizni yana yuz yil orqaga qaytarib yuboradi. O'ylaydiganlar yana kamayib ketadi. Bu mening taxminlarim emas. Bo'lishni boshlagan trend xolos.

Mana bu mashhur grafikni ko'rishga ulgurgan bo'lsangiz kerak:
2025-03-27 20.24.46.jpg


Yuz yil davomida faqat o'sib kelgan aqliy ko'rsatgichlar oxirgi o'n yilda jiddiy tushishni boshladi.
Bu tiniq fikrlaydiganlarga raqobat kamayishining belgisi. Yozar ekansiz, faqat yozmayapsiz. Fikrlashingizni o'stiryapsiz. O'ta asimetrik ish qilyapsiz. Faqat bo'y o'sgani sezilmagandek, bu ham bittada sezilmaydi. Uzoq payt ko'rmagan tanishingiz ko'rib aytadi. Shundagina sezib qolasiz. Fikrlash o'sishi bilan ham shunday. Yillar o'tadi. Eski fikrlashingiz ustida kula boshlaysiz. (P.S hozir shunday bo'lmayotgan bo'lsa, ishqilib hammasini to'g'ri qilyapmizmi?)

Yana ko'plab shunday ishlar bor. Hammasini yozib o'tirmayman. Mohiyatini tushundingiz. Jadvalda davom ettirib qo'yamiz.
Screenshot 2025-03-27 at 21.08.33.png

Yana shunday ishlar bormi? Bittasini qilib, ikkita (uchta) foyda olsa bo'ladigan? Bo'lsa kerak. Men faqat qiladiganlarimni yozdim. Zero, amal qilmaydiganlariga da'vat qilishdan foyda yo'q, baribir ta'sir qilmaydi.
1
Xaritaga qaramayotgan yo'ldan adashib ketadi



Muallif buyog'iga umuman kech qolmaslikka ahd qilgandi. Buni qaysidur videoda aytgandi ham. Bu prinsipini yil boshidan beri bir marta buzib qo'ydi. Asosiy sabab – nomi bir xil bo'lgan, joylashgan tumani boshqa bo'lgan filialga borib qoldi. Boradigan joyini aniq qilib olmagani, yurgan yo'lini befoyda qilib qo'ydi.

Bu voqea menga bir latifani eslatib yubordi. Bir kambag'al lampadagi Oloviddinning jinini topib olibdi. Hamma kabi birinchi tilagi – "Mahallamdagi eng boy odam bo'lay" degan tilak bo'libdi. Ta-dam. Ertasiga uyg'onib qarasa, hali ham kambag'al. Faqat, mahallasidagi boshqalar yana ham kambag'allashib qolgan ekan. E'tiroz bildiribdi. Jin: "Texnik tomondan hammasini to'g'ri qildim. Ana mahalladagi eng boy odamsan. Sen shuni so'raganding. Yana ham boyroq bo'lishni emas" deb javob beribdi.

Xuddi shunday, manzilimizni va borish usulini aniq qilib olmasak, borgan joyimiz bizga yoqmay qolishi mumkin.

Hayot ham xuddi shunday. Yo'lga chiqib yurishga o'xshaydi. Yurish uchun hech nima qilishimiz shart emas. Qarib borayotganimiz – yurayotganimizni bildiradi. Kundalik yo'llarimizdan farqi, hayot yo'li uzun bo'ladi. To'g'ri ketayotganimizni har kuni bilib turishimiz kerak bo'ladi. To'g'ri ketyapmizmi? Manzilimiz aniqmi? Borganda afsuslanmaymizmi? Shu savollarni berib, yo'limizni tekshirib tura olamiz.

Ha, do'stlar, menimcha, sezib bo'ldingiz, bugun o'zimizni taftish qilish haqida gaplashamiz.

Taftish – qilgan ishlarini, o'ylagan fikrlarini kovlash degani. Daraxt tagini kovlasak, ildizi ko'rina boshlaydi. Ishlarimiz-u, gaplarimizni kovlasak – sabablari ko'rinishni boshlaydi. O'zimizni taftish qilishimiz, xarita bilan yashashga o'xshaydi.

Eskilar eng ko'p bergan ogohlantirish ham shu: "Taftish qilinmagan hayot yashashga arzimaydi" degandi Suqrot. "Hisob-kitob qilinishdan avval o'zingizni hisob-kitob qiling" degandilar Umar r.a. "Har daqiqa o'zingdan so'ra – bu ish rostdan ham kerakmi?" eslatgandi Mark Avreliy.

Taftish qilish qiyindek ko'rinishi mumkin. Aslida oddiygina – "Shu ishni nega qildim? Bu fikr nega xayolimga keldi?" Savollariga javob berish xolos. Ba'zan javobi bizni xafa qiladi. Ishlarimiz bo'ladi – maqtanish, odamlarga yoqish uchun qilgan bo'lamiz. Ana shu paytda o'zimizni aldab qo'ymasak, nafsimiz haqida ajoyib faktlar bilib olamiz. Chunki Kevin Simpler va Robin Hansonning ajoyib "Elephant in the Brain" kitobiga ishonsak, odamlar aksar holatlarda o'z niyatlarini ham to'liq bilishmaydi:
output-4.png

(O'zbekchasi bu yerda)

Avvalgi insholarda asimmetrik harakatlar haqida gaplashgandik. Ro'yxatimiz ham bor edi. Shu ro'yxatga o'zini taftish qilishni ham qo'shamiz shekilli. Taftish uchun o'tirib o'ylash kerak. Eng kamida 15 daqiqa. Yaxshisi 60. Endi o'zimizga savol beramiz: Qachon o'tirib o'zimizni 15 daqiqa taftish qildik? Boshqalarni emas. Buni har kuni qilamiz. Aynan o'z ishlarimizni?

Javob "yo'q" bo'lsa xafa bo'lmaylik. 67% erkaklar 6-15 daqiqa o'tira olmas ekan. (Ayollarda holat yaxshiroq). 60 daqiqalik sinovni esa o'tkazib ham ko'rishmabdi. Rozi bo'ladiganlar topilmabdi.

Taftish qilish, nafaqat qilayotgan ishlarimizning sabablarini topib beradi, boshqa ko'rinmagan foydalarni ham olib keladi. Ya'ni bu ishimiz ham bitta o'q bilan ikki quyonni urish hisoblanadi:
O'rganish tezligi.

Haftalar oldin bir o'quvchimiz o'rganish haqida insho so'ragandilar. O'rganish – o'zgarish degani. Qachon o'zgaramiz? Majbur bo'lganimizda. Buni gaplashgandik. O'rganishga nima majbur qilishi mumkin? Qachon odam kiyib yurgan kiyimini o'zgartiradi? Hozirgisidan qoniqmay qolganida. Eskirganini tushunganida. Yangisi yaxshiroq ekanligiga ishonganida.

Hozirgi ishlarimizda kamchilik topishimiz, bizda chanqoq hosil qiladi. Shu xatoni to'g'rilash usullarini qidiramiz. Shunda o'sha usul oldimizdan chiqishi bilan, amal qila boshlaymiz. "Bilib qo'ygan yaxshi" usuli bilan olingan ilm, katta ehtimol unutilib ketiladi.
1
Vazn tashlamoqchi bo'lgan do'stim bor. Turli usullarni sinadi. Och uxlashni tavsiya qildim. Bir haftada vazn tashlashni boshlaganini aytdi. Chanqagan odamni suv ichishga motivatsiya qilish shart emas. Amal qilish uchun ilm talab qilganga, amal qilish qiyin emas. Xohish o'zi majbur qiladi.

Suv va ovqat kerakligini nerv tizimimiz bildirib turadi. Ilmdagi chanqog'imizni kamchiliklarimiz bildirib turadi. Buning uchun u kamchiliklarni topish kerak bo'ladi. Topishning sinalgan usullaridan biri - taftish hisoblanadi. Yutuqlarni taftish qilishdan foyda yo'q. Kibrdan boshqa narsaga olib bormaydi. Ishlarimizni taftish qilish xatolarni topib beradi. Keyin o'sha xatolarni taftish qilish, o'rganish tezlashishiga sabab bo'ladi.
Ongli bo'lishlik.

Aqlli va onglini adashtirib qo'ymasligimiz kerak do'stlar. Odam o'qish-yozishni bilmasdan ham ongli bo'lishi mumkin. PhD qilgan bo'lib ham ongsiz bo'lishi mumkin. Ongli bo'lish, qilayotgan ishlarining sababini bilish degani.

O'quv markazida ishlab yurgan paytimda Abdurahmon ismli 8-sinf bolakay kelib turardi. Flayerimizni tarqatib berardi. Biz haq to'lardik. Ehson bermoqchi bo'lganimda ajoyib gap gapirgandi: "Aka, menga ehson kerak emas. Ish kerak. Erkak kishiman. Ishlab topishni o'rganishim kerak. Otam yo'qligi va onam kasalligi meni ishlashga undaydi. Ehson olishga emas" 8-sinf bola ba'zi 40 yoshliklarda bo'lmaydigan ongni ko'rsatyapti. Qilayotgan ishini nega qilayotganini bilyapti.

Katta ehtimol bu bolaning kelajagi yaxshi bo'ladi. Kiyimini ham mustaqil tanlay olmaydigan tengdoshlaridan raketadek o'tib ketadi. Bunga ishonishim kelajakni bilishimdan emas. Yoshligi shunday o'tgan kursdoshimni ko'rganimdan. O'sha kursdoshimiz ham otasiz o'sgandi. Maktab paytidan ishlagandi. Institutga kirmasidan mashina olgandi. Kunduzi o'qirdi. Kechasi taksi, sotuvchilik qilardi. Kursdoshlari bilan teng bo'lsa-da, ular bilan suhbati ota-bola suhbatiga o'xshardi. Vaqt emas, sinov ulg'aytiradi do'stlar.

Naval ham aytadi: "Men birga vaqt o'tkazishni xohlaydigan odamlar – ongli odamlar. Ular o'z kamchiliklarini biladi. Kibrlari kam bo'ladi. Sal narsaga jahl qilishmaydi. Mehribon bo'lishadi. Katta miqdordagi odamlar uni yaxshi ko'rishadi. Men ham nima muvaffaqiyatga erishgan bo'lsam, ongli bo'lganimdan erishdim deb o'ylayman."

Bir odam jahlini bosishi uchun, jahli chiqqanini bilishi kerak. Jahli chiqqanini bilishi uchun, o'tgan safar chiqqanida shuni taftish qilgan bo'lishi kerak.
Xotira yaxshilanishi.

Taftish xotirani yaxshilaydi. Sababi xotira eslash orqali rivojlanadi. Qadimgi yunonlar kun bo'yi bo'lgan narsalarni kechasi eslab xotiralarini rivojlantirishgan. Peterson ham yozadi: Xotiraning asosiy vazifasi, xatolarimizni eslab qolib, kelajakda ularning takrorlanishiga yo'l qo'ymaslik hisoblanadi.

Shu o'rinda hurmatli obunachilarimizning mana bu savollariga javob berib ketsam:
Screenshot 2025-03-31 at 20.55.23.pngScreenshot 2025-03-31 at 20.55.40.png

Hech qanday "How" yo'q do'stlar. Qilgan ishlarimni eslashga harakat bor xolos. Xotira yaxshilansa, o'qiganlarimiz esda qolishi yaxshilanadi. Mayli, o'qiganimizning ko'pi esimizda qolmas. Qayerda o'qiganimiz qolsa bo'ldi. Ilmni qayerdaligini bilish ham ilm.

Mutaxassislar aytishiga qaraganda zamonaviy machine-learning texnologiyalari xuddi shu tartibda ishlaydi. Xato qiladi. Tahlil. Sababini topib, kelasi safar shundan qochadi.

Ongsiz robotlar o'zini taftish qilganda, ongli odamlar nega qilmasligi kerak bo'ladi?
Qobiliyatlarni bilish.

Keling strategiya o'yinlarini eslaymiz. Yopiq xaritadan boshlaysiz. Yutish uchun kuchayib ketishingiz kerak. Kuchayish uchun atrofdagi resurslarni yig'asiz. Qaysi resursni yig'ishni bilish uchun esa xaritani ochib chiqish kerak.
Screenshot 2025-03-31 at 17.34.08.png

Bu yerda yagona qilishimiz mumkin bo'lgani - otliqni olib, atrofni aylanishimiz.
image.jpg

Daraxtlar ko'rindi. Chopib o'tin qilsak bo'ladi. Toshlar ko'rindi. Binolar uchun g'isht yasasak bo'ladi. Yana ochishda davom etsak, yana yangi qarorlar chiqaveradi.
Taftish qilish ham qorong'i xaritani ochishga o'xshaydi. Nimalarimiz borligini bilib olamiz. Bilganimizdan keyin ishlata olamiz. Zero, ishlatiladigan o'rtacha qobiliyat, ishlatilmaydigan kuchli qobiliyatdan ustunroq. Ishlatilaversa balki o'rtachasi ham kuchayib ketadi.

Muallif taftish davomida matnga qobiliyati borligini sezib qoldi. Balki shuning uchun yarim soatda olinsa ham, o'n minglab ko'riladigan YouTube videolarini qilishdan, soatlar sarflab, matn yozishni afzal ko'rdi.

Shu o'rinda yana bir hurmatli obunachimizning savolini qo'yib ketsak:
Screenshot 2025-03-31 at 19.44.07.png

Maslahat bera olmayman. Bitta kuzatuvim bilan bo'lishaman, xolos. Chet elga, chetga ketish uchun chiqilmaydi. Tagida biror sabab bo'ladi. Misol uchun: tajriba orttirish. Mustaqil yashab ko'rish. Asli kimligini bilib olish. O'zimizda yo'q sohani (bundaylar kam), borib o'qib kelish. Chetda yuribdi degan nom olish (tashqi hakamlar uchun)

Qarorlarimizni taftish qilsak, nega qilganimizni tushunib yetamiz. Nitzshe aytganmidi?: "Nega"sini bilgan odam, istalgan miqdorda "qanday"ga chiday oladi. Chet elda ishlab, yashash qiyin emas. Sababsiz ishlab, yashash qiyin. Mana qirg'iz qardoshimiz sovuq Rossiyada kuryerlik qilib yuribdi.
Screenshot 2025-03-31 at 20.02.46.png

"2-3 yil ishlayman. Vatanimga qaytib kabobxona ochaman. Uylanaman. Hayotim yaxshi bo'lib ketadi" deyapti. Men ishonaman, aynan shu sababi bilan u yillar davomida 12 soatlab ishlay oladi.

O'qish yoki kitoblar bilan ham shunday. Nega o'qiyotganimiz va nega topshirganimizni bilishimiz kerak. Buni bilishimiz uchun oldin nega o'qiganimizni taftish qilishimiz kerak. Yo'qsa kitoblarni ochganda harflardan boshqa narsa ko'rmaymiz. O'qiymiz-u unutib yuboramiz. Eslab qolamiz-u, amal qila olmaymiz. Amal qila olamiz-u, doimiy ushlab tura olmaymiz.
Qanday qilinadi?

Endi taftish qanday qilinishi haqida qisqacha master-klass. Jadval ko'rinishida bo'ladi.
Screenshot 2025-03-31 at 21.53.55.png

Bunday jadval qilish shart emas. Buni tushuntirish uchun chizdik. Chap tarafimiz nazariyamiz. Kitob va ustozlardan olinadi. Qaysi usulda qilishimiz kerakligi. O'ng taraf amalda qilayotgan ishlarimiz. Taftish orqali bilamiz.

Nazariya ko'payib taftish kamaysa, hech nima o'zgarmaydi. Chunki ishlatishga joy topa olmaymiz. Taftish ko'payib, ilm olmasak, siqilib qolamiz. Kamchilik bor-u, to'g'rilashni bilmaymiz. Shu sabab ikkalovini teng ushlagan yutadi. O'zgarmayotgan bo'lsak – taftish qo'shamiz. Siqilayotgan bo'lsak - nazariya qo'shamiz.
Xulosa.

Yomon yangilik shundaki – taftish vaqt oladi, do'stlar. Oshirib yuborsak, ish qolib, taftishga berilib ketish hech gap emas. Shundaylarga eslatma – taftish uchun ham material kerak. Bu uchun esa ishlash kerak. Kuniga bir soatdan oshishida foyda ko'rmadim. Ishlarimiz masalliq. Taftish – qovurish. Yo'q masalliqni qovurish befoyda. O'ylashdan boshqa narsani qilmagan odamning, o'ylashga ham tuzukroq fikri qolmaydi.

Yaxshi yangilik ham bor. Taftish notanish yo'lda yurgan odamning navigatoriga o'xshaydi. To'g'ri yo'lda ketayotganini bildirib turadi. Yo'li to'g'riligiga ishongan odam – ertaga manzilga yetgach, afsuslanib yurmaydi.
👍1
O'tmishdagi ishlar, kelajakdagilarini ko'rsatib beradi

Yaqindagina bitiruvchimiz pechak ligasi, Columbia universiteti, muhandislik fakultetiga qabul qilindi. O'qishlari, yotoqxonasi, kitoblari va chipta xarajatlarini universitetning o'zi to'lab beryapti. 300 000$ dan oshiq grant. Qizig'i bu grantni berish jarayonida hay'at a'zolari intervyu ham o'tkazishmadi. Bitiruvchimiz rozi bo'lmagandi.

O'quvchimiz eson-omon bitirib olsa, AQSHning top kompaniyalari (Meta, IBM, PwC, Google, Microsoft, Amazon) $50 000 dan $130 000+ gacha oylikka ishga olishadi.

Universitet nima sababdan okean ortidagi intervyu o'tkazishga ham rozi bo'lmagan notanish qizga shuncha grant berdi? Har yili grant beradigan maktab boshqaruvchisi sifatida aytaman – "Agar o'z shahrida turib, bu qizcha shuncha ish qilgan bo'lsa, imkoniyatlar bersak, buzib tashlaydi" deb o'ylashgan. Axir, qabul qilinish uchun bitiruvchimiz yillab mehnat qildi. Loyihalar yasadi. Til va matematika imtihonlarini topshirdi. Atrofdagilaridan ustunligi haqida isbot yig'a boshladi.

Bu qizimiz bizdan ham grant yutib olgandi axir. Davlat maktabida o'qib turib, qilgan ishlari hayron qoldirgandi.

Maqtanib bo'ldim, do'stlar. (Birovni mehnatiga maqtanishdan osoni bormi?) Endi mavzuga o'tamiz.

Hammamizning xayolimizdan mana shu narsalarim bo'lganida, bunday qilib yuborardim" g'oyasi o'tgan bo'lsa kerak. "Pulim bo'lsa masjid qurdirardim. Vaqtim bo'lsa til o'rganardim. Investor bo'lsa biznes boshlardim. Ustozim bo'lsa (iloji boricha mashhurroq) ancha ishlar qilib tashlardim. Prezident bo'lsam...."

Bularni bekorga xom xayol deyishmaydi. Yuz martalab o'ylaymiz. Yillar o'tsa ham, hech narsa o'zgarmaydi. Buning asosiy sababini tushuntirib ketmoqchiman: Resurssiz hech nima qila olmaydigan, resurs bilan ham hech nima qila olmaydi.

"Pulim bo'lsa ehson qilardim" deydi ba'zilar. Tengdoshlarim orasida karyerada ancha oldinga o'tib ketganlari bor. Ichida ehson qilishga odat qilmaganlari, hozir ham qilmayapti. Oylikka ishlaydigan matematika o'qituvchisini tanir edim. Oyligidan orttirib, 10-15 ta bolaning repetitor pulini to'lab berardi. Ishonchim komil, boyib ketsa, ehsoni ham kattalashib ketadi.

"Kitob o'qishga vaqtim yo'q, bo'lsa o'qirdim" deb o'ylaymiz. Umuman bo'sh vaqti yo'q o'qituvchimiz bor. Ikkita ishda ishlardi. Metroda yurish jarayonida o'qib ketardi. Shu usul bilan yuzlab kitoblarni tugatib qo'yibdi.

Yosh yigitchalar maktab ochmoqchiligini aytib oldimga kelib qolishadi. "Investitsiya qanday olinadi?" savol berishadi. Maktab investitsiyadan boshlanmaydi. Bir odam bizga pulini berishi uchun, natijalar qilgan bo'lishimiz kerak. Ikki yuzta o'quvchini muvaffaqiyatli bitirtirgan o'qituvchi bemalol investitsiya ola oladi. Ko'pincha, unga o'zi kerak ham bo'lmaydi.

Jahongir Po'latov do'stimiz faoliyatini o'quvchilarga uyida dars berishdan boshlagan. Hozirgi 12 000+ o'quvchilik o'quv markaz boshida, o'zining mahallasidagi ingliz tilini o'rganmoqchi bo'lgan bolalar yotibdi. Qizig'i, muallifning foaliyati ham o'sha mahalladan, o'sha o'quvchilardan boshlangan. Ikkalamiz aynan bir o'quvchini ketma-ket o'qitganmiz. Bilmagan holda, albatta.

Blog boshlash uchun ba'zi yigitlar kamera mikrofonlar so'rashdi. Bera olmagan paytlarimiz xafa bo'lishdi. Kuzatib turdim. Birinchi, ikkinchi videodan keyin to'xtatib qo'yishdi. Muvaffaqiyatli YouTube blog ortida kamera mikrofon turmaydi. Muallif turadi. Muhammadali do'stimizning ilk videolarini ko'raylik:
Screenshot 2025-04-03 at 11.09.37.png

Video katta ehtimol telefonda olingan. O'sha payti Redmi tutar edi adashmasam. 360p sifatda yuklangan. Eng kichkina ekranda ham xira ko'rinadi. Bu ham uni to'xtata olmagan. Video qo'yaman degan odam, resursi bo'lmasa ham qo'yib ketaveradi.

Shu sabab muallif blogni telegramda boshlashni maslahat beradi. Hech qanday resurs kerak bo'lmaydi. Telegram blogni eplagan, instagram va Youtubedagi blogni nonushtaga yeb yuboradi.

Yuqoridagi misollarim bilan nima demoqchiman? "Parkinson qonuni"ga misollar keltirdim xolos. Ya'ni: Ish unga ajratilgan resursni yeb bitiradi. Ko'p ajratsak, ko'p ketadi. Kam ajratsak yetadi.
Muallif ko'p maktab egalarini taniydi. Ochish uchun qancha pul sarflashlarini ham biladi. Ishonch bilan ayta oladiki, o'zi taniganlari orasida maktab ochilishi uchun eng kam pul sarflaganlardan. (Kvadrat metriga hisoblaganda). Nega kam sarfladik? Chunki boshqa yo'q edi. Borini ishlatdik. Bo'lganida ko'proq ketar edi.

To'g'ri, aynan shu sabab maktabimiz remonti bilan videolarda maqtana olmasmiz. Mayli. Bizga o'qituvchi & o'quvchilarimiz bilan maqtanishni o'zi yetadi.

Charli Manger akademiyada intervyularni to'xtatib, o'tmishdagi yutuqlarga qarab ishga olishni taklif qilgan edi. U ham oddiy qoidaga ishongan: "O'tmishdagi harakatlar, kelajakdagi harakatlarni belgilab beradi"

O'tmishda qoyil qilganlar, imkoniyat bersak, yana ham katta ishlar qila oladi. O'tmishda qoyil qilmaganlar, imkoniyat bersak katta ehtimol bekorga sarf qilib yuboradi.

Shu sababdan kuchli universitetlar o'quvchilarning chiroyli ko'zlari va balandparvoz va'dalariga qarab grant bermaydi. O'tmishdagi ishlariga qarab beradi. Mayli, chekka qishloqdan bo'lsin. O'sha qishlog'ida eng zo'ri bo'la olganmi?

Kimgadir katta ishlar qila olishimizni isbotlamoqchi bo'lsak, eng yaxshi yo'l kichkina ishlarimizni zo'r qilish bo'ladi. Kelajakdagi ishlarimizni zo'r qila olishimizni isbotlamoqchi bo'lsak, o'tmishdagi qilgan ishlarimiz eng zo'r dalil bo'ladi.

Fikrimni yaxshiroq tushuntirish uchun bitta xayoliy tajriba o'tkazib ko'ramiz. Yosh talaba tibbiyot universitetiga kontraktga kirdi. Uning kuchli shifokor bo'lish ehtimoli qancha? Foizda ayta olamizmi? A mayli, osonroq bo'lishi uchun boshqa bitta nomzodimiz bilan solishtirib ko'ramiz. 40 yoshlik muvaffaqiyatli quruvchi. Shaharda chiroyli va baland loyihalari ko'rinib turibdi. Millionlar topgan. Hayotining shu nuqtasida shifokor bo'lishga qaror qildi. Qaysi biriga ko'proq ishongan bo'lardingiz? Qaysi biriga investitsiya qilgan bo'lardingiz? Qaysi biridan yaxshiroq shifokor chiqadi?

Talaba yigitimiz, yosh, vaqti ko'proq bo'lsa ham, o'zini hali isbotlamagan. Qayerdan bilamiz? O'qishning yarmida, qiynalib tashlab ketsa-chi? Bitirib, shifokor bo'lib ishlamasachi? Ishlasa ham, o'rtacha bo'lib qolib ketsa-chi? Axir, bir inshomizda shifokorlarning holati haqida gaplashgan edik:

Tibbiyot universitetida 240 ta bola bitirganmiz. Talabalik paytida tanigan holda 3 tasining qabuliga borishga qo'rqmayman(boryapman ham). Qolganini bilmadim. Mutaxassislarga aldanish oson. Bitta noto'g'ri tashxis sababidan o'n yil yashagan buvimga ikki oy berishgandi, boshqasi sabab tinchgina oila buzilishiga sal qolgandi.

Kaplan to'xtamay aytib keladi, hatto eng zo'r universitetlarda ham ko'pchilik talabalar nomiga o'qishadi. Qolganlarini qo'yavering. Oramizda talabalar bo'lsa, ularga ko'p isbot shart emas, aytgan narsamni har kuni ko'rishadi.

40 yoshlik akamizda esa o'tmishdagi yutuqlar bor. Shahardagi eng yaxshi quruvchilardan bo'lish oson kechmagandir. O'tmishda qiyinchilik ko'rganlar. Chidab berishlari ehtimoli ham katta. Men ikkinchi nomzodga ko'proq ishongan bo'lar edim.

Aslida ikkinchi nomzodni taniyman ham. Kursdoshimning amakisi. Hozir O'zbekistonda kam kishi shug'ullanayotgan, protezlash (sun'iy qo'l-oyoq qo'yish) bilan shug'ullanib kelyaptilar. Germaniya va Turkiya firmalari bilan raqobat qilishyapti.

Bizga ham bitta sohada natija to'plab, keyin keyingisiga o'tishga nima xalaqit beryapti? Nega ko'pchilik bitta joyda turibdi? Tushuntirishni latifa bilan boshlab ko'raman:

-Universitetni tashlab ketmoqchiman.
-Qo'ysang-chi, bitirib ol. Ozgina qoldi.
-Yo'q, menga kerakmas, ana Mark Sukerberg, Bill Geyts ham tashlab ketgan.
-Ahmoq, ular Garvardni tashlab ketishgan, "Narxoz"ni emas!

Asrimiz ajdodlarimizga bermagan katta imkoniyatlarni beryapti. Tarixda birinchi marta (oxirgi yuz yillik) dehqonning bolasi dehqon, oshpazning bolasi oshpaz, shifokorning bolasi shifokor bo'lishi shart emas. U istalgan sohada keta oladi. Demografik inqiroz ketyapti. Yer shariga odam yetishmayapti. Qo'lidan sal ish keladiganlar uchun ish berishga hamma tayyor.
Tanlov boshni aylantiryapti. Natijada, bitta sohani ushlab, to'g'ri yurishi kerak bo'lgan bitiruvchi, qo'shni sohalarga ham burnini suqyapti. Tinchgina buxgalteriyasini qilib yurganida, kripto, nft, smm, "zapusk", "treyding"da ko'tarilib ketayotganlar uni tinch qo'ymayapti. Uxlashiga xalaqit beryapti.

Maktabdagi o'quvchimiz ingliz tilida sustlik qila boshladi. O'qimayotgani sababini so'radim.

-"Ishlayman"
-Nima ish qilasan?
-Treyding. (Telefonini ko'rsatdi)
-Qancha ishlab topding?
-Necha dur ming (raqam esimda qolmadi)
-Topdingmi?
-Yo'qotdim...

Ogohlantirishimga qaramay o'qishini to'g'rilamadi. Treyding ham rasvo. Ingliz tili ham. Matematika ham.

Mana shunday, hamma narsaga sakrab ko'rayotganlar, bir sohani ushlab, oxirigacha olib borganida, pul-asab yo'qotmasdi. Daromadi ham yaxshi bo'lardi. Payti kelganida, oldin gaplashganimiz kabi ishini biznesga aylantira olardi:

Shundan xulosa qildim-ki, biznes boshlashda eng xavfsiz yo'l mutaxassislikdan chiqib borish. Oshpaz – oshxona, o'qituvchi – maktab, marketolog – agentlik, usta – qurilish firmasi, muhandis – fabrika, dizayner – studiya ochishi. Biznes oyoqqa turib olgunicha asosiy ishni o'zi qilib tura oladi. Nozik muammolarni tushunadi. Boshqaruv, sotuv, marketing, hisob-kitobni esa yo'l-yo'lakay o'rganib ketsa bo'ladi. Tashqaridan yordam olib tursa bo'ladi. Biznes adabiyotlar orasida buni ta'riflagan kitob ham bor. Gerber metodi deyiladi. 40 yildan beri qo'llab kelinadi.

Boshqalarning o'z sohalardagi yutuqlari bizni shoshirib qo'ymasligi kerak. O'z ishimizda davom etganimiz ma'qul. Chunki notasodifiy bitta muhitda muvaffaqiyatga erisha olgan, boshqasida ham erisha oladi. Lotoreyada yutish, treding, ko'p bizneslar – tasodifiy muhitlar. Mutaxassislik esa tasodifan bo'lmaydi. Bo'la olmaydi.

TBC bank haqida eshitgan bo'lsangiz kerak. Bizdagi eng tez o'sayotgan bank. "Payme"ni ham sotib olgan. O'zbekistondagi rahbari Nika Kurdiani. O'zining shu holatga kelishiga sabab bo'lgan rahbari haqidagi so'zlarga qarang:

Uning ismi Romeo Kolino edi. Suv polosi bo'yicha 1982 -yilgi jahon chempioni edi. Italiya terma jamoasida o'ynagan edi. Sport karyerasini to'xtatib, bankda ish boshlagan edi. 32-yoshida kassir bo'lib ishga joylashgandi (keyinchalik prezident darajasiga ko'tarilgan – A.R.) Ikki metrlik bo'yi bilan kassada o'tirardi. O'ziga bo'lgan ishonchiga qoyil qolganman. Jahon chempioni bo'lgach, ishni kassadan boshlash oson emas.

Ustozimning ajoyib gaplari bor. Yutuqqa erishadiganlar hamma sohada yutuqqa erishadi. Erishmaydiganlar hech qaysi sohada erishishmaydi. Kerakmas odam, Afrikada ham kerak emas.

Sohadan sohaga qarayverish. Birini tugatmasdan, ikkinchisining yaltiraganiga uchib, o'tib ketish. Qilib turgan narsamizni zo'r qilmaslik. Bular asrimizning kasalligi bo'lsa ham, bu haqida 700 yil oldin Fransuz faylasufi Jan Buridan ogohlantirgan edi. Suv va somondan bir xil uzoqlikda turgan eshshakni tasavvur qiling. Eshak ham och, ham chanqagan.
Screenshot 2025-04-03 at 14.40.39.png

Somonga ketaturib, yarim yo'lga yetganda suv uchun qaytgisi kelib qoladi. Suv uchun uzoqroq yurib borayotganda ochligi esga tushib, yana somonga qaytadi. Ikkaloviga ham yeta olmay, o'rtada sarson bo'ladi. Oxiri ochlikdan, chanqab o'ladi. Istalgan bittasiga borib, tugatib, keyin ikkinchisini boshlaganda edi, ham qorni to'yardi, ham chanqog'i qonardi. Tanlov uni gangitib qo'ydi.

Oldimizda turgan ishni yaxshi qilaylik. Oldimizda emaslari, o'zi yaqinlashib qoladi. Sabab hamma notasodifiy muhitlarda muvaffaqiyat uchta masalliqdan iborat xolos. Diqqat. Intizom. Sabr. Mening gapim emas. Rumiyning so'zlari.

Blogimizda maktabga chiqmasdan tadbirkorlikni boshlagan bolakay haqida yozgandik.
Screenshot 2025-04-03 at 15.13.22.png

Nega ishni quyon boqishdan boshladi? Chunki ranchoda (qishloq-yaylov) yashar edi. Imkoniyati faqat shunga yetardi. Xohlagan ishlarimizni qilishimiz uchun ham, avval oldimizdagi ishlarni qoyil qilib qo'yishimiz kerak bo'ladi.
Maktab ochmoqchi bo'lsak – jiyanimizni zo'r o'qitib qo'yaylik.
Jamoa boshqarmoqchi bo'lsak – o'zimizni zo'r boshqarib qo'yaylik.
Kuchli odamga shogird bo'lmoqchi bo'lsak – kichkina ishlarda katta natija qilaylik.
Yuzlab odamlar kuzatadigan bloger bo'lmoqchi bo'lsak – o'nta obunachimizni lol qoldiraylik.
Tesla, Amazonga ishga kirmoqchi bo'lsak – matematika & ingliz tili & fizika darslarimizni qoyillataylik.

Hozirgi ishlarimizni zo'r qilishimiz, kelajakdagi ishlarimizni zo'r qilishga poydevor quradi. Santexnik bo'lsak ham. Nonvoy bo'lsak ham. O'zidan inshochi (shunaqa kasb bormi o'zi?) yasab olgan bu muallif, bir paytlar do'konda sotuvchi edi. Mish-mishlarga qaraganda, mijozlari uni yomon ko'rmasdi.
Ko'p ishlarga ulgurish haqida



Resurslarimiz farq qiladi. Vaqt esa hammada bir xil. Nega ba'zilar 24 soatda ko'proq narsaga ulguradi? Ba'zilar esa ulgurmaydi?

Kunni bekorchi narsalarga sarf qilmaslik haqida aytmayapman. Bu haqida gaplashgan edik.

Foydali ishlarga ajratilgan vaqtimiz bor. O'sha paytda qanday qilib ko'proq narsaga ulgurib qolsa bo'ladi?

Ishlarga ulguraman desak, oila qolib ketadi. Oilani tanlasak, do'stlar xafa bo'ladi. Do'stlar bilan vaqt o'tkazsak, blogni kim yozadi? Blog yozib o'tiraversak, kitoblarni qachon o'qiymiz?

Shu sababdan bizga integratsiya kerak bo'ladi. Integratsiya – ishlarni bir-biriga qo'shib yuborish degani. G'oya o'ta kuchli. Muallif bajarib kelar ekan-u, shu haqida o'qimagunicha nomini bilmagan ekan.

G'oya bundan iborat: Nima uchun biz tanlashimiz kerak? Ish yoki oila o'rtasida, o'qish yoki blog o'rtasida nima uchun "yoki" turishi kerak? Qo'shib yuborsak bo'lmaydimi? Integratsiya qilsak-chi?

Oila va ish o'rtasida tanlashga to'g'ri kelsa, nega oilamiz bilan ishlay olmaymiz? Muallif otasi va ukasi bilan qadrdon bo'lib ketishiga sabab, birga ish qilishganlari edi.

Safia tarmoqlari rahbari do'stimiz Bekzod doim aytib keladi – biz oilaviy kompaniyamiz. Munosib qarindoshlarni ishga olishdan uyalmaymiz.

Rossiyada katta biznes qura olgan Sherzod aka Tursunov ishlarini ayollari (Barno opa) bilan boshqaradilar.

Do'stlar masalasida ham shunday. Nega ular bilan ishlamasligimiz kerak? Sirlarimizni ishongan, ishlarimizni ishona olmaymizmi? Hamkasblarimiz bilan kunning yarmini o'tkazamiz. Ular qanday bo'lishi, bizning ham shunday bo'lishimizga olib boradi.

Shu sabab, muallif do'st bo'la oladigan odamlari bilan ishlaydi. (Orasida do'stlari ham bor.) Qadriyati to'g'ri kelishi eng muhimi. Ishni o'rgatib olamiz. O'tmishdagi yutuqlari bo'lsa yetadi.

Charli Manger ham shu fikrda. Ishxona tanlash bo'yicha uch donagina maslahatiga qaraylik. (Oldin ham gaplashgandik. Haqiqat o'zgarib qolmaydi, na qilaylik endi)
Screenshot 2025-04-07 at 13.08.19.png

Yoshlar karyerada nimaga e'tibor berishlari kerak? Uchaloviga erishish deyarli imkonsiz-u, baribir harakat qilgan ma'qul.

O'zing olmaydigan narsani sotma.

Hurmat qilmaydigan va havas qilmaydigan odaming qo'lida ishlama. (CEO yoki sizning boshqaruvchingiz)

Maza qiladigan odamlaring bilan ishla.

Muallif ham shunday kompaniya qurishga harakat qiladi. Tajribadan shuni aytishim mumkin-ki, bunday kompaniya qurish, foyda oladigan kompaniya qurishdan ham qiyinroq kechadi. Foyda olish uchun chaqqon va aqlli bo'lish yetarli. Odamlar ishlashni xohlaydigan joy bo'lish uchun esa, axloqni ham yaxshilab borish kerak bo'ladi.

Biznesingiz haqida eng yaxshi maqtov, manovi gaplar bo'lsa kerak:
Screenshot 2025-04-07 at 13.22.54.png

GO kompaniyasi 1994-yilda AT&T’ga suv tekinga sotilgan, oldinroq esa deyarli hamma pulini yo‘qotgan. Bu muvaffaqiyatsizlikdek tuyulishi mumkin. Ammo men ish faoliyatim davomida GO’da ishlagan o‘nlab odamlar bilan tanishganman — Mike Homer, Danny Shader, Frank Chen, va Stratton Sclavos kabi odamlar. Qiziq tomoni: bu odamlarning barchasi GO’dagi ish tajribasini hayotlaridagi eng yaxshi tajriba deb atashgan.

Ular lavozimlarida o'sishmagan, pul topishmagan, hatto ommaviy muvaffaqiyatsizlik bo‘lgan. Lekin GO’da ishlash ularga yoqqan. Bu esa menga Bill qanday ajoyib rahbar bo‘lganini ko‘rsatdi.

Jon Doyer ham shunday fikrda edi. Scott Cook Intuit kompaniyasiga rahbar qidirganida, Jon Billni tavsiya qilgan. Garchi Bill avval GO’da Johnning pulini yo‘qotgan bo‘lsa ham. Yillar davomida GO’da ishlagan odamlar bilan gaplashgan har kim bitta narsani bilgan: Bill yaxshi kompaniyalar qurishga e’tibor berardi.

Agar siz hech nima qilmasangiz ham, Bill kabi bo‘ling. Yaxshi kompaniya quring.

100 yoshlik bobo integratsiyani yaxshi tushungan ko'rinadi. Rahbarimizga havas qilsak, hurmat qilamiz. Hurmat qilsak, do'stlasha olamiz. Ishxonada do'stlarimiz bo'lsa, tashqaridan izlab yurmaymiz. Hamkasblarimiz bilan ham shunday.
Yoqmaydigan odamlarimiz bilan ishlash charchatadi. Jismoniy emas. Ruhiy. Jahlimizni bosaverganimiz uchun, tutuni chiqa olmayotgan choynakka o'xshab qolamiz. Oldimizga kelgan, kuyib qoladi.

Shu sabab balki, noto'g'ri muhitda yurganlar, ishdan keyin rivojlanishlari qiyin bo'lib qoladi. Ularni kitob ustida emas, kompyuterxonalarda ko'rasiz. Hazillashmayapman. Kechki 7-8 dan keyin, bitta borib ko'ring. Balki planshetlarida "Netflix"ga ko'milarlar. Tag'in bilmadim. Muallifning tanishlari orasida undaylar ko'p uchramaydi.

"Pulga qarab ish tanlasak bo'lmaydimi? Integratsiya qilishimiz shartmi? Ishdan maqsad pul emasmi?" So'rab qoladi o'quvchimiz. Oddiy haqiqatni gaplashish vaqti keldi. Oddiy haqiqatlar kitobidan foydalangan holda, albatta):
Screenshot 2025-04-07 at 13.31.37.png

Puling bo'lmasa, eng yaxshi do'sting – ish. Ish seni kerakli odamga aylantiradi. Kambag'allik qiynasa, pul qidirma, ish qidir. Pulning o'zi ortidan keladi. Pul muammosi keta boshlagach, ma'noli yashashga e'tibor bera olasan.

Ha, rostdan ham. Istalgan ishda yaxshi pul topsa bo'ladi. Buni besh yil oldin asaxiydagi Firuz aka ham yozib chiqqandi.
Screenshot 2025-04-07 at 13.36.40.png

Ma'lumot 5 yil oldingi ekanligini hisobga olsak, raqamlarni 2x qilaverasiz)

Istalgan sohada pul topsa bo'ladi, ha. Faqat topish jarayonida asabimiz ketib qolmasligi kerak. Rahbarimizga havas qilsak va do'stlarimiz bilan ishlayotgan bo'lsak, asabiylashish minimal yoki foydali bo'ladi.

Endi blog va boshqa jarayonlarning integratsiyasi haqida. Blogning shaxsiy brenddan ham farqi shuki, sizdan xohlayotgan narsani emas, o'zingiz xohlayotgan narsani qo'yib borasiz.

Bitiruvchimiz Abdurazzoq kitob o'qishni yaxshi ko'radi. Ana, blogi ham aynan shu haqida. Biror narsani bilishga da'vo qilmaydi. "Shunday o'qidim" deb ketaveradi.

O'zi blog boshlash uchun, o'rganib olish shart emas. O'rganish yo'lingizni yoritib borsangiz ham bo'ladi. Kuzatuvchilarga javoblar unchalik kerak emas. Ularni topish osonroq. Odamlarga o'zi kabi qiyinchilikdan o'tayotganlar/o'tganlarni tanish ko'proq yordam beradi.

Shunday qilsak, blogimiz o'rganishimizning integratsiyasi bo'ladi.

Til o'rganayotganlarga tavsiya ham shu. Tilning o'zini o'rgangandan ko'ra, yaxshi ko'rgan ishimiz orasiga qo'shib yuborgan osonroq. Muallif shu usulda ikkita til o'rgangan edi.

Mana necha yildir-ki Gollandiyaliklar ingliz tilini bilish bo'yicha birinchi o'rinni bermay kelishadi. Yevropa xaritasiga qarasangiz, ularning til bilishi Angliyaliklarning til bilishi bilan deyarli bir xil ekanligidan hayron qolasiz.
Screenshot 2025-04-07 at 13.53.19.png

Boshqa davlatlardan asosiy farqi? Bu davlatda film va seriallar tarjima qilinmaydi. Subtitr qo'yib chiqarib yuboraverishadi. Kanallarda ham. Kinoteatrlarda ham. Kino ko'ruvchilar (deyarli hamma) ingliz tilini o'rganmay ilojlari qolmaydi.

Integratsiyada gap ko'p, do'stlar. Muallif ham shu insho orqali bir necha ishlarini bitiryapti. Bo'lajak do'stlar orttiryapti. Jamoa a'zolari qidiryapti. O'z farzandlariga maslahatlar tashlab ketyapti.

Umid qilamanki, endi kuzatuvchilarimizda "yoki"lar kamayib, "va"lar ko'payadi.
👍1
Xatoga yondashuv haqida


Bugun xatolar haqida gaplashamiz, do'stlar.

Institutda mehribon kuratorimiz bor edi. Hammamiz yaxshi ko'rardik. Hech kim mensimaydigan talabalarga "odam"lardek muomala qilardilar.
Otalari mashhur yozuvchi bo'lgani ta'sir qilganmi, dona-dona chiroyli gapirardilar. Kayfiyatimiz bo'lmasa, gaplashib o'tirardik. Maslahat kerak bo'lsa, oldlariga borardik.

Bitirganimga sakkiz yil bo'lyapti. 90% o'qituvchim esimda qolmadi. Ularning esa hamma jihatlari esimda qolgan.

Erlari vafot qilgach, ikkita o'g'illari bilan ovunib yurardilar. O'limga sabab esa – shifokor xatosi edi. Vaqtida ko'rsatilmagan yordam, noto'g'ri tashxis. Operatsiyani kech boshlash. Oddiy kasallikdan jarrohlik stolida vafot qilgandilar. Bu voqeani ko'p aytib berardilar. Kimlargadir yaxshi o'qishga turtki bo'lgan bo'lsa ajabmas.

Shifokor xatosidan yiliga millionlab odamlar vafot etadi. Xato aniqlangach ham, yopdi-yopdi qilinadi. Sabablari o'rganilmaydi. Tan olinmaydi. Shu sabab shifokorlar xatosi OITS, ko'krak saratoni, giyohvand moddalardan ko'ra ko'proq odamning hayotini olib ketadi. O'zimizdagi marhum vayner ham bunga misol. U kabi mashhur bo'lmaganlar orasida, jimgina o'lib ketganlar qancha?

Tibbiyot tizimining ham bunga sabablari bor: "Minglab bemorlar ko'radigan shifokor, bitta kasalning o'limidan qamalib ketmasin" deydi. Xatoni tan olsak ovoza bo'lib, muammo jiddiylashmasin deyishadi. "Xudodan, biz hech nima qila olmadik", deyishadi.

Tan olinmagan xato, o'rganilmaydi. Kelasi safari takror bo'laveradi. Bemorlar o'lishda davom etaveradi. Internetga kirib tekshirib chiqdim. Shifokorlar xatosidan o'lim oxirgi yillarda kamaymayapti

Ellik yil davomida aviatsiyadagi halokatlar soniga qaraylik:
Screenshot 2025-04-10 at 09.25.24.png

Aviahalokatlar 10-12 barobar kamaygan. Ko'p safar qilsa ham, samolyotlardan qo'rqadigan do'stimiz bor. Har safar birga uchayotganimizda, o'tmishdagi aviahalokatlar haqida gapirib beradi. Do'stim, shu inshoni o'qiyotgan bo'lsangiz, sizga yaxshi xabarim bor:

Samolyotda uchish yerda yurishdan xavfsizroq. Yil davomida bitta tirik odamning o'lib qolish ehtimoli 0.000001. Chekuvchining o'lib qolish ehtimoli esa 0.0001. Mashina haydovchisining ham. Samolyotda uchayotgan odamning o'lib qolish ehtimoli esa 0.00000005. Barcha tarixiy falokatlarni hisobga olganda yana. Bunga katta ehtimol, og'ir kasallar va o'ta qariyalar samolyotga chiqmasligi ham sabab.

Vaklav Smil. Raqamlar aldamaydi.

Nega boshlanishida o'ta falokatli bo'lgan aviaqatnovlar bunchalik xavfsiz bo'lib qoldi?

Chunki har bir aviahalokat sababi o'rganiladi. Har bir xato taftish qilinadi. Xatoni hech kim berkitmaydi. Agar uchuvchi hatto o'limga sabab bo'ladigan xato qilsa ham, 10 kun ichida xabar bersa, jazodan qutulib qoladi.

Odamlar ichida ham xatoga ikki xil yondashuv uchraydi. Biri xato qilganini qabul qila olmaydi. Aybni o'zidan uzoqlashtiradi. Atrofdagi hammani aybdor qilib chiqadi.

Ikkinchisi xatolarni o'rganishning jarayoni deb biladi. Xatolar bilan martabasi tushmasligini biladi. Aybini bo'yniga oladi.

Asli barchamizda shu ikki toifaning qorishmasi bo'ladi. Yangi o'rganayotgan paytimizda xatolarga chidamli bo'lamiz. O'zimizni zo'r hisoblagan sohamizda, xatolarimizga tolerantlik kamayib ketadi.

Bir jarroh bor deylik. Oxirgi operatsiyasida bemor qornida qo'lqopi qolib ketdi. Bu xatosini tan olmasligi mumkin. Shu kuni kechasi karaokega borib kuylashda qilgan xatolarini oson tan oladi.

O'qituvchi bolani urishganligi noto'g'ri bo'lganini tan olmasligi mumkin. Photoshop ishlatishdagi xatolarini oson tan olib qo'yadi.

Nega unday bo'ladi. Nega asosiy faoliyatimizdagi xatolarni tan olishimiz qiyin bo'ladi?

Men ikkita sabab ko'ryapman.

Birinchisi, odam o'zi pul topadigan sohasida obyektivlikni ushlab turishi qiyin. Upton Sinklar aytganidek: Odam bir narsani tushunmasligi sababidan pul topayotgan bo'lsa, o'sha narsani tushuna olmaydi. Iqtisodchilar iqtisodni o'stirmaydi. Sanoatchilar o'stiradi. Endi boring shuni iqtisod fakultetlariga tushuntirib ko'ring. Hatto ex-hokim Jahongir aka ham tushuntira olmagan.
Ularning ustidan kulyapman-ku, bu kamchilik o'zimda ham bor:

Yaqinda bir xodimimiz maktabimizdagi kamchiliklarni aytdi. Ha, deb qabul qildim-ku, unga ustunliklarimizni sanab ketdim. Keyin o'ylab qoldim. Ustunliklarni unga nima qizig'i bor? Konkret kamchiliklar haqida gapiryapti-ku? Shuni to'g'rilasak bo'lmaydimi?

Maktabdan daromad qilishim uning kamchiliklarini ko'rishni menga qiyinlashtiradi, do'stlar. Shu sababli har bir e'tirozni jiddiy, maqtovni esa yengil olishga harakat qilaman.

Ikkinchi sabab, ego. O'zimizda kibr dermidi. Bir narsani yaxshiroq qilar ekanmiz, o'zimizga beradigan bahomiz shunga bog'lanib qoladi. O'zimizni qancha usta deb bilsak, ichki hurmatimiz shuncha baland bo'ladi. Xatoni tan olish, hurmatni toptashga teng tuyuladi. Qiziq joyi, bu bizga shunday tuyuladi xolos. Atrofdagilar oldida xatoni tan olishimiz, hurmatimizni faqat oshiradi.
Screenshot 2025-04-10 at 12.47.37.png

Ana milliarder Dalio o'zini hammani oldida professional xatokor deb yozib qo'yibdi. Hurmati kamayib qolmadi. Artel rahbari ham xatolarini tan oldi. Hamma oddiy qabul qildi.

Yoki avval gaplashganimiz, Taleb ham millionlik auditoriyasida oldida xatosini tan oldi.
Screenshot 2025-04-10 at 13.02.15.png

Xuddi shu mavzuda adashgan, iqtisodchi va siyosatshunoslarni taniyman. Kuzatar edim. Nega "edim"? Chunki adashganlarini tan olib chiqishmadi. Balki shu sababdan, hali ham faqat reklamadan pul topib yurishibdi. Xatolarini tez tan oladiganlar, oxir-oqibat boyib ketadi.

Ha, noto'g'ri o'qimadingiz. Bizda ikkitagina yo'l bor, do'stlar. Yoki aybsiz bo'lamiz. Yoki boy bo'lamiz. Uzun yo'llar haqidagi inshoni o'qiganlar biladi. Bo'lishni tanlash, kuchli axloqni tanlash, boy bo'lish ehtimolimizni karrasiga oshirib yuboradi.

O'rinli e'tirozga javob

Muallif boy va muvaffaqiyatli bo'lishni axloqli bo'lish bilan bog'laydi. Xatolarni tezda tan olish bilan bog'laydi. Atrofni kuzatayotgan odam tanishlari, o'z boshliqlari, mashhurlar orasida yomon axloqli, kibrli, xatosini tan olmaydiganlarni doim kuzatadi. Bu tezisimiz xatoligini bildiradimi?

Aslo. Avvalo, rizq axloqqa qarab taqsimlanmaydi. Muvaffaqiyat uchun ajratilgan joylar shunchalik ko'pki, orasiga turli odamlar kirib qolaveradi. Do'stimiz Abdulloh bilan ham shuni gaplashgandik. (Aytgancha, u ham xatosini sekundlar ichida tan oladiganlardan. Tez o'sishi sababi shudir balki?) Ba'zida noloyiq odamlarni yuqori ishlarda ko'rib qolamiz. Ba'zida o'zimiz ham qo'yamiz. Bunga sabab, odatda, boshqa variantlar yo'qligi bo'ladi.

Keyingisi esa Solonning ogohlantirishi. Bu odamda hozir pul borligi, ertaga bo'lishini bildirmaydi. O'zida bo'lishi, avlodlarida bo'lishini bildirmaydi. Shu sabab balki, boylikning faqat o'zini emas, uning generatorini (axloq) ham meros qilish, aqlliroq qaror bo'ladi.

Bu haqida avval ham gaplashgan edik. Eng birinchi inshomizga qaytamiz:

Shaxsiy rivojlanish eng yaxshi meros bo‘ladi. Umar ibn Abdulazizning o‘g‘illariga bir dinordan kamroq (bitta velosiped puli) meros qolgandi. Shu o‘g‘illardan bittasi mingta ot sadaqa qiladi. (Millioner degani). Hishom ibn AbduMalikning o‘g‘illariga million dinordan (300 mln$) meros qolgandi. Shulardan bittasi bozorda tilanchilik qilib yurardi. O‘zi uchinchi avlodga borib 90% oilalar boyliklarini yo‘qotib yuboradi. To‘plaganini o‘tkazish osondek ko‘rinadi, asli o‘rganganini o‘tkazish osonroq bo‘ladi. Bu haqida Suqrot ming yillar oldin aytgandi: vaqtingizni pul topishga sarflayapsizlar, nega shu pullarni tashlab ketadigan merosxo‘rlaringizni tarbiya qilmayapsizlar?

Javob tugadi

Xatolarimizni tan olmasak, ularni qanday to'g'rilaymiz? Axir, har bir tan olingan xato, hech qaysi sun'iy intellekt topib bera olmaydigan ma'lumotni topib beradi: O'zimiz haqimizda ko'proq bilib olamiz.
Screenshot 2025-04-10 at 13.16.46.png
Mening ta'rifimda yutqazgan (luser) kim? Xato qilganidan keyin, uni taftish qilmay, foydalanmay, xatodan uyalib, o'zini himoya qiladigan odam. Yangi ma'lumot kelganidan xursand bo'lib, shunchaki davom etish o'rniga, nega xato qilganini tushuntirib o'tiradi. Bu turdagi odamlar odatda o'zlarini "Jabrlanuvchi" deb his qiladilar. U yomon ob-havo, boshliq, yoki kimningdir rejasimi farqi yo'q.

Xato sodir bo'lganida uni berkitishning iloji yo'q. Non yoki pishdi, yoki xom. Dastur ishlayapti yoki qotgan. Insho qiziq yoki esnatuvchi. O'rtasi yo'q. Xato qilgan odamda faqat ikkita yo'l qoladi. Aybdor bo'lish. Yoki aybdor qidirish.

Hozirgi holatimizga kim aybdor? O'ylab ko'raylik. Yomon boshliq? Nima, yaxshirog'iga o'tadigan ko'nikmalarimiz yo'qmi? Ota-onamiz zo'r tarbiya qila olmagani? Birga yashashganligi ~85% ishni qilib berganini anglatadi. Kuzatuvimdan aytaman, otasiz o'sishlik, ko'p qoqilishlarga olib boradi. Hayotdan ma'noni olib qo'yadi. Ona kuchli bo'lsa, biron nima qilsa bo'lar. U ham taslim bo'lsa, bolalar alamzada bo'lib katta bo'ladi. Borib tekshirib keldim. Shu haqida yozilgan kitob ham bor ekan.

Noto'g'ri davlatda tug'ilganimiz? Qayer yaxshiroq edi? Oyoqqa turishning umuman imkoni yo'q Nigeriyami? Sudan? Qirilib borayotgan Yaponiya? Turmush qura olmayotgan Koreya? Stagnatsiyaga qarab ketayotgan Yevropa? Urushdan chiqmayotgan yaqin sharq? ~10% odam har kuni och uxlashini bilamizmi? Unutmang, chet el qandayligini bilish uchun o'sha yerda tug'ilganlarning ko'zi bilan qarash kerak. Bu yerdan emas. Grass is greener on the other side.

Shayton va bobomiz Odamning farqi ham shunda edi. Xatolariga turli nigoh bilan qarashdi. Biri aybsiz bo'lishni xohladi. Boshqasi aybdorligini tan oldi. Aybsiz bo'lishni xohlar ekanmiz, boshqaga to'nkashimiz kerak bo'ladi. Aybni to'nkar ekanmiz, mas'uliyatni ham ag'dargan bo'lamiz. Daromadi kamligida boshlig'imizni (hokim, prezident) ayblar ekanmiz, hech narsa qilmaslikni tanlagan bo'lamiz. O'sha boshlig'imiz almashishini kutish, yagona choramiz bo'ladi.

Muallifning ham egosi bor. Unga xatolarini ko'rsatishar ekan, boshida o'zini yomon his qiladi. Hozirgi xatolarini oson qabul qilishiga, o'tmishdagi xatolarini yozib borgani yordam beradi. "Oldin ham tan olgandim, qo'rqinchli bo'lmadi, endigisi ham hech nima qilmasa kerak" fikri xotirjam qiladi.

Bu yozilgan xatolar keyin taftish soatlarida ochib qaraladi. Boshqa takrorlanmaslikka harakat qilinadi. Aynan qanday qilinishini oldingi insholarda gaplashgan edik.

Xatolarni tan olishimiz o'rganishimizni tezlashtiradi. Xatolarni tan olishimiz hurmatimizni saqlab qoladi. Xatolarni tan olishimiz kelajakda xatolarimizni kamaytiradi. Xatolarni tan olishimiz o'zimizni tanishimizga sabab bo'ladi. Xatolarni tan olishimiz, munosabatlarimizni yaxshilaydi. Bitta shifoxona misolida aytaman, xatolarni tan olishimiz o'limlarning oldini oladi.

Bir dona kamchiligi, xatolarni tan olishimiz og'riqli bo'ladi. Xato qancha katta bo'lsa, og'riq ham shuncha katta bo'ladi. Rey Dalioda o'qigandim. Og'riq kattaligi odamlarni o'zgartira olmasa, boshqa hech nima o'zgartira olmaydi. Shu sababli, o'zgarmoqchi bo'lsak, xatolarni tan olaylik. O'zgartirmoqchi bo'lsak xatolarini aytaylik(yolg'iz qolganda, albatta). Takror-takror eshitmadimi? O'zi biladi. O'zini saqlamaganni, biz nega saqlashimiz kerak?

Shunda ham xatolarimizni tan olishga bitta to'siq qolar ekan. Atrofimizda ba'zi odamlar bo'ladi. Xatolarimizni eslab qoladi. Sanab yuradi. Hammani oldida eslatib qo'yadi. O'tmishdagi xatolarimiz, uning to'pponchasiga o'q bo'lib beradi. Ayamay otadi. Shundan uyalib ham xatolarni tan olmasligimiz mumkin. Undaylarni nima qilamiz?

Hech nima. Undaylar oldida oz vaqtda hech kim qolmaydi. Franklinda o'qiganmidim yoki Senekada, eslolmadim. Xatosiz do'st xohlagan – do'stsiz qoladi. Biz do'stlarimizni komil bo'lganlari uchun sevmaymiz. Undaylar hozir qolmadi, chamamda. Biz ularni komillikka intilganlari uchun sevamiz. Aynan shunday odamlar bilishadi. Bu yo'l xatolar orasidan o'tadi. Ular bilishadi, xatolarimizni Xudoning o'zi kechirib turganida, do'sti kechirmasligi ahmoqlik bo'ladi.
Oliy maqsad haqida o'ylar

14.04.25

Muallif yoshlarga qisqa muddatli maqsad qo'yishni tavsiya bermaydi. Yosh paytimizda bitta qo'ng'iroq, bitta ish taklifi hammasini o'zgartirib yuborishi mumkin. Hozirgi tezkor zamonda 6-12 oylik maqsadlar ishlamaydi. Yil boshida qo'ygan maqsadingiz, yil oxiriga borib muhimligini yo'qotgan bo'lishi mumkin.

Universitetni bitirib karyera qilaman deganimda, o'sib turgan biznesdan sherikchilik taklifi tushgan edi. Ikki yil avval insho loyihasini endi boshlaganimda, maktab uchun chiroyli bino chiqib qolgan edi.

Bir hamkasbimiz kitob yozib, taqriz olishga borgandi. Taqrizchining o'zi boshqaruvchilikka olib qoldi.

Bir o'qituvchimiz avval dasturchi, keyinroq esa menejer bo'lishni reja qilgandi. O'quvchilari ortidan quvlab yuradigan o'qituvchi bo'ldi. Hozir nafaqat o'quvchilar, boshqa o'qituvchilar ham quvlashga tayyor turibdi.

Bir o'qituvchimiz chetga chiqib ilmiy ish qilmoqchi edilar. Biz direktorlik taklif qildik.

Maqsad qo'yishda 3 ta davr bor bo'lsa kerak:

Qisqa davr. (Kun-hafta)
O'rta davr. (6-36 oy)
Uzun davr. (Butun umr)

Kuzatuvlarim shuni ko'rsatyaptiki, aksar odamlarda maqsad quyidagi ko'rinishda bo'ladi:
Screenshot 2025-04-14 at 15.47.29.png

Ya'ni, yil oxiriga mashina olishliklarini bilishadi. Ikki yil ichida o'qishni tugatishni maqsad qilishgan bo'ladi. Olti oy keyingi to'yga tayyorgarlik qilishadi.

Bir vaqtning o'zida, kunlik maqsadlarida kamchiliklar bo'ladi. Bugungi ishlari ertaga o'tib ketadi. Ertangilari indinga qoladi. Kunning yarmi ekran oldida uvol bo'ladi.

Yana ham kamroq odam, umridan maqsad kutadi. Uy-joy mashina qilingach, oldida faqat qorong'ilik ko'rinadi.

Muallif o'zi uchun maqsadlarni boshqacha tasavvur qiladi. Har bir kunida eng kami bitta ish bitirishni vazifa qilib oladi (+qo'shimcha bir necha kichik ishlar). O'rta muddatdagi maqsadlarga e'tibor bermaydi. O'zini yosh hisoblagani uchun, yo'l davomida ko'p imkoniyatlar chiqishiga ishonadi. Serendipity. (Omad)

Bir vaqtning o'zida butun umridan ham maqsad kutadi. Ana shu butun umrlik maqsadni oliy maqsad deyishadi. Chizma ko'rinishida bunday ko'ringan bo'lar edi:
Screenshot 2025-04-14 at 15.46.34.png
Oliy maqsad.

Oliy maqsadni men soddagina ko'raman: Resursdor bo'lish + shu resurslari bilan bo'lishish.

Sodda ko'ringani bilan tushuntirishga muhtoj. Resursdorlik nima? Resurslarimiz bo'lishi. Resurs nima? Bir ish bitishi uchun kerak bo'ladigan hamma narsa. Bitiriladigan ishni uy qurish misolida ko'rib chiqsak bo'ladi.

Bitta uyni bitirish uchun qanday resurslar kerak?
Screenshot 2025-04-14 at 11.27.23.png

Hovlimizga daraxt ekmoqchi bo'lsak, yoki vaqtimizni sarflaymiz, yoki pul berib qildiramiz, yoki tanishlarimizni chaqiramiz. Puli yo'q, vaqti ko'plar o'zi ekadi. Vaqti yo'q, puli borlar ektiradi. Hamma o'zida bor resursidan foydalanadi. Resursi bo'lmasa, ishi bitmay o'tiraveradi.

Odamda bor bo'lishi mumkin bo'lgan resurlarni hammasini ko'rib chiqaylik:
Screenshot 2025-04-14 at 11.37.33.png

Resurslarning qiziq jihati, bittasini ikkinchisiga aylantirish mumkin. Tanishi borlar vaqtini tejay oladi. Auditoriyasi borlar biznes boshlay oladi. Tajribasi borlar pul topa oladi. Axloqi orqali tanish orttiradi. Vaqtini sarflab auditoriya yig'ish mumkin. Biznes ichida xarakteri shakllanadi. Mantiqni tushunib oldingiz.

Bitta odamda turli resurlar har xil miqdorda jamlanishi mumkin. Odatda yoshlikda vaqt va quvvat ko'proq bo'ladi. Katta bo'lgan sari – pul va tanishlar.

Resursdor bo'lishdan oldin, bizga qaysi turdagi resurslarni yig'ish osonligini tushunib olishimiz kerak bo'ladi. Hamma har xil iqtidor bilan tug'iladi.
Iqtidor haqida ikki og'iz.

Bir necha yildan beri taniydigan uchta tanishimizni ko'rib chiqamiz.
Birinchisi istalgan odam bilan besh daqiqada qadrdon bo'lib keta oladi. Chegirma olib bo'lmaydigan joylardan chegirma olib chiqadi. Ko'ndirib bo'lmaydigan odamlarni ko'ndira oladi. Turli ishlarda ishlab qiynalib yurdi. Hozir katta binolar sotish bilan shug'ullanyapti. Tez chiqishib ketish kerak bo'ladigan joy. Uning ichki resursi – muomalasi (xarakter). Bu orqali tanishlar orttiryapti. Bu tanishlar orqali sotuvlar qilyapti.

Ikkinchisi, g'oyalar koni. Hech kimning hayoliga kelmagan g'oyalarni taklif qiladi. Sohasida (marketing) tinmay o'qib-o'rganadi. Ta'lim uchun bitta mashinaning pulini sarflab yuborgan bo'lsa ham kerak. G'oyalari, tajribalari ortidan biznes boshladi. Ichki resursni tashqisiga aylantirdi. Kichik auditoriyasi bor. Ishining ustalari kuzatadi.

Uchinchisi ko'p narsa bilmasligi mumkin. Aytilgan narsani qilishdan to'xtamaydi. Quvvati tugaganini ko'rmaysiz. Yozsangiz tez javob beradi. Ishlari muddatidan o'tib ketmaydi. Duracell batareykalari uni bemalol reklama uchun ishlatsalar bo'ladi. To'xtamay ijod qilaverganidan, katta auditoriya ham yig'ib oldi.

Hech biri bir-biriga o'xshamaydi. Shunga qaramay natijalari o'xshab ketadi.

Jeff Bezos aytganidek: Aqlli bo'lishning mingta usuli bor. Hamma o'zida bor resurs bilan ish bitiradi.

Biz ham o'z iqtidorimizni aniqlab olsak, o'sha asosida resursdor bo'la olamiz. Iqtidor nima o'zi? Lug'aviy ma'nosiga qarasak salohiyat, quvvat, imkoniyat degan so'zlar kelib chiqadi.

Salohiyat isloh qilish, o'zgartirish degani. Taxtani chiroyli stulga aylantira olsak, bizda duradgorlikka qobiliyat bor. O'qimaydigan o'quvchini, o'qiydiganga aylantira olsak, o'qituvchilikka qobiliyat bor. Bir to'da masalliqni shirin ovqatga aylantira olsak, oshpazlikka qobiliyat bor. Turli joyda yurganlarni bir ish uchun birlashtira olsak, boshqarishga qobiliyyat bor.

Ota-bobolarimiz shifokor o'tgan bo'lsa – bu imkoniyat. O'zimizni sinab ko'ra olamiz degani. Otamizda tadbirkorlik o'xshagani, bizda ham o'xshash ehtimoli baland degani. Tog'amiz mahoratli quruvchi bo'lsa, nafaqat tug'ma qobiliyatimiz bo'lishi mumkin, balki shu qobiliyatni chiqarishga tog'amiz yordam ham berishi mumkin. Iqtidor, avvalo, yon atrofimizdan qidiriladi. Ajdodlarimizdan qidiriladi.

Bir necha davlatlarning asosiy ekport mahsulotlariga qarang:
Screenshot 2025-04-14 at 12.10.39.png


Aksar davlatlar o'z yerlarida bor bo'lgan narsani eksport qiladilar. O'zbekiston uchun oltin. Elektronika eksport qiluvchi Xitoy ham shu elektronikani yasash uchun ikkita asosiy resursidan foydalanadi: Metallarning barcha turlari + arzon ishchi kuchi.

Davlat resurs o'zidan ortib qolsa, keyin eksport qiladi. Shu orqali yaxshigina daromad qiladi. Iqtidor bilan ham shunday. Bizga yaqin narsa orqali daromad qilishimiz oson bo'ladi.

Qiziquvchan bo'lsak, ilm olishimiz oson kechadi. Chaqqon bo'lsak, tajribani tez orttiramiz. Uddaburon bo'lsak, zo'r kelishuvlar qila olamiz. Hissiyotlarimiz kuchli bo'lsa, ijodimiz ta'sirli bo'ladi. O'zimizni yaxshi bilsak, atrofimizni yaxshi bilsak, iqtidorimizni topish ko'p vaqt olmaydi.

Shunda ham topa olmaganlar, sinov va xato orqali qidirib ko'rsalar bo'ladi. Bir ishga o'n yilimizni bag'ishlash uchun, bir-ikki yil izlanish zarar qilmaydi. Qaytanga shu usulda boshlansa, ikkilanishlar kam bo'ladi. Olti soat o'qiydigan kitobimizni, yarim soat tanlasak, nimasi yomon?

Qisqa tushuntirsak: Resursdor bo'lish – vaqt va quvvat borida, bilim va tajriba yig'ib olish. Axloqimizni yaxshilab olish. Tashqi resurlardan ham o'zimizga mosini to'plab olish deganidir.
Xizmat haqida.

To'plashdan maqsad, to'plash emas. Shu resurslarimiz bilan xizmat qilish. Nefti ko'p davlat neft eksport qilganidek, biz ham ko'p bo'lgan resursimizni eksport qilishimiz. Bo'lishishni boshlashimiz.

Mahallamizda masjid qurilyapti. Auditoriyasi borlar reklama qilib berdi. Puli borlar tashlab ketishyapti. Vaqti borlar, borib mehnat qilishyapti. Amaldagi insonlar ruxsatlarini olib berishdi. Shunday ishlarni qilish kerakligini ilmi borlar tushuntirib ketishgan edi. Komil axloqlilar qilib ko'rsatishgan edi...
Natijada masjid ancha qad rostlab qoldi. Mahallamizdagi maktab ham shunday bo'ldi. Biz bilgan, bilmagan yana shunday minglab ishlar bor. Hammasida jarayon shunday kechadi.

Xizmat qilishni kimdan boshlaymiz? Hali talabalikdan ozod bo'lmaganlar, butun xalqqa xizmat qilmoqchi bo'ladi. Yaxshi g'oya. Shoshmang. Avval resursdor bo'ling. O'shanda siz uchun kichik ishlar, boshqalarga katta foyda olib keladi. Xalqqa o'tishdan oldin, o'zingiz va atrofingizdan boshlang. Xalqning g'amini chekadiganlar topiladi. Biz esa avvalo o'zimiz va oilamizga mas'ulimz.

Diagramma ko'rinishida xizmat mana bunday ko'rinishi mumkin edi:
Screenshot 2025-04-14 at 12.37.16.png

Resurlarimiz ko'payib borgani sari, xizmatimiz ko'lami ham ortib borishi mantiqiy bo'ladi. Keyingi katakkka o'tib ketaveramiz.

O'zimizdan keyingi katakka o'tib olish, eng qiyini bo'lsa kerak. Chunki biz ehtiyoj va xohishlarni oson adashtirib qo'yamiz. Xizmat ham shu aslida. O'z xohishlarimizdan boshqalar ehtiyojini ustun qo'yishimiz. Yangi smartfon olmasdan, qo'shnimiz ro'zg'orini ko'tarib berishimiz. O'z ehtiyojimizdan boshqalar ehtiyojini ustun qo'yish-chi? So'rab qoladi o'quvchimiz. Bunisi endi muhabbat bo'lsa kerak.

Endi shu joyidan maqsadlarning muddatiga qaytsak. Uzoq muddatli maqsadni miyamizda ushlab turish, kunlik ishlarimizga ma'no beradi. Nega qilayotganini bilgan odam, qanday qilish yo'lini oson topadi.

Kunlik ishlarimizni nazorat qilish oson bo'ladi. G'ishtlarni har safar chiroyli qilib qo'ysak, yil oxiriga uyimiz o'zi tayyor bo'ladi. Muallif haftada ikki kun insho yozishi reja qilgandi. Dushanba/payshanba kuni uning asosiy ishi – foydali insho yozish bo'ladi. Mana to'rt oy bo'ldi. Bitta kitobga yetadigan xomashyo yig'ilibdi.

Agar kitobga yetadigan xomashyo yig'ish maqsad bo'lganida, unga kamida bir yil ajratilar edi. Parkinson qonuni bo'yicha bilamiz. Ishning 80 foiz qismi oxirgi muddatga borib qilinar edi.
O'rta muddat haqida.

Muallif yil oxiriga ozaman deb va'da berganlarni ko'p ko'rdi. Oy o'tdi, ular ozishmadi. Yil o'tdi. Vazn o'zgarmadi. Shu vaqtning o'zida har kuni yuguraman deganlar bor edi. Nafaqat ozib ketishdi. Kechagi marafonda 42 kilometr yugurib kelishdi. Kunimizni nazoratga olishimiz, oyimizni ham nazorat ostiga qo'yadi.

6-12 oylik maqsadlarning nimasi yomon? Ularni na kunlik nazorat qilib bo'ladi, na butun umrlik yoqilg'i bo'ladi. Shu tufayli bu muddatga rejalar qo'ygan yaxshiroq. Reja – maqsadga borish usuli. Yaxshiroq usul chiqsa, almashtirib ketaveramiz.

"Ota - onamizni xursand qilamiz" deb, yil oxiriga telefon olmoqchi edik. Oyligi kamroq, kuchli joydan ish chiqib qoldi. Balki kelajagi bor joyda ishlash, ota-onamizni ko'proq xursand qilar? Bir parcha temir, yillar o'tib eskiradi baribir. Telefon olish maqsad bo'la olmaydi. Nari borsa, rejaga yaraydi xolos. Xursand qilish esa, xizmatning bir qismi bo'ladi.

Yana bir kuzatuvim, oliy maqsadi borlar, uni yillarga bo'lib chiqa olishadi. Yillik maqsadi borlarning hammasi ham nega yashayotganini bilmaydi.
Xulosa.

Faqat o'ziga xizmat qilishdan depressiv ish bo'lmasa kerak. Nafsini qondirish ortidan yugurgan Epshteyn va Diddy mijozlari, Balzerian, Klintonlar oilasi, va Qirol Gedonning tarixini yozib o'tirmaymiz. Ular alohida insho uchun mavzu. Bugungisi tobiga yetib keldi.

Xizmat qilish uchun resurslarimiz bo'lishi kerak. Buning uchun uni yig'a boshlashimiz kerak. Qaysi biridir bizga oson yig'ilayotgan bo'ladi. Bu taqdirning ishorasi. O'sha tomonga bor e'tiborimizni qaratish aqlli ish bo'ladi.

"Tarqatish uchun yig'ar ekanmiz-da?", savol paydo bo'ladi. Ha. Resurslarni yig'ish va tarqatish ham aslida maqsad emas. Shunchaki, o'tayotgan tok simning sifatini ko'rsatib berganidek, qo'limizdagi bilan qilgan muomalamiz, kimligimizni ko'rsatib beradi.
O'rganishni tezlashtiramiz

17.04.25

O'rganish haqida insho so'rashdi. Bir necha joyda qisman gaplashib ketdik. Hammasini bitta qilish payti keldi chamamda.

O'rganish o'zgarish degani.

Yapon restoraniga kirganda, sushini sanchqi (vilka)da yer edik. Vaqt o'tib cho'p ishlatishni boshladik. Sushini yeyish usulimiz o'zgardi. Hayotiy ko'nikma o'rgandik.

Kerakli ma'lumotlarimiz telegram chatlarimizda yotar edi. Hammasini jadvalga yig'ib, hisobot qila boshladik. Ishimiz ko'rina boshladi. Natijamiz o'zgardi. Professional ko'nikma o'rgandik.

Rahbarlarimiz qarorini tushunmasdik. Har yangi qarordan asabimiz buzilardi. Xohishlarimiz eshitilmasa, xafa bo'lardik. Rahbar bo'lish haqida o'qib o'rgandik. Qaror qabul qilish murosa (trade-off, compromise)dan iborat ekanligini ko'rdik. Hammani rozi qilishning iloji yo'qligini tushundik. Fikrlashimiz o'zgardi. Yangi dunyoqarash o'rgandik.

Kutganimiz bo'lmasa, asabiylashar edik. Navbatda turish yoqmas edi. Birovning aybini ko'rsak siqilar edik. Nega shunday bo'layotganini taftish qildik. Ko'p narsa o'zimizda ekan. Hissiyotlarni boshqarish kerakligini tushundik. Jahlimizni bosishni, sabrli bo'lishni o'rgandik. Axloqimiz o'zgardi.

Xotiramizda ma'lumotlar turishi o'rganish emas. Bilish. O'rganishning urug'i. U o'sib chiqishi uchun harakatlarimiz/dunyoqarashimiz o'zgarishi kerak.

O'rganishni soddalashtirgan holda mana bunday ko'rsatish mumkindir balki:
Screenshot 2025-04-17 at 12.25.48.png

Rostdan ham o'zgarishni boshlashimiz uchun, bizga uchta masalliq kerak bo'ladi.

Mana shu jadvalga ishonadigan bo'lsak, o'rganishimizni tezlashtirish uchun bir necha ishlar qilishimiz mumkin bo'ladi: Hozirgi holatimiz bilan yaxshilab tanishish + yangi nazariyalarni xotirada ushlash + holatimizni nazariya bo'yicha o'zgartirish uchun kuch topish.
Hozirgi holatimiz
Takror o'qish

Ilm takrorda hosil bo'ladi. Oldinlari ko'proq o'qishga harakat qilar edim. Hajm muhimroq edi. Ha, bir marta o'qishning ham foydalari bor. Ikki marta o'qish ikki barobar emas, besh-olti barobar foydalidek tuyuldi.

Silkroad nomlik mashhur givohvand moddalar onlayn do'koni bor edi.
Amerikaning eng kuchli agentligi FBI (Federal Qidiruv Byurosi) yillar davomida izlanib, uning egalarini topa olmayotgan edi. Soliq qo'mitasida ishlaydigan Garf Alford oddiy Google qidiruv bilan, butun boshli agentlik qila olmagan ishni qilgandi. Komyuteridan turib jinoyatchilarni topdi. Asosiy sababi?

U har bitta matnni uch martadan o'qir edi. "Shunday qilsam esimda yaxshiroq qoladi" der edi. Rostdan ham yaxshiroq eslab qolardi.

Nega bunday bo'lishi haqida bitta yovvoyi taxminim bor, do'stlar. O'rtacha kitobda 50 000 ta so'z bo'ladi. Har birimiz ikki kunda bitta kitob o'qiymiz. Faqat u turli ko'rinishda bo'ladi. Ko'chadagi bannerlar. Telegramdagi xabarlar. Yangiliklar. Mahsulotlar qadog'i. Kun davomidagi o'qigan so'zlarimizni qo'shib chiqsak, bemalol 25 mingtadan oshadi. Eshitganlarimizni ham qo'shsak, butun kitob bo'lsa kerak. Muallif audiokitoblarni kitob hisoblamagani uchun, ularni qo'shib o'tirmaymiz.

Birinchi marta kirayotgan narsa shu darajada ko'p bo'lgani uchun, birinchi marta o'qiganimiz shunchaki esdan chiqib ham ketsa kerak. Birinchi o'qishning vazifasi, ikkinchi o'qishga arzish-arzimasligini topish. Qiziq qoida. Suhbatdosh tanlashda ham ishlatsa bo'lar, balki?

Muallif ham yangi narsa o'qiganidan ko'ra, o'qigan narsasini takror qilishdan ko'proq foyda oladi. Shu sabab takror uchun dastur ham o'rnatib olgan. Hozir kirib chiqdim. Takror qilishning uzilmay kelayotganiga ming kundan oshibdi. Orada uzilishlar bo'lgan, albatta. Shunchaki, Readwise dasturi kechirishni biladi)
Screenshot 2025-04-17 at 15.46.39.png

Takrordan maqsad nazariya yodimizda turishi bo'ladi. Ovqatdan oldin qo'l yuvishimiz uchun, ovqat oldidan yuvishning zarurligi hayolimizdan o'tishi kerak bo'ladi. Esimizda turishi, amal qilishimizga kafolat bermaydi. Esimizda yo'qligi, amal qilmasligimizga kafolat beradi.