Repetitsion test tizimi 📚
1.89K subscribers
903 photos
133 videos
363 files
393 links
📋 Aql tarozusida ko'rilmagan har qanday bilim asossizdir! (Ibn Sino)

- Barcha fanlardan
- 2 tilda (o'zbek va rus)
- Yo'nalishingizga mos DTM variantlar

• Reg: @RT_TEST_ROBOT
• Aloqa: @RT_TAKLIF_ROBOT

• Reklama: @oliygoh_admin
Download Telegram
Hasad haqida gaplashgandik. Topgan pullarini yeb ichishga sarflab bankrot bo'lganlarni topish qiyin. Kasod bo'lganlar aksari o'zib ketish uchun harakat qilganlaridan bo'ladi. Baffet juda hayotiy kuzatuvni aytgandi: qo'shning o'ta boyib ketayotganini ko'rishdan alamliroq ish bo'lmasa kerak. Qo'shnisini lol qoldirish uchun qanchadan qancha pullar sarflandi eh-he.

Yomon ko'rish. Dushmanchilik. Qasos. Istalgan ikkita mashhurning onlayn janglari yaxshi misol bo'ladi. Bir-biridan qasos olaman deb obro'yini to'kib tashlaydi. Bilmaydiki, o'sha vaqtda o'ziniki ham ketayotgan bo'ladi. Yoshlikda kimdir xafa qilgandir. Mensimagandir. Sovchingizga yo'q degandur. Bitta-bitta qasos olish shart emas. Yaxshi yashash eng katta qasos bo'ladi.

Suyanib bo'lmaslik yomon. Bir stulga o'tirib bo'lmasa, uni yo'q deb tasavvur qilsa ham bo'ladi. Suyanib bo'lmaydigan odam ham shunday. Borligi nima. Yo'qligi nima. Aytilgan ishni qilmaslik. Topshiriqlarni unutish. Telefon ko'tarmay yo'q bo'lib qolish. Kim bunday odam bilan ishlaydi?

Suyansa bo'ladigan odamlar kam bo'ladi. Undaylarni ko'rgan rahbar hecham qo'yib yubormaydi. Biz ham maktabimiz suyansa bo'ladigan joy bo'lsin deymiz. Oylik kech qolishi eng katta fojea biz uchun.

Suyansa bo'lish hamma ishni bitirish degani emas. Odam robot emas. Qila olmaydigan ishlarimiz ham to'lib yotibdi. Suyansa bo'lish – rost gapirish degani. Qila olmaydiganini darrov aytish degani. G'iybat qilmaslik degani. Gapi bo'lsa o'ziga yetkazish degani. So'zi-yu dili bir degani.

O'rganmaslik. O'rganish bu o'zgarish. Xatolarimizni toparkanmiz, o'zgarishga majbur bo'lamiz. "Meni borimcha qabul qilishsin" – bunday deyayotgan odamlarga yaxshilab qarang. Ko'pincha hayotda yutqazgan odamlar bo'ladi.

Odamlar aksari o'rganishga rozi. Ma'lum nuqtagacha. Oyoqqa turib olgach, ego kattalashib ketadi. "Men hammasini bilaman" deydi. To'q qorin ovqatlanmaganidek, bilaman ham o'rganishning eng katta dushmani bo'ladi. Oldin aytgan bo'lsam ham eslataman. Shu sabab balki Stiv Jobsning eng katta maslahati – "Stay foolish" edi. O'zgarmagan o'zgarganlarga yutqazib ketaveradi.

O'ziga achinish. Odam qachon o'ziga achinadi? Boshqalarni aybdor deb bilganida. Yoshlikdagi travma dermidi? Hozir bu avjiga chiqqan. Pulingizni olib, hamma narsaga ota-onangizni aybdor qilib beradigan psixologlar ham bor. Ayblashda bitta muammo bor. Ayb kimda bo'lsa, qaror ham o'shanda bo'ladi. Kaltak yeganida urganni ayblagan, yana yeyishi mumkin. O'zini ayblagan, sport bilan shug'ullanishni boshlashi mumkin.

Inversiya. Nima qilish haqida maslahat olib, nimadan qochish haqida maslahatlar olmaslik. Kimga uylanish haqida maslahat olib, kimga uylanmaslik haqida so'ramaslik. Qaysi ishlarni qilish haqida so'rab, qaysi ishlarni qilmaslik haqida so'ramaslik.

Mubashshir Ahmad bitta efirlarida aytgandilar. Otalari Ahmad Muhammad Tursun ro'yxat qilib, 10 ta vatan xoinining ismini yozib ketgan ekanlar. Xoinlar ro'yxatini bilish, aynan kim bilan ishlamaslikni bilish degani.

Pul bilan ham shunday bo'lsa kerak. Boylik so'ragandan, kambag'allikdan panoh so'ragan afzal. Mashhurlik so'ragandan, sharmandalikdan panoh so'ragan afzal.

Sezgan bo'lsangiz, bugungi inshomiz aynan shunga bag'ishlangan.
pic51.png

Hammamiz taniydigan Franklindan ham: Ayollar, ichkilik, qimor. Uzoqroq yur. Muvaffaqiyatga chiqqanlarni aynan shular yiqitadi. O'zimizda ham shunday gap bormidi?: Sizlarga ayollardan kattaroq fitna qoldirmadim.

Bu qismi yigitlarga ko'proq tegishli bo'lsa kerak. Oyoqqa tura boshlagan erkakda yangi sinov paydo bo'ladi. Ayollar. Uning endi vaqti ko'rpoq. Puli ko'proq. Oson e'tiborga tushadi. Ko'z oldimda nechta oila nikohdan tashqari munosabat sabab barbod bo'ldi. Yengiltak ayollar ortidan yugurish, kompaniyalariga ham zarar olib kela boshladi. O'n yillarda terishdi. 2-3 yilda boy berishdi.

Ba'zilar soddalik qilib, yengiltak bo'lsa ham, uylanib olsam tarbiya qilib olaman deb o'ylaydi. Bir mashhur qori aka shunday qilgandi ham. Qarindoshimiz unga quda bo'lgani uchun bilaman. Yigirma yil o'tdiki, tarbiya samara bermadi.
Qimordan faqat qimor o'ynatuvchi yutadi. Uzoq muddatda pul ishlash mumkin bo'lganida bu biznesni boshlab o'tirishmasdi. To'g'ridan to'g'ri qimorga hamma ham bormasa kerak. Hozirgi qimorlarning ko'pi shu sabab boshqa narsa ortiga yashirinadi. (CS GO, kunlik treyding)

Ayollar sinovi, ichmaslik, giyohvandlikdan uzoqroq yurish, suyana oladigan bo'lish, doimo o'rganish, qamalmaslik, o'ziga achinmaslik – bo'ldimi? Shuni o'zimi? "Oddiy-ku" deysiz. Ha oddiy. Shuning uchun ham qulog'imizdan o'tkazib yuboramiz. Mensimaymiz.

Ilon Mask ham Marsga raketa uchirishdan avval qo'nishni o'rganib oldi. Marsga borib yonib ketadigan raketadan nima foyda? Har safar yangi yasash kerak bo'ladi. Kasbda muvaffaqiyatli bo'lib, yonib ketgandan nima foyda? Qo'nishni o'rganib olaylik, uchish xavfli bo'lmaydi.

Chang'i uchishda – avval yiqilishni, ot minishda – otni to'xtatishni, velosiped minishda balans ushlash o'rganiladi avval. Shularni o'rganib olsa, tezlik olish xavfli bo'lmay qoladi. Karyeramizda zo'r bo'ldik degani, yutuqlarimizni boy bermaymiz degani emas. Shu sababdan ham avval yiqilishdan qochish haqida gaplashdik, do'stlar.
Kasb tanlash haqida


Bugun kasb tanlash haqida gaplashamiz, do'stlar.

Bir necha yil oldin yoshlik qilib bir-ikki odamga kasb tanlashda maslahat bergandim. Guldek ishini tashlab, vaqt yo'qotdi orada. Shu sababli kasb tanlash haqida inshomiz maslahat ko'rinishida bo'lmaydi. O'zim qanday tanlaganim haqida gaplashamiz. Kuzatuvlarim bilan bo'lishaman. O'qiganlar maslahatni o'zlari chiqara olishadi deb o'ylayman.

Nima ish qilish haqida o'ylar maktab paytidayoq boshlangan. Ota-onam shifokorligi uchun, so'raganlarga shifokor deb javob berib qo'yaverardim. O'zim hali bilmasdim. Kompyuterlar endi tarqalayotgan payt edi. Qo'shnilarniki tuzatib berardim. Odamlarning uyiga borib tuzatganim uchun pul olardim. Qiziqish va qobiliyat bor edi.

Onam buni sezdilar. "Westminister yoki TATUga topshirasanmi, bolam? Shifokor bo'lishing shart emas" dedilar. Shifokorlik diplomi xalaqit bermasligini aytdim. AyTi mutaxassislardan o'sha payti ham hech kim diplom so'ramas edi. Mantig'im shunday edi: Shifokorlarga ish tayin. Shifokor bo'lishning diplomsiz iloji yo'q. Qiziqsam, ishlab ketaman. Boshqa qiziqadigan sohalarimda esa diplom shart emas. Marketolog, menejer, dasturchidan jamiyat diplom so'ramaydi.

Maktabimizda ham bitiruvchi sinflarga shuni aytib beraman. Yo'nalishi aniqlar qayerga topshirishini biladi. Ikkilanayotganlarga beshta sohani aytaman: Muhandislik, Shifokorlik, Science (Kimyo, matematika, fizika, computer, tilshunoslik), Huquq, Moliya. "Shundan boshqasiga topshirib umringizni ketkazib o'tirmanglar" deyman. Nega bu sohalar?

Zamon tez almashyapti. Ko'p sohalarda bilimlar eskiryapti. To'rt yil o'qir ekansiz, eskirib qolmaydigan fundament(poydevor)ga muhtoj bo'lasiz. Yuqoridagi sohalar sizga fikrlashni o'rgatadi. O'z modellarini beradi. Muhandislar qurishni, aniq fanlarni o'rganadi. Shifokorlar odam tanasini o'rganadi. Tabiiy fan atrofni o'rganadi. Huquq inson munosabatlarini o'rganadi. Moliya hisob-kitobni o'rganadi. Nima ish qilgan holatda ham o'rganilgan bilimlar foydasiz bo'lmaydi. Chunki nima ish qilsak ham yo odam tanasi, yo odamlarning o'zi, atrof-muhit, nimadir qurish, yoki moliyalashtirish bilan bog'liq bo'ladi.

Keling, eng muvaffaqiyatli tadbirkorlarning fakultetlarini ko'rib chiqamiz. Grokdan ro'yxat qilib berishini so'radim.
pic52.png

Aksari yuqoridagi soha egalari. Biznes, turizm, menejment, marketing sohalarini deyarli ko'rmaysiz. Borlari ham ota-bobolari boy insonlar. Yurtimizdagi eng zo'r uchta universitetda ishlab hozir boshqasida rektor bo'lgan do'stimiz bilan gaplashib qoldim. Hozirgina sanagan sohalarimizda fakultetlar ochgan. "Sababini so'radim. Qattiq o'qigisi kelmay, diplom olmoqchi bo'lgan talabalar shu fakultetlarni tanlaydi. Universitet shu bolalardan pul topadi" deb javob berdilar.

Nassim Taleb ham bekorga aytmaydi: "Universitet fakultetidan ko'ra, universitet nomi ulug' bo'lgan sohalardan uzoq yurish kerak. Yaxshi universitetda muhandislik o'qigan talaba biror narsani o'rganishi mumkin. Garvardda biznes boshqaruvi o'qigan esa, hech nima o'qimabdi. Chunki diplomidan Garvard so'zini olib tashlasa qiymati ketib qoladi.

Xulosa shuki, diplomsiz yaqinlashib bo'lmaydigan sohalar bor. Sohada kitob o'qiganimiz uchun hech kim bizni ko'prik qurishga yaqinlashtirmaydi. YouTube da 100 ta operatsiya ko'rganimiz bilan qo'limizga skalpel tutmaydi. Ilmiy ish bilan shug'ullanishda ham, salohiyatimiz borligini, blogimiz emas, diplomimiz ko'rsatadi. Sudda qatnashish uchun qonunni yaxshi bilishimiz yetmaydi. Yaxshi bilishimizni isbotlovchi diplom ham kerak bo'ladi. Yaxshilab qarasak, odamlar hayoti yoki taqdiri hal bo'ladigan joylarga jamiyat diplomsiz yaqinlashtirmaydi. To'g'ri qiladi ham.

Fundamental sohada o'qiganlar, keyinchalik xohlagan ishlarini qilib keta oladilar.
2
Sohada o'qib yurganimda O'zbekistonda shifokorlar qiynalishini ko'rdim. Oyoqqa turib olguncha o'n yillar ketishini his qildim. Bek Olimjon bilan suhbatimizda gaplashganimizdek, Germaniyaga ketishni reja qildim. Ingliz tili, keyin nemis tilini o'rgandim. Sinov va xato inshomizda gaplashganimizdek orada boshqa ishlarda ham o'zimni sinab ko'rdim. Sotuvchilik, kichik biznes, o'qituvchilik qilib ko'rdim.

O'qituvchilik yoqib qoldi. Oson pullar kimga yoqmaydi? :) "Bitirgunimcha davom ettirib turaman" dedim. Orada prezident almashib, O'zbekiston rivojlanishi tezlashib keta boshladi. Shunda ta'lim sohasi tezroq o'sishini taxmin qildim shekilli, shu sohada qolishga qaror qildim. Buning ustiga shifokorlikdagi vaziyatlar yoqmayotgan edi. Dars berishga qiziqish va qobilyatim ham borligini sezib qoldim. O'sha payti bir narsani tushundim. Bir ishni zo'r qilsangiz qiziqish o'zi kelar ekan. Odamlar maqtab tursa. Foydangiz tegsa. Yaxshi pul topsangiz. Istalgan sohani yaxshi ko'rib qolasiz. Keyinchalik xuddi shu fikrni Barbara oakleyda ham o'qib qoldim.

Bir ishni nega zo'r qilish mumkin? Hammada sabab har xil bo'lishi mumkin. Menda ikkita sabab bor edi. Zo'r qilishga majbur edim. Ko'proq pul topishim kerak edi. Esingizdami? Amal qilishni boshlash uchun majbur bo'lish haqida gaplashgandik? Yana bittasi, zo'r dars bersam mazza qilar edim.

O'sayotgan sohada o'sish oson bo'ladi. Doim kadr yetishmagani uchun yoshlar tez ko'tariladi. Tez o'rganadi. Hozir AyTi, Sun'iy intellekt, Muhandislik, Marketing, Ta'lim sohalari tez o'syapti chamamda.

Qomusiylikka qiziqishim tutib ketib, ishxonada boshqa ishlarga ham aralashib yurar edim. Muammolarni yechish yoqar edi. Shu sabab bo'ldi shekilli, ketishimga qo'yishmadi. Avval boshqaruvchi, keyinchalik esa ulushdor qilib olib qolishdi. O'quv markazlarlarni kengaytirdik. Maktablar ochdik. Ularni to'ldirdik. Pul ko'payib ketgach, taqsimlashda kelisha olmay qoldik. Tarqaldik.

Shu yetti yil ichida ko'p narsalarni tushundim. Buyog'iga korxonada pozitsiyalar bo'lmaydi. Muammo yechuvchilar bo'ladi. Naqadar katta muammoni yechsa, muhimligi o'sha darajada bo'ladi. Boshqaruvdaligim paytida turli muammolarni yechishga to'g'ri keldi. O'quvchi yetmasa – marketing, pul yetmasa – moliyalashtirish, salohiyat yetmasa – trening, resurs yetmasa – hamkorlik orqali muammolarni yechib ketaverdik.

Yangi muammolar kelaverganida, kitob o'qib, yechim qidirar edim. Shunda tushundimki, sohadagi uchta asos kitobni o'qisangiz, katta xatolardan qochib qolasiz. Boshqalar bilan suhbatda sezib qolardim, odamlar qilayotgan ishida bitta ham kitob o'qimas edi.

Mustaqil bizneslar ham boshlab ko'rganman. Orqada katta pul turmasa aksar bizneslarni yo'qdan boshlamagan ma'qul ekan. 90% bizneslar 3 yilga bormasligini o'qigandim. Yopilib ketishi mayli. Ba'zida bu bizneslar egasini qarzdor ham qilib qo'yadi.

Maktablarimiz o'sishiga qiziqib qolgan bir tengdoshim esimda. Kredit oldi. Ota-onasi bilan yashab turgan uyini sotdi. Maktab ochdi. Maktabi yurmadi. Chamamda hozirgacha qiynalib yuribdi.

Shundan xulosa qildim-ki, biznes boshlashda eng xavfsiz yo'l mutaxassislikdan chiqib borish. Oshpaz – oshxona, o'qituvchi – maktab, marketolog – agentlik, usta – qurilish firmasi, muhandis – fabrika, dizayner – studiya ochishi. Biznes oyoqqa turib olgunicha asosiy ishni o'zi qilib tura oladi. Nozik muammolarni tushunadi. Boshqaruv, sotuv, marketing, hisob-kitobni esa yo'l-yo'lakay o'rganib ketsa bo'ladi. Tashqaridan yordam olib tursa bo'ladi. Biznes adabiyotlar orasida buni ta'riflagan kitob ham bor. Gerber metodi deyiladi. 40 yildan beri qo'llab kelinadi.

Mutaxassislikning cho'qqisiga chiqqan odam uyog'iga o'sishi uchun risk olishi kerak bo'larkan. Men cho'qqiga chiqmasdan risklar oldim deb o'ylayman. Hali eng zo'r maktab bo'lmasdan turib, videolarga chiqib yurardim. Buning foydasi bo'lgan albatta. Nomim riskka qo'yilganini esa, zarari bo'lgan. Men ketgan bo'lsam ham, eski loyihani men bilan bog'laganlar hali ham bor. Hozirgacha oldimga shikoyat bilan kelib turishadi.
1
Hozirgi maktabimizda ham nomimiz riskka qo'yilgan. Biror bolaning natijasiz chiqishi, yiqilib tushishini, shaxsan men bilan bog'lashadi. Bu to'g'ri. Chunki ertaga ishlar yaxshi bo'lib ketsa, maqtovni ham menga aytishadi. 99% ishni jamoa qiladi. Biznes egasi 1% ish qiladi, asosiy vazifasi – javobgarlik bo'ladi. Xalq oldida, Haq oldida, qonun oldida, ulushdorlar oldida. Mana shu risk olish deyiladi.

Soddalashtiradigan bo'lsak mutaxasislik + risk bizga biznesni beradi.

O'sayotgan tashkilotimiz ichida turli ishlarni qilib ko'rdim. Hisob-kitob. Buxgalteriya. Sotish. Treninglar. Muzokaralar. Tizimlashtirish. Har xil ishlarni qila turib, ba'zi ishlarni yomon ko'rishimni sezib qoldim. Odam yaxshi ko'rgan ishini bittada bilmas ekan. Yomon ko'rganini esa darrov sezar ekan. Qilayotgan ishimizni yomon ko'rmayotgan bo'lsak, katta ehtimol yaxshi ko'ramiz. Chunki baxt borligida bilinmaydi. Ketganida seziladi. Yana bir sezgan narsam, eng yaxshi ko'rgan ishlarimizda ham, yoqmaydigan joylari bo'ladi. Jeff Bezos ham shuni tasdiqlaydi.

Hozir mana shu qatorlarni yozarkanman, o'ylab qoldim. Agar bloger bo'lib pul topmoqchi bo'lganimda, uzoq vaqt och qolib ketar ekanman. Yozuvchi bo'lganimda ham. 2017 - yil yozishni boshlagan bo'lsam, bu ko'nikma shu yilga kelib menga to'g'ridan to'g'ri daromad olib kela boshladi. Blogning o'zi hali esa hali ham daromadga kirmagan. Loyihamizga kadr topishga yordam berib turadi.

Konservatoriya bitiruvchilarini boshqa ishlar qilib yurganini ko'rasiz. Yozuvchilar ko'pi tahrirchi yoki tarjimon sifatida kun ko'radi. Iqtidorli rassomlar Amir Temur xiyobonida 10$ ga rasmingizni chizib beraman deb turadi. Ijodda bir necha ijodkor o'ta mashhur bo'ladi. Hamma uni kuzatadi. 99% qismi yetarli daromad qilmaydi.

O'zbekistonning o'zida 100 mingdan oshiq telegram blog bor. Bitta odam nechtasini kuzata oladi? Bular ichida muvaffaqiyatga chiqqani mingta bo'lsa ham, 1% degani. Balki shu sababdan karyeramni ijod ustiga qurmagandirman. Ijod asosiy ishdan tashqari. Serendipityni oshirish uchun. Ya'ni omadni oshirish uchun vosita. Kelsa xursandmiz. Kelmasa, ishimizda davom etamiz.

Ijodga yondashuvda ingliz tili o'qituvchisi Muxtasarning yondashuvi menga yoqdi. Kunduzi ishlaydi. Ishdan keyin blogini quradi. Nassim Taleb buni shtanga usuli deb atagandi. Hormozi ham yillab podkast yurgizib, to'rt yildan keyin o'xshashni boshlaganini yozgandi.

"Startaplar haqida nima deysiz?" Savol kelishi mumkin quvvatga to'la o'quvchilarimizdan. Bilmadim. Startap qilib ko'rmaganman. Kitobda o'qib olib, sizni tanimay turib, maslahat bera olmayman. Biznes konsultant emasman axir). Avval shunday qilganlarim uchun ham uzr so'rayman.

Yuqoridagi kuzatuvlarni qisqartiradigan bo'lsak:

Oliy ta'lim uchun fundamental sohani tanladim.

O'qib yurgan paytimda sinov va xato orqali boshqa sohalarni ham ko'rdim. Aqlliroq bo'lganimda institutgacha ko'rgan bo'lardim.

Ko'rayotgan sohalarimdan (ta'lim) bittasi tez o'sayotganini va menda o'xshayotganini sezdim. O'xshayotgan ish tashlanmaydi-ku, to'g'rimi?

O'sha ishda mutaxassis bo'lishga va Gerber bo'yicha o'z ishimni boshlashga qaror qildim. Ishxonam o'zi shu taklifni berdi. O'n yillik yo'l, besh yilga qisqardi chamamda.

Mutaxassislik (o'zim fikrimcha) yetarli bo'la boshlagach, nomimga risk ola boshladim. Hozir ham davom etib kelmoqda.

Shu ishlar bilan parallel ijodni ham qilib keldim. Mening holatimda bu yozish bo'ldi. Ijodga ketkazgan vaqtim o'zini moliyaviy oqlaydimi yo'qmi, vaqt ko'rsatadi. Shuni aniq bilaman-ki, yaxshi ko'rib qilingan ijod, o'z muxlisini albatta topadi.

Aql egalari kasb tanlash uchun maslahatlarni o'zlari chiqarib oladilar deb umid qilaman.
2
Nazariya va amaliyot o'rtasidagi chuqurlik

Tibbiyot universitetida olti yil o'qiladi, do'stlar. (biz yetti yil o'qiganmiz) Shunga qaramay, amaliyotga qabul qilayotgan shifokorlar orasida bir gapni aytadiganlar topilardi: "Darsxonada o'qiganingiz bir tiyin. Hammasini boshidan boshlaymiz."

Shifokorlik katta nazariy bazaga ega soha. Baribir eng zo'r shifokorlar amaliyotda yetishib chiqadi. Bemor ko'radi. Jarrohlikka kiradi. Ustozi yonida turadi. Kitob titkilashi esa, yuqoridagi ishlarini osonlashtirish uchun qilinadi.

Yogi Berra aytgandi: Nazariy jihatdan, nazariya va amaliyot o'rtasida farq yo'q. Amaliyotda esa bor.

Bugun nazariya va amaliyot o'rtasidagi farq haqida gaplashamiz.

Nazariya to'g'ri yo'lga qarab turgan bolaga o'xshaydi. Bir qarashda yo'l tekis tuyiladi.
pic53.png

Yon tarafdan qaraganda esa chuqurlik ko'rinadi. Amaliyot shunga o'xshaydi.
pic54.png


Yurmaguncha, yurgan odam aytmaguncha nazariya bu chuqurlikni ko'rmaydi. Nazariya hisobga olmagan jarayonlarni nyuanslar (ko'rinmas jihatlar, нюансы) deyishadi. Nomidan juda kichkina narsadek tuyuladi. Shunday sohalar borki, ko'rinmas jihatlari eng muhim joylari bo'ladi.
pic55.png


To'g'ridan (nazariyadan) qaraganda ko'rinmaydi. Oldiga borilganda seziladi. Nyuanslarni hisobga olmaslik ish o'xshamasligiga olib boradi.

Qaysi sohalarda nazariya va amaliyot bir xil bo'ladi? Qaysilarida bir xil bo'lmaydi? Buni bilish qiyin emas. Nazariy jihatdan zo'r bilgani uchun, amaliyotni ham qoyillatganlar bor. Richard Feynman kuchli nazariy fizik edi. Fizikani doskada o'rgatardi. Amaliyotda bomba yasash kerak bo'ldi. Uni ham epladi.

Mana bu binolar arxitekturasiga qarang:
pic56.png


Bu binolarda yashagingiz, o'qigingiz keladi. Loyihalar muallifi Kristofer Aleksandr. Amaliyotchi arxitektor. Bir vaqtning o'zida arxitektorlar uchun eng muhim nazariy qo'llanma yaratgan yozuvchi.

Yaxshilab o'ylasak, aniqlik ustiga qurilgan sohalarda nazariya va amaliyot bir-biridan uzoqqa ketmaydi. Velosiped, BMW motori, kompyuter chiplari butun dunyoda bir xil tuzatiladi. Yana ham aniqlik kiritsak, odamlar ishtiroki minimal bo'lgan, asosan jismlar bilan ishlaydigan sohalarda nazariya, amaliyotni takrorlaydi.

Dasturlashni kitob o'qib o'rgangan bola, amaliyotda ham qiynalmaydi. Turing mukofoti sovrindori (dasturchilar Nobeli) Donald Knut shunday qilgandi ham. Kompyuteri bo'lmagani uchun kodlarni daftarida yozib, debaglab borardi. Kuchli amaliyotchi sifatida, o'zidan dasturchilar uchun zo'r nazariy kitob ham qoldirgan.

Ikkinchi tarafdan,

Intel ex-rahbari Endryu Gryuning menejment kitobini o'qiganimda bir joyiga e'tibor bergandim. Yuzlab boshqaruv kitoblarini o'qiganini, amaliyotda birortasi ishlamaganini yozadi. Xuddi shu voqea buyuk pedagog Anton Makarenko bilan ham bo'lgandi. Ikki yuzdan oshiq pedagogik kitob o'qib, o'quvchilari uchun ishlaydigan metodika topa olmagandi. Nega bu sohalarda nazariya yordam bermadi? Odamlar ishtiroki yuqori. Boshqarish ham, o'qitish ham odamlarsiz bo'lmaydi.

Nazariya va amaliyotni chizmada ifodalasak, quyidagicha bo'lardi:
pic59.png

Odamlar aralashgan sohalarda ishlar nazariyadagidek bo'lmaydi. O'qiganimiz boshqa, hayot boshqa bo'ladi. Doimo nyuanslar kelib chiqadi.

Boshqaruvda ham nazariy o'qigan, amaliyot qilayotgan odam sifatida yuqoridagi grafikni tasdiqlayman. (Bitta gapning ichida ikki marta o'zimni maqtab ketdim. Sezdingizmi?)

Kitobda yozadi: Bo'shatmoqchi bo'lsang, chaqir. Vaziyatni tushuntir. O'zini kamsitma. Haqorat qilma. Yangi ishlarida omadlar tilab, bo'shat. Amaliyotda esa quyidagicha bo'ladi: Yangi ish topishi qiyin, ro'zg'ori shunga bog'liq. Ishdan tashqari ham xizmatlari bor. Choyxonalarga birga borilgan. Xafa bo'ladi. Oldidagi odamning xafaligini hamma ham ko'tara olmaydi. Yoki eng yomoni, bo'shashi kerak odam qarindosh yoki do'stingiz. Bu hollarda kuchli ruhiyat, boshqaruv bilimidan ko'proq foyda olib keladi.
1
Shu mantiqqa qaralsa, eng foydali kitoblar texnik kitoblar. Eng foydasiz esa biznes, psixologiya, siyosat haqidagi kitoblardek ko'rinadi. Aslida sal boshqacharoq. Texnik kitoblardagi ma'lumotlarni olasiz. Qo'llab ketaverasiz. Real hayotda minimal farq bo'ladi.

Matn tahrirlash bo'yicha Ilyahovning texnik "Yoz, qisqartir" kitobini o'qigandim. Usullarni qo'llashni boshladim. Matn sifati oshdi. O'qiganim amaliyot bilan bir xil bo'lib chiqdi.

Endi shuni aksi:

Pul yig'ish haqida pul psixologiyasi kitobini o'qidim. Nima qilish kerakligini bildim. Yo'q deb bo'lmaydigan odamlar, qilinmasa xafa qiladigan xarajatlar, sabrsizligim, yig'ishni qiyinlashtiryapti.

Tibbiyot bir qarashda aniq fanga o'xshaydi. Hujayralar. Dorilar. Jarrohlik. Amaliyotda esa, bemorlar shifokorlarni aldaydi. Borini aytmaydi. Uyaladi. Dorini oxirigacha ichmaydi. Shifokorlarga ishonmaydi. Jarroh esa qo'rqadi. Hayajonlanadi. Odamlar odamlar bilan ishlaganda doimo individuallikka joy qoladi. Ana shu individuallik nyuanslarni keltirib chiqaradi.

Dwarkesh Patelning o'ta aqlli Tyler Koven bilan suhbatida bir joyiga e'tibor berdim. Dvarkesh aytyapti:

Sun'iy intellekt hamma joyni egallab oladi. Iqtisodimiz sanoat davridek tez o'sadi. Biz hammamiz boyib ketamiz. Insoniyat muammolarini birin-ketin yechib ketamiz.

Ancha narsani ko'rib qo'ygan Tyler uni bosyapti.

Ha yaxshi. Sun'iy intellektni albatta foydasi bo'ladi. Sizlar o'ylayotganchalik emas faqat. Haqiqiy hayotga qara. Deylik, universitet tizimiga uni joriy qilmoqchisan. Mayli o'rtacha universitetni olaylik. Dekan, rektorlari bilan gaplashib ko'rganmisan? Bilasanmi, ular qanchalik o'zgarishni xohlashmaydi? Ko'ndirguncha qiynalib ketasan. Bu endi o'rtacha universitet. Yana minglab kuchsizlari bor. Davlat tashkilotlari bor. Katta korporatsiyalar bor.

Soddalashtirgan Tyler odamlarni hisobga olish kerakligini aytyapti. Texnik olamdan chiqayotgan yosh yigitga, nyuanslar borligini tushuntiryapti.

Chizmamizning o'ng tarafidagi sohalarda ishlaydigan, bilimlarini faqat nazariy olganlar bor. Eng xavfli maslahatchilar ana shular, do'stlar. O'z psixologik muammolarini yechmagan, psixologik maslahatlar beradi. Biznes boshlamagan, biznes qilishni o'rgatadi. Farzandi yo'q, farzandi borlarga aql o'rgatadi. Siyosatda ishlamagan, siyosatda fikr beradi. Iqtisodchiman deydi, iqtisodiy qiynalib yuradi.

Blogimda oila yarashtirish bilan shug'ullanadigan psixologlar haqida yozgandim. Aynan o'shalar boshqalarga qaraganda ko'proq ajrashishar ekan. Nega unda ular yarashtirish bilan shug'ullanishadi? Men ularni samimiy deb o'ylayman. Ular kitobdagi narsalarni gapirib berishadi. O'sha narsa ishlashi kerak deb o'ylashadi. "O'zingda nega ishlamadi?" deb so'rasangiz, "Mening holatimni boshqacha, kitobga tushmaydi" deb javob beradi. Amaliyotchi bo'lganida bilardiki, hammaning holati shunaqa – har xil bo'ladi. Shuning uchun **maslahatlar bilimdan emas, vaziyatdan kelib chiqib berilganda foydali bo'ladi

Chet elda yashab, O'zbekistondagi tadbirkorlarga aql o'rgatadigan bir konsultantni ko'rib qoldim. Aralashmagan mavzusi qolmagan bo'lsa ham (risk, farzand tarbiyasi, oliy maqsad, boshqaruv), uni ham samimiy deb o'yladim. Shunchaki o'zi biznes boshqarib ko'rmagani uchun, gaplari hammaga ham tushmasligini bilmayotgandek tuyuldi.

Odamlar bilan ishlashda nyuanslar ko'pligi ham yomon, ham yaxshi yangilik, do'stlar. Yomonligi faqat kitobchalarni o'qib ketib, sohada usta bo'lib keta olmaymiz. O'rnidan turib ishlash kerak bo'ladi. Nyuanslarning o'rni bo'lmaganida marketing professorlari bir vaqtning o'zida eng qimmat marketologlar ham bo'lishardi. Kompaniyalar ulardan maslahat olishga navbat turishardi.

Yaxshi tarafi, ishimizda yaxshigina tajriba orttirgan bo'lsak, faqat nazariyani biladigan yosh yigitcha, sun'iy intellekt bizning o'rnimizni egallashi mushkul bo'ladi.
1
Sun'iy intellekt degan joyiga, o'tgan hafta ChatGPTning eng qimmat DeepResearch modelini ishlatib ko'rdim. O'zbekiston sharoitida xususiy maktab ochishning aniq rejasini so'radim. Ancha o'ylab javob bilan qaytib keldi. Jadvallar qilib berdi. Ishlarni qadam-ma qadam yozib chiqdi. Agar xuddi shu hisobotni galstukdagi bir aqlli amaki gapirganda uni kurs qilib sotib olsa ham bo'lardi balki.

Faqat bitta muammo bor. Reja to'g'ri edi-ku, nyuanslari bor edi. Ularning ko'pligidan rejani foydasiz desa ham bo'lar edi. Ba'zan bolalarimga mashina rasmini chizib beraman.
pic58.png


Mashina-mi? Mashina. Tushunmagan yosh bola uchun bo'laveradi. Haqiqiy mashinani yaxshi tushunadiganlar bilishadi. Bu chizma 99% nyuanslarni hisobga olmagan. Bu qovoq emas, mashina deyiladigan darajada chizilgan xolos.

Sun'iy intellekt bergan reja ham shunga o'xshardi. Qog'ozda zo'r. Amaliyotdagi nyuanslarni umuman hisobga olmagandi.

"Odamlar bilan bog'liq ishlarda kitoblarning foydasi yo'qmi?" Qiziqadi o'quvchimiz. Aslo. Istalgan kitob befoyda ketmaydi. Hayotimiz chet tilidagi filmga o'xshaydi. Tomosha qilar ekanmiz, voqealarni tushunamiz. Nega unday bo'layotganini tushunmaymiz. Suhbatlar chet tilida-ku.

Odamlar (psixologiya, tarix, biznes, badiiy) haqida kitob o'qish, mana shu filmga subtitrlar qo'yish demakdir. Voqealarni to'liq tushuna boshlaysiz. Kitoblar hayotingizni tarjima qilib berib turadi.

Rob Henderson ota-onasiz, yetti yilda o'nta oila almashtirib katta bo'ladi. Har yili aka-ukalari boshqa odamlar. Tasavvur qilish qiyin. Bu muammolarini qanday yechadi? Kitoblar o'qiydi. O'zidek qiynalganlar hayoti. Ichidagi jarayonlarni his qila boshlaydi. Chet tilidagi filmga subtitr qo'ygandek bo'ladi.

Film ko'rib yoki kitob o'qib turganingizda, o'zingizni ko'ra boshlaysiz. Shu payt sizda ham mana shu jarayon ketayotgan bo'ladi.

Subtitrning xususiyati shuki, filmni ko'rmasangiz uning foydasi bo'lmaydi. Shu sababli o'qiganlarimizni qilishimiz, qilayotganlarimiz haqida o'qishimiz hayotimizni tushunarliroq qiladi.

O'qiganlarini qilmayotganlar konsultant bo'lib qolish ehtimollari oshadi. Faqat maslahat berib pul topishga o'tib oladilar. Buning yomon joyi yo'q. Shunchaki maslahatlar nyuanslarni hisobga olmagani uchun, ko'pincha befoyda bo'ladi.
Nyuanslarni hisobga olmay maslahat berishni sun'iy intellekt ham eplaydi. Uning maslahatlari yuz barobar arzon ham bo'ladi.

Qilayotgani haqida o'qimayotganlar, o'zlariga o'xshaganlarni chiqarishlari qiyin bo'lib qoladi va faqat o'z xatolaridan o'rganishga majbur bo'ladilar. Bu kichik masaladek tuyulishi mumkin. Aslida buyuk ish qilayotgan hamma shogird qoldirishni orzu qiladi. Faqat o'z muammolaridan o'rganish ham yomon emas. Shunchaki, inson umri hamma muammo bilan to'qnashishga yetmay qoladi.
2
Hamma narsani biladiganlardan qochish


Charlie Manger bilmaydigan narsasi haqida ishonch bilan gapiradigan odamdan qochaman deydi. Unday odamga ishonib bo'lmaydi, deydi.

Bugun nega ishonib bo'lmasligi haqida gaplashamiz.

Bitta odam hamma narsani bilishi qiyin. Umr yetmaydi. Ham sohasi haqida gapiradi. Ham siyosatni tushunadi. Ham bitta gaplashgan Hind asosida butun Hindiston haqida biladi. Ham to'g'ri yashash sirlarini o'rgatadi. Ham iqtisodimiz o'sishi uchun qilinishi kerak ishlarni aytadi. Ham nima uchun hozirgi ahvoldaligimizni tushuntirib beradi. "Kimgadir tayanyabsizmi?" so'raysiz. "Yo'q, mustaqil fikrim" deydi.

Istalgan mavzudagi savolga javob berib ketadigan odam – hamma narsani bilishi dargumon. U shunchaki bilaman deb o'ylayapti. Bu yaxshi gumonimiz.

Aniq-ki, o'zini aldayapti. O'zini aldagan odam, bizni aldamaydi-mi?

Yomon gumonga boradigan bo'lsak, bilmaydigan narsasini biladigan odam – o'zini aqlliroq, ilmliroq ko'rsatmoqchi.
pic60.png

(Bed of procrustes. NNT page 5)

Haqiqiy ilmli, bilganidan kamroq ko'rsatadi. Konsultant va jurnalist bilganidan ko'proq ko'rsatadi.

O'zini aqlliroq ko'rsatishning nima keragi bor? Aqlli ko'ringani bilan haqiqatda aqlliroq bo'lib qolmaydi-ku. Balki, o'zi haqida "ilmli", "aqlli" degan fikr paydo qilish maqsadi bo'ladi.

Bu fikr nega kerak? Odamlar hurmat qilsin deydi.

Boshqa odamlarning hurmati nega kerak? Yana soxtalik evaziga?

Qachon odam nima qilib bo'lsa ham hurmat olishga intiladi?
pic61.png

Ichki hurmat bo'lmasa, tashqi hurmat zarur bo'lib qoladi.

O'zini hurmat qilmagan odam, qo'shnisi hurmatini istab qoladi. Tayinli narsaga erishmaganlar, erishganlar bilan bog'liqligini e'tirof qiladi.

Bu hurmat soxta-ku. Yoshligimizda Xitoyda chiqarilgan soxta ayfonlar bo'lardi. Bolalar o'shani olishardi. Nega? Haqiqiysiga pullari yetmasdi. Noqulaylikning ahamiyati yo'q. Muhimi, atrofdagilar uni baribir haqiqiy deb o'ylaydi.

Haqiqiy hurmatdan quruq qolganlar, balki shunday soxta tashqi hurmat qidirib qolishadi. Haqiqiy hurmat, ichkaridan kelgan hurmat bo'ladi.
pic62.png

O'z hurmatini qozonish – qozoniladigan hurmatning eng qiyini.

Odam ichkaridan o'zini nega hurmat qilmay qo'yadi? Hurmat nima edi o'zi? Qadrlash emas-mi?

Eng yaxshi joyga o'tkazish. Yaxshi gaplar gapirish. Gapini bo'lmaslik. Fikriga e'tibor qilish. Vaqtini bekorga olmaslik. Kuttirmaslik.

Ruchkamiz tilla rangli bo'lsa berkitib qo'ymaymiz. Printerdan chiqarilgan 100$ lik oyoq ostida ham yotaveradi. Nega ko'rinishidan qadrli bo'lgan narsalarni qadrlamayapmiz?

Aslida qadrli narsa emasligini bilamiz. Tashqarisi va ichkarisi boshqaligini sezib turibmiz.
pic63.png

Ichimizda kimligimizni bilamiz. Yomon ishlari ko'p bo'lgan odam oxiri o'zini hurmat qilmay qo'yadi.

Tashqarisi boshqa, ichkarisi boshqa odamlar shu sabab o'zlarini hurmat qilmay qo'yadi. Ko'ringanidek emasligi, o'ziga bo'lgan hurmatni tushirib yuboradi. To'ldirish uchun tashqi hurmat ketidan quvadi.

Bu quvlash ham kokainga o'xshaydi. Doza olishni boshlasa, kelasi safar yanada ko'proq kerak bo'ladi. Oldin uchta odam hurmat qilishini xohlaganlar, endi o'nta odam hurmatini xohlab qolishadi.

Ijtimoiy tarmoqda buni yaqqol ko'ramiz. Ozgina auditoriya yig'ildi-mi, bas. Gapiruvchi o'zini istalgan mavzuda gapirishga haqliman deb o'ylaydi. Uni eshitishyapti-ku, axir.

Fikrining xatoligini aytishdan foyda yo'q. U fikrini o'zgarita olmaydi. Birorta odamni/narsani yomonlab ko'tarildi-mi? O'sha narsa 180 gradusga o'zgarsa ham, uning fikri o'zgarmaydi. Chunki fikri hurmatiga bog'langan. Hurmatini yo'qitishni kim ham istardi?

Ibn Hazm bahsda yutgandi. Yarim yo'lda asli nohaq ekanligini tushungandi. Hammani oldida tan oldi. Sababini so'rashdi. Haqni topish, yutishdan muhimroq deb javob berdi.

Uning fikri hurmatiga bog'lanmagandi. O'zini hurmat qilgan odam, fikri xato bo'lsa yopishib olmaydi. Hurmat ichkaridan kelgani uchun, tashqaridagi ishlar sabab ketib qolmaydi.

Bir qiziq fakt eshitib qolgandim. Erkak kishining qornida pressi bo'lish ehtimoli, uning millioner bo'lish ehtimolidan kam ekan. Ya'ni press chiqarish, millioner bo'lishdan ham qiyinroq.
2
Menda shunga o'xshagan yana bitta nazariya bor. Intellektual jasoratning bo'lishi, pressning bo'lishidan ham qiyinroq. Fikrlarimiz xato bo'lganini tan olish, intellektual jasorat talab qiladi.

Ichki hurmat qanday quriladi? Odam o'zini qachon qadrli deb biladi? Qachon o'zini hurmat qilishi, boshqalar fikri bilan bog'liq bo'lmay qoladi?
pic65.png

Harakat. Jidd-u jahd. Mehnat. Bor kuchimiz bilan harakat qilish. Shu ishlarni qilish bizga o'z hurmatimizni qaytarib beradi.

Bor kuchimiz bilan harakat qilishdan oldin, borimizni bermayotganimizni anglashimiz kerak.

Buning uchun o'zimizni aldashni to'xtatishimiz kerak.

-Nega ulgurmading?
-Internet sekin ishladi. (O'zini aldayapti. Xohlaganida bu muammoni hal qilar edi)

-Nega ulgurmading?
-Dangasalik qildim. Erindim. (Katta ehtimol, rost gapiryapti. Nega erinayotganini sababini topish qoldi).

Rost gapirish, o'zimizga rost gapirishdan boshlanadi.
pic64.png

Rost gapirib ayblarimizni bila olsak, qolgan xislatlarni ham rivojlantirish oson bo'ladi.

O'zimizni aldashni to'xtatsak, balki boshqalarni ham aldamay qo'yarmiz. Boshqalarni aldamay qo'ygan odam, ishonchli bo'la boshlaydi. Unga hurmat oshadi.

Rasulimizning barcha xislatlaridan oldingisi, rost gapirish xislatlari edi. Birgina yolg'on 40 yillik "amin" taxallusini olib qo'yishi mumkin edi.

Zamonaviy dunyomiz buning teskarisini mukofotlaydi. Bilib-bilmay aqlli gapirganlar, oldinga o'tib ketayotganlarini ko'ramiz. Bunga o'zim guvoh bo'lganman. Bitta shunday odamni o'zimiz ko'targandik ham.

O'shandaylarni yetarlicha tanigan odam sifatida aytaman – ular, yolg'iz qolganlarida o'zlarini bo'sh his qiladilar. Bu bo'shliqni to'ldirish uchun qimmat xaridlar qiladilar. "Men bekor yashamayapman. Ana buyumlarimga qara" demoqchi bo'lishadi go'yo. Hayotlari sifati oshadi-ku, uyqulari sifati tusha boshlaydi. Yengil uxlay olmasak, shuncha erishganimizdan bizga nima foyda bor?

Aqllidek ko'rinish haqida bunchalik aniq gapirishim qayerdan deysiz? "Odamni ichini qayerdan bilasiz?" Savol keladi. Juda yaxshi bilaman. O'tmishdagi o'zimni ta'rifladim. Balki hozir ham shundaydirman.

Rost gapirish qiyin bo'ladi. "Bilmadim" darajamizni tushurgandek tuyuladi. Qisqa muddatda rost gapirib, yutqazishimiz mumkindir. Uzoq muddatda o'z oldimizda hurmatimiz ortadi. Ahmad ibn Hanbal savollarga "bilmadim" deb javob berardilar. Hurmatlari tushib qolmadi.

Biznes boshlamoqchi bo'lar ekansiz, yoningizdan pul ishlatasiz. Hozirgi miqdori kamaygandek bo'ladi. Baribir ichingizdan aniq bilib turasiz. Bir kuni ko'proq bo'lib qaytadi. Rost gapirish bilan ham shunday.

Rost gapirishni mensimaganlar bekor qiladi. Bu erishish eng qiyin narsa. Bunga erisha olganlar, hayotda boshqa narsalarga oson erisha olishadi.

P.S.

O'zi O'zbekiston-Xitoy munosabatlari haqida yozmoqchi edim. Hali ko'p narsa bilmasligimni tushunib qoldim. Yozishga tayyor bo'lgunimcha surib turibman. Ijtimoiy tarmoqda gapirayotganlarni qarasam, men tushungan narsani tushunmay turib ham gapirib yotishibdi. Bu inshoni tugatishga shu ilhom bo'lgandir balki.
1
Turmush qurishdagi kuzatuvlar


Bir guruh talabalar bilan uchrashuvda o'tirgan edim. Qiziq savol berib qolishdi. "Qanday odam bilan turmush qurish kerak?" Javob berishdan qochishga harakat qildim-u, o'ylab qoldim. 20 yoshlik paytlarimda men ham shunday maslahatga muhtoj edim. O'shalardan ba'zilariga amal qilib, yutqazmadim deb o'ylayman. Inshoga mavzu tanlashda shu savol sababchi bo'ldi.

Bugun kimga uylanish yoki kimga turmushga chiqish haqida maslahatlar bo'lmaydi, do'stlar. Zero bu maslahatlarni insho muallifidan emas, hikmatli bobo-buvilarimizdan olgan yaxshi. Bugun turmush qurishdagi kuzatuvlarim haqida gaplashamiz.
Kuzatuv #1. Dunyoqarash.

Ajoyib tabiatimiz bor. O'tirib o'ylab ko'rsak, biror jiddiy masalada qachon fikrimizni o'zgartirganimizni eslay olmaymiz. Qachon oxirgi marta o'ta yomon ko'rib yurgan odamimizni yaxshi ko'rib qoldik? Qachon oxirgi marta kuzatishni umuman istamagan blogerimizni kuzatishni boshladik? Qachon oxirgi marta foydali deb o'ylagan ishimiz befoyda ekanligini tan oldik? Bunaqa hodisalar hayotda kam bo'ladi. Shuning uchun ham balki, Charlie Manger o'z fikrini o'zgartira olishi – o'zining eng kuchli qobiliyati ekanligini aytgandi.

O'zimizning fikrimizni o'zgartirishga qiynalamiz-ku, boshqalar fikrini o'zgartira olamiz deb o'ylaymiz. Mana shu illyuziya (sarob) bilan turmush ham quramiz. "O'zgarib qolar." Yaxshi ko'rgan ovqatimiz, mualliflarimiz, seriallarimiz haqida fikrimiz oson o'zgaraveradi. Bular shaxsiyatdan yiroq. Statusga bog'lanmagan fikrlar.

Dinga, oilaga, siyosatga, rahbarlarga, pulga, mehnatga bo'lgan qarashlarni o'zgartirish qiyinroq. Bular haqidagi fikrning o'zgarishi o'zini xo'rlangan his qilish bilan kechadi.

Dunyoqarashlari tushmaydigan odam bilan turmush qurib qiynalganlarni ko'p ko'rdim. Bittasi faqat sayohat-u dam olishlarni xohlasa, ikkinchisi uyim-joyim desa, bu oilani uzoq muddatda muvaffaqiyatini ko'rish qiyin. Biri pul yig'ib o'z ishini ochmoqchi bo'lsa, ikkinchisi yig'ishdan emas, sarflashdan maza qilsa, haftalik janjallar kafolat deyavering. Biri bolani o'qitaylik deydi, ikkinchisi chiqib ishlasin deydi. Nafaqat oila, farzandning ruhiyati ham mo'rt bo'lib qoladi.

Amerikaliklarda qiziq statistikani ko'rib qoldim.
pic66.png

10 foizdan 40 foizgacha bo'lgan amerikaliklar boshqa millat bilan turmush qurib kelyapti. Eng boylardan bo'lgan Zukerberg (Xitoylik), Murdoch (Xitoylik), Bezos (Meksikalik) ham boshqa millatdagilar bilan yashab yurishibdi.

Shu vaqtning o'zida atigi 4 % amerikaliklar boshqa partiyadagi millatdoshi bilan turmush qurishga rozi. Mana shu to'rt foizning yarmidan ko'pi ayni vaqtda baxtsiz yashamoqda ham.

Yoki Hindlarni olaylik. Germaniyada yashovchi hindlarning 5 foizi nemislar bilan turmush qurishgan.

Hindistonda yashovchi hindu va islomga e'tiqod qiluvchilar orasida bir-biri bilan turmush qurish foizi esa atigi 1 foiz.

Ya'ni, dunyoqarashi boshqacha bo'lganlar, bitta millatdan bo'lsa ham 96 - 99% holatda turmush qurishmayapti. Dunyoqarashi bir xil bo'lsa, millatning ham ahamiyati qolmayapti. Fikrdosh bo'lish, millatdosh bo'lishdan ustunroq bo'lib chiqyapti.

O'zbek bo'lib turib, Xudodan qo'rqish, katta oila, tejamkor ro'zg'or, konservativ siyosat, qattiq mehnat tarafdori bo'lsak, xuddi shuni xohlaydigan Yapon bilan ham baxtli yashab keta olamiz. Xudodan qo'rqmaslik, kichik oila, to'xtovsiz xarajat, liberal siyosat, minimal mehnat tarafdori bilan esa yashashga qiynalamiz. U odam qo'shnimizning qizi, tagi toza O'zbek bo'lsa ham.
Kuzatuv #2. Hakam kim?

Futbolchilarni stadionda bir-birlaring oyog'ini sindirib yuborishdan nima to'sib turadi? Ya'ni nima uchun oddiy futbol, Amerika futboliga aylanib ketmaydi?(Bilmaganlar uchun eslatma, Amerika futbolida raqib ustiga chiqib, uni ezib o'tirishga ruxsat bor)

Asosiy sabab hakam. Futbolchilar uchun eng qo'rqinchli voqea, o'tkazib yuborilgan gol emas. Mana bu:
pic67.jpg


Haydovchilar radar jarima qiladigan tezlikkacha bosishadi. Bokschilar hakam to'xtatmagunicha uraverishadi. Imtihonda ko'chirishdan aksar odamni kuzatib turgan hakamlar to'sib turadi.
1977 - yilda Nyu Yorkdagi 25 soatlik elektr o'chishi oqibatida, bir kunda 1600 dan oshiq do'kon o'marilib, mingdan oshiq joy yoqib yuborilgandi. Jinoyatchi ko'pligidan qamoqlarda joy qolmagandi. Hakamlar yo'qligi odamlarni o'zidan chiqarib yuborgan edi.

Hakamlar harakatlarimiz chegaralarini belgilab beradi. Bizga hukm o'quvchi tashqarida bo'lsa, u ketishi bilan o'z holimizga qaytamiz. Uzoq vaqt yolg'iz qolganlar, kim ekanliklarini ko'rib, o'zlari ham hayron qolgan bo'lsalar, ajab emas.

Hakam ichkaridan bo'lsa, u doimo biz bilan. Chegaralar ham doimiy.

Hakami tashqarida bo'lganlar bor. Ular odamlarga yoqishga harakat qilishadi. Yoqish uchun prinsiplar, harakatlar, fikrlar qurbon beriladi. Ichadiganlar bilan o'tirib qolsa, ichib qo'yadi. Bekorchilar bilan bo'lganda g'iybatga qo'shiladi, yomon ko'rinmaslik uchun yolg'on gapiradi.

Bu qismi endi yigitlarga tegishli. Hakami tashqarida bo'lgan qizlarning belgisi bor: qoshlarini terish, tor kiyinish, ko'p bo'yanish. Odam o'z qoshlarini ko'rmaydi. Terish og'ritadi. Tor kiyim noqulay bo'ladi. Uzoq bo'yanish vaqt oladi. Bugun odamlarga yoqish uchun og'riq, noqulaylik, vaqt isrofiga rozi bo'layotganlar, kelajakda odamlarga yoqish uchun erga yoqishni qurbon qilib yuborishlari katta ehtimol.

O'z tengdoshlarimda ham xuddi shuni ko'rdim. Maktabimiz/Institutimiz havasida yuradigan qizlar bor edi. E'tibordan xursand bo'lishar edi chamamda. Hozir aksarlari bolalari bilan qizlik uylarida o'tirishibdi. Sinfning bir chekkasida borligi bilinmay yurgan qizlar esa, o'z oilalarida baxtni qurishyapti.

Tashqi belgilarga qarab xulosa qilaveramizmi? Odamning dili pok bo'lishi mumkin-ku? E'tiroz bildiradi o'quvchimiz. Mumkin. Bo'lmasligi ham mumkin. Ovqatim zaharli bo'lish ehtimoli 30% bo'lsa ham yemagan bo'lardim. Hayotimni zaharlash ham shunday. Tashqariga qarayotganda men tashqariga qaramayapman. Axir Sakandariy hazratlari aytgandilar: tashqari ichkarining belgisi.
Kuzatuv #3. Kutuvlar.

Charlie Manger biznes borasida yuzlab maslahatlar bergandi. Turmush qurish haqida esa birgina maslahatiga ko'zim tushgan xolos. Deyarli yuz yil yashagan aqlli odamdan qanday maslahat chiqqan bo'lishi mumkin? Hayotdan kutilmalari kam bo'lganlar bilan turmush quring.

Bunyodkor stadionidek keladigan Santa Cruz del Istole oroli bor. 800 dan oshiq odam yashaydi. Yashash holatlariga qarang:
pic68.png


Suvdan muammo. Elektr yo'qligi. Tiqilinch. Ta'lim va tibbiyot yo'q. Shunga qaramay motor tuzatishni biladigan usta bu oroldan hecham ketmoqchi emas. "Shu yerda tug'ildim. Shu yerda o'laman" deyapti. Uning kutuvlari shunday. Bundan ortig'ini xohlamaydi.

Endi mana bu uyga qaraylik:
pic67.png


Qo'shiqchi Janet Jacksonning har safar boyroq yigit bilan munosabatga o'tib ketish odati bor edi. Yuqoridagi uyning egasi bo'lgan millioner Jerman Dupri bilan yashab yurgan edi. Shu payt uni Qatarlik milliarder bilan tanishtirishadi. Savol, yuqoridagi munosabatlar necha yil davom etgan deb o'ylaysiz?

Yangi kuyov yuqoridagi uyning narxidan 2x pulni to'yning o'ziga sarflab yuboradi. "Muhabbat bo'lgandir balki? Pul emasdir" deb o'ylaganlar topilishi mumkin. Sodda o'quvchilarimiz uchun eslataman, millati, kasbi, dunyoqarashi bir xil bo'lgan yigitni tashlab, dini, yashash joyi, millati boshqa bo'lgan odamga turmushga chiqyapti. Nima sabab bo'lgan bo'lishi mumkin? Katta ehtimol opa o'zlarini milliarderlarga loyiq deb o'ylaganlar. Ular dunyo bo'yicha atigi 3000 ta, axir.

Taleb ham beozor deb o'ylagan sinfdosh qizi xuddi shunday ishlarni qilganini yozadi.
pic68 1.png

Baxt uchun birinchi qoida: Kichkina kutuvlar.

Kutuvlari katta bo'lgan odam doimo baxtsiz. Hayotida nima bo'lib turgan bo'lsa ham. Soat sovg'a qilasiz, u iPhone kutgandi. Samarqandga olib borasiz, u Istanbulni xohlagandi. Bir vaqtning o'zida sizdan modellardagi qomatni va o'zbeklardagi itoatni xohlaydi.
Kutuvlari katta odam baxtsiz bo'lar ekan, aybni sizdan ko'rib qolishi mumkin. Yuqorida gaplashdik. Odam fikrini qiyin o'zgartiradi. Demak kutuvlari ham qiyin o'zgaradi. O'z kutuvlarini o'zgartirgandan, odamlar, nikohlarini o'zgartirishni ma'qul ko'rishyapti. Hayot tarzi o'sdi, yaxshiroq yashayapmiz, to'g'ri. Kutuvlarimiz esa yana ham o'sib ketdi. Yashab berishdan boshqasini qoyil qilmaganlar, mahr so'zining ma'nosini bilmaganlar, mahriga Gelentwagen so'rashni boshlashdi.

Dunyoqarashni bilish osondir. Hakamni esa tashqi ko'rinishiga qarab toparmiz. Kutuvlarni qayerdan bilamiz? Kutuvlarimiz havas qiladigan odamlarimizdan keladi. Havas qiladigan odamlarini so'rash, kuzatadigan blogerlarini so'rash, kuzatish sababini so'rash, ichki dunyoga tashqaridan bir teshik bo'ladi. To'g'ri, bu teshik xona ichiga kalit tuynugidan qarashdek gap bo'ladi. Turmush qurishdek muhim mavzuda shu kichik ma'lumot ham yaxshi asqotadi.
Kuzatuv #4. Daraja

Do'konda sotuvchi bo'lib ishlagan paytimda ikkita oila hayron qoldirardi. Ikkalovida ham ayoli eridan bo'yi baland edi. Notabiiy nikohdek tuyulardi menga. Ayollarida eridan uyalish, ularga mensimasdan qarashni ko'rardim go'yo. O'sha oilalar birga qolishmadi. Bunga bo'y sabab bo'ldi deya olmayman. Katta ehtimol boshqa sabablar ham bo'lgan. Keltirgan misolimni esa metafora uchun ishlatmoqchiman.

Ayol ancha baland bo'lgan nikohlar yoki erni mensimaslik yoki ajralish bilan tugaydi, do'stlar. Balandlik daromadda, bo'yda, nasabda, ilmda bo'lishi mumkin. Bu kuzatuvim albatta. Borib, tekshirib keldim. Tadqiqotlar ham shuni ko'rsatar ekan.

Ibn Ataulloh sakandariy ham axloqi o'zingizdan pastlar bilan yurmaslikni tavsiya qiladilar. Yurmaslik muhim bo'lsa, turmush qurmaslik yanada muhimroq bo'ladi.

Qizlarimiz o'qiyotgan bo'lishsa, har tomonlama o'zlaridan ustun yigitga rozilik xavfsizroq ekanligini tushungan bo'lsalar kerak. Erkak ham homiy, ham ustoz bo'lgan oilalar uzoqqa borganini ko'rdim.

Yigitlarimiz esa o'zidan ustunroqlarni quvlash, yutqazish strategiyasi ekanligini tushungan bo'lsalar kerak. Yuzlab ota-onalar bilan ishlaymiz. Ko'plari bilan o'zim gaplashganman. Ba'zida amallab o'zidan ustun ayollarga uylanib olganlar bilan gaplashib qolaman. (Yoshlikda muhabbat nimalar qilmaydi-ya?) Erlarini mensimaslik ohanglaridan shundoqqina bilinib turadi.

Romantika-chi? Muhabbat? Ishq qayerda qoldi? Uff, yana-mi. Mayli, ko'zingizni bir ochib qo'yay. Aqlli va muvaffaqiyatli yigit(va qiz)lar yoshlik vaqtlarini romantikaga sarflab o'tirmaydilar. (1) (2) (Yoshligimda qizlar ignor qilganiga zo'r bahona topdim, ha-ha). Bu inshoni o'qiyotganlar shu toifaga kiradi deb umid qilaman. Yo'qsa harflar bilan ko'zingizni qiynash o'rniga, instagramda o'tirgan bo'lishingiz mumkin edi.

Romantikaga yoshligini sarflagan tengdoshlarim bor edi. Gullar tashib yurishardi. Doimiy sms almashishar edi. Kontaktlarida hamma qiz bola ismlari bor edi. O'n yil o'tdi. Nima bo'ldi? Aksarlari sochlari to'kilib, semirib ketishdi. Qizlar qaramay qo'ydi. Vaqtlari bekor ketgani uchun karyerani ham zo'r qila olishmadi. Oxiri o'zlari tengini topib, turmush qurishdi. Ilm ham olishmadi. Ilm va romantika – suv va olov. Bittasi ikkinchisini yashashga qo'ymaydi. Buni maktabimizdan bilaman. Eng dangasalar, romantikaga eng ko'p berilganlar bo'lib chiqadi.

Yigitlardan ortmaydigan qizlar taqdirini yuqorida yozdim. Yana qo'shib o'tirmayman.

Yoshlikda jimgina dars qilgan/ishni bosganlar esa, orzularidan ham ustunroq qizlarga uylanishdi. "To'xtang. Axir, ustunroq qizga uylanish xavfli edi-ku." Ha, faqat bir jihati bor. Bu yillar davomida ular ham o'sib borishdi. Oldin ham gaplashgandik. Orzumizdagi qizga uylanish uchun, uning ortidan yugurilmaydi. Ustimizda ishlanadi. Ilmliroq, odobliroq, boyroq, mehnatkashroq bo'linadi. Shunda yugurishga hojat qolmaydi. O'zi keladi. (Endi buyog'i o'zbekchilik, rasmiyatchilik uchun baribir yigit taraf sovchi qo'yadi.)
Xulosa qiladigan bo'lsak. Turmush qurishdagi kuzatuvlarimiz shuni ko'rsatyapti: Nomzodimiz bilan dunyoqarashimiz bir xil bo'lsa, odamlar uchun tuslanmasa, hayotda harakati ko'p-u, lekin kutuvlari kam bo'lsa, darajamiz tushsa – baxtli bo'lmaslik uchun deyarli sabablar qolmaydi.
🔥1
Robotlar va sun'iy intellekt kelishiga tayyorlanamiz


Robot va sun'iy intellekt olami hayron qoldirishda davom etyapti, do'stlar. Oldinlari o'quvchilarimiz kasb tanlashga maslahat so'rashganda, qobiliyat, maosh, qiziqish haqida savollar bo'lardi. Hozir shu savollarga yana bittasi qo'shildi: Bu kasbni sun'iy intellekt/robot olib qo'ymaydimi?

O'z kasbidan xavotir olayotganlarni tushunaman. Antropik rahbari yil oxirigacha kodlarni hammasini sun'iy intellekt yozadi deyapti. Mashinalar o'zini boshqarish sifati ham borgan sari yaxshilanib boryapti. Mersedes zavodlarida robotlar tajribaviy ishlashni boshlabdi, bemalol raqsga tushyapti, Boston dynamicsning robotlari esa odam harakatlarini takrorlay olyapti:
Screenshot 2025-03-20 at 17.47.39.png

Eng hayron qoldiradigani esa kechagina e'lon qilingan Disneyning roboti. Changyutgichdek keladigan qurilma aniqki ko'p uylarda mushuk va kuchuklar o'rniga sevimli jonzot bo'la oladi.

Sohani yaxshi tushunadiganlar robot texnologiyalari orqasida nVidianing o'rni kattaligini yaxshi bilishadi. Hech kim qila olmaydigan chiplarni chiqarishni boshlashdi. 3-4 yilda, cho'zilib yurgan robotlar ham, sun'iy intellekt ham rivojlanishi tezlashib ketdi.

nVidia kompaniyasining o'zi ham 30 yilda trillion dollarlik kompaniyaga aylandi. Egalarini milliarder qildi. Odamlar hayotida katta o'zgarishlar olib kelishdi.

Kompaniyani shu holga olib kelgan eng katta sababchi Jensen Huan. O'qituvchi va muhandis oilasidan chiqqan muhojir endi karyera haqida maslahat berib yursa yarashadi. Berib yuribdi ham:
Screenshot 2025-03-20 at 18.22.43.png

Buyuklik aqldan(intellektdan) kelmaydi. Buyuklik xarakterdan (fe'l-atvor) keladi. Xarakter esa aqlli odamlarda emas, qiynalgan (azob chekkan) odamlarda rivojlanadi.

Yana kechagi inshomizdagi kamchilikni ham sanab o'tyapti:

Katta kutilmalik odamlar chidamsiz bo'lishadi. Muvaffaqiyat uchun esa chidam kerak.

Xarakterning muhimligi haqida avvalgi insholarimizda ham gaplashgan edik. Parcha keltirishga ruxsat berasiz:

Tyler Cowen (eng kuchli iqtisodchilardan): "Sun'iy intellekt kuchli sifatlar yig'ilgan odamlar o'rnini bosa olmaydi deyapti". Chunki unda faqat intellekt (aql) bor, odamlarda esa yana o'nlab sifatlar bor.

Qaysi sifatlar deysiz. Abdulla Avloniyning Axloq kitobini ochaylik. Inson sifatlari sanalgan joyga qaraylik:
pic18.png

Aql (fatonat) ulardan bittasi (muhimi albatta) ekanligini ko'ramiz. Qolgan sifatlarni rivojlantirish bizni qomusiy sifatli (komil) insonga yaqinlashtiradi.

Aytmoqchi bo'layotgan gapimni tushunyapsiz menimcha. Xarakterimiz qanday bo'lishi borgan sari muhim bo'lib boradi shekilli. Odamlarni va texnologiyalarni tushunadiganlarning eng yaxshilari shunday deyishyapti xar holda. Jismoniy mehnatda robotlar o'tib ketishiga oz qoldi. Aqliy mehnatda ham yaqinda yetib olishadi. Kreativlikda zo'r bo'la olishmagandir hali, son bilan baribir yutib ketishadi.

Robotlar (sun'iy intellekt) erisha olmaydigan narsa - kuchli xarakter. Kuchli xarakter uchun qiynalish kerak. Qiynalish uchun esa nafs bo'lishi kerak. Noutbukimiz qotayotganida u qiynalmayapti. Quvvati yetmayapti xolos. Bugun qiynalib qolsa, "iye, yanayam yaxshiroq harakat qilmasam bo'lmas ekan" demaydi. Bugun qotayotgan noutbuk ertaga ham qotadi. Nafsi qiynalganida, kelajakda qiynalmasligi uchun o'zgarishga majbur bo'lar edi.

Boston dynamics robotlari kundan kun yaxshilashib borayotgani, robot kuchli xarakterga ega bo'lganidan emas. Balki yuzlab modellarni sinab ko'rishgani sababidan. 20 yil davomida daromad ko'rmasa ham, izlanishda davom etayotgan Mark Raybertning sabrli bo'lib kelayotganidan.

Kuchli xarakter deganda yuqoridagilarning hammasini nazarda tutmayapmiz. Karyeramizga eng ko'p kerak bo'ladigan sabr(chidamlilik), intizom, g'ayrat, shijoat, haqqoniyatlarni nazarda tutyapmiz. Aynan shularning bo'lishi xarakterimizga asosiy kuchni beradi. Ro'yxatdagi qolganlari chiroy qo'shadi.
Robot aqlliroq, kuchliroq, tezroq bo'lishi mumkin. Sabrliroq bo'la olmaydi, unda sabr tushunchasi yo'q. 20 yildan keyin bormi yo'qmi? G'ayratli bo'la olmaydi. G'ayrat bo'lishi uchun dangasalik bo'lishi kerak. Dangasalik aqlimizni ishlatishga undaydi. Avval qilmagan yechimlarni o'ylatadi. G'ayrat esa shu quvvatimizni sarflatadi. Shu yechimlarni qo'llatadi.

Shijoat risk olishimiz uchun kerak bo'ladi. SI va robotlar esa odamlar qilib yurgan ishlarni qiynalib-qiynalib qilishni boshlashyapti. Insoniyat esa hali qilmagan ishlarini qilganini sababli rivojlanib keladi.

Haqqoniyat haqida gapirib o'tirmayman. Sun'iy intellekt tap tortmay aldab yuboraveradi. Bir soatdan ko'proq ishlatganlarning hammasi buni sezib bo'lgan bo'lsa kerak.

Bugungi inshoda kuchli xarakter shakllantirish uchun qilishimiz mumkin bo'lgan ishlar haqida gaplashamiz.
Qiyin hayot

Buker Vashington qora tanli qul ayoldan tug'ilgandi. Otasini tanimasdi. Tug'ilg'an kuni, yilini bilmasdi. Unga qaraydigan odam bo'lmaganidan ism ham qo'yishmagandi. Ko'p kitob o'qiyverganidan odamlar uni Buker (kitobchi) deb chaqirar edi. Vashington shtatida yashagani uchun sharifi (familyasi) shunday edi. Dalalarda ishlab, bo'sh vaqtida xo'jayinlarining uyidagi kitoblarni o'qib o'tirar edi.

Qiyinchiliklardan chiqish uchun faqat kitob o'qidi. Kollejga kirdi. Universitetni tamomladi. Homiylar topib o'zi ham universitet ochdi. O'qish va mehnat orqali boyib ketish mumkinligi haqida ma'ruzalar qila boshladi. Yuzlab odamlar hayotini o'zgartirdi. Bukerning avlodlari hozir ham yaxshi yashab kelishyapti.

Loyihada ko'p eslab o'tadiganlarimiz Naval Ravikant ham yoshlikdan qiyinchilikda katta bo'lgandi. Onasi uzoq ishlagani sabab (katta ehtimol farrosh), Navalni kutubxonaga tashlab ketardi. Bog'chaga puli yo'q edi.

Alex Hormozining otasi ham muhojir edi. Uzoq ishlardi. Onasidan ajrashib borini ham yo'qotgan edi. Bir necha marta karyerasini boshidan boshlagandi. Yoshgina Aleks buni hammasiga guvoh bo'lgandi.

Yuqorida eslaganimiz Jensenni ham ota-onasi yolg'iz o'zini Amerika maktabiga jo'natgandi. Ota - onasiz yosh musofirni maktabida ham qiynashgandi.

Shu kabi yoshligida musofirlikda yashab qaytganlarni ko'rganman. Tengdoshlaridan bir deganda o'tib ketishar edi. Boshqalar taslim bo'ladigan qiyinchiliklar oldida, ular nolishni ham o'ylab ko'rishmasdi.

Shahrimizning ko'pgina mashhur tadbirkorlarini taniyman. Farzandlarini ham ko'rganman. Eshitganman. Ular ichida farzandiga qiyinchilik qilib bera olganlari bor. Hozir mevasini o'rishyapti.

Men qiynaldim, u qiynalmasin deganlari bor. Ota-onasini qiynab kelyapti.

Shu joyda Klayton Kristensenning gapi esimga tushib ketdi: Katta bo'lib ota-onamizning eng katta yaxshiliklari biz uchun qilmagan ishlari bo'lib chiqqanini ko'ramiz.

Mana shu misollarimiz hayotni o'zi eng katta talablarni qo'yishini ko'rsatadi. Yoshlikdan tabiiy qiyinchiliklar ko'rmaganlar esa ustoz ko'rinishidagi sun'iy qiyinchilikni tanlashlari kerak bo'ladi:
Talabchan ustozlar

Sizdan qattiq talab qilmayotgan ustozlar hozir yaxshilik qilayotgandek tuyulishi mumkin. Yillar o'tadi, eng katta yomonlikni o'shalar qilganini tushunib yetasiz. Institutda gigiyena o'qituvchilari baholarimizni shundaygina qo'yib bergan edi. Hozir nima o'rganganimizni umuman eslay olmayman. Farmakologiya o'qituvchimiz qiynagandi. Talab qilgandi. O'qiganlarimiz hozir ham yordam beradi.

Mentor, murabbiy, rahbar tanlayotganda ham talabchanlarini tanlaganlar yutadi. Ha, dedlaynlar qo'yadi. Ishni so'rab oladi. O'rganmaganga qo'ymaydi. Shu sababli o'rganish bilan birga xarakter ham shakllanadi. Ulgurish, puxta bajarish, yangi usullarni sinab ko'rish, yordam olish kabi sifatlarimiz o'sadi.

Aleksandr Makedonskiy Aristoteldan dars olgan edi, Nero Senekaning shogirdi edi, Shamsiddin Kulol Amir Temurni va imom Naqshbandni, Hasan Ardasher va Lutfiy Navoiyni tarbiya qilishgan edi. Buyuk shaxsiyatlar buyuk qo'llar ostida tarbiya topadi.
🔥1
Charli Munger va Uorren Buffetlar ham Ernst Buffetning do'konida 14 soatlab ishlab mehnatkashlikni o'rganishganini yozadi. Talabchan bobo hatto o'tirishga ham ruxsat bermasdi deydi.
Aniq dedlaynlar (topshirish muddati)

Esingizda bo'lsa, yil boshida uchrashuvlarga umuman kech qolmaslikka kirishganim haqida yozgandim. Mana yuz kun bo'ldi, daqiqa ham kech bormadim. Shu vaqt davomida qiziq narsa kuzatdim. Ko'pchilik odamlar kech qoladi. Muvaffaqiyatlilar ham. Mashhurlar ham. Tadbirkor ham. Mutaxassis ham. Kech qolmay boradiganlarni kam ko'rdim.

Vaqtida borishga harakat qilish ko'p narsa o'rgatdi. Rejalashtirish. Va'dani eslab qolish. Odamlar vaqtini hurmat qilish.

Ishni bitirishda aniq muddat bo'lishi, biz bilmagan resurslarni olib chiqadi. Millionlab odam o'qiydigan (ichida Ilon Mask ham bor) waitbutwhy blogini olaylik. Muallifning yozishiga havasim keladi. Yaqinda intervyusida ko'rib qoldim, o'ziga kuniga to'rt soatlik dedlaynlar belgilar ekan. Bitirmagunicha boshqa ishga o'tmas ekan.

U bu narsani o'zi o'ylab topganmi yoki o'zini orolga surgun qilib ijod qilgan Viktor Hyugodan, o'rmon orasidagi uychaga o'zini qulflagan Genri Torodan o'rganganmi bilmadim. Men ham shu dedlayn usulini qo'llayman. Payshanba kuni insho chiqishi kerakligi, maktab ishlari, uchrashuvlar, hayotiy muammolar borligiga qaramasdan ijod qilishga majbur qiladi.
Ichki hakam

Hakamning muhimligini o'tgan galgi inshoda ham gaplashdik. Kuzatuvda bo'lgan odamlar o'zlarini yaxshiroq tutishadi.

Hakamning ichkarida bo'lishi (ya'ni Xudodan qo'rqishimiz) bizni yolg'iz bo'lganda ham ustimizda ishlashga majbur qiladi. Aslida yolg'izlikdagi jarayonlarimiz eng muhim jarayonlar bo'ladi.
Screenshot 2025-03-20 at 20.28.23.png

*Ijtimoiy bo'lish borgan sari osonlashmoqda, lekin buyuk odamlar yolg'izlikda quriladi.

Odamlarga yoqishga harakat qilgan odam kuchli xarakter qura olmaydi. Ikkiyuzlamachi bo'ladi. Fikrida mustaqil tura olmay qoladi. E'tiborga muhtoj bo'ladi.

Ichki hakamning bo'lishi odamlarga yoqish ehtiyojidan ozod qiladi. Prinsiplarimizni paydo qiladi. Prinsiplar borligi esa odamni qiyinchiliklarga aniq olib boradi.

Temurbek do'stimiz prinsiplari tufayli 30 000$ dan kechganini eshitgandim. 2-3 kishidan boshqa hech kim bilmaydi. Yana bir akamiz prinsiplari tufayli borlarini sotib birovning qarzlarini yopgandilar. O'zimning ustozim ham prinsiplari tufayli katta oila bo'la turib, ikki xonali uyda yashab yuribdilar.
Screenshot 2025-03-20 at 21.08.54.png
Havas

Yaxshi ko'rgan va havas qilgan odamlarimiz xarakteri bizga o'ta boshlaydi. Hech nima qilmay turib hammasiga erishgan Faustga havas qilsak, unga o'xshab lotoreya chiptasini kutamiz. Omadli uylangani uchun ishlari o'xshab ketgan kenja botirga havas qilsak, kuchli qaynota qidirib yuramiz. Paytida bitkoin olib boyib ketgan Bobga havas qilsak, tez boyish imkoniyatlarini kutib umr o'tkazamiz.

Kuchli xarakter egalariga havas qilsak, bizda ham shunga xohish paydo bo'ladi. Seneka va Mark Avreliy Epikurga, Hasan Basriy Hazrat Aliga, Charlie Manger Ben Franklinga, Hasanxon Yahyo domla Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga havas qilgandilar. Hammalari xarakterlari shakllanishida havasdagi insonlari qilgan ishlari turganini aytib kelishadi.

Havas qilishning eng yaxshi yo'li o'sha odamlarning yonlarida yurishni boshlashimiz. Havas o'zi paydo bo'la boshlaydi. Buni qila olmagan taqdirimizda ularning hayoti haqida o'qishimiz yaxshi yordam beradi. Farengeyt bo'yicha 451 daraja kitobida yaxshi gap keladi: "Qidirayotgan narsalaring shu dunyoda bor, Montag, faqat oddiy odam ularni topishining 99% imkoniyati kitoblarga yashiringan"
Xulosa

Bu tomondan kuchli xarakter ham yaxshi, ham yomonga o'xshaydi. Shakllantirib olsak, robotlardan qo'rqishimiz kamayadi. Kelayotgan kelajakda kerakli bo'lishimiz ortadi. Shunga yarasha shakllantirish oson kechmaydi. Ko'pincha butun umr sarflanadi. Balki shuning uchun ham butun umrimizni shunga bag'ishlasa arziydi.
🔥1
Boy ko'rinishga harakat qilish boy bo'lishga xalaqit beradi.


Yaqinda narsa sotib olgani kirgandim, do'stlar. Kartada oxirgi pulim qolgan ekan. To'lov paytida pulim kamligini ko'rib, "payme" ilovasi 200 000 qarz berib turmoqchi bo'ldi:
combined_image_swapped_new.png

Ha, kerak paytda 10 kunga pul berib turar ekan. "Bular buncha mehribon bo'lmasa," o'yladim, soddagina men. Kichkina qilib "shartlari" deb yozib qo'yibdi. 200 000 kerak bo'lib turgan paytda, kim 6-betlik shartnomani o'qib o'tiradi?

O'qib chiqqan odam bir narsani ko'rgan bo'lardi:
Screenshot 2025-03-24 at 10.37.20.png

10 kundan o'tib ketsa 10 000 so'm, 81 kundan o'tib ketsa 120 000 so'm (!) qo'shib qaytarish kerak bo'lar ekan!

Birinchisi yiliga 60 foiz ustama, ikkinchisi esa 270 foiz qo'shib qaytarish degani. Qizig'i, biror joyda buni foiz to'lovi ekanligi haqida ma'lumot yo'q. Xizmat haqqi deyilyapti xolos. 60-270% ni qanchalik balandligini bilish uchun, eng ochko'z bankning qarz berish foiziga qarash yetarli (47%).

Mana shu kichik voqea nima uchun boylar boyib borishi, kambag'allar esa kambag'allashib borishini menga ko'rsatib berdi do'stlar. Bugun sizlarga ham tushuntirib bermoqchiman. Inshodagi matematika uchun uzr so'rayman. Matematika pulimizni hisoblash uchun kerak bo'lmasa, yana nimaga kerak? Axir Al-Xorazmiy ham zamonaviy raqamlar, algoritm, foizlarni pul (zakot) hisoblash uchun kashf qilgan edilar.

10 000 000 so'm pulingiz bor deylik. Unga oxirgi chiqqan ayfonni oldingiz. (Bilaman olib bo'lmaydi, shunchaki tekis raqam hisob kitobga oson-da). Bir yil o'tib uning narxi 20%ga tushadi. (Menga o'xshab tutsangiz, 50% ga) Pulingiz qiymati endi 8 000 000 so'm. Yana bir yildan keyin 6 mln so'm. Eski ayfon narxlari shuni ko'rsatyapti har xolda.

Endi shu 10 mln pulni investitsiya (sarmoya) qildingiz deylik. Bank omonatlari 20% beryapti. Biz riboga aralashishni xohlamay 15% lik halol usullariga tikdik deylik. (Iman, markab, way II). Bir yildan keyin pulimiz 11,5 mln so'm bo'ldi. Yana bir yil o'tib 13,2 mln so'mga chiqdi. Ikkinchi yilning o'zida ikkita sarf o'rtasida 6 million paydo bo'lyapti. Jadvalga ruxsat berasiz:
Screenshot 2025-03-24 at 11.21.28.png

Beshinchi yil oxiriga borib birinchi qarorimiz bizni yetti barobar boyroq qiladi. Achinarli jihati, ayfonlarning aksari naqd pulga emas, bo'lib to'lashga olinadi. O'zbekistonda bo'lib to'lash bir yilda uch martaga oshdi.

Bo'lib to'lashni hisobga olsak 10 mlnlik jihoz 14 mlnga aylanadi. (eng kamida) Uni ham jadvalga qo'shaylik.
Screenshot 2025-03-24 at 11.21.55.png

14 mln 3 million bo'lib qoldi. Besh barobar kamayish. Investitsiyada esa 10 mln 20 mln bo'ldi. 2 barobar ko'payish. Bo'lib to'lashga narsa olmay investitsiya qilganimiz bizni o'n barobar boyroq qildi.

Bu bitta ayfon misolida. Odatda bitta bo'lib to'lashga o'rgansa, odam hamma narsasini shunday ola boshlaydi. Ortiqcha pul umuman yig'ilmaydi. Natijada naqdga narsa ola olmaydi. Natijada yana bo'lib to'lashni tanlaydi.

P.S. Men bo'lib to'lashga qarshi emasman. Agar pul olib keladigan yoki narxi oshadigan narsalar uchun ishlatilsa.

Matematika qismi tugadi. Endi bemalol harflar bilan gaplashsak ham bo'ladi.

Mana nima uchun men qimmat mashinada yurmayman. (Hozir umuman mashinam yo'q.) Telefonimni sotib olib almashtirganimni eslay olmayman. Noutbukimga esa yaqinda 5 yil to'ladi. Ortib qolgan pullarni biznesga, investitsiyaga, safarga sarflayman. Eng katta xarajatim esa oladigan kitoblarim:
Screenshot 2025-03-24 at 12.08.44.png

Har bitta ishlatgan pulim kelajakda ishlatishimni osonlashtiradi. Har bir ishlatmaganim, ishlatmasligimni osonlashtiradi.

Bu inshoni o'qiyotganlarda, hozir yoki kelajakda yaxshi pul topishlarida shubham yo'q. Kelajak matn o'quvchilarniki ekanligi, ishlarni zo'r qilish va qomusiy bo'lish haqida gaplashdik, axir. Yaxshi pul topishni boshlar ekanmiz, o'zimizni yaxshiroq narsalarga loyiqroq ko'ra boshlaymiz. Sarf xarajatlarimiz ham oshib ketadi.
Menda bitta yovvoyi nazariya bor do'stlar. Unga ko'ra, bizga ko'p pul ishlab topish yoqmaydi. Oxir oqibat pul bu bir raqam, yoki qog'oz-ku. Bizga pulni sarflash yoqadi. Topishimizga sabab ham shu. Oxiri shu pullarni chiroyli sarf qilib yuborish maqsadimiz bo'ladi.

Daho rejissor Flinchning "Fight Klub" filmidan iqtibos keltiraman, u ham shunday fikrda:

«Do‘stim, men “Jangchilar klubi”da tarixdagi eng kuchli va aqlli insonlarni ko‘ryapman. Ularning barcha imkoniyatlarini, katta salohiyatini ko‘raman va bu imkoniyatlarning behuda ketayotganini ham ko‘ryapman. Butun boshli avlod — yoqilg'i quyib, ofitsiantlik qilib yuribdi – oq yoqali qullar. Reklama bizni mashina va kiyim ortidan yugurtirmoqda, yoqtirmaydigan ishlarimizni qilib, keraksiz narsalarni sotib olishga pul topamiz. Biz tarixning o‘rtadagi farzandlarimiz. Maqsadimiz ham, o‘z joyimiz ham yo‘q. Biz uchun hech qanday Buyuk Urush yoki Buyuk Depressiya yo‘q. Bizning Buyuk Urushimiz — ruhiy kurashimiz, bizning Buyuk Depressiyamiz esa hayotimizning o‘zidir. Hammamiz televizorda ko‘rib katta bo‘ldik — go‘yoki bir kun kelib hammamiz millioner, kino yulduzi yoki rok yulduz bo‘lar ekanmiz. Lekin aslida unday bo‘lmaydi. Biz buni asta-sekin anglab yetmoqdamiz. Va bu bizni juda, juda g‘azablantiryapti.

Nega yoqtirmaydigan ishlarimizni qilib, keraksiz narsalarni sotib olyapmiz? Kerak bo'lmagan narsani nega xohlashimiz mumkin?

Javobi pastdagi savollarning javobi bilan bir xil.

Mashhurlar bilan rasmlarimizni nega maqtanamiz? Ularni tanishimizni nega qistirib o'tamiz? Qimmat xaridlarimizni nega bo'lishgimiz kelaveradi (arzonlarini emas)?

O'z darajamiz yuqoriligini ko'rsatib qo'yishimiz uchun. Muhim odam ekanligimizni bildirish uchun. Natijada hurmat qozonish uchun. Odamlarga pul kerak emas. Pul kerak bo'lganida million dollarlik mashinalar sotilmay chang bosib yotardi. Odamlarga status kerak. Bu status uchun puldan kechishga rozi. Hatto u pul o'zlarida bo'lmasa ham.
Screenshot 2025-03-24 at 15.12.35.png

Davronbek Turdiyev metroda hammaning qo'lida oxirgi ayfon ko'rib hayron bo'lyapti. Hayron bo'ladigan joyi yo'q. Pasportingiz bilan borsangiz kifoya. 50 foiz ustiga qo'yib, bo'lib to'lashga berib yuborishadi. Endi to'lab bo'lganingizda, yangisi chiqqan bo'ladi. Oldinlari yangi olingan qimmat mashina bir odamning qancha puli borligini bildirar edi. Hozir yangi olingan qimmat mashina egasining qancha qarzi borligini bildiradigan bo'lib qoldi. Bir paytlar yuradigan mashinasi borligiga xursand bo'lganlar, byd yozuvi ichiga o'tirmagunicha rozi bo'lmay qoldi.

Limbik kapitalizm. Limbik tizimimizni xursand qilish uchun xarid qilamiz. Chips, soda, shirinliklar. Veblen kapitalizmi. Hurmat qozonish uchun qimmat xaridlar qilamiz. Noyob sayohat, qimmat mashina va telefonlar.

Nega xaridlar orqali hurmat qozonmoqchi bo'lamiz axir? Eng yaqinlarimizga nima xarid qilganimizning farqi yo'q-ku?

Javobini mana bu inshoda gaplashgandik. Xulosasi – ichkarisi va tashqarisi boshqa bo'lganlar, ichki hurmatini yo'qotadi. Ichkarisini to'g'rilash o'rniga, hurmatini yuqoriligiga tashqaridan isbot qidiradi.

Natijada odamlar hurmat qilishi uchun xaridlar qiladi.

Ichkarimiz va tashqarimiz bir xil emasligi xarajatlarimiz oshishiga olib kelyapti. Bu xarajatlar esa bizni boy bo'lishimizga yo'l qo'ymayapti. Hammasini bitta gapda xulosa qiladigan bo'lsak:

Boy ko'rinishga harakat qilish, boy bo'lishga xalaqit beradi.

O'nlab bino egalari bilan ishlaganman, do'stlar. Yana o'nlab bino egalari bilan ko'rishganman. Bitta maktab binosi kamida 2-5 mln dollar turishini hisobga olsak, hammasi millionerlar edi. Kuzatuvlarim asosida shuni aytamanki, ko'pchiligini ko'chada ko'rib, do'kon sotuvchisi deb o'ylagan bo'lardingiz. Ba'zilarini usta bilan adashtirib qo'yardingiz. 10 foizini kiyimi va mashinasidan puli borligi ko'rinib turardi-yu, baribir kutganingizdan (10-100x) boyroq bo'lib chiqardi. Instagramdagi koachlar ulardan boyroq ko'rinardi.

Ular maktab binosiga yetadigan pullarni, maqtanadigan matohlarga ishlatib yubormaganlar edilar.
Shunday ekan, Rumiy hazratlari "Ko'ringaning kabi bo'l, yoki bo'lganing kabi ko'rin" deganlarida, nafaqat axloqiy, balki moliyaviy maslahat ham beryaptilar.

Qiyin ish haftasidan keyin xarajat qilishni istaydi bu ko'ngul. Endi nima bitta muzqaymoq ham yeyishga haqqimiz yo'q-mi?

Bu borada yaxshi yangilik bor, do'stlar. Yillar davomida hamma pulimizni qisib qiynalishimiz shart emas. Ishni olti oylik yashashimizga yetadigan pul jamg'arishdan boshlash mumkin. Yoqilmaydigan zaxira dermidi.

Muallif endi yig'ishni boshlaganida, o'z biznesidan quvilgan edi. O'sha payti uch million so'mdan olib qo'ygan tillalari sababdir balki, jozibador ish takliflariga yugurib ketmadi. Insho loyihasini boshlab ko'rdi. (Ha, ikki yil oldingi g'oya edi bu). Maktab ochish uchun yaxshi bino qidirdi. Shoshmasdan qaror qabul qildi. Oxiri omadi kelib qoldi.

Zaxira bo'lishi, o'zimiz xohlagan imkoniyatlar chiqqunicha kuta olishimizni bildiradi. Yangi hunar o'rgangunimizcha vaqt olib beradi. Bo'lib to'lash tuzog'iga tushish ehtimolimizni kamaytiradi.

Bu birinchi bosqich. Keyingisi ilk 100 000$ ni yig'ish bo'ladi. Pul ko'rinishida. Aktiv ko'rinishida. Moliyaviy yo'limizni yuz foiz deb olsak, 95 foizi mana shu ish bo'ladi.

Charlie Munger shuni tavsiya qiladi. (Hormozi kitobidan)
Screenshot 2025-03-24 at 15.42.54.png

Birinchi $100,000 — bu juda og‘ir, lekin bunga erishishing kerak. Nima qilishingga to‘g‘ri kelsa ham — agar bu piyoda yurish va faqat kupon bilan olingan (tekin) ovqatni yeyishni anglatsa ham — baribir qandaydir yo‘l topib, shu $100,000 ni qo‘lga kirit. Shundan keyin, biroz sekinlashsa ham bo‘ladi.”

Sababi bir nechta. Yo'q joydan 100 ming dollar yig'a olganlar, qolganini ham qila olishadi. Yangi investitsiya imkoniyatlari paydo bo'ladi. Ishlarini oson almashtira oladilar. Dunyoqarash o'zgaradi.

Ikki yigit bir xil daromad qilishar edi. Xarajatlari, ishlari ham bir xil edi. Faqat bitta narsada farqlari bor edi. Biri ortgan pulini sarf qilar edi (limbik, veblen sarflari). Ikkinchisi investitsiya qilardi. (Mayli, moliyaviy emasdir, blog, bilim, kitobga investitsiya). O'n yil o'tib uchrashishdi.

Birinchisi qimmat mashina, kiyim, telefon bilan o'ralgandi. E'tibor bilan eshitsangiz, ishidan nolish, boshlig'ini yomon ko'rish, bo'lib to'lashdagi eng past foizli joylar haqida gapirib qolar edi.

Ikkinchisini ko'chadagi talabadan ajrata olmas edingiz. Xohlagan paytda ishga borishi, qilayotgan investitsiyalari, rad etayotgan takliflari haqida gapirib o'tirmasdi. Zero, eshitganlar maqtanishga yo'yishlari mumkin edi.

Ikkita bir xil daromad qiladigan yigit, xajaratlari har xil bo'lgani sabab, o'n yilda boshqa-boshqa nuqtalarda ko'rishib qolishdi. Tasavvur uchun grafik ham yasab yubordim)
output-3.png

O'sha o'n millionimiz bittasi 40, ikkinchisi bir million bo'lib qoldi.

Solonning ogohlantirishi bor axir. Voqealar tugamagunicha xulosa qilmaymiz. Shunga qaramay umrni buyumlarga emas, bilim va tajribaga almashish muallifga yaxshiroqdek tuyuladi.

Biz grafikni 10 yilgagina cho'zdik. Xudo umr berib ular 30 yilda yana uchrashsa mana bu ko'rinishning ehtimoli katta bo'ladi:
Screenshot 2025-03-24 at 15.51.58.png

Noto'g'ri ko'rmadingiz. 40 yilda milliarddan oshib ketdi. To'g'ri so'mda. To'g'ri qarigan chog'imizda. G'oyani tushuntirish uchun soddalashtirgandirman. Tan olaylik, bobomiz bizga eski magnitofon qoldirganidan ko'ra, yo'limizni topgunimizcha tajrid(ishlashdan ozodlik)ni tashlagani kattaroq yordam bo'lardi. Ayniqsa, ikkalovining narxi 40 (20) yil oldin bir xil bo'lgani hisobga olinsa. Axir Nobel olganlarning deyarli hammasida ota-bobosi boy edi.
Bizga qilishmagan bo'lsa, nega biz qilmasligimiz kerak?
Muallif ortiqcha puli bor hamma yaqinlariga, sarflash kapitalizmiga aldanmaslik maslahatini beradi. "-Yig'ish. Investitsiya. Boshida bilim va tajribaga. Keyin odamlar va bizneslarga. Boshqalarga buyumlar orqali yoqishga harakat qilmaslik. Maqtanilish instrumentlariga pul sarflamaslik." Amal qilganlar tashqaridan zo'r yashamayotgandek tuyulishi mumkin. (Ayniqsa Instagram hayoti bilan solishtirganda) Shunga qaramay, hali tanlovlaridan nolishganini eshitmadim.