Muallim Muhammad
10.7K subscribers
31 photos
21 videos
2 files
55 links
“Zamonaviy pedagog” kursi hammuassisi Uralov Muhammad

• Qanday qilib o’rgatishni o’rgataman.
• Ta’lim, tarbiya va biz ta’sir o’tkaza oladigan omillar haqida gaplashamiz.
• Kurslarimizda 1000+ ustozlar o’qib foyda olishdi.

Admin: @MuhammadUralovv
Download Telegram
Biz o’zimizni va o’quvchilarimizni taniymizmi?

Insonlar yaratilishidan turli xil. Balki, aynan shu turli xillik hayotda balansni saqlab turar. O’qituvchi sifatida biz ko’pincha o’quvchilarimizni o’zimizga o’xshatishga, xuddi bizdek fikrlab, harakatlar amalga oshirishini xohlaymiz!

Lekin tug’ilishimizdan biz turli xil edik. Demak bizni yaratgan zot shuni xohlagan va bu hikmatsiz emas. Zamonaviy pedagogika alohida yondashuvni talab qiladi. Bu uchun biz bolalarni tabiatini va psixikasini yaxshi bilishimiz, ularga mos metodika va yondashuvlar yaratishimiz kerak.

Eng muhim jihat esa o’zimizni tushunib olishimiz. Qanday insonmiz? Nima kuchli taraflarimiz bor? Qaysi kuchsiz taraflarimiz ustida ishlashimiz kerak? O’zimizni bilishimiz ta’limda o’z xarakterimizga mos metod tanlashimizda ham yordam beradi.

Bunda bizga temperamentlar yordam beradi. Insonning tug’ma xarakter xususiyatlari. Bir xil vaziyatda nega odamlar o’zini turli xil tutadi?

Nega ba’zi odamlar qo’polroq?(masalan men), nega ba’zilar hamma bilan chiqishib ketadiyu boshqasi chekkada bitta o’zi turaveradi? Nega kimdir tog’ga chiqqanda yarmidan qaytib kelsa ikkinchisi ikki kun ketishini bilsa ham eng tepasiga chiqqisi kelaveradi?(yana men)

Nega ba’zi insonlar xo’p deydiyu bajarmaydi? Nega ba’zilar qaror chiqaradiyu amalga oshiradi? Ba’zilar yillab kutib, qolib ketadi. Qaysi odamga qaysi vazifani ishonish kerak? Kimga qanday muomila qilish kerak? Deyarli barcha savolga temperamentlar ilmi javob beradi.

Gippokrat tarafidan fanga kiritilgan bu atama va uning to’liq tahlili hozirgi ilmiy fan tomonidan tasdiqlanmagan. Lekin u bo’lib ketgan insonlarning 4 turi insonlarni tushunish uchun eng muhim bilimlardan biri bo’lib qolmoqda.

Keyingi postlarda har bir temperament haqida batafsil to’xtalamiz. O’quvchilarni, hamkasblarni va do’stlarimizni ajratib olamiz va ularga qanday munosabatda bo’lishni o’rganamiz.

@MuallimMuhammad
👍5430🔥18
Real hayotdagi o’ta avaylov va virtual olamdagi deyarli himoyalamaslik hozirgi bolalarni behalovat avlodga aylantirgan deyapti kitob.

Biz faqat bolalar tanasiga e’tibor berib qolib kettik, o’zi uyda bo’lsa, daraxtdan yiqilmasa, oyog’i shilinmasa, birov turtmasa bo’ldi dedik. Vaholanki tanasi uyda lekin fikrlash va dunyoqarash virtual olamda bo’ldi, shakllandi.

Oqibatda biz ularni ruhan va mohiyatan yo’qotib qo’ydik. Behalovat avlodga aylantirdik. Aylandik.

@MuallimMuhammad
64🔥31👍18💯62
Yoshing kattalashayotganini qayerdan bilasan?

O’quvchilarimga bizning davrimizda deb ataladigan gaplarni gapirishni boshlaganimdan.

@MuallimMuhammad
😁22731💯17🔥9🤣6👍5
Har kuni meni o’ylantiradigan savollar

1. Darsimni bundan yaxshi o’tolmasmidim?

2. Shu o’tayotgan mavzularimiz rostdan bolalarga foyda keltirarmikan? Qayerini o’zgartirishim kerak?

3. Olayotgan imtihonim faqat “imtihon olindi” deyish uchunmi? Nima qilsam imtihon bolalarga foydali bo’ladi?

4. Agar birorta bolaga baqirmaganimda fanimga yana nechi foiz o’quvchini muhabbatli qila olardim?

5. 10 yildan keyin bolalarni ko’chada ko’rganimda yuzim yorug’ bo’lib bemalol gaplasha olamanmi? Aslida bu O’zining oldida javob bera olamanmiga o’zgarishi kerak ekan.

6. Mavzuni yana qanday qilib soddalashtira olaman? Nima misollar qo’shsam bo’ladi?

7. Agar dars o’tishimga umuman cheklov bo’lmasa, darslarimni qayerda, qanday ko’rinishda o’tgan bo’lardim?

8. O’zimga dars o’tadigan ustozni qayerdan topsam bo’ladi?

9. Nega eng charchatadigan ham eng ko’p energiya beradiganlar ham bolalar ekan?)

Sizni qanday savollar o’ylantiradi?

@MuallimMuhammad
77👍39🔥29💯2
Uyga vazifalar kerakmi?

Biz, odatda uyga vazifalarni qanday beramiz?

Dars soʻngida (koʻpincha qoʻngʻiroq chalib turgan vaqtda) darslikning beti, mashqning raqamini aytib, qisqacha bajarilish sharti bilan tanishtiramiz: “54-bet, 14-mashq, nuqtalar oʻrnini toʻldirib kelasizlar”.

Yoki vaqtdan yutish maqsadida sinf doskasiga yozib qoʻya qolamiz.
Boz ustiga ba'zan uyga vazifalar darsda oʻzini yaxshi tutmagan oʻquvchilar uchun jazo sifatida ham qoʻllaniladi.
Bunday yondashuv oʻquvchilarning uydagi mustaqil faoliyatini tashkil etish uchun yetarlicha motivasiya bermasligini sezib turgandirsiz.

Koʻpincha oʻquvchilar dangasalik qilganlaridan emas, vazifani yaxshi tushunmaganliklari va ishni nimadan boshlashni bilmaganliklari uchun ham bajarmay keladilar. Topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarib kelmaslik odati oʻquvchilarning fanni oʻrganishga boʻlgan qiziqishi va mas'uliyati pasayishiga olib keladi.

Nahot shu jarayonni qiziqarli va yoqimli shaklda tashkil qilib boʻlmasa?

Uyga vazifalar berishning oʻzlashtirish darajasiga ta'sirini aniqlash borasida oʻtkazilgan koʻplab tadqiqotlar  muallifi professor Dyuk Kuper uyga vazifalarni dori vositalariga qiyoslaydi:
“Agar siz ularni juda kam ichsangiz, ular hech qanday samara bermaydi. Agar juda koʻp iste'mol qilib yuborsangiz, zarari tegishi mumkin. Lekin agar yetarli miqdorda qabul qilsangiz, sogʻayib ketasiz!”.

Keling, endi birgalikda variativ shaklda uyga vazifa berish usulini koʻrib chiqamiz.

Variativ vazifalar

Iloji boʻlsa bugundan boshlab variativ uyga vazifalar bering.

Bu nima degani?

Bu oʻtilgan mavzu yuzasidan 5, 8, 10 xil topshiriqlar bering degani.

Oʻquvchilaringiz esa berilgan topshiriqlar ichidan oʻziga ma'qul boʻlgani, mustaqil bajara oladigani, zavq beradiganini tanlab oladilar.

Goʻyo ular siz topshiriq qilib berganingiz uchun emas, oʻzlari tanlaganlari uchun ham bajarib keladilar.
Qanchalar hayron qolmang mas'uliyat erkinlik bilan bogʻliq!

Deylik, siz bugun Muhammad Yusuf ijodiy merosiga bagʻishlangan darsni oʻtdingiz.
Uyga vazifa qilib sinf doskasiga
- she'rni yod olish;
- she'r mazmuni asosida rasm chizish;
- she'rda tilga olingan maskanlar haqida ma'lumot topib kelish;
- she'r mazmuni asosida krosvord tuzish, 
- she'rning nasriy bayonini yozib kelish;
- she'rdagi sifat (yoki fe'l) soʻz turkumiga kiruvchi soʻzlarni yozib kelish;
- she'r tahliliga oid 10 ta savol va topshiriq tuzish;
- lirik qahramonga maktub yozish;
- she'rni qoʻshiq qilib aytib berish;
- sinkveyn usulida she'r yozib kelish ...
kabi oʻquvchilaringizning yoshi, oʻzlashtirish darajasiga mos boʻlgan bir necha xil vazifalarni yozib qoʻyasiz.

Oʻquvchilar bitta emas, bir necha vazifalarni bajarib kelishni tanlashlari ham mumkin.

E'tibor bersangiz, berilgan har bir topshiriq she'r matnini sinchiklab oʻqishga, magʻzini chaqishga, shoirning qalb kechinmalari, oniy holatini tushunishga undaydi, ularni bajarish chogʻida oʻquvchi she'r matniga qayta va qayta murojaat qilishiga toʻgʻri keladi.
Shu ma'noda she'rga mos surat chizish yo krosvord tuzish uni yod olishdan kam mehnat talab qilmaydi.  

Oʻquvchilarning mustaqil tarzda bajaradigan topshiriqlarini oʻzlari tanlashlari uyga vazifani bajarib kelishlari ehtimolini yanada oshiradi va shu orqali ulardagi koʻplab ijodiy qirralarni kashf etishingizga yordam beradi.

Teacher hub jamoasi a’zosi Nazokat Yusufjonova tomonidan yozildi.

@MuallimMuhammad
95👍47🔥204💯2
Birinchi Muallim

Yaqinda maktabimizda bo’lgan auksionda shu kitobni olgandim. Yengil, ichiga kirib, voqealarda yashab o’qidim. Badiiy kitoblarni sog’ingandirman. Balki, o’ta zo’r yozilganidandir.

Asarda Muallim Duyshen misolida ustoz o’quvchilari uchun nimalarga tayyor bo’lishi kerakligi, qanday qurbonliklar, qiyinchiliklarga dosh berishi kerakligini ko’rdim.

Duyshen bolalarni nafaqat o’qitadi(o’zi yetarli ilmli bo’lmasada), u ularning hayotini o’zgartiradi, oilaviy muammolariga yechimlar beradi.

Bolalarni ilmli qilish uchun jamiyatdagi qoloqlik, stereotiplar, ijtimoiy bosimlarga chidaydi.

Nima qilay ota-onasi xohlamasa menga kerakmi demaydi? Avval ota-onani keyin bolalarni ishontiradi. Ilm uchun kurashadi.

Balki, shudir bizda(menda) yetishmayotgan fidoiylik.

Kichik hajmli, katta ma’noli kitob ekan.

@MuallimMuhammad
66💯30👍19🔥81
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
Pedagog podcastning navbatdagi sonini oldik. Aziz aka bilan 3,5 soat suhbatlashibmiz. Ustozlar uchun ancha foydali suhbat bo’ldi.

Aytgancha, Zamonaviy pedagogning navbatdagi mentorshipida ham Aziz aka speaker bo’lib keladilar)

@MuallimMuhammad
44🔥21👍15
Buyuk ustoz bo’lasiz!

Yuzlab bolalarni o‘qitasiz, hammasiga vaqtim yetmayapti, gaplasha olmayapman, e’tibor bera olmayapman, kuchim yetmayapti deb siqilasiz.

Buyuk ustozlar haqida o‘qiysiz, butun faoliyati davomida nari borsa 5–6 ta dahoni yetishtirganini ko‘rasiz. Shu daholarni kashf etish uchun esa o‘n minglab bolalarni o‘qitganini bilmaysiz. Bizga shu 5–6 tasi aytiladi, o‘xshamagan yuzlab o‘quvchilar aytilmaydi.

Mashhur rus pedagogi Rachinskiy ham 3 ta buyuk shogird chiqargan, ulardan biri hatto rus podshohining ustozi bo‘lgan. Aksariyati yaxshi muhandis, o‘qituvchi, bankir bo‘lishgan. O‘xshamaganlari ham bo‘lgan, albatta. Buyukligi yaxshilarini sindirib qo’ymaganida bo’lgan.

Buyuk o‘qituvchi 100/100 daho tarbiyalaydi degani emas. Ustozimiz Aziz Rahimov aytganlaridek, biz bog‘bonmiz, ba’zan aynigan urug‘lar ham berib ketishadi, afsus. Eng kamida yaxshi urug‘larni aynitib qo‘ymaylik, qiyshaygan, lekin to‘g‘rilash imkoni bor nihollarni to‘g‘rilaylik, eng iqtidorlilarini aniqlab, to‘g‘ri yo‘naltiraylik.

Qisqa aytganda, qo‘limizdan kelgan barcha sabablarni qilaylik. Savol-javob kuni uyalib qolmaylik.

Daholar nafaqat sifat, balki son bilan keladi. Xuddi 1 ta yaxshi kitobni topish uchun 10 tasini o‘qigandek. Yoki butun bir kursni faoliyatimizga ta’sir etadigan 2 ta yangilikni topish uchun ko‘rib chiqqandek.

Kuzatuvchan bo‘ling, fikrlar va yangiliklarga ochiq bo‘ling, iqtidorlarni aniqlang, rivojlantiring, yo‘naltiring va tarixda qoling.

@MuallimMuhammad
1👍7848🔥31
Zarbatoblar

Shamol yosh nihollar mustahkamligi uchun eng muhim omillardan. Shamol bo‘lganda nihol tomirlari tortiladi va kengayadi, tana hujayralari esa zichlashadi va mustahkamlanadi. Kattalashganda esa kuchli shamollarga chidamli bo‘ladi.

Aksincha, issiqxonada shamoldan himoya qilib o‘stirilganlari katta bo‘lganda o‘z vaznini ham ko‘tara olmaydigan daraxtga aylanadi. Bunday nihollardan o‘rmonlarda yasholmaydi.

Bolalar ham shunday — yoshligidan kichik stresslar, qiyinchiliklar, rad etilishlar va ko‘kargan tana qismlari bilan katta bo‘lsa, ulg‘ayganda o‘z muammolarini yecha oladigan yetuk shaxsga aylanadi. Albatta, bunda meyor va kattalar kuzatuvi muhim.

“Issiqxonada” barcha qiyinchiliklardan asrab katta qilsak, nafaqat jamiyat muammosi, o‘z muammosini ham yecha olmaydigan bir bolani yetishtirib qo‘yamiz.

Deyarli barcha sut emizuvchi yoki tirik jonzotlar zarbatoblardir. Ya’ni har qabul qilingan zarba uni kuchli qilib boraveradi. Xuddi ajdarhoning bir boshini kessangiz, ikkita bo‘lib chiqqandek, hayot zarbalari bizni kuchaytiraveradi. Aksincha, rohat esa zaiflashtiradi.

Farzandlarimizni yaxshi ko‘rar ekanmiz, ularning kelajakdagi holatini ham sevaylik. Faqat hozir qiynalmasin, o‘ksimasin deb, hayot o‘rmonlarida yiqilishiga sabab bo‘lib qolmaylik.

@MuallimMuhammad
🔥4932👍259
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
🔥22👍117
Muallim Muhammad
Video message
Yilni treninglar bilan boshladik)

Keyingisi mentorship va online kursimiz bo’ladi. Kutayotganlar bormi?)
👍42🔥21💯962😁1
O‘zini ahmoqlashtirayotgan avlod

Kurt Vonnegutning “Harrison Bergeron” nomli hikoyasida Amerikada o‘ta aqlli va o‘rtacha odamlarni tenglashtirish bo‘yicha qonun qabul qilinadi. Aqllilarni ahmoqroq qilish uchun ularga quloqchin taqib qo‘yiladi — u har 20 soniyada baland tovush chiqarib, insonlarning tiniq fikrlashi va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishiga to‘sqinlik qiladi. Chalg‘ish oqibatida aqlli va o‘rtacha odamlarning hayot sifati tenglashadi.

Hozir telefon ishlatadigan o‘rtacha odam har 5 daqiqada telefoniga qarar ekan. Bu — o‘rtacha ko‘rsatkich, aksariyat odamlarda esa bundan ham ko‘proq. Sizning qancha ilmingiz yoki tajribangiz borligi muhim emas: agar telefon orqali o‘zingizni doimiy chalg‘itaverar ekansiz, qarorlaringiz sifati pasayib boradi. Bu esa hayotimiz sifatining tushishiga olib keladi.

Yuqoridagi asarda buni odamlarga qonun bilan majburlab qildirishardi, biz esa o‘zimizni ixtiyoriy ravishda ahmoqlashtiryapmiz. Qiziq)

@MuallimMuhammad
105👍54💯3430🔥8🤔6
Do’stimiz Humoyunni Ustozimiz Aziz aka Rahimov media sohasining ustoz shifusi deydilar)

Humoyun bilan aynan Aziz akani mentorshiplarida bundan 2 yil oldin tanishgandik. Keyinchalik kursida ham jamoamiz o’qidi, katta foydalar oldik.

Bugun ham juda mazmunli suhbat bo’ldi, o’z sohasini mutaxasislari bilan suhbatlar yo’llarni ancha tiniqlashtiradida)

@MuallimMuhammad
41👍17🔥74😁1💯1
Qanday qilib sevimli ustozga aylangansiz, metodikalaringizni bizga ham o’rgating deyishadi.

Men ishlatadigan eng samarali metodikalardan birining rasmini yukladim😅

@MuallimMuhammad
😁177👍3129🤣11🔥5🤔4
10% qoidasi

Topayotgan daromadimning 10% ini shu joyga sarflashga harakat qilaman. Bir qoidam bor: pul topayotgan joydan va sohadan pul ayama degan.

14 ta sinfga dars o‘taman. Har oy, ba’zan 2 oyda, bolalarga yuqorida rasmini tashlaganimdek sovg‘alar ulashib turaman. Ba’zan kitoblar, mevalar, ichimlik yoki pitsa olib berishim mumkin.

Ko‘proq pulim ketib qolishi mumkinmi? Ha. Lekin bolalar quvonchi bunga arziydimi? Haaa)

Ular bilan munosabatim yaxshiligi, ularning g‘alabaga ishtiyoqi balandligi ilm olishiga yordam beradimi? Ularning yaxshi ilm olishi mening daromadimga va kunlik kayfiyatimga ta’sir etadimi? Albatta.

Olmaganlar xafa bo‘lib qoladimi? Ha. Berolmaganimdan o‘zim ham xafa bo‘laman.

Lekin hayot qonuni shunday emasmi? Harakatchanlar, intiluvchanlar va ilmlilar qadr topib, yaxshi daromad qilishi, dangasalar esa kamroq narsaga erishishi — haqiqat-ku. Shu haqiqat bilan maktabdami, universitetdami yoki ishxonada bir kun to‘qnashishlari kerak. Bu ularning qattiqroq mehnat qilishiga sabab bo‘lishi kerak emasmi? Tushuntiraman!

Har dars beramanmi? Yo‘q. Bir muddat kelishamiz, bir maqsad belgilaymiz. Erishganlarni taqdirlaymiz.

Ustozlar so‘rab qolishadi: o‘qimaganlarga qanday jazolar bersam bo‘ladi, deb. O‘qiganlarni mukofotlang, mukofotlanmaslik ham bir jazo deyman!

@MuallimMuhammad
👍183🔥5846💯12
Ilmsiz eplolmaysiz

“Maktabdagi ikkichilar a’lochilarni ishga oladi”

“Ikkichilar ko’proq boy bo’ladi”

“Ikkichilar ustozlar va maktab oldida ko’proq noqulay ahvolga tushgani uchun hayotda bunday vaziyatlardan qanday chiqib ketishni yaxshi biladi. Va muvaffaqiyatga erishadi”


Shunday safsatalarni ham eshitib turamiz. Hammasi yolg’onligini faktlar isbotlaydi. Dunyo millionerlarining 88%i bakalavr diplomiga, 52%i magistratura va doktorlik darajalariga ega!

Bill Gates Garvard universitetini tashlab ketgan. Chunki, unda shu vaqtda o’z sohasida allaqachon 10 ming soat tajribasi bor edi. Va universitetdagi bilimlarni deyarli bilardi. Siz bilasizmi?

Nega atrofimizda teskarisini ko’ramiz?

O’zbekiston sharoitida ozgina oldin o’qimagan lekin harakatchanlar, o’qib harakati sustlardan ko’proq pul topgan. Lekin:

1. Hozir sharoit o’zgardi. Ilmli ko’proq topadi. Jamiyat rivojlangan sari ilmli kadrlarga talab oshadi. Jarayonlar murakkablashadi, murakkablikni ilmsiz tushuna olmay qolamiz.

2. Atrofingizdagi ilmsizligi bilan ko’proq topayotganlarni qaysi biri dunyo millionerlari tarkibiga kirgan? Biz boy deganda uy, gentra va doimiy oylikni tushunamizmi?

Maqsadingiz katta dunyo miqyosida millioner bo’lish, ummat va millatga foyda keltirish bo’lsa ilmsiz bo’lmaydi do’stlar - deb o’quvchilarimizga tushuntirishimiz kerak do’stlar!

@MuallimMuhammad
122👍45🔥25💯15
Ustozlar uchun pedagogik kurs o‘tishimning eng katta foydasi — darslarim sifati doimiy oshib borayotganidadir.

Foydali ilm bera olmaslik qo’rquvi meni doimiy o‘rganishga majbur qiladi.

Qoida oddiy: o‘rgatuvchi har doim o‘rganuvchidan ko‘proq foyda oladi.

Obunachilarda savol tug‘iladi: unda nega kurs pulini doim o‘rganuvchilar to‘laydi?😅

@MuallimMuhammad
2😁126208
Samimiy bo‘ling

Maktabda tushlik qilayotgandim, oq ko‘ylagimga bilinar-bilinmas ovqat tegib ketdi. Oldinda esa yana 4 soat dars…

Xayolimdan turli fikrlar o‘ta boshladi:
Bolalar ko‘rib qolsa nima bo‘ladi?
“Ustoz bitta ovqatni ham eplab yeyolmaydi”, “tozalikka qaramaydi” deb o‘ylashsa-chi?

Yashirish yo‘lini o‘yladim. Ketkazishga harakat qildim. Eplolmadim. Eng yomoni — dog‘ emas, xavotir edi. Kimdir sezib qolsachi, kulsachi degan ichki bezovtalik.

Shunda bir qarorga keldim.

To‘g‘ri darsga kirib, o‘quvchilarimga ko‘ylagimdagi ovqat dog‘ini ko‘rsatdim, ozroq o‘z ustimdan kulib, bolalarni ham kuldirdim, keyin dars o‘ta boshladim.

Bolalar:
— Ustoz, nega kiyimingizdagi dog‘ni aytdingiz? Siz aytmasangiz, biz balki ko‘rmasmidik, kulmasmidik? — dedi.

Men:
— Ha, aytmasam ko‘rmasligingiz mumkin edi. Lekin men “buni kimdir sezib qolsachi, ustimdan kulsachi” degan xavotirda erkin dars o‘tolmasdim. O‘zimni bemalol tutolmasdim.

Mana, o‘zim ko‘rsatdim, o‘z ustimdan hazil ham qilib berdim. Bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomon ssenariyni tashkillashtirdim. Endi uyaladigan, berkitadigan joyi qolmadi, — dedim.

Yoshligimdagi bir voqea esimga tushdi.

Yoshligimizda hammaning ustidan kuladigan do‘stlarimiz bo‘lardi, lekin ularning ustidan kula olishmasdi. Endi uning kamchiligini aytib kulaman desangiz, o‘zi ham qo‘shilib, shu kamchilikni bo‘rttiribroq aytib, biz bilan birga kulardi. Uni uyalmaganini, tortinmaganini ko‘rib, biz mazza qilolmasdik :)

Bir kamchilikni yashirsangiz, u kattalashadi, tan olganingizda esa yo‘qolishni boshlaydi. Samimiyat o‘rgatuvchi va o‘rganuvchini yaqinlashtiradi, yaqinlashish esa ko‘p muammolarni yechadi.

@MuallimMuhammad
2185👍51😁37🔥20💯96
O‘qituvchilar uchun 50 ta sara kitob jamlanmasi tayyor! 🔥

Mendan ko’pincha kitob so’rashadi. O’zim o’qigan maslahat bergan, podcastlarimizda ham ustozlarimiz tavsiya qilgan eng kerakli 50 ta kitobni bitta yopiq kanalga yig‘dik. 😊

Kanalda:
📚 Makarenko, Suxomlinskiy, Soloveychik kabi pedagoglar asarlari
📚 “Birinchi Muallim” kabi badiiy-pedagogik kitoblar
📚 “Teach Like A Champion” kabi dunyo miqyosida tanilgan kitoblar
📚 “Tarbiyaning Oltin Kaliti” kabi tarbiyaviy pedagogik kitoblar jamlangan.

Bu — yillar davomida yig‘ilgan, har bir ustoz uchun kerak bo‘ladigan haqiqiy bilimlar bazasi!

Olish tartibi oddiy:
1. Botni ishga tushirasiz
2. 3 nafar o‘qituvchini taklif qilasiz

🎁 Shart bajarilgandan so‘ng kitoblarni qo‘lga kiritasiz!

👉 Bot havolasi: https://t.me/sovrinlikonkurs_bot?start=1467733044
19👍8🔥6