Botirjon ERGASHEV | rasmiy
1.66K subscribers
683 photos
243 videos
5 files
170 links
Ushbu o'zanda siz
✒️ shoir Botirjon Ergashev ijodidan namunalar;
📌 ijtimoiy munosabatlar;
📺 ko'rsatuvlar;
🎙️ qo'shiqlar
🎬 video va audiolar hamda ko‘plab boshqa qiziqarli yangiliklardan bahramand bo'lib borasiz!
Murojaat uchun: @Botirjon_Ergashev1975
Download Telegram
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
INSON HISSIYOTI

Buzildimi yozning ham ta’bi,
Harorati buncha bejilov?
Ko‘kda quyosh ajdaho kabi,
Ufurmoqda tinimsiz olov.

Biroq ko‘nglim sarhadlari muz,
Qahratonga bo‘yar qonimni.
Hijron otli shum Ayama’juz,
Qorbo‘ronga tutar jonimni.

Ko‘chaga o‘t qo‘yar saraton,
Sal kam ellik daraja issiq.
Juda qiziq jonzot-da inson,
Hissiyoti undan ham qiziq.

O‘nta quyosh o‘t sochsin agar,
Arimaydi ko‘nglimning qishi.
Yuragimdan muzni eritar,
Faqat yorning bir jilmayishi.

Botirjon ERGASHEV

@Botirjon_Ergashev
#Хотира

TILLO DADAM...

Dadajonim, siz dunyodagi eng zo‘r dada edingiz. Bilaman, hammaning dadasi o‘zi uchun shunday qadrli, ammo baribir siz tillo dada edingiz.
Esimni tanibmanki, sizni oyoq uzatib, mundoq hordiq chiqarib, dam olganingizni eslolmayman. To‘qqiz farzandning tarbiyasi, yeb-ichari, kiyim-kechagi boshqalardan kam bo‘lmasin, deb bir kun 24 soat bo‘lsa, siz 25 soat ishlab, tinim bilmadingiz. Umringiz mashaqqatli, zahmatli mehnat bilan o‘tib ketdi. Biroq, hech qachon taqdiringizga qovoq uyib qaramadingiz. Har kuningizni bayram qilib yashashga intilgansiz. Bizga ham shunday yashashni o‘rgatdingizki, bu fe’l bilan kam bo‘lganimiz yo‘q.
Siz bebaho dada edingiz. Ro‘zg‘orning g‘orini to‘ldirish tashvishlaridan ortib, bizga kitoblar olib kelib, o‘qib, kechki ovqatdan keyin qisqacha mazmunini gapirib bersak, xursand bo‘lib, bir so‘m pul berardingiz. Quvonchimdan shataloq otib, o‘sha bir so‘mni onamga berardim. Onam yuz-ko‘zlarimdan o‘pib, “3-sinfda pul topadigan oylikchi o‘g‘lim”, deb shodlanib, uzooq duolar qilib, pulni olardilar. Keyinchalik, aqlimizni tanib, bilsak, o‘sha pulni onam sizga qaytarar, siz esa, navbatdagi kitobni o‘qiganga yana bir so‘m beraman, deb ko‘rpacha tagiga qo‘yardingiz. Aynan o‘sha bir so‘m pulni aylantirib-aylantirib, o‘nlab kitoblar o‘qishimizga sababchi bo‘lgansiz. Shu tariqa go‘zal tadbir qilib, qalbimizda kitobga mehr uyg‘otib, tarbiyaladingiz. Aslida o‘zingiz tengsiz kitobxon edingiz. Axir, biz o‘qigan kitoblar mazmunini so‘zlab bersak, demak, o‘qibdi, deb qoniqish hosil qilish uchun ham, bu kitoblarni avval o‘zingiz o‘qigansiz-da. Og‘ir betoblik vaqtingizda shifokorlar sizga ko‘p televizor ko‘rmaslik, ko‘p kitob o‘qimaslikni tavsiya qilishdi. Bu talab tezroq oyoqqa turib ketishingiz uchun qilingan talab edi. Lekin siz kitob o‘qishni aslo kanda qilmadingiz. Dada, sizga ko‘p o‘qish mumkin emas, o‘zi bitta dadamsiz, ikkita bo‘lganingizda indamasdim, desam, “Mendan buni talab qilma, bolam. Kitob o‘qimang, degan gaping qulog‘imga nafas olmang, deb eshitilyapti”, degandingiz. Siz ilmni umringizdan ustun bilgan olijanob, kamyob dadasiz. Mening badiiy adabiyotga muhabbatimga, shoir bo‘lib, ozmi-ko‘pmi el og‘ziga tushganimga sizning mana shu qat’iyatingiz sabab bo‘lgan, yanayam aniqroq aytsam, shoirlik menga sizdan o‘tgan, desam eng rost gapni aytgan bo‘laman.
Dadajonim, bugun 7-iyun. Mana ikki yildirki, siz biz bilan emassiz, biroq, mening haqimga uzundan uzun, chin yurakdan qilgan duolaringiz ijobatini huddi egat qatorlardan paxta terib, etagimga solgandek, yig‘ib yuribman. Yutuqlarimdan yosh boladek quvonganlaringiz, hayotning turli zarbalariga dosh bergan, uncha-muncha azoblarga pinagini buzmaydigan sizday zabardast inson she’rlarim ilk bor kitob bo‘lgandagi xursandchilik ko‘z yoshlaringiz meni hayrat ummoniga g‘arq qilgan. O‘shanda, kitobning orqa muqovasida “Botirjon Yo‘ldoshali o‘g‘li”, degan yozuvni o‘qib, “Rahmat, o‘g‘lim, meni bu dunyoda borligimni isbot qilding”, degandingiz. O‘sha kungi rahmatingiz men uchun qilichi eng keskir adabiyotshunos olimning mening ijodim haqidagi eng yuksak e’tirofidan ham osmonlar qadar yuqori bo‘lgandi.
Siz bir rahmat bilan yuraklarni jumbushga keltirib yuboradigan shunday bulbulzabon dada edingiz. Sizday oddiy, sodda, shu bilan birga 3-4 diplomli olimdan ham olimroq insonga farzand bo‘lish naqadar sharaf!
Kun kelib, Alloh huzurida ham sizni eng zo‘r dada bo‘lganingizga guvohlik beraman. Ko‘rishguncha, qiyosi yo‘q duogo‘yim!

@Botirjon_Ergashev
DADAMSIZ YILLAR

Yangi yil boshlandi, behis, betuyg‘u,
Yanayam uzaydi armonning tili.
Eskirgan yigirma ikkinchi yil bu -
Ayriliq yilidir, judolik yili.

Qalbimda charsillab yonadi alam,
Kelgusi yillarning karomati yo‘q.
Chunki u yillarda bo‘lmaydi dadam,
Dadamsiz yillarning tarovati yo‘q.

Endi shodlik emas menga yangi yil,
Bu yillar ustidan tortaman chiziq.
Faqat dada bo‘lib yashaydi ko‘ngil,
Men bor yangi yillar bolamga qiziq.

Sog‘inch to‘lqinlari urar to‘shga to‘sh,
Vaqt nima, anglamas ozurda dillar.
Qaroqchilar urgan karvonday bo‘m-bo‘sh,
Kelib ketaversin, dadamsiz yillar.

2023-yil 2-yanvar
Dushanba soat 14:51

✍️ Botirjon Ergashev

https://t.me/Botirjon_Ergashev
MEHR YO‘QOLMASIN!

Mehrsizlik dilga cho‘g‘ solmasin,
Mehr ulashishdan dil tolmasin.
Busiz ham ko‘p narsa yo‘q bo‘lmoqda,
Kim bo‘lsak-da mehr yo‘qolmasin!

Mehrsiz qalb go‘yo nursiz oyday,
Mehrsiz qalb ehsoni yo‘q boyday,
Mehrsiz qalb suv oqmas bir soyday,
Kim bo‘lsak-da mehr yo‘qolmasin!

Ko‘p ishlarga balki qodirdirmiz,
Noyobdirmiz, balki nodirdirmiz,
Ismi jismiga mos Botirdirmiz,
Kim bo‘lsak-da mehr yo‘qolmasin!

Oydin kecha bo‘ling, kunduz bo‘ling,
Go‘zal bo‘ling, qoshi qunduz bo‘ling,
Mashhur bo‘ling, mayli yulduz bo‘ling,
Kim bo‘lsak-da mehr yo‘qolmasin!

Mehr bizni baxtlarga eltgusi,
Baland-baland taxtlarga eltgusi,
Unut bo‘lmas vaqtlarga eltgusi,
Kim bo‘lsak-da mehr yo‘qolmasin!

Mehribonlik asli diyonatdir,
Mehrsizlik qalbga xiyonatdir,
Mehr yo‘qolgan kun qiyomatdir,
Kim bo‘lsak-da mehr yo‘qolmasin!

Keling, kunni so‘ngi kunday qilmang,
Keling, yorug‘ kunni tunday qilmang,
O‘tinaman, sira bunday qilmang,
Kim bo‘lsak-da mehr yo‘qolmasin!

@Botirjon_Ergashev
TABRIK

Assalomu alaykum, kanalimizning qadrli a’zolari! Barchangizga muqaddas bayramimiz bo‘lgan iydi Qurbon muborak bo‘lsin! Xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, dasturxoningizga fayz-u barakot tilayman.

Botirjon ERGASHEV

@Botirjon_Ergashev
Bismillahir-Rohmanir-Rohiym

Q U R B O N L I K

Tangri bandalarin sinamoq uchun,
Imtihon qilarkan sinov dunyoda.
Kimlarni otda-yu kimlarning butun
Umrini o‘tkazar ekan piyoda.

Kimgadir ulashib ko‘p mol-u davlat,
Kimgadir zorlikni ko‘rarkan ravo.
Istasa boylarni qilib besavlat,
Istasa faqirni aylarkan daho.

Odam Atodan to nuri hidoyat –
Rasuli Muhammad davriga qadar,
Allohning eng og‘ir sinovin faqat,
Boshidan o‘tkazgan ahli payg‘ambar.

Hamma vaj amriga erur muntazir,
Ming–minglab farishta xizmatiga shay –
Allohning sinovi haqida hozir,
Sizga bir rivoyat havola qilay.

* * *
Allohning Halili Ibrohim mudom,
Tangriga hamd aytar edi har ishda,
Bir tuni tushida Xudodan farmon
Keltirib, shu so‘zni aytdi farishta.

– Allohning amridir, ey, Halilulloh,
Bag‘ishlar ekansiz Unga qurbonlik.
Ibrohim dediki:– Ey, Robbim, shu chog‘,
Maqsadim sen uchun topmak omonliq.

Ibrohim yuz tuya so‘yib subhidam,
Allohning hukmini ayladi bajo.
Xudoning sinovin qarang, shunda ham,
Qurbonlik ijobat bo‘lmabdi aslo.

Keyingi kecha ham tushida takror,
Xudoyim Halilga ayladi farmon:
– Mendan boshqa yana bir suyganing bor,
O‘shani men uchun qilgaysan qurbon!

Ibrohim uyg‘onib o‘yladi, – demak,
Tangrim suyganingni qurbon qil, dedi.
Uning bu dunyoda Tangridan bo‘lak,
Suygani – farzandi Ismoil edi.

Ayoli Hojarga dedilar shu dam,
–Ismoilni sozlab, kiyintir darhol!
Bir aziz do‘stim bor, g‘oyat serkaram,
Olib kel degandi ko‘ray deb bir bor.

Hojar Ismoilni qildi pokdamon,
Uni yangi kiyim qildi orasta.
So‘ngra ota-o‘g‘il, ya’ni ikkovlon,
Minoga qarashib ketishdi asta.

O‘g‘il hech narsadan emas boxabar,
Uning ko‘nglin shodlik qamragan bu chog‘.
Orqada Ismoil, oldinda Padar,
Bormoqda qo‘ynida yalang‘och pichoq.

Shu mahal Ismoil ortidan bir zot
Keldi-yu dedi: –Ey, o‘g‘lim, u yoqqa
Bormagin, kelmoqda otang shu zahot,
Allohiga seni qurbon qilmoqqa.

Bu gap uning shashtin tushirmadi past,
Bu so‘zga Ismoil qilmadi parvo,
Dedi: –Tangrim uchun bir jonim emas,
Ming jonim bo‘lsa ham qilaman fido.

So‘zlari toptalgach bechora kishi,
Hayrat-u alamda ortiga chopdi.
Ko‘nglida g‘ulg‘ula, ortib tashvishi,
Borib, Ismoilning onasin topdi.

Va dedi: – Ey, Hojar, ishingni qo‘yib,
O‘g‘lingni ortiga qaytargin tezroq.
Eringning maqsadi o‘g‘lingni so‘yib,
Xudosi yo‘lida qurbonlik qilmoq.

Bu so‘z Hojar ko‘nglin qilmadi ayri,
U o‘g‘lin qatlidan chekmadi fig‘on,
Dedi: – Allohimning amri tufayli
A’lodir ming jonni aylamak qurbon.

Noumid ul kishi yana Ismoil
Qoshiga keldiyu to‘sdi yo‘lini.
Ismoil Tangriga bo‘lganmi moyil,
Shul bois kishining siltdi qo‘lini.

U dedi: – Otajon, to‘xtang, manov pir,
Meni o‘z yo‘limdan qaytarar bu dam.
Ne uchun yo‘limni to‘smoqda, axir,
Bu kimdir qo‘ymaydi bosmoqqa qadam.

Ibrohim ortiga boqqani hamon,
Dedi: – Tosh bilan ur yana va yana,
Hayda, u pir emas, u Iblis shayton,
Tangrimiz dushmani – Alay-hil-La’na.

Shaytonga otilgach toshli sitamlar,
Qochdi, pok ko‘ngilga g‘ulg‘ula solgan.
Xa’j mavsum Minoga chiqib odamlar,
Shaytonga tosh otish o‘shandan qolgan.

So‘ngra ota dedi: – Ey o‘g‘lim, bu tun,
Tush ko‘rdim, ko‘p mushkul, qandayin yechay...
O‘g‘li der: – Ey ota, Tangrimiz uchun,
Siz mendan keching-u, men jondan kechay.

Bajaring, Allohning oliy yorlig‘in,
Kechikmay qilaylik hukmini ado.
Ota der: – Unutma, sabr borligin,
Sabrli bandani suygaydir Xudo.

Shundan so‘ng Ismoil bo‘lib xotirjam,
Otasin hukmini jim kutar edi.
So‘ngra otasiga yuzlanib shu dam:
–Sizga uch vasiyat aytayin: – dedi.

–Birisi pichoqni tortar chog‘ingiz
Oyoq-qo‘lim bog‘lang, qimir etmasin.
Jon chuchuk, kesganda tig‘-pichog‘ingiz,
Qonim to‘ningizga sachrab ketmasin.

Yana vasiyatim, yuzimni yopib –
Qo‘ysangiz tortmasdan burun pichoqni,
Sababi, yuzimdan mehringiz topib,
Unutib qo‘ymangiz hukmi Allohni.

Otajon eng so‘nggi vasiyatim bul,
Ko‘ylagu-sochimni ketsangiz olib.
Sizdan ikki dunyo roziydim butkul,
Ularni onamga bersangiz borib

Ota ish boshladi juda entikib,
Bog‘ladi o‘g‘lining qo‘l-u oyog‘in.
Keyin yuz-ko‘zlarin yopib, berkitib,
O‘g‘lining bo‘g‘ziga tortdi pichog‘in.
Shul dam Jabroilni chorlab Yaratgan,
Dedi: – Tez bor Halil murodga yetdi.
Sidradan Jabroil keldiyu birdan,
Pichoqning orqasin o‘girib ketdi.

Ibrohim pichoqni tortdi ko‘p marta,
Ammo hech kesmadi keskir tig‘-pichoq.
Jahl-la bir toshga urgandi shartta,
Xarsang tosh mum kabi kesildi yumshoq.

Allohning qudrati cheksiz, serzalvor,
Pichoqdan un keldi, shu dam, shu chog‘da:
–Ey Halil, sen menga kes desang bir bor,
Tangrim yetmish marta kesma demoqda.

Shunda Ibrohimga farmoyish bo‘ldi:
–Halilim, o‘g‘lingga berdim omonlik,
Sendan va o‘g‘lingdan ko‘nglimiz to‘ldi,
Endi sen qo‘y so‘yib qilgin qurbonlik.

Allohga bo‘ysundi ahli musulmon,
Farmonni hammaga teng deb bildilar,
Har yili kelgandan so‘ng iydi qurbon,
Imkoni borlar qo‘y qurbon qildilar.

* * *
Ey do‘stlar, g‘aflatni yo‘qotaylik bas,
Shaytonir-rojiymdan yuzni buraylik!
Ibrohim, Ismoil kabi har nafas,
Allohning hukmiga tayyor turaylik!

Botirjon ERGASHEV

@Botirjon_Ergashev
YORIM, XABARING YO‘Q...
(Mustahzod)

Vasling kuni deb yonsa ham joni omoning bor,
yorim, xabaring yo‘q,
Mushtoq o‘libon yo‘lingga rangi somoning bor,
aslo nazaring yo‘q.

Gulgun yuzinga maftun o‘lib qolmadi toqat,
ko‘nglimda farog‘at,
Desamki, yorit, menga kabi zulmat osmoning bor,
afsus qamaring yo‘q.

Soching torini bog‘lab olib bo‘ynima mahkam,
men oshig‘i bekam,
Yursam shodumon o‘q otdi qoshi kamoning bor,
ammo zararing yo‘q.

Kunduz boqayin oy yuzinga desamki takror,
bo‘lgancha umidvor,
Mundoq qarasam, shoming ayon, ham xuftoning bor,
nechun saharing yo‘q?

Nozing alami jondan o‘tib qonga ulandi,
so‘ng ayladi bandi,
Gʻamzang mayida jonni o‘rtovchi nordoning bor,
qandu shakaring yo‘q.

Holimni ko‘rib, ketsin desang, chiqib jon kabi,
chaqsang chayon kabi,
Yorim, Botirni o‘ldirmoqqa ming imkoning bor,
garchi zaharing yo‘q.


©Botirjon Ergashev

@Botirjon_Ergashev
Xabaring Yo'q [Tarona.net]
Abdurashid Yo'ldoshev
Mustahzod

©Botirjon Ergashev

🎤Abdurashid Yuldoshev

@Botirjon_Ergashev
KIM BO‘LDIM

O‘zingsan azaliy, abadiy borim,
Taqdiring oldida faqat jim bo‘ldim.
Marhamating cheksiz, Parvardigorim,
Kecha kim edim-u bugun kim bo‘ldim.

Qancha qilganlarim bo‘lgach besamar,
Hatto yaqinlarim hazar qildilar.
Sen nazar qilganding, nazar qildilar,
Kecha kim edim-u bugun kim bo‘ldim.

Mehnatim ro‘yobga oshib turibdi,
Do‘stlar qirg‘og‘idan toshib turibdi,
Nigohlar biz tomon shoshib turibdi,
Kecha kim edim-u bugun kim bo‘ldim.

Tunlar o‘tmishimga bo‘ylab qolaman,
Goh farzandlarimga so‘ylab qolaman,
Yo shirin tushmi deb o‘ylab qolaman,
Kecha kim edim-u bugun kim bo‘ldim.

Qudrating oldida taslimman, qulman,
Himmating oldida bir hovuch kulman,
Sen qo‘llab turmasang bir chaqa pulman,
Kecha kim edim-u bugun kim bo‘ldim.

Adashtirib qo‘yma to‘g‘ri yo‘limdan,
Noming ushlab yursin ikki qo‘limdan,
Shukur, omad berding o‘ngu so‘limdan,
Kecha kim edim-u bugun kim bo‘ldim.

Sen berding, ilkimda tutgan borimni,
Endi dog‘lab qo‘ymay sha’nim, orimni.
Unutib qo‘ymayin poydevorimni,
Kecha kim edim-u bugun kim bo‘ldim.

Boshim osmondadir, mehrim shu yerga,
Nomardlik xos emas ismiki erga,
Nafim tegib qoldi ming shukur elga,
Kecha kim edim-u bugun kim bo‘ldim.

Menga hurmat berding, olib qo‘yma, bas,
Xadikda yuraman har zum, har nafas.
Bugun ko‘plar menga qilmoqda havas,
Kecha kim edim-u bugun kim bo‘ldim.

Boshimni egaman Sening poyingda,
Bir umr turayin aytgan joyingda.
Mastman bugun shunday baxt saroyingda,
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.

Tangrim, manmanlikni mendan uzoq qil,
Iymonni nafsimga har dam tuzoq qil,
Shu so‘zni bir umr menga so‘roq qil,
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.

Botirjon ERGASHEV

@Botirjon_Ergashev
Kim bo'ldim 2012 (UzHits.Net)
Botir qodirov
KIM BO‘LDIM?

Botirjon ERGASHEV

🎤Botir QODIROV

@Botirjon_Ergashev
MUSOFIRIM

Sog‘inch ilon bo‘lib yashar jon-joningda,
Ingramaysan, ey, sen sabri zo‘r sobirim.
Yaratgan yor bo‘lsin olis makoningda,
Yurtga omon qaytgin, aziz musofirim!

Otam-onam, bolam-chaqam, deb yuribsan,
Osh o‘rniga g‘am-u anduh yeb yuribsan,
To‘y qilaman, deya ezgu o‘y suribsan,
Yurtga omon qaytgin, aziz musofirim!

Tinim bilmay ishlayapsan hech yoz, demay,
Va yo qahri toshdan qattiq ayoz, demay,
Shukr deysan, berganiga ko‘p-oz, demay,
Yurtga omon qaytgin, aziz musofirim!

Qiziqmaysan yengil-yelpi ish kelsa gar,
Zahmat bilan topsanggina qadrli zar.
Manglayingdan oqqan terlar mushki anbar,
Yurtga omon qaytgin, aziz musofirim!

Halol mehnat bo‘ylaringni osmon qilib,
Yashayapsan o‘z haddingni bilib-bilib,
Yaratganim mushkulingni oson qilib,
Yurtga omon qaytgin, aziz musofirim!

Sening darding bilan bag‘rin tilsin Botir,
Mehnat bilan topgan qadring bilsin Botir,
To‘ylaringda xizmatingni qilsin Botir,
Yurtga omon qaytgin, aziz musofirim!

© Botirjon ERGASHEV

@Botirjon_Ergashev
MENI SEVIB QOLSAYDING...

Sen bog‘dagi yelday sho‘x,
Bir dam orom olsayding.
Derlar orzuga ayb yo‘q,
Meni sevib qolsayding.

Yoy nishonga yetmasdan,
Fursat mag‘lub etmasdan,
Umrim o‘tib ketmasdan,
Meni sevib qolsayding.

Dunyo sinovli, shartli,
Ham quvonchli, ham dardli,
Orzuyim bo‘lmay gardli,
Meni sevib qolsayding.

Qadru-qimmatim bilib,
Biroz nazarga ilib,
Ko‘nglimga shafqat qilib,
Meni sevib qolsayding.

Keldi mehring fursati,
Bo‘lay vasling ulfati,
Botirligim hurmati,
Meni sevib qolsayding.

©Botirjon Ergashev

@Botirjon_Ergashev
Meni sevib qolsayding
Ozodbek Nazarbekov -
Meni sevib qolsayding

©Botirjon Ergashev

🎤Ozodbek Nazarbekov

@Botirjon_Ergashev
#anjuman

ZOMIN TOG‘LARIDA ILHOM JILVASI
Botirjon ERGASHEV

Mamlakatimizda adabiyotga, xu­susan, yosh ijodkorlarga bo‘la­yot­gan e’tiborlarning sama­rasi o‘laroq, yildan yilga yoshlarning badiiy ijodga qiziqishi oshib, semi­narning qamrovi ham kengayib bormoqda.

Batafsil
: jadid-media.uz

@Jadid_media
@Botirjon_Ergashev
SEVGI NIMA

Sevgi nima, har kimda turfa javob,
Quyoshning zaminga boqqani – sevgi.
Sevgi nima, qirlarni qilgach tavof,
Jilg‘alarning soyga oqqani – sevgi.

Sevgi nima, udir harorat asli,
Sevgidir har dilga uning yuqqani.
Sevgi nima, sevgi jasorat asli,
Nozik giyoh yerni yorib chiqqani.

Sevgi nima, ko‘ksing ichra pinhona,
Yor, deb urib turgan yurakdir sevgi.
Sevgi nima, sevgi mehribon ona,
Va u qo‘lda tutgan go‘dakdir sevgi.

Sevgi nima, bog‘larga bo‘lib chimmat,
Ko‘zlarimni quvnatgan sevgi – yaproq.
Sevgi nima, sevgi oltindan qimmat,
Kindik qoning to‘kilgan aziz tuproq.

Sevgi nima, sevgi dildagi chaqin,
Sevgi shirin tuyg‘ularga ibtido.
Sevgi bizga o‘zimizdan-da yaqin –
Bizni sevib, sevdirgan Qodir Xudo!


© Botirjon Ergashev

@Botirjon_Ergashev
YETARMIKAN YOR

Nomalarim senga yetmasa,
Nolalarim yetarmikan, yor.
Ko‘zdan oqib, zoye ketmasa,
Jolalarim yetarmikan, yor?

Kelmayapsan bahor o‘zgacha,
Ohim yetmas sen gulyuzgacha,
Senga bermoq uchun kuzgacha,
Lolalarim yetarmikan, yor.

Dil torlarim uzilar, malak,
Sening esa parvoying falak.
Yetgunicha vaslingga yurak
Tolalarim yetarmikan, yor?

Yetolmagach sen dildoriga,
Botir ko‘ndi Taqdir koriga.
Hech bo‘lmasa suygan yoriga,
Bolalarim yetarmikan, yor?

Botirjon ERGASHEV

@Botirjon_Ergashev